OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rustam Jabborov. Intihor (qissa)

“Har gal noutbuk qarshisiga muayyan maqsad, aniq bir g‘oya bilan o‘tirardim. Chunki, yozishim kerak bo‘lgan asarimining mavzu yoxud mazmuni, avvalroq miyamda pishib yetilgan bo‘ladi. Hozir she’r yozmoqchi emasman, bu aniq. Buni maqola, hikoya yoxud qissa deb atagim ham yo‘q. Muallifning o‘zi ko‘rgan-bilgan boshidan kechirgan hodisotlardan iborat asar nima deyilardi. Memuarmi, esdaliklarmi? Yodnomalarmi?
Balkim, kamtargina qilib “Kundalik” deb qo‘ya qolsam tuzuk bo‘lar? Buyam unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Bolaligimdan kundalik yozishni yomon ko‘raman. Taniqli bir adibimiz yozganidek, kundalik yozish ko‘proq qizlarga yarashadi. Men esa, o‘tayotgan har bir kunni qog‘ozga muhrlab borishni, umuman, xronologiyani yomon ko‘raman. Demak, bu kundalik ham emas.
Nima bo‘lganda ham men hozir boshlamoqchi bo‘lgan bu qoralamaning asosiy qahramoni o‘zim bo‘laman. Bunga haqqim bor. Chunki, hech kim meni menchalik yaxshi, mukammal bilmaydi. Balkim, bunday narsalar yozishni unchalik kelishtirolmasman. Ehtimol, adabiy tanqid nuqtai nazaridan bu bitiklarning bir chaqalik qiymati bo‘lmas? Mayli, buning men uchun ahamiyati yo‘q. Chunki, bu asarni men o‘zim, yolg‘iz o‘zim uchungina yozyapman. Uni birovlar o‘qishi ham shart emas. Yana kim bilsin?
...Dunyoda hamma narsani, har bir voqea hodisani sabablar yuzaga keltiradi, deb bejiz aytishmas. Istalgan voqelikning intihosidan ibtidosiga tomon tahlil qilib borsangiz, hammasi soddalasha, oddiylasha boradi. 
Masalan, hozir men tun yarmidan oqqanda, ish stolimda kompyuter tugmalarini sharaqlatib, nimalarnidir yozib o‘tiribman. To‘g‘ri, yozish men uchun odatiy hol. Ammo aniqki, agar ertalabki bir manzara meni bu qadar ta’sirlantirmaganida, ehtimol hozir issiqqina o‘rnimda uxlab yotgan bo‘larmidim.
Bilaman, siz ham menga o‘xshab ortiqcha falfasa so‘qishni ham, eshitishni ham yoqtirmaysiz. Shuning uchun maqsadga o‘ta qolay. 
Xullas, kun odatdagidek boshlandi. Har kungi vaqtda uyg‘ondim, yuvindim, o‘zimga g‘aribona nonushta tayyorladim, qorinni bir amallab aldagach, kiyinib ishga otlandim. 
O‘n yildirki, shanba-yakshanba, ta’til paytlarini hisobga olmasa, kunlarim bir xil tartibda o‘tadi, xuddi daraxt yaproqlari kabi bir-biriga o‘xshab ketadi. Yo‘nalishim ham bir xil: uydan to‘g‘ri bekatga chiqaman, kerakli avtobusga o‘tirib, ishxonamning yonida tushib qolaman. Torgina xona, qog‘ozlar, telefon qo‘ng‘iroqlari, birinchi qavatdagi ko‘rimsizgina oshxonada tushlik, yana ish, yana odatiy yo‘nalish bo‘yicha uyga qaytish...
Bugun ham ana shu tartib o‘zgarmasligiga ishonchim komil edi. Birinchi avtobusga ulgurolmadim. Keyinginisini kutaman, hechqisi yo‘q, o‘n besh daqiqa kechiksam, hech narsa bo‘lmaydi. Loqaydlik bilan atrofimdagi odamlarni kuzata boshladim. Har kungi odamlar, ularning ko‘pini yaxshi taniyman. Biror marta ular bilan gaplashmagan bo‘lsam-da, har qalay ertalab bitta avtobusda ketamiz. Kimning qaerda tushib qolishini ham bilaman. Yo‘q, bu mening o‘ta kuzatuvchanligimni ko‘rsatmaydi. Inson xotirasi ko‘p hollarda o‘ziga mutlaqo keraksiz ma’lumotlarni ham saqlab qoladi. 
Bekatda turganlarni birma-bir ko‘zdan kechirarkan, beparvo nigohlarim mendan o‘n qadamcha narida turgan yoshgina qizda to‘xtadi. Negadir ancha vaqt undan ko‘zimni ololmay turdim. Uning ko‘rinishi hozir ham ko‘z oldimda turibdi. Bo‘yi baland, qop-qora, uzun sochlari nozik yelkalari osha sharsharadan quyiga intilgan, qop-qora qosh ko‘zlari, jimitdekkina xoli sutga chayilgandek oq yuzlariga o‘zgacha malohat baxsh etgandi. Egnidagi oppoq koftasi ostidan ko‘rinib turgan qora vodolazkasining yoqasi qizni iyaklarigacha “bo‘g‘ib” olgan, qora yubkasining uzun etagi oq, bejirim tuflisiga qariyb tegib turardi. Bir so‘z bilan aytganda, qizni tasvirlamoq uchun eng mohir rassomning inja iste’dodi, shuningdek, oq va qora ranglarning o‘zi kifoya edi. Ha, uning butun go‘zalligi, latofati va ulug‘vorligini shu ikki rang o‘zida to‘la-to‘kis mujassam eta olgandi. Kunduzdek yorqin vujud, tun zulmatidek qop-qora uzun sochlar. Beixtiyor hazrat Navoiyning o‘lmas misralarini ohista shivirladi lablarim:
Vasl aro ko‘rdim teng emish bo‘yiyu sochi.
Tunu kun ekan, zohir o‘lur bo‘ldi chu navro‘z...
Menimcha, qarshimdagi bu sanamni tasvir etmoqqa bundan-da munosib, loyiq misralarni topmoq mushkul edi. Tabiiyki, U menga e’tibor qaratmadi. Ana shu beparvo turishi bilan ro‘parasidagi kimsaning qalbida qanchalik katta g‘alayon uyg‘otganini u qaerdan ham bilsin? 
Quloqlarim o‘sha tarafdan kelayotgan hazin musiqa ohanglarini ilg‘ay oldi. Shu choq qiz oppoq sumkasini ochib, bejirim, qop-qora qo‘l telefonini chiqardi. Kim bilandir ochilib-sochilib gaplashdi. Shu choq qizning sadafdek oq tishlarini ko‘rishga muyassar bo‘ldim. Ayni paytda men o‘zimni dunyodagi eng go‘zal tasviriy san’at asari qarshisida turgan nozik didli tomoshabindek his qilardim. Men bu holat uzoq, juda uzoq davom etishini istardim. Ammo nogahon kelib to‘xtagan avtobus hamma narsani o‘zgartirib yubordi.
U ham men bilan birga ketishini anglab, ich-ichimdan sevindim. Endi oramiz yanada yaqinlashgan, tiqilinch avtobusda bizni faqatgina semiz, gavdali bir rus xotin ajratib turardi, xolos. Men Uni yanayam yaqindan ko‘rib turardim. Shu paytga qadar bir-biriga tamomila qarama-qarshi, zid deb bilganim – oq va qora ranglarning bu qadar uyg‘unlik kasb etishi mumkiniligi nega shu paytgacha xayolimga kelmadi. Axir, bu ranglar har doim yonma-yon, bir-birini taqozo etib keladi-ku? 
Birdan nigohlarimiz to‘qnashdi. Oh, bu ko‘zlar! Oppoq bodom qovoqlaru bir tekis saf tortgan tim qora kipriklar orasidan chaqnab turgan bir juft shahlo ko‘zlarda ham aynan shu uyg‘unlik yaqqol namoyon edi. Ko‘zning oqi shu qadar tiniq va oppoq, qaroqlari shunchalar qora va ma’noli bo‘ladimi? Qizning oppoq qog‘oz uzra qora qalamda nazokat ila qo‘yilgan nuqtani yodga solguvchi nafis xoli ham ranglar uyg‘unligini yana bir karra tasdiqlab turardi. Oqlik va qoralik bilan bog‘liq bu mutanosiblik faqat birgina o‘rinda “buzilgandi”. Qizning qizg‘aldoq gulbargidek qip-qizil dudoqlarida... Agar bu Azal naqqoshining “ xato”si bo‘lsa, men uni mulki borliqdagi eng go‘zal xato deb atamoqqa hozir edim. 
Eng muhimi, bu qiyofa menga tanish, jud-dayam tanish edi. Ammo, hozir xotiram ham izmimga bo‘ysunmay qolgani uchun bu munis, sehrli chehrani qachon, qaerda uchratganimni eslolmadim. (Yana bir adibimizning gapi yodimga tushdi “hamma chiroyli qizlar ko‘zga tanish ko‘rinaveradi). Nigohlarim ham, aql-idrokim ham men bilan baqamti turgan bu ajib xilqatga qattiq bog‘langan edi. 
Birdan qaerda ekanim, nima qilayotganimni anglab, tok urgandek seskanib ketdim. Haligacha undan ko‘z uzolmay o‘tirgan ekanman. Shu onda (ehtimol, menga shunday tuyulgandir?) Uning yuziga ajib bir tabassum yoyildi. Bu jilmayishning menga qanchalik aloqasi borligini bilmadim, ammo undan ko‘z uzmay kelayotganimni payqamasligi mumkin emasdi. Mutlaqo noqulay ahvolga tushib qolgandim. Gunohkor ko‘zlarimni mutlaqo boshqa tomonga, avtobus oynasiga qadadim. Anchagacha qiz tomon burilishga jur’atim yetmay turdi. Bu orada avtobus bir bekatda to‘xtab ham o‘tdi. Yurak yutib, ortimga o‘girilib qaraganimda, qiz allaqachon tushib ketgandi...
Ko‘pchilikda uchraydi bu holat: ertalab birorta qo‘shiqning ohangi yo so‘zlari qulog‘ingizga o‘rnashib qolsa, kun bo‘yi miyangizda aylanib yuraveradi. Yoxud biror ta’sirli manzaraga duch kelib qolsangiz. Anchagacha ko‘z o‘ngingizdan ketmaydi. Oq-qora kiyimli qiz ham kun bo‘yi mening ko‘z o‘ngimdan, xayolimdan ketmadi. Shu kuni qo‘lim uncha ishga ham bormadi. 
Ba’zan odam o‘ziga o‘zi tushunolmay qoladi. Xo‘sh, o‘sha qiz meni nimasi bilan bunchalar o‘ziga maftun etdiykin? Shu qadar chiroylimidi? Ko‘zimni yumgancha, ertalab ko‘rganim – oq-qora kiyimli qizni ko‘z oldimga keltirishga harakat qilib ko‘raman. O‘zimga taskin berish, besar, betizgin xayollardan chalg‘itish uchun xayolimdan jonlangan qiyofadan qusur axtarmoqchi bo‘laman. Rost, qiz chiroyli edi, hatto, judayam chiroyli edi. U oddiyligi, sipo ko‘rinishi bilan ham har qanday malaksiymolarni ortda qoldira olardi. Ammo, nima bo‘lganda ham uni qayta uchratishimga ko‘zim yetmasdi. 
Axir, Toshkent katta shahar bo‘lsa. Bir marta ko‘rgan kishingni ehtimol umr bo‘yi qayta uchratmasliging mumkin. Kim bilsin, men ham Uni endi hech qachon ko‘rmasman. Hozir dilimni lovullatib turgan hislar ham o‘z iskanjasida meni uzoq tutib turolmas...

* * *

Vaqt hamma narsani davolaydi, deyishadi. Oradan uch-to‘rt kuncha o‘tdi. O‘sha qizni avtobusda yana uchratib qolarman degan umid hamon yuragimning bir chetida lipillab turardi. Ammo, uni uchratib qolsam, nima qilishim mumkinligi o‘zimga ham qorong‘u edi. Biror narsa o‘zgaradimi? U bilan muloqotga kirishim uchun biror bahona, vaj-korson bo‘lmasa?
Shunday bo‘lsa-da, har kuni ertalab, bekatga chiqqanimda atrofga jovdirab qarayman. O‘z tashvishi bilan chor tarafga oshiqayotgan turfa odamlar orasidan Uni izlayman. Rost, oq-qora libosli qizlarni har qadamda topsa bo‘ladi. Ammo, bu ikki rang mutanosibligini o‘zida to‘laqonli namoyon eta olgan xilqat bu yorug‘ olamda boshqa uchramasa kerak, degan andishada edim. 
Avtobusda ishga ketayotib, U tushib qolgan bekatga g‘ayri ixtiyoriy tarzda ko‘z tashlab o‘taman. Ammo, Uni ko‘rmayman. 
Odam ertayu kech bitta narsa haqida o‘ylayversa, biroz parishonxotir, hardamxayol bo‘lib qolarkan. Buni ko‘pchilik payqabdi. 
Men bilan bitta tahririyatda ishlaydigan ijodkor oshnam bor. Ozroq maqtanchoqligi, mahmadonaligini aytmasa, yaxshi yigit. Mendan uch-to‘rt yosh kichik bo‘lsa-da, u bilan ancha yaqinmiz. Qo‘limizga maosh yoki kattaroq qalam haqi tekkan kunlar uchrashib, ulfatlashib turamiz. Navbatdagi uchrashuvimiz mening shoirona xayollar ichida yurgan o‘sha kunlarimga to‘g‘ri kelib qoldi. 
- Ha, ustoz, (u meni doim ana shunday atashga odatlangandi) tinchlikmi, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odamdek ta’bingiz xira tortib yuribdi, 
Avvaliga sir boy bermadim. “Shunchaki, ishlar ko‘payib ketdi, charchagan bo‘lsam kerak” deb qutulmoqchi bo‘ldim. Ammo, bunaqa bahonalar bilan undan qochib qutulolmasligim aniq edi. Holi-jonimga qo‘yavermagach, “yorildim”. Rosti, kimgadir ko‘nglimni ochmasam, bo‘lmasdi. Gapimni eshitgach, oshnam kulgidan o‘zini to‘xtatolmadi. Ochig‘i o‘zini bunchalar yengil tutishi menga umuman yoqmadi. Tavba, birov, o‘laman, desa, boshqasi kulaman, deydi.
-Ustoz, shu gapni siz aytyapsizmi? - dedi kulgidan yoshlangan ko‘zlarini ro‘molchasiga artib. - O‘lay agar, rosa kulgili. Nima, bittasi oq-qora ko‘ylak kiyibdi, deb motam tutib yurish kerakmi? Yo o‘sha jonon yurakdan urib qoldimi? Hali shu yoshingizda muhabbat dardiga mubtalo bo‘ldim, deb ayyuhannos solmasangiz go‘rgaydi. 
Bu gaplar tabiiyki, ko‘nglimni og‘ritdi. Kimnidir sirdosh, hamdard bilib, dardingizni dasturxon qilsangizu, u ustingizdan kulib o‘tirsa. Qolaversa, “bu yoshda sizga sevgini kim qo‘yibdi” degani yomon botdi. 
Birinchidan, hali unchalik qarib, qartayib qolganim yo‘q. Mavlono Lutfiy 99 yoshlarida ham ishq-muhabbat haqida go‘zal baytlar bitganlarida, menga nima qipti? O‘ttiz ikki yosh bu hali qarilik, muhabbatdan uzoqlashish degani emas. Qolaversa, erkak kishi 30-35 yosh oralig‘ida har jihatdan kamolga yetadi, kuch-quvvatga to‘ladi. Mutaxassislar insonning romantikaga, jo‘shqin his-tuyg‘ularga to‘la davr sifatida aynan ana shu yosh oralig‘ini ko‘rsatishadi. Buni manavi dumbul oshnam qaerdan ham bilardi?
Rost, shu yoshga kirib, hali uylanganim yo‘q. Bunga turli sabablar bor. O‘z hayotim to‘la izga tushib, jamiyatda, hayotda o‘z yo‘limni topib olsamgina uylanaman, deb o‘zimga so‘z bergandim. Qolaversa, shu choqqacha ko‘nglimga yaqin, tasavvurimga mos qizni hali uchrata olmagandirman? Har qalay, men ham insonman, hamma qatori yashashim, oila qurishim, bola-chaqa orttirishim kerak. Barcha qatori turmush qurishga haqli ekanman, demak, kimnidir astoydil sevishga ham huquqim bor. Buni qarshimda bamaylixotir pivo simirib o‘tirgan bu ovsar ukaginamga qanday tushuntiray? 
Ajabki, u mening xayolimni o‘qib turgandek edi:
-Uzr, ustoz, hazillashdim. Sizniyam tushunaman. Bunaqa holatlar hammadayam yuz berishi mumkin. Lekin romantika, xayolparastlik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Men ham istisno emasman. Lekin hayotga real qarashni o‘rganishimiz kerak. 
Birovga aql o‘rgatishni yoqtirmayman. Shuningdek, boshqalar, bo‘lib ham, o‘zimdan kichkinalar bunaqa mahmadanalik qilib tursa, yomon jahlim chiqadi. Lekin na ilojki, hamsuhbatim haq gapni aytayotgandi. Mening indamay turishimni mute’lik, some’lik alomati deb tushungan oshnam nasihatgo‘ylikda davom etdi:
-Ayol zotining turgan-bitgani jumboq. Uning tashqi qiyofasi, ma’nodor ko‘zlari, yurish-turishi aslida kim ekanini ko‘rsatmaydi. Yaltiragan narsalarning hammasi ham oltin bo‘lavermaydi, deb bekorga aytishmagan. Siz o‘sha qizning zohiriy qiyofasidagi muvofiqlikni payqabsiz. Lekin, sanoqli daqiqalar ichida uning ichki dunyosini ham anglab yetdim, desangiz, aslo ishonmasdim. Zero, ayol kishining saj’iyasi, tabiati, rangin olamini aks ettirish uchun siz aytgandek, faqat oq va qora ranglarning o‘zi yetarli emas. 
- Keyingi paytlarda aqlli odamlarga o‘xshab gapiradigan bo‘p qolibsanmi? - dedim undan ranjiganimni sezdirib.
- Kinoyangiz o‘rinli, - odatiy “donoligi” bilan gapni ilib ketdi hamsuhbatim. - Sizga aql o‘rgatishga hali yoshlik qilaman. To‘g‘ri, uch-to‘rtta ko‘ylakni sizdan kamroq yirtgandirman. Lekin, ayollar masalasida sizdan ko‘proq tajribaga egaman, desam, yana ranjimassiz... 

