OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. Hazrat Sayyid Amir Kulol

“Vo, darig‘! Hazrat Sayid Amir
 Kulolning martabalari onqadar
 ulug‘ki, bu Makkayu Madinagacha
 shoyon, ammo o‘z yurtdoshlari
 bundan bexabar!”
 “Mir Kulol maqomatlari”, Mavlono Shahobiddin

Bir paytlar men Vatanimiz tarixini o‘rganib, uning o‘tmishdagi buyuk kishilari haqida qiziqib ma’lumotlar to‘plab yurar edim. Shunday kunlarning birida savol uyg‘ondi: “Nega O‘zbekistonning – juda ko‘p aziz-avliyolar o‘tgan diyorning – adabiyotida shunday ulug‘ zotlarga bag‘ishlangan badiiy asarlar yo‘q. Agar bu ulug‘ kimsalar boshqa mamlakatlarda, masalan, Yevropada, yashagan bo‘lganlarida, ular haqida kitoblar yozilgan, filmlar ishlangan, butun dunyoga mana bizning ajdodlarni ko‘rib qo‘ying, deb jar solingan, xullas, bu zotlarning shaxsi qanchalar ulug‘langan bo‘lardi...”, deb o‘yladim. Va shu yo‘nalishda ham ijod qilishga jahd qildim.
 Qo‘lingizdagi tarixiy qissa mening bu yo‘ldagi birinchi qadamimdir. Bu asarda oddiy nuqtai nazar bilan qaraganda fantastik, aql bovar qilmaydigan holatlar ko‘p. Yozuvchi asli o‘zi fantast edi, shuning uchun rosa bo‘rttribdi-da, degan xayolga bormang. Bu asardagi asosiy voqealar barchasi tarixiy manbalardan olingan. O‘zim ham avvaliga zamonaviy jahon xayolot adabiyotida uchraydigan bunday voqealarni fantastik to‘qimalar sifatida qabul etgandim. Ammo tarixda o‘tgan juda ko‘p azizlar hayoti bilan tanishgach, Olloh o‘ziga juda yaqin bandalariga oddiy insonlarga xos bo‘lmagan, birinchi qarashda g‘ayritabiiydek va aql bovar qilmaydigandek tuyuladigan xislatlar berishiga ishonch hosil qildim. Va g‘arb fantastlari sharq tarixiy adabiyotidan ancha narsalar o‘rganishgan ekan xulosaga keldim. Men qissani bayon qilish jarayonida ana shunday holatlarni ilmiy va falsafiy tomondan asoslashga harakat qilaman, zero inson hech narsani ko‘r-ko‘rona qabul qilishi kerak emas.
 Ushbu asarni bitishim uchun menga ma’lumot to‘plashga tashkiliy va boshqa yordamlar ko‘rsatgan O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasiga, uning Buxoro viloyati bo‘limiga hamda Buxoro Texnologiya instituti, falsafa kafedrasi mudiri, ajoyib olima Gulchehra Navro‘zovaga o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman.
 Muallif.  


