OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek. Fanorchi ota (hikoya)

Tor, qiyshiq ko’chaning o’ksik oqshomini Tursunqul akaning churuk daivozasi tepasiga o’tqizilgan bir fanorning titrak nurlarigina yoritar edi. Uni har kun kechqurun past bo’yli, burushiq yuzli bir chol kelib, yoqib ketar edi. Biz uni «Fanorchi ota», der edik. U juda yuvvosh, indamas kishiydi, kichkina narvonchasini chaqqon qo’yib, allaqanday ustalik bilan chiqar, qo’ltig’idan kir ro’molchasini olib, avaylab fanor oynalarini artardi. Fanorni yoqqach, yerga tushib, obkashdek bukilgan yelkasiga narvonchasini qo’yib birpasda ko’zdan yo’qolar edi.
Fanor qurilgan vaqtlarda butun mahalla quvonib, unga allaqanday mehr ila qaragan bo’lsalar-da, vaqat bu mehr uzoqqa cho’zilmagandi. Keyincha har kim unga parvosiz bo’la boshladi.
Ayniqsa, mahalla bolalari ila fanor orasida anglashilmas dushmanlik uyg’ondi. To’planishib, avvalo bir-birimizning do’ppimizni otishar, fanorga do’ppi kiygizgan o’rtoq merganligi ila kerilar edi. Keyincha bu ham bizni zeriktira boshladi. chunki piston qadalgan yoki har turli ipaklar bilan bezalgan do’ppini kiyib olib, fanor chiroyli bir tus olar, bizni xafa qilgandek bo’lar edi. Shuning uchun qo’limizga tosh, kesak olib, fanorga hujum qilishni o’rgandik. Bunda u juda kuchsiz edi: kichkina bir kesak yoki tosh parchasi bechora fanorning oyna ko’zlarini o’pirib tushirardi. Keyin-keyin Fanorchi ota haftada uch-to’rt marta unga «yangi ko’zoynak» taqib ketishga majbur bo’lardi. U ketdi, darrov biz yangi «ko’z»ini o’yib olardik. Shunday bo’lsa-da, Fanorchi ota «Lom» deb og’iz ochmasdi. Uning bu qilig’i bizga sira yoqmas, tutib olish uchun poylasa, hatto birontamizni tutib ursa ekan, der edik. Ammo shu tilaklardan bittasi ham yuzaga chiqmasdi.
Bir kun, namozshom vaqti, ko’chada bolalar ko’p edi. Ichimizda eng ko’p qo’rqmaydigan, eng battol Qosim cho’loq: 
«Bolalar!» — dedi. Changga botgan yuzlarimiz yangi bir narsa kutib, uning ko’zlariga tikildik.
—    Fanorchi ota keladigan vaqt yaqin. Sindiramiz. Nima qilar ekan? — dedi-da, qo’lga ilinadigan bir narsa qidira bosh ladi.
Qo’llarimizdan g’izillab uchgan tosh-kesaklar fanorning hamma ko’zlarini teshib o’tgan edi. Uzoqdan Fanorchi otaning bukilgan kichkina qomati yaqinlasha boshladi. Narvoncha yelkadan tushib, ta'zim ila devorga suyandi. Fanorchi ota uning ustiga chiqdi-da, «chirt» etib, gugurtni yoqdi: fanor to’rt tarafdan qulagan uy kabi ajava tusda, yana bir tomonga qiyshayib turar edi. Biz hammamiz kerilib turar edik. Ba'zilar «piq-piq» kulishdi. Chol kasal odamga o’xshab, sekin-sekin pastga tushdi. o’siq qoshlari tagida qisilib yotgan ko’zlari ila hammamizga yalingansimon qaradi-da, mayin bir tovush bilan:
—    Tentak bolalarim, bu qanday gap? Fanorga tegmasanglar, bir narsa bo’ladimi? U yuqorida, sizlar pastda
o’ynay beringlar-da.
Bolalar jim bo’lgan edi.
—    Sizlar hali yosh, ko’zlaringiz o’tkir. Qorong’i ham, yorug’ ham baravar. Xufton bo’lmasdan onalaringizning
quchog’ida pish-pish uxlab qolasiz hammangiz. Bizga o’xshash qari-qartanglar uchun chirog’ judayam kerak, — dedi.
Bolalarning ko’zi cholda edi.
—    Tunov kuni kechasi qattiq yomg’ir yog’ib turgan edi. Bu yoqqa kelsam, ko’cha qop-qorong’u. Fanorning teshik oynasi dan shamol kirib o’chirib qo’ygan. Ana u ariqning bo’yiga bor ganimda bir nima suvni shapillatardi. Yopiray, nima ekan, deb fanorchamni ariqqa tutsam, mendan ham qari bir kishi ariq dan chiqolmay yotgan ekan. Darrov qo’lidan tortdim, bir amallab chetga chiqardim, hamma yog’i loy, jiq-jiq suv.
Bolalardan biri:
—    Voy, boyaqish, soqoliyam, yuziyam loymi?
—    Hamma yog’i loy bo’lgan... Keyin yetaklab uyiga eltib qo’ydim, — dedi chol.
Mening ko’zimga Fanorchi otaning degani shunday ko’rinib kelgandi, Qosim cho’loq:
—    Yolg’on-yolg’on! — deb baqirdi. Bolalar birdan:
—    Rost! — deb javob qaytarishdi.
—    Kim endi sindirsa, shuni tutib beramiz otamga, — dedi Ahmad.
Fanorchi ota:
—    Ha, barakalla, endi sindirmaysizlarmi? — dedi.
—    Yo’q-yo’q, — javob berdik biz shu zamon. Kichkina narvonini yana yelkasiga ilib, chol qorong’ilikka
kirib yo’qoldi.
Shundan beri, haqiqatan, fanorga hech shikast tegmadi. Hozir shu fanorning o’rnida sim to’r bilan o’ralgan tuxumdan kattaroq elektr lampochkasi yonib turadi. Uning uchun na yoquvchi, na gugurt, na moy kerak. Hech bir bola tegajaklik qilib tosh ham otmaydi. Uning yorug’ida yurganda yoshligimning bir parchasini va Fanorchi otanigina xotirlayman.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.