* * *

Yarim tunda turib qog‘oz qoralash odatim yo‘q edi. To‘g‘ri ko‘pgina ijodkorlar yarim kechasi, hamma uxlagan paytda, tinch-osuda ijod qilishni ma’qul ko‘rishadi. Mening kulbamda odatda o‘zimdan bo‘lak hech kim bo‘lmaydi. Shu sabab bu yerda istagan paytimda o‘zim uchun tinch sharoit yaratib olishim mumkin. 
Ammo, o‘sha “oq-qora” malakni nogahon uchratib qolgan kunimdan beri nainki ruhiyatimda, balki kun tartibimda ham bir muncha o‘zgarishlar yuz berganini yashirmayman. Nima qilay, harchand uni o‘ylamaslikka tirishsam-da, baribir ko‘z oldimdan ketmaydi. Gohida mutolaa, ba’zan esa, televizor tomoshasi bilan xayollarimni chalg‘itishga harakat qilaman. Ko‘zlarim qog‘oz betidagi turli shakllar yoxud ekrandagi ma’nosiz tasvirlardan boshqa narsani uqmaganidan jahlim chiqadi. Jin ursin! Nega bunaqa parishonxotir bo‘lib qoldim? Hali mahmadona oshnam aytganday, bittasi ola-bula kiyinib olgan bo‘lsa, o‘shani deb motam tutib yurishim shartmikin?
To teledasturlar tugab, ekranni moviy bo‘shliq egallaguncha televizorni o‘chirmadim. Keyin esa, radio tugmasini bosdim. Maqsad – tezroq bema’ni fikrlardan yiroqlashsamu, uyqu tezroq meni o‘z komiga torta qolsa. Men o‘z irodamga ishonaman. Yana bir-ikki kun o‘zimni qo‘lga olishga tirishsam, o‘sha “oq-qora” malakning ta’qibidan qutulaman. Axir inson bundan-da ta’sirchan, g‘amgin, hatto baxtsiz va mudhish xotiralardan ham qachondir qutulishi mumkin-ku?
Umidsizlik ila bosh tarafimda turgan radio qulog‘ini buradim. Bir paytlar o‘zbek tilida eshittirishlar beradigan uch yoki to‘rtta kanal bo‘lardi. Hozir esa, sanab sanog‘iga yetolmaysiz. Qachon qarama, birorta lanj boshlovchi o‘ziga o‘xshagan ezma tinglovchi bilan laqillab o‘tiradi. Asabim chatoqroq bo‘lgani uchun bunaqa “sermazmun” suhbatga uzoqroq dosh berolmas va bira-to‘la radioshinavandalik bahridan o‘tib qo‘ya qolardim. Hozir esa, har qanday safsatabozlikka jon-jon deb quloq berishim mumkin. Faqat, biroz chalg‘isam bas. Uch-to‘rt kun shoirona tuyg‘ularga bandi bo‘lganim yetar. Boshqa qiladigan ishlarim tiqilib yotibdi. 
Turfa xil ovozlarni qorishtirib, kanallarni tez-tez almashtirar ekanman, tanish bir musiqa ohangi beixtiyor meni harakatdan to‘xtatdi. Bu hazin, dilrabo navoni avval ham juda ko‘p eshitganman. Ammo, negadir bu gal menga u tamomila boshqacha ta’sir etayotir. U menga nimani eslatyapti ekan. Bu ohang bu safar nimasi bilan meni bunchalar sehrlab olayotir.
Ol-a, nimadan qochsang, yana o‘shanga ro‘para kelasan deb bekorga aytishmagan ekan. Bu musiqani men o‘sha qiz (yana o‘sha qiz!)ning telefonida eshitgandim. Bir qaraganda buning hecham ajablanarli joyi yo‘q. Bu musiqani yana o‘nlab, yuzlab odamlarning qo‘l telefonida uchratish mumkin. Qolaversa, xohlagan ustaxonaga kirib, telefonga maqbul ovozni yozdirib olsa bo‘ladi. Bekorchi o‘ylarni miyamdan siqib chiqarishga tirishib, butun diqqatimni qo‘shiq so‘zlariga qaratdim. 
Dilimdagi eng o‘tli nolam,
Isming aytsam, yashnaydi olam.
Lobar o‘zing, dilbar ham o‘zing,
Sen o‘zingsang nafis gul-lolam.
O‘zingdirsan husnda tanho,
Zuhro ham sen, sen o‘zing Laylo,
Izlaringni o‘par yuz Tohir,
Ming bir Majnun ishqingda shaydo.
Bu qo‘shiqni birinchi marta eshitayotganim yo‘q. So‘nggi ikki yilda yoshlar orasida po‘rimroq lahjada aytilsa, “xit”ga aylanib ulgurgan bu taronani radiokanallar har kuni o‘n martalab aylantirishadi. Qo‘shiq muallifi ham aynan mana shu tarona tufayli shuhrat topgan, ko‘pchilikning e’tibori va olqishini qozongan edi. 
Ma’lumingizkim, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ko‘pgina qo‘shiqlarning badiiy saviyasi xususida hamisha iliq so‘z aytish mushkul. Yaxshiroq diqqat qilinsa, bunday qo‘shiqlarning musiqasi turklar yo arablardan mohirona o‘g‘irlangan, so‘zlari esa, loaqal o‘zbek tilida ikkita so‘zni bir-biriga bog‘lashga noqobil “qalamkashlar” ijodiga mansub bo‘lib chiqadi. 
Har qalay insof bilan aytilsa, bu qo‘shiqdan bunday qusur axtarish noo‘rin bo‘lardi. Musiqasida ajnabiy ohang sezilmaydi, she’rni adabiy durdona deb atamasak-da, boshqa qo‘shiqlarnikidan o‘lsa o‘ligi ortiq. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu qo‘shiq katta-yu kichikka birdek ma’qul bo‘la boshlagan edi. Xonandaning o‘zi ham endigina ko‘zga tashalanib qolganida, avtohalokatga uchradi. Ajab, mana shunday o‘tli, dardli ovozda xonish qilayotgan hofizning o‘lganiga ishonish qiyin.
Musiqiy ohanglar og‘ushida ko‘zim ilinganini sezmay qolibman. Ertalab radiodan yangragan madhiya sadosidan uyg‘onib ketdim.

* * *

O‘sha, xuddi o‘shaning o‘zginasi... Yo‘q, adashgan bo‘lishim mumkin emas. Uni unutay deganimda yana ro‘paramdan chiqib qolsa-ya! Endigina avtobusga chiqib, bo‘sh joylarninig birini egallagan edim, yonimga U kelib o‘tirdi. Bir lahza karaxt alfozda qoldim. Qariyb bir haftadan beri ertayu kech Uni o‘ylayverib, sal bo‘lmasa hardamxayol bo‘lib qolayozgandim. Mana, o‘sha “oq-qora malak”ning o‘zi yonimga kelib “qo‘ndi”. Xuddi o‘sha kiyimda – Oq va qora ranglardan eng buyuk musavvir tarafidan yaratilgan mukammal san’at asari. Nima deyishga, nima qilishga hayron edim. Kutilmaganda...
Uzr, sizdan bir narsa so‘rasam maylimi?
Savolni U bergan edi. Ammo, javobni kim qaytarishini bilolmagandek, u yoq-bu yoqqa alangladim. Chamasi, qizga hech kim menchalik yaqin o‘tirmagandi. Bir zum dovdirab qoldim. Har qalay nimadir deb ming‘irladim. “Mayli” degan bo‘lsam kerak-da!
- Adashmasam, siz yozuvchisiz. Televizorda ham goh-gohida chiqib turasiz. - U mendan tasdiq javob olmayoq gapini davom ettirdi. - Asarlaringizni o‘qib boraman. O‘zi umuman, har bir yangi va yaxshi asarni e’tibordan chetdan qoldirmayman. Ayniqsa, xiyonat haqida ko‘p yozasiz. Nima bu sizning eng sevimli mavzuingizmi? Yo o‘zingiz hayotda ko‘p bor xiyonatga duch kelganmisiz?
U gapirar men esa uning maftunkor jonso‘z chehrasidan ko‘z ololmasdim. Nima haqida savol berganini ham daf’atan anglab ololmagan ekanman. U mening e’tiborsizligim uchun biroz ranjigandek bo‘ldi. 
- Men boyadan beri sizga gapirib yotibman. Siz esa meni diqqat bilan eshitmayotganga o‘xshaysiz.
“Agar siz bilan suhbatlashayotgan ayolning har bir so‘zini diqqat bilan eshitayotgan bo‘lsangiz, demak, hamsuhbatingiz u qadar go‘zal emas ekan, deb yozgan edi g‘arb mutafakkirlaridan biri. Agar mening ham musohibim bunchalik sohibi jamol bo‘lmaganida aql-hushimni yo‘qotmagan, uning biror kalomini e’tiborimdan chetda qoldirmagan bo‘lardim”. 
Tabiiy, xayolimni tilib o‘tgan bu fikrni tilimga ko‘chirmadim. Har qalay U bilan ilk bor yuzma-yuz kelib turardim. Ne baxtki U meni avvalroq ko‘rgan, tanigan ekan. Bundan chiqdiki, o‘sha kuni ham mening har bir hatti- harakatimni kuzatib turgan. Kim bilsin, necha kundan beri xayolimdan ketmay yurgani Uning o‘ziga ham maxfiy qolmagandir? Ha, darvoqe. Men uning savolini javobsiz qoldirmadim:
- Siz adashmadingiz. Kamina qalam ahlining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan bo‘lmasam-da, ul-bul yozib-chizib turaman. Ammo yozuvchilikka o‘zimni da’vogar sanamayman. Yozganlarim sizni befarq qoldirmaganidan xursandman.
Qizning latif chehrasiga nafis tabassum yugurdi.
- Ortiqcha kamtarlik nimadan dalolat ekanini bilarsiz, - dedi quvlik bilan ko‘zlarini suzib. - Oxirgi kitobingizni bir kecha uxlamay o‘qib chiqqanman. 
O‘zini adabiyotga daxldor deb bilgan biror kimsa bunday e’tirofdan erib ketmay iloji yo‘q. Qizning so‘zlari samimiy ekaniga ishonch hosil qilgach, oramizdagi ko‘rinmas begonalik pardasi xiyol ko‘tarilgandek bo‘ldi.
- Sizday nafosat va nozik did sohibasini bema’ni narsalar bilan shirin uyqudan mahrum qilganim uchun xijolatdaman. Demak, sizdan bir kechalik qarzim bor ekan.
Shu gapni aytishga aytdim-u, beixtiyor tilimni tishladim. Mabodo gapimdan biror uyatli ma’no uqmadimikin, degan hadik bilan qizga qaradim. Yo‘q, chamasida, bu “lutf” unga yoqib tushgan edi. 
-Unday bo‘lsa, mendan bir emas, bir necha kechalik qarzdor bo‘lib chiqasiz. Chunki sizning asarlaringizni o‘qib juda ko‘p tunlarni bedor o‘tkazganman. 
Bilmadim, bunday shirin, yoqimli so‘zlardan so‘ng o‘zimni avtobusda emas, naq yettinchi falakda, bulutlar ustida suzib yurgandek his qildimmi? U menga cheksiz shodlik baxsh etish barobarida meni biroz noqulay vaziyatga ham solib qo‘ygandi. Agar uning gapini tasdiqlasam, biroz nokamtarlik qilgan bo‘lardim. Biroq bu jamilaning fikrlarini inkor etish uchun ham o‘zimda majol topolmasdim. Kulimsiragancha yerga tikildim. Shu topda avtobusga yoshi o‘tibroq qolgan ayol chiqib, men o‘tirgan joyimni bo‘shatib berishga majbur bo‘ldim. Qiz tavoze bilan sumkamni ushlab ketish uchun qo‘lini cho‘zdi. U charm juzdonimni bag‘riga bosib ketarkan, ich-ichimdan o‘zimga yillar mobaynida xizmat qilib kelgan, eskiribgina qolgan juzdonga nisbatan hasadgami, rashkkami o‘xshash bir his uyg‘onganini tuydim. Beixtiyor uning barmog‘idagi uzukka qaradim. Yo‘q tilla emasdi, zotan oltinning rangi bu qizdagi ajib mutanosiblikka xalal yetkazishi mumkin edi. Qop-qora aqiq ko‘zli kumush uzuk uning nozik, oppoq barmog‘iga mislsiz joziba baxsh etib turardiki, uzukni shu latif barmoqdan xoli tasavvur etolmasdim. 
- Sizning uyingiz o‘sha tarafda ekan-da! - qiz shahodat barmog‘i bilan biz avtobusga chiqqan tomonni ko‘rsatdi. 
- Siz-chi, - so‘radim uning so‘rog‘ini bosh irg‘ab tasdiqlash barobarida. 
- Boshqa tomonda, - sirli kulimsiradi qiz, - Bir hafta ilgari siz tomondagi bir atelega ko‘ylak tiktirish uchun borgandim. Bugun buyurtmani olib qaytyapman. O‘sha kuni men sizni ko‘ruvdim. Faqat yoningizga borib, so‘rashishga jur’at qilolmadim. Qarang, niyat xolis ekan, bugun yana uchrashib turibmiz. Ammo... - Qiz deraza osha tashqari qarab oldi-da, turish uchun qo‘zg‘aldi. - qarangki, yana xayrlashishga majburmiz. Men shu yerda tushib qolaman. 
Men uni qayta ko‘rganim uchun shu darajada quvonib ketibmanki, yana sanoqli daqiqalardan keyin undan yana ajralishim mumkinligini o‘ylab ko‘rmabman. Demak ko‘ylak bahona ikki marotaba uchrashish nasib etgan. Yana qachon yangi tiktirgan ko‘ylagi eskiradi-yu biz tomonlarga yo‘li tushadi. O‘shanda ham uni ko‘ra olamanmi yo yo‘q, Xudo biladi. 
- Mabodo... telefoningizni berolmaysizmi? - dedim nafasim bo‘g‘zimga tiqilgudek bo‘lib. - Siz bilan yana... gaplashib... uchrashib tursak... siz qarshi emasmisiz?.. 
Qiz kulimsirab, mumdek qop-qora sumkasidan bir parcha tashrif qog‘ozini chiqardi-da, menga uzatdi. Xayrlashish oldidan menga shirin bir tabassum hadya etarkan, avtobusdan tushib ketdi. Qiz bekatdagi olag‘ovur ichida bir zumda ko‘zdan yo‘qoldi. Qo‘limdagi tashrifnomaga ko‘z tashladim. Oddiygina vizitka deb ataladigan bunday qog‘oz parchasida ko‘pincha gerb yoxud, korxona ramzi, manzili, ish, uy va mobil telefonlaridan tortib, faks raqamiyu elektron pochta manziligacha tiqishtirishadi. Ammo qo‘limdagi bu mo‘‘jazgina varaqda faqat uyali telefon raqami va birgina ism bitilgan edi – DILSO‘Z!
...Dilso‘z! Bu ism miyamda kun bo‘yi aylanib yurdi. Juda antiqa, kamyob va ko‘pma’noli ism. O‘zimizning tilda - dildagi so‘z, forsiydan tarjima qilinsa - yurakni o‘rtaguvchi... Darvoqe, kim o‘zi bu qiz. Qaerda o‘qiydi yoki ishlaydi? O‘zi qaerlik, yoshi nechada? Bir necha daqiqalik suhbat asnosida undan bilib olganim shu ism bo‘ldi. Ketish avvalida mening telefon raqamimni so‘ramadiyam. O‘zim telefon qilishimga shunchalik ishongan bo‘lsa kerak. 
Men uni yana bir karra ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganimdan, eng muhimi, ismi va telefonini bilib olganimdan o‘zimda yo‘q darajada xursand edim. Har qalay endi o‘zim istagan paytda uni ko‘rishim, loaqal ovozini eshitishim mumkin. Ammo qachon? Menga qolsa u bilan xayrlashganimizga hali bir soat bo‘lmay, uning raqamini terishga ilhaq edim. Ammo hali yigitlik g‘ururimni bu qadar tez va oson yerga uradigan darajaga bormagandim. Hech bo‘lmaganda Dilso‘zning (har qalay men edi Uni ismi bilan atashga haqliman) tasavvurida shilqim, surbet bir yigit kabi taassurot qoldirgim yo‘q. Ammo “g‘urur”im bir kungina o‘zimni tutib turishga imkon berdi, xolos. 
Bir amallab tong ottirgach, ishga otlanayotgan mahalda uning raqamini terdim. Gudok chinqirarkan, “ishqilib, begona raqamni ko‘rib, o‘chirib qo‘ymasin” degan ilinj miyamga mahkam o‘rnashib olgandi. Xayriyat!
- Allo, kim bu? - bu ovoz xuddi tashna odam uchun buloqning shildirashidek yoqimli eshitildi. O‘zimni tanishtirdim. - Xayriyat-ey, men vizitkamni allaqachon tashlab yuborgandirsiz, degan xayolda edim. Qalaysiz?
Salom-alikdan so‘ng muddaoga o‘tdim. 
- Dilso‘z, agar siz... meni to‘g‘ri tushunsangiz, yo‘q demasangiz, vaqtingiz bemalol bo‘lsa...
-Uchrashuvga chaqirmoqchisiz, - men tugatishga qiynalayotgan gapga u bira-to‘la yakun yasab qo‘ya qoldi va oxirida sharaqlab kulib yubordi. Uning gapini tasdiqlashdan boshqa choram qolmagandi. - Sizdek iste’dodli qalamkashki, men bilan uchrashmoqchi ekan, yo‘q deyishga qanday haddim sig‘sin.