1. ULUG‘ ZOTNING TUG‘ILISHI

 Milodiy 1288 yil. Noyabr oyi. Kuz fasli oxirlab, qish iqlim tizginini o‘z qo‘liga olay deb turgan palla. Buxoro atroflaridagi dalalardan, bog‘-rog‘lardan hosillar terib olinib, yerlar haydalayotgan davr. Shamollar kuchayib, yomg‘ir tomchilari muzdek-muzdek nayzalari bilan yuzga sanchiladi-gan kunlar.
 Bu payt Buxoroda qayta hayot qaynay boshlaganiga endi yetti-sakkiz yil bo‘lgandi. Bundan o‘n besh yil ilgari, Eronda hukmronlik qilayotgan mo‘g‘ul – chingiziy, Jo‘chi avlodi Xulaguxonning Chig‘atoy avlodi Olg‘uxonga qarashli Movarounnahrga qilgan bosqini va qirg‘inbaroti natija-sida shahar xarobaga aylanib qolgandi. Ammo bu maskan qutlug‘ ekanmi, baribir, olti-etti yil mobaynida kimsasiz yotgan shahar yana qayta odamlarga to‘ldi. Hunarmandlar ish boshladilar. Do‘konlar ochildi. Qarovsiz bog‘larga yangi mirishkorlar keldi. Bozorlarda savdo-sotiq jonlandi. Karvonlar qatnovi izga tushdi. Atrof dalalardan dehqonlar yetishtirgan mahsulotlarini, kasb egalari esa ro‘zg‘orbop buyumlarini olib kelishni va shahardan o‘zlariga kerakli gazlama, kiyim-bosh yoki boshqa zaruriyat mollarini olib ketishni davom etdira boshladilar.
 Ma’naviy hayot ham jonlandi. Maktabu madrasalarda o‘quvchi va talabalar chanqoqlik bilan ilm-fan buloqlaridan suv icha boshladilar. Musulmonlar ham ibodat uchun masjidlarga chiqishar, ulamolardan amri-ma’ruf, o‘gitlar eshitishar, keyin ularni oila a’zolariga yetkazishardi.
 Shu kunlarda Buxoro shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Suxor qishlog‘i aholisi yaxshi bir yangilik kutmoqda edi. Sababi, bir necha oy ilgari, Buxoroga kelib istiqomat qilayotgan, asli toshkentlik bo‘lgan, ulug‘ ulamolardan, Hazrat Zangi otaning xalifalaridan (ya’ni, o‘rinbosarlaridan), irshod (ya’ni, pir, murshid) darajasidagi Hazrat Sayid Ahmad Ota (uni Buxoroda Hazrat Sayid Ato deb atashardi) o‘z do‘stining, shu qishloqlik kulol – Amir Hamza xonadoniga tashrif buyurib, bir yangilikni bashorat qilgandi.
 Ular ancha yillar ilgari Buxoro shahrida uchrashib qolib, ko‘ngil-ko‘ngilga to‘g‘ri kelganmi, juda qadrdonlashib qolishgandi. O‘shanda Hazrat Sayid Ahmad Ota qadimgi Shosh – hozirgi Toshkentdan ekanligini, Buxorodek muqaddas joyni ziyorat qilgani kelganini aytgandi. Shaharni ozmi-ko‘p yaxshi biladigan Amir Hamza unga bu maskanning diqqatga sazovor joylarini, aziz-avliyolarning maqbarala-rini, masjid-u madrasalarini ko‘rsatgandi.
 Ushbu osori-atiqalarni ziyorat qilish asnosida, Sayid Ahmad Ota buxorolik ulamolar bilan tanishib, ular o‘rtasida ham o‘zining ilmi, xislatlari va zehni-fasohatini ko‘rsatdi. Natijada ular bu zotdan shaharga tez-tez qadam ranjida qilib turishni so‘rashdi. Chunki, yovvoyi mo‘g‘ul Xulaguxon bosqini oqibatida bu muqaddas zaminda oqilu orif kishilar kamayib ketgandi.
 Va oxir-oqibat, ulug‘ ulamolar bu Hazratning ulkan bilimga egaligiga to‘liq ishonch hosil qilishib, Buxoroda turg‘un yashashga undashgandi.