* * *

Dam olish kuni bo‘lgani uchun istirohat bog‘i odamlar bilan gavjum edi. Shu shaharga kelganimdan beri biror marta bu bog‘ga kelib aylanganimni eslolmayman. Kim bilsin, Dilso‘z bilan tanishmaganda, u aynan shu yerda uchrashishni taklif qilmaganida, bundan keyin ham bu yerga qadam bosmagan bo‘larmidim...
Dilso‘z bu gal ham oq va qora ranglarni o‘zida mujassam etgan holda qarshimda turardi. Uni ko‘rishim hamono yuragim yarador qushdek besaranjom bo‘la boshladi. Nima uchun? Men qaerdan bilay, odam ba’zan o‘ziga-o‘zi tushunolmay qoladi-ku! 
- Nega bunaqa tikilib qoldingiz, - quvlik bilan so‘radi Dilso‘z xiyol egilib, o‘ziga bir qur ko‘z tashlab olarkan. - Kiyimim sizga yoqmayaptimi?
-Aksincha, sizni ilk bor uchratganimda ham ana shu ko‘rinishingizda butun e’tiborimni tortib olgan edingiz.
(Vey ovsar, o‘zimni o‘zim sotib o‘tiribman-a!)
- Buni bilaman, - jilmaydi Dilso‘z men bilan yonma-yon ketib borarkan. - O‘sha kuniyoq sezganman. Ha, yashirmayman, oq va qora – mening eng yoqtirgan ranglarim. Chunki bu ikki rang hamisha yonma-yon bo‘lgandagina mukammallik kasb etadi. Ularni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axir o‘ylab ko‘ring, tun bo‘lmaganda biz kunduz nima ekanini bilarmidik? Zulmat bo‘lmasa, nurning ahamiyatini anglay olarmidik? Hayotda hamma narsa ana shu qarama-qarshilik asosida qurilgan. Busiz hayotning o‘zi bo‘lmasdi. Lekin afsuski, ana shu haqiqatni har doim ham yodda saqlayvermaymiz. Ko‘pchiligimiz bir tomonlama yondashuvga o‘rganib qolganmiz... - Dilso‘z to‘satdan gapidan to‘xtab, menga o‘girildi. - Juda ko‘p gapirib boshingizni qotirib yubormadimmi?
- Aksincha, - dedim undan ishtiyoqimni yashirmay. - Tiniq fikrlaringiz menga yoqyapti. Ammo... - yaqinda kimdandir eshitganim, bir jumlani tilimga chiqadim. - Hayot faqatgina oq va qora ranglardangina iborat emas-ku!
- Balki, siz shunaqa o‘ylarsiz. Oq va qora – hayotning asl ranglari. Haqiqat faqat ana shu ikki rangning birida namoyon bo‘ladi. Qolgan ranglar esa, shunchaki, bezak. Haqiqatni bu ranglar bilan bo‘yab bo‘lmaydi. Chunki boshqa hamma ranglar – yolg‘ondan iborat. 
- Shunchalik haqiqatparastman, deng, - gapim istehzoga o‘xshab qolmasligi uchun beozor jilmayishga harakat qildim. 
- Yo‘q, - dedi Dilso‘z jiddiy qiyofada. - Men haqiqatni juda-juda yomon ko‘raman. Hayot faqatgina haqiqatdan iborat bo‘lganida yashashning zarracha qizig‘i qolmasdi. 
“Juda g‘alati qiz ekan, boshqa birov bo‘lganda bu gaplarni eshitib, qizning aqlan sog‘lom ekaniga shubha bilan qaragan bo‘lardi” Xayolimdan o‘tgan bu iddao Unga ma’lum bo‘lmadimikin, degan xavotir bilan qizga razm soldim. U yon-atrofni loqaydlikka ham, sinchkovlikka ham o‘xshamagan mavhum nigohlari bilan kuzatib borardi. 
- Qarang, anavinga chiqmaymizmi? - Dilso‘z birdan bog‘ning har tarafidan bemalol ko‘rinib turadigan baland charxpalakni ko‘rsatdi. 
Charxpalakka chiqishni bolalikdan yoqtirmayman Yo‘q, qo‘rqanim uchunmas har holda. Ammo Dilso‘zning taklifini rad etish uchun biror bir vaj-korson asos bo‘lolmasdi. Sekin aylanayotgan charxpalak “cho‘mich”laridan biriga joylashdik. “Qarorgoh”imiz ohista yuqorilab borar, men esa Dilso‘zdan ko‘z uzmasdim. Dunyoda go‘zallar ko‘p, go‘zallik shaydolari undan ham bisyor. Ammo ayni damda Mulki borliqda qarshimdagi sohibjamol qizdan-da go‘zalroq mavjudot va uning mendek asiridan bo‘lak jon borligini tasavvurimga sig‘dirolmasdim. Bizni o‘z bag‘riga olgan po‘lat cho‘mich borgan sari balandlab borardi. Negadir ikkimiz ham jim edik. Men-ku nima haqda o‘ylayotganimni bilaman, U-chi? Hozir uning xayolidan nelar kechayotgan ekan-a? Bu savol tilimga qanday ko‘chganini sezmay ham qoldim. 
U javob qaytarishga oshiqmasdi. Bu paytda bizning qo‘nalg‘amiz moslamaning eng yuqori nuqtasiga yetgan edi.
- Hozirning o‘zida charxpalakni to‘xtatib qo‘ya olasizmi? - daf’atan berilgan savoldan esankirab qoldim. Tabiiyki, bu ish mening imkon doiramdan tashqarida edi va buni tan olishga hojat ham yo‘q edi. U javobimni kutmayoq gapida davom etdi, - Hayotning va inson umrining g‘oyatda haqqoniy va ixcham timsoli. Hayot ana shu charxpalak misoli tinimsiz aylanaveradi. Unga chiqib-tushguvchilar tez-tez o‘rin almashaveradilar. Charxpalakka chiqishdan maqsad eng baland nuqtadan turib atrofga nazar solish emasmi? Ammo taassuf shundaki, siz bu nuqtada doimiy qolib ketolmaysiz. Charxpalak o‘qi sizning istagingiz bilan hisoblashmaydi. Sizni qay tariqa yuqoriga olib chiqqan bo‘lsa, xuddi shu tariqa yerga olib tushadi. Eng afsuslanarlisi vaqtingiz tugagach, siz o‘rningizni boshqalarga bo‘shatib berishga majbursiz. 
Uning bu fikrlari meni befarq qoldirishi mumkin emasdi. Ayni paytda bu purma’no so‘zlarga munosib javob qaytarmaslikni ham joiz bilmasdim. Axir yaxshimi-yomonmi yozuvchi degan nomim bor. 
- Albatta, tafovutlar ham yo‘q emas, dedim, - gapni hazilga burib. - Agar charxpalakning pulini to‘lasangiz, ikki, uch, o‘n martalab “oliy nuqta”ga chiqib tushaverasiz. Hayotda esa bu imkoniyat sizga bir marta beriladi, xolos. 
- Unda loaqal charxpalakdagi huquqimizdan foydalanaylik, - dedi kulib Dilso‘z. 
...Biz o‘tirgan “cho‘mich” yana yuqoriga o‘rladi. 
- Mabodo faylasuf emasmisiz? - so‘radim unga sinchkov tikilib. Dilso‘z muloyim kulimsiradi. 
- Hammaning o‘z falsafasi bo‘ladi bu hayotda. Hatto falsafa nima ekanini bilmaydigan noqis kimsalarning ham. Chunki har bir jon hayot ne’matlarini, o‘lchovli umrini o‘zicha baholaydi, o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Bu charxpalakni hech kim na to‘xtatishga, na ortga qaytarishga qodir. Bizdan yuz, ming yillar avval ham hayot mavjud edi. Bundan keyin ham hayot davom etaveradi. Biz ham o‘tib ketishimiz muqarrar. Nari borsa, ellik-oltmish yil. Ammo bu hayotdan izsiz o‘tish, odamlar xotirasidan tamomila o‘chib ketish naqadar og‘ir fojia. Siz ham shu haqda o‘ylab ko‘rasizmi?
Bu achchiq haqiqat tabiiyki meni ham tez-tez o‘yga solardi. Ochig‘i nima deb javob berishni bilmay dovdiradim. 
- Ayting nima qoladi sizdan? Mol-dunyomi? Farzandlarmi? Faqat nasl qoldirishning o‘zi mangulikka da’vo bo‘la olmaydi. Bu ish har qanday jonzotning qo‘lidan keladi. Rost, farzandlaringiz o‘la-o‘lguncha sizni unutmas, nabiralaringiz ham go-goh eslab turishar. Ulardan keyingi nasl-chi? Yana ikki yuz yil keyin tug‘iladigan avlodingiz sizni eslashiga ishonasizmi? Siz o‘zingiz ikki asr avval yashagan bobokaloningizning otini bilasizmi? Yo‘q. Sizning iste’dodingiz bor. Qalamingiz bor. Ammo yozganlaringiz asrlar suroniga bardosh bera oladimi? Bugun yozgan hikoyangizni ellik yil keyin tug‘iladigan o‘quvchi uchun ma’nosi qoladimi? Ayting, ana shunday o‘lmas asar yarata oldingizmi? 
Dilso‘zning bu qadar shafqatsiz savollari yuragimni tuzdek achishtirar, ammo jo‘yali javob topolmay qiynalardim. 
- Xo‘sh, o‘zingiz-chi, shuncha narsaga aqlingiz yetarkan, siz ham izsiz ketmaslikning biror chorasini topib qo‘ygandirsiz?
U menga javob qaytirsh uchun og‘iz juftlagan chog‘da qulog‘imga yana o‘sha tanish tarona chalindi. Dilso‘z sumkasidan telefonini chiqardi va javob qaytarishni istamay, qizil tugmani bosib, aloqani uzdi. Negadir xayolimni Dilso‘zning javobi emas, hozirgina telefondan taralgan kuy tortdi. 
-Ajoyib qo‘shig‘-a, - dedi xuddi o‘ylarimni o‘qib turgandek. - shu xonandani tanirmidingiz? - shu asnoda ko‘zlarimiz to‘qnashib ketdi. Uning nigohlarida ayol zotiga xos bo‘lmagan qat’iyat, shiddat, allanechuk yovvoyilik chaqnab turardi. 
- Yaxshi qo‘shiqchi edi, - dedim uning bu savolni berishdan maqsadini tushunmay.
- Ha, - dedi quruq, hissiz ohangda. - Ammo, uning bittagina, mana shu qo‘shig‘i mening yodimda qolgan. Kim bilsin shu qo‘shiqni aytmaganida u har kuni bu yorug‘ dunyoni tark etadigan o‘n minglab odam qatori yo‘qlik qa’riga singib ketgan bo‘larmidi. Ammo bu qo‘shiq menimcha marhumning ikkinchi umri bo‘ldi.... - U bir muddat jim qoldi. - Sizning savolingizni atayin javobsiz qoldirdim. Chunki bu savolga avval o‘zingiz javob topishga urinib ko‘rishingiz lozim. Men esa o‘zimdan qanday iz qoldirishni yaxshi bilaman. 
...Kechgacha xiyobonni aylangach, yaqin atrofdagi yemakxonalarning birida tamaddi qilib chiqdik. 
“Juda g‘alati qiz ekan, - u bilan ikki tarafida daraxtlar saf tortgan, xazondan olovrang poyondoz to‘shalgan torgina yo‘lakdan ketib borarkanmiz, sarsari xiyollar miyamda g‘ujg‘on o‘ynardi. - Juda g‘alati, sirli, hatto... xavfli. Nega o‘zi haqida bir og‘iz ham gapirgisi kelmaydi? Nega men bilan bu qadar tez til topisha qoldi? Men-chi? Nega shuncha yildan beri biror qizni astoydil sevib qolmaganim holda, bu sirli go‘zalga shunchalik tez bog‘lana qoldim? Inson zoti ochiq-oshkor, yaqqol ko‘rinib turgan narsalarga emas, mavhumlik, sir pardasi ortida yashiringan voqelikka moyilroq bo‘ladi. Ehtimol, meni maftun etgan ham ana shu mavhumotdir? Nahot bu qizning tafakkur va taxayyuli shu qadar keng, teran bo‘lsa? Nahot men shu qizni... sevib qolgan bo‘lsam?”
So‘nggi o‘y ta’siridan xiyol sergak tortdim. Moviy ko‘l sohilidagi baland sarv yoniga yetganda negadir to‘xtadim, u ham. Beixtiyor Uning endigina ochilgan guldek bokira yuzlariga termildim. U ham... Keyin... bu benazir chiroy va nafosat qarshisida bir zum o‘zimni idora etolmay qoldim. Qizning latif vujudini bag‘rimga bosdim. Dilso‘z mening bunday keskin harakatimni kutmaganmidi, har qalay qarshilik ko‘rsatishga ham ulgurmadi. Qaqroq lablarim qizning inja, zarif dudoqlaridan ayrilgan chog‘da, ehtiros-la shivirladim:
Dilso‘z, Dilso‘zim... Sizni sevaman!..

* * *

-Asarlaringiz syujetini o‘zingiz o‘ylab topasizmi, yoki ko‘rgan-bilganlaringiz, eshitganlaringiz asosida yozasizmi? 
- Har xil. Ba’zilari chindan ham hayotda sodir bo‘lgan voqelar asosida yozilgan. Albatta, badiiy asar bo‘lganidan keyin ko‘pgina o‘zgartirishlar, to‘qimalar kiritiladi, boyitiladi. Mutlaqo xayolot mahsuli bo‘lgan asarlar ham bor. Lekin har bir asarim haqqoniy, ishonchli chiqishi uchun harakat qilaman. Yozuvchining eng katta mahorati kitobxonni ishontira olishda, menimcha.
- Yanayam to‘g‘rirog‘i mahorat bilan alday olishda, shunaqamasmi? E’tiroz bildirishga shoshilmang. Eng go‘zal she’rlar, chiroyli tashbehlar, mubolag‘alar hammasi yolg‘ondan iborat-ku! Biz ana shu chiroyli yolg‘on uchungina shoir yoxud ijodkorning iste’dodiga tasanno o‘qiymiz. San’atda ham shunday. Spektakl yoki kinodagi voqealar yolg‘on ekanini bilsak ham ta’sirlanamiz. Bosh qahramonning o‘limidan afsuslanib ko‘z yosh to‘kamiz. Holbuki. Bu rolni ijro etgan aktyorga jin ham urmaganini bilamiz-ku! Nega musavvirning katta mahorat bilan chizilgan suvratidan hayratga tushamiz?. Holbuki, undagi manzaralar aldamchi ekani, bir parcha matolar ustidagi bo‘yoqlar yig‘indisidan iborat ekanini bilamiz-ku! Yoxud, nega “Cho‘li Iroq”ni tinglaganimizda o‘z-o‘zidan ko‘zimizdan yosh quyilib kelaveradi. Axir kuy bir qarichgina qamishni yorib chiqayotgan havodan boshqa narsa emas-ku! Lekin bu - san’at. Bu go‘zallik. Usiz hayotimiz g‘oyatda ko‘rimsizlik, ma’nosizlik kasb etgan bo‘lardi. Biz hammamiz haqiqatni yolg‘ondan ustun qo‘yamiz. Lekin, asl haqiqatgni hech birimiz suymaymiz. Hayotning, husn va yoshlikning o‘tkinchiligi, qarilik va o‘limning muqarrarligi asl haqiqat bo‘ladigan bo‘lsa, nega biz ulardan qo‘rqamiz, qochamiz. Dunyodagi hamma chiroyli narsalar asosan YoLG‘ONdan iborat bo‘lib chiqadi. 
- Siz mening hamma tushunchalarimni ostin-ustun qilib tashlayapsiz. Lekin, hamma fikrlaringizga qo‘shilolmayman. Balki, adabiyot yolg‘ondir, ammo, u haqiqatning o‘zidan ham ko‘ra haqqoniyroq, degan hikmatni eshitgandirsiz?
- Albatta, fikringizga qarshi chiqadigan joyim yo‘q. Lekin baribir hayot va kitob oralig‘idagi tafovutni yo‘qotib bo‘lmaydi. Sizningcha, adabiyot faqat ezgulikka xizmat qilishi lozim. Siz adiblar hamisha og‘iz ko‘pirtirib, adolatni, muhabbat va sadoqatni, sofdillikni, xolislikni maqtaysizlar. Ana shu insoniy fazilatlarga chorlamoqchi bo‘lasizlar. Ammo qani o‘sha siz madh etgan ezgulik? Muhabbat, sadoqat, adolatning haqqoniy, hayotiy timsolini ko‘rsatib bera olasizmi? Siz ko‘klarga ko‘tarib maqtagan har qanday fazilat, ezgu xislatlar insonning xudbinligi, xudparastliligining turfa xil ko‘rinishlari xolos. 
- Siz aytganchalik bo‘lishi mumkin emas!
- Siz chuqurroq fikr yuritib ko‘ring. Hayotda hamma narsa shaxsiy manfaat, ilmiy til bilan aytgancha Insonning EGOsi asosida qurilgan. Axir bu hayotda kim uchun yashaysiz, kim uchun kurashasiz. Hammasi o‘zingiz uchun, o‘z nomingiz, o‘z obro‘yingiz, avlodlaringiz uchun, shunday emasmi? Begonalarga yaxshilik qilayotgan paytingizda ham baribir o‘zingiz haqingizda yaxshi taassurot qoldirishni, loaqal oxirat tadorogini ko‘zlaysiz. Men insonning bu hayotdan qandaydir iz qoldirishi haqida ham behuda gapirmadim. O‘tmishda yashagan sarkarlardan tortib buyuk allomalargacha, fozil-u fuzalolardan shoirlargacha, hammasi o‘z ilmu amallari, ijodlari bilan nom qoldirishni o‘ylaganlar bunga shubha yo‘q. Juda ko‘p mumtoz asarlarda mualliflar “bu kitobni o‘qigach, faqirni ham duoda yod eting” deya o‘z ilinjlarini qistirib ketishgan. 
- Nahotki, hozirga qadar insoniyatni lol qoldirib kelayotgan minglab shoh asarlarning barini maqtanchoqlik, kibr va manmanlik mahsuli deb bilasiz?
- Yo‘q, ba’zi asarlar borki ularni yaratishda mualliflar bunday balandparvoz hoyu havasni xayollariga ham keltirishmagan. Masalan O Genri, Jek London singari yozuvchilar faqat tirikchilik uchungina qadam tebratishgan. Motsart ham faqat ro‘zg‘or vajhidan ana shunday buyuk musiqiy asarlar yaratgan. Leonardo da Vinchi o‘zining “Mona Liza”si payti kelib yuz millionlar bilan baholanishini xayoliga ham keltirmagan va uni arzimas pulga sotib yuborishgan. Ko‘ryapsizmi, bani basharni mislsiz hayratga solib kelayotgan ko‘pgina buyuk voqeliklarning yaratilishi tarixi naqadar jo‘n va sodda.
U bilan bahslashib baraka topa olmasligim oydinlashgach, gapni boshqa tarafga burdim.
- Shuncha narsani bilar ekansiz, nega butun boshli asar yozib qo‘ya qolmaysiz. Axir fikrlaringizning ko‘pchiligi nazariy jihatdan yangilik bo‘lishi mumkin. Balki siz ham ana shu fikrlaringiz bilan tarixda qolarsiz?
- Kesatishga usta ekansiz, - dedi biroz jimlikdan so‘ng Dilso‘z. - Mening gaplarim hech qanaqa yangilik emas. Hammamiz bilgan, lekin e’tirof etishga qo‘rqqan narsalar, xolos. Yo‘q, menimcha hamma o‘z ishini qilgani ma’qul. Yozish bu sizning ishingiz. Mayli, siz yozavering, men sizdan mualliflik huquqini da’vo qilmayman. Ehtimol, sizning asaringiz meni tarix sahifalaridan joy olishimda asqotar?.. To‘g‘risi, biror badiiy asardagi qahramon yoxud prototip bo‘lib ham odamlar xotirasida umrbod joy olishni qanchalik istashimni bilsangiz edi. Bilasiz, Petrarka o‘z sonetlarini sevgilisi Lauraga, Dante esa, jahonshumul “Ilohiy komediya”sini mahbubasi - allaqanday Beatrichega bag‘ishlagan ekan. Tasavvur qilyapsizmi, agar o‘sha ayollar bo‘lmaganida jahon adabiyoti naqadar buyuk durdonalardan bebahra qolardi. Va aksincha, Dante va Petrarka bo‘lmaganida anavi ikki ojiza minglab zamondoshlari qatorida tarix qa’riga cho‘kib ketardilar. Bilasizmi, men ularning har ikkalasiga havas, ham hasad qilaman. Chunki ular asrlar bo‘yi yashab kelishmoqda. 
- Agar menda ham o‘sha Dante yoxud Petrarka singari daholarning iste’dodi bo‘lganida siz haqingizda dunyodagi eng go‘zal asarni yaratgan bo‘lardim...
...Endi ortiqcha so‘z-suhbatga hojat qolmagandi. Dilso‘z ohista o‘rnidan turdi-da, xonasining chirog‘ini o‘chirib qaytdi. Men qorong‘ida uning lahcha cho‘g‘ misoli qaynoq lablarini qiynalmay topdim...

* * *

Muhabbat haqida ko‘p o‘qiganman, ko‘p yozganman. Ammo shu yoshga kirib uning o‘zi bilan endi ro‘baro‘ keldim desam, ishonasizmi? 
Dilso‘zni sevib qoldim, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Nimagaligini o‘zim ham aniq bilmayman. Ehtimol, men shu paytga qadar tanigan bilgan qizlarga mutlaqo o‘xshamagani uchundir? Balki, uning hayratomuz, g‘ayritabiiy, hatto shakkoklarcha fikr-mulohazalari meni asir etgandir? Yoki o‘ta oddiy, ayni paytda o‘ta sirli go‘zallik qarshisida o‘zimni shu qadar tez yo‘qotdimmi? 
Sevmagan odam sevgini faqat tasavvur qila oladi. Ammo asl voqelik har doim ham tasavvurga mos tushavermaydi. Men sevgini ham, o‘zim sevishim mumkin bo‘lgan qizni ham boshqacha tasavvur qilardim. Yuragimda ishq gulxanining yonishi uchun Dilso‘zning birgina sirli tabassumi, ma’noli qarashi kifoya qildimi? Oshiq o‘z ma’shuqasining dog‘ida oylab, yillab o‘rtanishi kerak emasmidi? Men esa qisqa, juda qisqa fursatda ishq sarhadini kesib o‘tdim. 
Visol muhabbatning shirin o‘limi, deydilar. Sevgi, yurakda tug‘ilib, to‘shakda o‘ladi, deydilar. Unday bo‘lmadi. Vasl jomini sipqarishim bilan yuragimdagi ishq alangasi zo‘raysa zo‘raydiki, zarracha kamaymadi. Yurakdan boshlangan yo‘l mahbubamning xobgohida yakuniga yetmadi – bunga aminman. 
Uch kundirki, o‘zimga kelolmayman. Hayot naqadar go‘zal, yashash qanchalar maroqli, muhabbat nechog‘liq ulug‘ ekanini hech kim menchalik his etolmagandir, yana kim bilsin?
Dilso‘z! U haqda qancha o‘ylamay, o‘yimga yetolmayman. U bilan bunchalar tez topishganimiz, birinchi uchrashgan kunimiz visol oqshomiga ulanib ketgani o‘zimga har qancha erish tuyulmasin, bundan afsusda emasdim. Garchi u mening ra’yimni qaytarmagan bo‘lsa-da, u haqida darrov yomon xayolga borishga haqli emasman. Axir u mening bo‘ynimga osilib olgani yo‘q-ku! Qolaversa, Dilso‘zning fe’l-atvori, yurish-turishi, fikrlash darajasi, eng asosiysi, teran tafakkuri uni yengiltaklikda ayblash uchun asos bo‘lolmasdi. 
Men undan har qancha minnatdor bo‘lsam arziydi. U meni sevishga o‘rgatdi. Menga umrimning teng yarmiga tatigulik laziz lahzalarni ato qildi. Garchi, uning o‘tmishidan deyarli bexabar bo‘lsam-da, ayni paytda uni o‘zimniki deya atashga haqli sanardim o‘zimni. 
So‘nggi uch kun ichida Dilso‘zning ayrim g‘alati odatlarini bilib oldim. Masalan, gapirayotganda hecham odamning ko‘ziga qaramaydi. O‘zi haqida berilgan savollardan ustalik bilan o‘zini chetga tortadi. Eng muhimi biror masalada uni yengish mushkul, o‘zining haq ekanini (hatto nohaqligini bilib tursa-da) isbotlay oladi. 
Uning hech kimga o‘xshamagan saj’iyasi meni ham hayratga, ham dahshatga soladi. Hatto... bu ayol (uning shaxsiy hayoti haqida bilganim shu bo‘ldiki, uch yil avval turmush qurib, bir yilga bormay ajrashgan ekan) maxsus xizmat tizimida ishlamasmikin, degan andishaga ham bordim. Ammo, bu gumonimdan o‘zimning ham kulgim qistadi. Biror taqiqlangan guruh yoxud jinoiy uyushmalarga aloqam bo‘lmasa, nojo‘ya qadam bosmasam, har gapni ming bor o‘ylab keyin tilimga chiqarsam orqamdan ayg‘oqchi qo‘yishning nima hojati bor?
Odamzot shu-da! Na issiqqa ko‘nadi, na sovuqqa. Kim bilsin, Dilso‘z bilan munosabatlarimiz bu qadar tez qo‘r olmaganida, balkim, hozir qismatning noravoligidan nolib, dardimni dasturxon qilib o‘tirarmidim? Nima bo‘lganda ham Dilso‘z men uchun taqdirning kutilmagan tuhfasi bo‘ldi. Garchi, gunoh ko‘chasiga qadam bosgan bo‘lsam-da, pushaymonlik manziliga yetganimcha yo‘q. Shoir aytganidek, gunohi ishq avlodur manga toat savobidin.
...bugun ishdan keyin yana uchrashishimiz kerak. Vaqt buncha sekin o‘tmasa...