 O‘shandan beri Amir Hamza va Sayid Ahmad Otalar yaqinlik rishtalarini uzishmas, bir-birlarinikida mehmon bo‘lib turardilar. Kulol o‘z sopol buyumlarini sotishga shaharga olib borganda, bo‘shashi bilan, albatta Hazrat Sayid Ota huzuriga kirar, birga namoz o‘qir, ilmiy munozaralar qilardi. U – xat-savodli, kitob o‘qishni sevar va g‘oyat pokdomon edi. Oxirgi tashrifida, u Hazratdan gina qildi.
 – Men, Buxoroga har galgi tashrifimda sizni ziyorat etaman, siz ham bir mening xonadonimga borsangiz, uyim nurga to‘lardi. Shahar havosi diqqinafasroq. Qishlog‘imiz esa keng va bohavo – to‘yib nafas olib, hordiq chiqarib kelasiz.
 Shuning uchun, uncha sovuq bo‘lmagan, oxirlab qolgan qish kunlarining birida, bomdod namozini o‘qigach, Hazrat Sayid Ahmad Ota bir xalifasi bilan ot minib, Amir Hamza kulolning xonadoniga kirib keldi.
 Amir Hamza ularni xushtavoze kutib oldi. Xonadonining keng uyiga joy qildirdi. Mehmonlar ko‘rpachalarga o‘tirib, quruq mevalardan tayyorlangan sharbatdan bir piyola – bir piyola ichishgach, Hazrat Sayid Ota so‘z boshladi.
 – Amir Hamza! Qishlog‘ingizga kirib kelar ekanman, qalbimga bir ishorat keldi. Aybga buyurmaysiz va gustohlik sanamaysiz – yaqin kunlarda Yaratganimiz sizning xonadoningizga bir o‘g‘il farzand ato etadi. Va u kelajakda buyuk inson bo‘lib yetishadi. Uning ismini Amir Kalon deb qo‘ying! Bu farzandingizning Olloh taolo yo‘lida qiladigan mukammal xizmati butun jahonga katta ta’sir o‘tkazadi.
 Hazrat Sayid Ahmad Otaga Olloh taolo tomonidan bo‘ladigan voqealarni oldindan sezish va odamlarning fikrini eshita olish xislati berilgandi. Shuning uchun, u lozim topganda, yaxshiliklardan insonlarni boxabar qilib, zarur maslahatlar berib turardi.
 Haqiqatdan ham bu mujda yaqin bir oyda ijobat bo‘ldi. Hazrat Sayid Ahmad Otaning bashoratli gaplari tez kunlarda butun qishloqqa tarqaldi va shu kuz kunlarida, barcha qanday chaqaloq tug‘ilar ekan deb, xuddi katta bayramni kutayotgan odamlar kayfiyatiga tushib qolgan edilar.
 Amir Hamza kulolning ayoli ham bu homilasining juda boshqacha ekanligini sezardi. Bir marta u eriga aytdi:
 – Bu farzandimiz juda antiqa! Anavi kuni qo‘shnimiz chiqargan taomdan ozgina totingandim, ko‘kragim ostida kuchli og‘riq paydo bo‘ldi. Xushimdan ketayozdim. Keyin tushundimki, bu hol qornimdagi bolaning shubhali ovqatga javobi ekan.
 Amir Hamza ham ayoli homilasining oy-kunini qanday-dir zavq va ulkan umidlar bilan poylardi. Ammo bu narsani ochiq-oydin ko‘rsatmas, faqat namozlarida Ollohdan farzan-dining eson-omon tug‘ilishini so‘rardi.
 Va nihoyat, aytilganidek, 1288 yilning 30 noyabr kuni Amir Kalon deb ism berilgan, butun dunyoga esa Hazrat Sayid Amir Kulol nomi bilan ma’lumu mashhur bo‘lgan o‘g‘lon yorug‘ olamga kirib keldi. Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ining aholisi kulol Amir Hamzani tabriklagani oshiqdilar. Bir necha kun o‘tgach, ota ajoyib kelajagi bor o‘g‘liga atab aqiqa oshi berdi.