* * *

Nazarimda bugungi kunda “qalam ahli”, “qalamkash”, “qalami o‘tkir”, “falonchining qalamiga mansub” singari so‘z iboralar biroz eskirgandek. Chunki, yozg‘uvchiyu shoirlarning ko‘pi ijod quroli sifatida qalamdan allaqachon voz kechishgan. Masalan, ikki-uch yildirki, bandangizning qo‘li qalam tutishga qovushmay qolgan. Kompyuter jonivor odamni shu ahvolga solib qo‘yarkan. Avvallari faqat ishxonadagina uning xizmatidan beminnat foydalanardim. Tahririyatimizga kelgan ikkita “noutbuk”ning bittasini shef kaminaga ilingach (tabiiyki, vaqtincha foydalanib turish sharti bilan), uyda qalam qitirlatish tashvishidan xalos bo‘ldim.
Mana, hozir, tong saharda mahbubamni kuzatib yana ekran qarshisida o‘tirdim. 
Oramizdagi intim munosabatlarni batafsil yozish o‘zimga u qadar maqbul ko‘rinmaydi. Zotan boshqalar nazdida o‘z axloqim, fe’l atvorim haqida noo‘rin tasavvurlar paydo bo‘lishini istamayman. Qolaversa, Dilso‘zni ham yengiltabiat ayol sifatida tasvirlash niyatim yo‘q. Rost, uning o‘tmishi haqida haliyam tuzukroq ma’lumot ololmadim. Mendan avval ham yana kimlar bilandir hamnafas, bedorlikda tong ottirgan bo‘lishi ehtimolini ham nazardan qochirganim yo‘q. Aynan shu haqda o‘ylab, yuragimning bir cheti tez-tez uvishib turishini ham tan olaman. Ammo shunisi aniqki, u hozir men bilan birga. Men unga sevishimni aytdim va bundan afsusda emasman.
...Bu tun biz uchun keskin bahs-munozaralar, tortishuvlar, turfa fikr-mulohazalar, savol-javoblar va... tizginsiz ehtiroslar qurshovida kechdi. 
- Men tanigan, bilgan barcha qizlarga qiyoslaganda siz o‘zingizni anchayin erkin tutganingiz meni ajablantiryapti. Adashmasam, kechagi mubohasamiz aynan shu savoldan boshlangandi. 
- Aslida erkinlik hammaga barobar. Chunki, tug‘ilganda hamma erkin, daxlsiz bo‘lib tug‘iladi. Bola ulg‘ayishi bilan uning “erki” ham tobora cheklanib boradi. Ota-onalar “unga tegma, buni olma, unday qilma, bunaqa dema” kabi taqiqlar bilan uning imkoniyatlari, xatti-harakatlarini cheklay boshlashadi. Bu cheklovlarni biz turli tuman jimjimador nomlar bilan ataymiz – tarbiya, axloq-odob, e’tiqod, qonun... Aslida bularning hammasi bizning his-tuyg‘ularimizni jilovlashga, erkimizni bo‘g‘ishga qaratilgan xatti-harakatlar, xolos.
Uning mulohazasi meni tamomila gangitib qo‘yayozdi.
- Bu fikringizga umuman qarshiman. Agar sizning fikringizga qo‘shiladigan bo‘lsak, odobsizlik, g‘ayriaxloqiy harakatlar, shakkoklik, qonunbuzarlik... bularning hammasi erkinlikning oliy namunasi ekan-da! Demak, bularning barini qo‘llab-quvvatlaysiz. Unaqada...
- Qizishmang, men hali to‘la-to‘kis fikrimni ifodalamadim. Albatta, insonning hoyu havaslariga erk berish hayotni izdan chiqaradi. Ammo, uning erkini turli-tuman tabiiy va sun’iy to‘siqlar bilan mahdudlashtirishni xazm qilolmayman. Dunyodagi barcha go‘zallik his-tuyg‘ular hosilasidir. Chunki tuyg‘ularimiz bizni hech qachon aldamaydi. Ular tufayli biz qisqagina hayotning lazzatlaridan bahra olishimiz, zavqlanib yashashimiz mumkin. 
- Inson faqat o‘z hislariga bo‘ysinib yashasa, aqliga quloq solmasa, oqibatda uni halokat kutmaydimi?
- Aslida har birimizni kutyapti bu halokat. O‘tayotgan har bir kun, soat va daqiqlar bizni ana o‘sha halokat sari olib boraveradi. Biz esa o‘sha so‘nggi lahza qachon kelishini bilmaymiz. Ehtimol, yigirma yildan keyin, balki bir yil yoxud bir oydan so‘ng... Kim bilsin, ertaga yoxud bir soatdan keyin nima bo‘ladi? Faqat o‘z aqlimizga bo‘ysunib, his-tuyg‘ularimizni zo‘rma-zo‘raki jilovlab, umrimizni rangsiz, jilosiz o‘tkazishimiz mumkin. Aynan ana shu “sarhad”lar tufayli necha-necha orzular armonga aylanadi. Qancha-qancha oshiqlar o‘z ma’shuqalariga sevgilarini izhor etolmay, armonda o‘tadilar. Tuyg‘ularni jilovlash orqali cheksiz lutfu marhamat, zavq-shavq va ehtiros baxsh etishi mumkin bo‘lgan lahzalarni intiqlik, zerikish va uqubatda o‘tkazish mumkin. 
- Lekin, ko‘ngil mayliga bo‘ysinib, ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yish, qancha-qancha gunohlarga qo‘l urish, kimlarningdir ko‘nglini, hatto hayotini barbod etish mumkin. Iymon-e’tiqod, xolislik, sadoqat degan insoniy tushunchalar qaerda qoladi?
- Men e’tiqodga qarshi emasman. E’tiqodsiz yashab bo‘lmaydi. Zotan, itoat, sig‘inuvchanlik har bir insonga xos. O‘zini ashaddiy dahriy bilgan kimsalar ham qandaydir puch, betayin g‘oyalarga ishonadilar. Kimdir pulga, mansabga yoxud o‘zi ideal deb bilgan shaxsga sig‘inadi. Ammo e’tiqodni o‘ylab, dunyo lazzatlaridan voz kechish, tarki dunyo qilishni men hayotga insbatan xiyonat, noshukurlik deb bilaman. Siz aytgan sadoqat esa, qo‘rquv va jur’atsizlikning chiroyli nomlanishi xolos. O‘zini vafodor, sadoqatli sanagan ko‘p odamlar ham xiyonatga moyil bo‘ladilar. Kimdan yoki nimadandir qo‘rqqani, tortingani, o‘ziga nisbatan ishonchsizligi, qat’iyat va jur’at yetishmagani bois, bu ishning uddasidan chiqolmaydilar. 
Uning bu so‘zlariga ich-ichimdan qarshi chiqsam-da, fikran uni yengishga o‘zimda kuch topolmasdim. Bunday qat’iy, ayni paytda qo‘rqinchli fikrlar meni muzlatib qo‘ygandi. Uning aynan o‘zi aytgan fikrlarga, aqidalarga xos ish tutishi muqarrarligini o‘ylab, dahshatga tushardim. Demak, men sevgan odam menga hech ikkilanmay xiyonat qilishi va o‘zini bemalol oqlay olishi ham mumkin. Lekin bu mulohazamni tilimga chiqarishga qo‘rqardim. Avvalo, u mendan hech narsani darig‘ tutmagan esa-da, meni sevish-sevmasligini bilmasdim. Buni bilgan taqdirimda ham, “siz menga xiyonat qila olasizmi?” deya so‘rashga yuragim betlamasdi. 
Shu chog‘ Uning telefonidan taralgan tanish ohang xayollarimni to‘zg‘itib yubordi. O‘sha qo‘shiq: “Dilimdagi eng o‘tli nolam...”. 
Negadir Dilso‘z qo‘ng‘iroqqa javob qaytarmay, telefon ekraniga uzoq qarab turdi. Chamamda unga sim qoqayotgan kishining maqsadidan ko‘ra, o‘zi o‘nlab-yuzlab marta eshitgan ohangni tinglash maroqliroq edi. 
- Ajoyib qo‘shiq, - dedi o‘ziga o‘zi gapirayotgandek. - Har qanday she’r yoki qo‘shiqni yolg‘on deyishim mumkin. Lekin buni emas. Siz nima deb o‘ylaysiz, yana ellik yil, yuz yildan keyin ham shu qo‘shiqni odamlar tinglasharmikin?
Majhul qiyofada yelka qisdim. 
- Bilmadim. Odamlar “Dilxiroj”ni, “Tanovar”ni, “Cho‘li Iroq”ni yuz yillardan beri eshitib kelishadi. Bax, Betxoven, Motsart, Chaykovskiy yaratgan musiqiy asarlarni yana ming yildan keyin ham eshitishiga shubham yo‘q. Bu qo‘shiq.... bilmadim, buni faqat vaqt ko‘rsatadi. 
Dilso‘z menga xuddi sehrlangandek bir muddat xayolchan tikilib qoldi. Ayni fursatda u kuy tinglayaptimi, xayol suryaptimi, yoki mening javobimni o‘zicha munozara elagidan o‘tkazayaptimi, bilib bo‘lmasdi. 
Uning chehrasidagi o‘ychanlik, taraddud va go‘zallik uyg‘unlashib, jonso‘z malak qiyofasini yaratgan edilar. Nega shunday betimsol latofatga befarq qarab turishim kerak, nega endi qirmizi dudoqlar titrabgina uzatib turgan bo‘salardan voz kechishim kerak? Nega menga eng laziz, shirin lahzalarni tuhfa etishi mumkin bo‘lgan jo‘shqin hislarimga quloq solmasligim kerak? 
- Shoshmang... hozir... bir narsa so‘ramoqchiydim.... Iltimos, bir pasgina... tinglang meni! Esingizdami, anovi... muncha shoshilasiz? Men haqimda asar yozaman degandingiz-a? Zo‘r asar, hech kimni befarq qoldirmaydigan, hech qachon o‘lmaydigan asar... Yozasiz-a?
Aytgan bo‘lsam aytgandirman, bunaqa paytda inson bafurja o‘ylash, fikr yuritishga qodir bo‘lolmaydi. Ko‘zlar hech narsani ko‘rmaydi, quloqlar eshitmaydi. Lablar refleksiv tarzda, o‘z-o‘zidan entikib shivirlaydi:
Albatta, albatta... hammasi siz aytgandek bo‘ladi!...

* * *

Unga va’da berishga berdim (boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi), ammo o‘ylab qarasam, imkonsiz bir ishni o‘z uhdamga olganga o‘xshayman. Axir u haqda nimayam yozishim mumkin. Qolaversa, men Dilso‘z o‘ylaganday yuksak iqtidor sohibi emasman. Yozganlarim haminqadar bo‘lsa! Imkon darajasida nimadir yozdim ham deylik. Ammo badiiy asarning o‘ziga yarasha talablari, qoidalari bo‘ladi. Asar ma’lum bir voqelik ustiga quriladi, uning fabulasi, syujeti, kompozitsiyasi bo‘ladi. Har bir asarda tugun, kulminatsiya, yechim degan narsalar bo‘lishi kerak. 
Xo‘sh, men Dilso‘z haqida nimani yozaman? Faqat uning go‘zalligini tasvirlash bilan ish bitmaydi-da! Darvoqe, mana shu hozir yozayotganlarim-chi? Aslida, bu chizma-qoralar o‘zimdan boshqani qiziqtirishiga ko‘zim yetmaydi. Bu bitiklarni Dilso‘zga ko‘rsatganim bilan hafsalasi pir bo‘lishi turgan gap. 
Chindan ham badiiy to‘qima, qo‘polroq aytganda yolg‘on qo‘shmasa, asar risoladagidek chiqmaydi-da! Lekin aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Biror chorasi topilar. Ammo Dilso‘zning injiq tabiati. Qat’iy talablariga javob bera oladigan biror arzigulik gap yoza olishimga ko‘zim yetmaydi. 
Dilso‘z! U yo‘q paytida xayolimga ne o‘ylar kelmaydi. Ba’zida unga shu qadar tez bog‘lanib qolgani uchun o‘zimni koyiyman. Gohida bir-birimizga bog‘lab turgan rishtalar gunoh zanjiridan iborat ekanini o‘ylab, yuragimga vahima oralaydi. To‘g‘ri, ba’zi tanish-bilishlarimga o‘xshab taqvoga berilmagan esam-da, kerak payti o‘zimni og‘ir gunohlar soyasidan chetga olib kelardim. Endi esa... Dilso‘zning yonida har qanday gunoh salobatini yo‘qotadi go‘yo. Uning o‘tli quchog‘ida na vijdon, na jahannam azobini tasavvur eta olaman. O‘tmishda buyuk mutafakkirlar, tariqat shoirlari muhabbatni har qanday taqvoyu toatdan ustun qo‘yishganini eslab o‘zimga taskin bergan bo‘laman. Agar ishq rostdan og‘ir gunoh sanalsa, nega musulmon Sharqida Farxodu Shirin, Layliyu Majnun, shayx San’on qissalari tildan tushmay kelayotir.
Axir men ham Dilso‘zni sevaman-ku! Ilgari hayotni, undagi bor narsalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rar, o‘z qarichim bilan o‘lchardim. Endi mening qarashlarim ham, mezonlarim ham o‘zgardi. 
Albatta, o‘tgan vaqt mobaynida munosabatlarimizni ham shar’iy, ham qonuniy asosda mustahkamlashni bir necha bor taklif qildim. Dilso‘z esa turli vaj-korsonlar bilan bu ishni orqaga surib kelardi. (Qiziq, odatan, bu holning aksi hayotda tez-tez uchraguvchi edi).
- Siz nikoh deya ataydigan narsalarni ayollarni erlarga bandi qilib qo‘yadigan qullik zanjiriga o‘xshaydi, - degan edi u bir gal ana shunday mahram suhbatlarimiz chog‘ida. - Bu haqiqatni siz erkaklar juda yaxshi tushunasiz va undan ustalik bilan foydalanasiz. Nikohdan so‘ng erkak va ayol munosabatlaridagi tenghuquqlilik va erkinlik, muvozanat tamom yo‘qoladi. Bu Sharq erlari uchun ayniqsa xos. Erkak o‘z ayoli ustidan mutlaq ustunlik va hukmronlikni qo‘lga olishga tirishadi. Nikohdan avvalgi ehtiroslar, shirin lutfu marhamat, navozishu erkalashlar o‘rnini allaqanday majburiy me’yorlar egallaydi. Xotin zoti eriga xudodek itoat qilishi, amriga so‘zsiz bo‘ysunishi, uyini saranjom-sarishta tutishi, bola tug‘ib berishi va shunga o‘xshash son-sanoqsiz vazifalarni mute’lik bilan bajarishi kerak. Er xotinni o‘zining shaxsiy mulki ekaniga shubhasi qolmagach, ko‘chadan yangi, serishva, nozanin ma’shuqa qidirishga tushadi. Ma’shuqa va xotinning vazifalarida ayrim umumiyliklar bo‘lsa-da, tafovut yeru osmon qadar. Xotinini tobe’ joriya o‘rnida ko‘rguvchi erkakning o‘zi ma’shuqasining har bir xohish istagini bajo etishga hozir turadi. Erkak hech qachon o‘z ma’shuqasi ustidan na jismonan, na ma’nan hukmronlikni da’vo qilolmaydi. Chunki u o‘z oti bilan ma’shuqa. Bugun uniki bo‘lsa, ertaga boshqasiniki. Inson zoti uyida ishonchli saqlanayotgan mulkidan emas, muvaqqat egalik qilib turgan narsalaridan ajralib qolishdan ko‘proq qo‘rqadi. Binobarin, xotinlik mashaqqatidan ma’shuqalikning huzur-halovati men uchun afzalroq. 
Dilso‘zning bu “falsafasi” naqadar ochiq va achchiq bo‘lmasin, bu fikrlarni chuqur mushohada qilishdan qo‘rqardim. Chunki Dilso‘z ham o‘zi aytgandek mening hayotimdagi omonat ekani, qachondir meni tark etib ketishga to‘la huquqi borligini o‘ylash, tasavvur etishga kuchim yetmasdi. Zotan, kutilayotgan noxushlik, xavf-xatar tahlikasi uning o‘zidan ko‘ra qo‘rqinchliroq.
Umrimning Dilso‘z bilan uchrashgunimga qadar bo‘lgan davri men uchun qanday kechganini endi o‘zim ham tasavvur qilolmayman. Lekin bundan keyingi hayotimni usiz kechira olishim mumkinligini aqlimga sig‘dirolmayman. Nahot o‘zim hali-hanuz yaxshi tanimagan, o‘tmishidan haligacha yetarlicha boxabar bo‘lmagan bir ayol mening borlig‘imni shu qadar tez va oson zabt eta olgan bo‘lsa...

* * * 

Bugungi ish kunim anchayin ko‘ngilsiz kechdi. Ertalab yig‘ilishda bosh muharririmiz ham, uning ikki muovini ham yaxshigina po‘stagimni qoqishdi. Keyingi paytlarda ishga o‘ta sovuqqonlik bilan qarayotganmishman. Xayolparastligim, parishonxotirligim me’yoridan oshib borayotganmish, ish paytida nimalarnidir (har qalay ishga taalluqli masalalarni emas) o‘ylab, xomcho‘t qilib o‘tirarmishman.
Tan olishim kerak, tabiatimdagi bu o‘zgarishlardan o‘zim ham biroz xavotirdaman. Ilgari bo‘limga kelgan har bir maktub, xat-xabar yoki badiiy asar talab darajasida qayta ishlanib kotibiyatga topshirilar edi. Adabiy kotibimiz nafaqaga chiqqach hamma ish o‘zimga qolgan bo‘lsa-da, bo‘limda bitta o‘zim qolganim deyarli sezilmagan, buning uchun rahbariyatdan bir muncha iliq gaplar ham eshitgan edim. Ammo, keyingi paytlarda ko‘pgina topshiriqlarni ko‘ngildagidek yoki umuman bajarmaganim, ba’zida ruxsat so‘ramay ishdan ketib qolganlarim bugungi yig‘ilishda atroflicha muhokama qilindi. Jurnalimizning oxirgi sonidan mening aybim bilan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xato tufayli rahbarlarimiz yuqoridan ancha-muncha dakki eshitishgani bilinib turibdi. Xullas, buyog‘i Aziz Nesin yozganidek, “Musht ketdi”...
Ertalabki arzimas ko‘ngilsizlik kun davomida inson kayfiyatiga ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Kuni bilan mening ham qo‘lim ishga bormadi. Tushlikda qorinni bir amallab aldagan bo‘ldim-da, biroz chalg‘ish uchun mas’ul kotib xonasiga chiqdim. Yoshi qirqqa yetmagan bo‘lsa-da, sochlari barvaqt oqara boshlagan hamkasbimiz bu paytda yangi son dizayni ustida dasturchi yigit bilan bosh qotirib o‘tirgan ekan. Kompyuter ekraniga ko‘zim tushishi bilan xuddi tok urgandek seskanib ketdim.
Monitordan o‘ychan nigohlarini noma’lum nuqtaga qadab turgan o‘ychan, sohibjamol qiz... Dilso‘z edi. Adashmayotganimga ishonch hosil qilish uchun xiyol egilib, suvratga diqqat bilan tikildim. Xuddi o‘zi. Oq va qora bo‘yoqlarda hassos musavvirlarga xos hafsala va did bilan tasvirlangan ma’suma Dilso‘zdan boshqasi bo‘lishi mumkin emas. Fil suyagidek oq tiniq yuzlar ham, qaldirg‘och qanotiday qalin va bejirim qoshlar ham, tungi sharsharadek serjilo sochlar ham, hatto chap yonog‘ida g‘oyat ustalik bilan qo‘ndirilgan xol ham o‘sha...
- Qalay, dahshatmi?, - hayratimni o‘zicha tushungan mas’ul kotib belimdan asta chimchilab qo‘ydi. - Naq yeb qo‘yadiganday termilib qoldingiz, bir qarashda yurakdan urdimi deyman?
“Eh, sen nimaniyam bilarding, xumpar?”.
- Bu... fotosuvratmi, yo qo‘l bilan chizilganmi? - so‘radim ko‘zlarimni qisgancha, ekrandagi tasvirdan uzmay turarkanman. 
- Chizilganu, lekin, xuddi fotosuvratning o‘zi deysiz. Bechora rassom butun kuch va iste’dodini shu asariga sarflagan ekan-da! 
Turfa xayollar miyamda g‘ujg‘on o‘ynagancha, suvratga xuddi sehrlangandek qadalib turardim. Suvratdagi ayol aynan Dilso‘zning o‘zi ekaniga zarracha shubham yo‘q. Lekin suvratning o‘zi ham menga juda-juda tanish ko‘rinyapti. Tasodifan anchadan beri miyamda aylanib yurgan bir jumboqning javobini topgandek, ko‘z oldim chaqnab ketdi. Bir necha oy ilgari markaziy ko‘rgazmalar zalida ko‘rganman bu suvratni. U paytlar hali Dilso‘zni tanimadim. Hammasi ravshan! Demak, Uni ilk bor uchratganimda ko‘zimga bejiz issiq ko‘rinmagan ekan-da! Demak, suvrat muallifi ham Dilso‘zni yaxshi taniydi. U bilan tanish, hatto juda yaqin bo‘lishlari mumkin. Lekin, Dilso‘z nega buni menga aytmadi? 
“Nega endi menga aytishi kerak ekan?” 
Bu miyamning yana bir puchmog‘ida paydo bo‘lgan, o‘z-o‘zimga qaratilgan ikkinchi savol edi. 
Badiiy asarlar qanday yaratilishidan oz bo‘lsa-da, xabarim bor. Asar prototipi musavvirlar tilida, adashmasam, “naturshitsa” deyilardi. Demak, Dilso‘z asar muallifi bilan tez-tez uchrashib turgan, etyudnik yonida, musavvirning ro‘parasida soatlab xuddi anavi ekrandagidek sokin, xayol surib o‘tirgan. Kim bilsin yana nimalar bo‘lgan...
Vujudimga notanish bir titroq o‘rmalay boshlaganini his etdim. Chamasi, buni xonadagilar ham payqashdi. 
-Tinchlikmi, siz bu suvratdagi qizni taniysizmi? - so‘radi mas’ul kotib xiyol kuyunchak va qiziqqon ohangda. 
- Yo‘q - dedim, o‘zimni qo‘lga olishga, sir boy bermaslikka tirishib, - lekin juda chiroyli suvrat ekan, agar printerdan chiqarib bersanglar, xonamda, ish stolim ustiga qo‘yarmidim.
Dasturchi yigit “chatoq-ku” degandek mas’ul kotibimizga im qoqib kulimsiradi.
- Bu suvrat yaqinda Italiyada o‘tkazilgan tasviriy san’at festivalida yuqori o‘rinlardan birini egallabdi. Bu madaniy hayotimizdagi muhim voqea. “Shef” aytdi, jurnalning yangi sonida, muqovada shu suvratni berishimiz shart ekan.
Quloqlarimga ishonmasdim. Boyatdan menga tinchlik bermayotgan, yuragimni, turli-tuman shubhayu gumonlar olovida o‘rtayotgan savollarni tilimga ko‘chirishdan o‘zimni tiyolmadim.
- Muallifi kim ekan bu suvratni, qachon, nima munosabat bilan chizgan, kim o‘zi bu ayol?
- Faqat birinchi savolingizgagina javob berishimiz mumkin... Qolgan savollarga faqatgina muallifning o‘zi javob berishi mumkin edi. Agar tirik bo‘lganida....
- Nima, - shu paytda yuzimda qanday ifoda qalqqani faqat suhbatdoshlarimgina anglagan bo‘lardilar. - Rassomning o‘zi o‘lganmi?
- Sho‘rlik yetti-sakkiz oycha ilgari o‘z ustaxonasida o‘zini osib qo‘ygan ekan. Sababini so‘rab o‘tirmang, baribir men bilmayman.
...Dasturchi yigit oq qog‘ozga ko‘chirtirib bergan suvratni hardamxayollik bilan ko‘ksimga bosgancha, xonamga qaytdim. Joyimga o‘tirarkanman, suvratdan ko‘z uzolmasdim. Agar bu suvrat rostdan inson qo‘li bilan chizilgan bo‘lsa, demak, musavvir har qancha tahsinu tasannoga loyiq. Ammo baribir bitta narsadan yuragim g‘ash edi: Nega endi muallif aynan Dilso‘zning suvratini chizadi? Nahotki, bu ro‘yi zaminda tasvirlash uchun undan-da munosibroq ayol zoti topilmasa! Ayni lahzada bu yuksak san’at asari muallifi nazarimda iste’dodli rassom sifatida emas, mening uyimga so‘roqsiz qadam bosgan, eng qimmatbaho mulkimga ko‘z olaytirgan olchoq kimsa sifatida tasavvur uyg‘otmoqda edi. Dilso‘z ertayu-kech mening yonimda bo‘lmasa-da, qachonlardir mendan boshqa odamga ro‘baro‘ kelishi, soatlab uning yonida qolishini tasavvur qilolmasdim. 

* * *

O‘sha kuni ham Uning uyida tong ottirdim...
Mening yuzimdagi taraddud va sinchkovlikning Dilso‘zning e’tiboridan chetda qolishi mushkul edi. Sumkamdan haligi suvratni chiqarib, gap-so‘zsiz unga uzatdim. Dilso‘z suvratni hissiz, loqaydlik bilan tomosha qilarkan, butun diqqatimni ko‘zlarimda jamlab, uning chehrasiga razm soldim. Biror o‘zgarishni payqamadim. Uning qarashlari, yuz ifodasi xuddi o‘ziga zarracha daxli bo‘lmagan oddiy tasvir qarshisida turgandek befarq va osuda edi. 
- Qalay? Menga o‘xshabdimi? - so‘radi xotirjam ovozda rasmni qaytarib berarkan.
Uning bu qadar loqayd va beparvoligi meni tamomila lol qoldirgandi.
- Bu suvrat Italiyada o‘tkazilgan katta festivalda mukofot olibdi, - deganimda Dilso‘zning ko‘zlarida bir elas quvonch uchqunlarini ko‘rgandek bo‘ldim, ammo o‘sha zahoti uning yuzini doimiy tundlik egalladi.
Dilso‘z bilan bugungi ko‘rishuvimizga qadar gapni nimadan boshlashni, savol-javob qay taxlit davom etishiyu suhbatimiz taxminan qanday tus olishini chamalab kelgandim. Endi esa... nima deyishni, nima qilishni bilmay taraddudda qoldim.
- Siz... muallifni yaxshi tanisangiz kerak?.... - jur’atim shu savolni bermoqqa arang yetdi. 
Orada noqulay jimlik cho‘kdi. 
- Suvrat xorijda yuqori baholanganini bilaman, - dedi Dilso‘z nihoyat sukunatni buzib. - Vafot etganidan ham xabarim bor. Sizni nima qiziqtirayotganini ham yaxshi anglab turibman. Ha, biz yaqin edik. Shu javob sizni qanoatlantirsa kerak? Birgina suvrat mendan shubhalanishingiz, noo‘rin xayollarga borishingiz uchun yetarlicha asos bo‘lolmaydi. 
U bilan qachon, qaerda tanishib qolgandingiz?
- Savolingizdan rashk hidi kelib turibdi, - Dilso‘z beixtiyor esnab, og‘zini kaftini bilan berkitdi. - Lekin rashk har doim muhabbat timsoli bo‘la olmaydi. O‘ta xudbin odamlar o‘ta rashkchi ham bo‘ladilar. Ular faqat o‘zlarini sevishga va sevikli bo‘lishga haqli deb biladilar. Boshqalarning qalbi, his-tuyg‘ulari ularni umuman qiziqtirmaydi. Rashk keltirib chiqaradigan badbin o‘ylar, shubhayu gumonlar har ikki tomonning yuragini zaharlaydi, oradagi munosabatlarga darz yetkazadi. Sizni bunday toifaga kirishingizni istamasdim. Binobarin, rashk qilish uchun hech qanday asos ham, sabab ham yo‘q. Suvrat muallifi allaqachon bu olamni tark etib ketgan.
Undan boshqa biror tayinli gap olishimga ko‘zim yetmasdi. So‘raganim bilan gapni ming maqomga solib aylantiradi. Aqllilik qilib boshimni og‘ritadi, alaloqibat bu savolni berganim uchun o‘zim eng xudbin, nokas va nobakor kimsa bo‘lib chiqaman. 
Dilso‘z esa stol ustida yotgan suvratidan ko‘zlarini uzmay turardi. 
- Muallif allaqachon tiriklar safini tark etgan. Unda tasvirlangan ayol ham qachondir yolg‘onchi dunyoni tark etishga mahkum. Ammo suvratdagi aks, mana shu mungli tabassum, navqiron chehra yillar o‘tsa-da, o‘z shaklini yo‘qotmaydi. 
Ich-ichimdan rassomga nisbatan havasga ham, hasadga o‘xshamagan bir his uyg‘onganini sezaman. Sezib turibman, U ayni paytda suvrat muallifi haqida o‘ylayaptimi. Undan minnatdor ekanligi ham ma’yus nigohlarda ayon. Dilso‘z badiiy asar qahramoni sifatida iz qoldirishni qanalik orzu qilishi haqida avval ham aytgandek bo‘luvdi. Demak, marhum va mavhum musavvir uni orzusiga yetkazibdi-da! Nega endi men emas? Nahotki, shu ma’sumaning orzusini amalga oshirish menga nasib etmadi. Xo‘sh, bu ish mening qo‘limdan kelarmidi? Axir men rassom emasman, oddiy, no‘noq, o‘rtamiyona qalamkashman, xolos. U haqda tuzukroq narsa qoralaganim bilan Dilso‘zdan olamshumul shoh asar qahramoni yarata olishimga kuchim yetmaydi. 
- Men ham siz haqingizda nimalarnidir yozib yuribman, - xuddi boshlig‘iga hisobot berayotgan xodimdek mute’ holatga tushganimni anglab, o‘zimdan xiyol ijirg‘andim, ammo bu paytda o‘zimni idora qila olmasdim. - Boshlashga boshladim, ammo, nima bilan yakunlashni bilmayapman. Axir... Har asarning mantiqiy yakuni bo‘ladi. Men aynan o‘sha mantiq va yechimni izlayapman. 
Dilso‘z menga xayolchan tikilib qoldi. 

* * *

Bugun ayni paytga qadar kompyuter xotirasiga joylaganim – qaydlarni Dilso‘zga o‘qitdim. U monitordan ko‘z uzmasdan mening “ijod” mahsulimni boshidan oxiriga qadar o‘qib chiqdi, ammo, hech narsa demay, istehzoli kulimsirab qo‘ydi. Men ham so‘ramadim. Zero, uning nima demoqchi bo‘lganini yuzidan uqib olgandim. 