 * * *

 MUALLIF IZOHI (№1)
 Men Hazrat Sayid Amir Kulol maqbaralarini birinchi bor 2002 yil 10 may kuni ziyorat qildim. Ollohga va bu zot ruhiga atab qur’on o‘qidim.
 O‘shanda, o‘z mashinamda Buxoroga, aniqrog‘i Kogonga, xizmat safari tufayli ketayotgan edim. Qishloq yo‘lidan tezlikni kamaytirib, sekinroq yurishga tushgandim. To‘satdan o‘ng tomonimda maqbaraga ko‘zim tushdi. Bino peshtoqiga “Hazrat Sayid Amir Kulol” deb yozib qo‘yilgandi. Ongimga yarq etib fikr urildi: “Ziyorat qilmaysanmi?” Tijorat bo‘yicha hamkorim – samarqandlik yigit Davlat Tursunovga qaradim:
 – Ziyorat qilib chiqaylik!
 – Mayli, – rozi bo‘ldi u. – Yaxshi bo‘ladi.
 Mashinani to‘xtatib, bir chekkaga qo‘ydim. Ehtiyot shart, salondagi hujjatlarni o‘zim bilan olmoqchi edim, u to‘xtatdi.
 – Bu yerlarda hech kim birovning narsasiga tegmaydi! – xabar berdi u.
 Bu ajoyib, yaxshi tarbiya ko‘rgan va nasabli inson – Davlat Tursunov bilan biznes sohasida anacha yil hamkorlik qildik.
 Biz eshikdan katta sahnli hovliga kirdik. Chap tomonda oldi ochiq ayvonli masjid. O‘ng tomon bog‘. O‘rtada uzun yo‘lka. Biz bu yo‘lkadan yurib borib o‘ngga qayrildik va yigirma qadamlardan so‘ng chapga burildik. To‘g‘rimizda bizni yangi qurilganligi bilinib turgan mahobatli maqbara kutib turardi.
 Past qismi ozgina yerga botgan, yuqori qismiga keng zina bilan chiqiladi. O‘rtada birgina xona, atrofi ustunli ochiq ayvon. Tepasida zangori gumbaz. Arxitektura – islomiy, ammo O‘zbekistonona emas. Biz ichkariga kirdik. Xona o‘rtasida qabrtosh. Atrofiga atlas ko‘rpachalar yozilgan. To‘rda asosan din arboblari kiyadigan kul rang choponli, salla o‘ragan yigit o‘tiribdi.
 – Marhamat, kelinglar! – dedi u.
 Biz ko‘rpachalarga cho‘kdik. U tilovat qildi. Yuzimizga fotiha tortdik.
 – Biz o‘zimiz ham o‘qiymiz, maylimi? – so‘radim men undan.
 – Agar, istasangiz, pastda haqiqiy qabrlari bor. O‘sha yerga tushib o‘qiy qolinglar! – dedi u.
 Biz rahmat aytib, tashqariga chiqdik-da, maqbaraning yon tomonidagi zinadan pastga tushdik va qabr oldiga qo‘yilgan o‘rindiqqa o‘tirib, avval men, keyin Davlat Tursunov qur’on tilovat qildik. Savobini Ollohga va Hazrat Sayid Amir Kulolga baxshida qildik. Va Mavloi Rahmondan ishlarimizga omad, hayotimizga nur so‘radik. Men Hazratdan duo so‘radim.
 Keyin tashqariga yo‘naldik. Yana o‘sha uzun yo‘lka bo‘ylab tashqariga chiqa boshladik. Masjid oldidagi ayvonda odamlar paydo bo‘lishibdi. Ko‘rinishdan shu yerliklar. Ular bilan salomlashib o‘tar ekanmiz, bir kishi so‘rab qoldi.
 – Maqbara sizlarga yoqdimi?
 – Juda yoqdi! – dedim men, – Faqat, aytingchi kim qurgan uni? Uncha o‘zbekcha emas.
 – Bu maqbarani, baraka topishsin, uch-to‘rt yil oldin, pokistonliklar kelib, birovdan bir tiyin so‘ramay qurib ketishgan – dedi u.
 Shundagina tushundim, arxitektura Hind o‘lkasi musulmonlarining me’moriy san’atiga o‘xshashligini. Va, o‘yladim: “Hazrat Sayid Amir Kulolni Pokistonda shunchalar e’zozlashar ekan, uning hurmati, obro‘-e’tibori bor ekan, u yerlarda ma’lum-u mashhur ekan, nega bu zot haqida biz deyarli hech narsa bilimaymiz?..”

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.