* * *

Noutbuk xotirasida “falsafa” faylida saqlanayotgan bu yodnomani so‘nggi marotaba bundan uch oy ilgari ochgan ekanman. To‘g‘rirog‘i, uni Dilso‘zning nigohidan bir sidra o‘tkazganimdan so‘ng, yozishni to‘xtatganman. 
O‘zi so‘nggi uch oy ichida biror tayinli narsa yozganimni eslolmayman. Qo‘lim anchadan beri ishga bormay qolgan. Nazarimda butun dunyodan va undagi jonliyu jonsiz barcha nimarsalardan bezgandekman. Mulki borliqda meni o‘ziga jalb etadigan hech nima yo‘qdek uo‘yo. 
Darvoqe, Dilso‘z... Mening rangsiz hayotimga nafosat va go‘zallik olib kirgan, so‘nib borayotgan hislarimga qayta jo‘shqinlik ato etgan, muhabbat atalmish sirli va betimsol olamga olib kirgan, menga visol lazzati va firoq shiddatini teran anglamoq baxtini in’om etgan ham Uning o‘zi edi. 
“Birovga qattiq ko‘ngil bog‘lamang, payti kelib u sizga dushman bo‘lib qolishi ham hech gap emas”, degan purhikmat hadisi sharif ma’nosini sal avvalroq bilganimdami edi... Sevgi chindan ham odamning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yarkan. Sevganingiz ko‘zingizga eng mukammal, benuqson, komil bo‘lib ko‘rinarkan. 
Men Dilso‘zda ham ana shu mukammallikni ko‘rgandim. Uning qusurlari ham menga kamyob fazilat bo‘lib ko‘ringandi. Uning oq va qora rang ittifoqini o‘zida mujassam etgan zohiriy qiyofasi, ma’noli boqishlari, jumboqlarga to‘la, hatto tushuniksiz mulohazalari, g‘ayrioddiy fe’l-atvori meni tamomila sehrlab olganini sezmadim. Bir so‘z bilan aytganda Dilso‘z allaqachon meni mendan judo qilgan ekan. 
Nazarimda u mening yonimda mangu qoladigandek edi. Vaqti kelib, qachondir u bilan xayrlashmoq fursatiga hozirlanish u yoqda tursin, bu xususda o‘ylab ko‘rishga ham jur’at qilolmabman.
...Hammasi bir maromda ketayotgandi. Men baxt sururidan sarmast edim. Yeru ko‘kka sig‘masdim. U bilan birga o‘tkazgan damlarda men o‘zimni samo kengliklari uzra parvoz qilayotgan lochindek erkin va muzaffar his etardim. U ham quchog‘imda o‘zini suvdagi baliqdek osuda va xotirjam sezardi. 
Muhabbatning huzurbaxsh gulxanida toblangan, mahbubaning latif navozishlari ila siylangan oshiq qalb uchun eng dahshatlisi bu – kutilmagan ayriliq.
Sharq nazmidagi g‘azalu qasidalarda ham, g‘arb shoirlarining sonet va balladalarida ham ayriliq, hijron eng og‘ir dard, eng dahshatli uqubat sifatida tilga olinadi. Ana shu ayriliq sabab Qays devona Majnunga aylanadi, Romeo o‘z Julettasi uchun zahar ichadi. Men buyuk mutafakkirlari tarannum etgan bu oshiqu ma’shuqlar qissasi shunchaki afsonalar asosida yaratilganiga ishonmayman. Dilso‘zni yo‘qotib qo‘yganimdan so‘ng, ishq va hijron qanchalik katta kuch ekanini tushunib yetyapman.
Oxirgi marta avtobus bekatigacha kuzatib chiqqanimdan beri ko‘rganim yo‘q uni. 
O‘sha kuni tushgacha uning qo‘ng‘irog‘ini kutdim. Tushdan keyin o‘zim uning raqamini terib tusha olmadim. “Siz noto‘g‘ri raqam terdingiz, bunaqa raqam bizda yo‘q”. Raqamni qayta-qayta tersam-da, shundan bo‘lak javob ololmadim. 
Taajjub, Dilso‘z bilan faqat shu raqam orqaligina bog‘lanar edim-ku! Nahotki, raqamini o‘zgartirgan bo‘lsa? Nega unda raqamini o‘zgarganini menga aytmasligi kerak? 
“Telefonini o‘g‘irlatibmi, yo‘qotibmi qo‘ygan bo‘lsa kerak”, degan xayolda ikki kunni o‘tkazdim. Har qanday vaziyatda ham ikki kun u meni yo‘qlamasligini aqlimga sig‘dirolmasdim. Xayolimga bir-biridan vahimali o‘ylar charx ura boshladi. Noxush xayollar ta’qibidan qochishga tirisharkanman, Yaratgandan Uni o‘z panohiga olishini, har qanday balo qazolardan asrashini yolvorib so‘rardim. 
Undan darak bo‘lavermagach, uchinchi kun ertalab shahar chekkasidagi kvartirasiga yo‘l oldim. (shu paytga qadar bu uyga Dilso‘zning taklifi bilangina kelardim, oldindan xabar bermay, to‘g‘ridan to‘g‘ri uyiga kirib borganimni eslolmayman, (Har qalay uning ayol, mening erkak degan nomimiz bor. Ko‘rgan ko‘zga, eshitgan quloqqa g‘alati tuyuladi).
Eshik tugmasini uzoq bosib turdim. Ichkarida odam borga o‘xshamasdi. Ichimdagi xavotir, intiqlik tobora quyuqlashib borardi. Betoqatlik bilan temir eshikni mushtlashga tushdim. (Bunaqa paytda odam nima qilayotganini o‘zi bilmay qolarkan, uyda odam bo‘lganida shuncha qo‘ng‘iroqdan keyin eshikni ochmasmidi?)
Nihoyat... eshik ochildi. Faqal qo‘shni xonadonning eshigi. 
-Ha, yigit, sizga kim kerak o‘zi, - asabiy ovozda so‘radi eshikdan kallasini chiqargan o‘ris xotin. - Bu uyda bir yildan beri odam yashamaydi. Egasi ishlagani Rossiyagami, qay go‘rgadir ketgan. Nega ertalabdan odamning tinchini buzasiz?
Unga javob qaytarishga ulgurolmadim. Xotin “xuligan” degancha eshigini qarsillatib yopdi. Ikkimizdan kimdir qattiq yanglishayotgani aniq. Shuni aniq bilamanki, bu xonadonga avval ham bir necha bor kelganman. Uy ham, yo‘lak ham, qavat ham, eshik ham o‘sha va bu uyda Dilso‘z yashardi. Adashayotgan bo‘lishim mumkin emas. Bir haftacha ilgari shu uyda tunab ketganman. Demak, bir yildan beri hech kim bu yerga qadam bosmasligi, uning egasi “Rossiyagami, qaysi go‘rgadir ketgan” bo‘lishi mumkin emas. 
Kim bilsin, uyning avvalgi egasi uni Dilso‘zga sotib yoki ijaraga berib ketgandir? Shunday deb o‘ylasak... u bilan yonma-yon turadigan xotin bir marta bo‘lsin, Dilso‘zni ko‘rmagan bo‘lishi mumkinmi? Har qancha o‘ylamay, bu jumboqni yecholmas, qaytaga chigil xayollarim battar chuvalashardi. 
Telefoni javob bermasa, o‘zi uyida bo‘lmasa.... qaerdan topaman Uni? Nahot U mendan bezib o‘zini olib qochib yurgan bo‘lsa? Yo‘q, Men Dilso‘zni yaxshi bilaman. Men o‘ylaganimdek bo‘lgan taqdirda buni mendan yashirib o‘tirmasdi. Ochiq-oydin yuzimga aytardi-qo‘yardi. Chunki, U his-tuyg‘ularini yashirishni, niqoblashni bilmasdi. 
U bilan tanishibman, Uni sevibman, U bilan qancha baxtli damlarimni kechibdi-yu, qachondir Uni yo‘qotib qo‘ysam, qaerdan izlashim kerakligini so‘ramabman...
Shu tariqa yana bir necha kun, bir necha hafta o‘tdi. Har bir kunim “balki bugun Dilso‘zning o‘zi sirli tabassum bilan qarshimdan chiqib qolar” degan umid bilan boshlanar, intizorlik va parishonlik bilan o‘tar va nihoyat umidsizlik, g‘am-alam bilan yakun topar edi. Dilso‘z mening hayotimning yakkayu yolg‘iz mazmuniga aylanib ulgurgan ekan, meni yorug‘ dunyo bilan bog‘lanib turgan boshqa hamma narsalar o‘ta g‘arib va arzimas bo‘lib ko‘rinyapti.
Kuni kecha majlisda yana ayamay tanqid qilishdi. Umuman, ishga sovuqqonlik bilan qarayotganmishman, ish sur’ati tamomila tushib ketganmish, bo‘limga yangi mudir tayinlanmasa bo‘lmasmish. E, menga nima, o‘lib ketmaydimi? Men nima g‘amda yuribmanu, bular nima deb sayrashadi. Nima qilay, hamma narsadan ko‘nglim sovigan, ishga qo‘lim bormay qolgan bo‘lsa? O‘tirsam ham, tursam, yursam ko‘zim oldida Uning siymosi turgan bo‘lsa nima qilay? 
Vaqt o‘tgani sayin Uni topa olishimga bo‘lgan umid tobora so‘nib borardi. Ko‘nglim sezyapti, Unga nimadir bo‘lgan. Aks holda suv tubiga cho‘kib ketgan toshdek jimib ketmasdi. 

* * *

- Sizga nima bo‘ldi o‘zi? Hammaning og‘zida siz... Agar chindan tobingiz qochgan bo‘lsa, ta’tilga chiqib, biroz dam oling. Balkim shifokorga uchraganingiz ma’quldir?
Shu boladan boshqa kim ham menga bu qadar g‘amxo‘rlik qila olardi? Boshqa hamkasblar oldimda o‘lganning kunidan iljayib, orqamdan tosh otishdan boshqani bilmasa... Ammo, bu yigitning ham hamdardlarcha aytgan so‘zlari yuragimni o‘rtayotgan qayg‘u otashini so‘ndira olmasdi. Dilso‘zni ilk bor avtobusda ko‘rib qolganim haqida ham faqat unga gapirib berganman. Keyingi voqealardan esa, tabiiyki, xabari yo‘q. 
Avval ham aytganimdek, Dilso‘z bilan o‘rtamizdagi munosabatlar boshqalarga ham oshkor bo‘lishini istamasdim. 
Ayni paytda kimgadir butun dardlarimni, so‘nggi yarim yil ichida boshimdan kechirgan xush va noxush voqealarni bir boshdan aytib bergim kelardi. Ammo negadir, qandaydir bir kuch tilimga tushov solib qo‘ygandi go‘yo.
- Ishq dardiga mubtalo bo‘lganingiz ko‘rinib turibdi, - dedi Oshnam siniq jilmayib. - Yana birorta ketvorganini uchratib qolgan chiqarsiz?
- Yo‘q, - dedim xayolchan bosh chayqab. - Koshkiydi uchratib qolgan bo‘lsam. Bu gal... yo‘qotib qo‘ydim...
Xuddi bexosdan muhim bir sirni ochib qo‘ygan odamdek, birdan sergaklandim, tilimdan tutilganim aniq edi. Baloga qolganim shu. Bu bola to aniqlik kiritmagunimcha tinchimaydi.
- Yana o‘sha “Oq va qorami”mi? - so‘radi negadir oshnam favqulodda xotirjamlik bilan. 
Yalang oyoq bilan bexos cho‘g‘ni bosib olgandek sapchib tushdim. Tavba, nahot hammasidan xabari bo‘lsa?
- Kimni aytyapsan, - dedim sir boy bermaslikka tirishib.
- Haligi... bor edi-ku, oq va qora ranglar uyg‘unligini bor bo‘yicha o‘zida jamlagan, yuzlari sutga chayilgandek oppoq, sochlari oysiz tundek qop-qora, qoshu kipriklari ham atayin qora qalam bilan bo‘yab qo‘yilgandek. Ko‘zlari-chi, ko‘zlari . Naq ohuniki! Manavi yerida sedanadekkina xoli bor. Oppoq sumkasi, qop-qora qo‘l telefoni...
- Menga qara, dedim nihoyat o‘zimni tutib turolmay. - Sen uni taniysanmi? Qaerda ko‘rgansan?
- Hech qaerda ko‘rmaganman, - dedi u o‘zini kulgudan arang tutib turarkan. - Hatto, ko‘cha-kuyda o‘shanadaqa kiyimdagi, tashqi ko‘rinishidan siz aytgandek qiz yo juvonni atay qidirib yurdim. Bir-ikkitasi o‘xshab ketsayam, baribir bitta “aybi” chiqib qolaveradi. Yo bo‘ynida yashil sharfi, yo oyog‘ida qizil tuflisi bo‘ladi. Bittasini ko‘ruvdim, o‘ziyam aniq o‘sha deb o‘ylovdim. Lekin bechoraning dastro‘moli pushtirang ekan. 
Yana ermak qilyapti, yaramas. Bundan yarim yil avval aytgan gaplarimni to‘tiqushdek qaytaryapti. Hafsalam pir bo‘lib, qo‘l siltadim. 

* * *

Tavba! Shu paytga qadar Uni tanimasdim, Usiz ham hayotim o‘tib turuvdi. O‘sha kuni, Dilso‘zni bekatda uchratgan kunim hayotim butunlay ag‘dar-to‘ntar bo‘lgan ekanu, men bilmay yuraveribman. Taqdir deb shuni aytisharkan-da! Bo‘lmasa, men ishga o‘n besh daqiqa erta yo kechroq chiqqanimda, yo bo‘lmasa, bekatda turgan “Oq va qora”ga umuman e’tibor qaratmaganimda, boringki, uni yana qaytib ko‘rmaganimda hammasi avvalgidak tinch osuda davom etaverardi. 
U hayotimdagi eng shirin tush, eng achchiq armon bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi. Axir u bilan birga kechgan xush onlarni qanday unutmoq mumkin? 
Yarim tun, butun shahar mudrab yotgan bir paytda mening ko‘zimga uyqu kelmaydi. Uxlaganim bilan tushimda ham Undan boshqa hech kimni ko‘rmayman. Agar muhabbat faqat azob-uqubatdangina iborat ekanini avvaldan bilganimda, bu tuyg‘uni bunchalar ko‘kka ko‘tarib maqtamagan. Inson qalbining gultoji, hayot nuri, umr mazmuni, mislsiz zavqu ilhom manbai va shunga o‘xshash balandparvoz ta’riflar bilan ulug‘lamagan bo‘lardim. Fuzuliy hazratlari aytganidek, Aql yor o‘lsaydi, tarki ishqi yor etmasmidim.
U yonimda bo‘lgan lahzalarda xonam men uchun ko‘zimga muhtasham saodat qasri bo‘lib ko‘rinardi, endi esa, xuddi bir kishilik xibsxonadek tor va rutubatli. Shu to‘rt devor, ular orasidagi odmigina jihozlar hayotimdagi eng orombaxsh, totli onlarning guvohi bo‘lgan. Yuzimni paryostiqqa bosarkanman, bexosdan dimog‘imga Dilso‘zning sochlaridan ufurib turadigan ifor oqib kirgandek bo‘ladi. Yuzlarimni xuddi Dilso‘zning haroratli, zarif yonoqlariga bosgandek entikib ketaman. Keyin esa... aldamchi lahzalar chekinib, yana tanholik qo‘ynida qolaman. 
Stol ustida Uning suvrati. O‘sha, marhum rassom ishlagan, jahon aro katta muvaffaqiyat qozongan suvratning nusxasi. Soatlab unga tikilib o‘tiraman. Yuzlarida aks etgan kinoyali tabassum ma’nosini anglamoqqa urinaman.
Beixtiyor suvratning orqasida, kichkina harflar bilan nimadir yozilganini payqadim. Bu... Dilso‘zning dastxati. Qachon yozibdi, nega shu paytgacha e’tibor bermadim, ekan. Stol chirog‘i yorug‘ida hijjalab o‘qishga tutindim. Birinchi satrdanoq tushundim – bu o‘sha, Dilso‘z yaxshi ko‘radigan qo‘shiqning matni-ku:
“Dilimdagi eng o‘tli nolam,
Isming aytsam, yashnaydi olam.
Lobar o‘zing, dilbar ham o‘zing,
Sen o‘zingsan nafis gul-lolam.
O‘zingdirsan husnda tanho,
Zuhro ham sen, sen o‘zing Laylo,
Izlaringni o‘par yuz Tohir,
Ming bir Majnun ishqingda shaydo”.
She’rni ikki qayta o‘qib chiqdim. Shunday qo‘shiqlar borki, uning so‘zlarini hech qanday musiqasiz, oddiy she’r tarzida o‘qishning iloji yo‘q. Bunday “she’r”ning juni ustarada qirilgan mushukdan farqi qolmaydi. Garchi rahmatli xonandaning bu qo‘shig‘i ancha dong taratgan bo‘lsa-da, matnida biror yangilikka, “tesha tegmagan” tashbehu mubolag‘aga ko‘zim tushmadi. Har qalay she’r ham qo‘shiqchining ijod mahsuli bo‘lsa kerak. O‘zi keyingi paytlarda qo‘shiqchilar shoirga beradigan arzimas choychaqani ham tejab qolish maqsadida shu yo‘lga o‘tib olgan. 
Ammo, bu bitiklar men uchun baribir aziz. Chunki, bu dastxat – Uniki. Shu choq kutilmagan hodisa yuz berdi. Avaliga qog‘oz yuzidagi harflar hammasi bir-biriga chaplashib ketgandek bo‘ldi. Keyin esa, har bir satr boshidagi harflar alohida bo‘rtib chiqdi. Yo alhazar! Varaqda tepadan pastga qarab bitilgan birgina so‘z – Uning ismi paydo bo‘ldi: - Dilso‘zim!
She’r muvashshah shakilida yozilganini shu paytga qadar bilmagan ekanman. Ana gap qaerda! Demak, qo‘shiq Unga atab yozilgan. Har qalay, boshqa Dilso‘z bo‘lganida U qo‘shiqni bunchalar yoqtirib qolmagan bo‘lardi. Demak, qo‘shiqchi bilan Uning orasida biror gap bo‘lganmi? Manavi suvratni ishlagan rassom bilan-chi! Eng hayratli va qo‘rqinchlisi ularning har ikkisi sirli o‘lim topgan. Ayni paytda ular hayotidagi eng yaxshi asarini bir kishiga bag‘ishlagan. Nega? Nima sababdan? 
Badanimga yengil titroq yugurdi. Peshonamni sovuq ter bosayotganini sezdim...

* * *

Bugun men Dilso‘zni ko‘rdim....
Ammo... Bu holatni ko‘rgandan ko‘ra, ko‘zlarim oqib tushgani ming marta yaxshi edi. 
Dilso‘zsiz o‘tayotgan to‘rtinchi oyning birinchi kuni. (Ha, bu kunlarning har biri bir yilga teng edi va bu yillarning har biri qanchalar og‘ir, dilgir va azobli kechishini so‘z bilan ifodalab berolmayman). Oyoqlarim meni o‘zlari o‘rganib qolgan yo‘nalish bo‘yicha ishxonam tarafga sudrab borardi. Avtobusdan tushgach, tahririyat joylashgan binoga yetgunimcha to‘rt yuz-to‘rt yuz ellik qadam bosishim kerak. (Axir, o‘n yildan beri shu yo‘nalishda qatnayman). 
Kun sovuq, ko‘chada odam sanjob edi. O‘n qadam ham yurmagan edim, yo‘lning narigi betida turgan Dilso‘zni ko‘rib, joyimda taqqa to‘xtadim. Adashgan bo‘lishim mumkin emas, ko‘rish qobiliyatim shubhadan xoli. U kiyinishi, yurish-turishi, soch turmagi, hatto qarashlari bilan shahardagi, ehtimolki, butun dunyodagi ayollardan ajralib turadi, desam ishonavering.
Nafasim bo‘g‘zimga tiqildi. Yuragim qinidan chiqqudek shiddat bilan tepsa-da, oyoqlarim yerdan uzilmasdi, xuddi tuflimning tagcharmi asfalt ustiga yopishib qolgandek. U ham meni ko‘rdi, Unga qo‘l ko‘ratib ishora qilmoqchi edim. Tavba, qo‘llarimning har biriga ellik kilodan tosh bog‘lab qo‘yilgandek, og‘irlashib ketgan edi. Ko‘tarishga kuchim yetmadi. Chaqirmoqchi edim, ovozim chiqmadi. Menga nima bo‘lyapti o‘zi.? Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Oppoq Neksiya kelib Undan uch-to‘rt qadam berida to‘xtadi. Haydovchi (aniq ko‘rdim: aslzodalarga xos bashang kiyingan, qirq-qirq besh yoshlar chamasidagi basavlat erkak) mashinadan tushdi-da, tavoze bilan o‘tib, Dilso‘z bilan quyuqqina so‘rashdi va iltifot bilan orqa eshikni ochdi. Dilso‘zning yuzidagi muloyim tabassum aniq ko‘rinib turardi. Haydovchi nimadir dedi shekilli, Dilso‘z boshini orqaga tashlab, qah-qah otib kuldi. (Biror marta uning bunday ochilib-sochilib kulganini ko‘rmagan edim). Keyin esa, kibor xonimlarga xos istig‘no bilan mashinaga o‘tirdi. Eshik yopilayotganda, U men tarafga birrov ko‘z tashladi (bunga ham shubham yo‘q). Ana shu qarash meni uyg‘otib yuborgandek bo‘ldi. Qotib turaveramanmi? Nega jim turishim kerak? Orqasidan yugursam-chi!
Yo‘lni qanday kesib o‘tganimu, qay tariqa mashina to‘xtatganim esimda yo‘q. Birinchi kelib to‘xtagan Matiz haydovchisiga “Anavi oq Neksiyani orqasidan hayda” deb buyurganimni bilaman, xolos. 
Oradagi masofa qisqarib borardi. Mana hozir Neksiyani quvib o‘tamiz. Keyin-chi, keyin nima qilaman? Haydovchining yoqasidan olarmidim? Dilso‘zning yuziga tarsaki tushirarmidim? Yoki Neksiyaning oynasini urib sindirarmidim? Bular haqida hozir, oradan bir necha soat o‘tib, oqshom payti noutbuk qarshisida o‘tirib o‘ylayapman. O‘sha paytda esa, xayolimga hech narsa kelmasdi. Neksiyani quvib o‘tish ham nasib qilmagan ekan. U navbatdagi svetoforning yashil chirog‘ida o‘tib keta oldi. Bizni esa, qizil chiroq tutib qoldi. 
- O‘v uka, o‘tirasanmi, yashil yonishini kutib, haydasang-chi, - nafasim bo‘g‘ilib qichqirdim, haydovchi yigit menga qarab ko‘zini olaytirdi:
- Oka, hazillashvosmi? Tog‘am yo amakim GAIda ishlaganida o‘zim bilardim. O‘zi yaqindagina pravamni suddan qaytarib olgan bo‘lsam...
Yo‘limiz ochilganida boyagi Neksiya allaqachon ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Tavakkal qilishdan ma’no yo‘q edi. Mashinani orqaga qaytartirdim. 
Ko‘z oldimda boyagi manzara qayta-qayta jonlanaveradi. Dilso‘zning istehzo ila kulib turgan xoin, ha-ha xoin chehrasi, haydovchining oliymaqom jazmanlarga xos iltifotini eslab, qonim qaynaydi. Axir U meni ko‘rdi-ku! Ko‘ra turib, bepichsandlarcha qo‘l siltab ketdi-ku! Men bo‘lsam, uch oydan beri betayin bir xotinni deb, devona bo‘lib yuribman. Bu ne ko‘rgilik, sen kim uchundir kuyib yonsang, dunyo va undagi bor narsalardan voz kechsang, o‘zingdan ko‘ra ko‘proq uni o‘ylasang, joningni berishga tayyor tursang-da, bu jonfidoliging, dilso‘xtaliging oyoq osti bo‘lsa, toptalsa... Dunyoda borligingdan, tirikligingdan pushaymon bo‘lib ketarkansan. 
Bunaqa ma’shuqaga ming la’nat, bunday ahmoq oshiqning o‘lib ketgani, chirib-bitgani ming karra afzal. Bunaqa muhabbatni yer yutib ketmaydimi?
Oka, kim bilan gaplashib ketvossiz?
Haydovchi yigitning tanbehidan keyin angladimki, boyadan beri o‘zimga o‘zim gapirib kelayotgan ekanman. Arang o‘zimni qo‘lga oldim. Mashina boyagi bekat oldiga kelib to‘xtadi. Yuzimga sovuq havo urilib, o‘zimni xiyla yengil his etdim. So‘nggi o‘n daqiqa ichida yuz bergan voqealarni o‘zimcha tahlil qilishga urindim. Boyagi ayol rostdan ham Dilso‘zmidi yo menga shunday bo‘lib tuyuldimi? Ehtimol u boshqa ayoldir? Chindan Dilso‘z bo‘lgan taqdirda ham meni aniq ko‘rdimikin? Balki, umuman ko‘rmagan yo tanimagandir? Mashinasiga mindirib ketgan anavi erkak ehtimolki, yaqin qarindoshi yo tanishidir? Darrov yomon xayollarga borishim... Baribir hali-hanuz o‘zimni o‘nglay olishimga ko‘zim yetmasdi. 
Ichkilikka uncha xushim yo‘q. Ammo shunday paytlar bo‘ladiki, ich-etingni kemirayotgan iztiroblardan qutulish uchun kasofat aroqning aldamchi tasallisiga ehtiyoj sezasan. 
Tahririyat joylashgan binoning birinchi qavatidagi qahvaxonaga kirib, ikki yuz gramm aroq oldim. Bo‘g‘zimni kuydirib o‘tgan aroqning harorati yuragimni o‘rtayotgan qudratli alanga tafti oldida hech gap emasdi. Undan keyin yana qancha ichganim yodimda yo‘q. (Har qalay bir shisha aroqni bir o‘zim ichib, mast bo‘lmagan paytlarim esimda). Keyin... liftda bosh muharririmiz bilan to‘qnash kelib qolganimiz, allaqanday baqir-chaqirlaru yuzimga kelib urilgan shapaloqni elas-elas eslayman.... Bir payt ko‘zimni ochsam, meni sudragudek bo‘lib, yo‘lakdan olib kirishyapti. Keyin bilsam, biz bilan ishlaydigan ikki yigit meni o‘z uyimga opkelib tashlagan ekan. 
...Choshgoh payti bo‘lsa kerak, boshimni ayovsiz siquvga olayotgan og‘riqmi, telefonning asabiy jarangimi, ishqilib nimadir meni qo‘qqisdan uyg‘otib yubordi. Go‘shakni ko‘tarsam, ishxonamizdagi kadrlar bo‘limi boshlig‘i, badqavoq, ho‘ppa-semiz xotin:
- Bugunoq kelib, o‘z ixtiyoringiz bilan ishdan bo‘shatishni so‘rab, ariza yozib ketarkansiz. Rahbar shunaqa dedilar. 

* * *

Yana qandayin kuch meni ish stolimga, kompyuter qarshisiga sudrab olib kelganini bilolmadim. Har qalay ichkilik kayfi tarqab, bosh og‘rig‘i ham chekingani, miyam har qachongidan ko‘ra aniq-tiniq ishlayotgani bor gap. Chin, ertalabdan beri qanday voqealar yuz berganiyu, endi nima bo‘lishini ochiq-oydin his etib, hatto ko‘rib turibman.
Men taqdir tashlagan chilvirga juda oson ilindim. Bu ehtiyotsizligim uchun o‘zimni kechirishga haqqim yo‘q. Dilso‘zni shu choqqa qadar qismatning menga yo‘llagan eng buyuk in’omi deb o‘ylab keldim. Aslida u men tomonga jo‘natilgan halokat elchisi ekanini kech, ayni lahzalardagina anglab yetdim. 
Shu tobgacha metin irodamni muhtojlik yemirolmadi. Mansab, shon-shuhrat uchun or-nomusimni barbod qilmadim. Turfa kazzoblar, mutakabbir kimsalar oldida boshim egilmadi. Ammo bir makkoraning hiyla-nayranglari, qabih falsafasi, telbavor fikr-mulohazalari, erkaliklari, hoyu havaslari osongina mahv eta oldi.
Aslida Undan gina qilmasligim kerak. Sigaret qutisi chekishning kasofatini yaqqol o‘zida aks ettirib turgani bilan, kashandalar bu haqiqatdan ko‘z yumgani misol, men ham uning gap-so‘zlari, ogohlantirishiga emas, ko‘proq o‘z nafsim istagiga, ko‘ngil mayliga quloq tutdim. Zotan, u qanchalik xudbin, shafqatsiz va sovuqqon ekanini har bir so‘zi ayon etib turgandi-ku! U o‘z hayoti, hoyu havaslari, mantiqsiz istaklari uchun hech narsadan qaytmasligi ayon edi-ku!
Shu paytga qadar hayotim xiyla g‘arib, xiyla zerikarli bo‘lsa-da, tinchgina yashab kelayotgan edim. Ortiqcha g‘am-tashvishim yo‘q edi. Hayotimning tamomila izdan chiqib ketishiga nima sabab bo‘ldi – Dilso‘zning mash’um “o‘yin”larimi, o‘zimning irodasizligimmi yoxud taqdiri azalning taqozosi - o‘ylab o‘yimga yetolmasdim. 
Men uchun eng dahshatlisi shu ediki, qalbimni, jismu jonimni butun borlig‘imni egallagan fotih ayol endi meni xuddi tarvuz po‘chog‘idek bir chetga uloqtirib, oyoqlari bilan bosib-yanchib ketayotir. Bu haqiqatga qanchalik yaqin bo‘lmasin, ishongim kelmay turardi. Nazarimda hozir eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab, U kirib keladigandek, odatiy sirli tabassum bilan, tortinmasdan bo‘ynimga osiladigandek edi. Kelsa-yu, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan barcha voqelikni rad etsa, “u men emas, siz boshqa birovni ko‘rgansiz” yoxud “birovning mashinasiga chiqish bu katta gunoh emas-ku, shunchaki ish yuzasidan o‘sha kishi bilan bir yerga boruvdim” yo bo‘lmasa “u kishi mening yaqin qarindoshim bo‘ladi, sizni ko‘rmabman, ko‘rsam ham tanimabman” deb uzr so‘rasa, men unga jon-jon deb ishongan bo‘lardim. Garchi hammasi g‘irt yolg‘on bo‘lsa-da. Axir, chindan ham achchiq haqiqat zahrini yutishdan ko‘ra shirin yolg‘on sharobini sipqarishga moyilroqmiz. 
Ammo so‘nggi ojizgina umid shu’lasi ham uzoqqa bormadi. Daf’atan telefon asabiy jiringladi. Hoynahoy yana ishxonadan yo‘qlashayotgandir. Aytgancha, meni nega ishdan bo‘shatishdiykin? O‘zi keyingi paytlarda qaerda ishlashimni, nima ish bilan shug‘ullanishimni ham paqqos esimdan chaqarib qo‘ygandim. Ertalab qahvaxonaga kirib bo‘kib ichganim esimda. Liftda muharrirga biror nojo‘ya gap aytgandirman, ehtimol nimadir noloyiq ish qilganmanki, shunday keskin chora ko‘rishibdi. 
O‘lib ketmaydimi? Endi menga ishning nima keragi bor? Nima uchun, kim uchun ishlashim kerak? Shu paytga qadar biror ishni qotirib qo‘yganmidim? Mendan nima istashadi? Bir enlik arizayu tirnoqdekkina imzo bilan qutulamanmi?
- Allo, - dedim zarda bilan. 
“Salom...”
Birdan paxtadek bo‘shashib ketdim. Ovoz boya qo‘ng‘iroq qilgan “Miss kadr”ning emas. Aynan Dilso‘zning ovozi edi. Nafasim ichimga tushib ketdi. 
“Ovozimni eshitib go‘shakni otib yubormaganingiz yoki go‘shakni ilib qo‘ymaganingizdan xursandman. Uzoqda bo‘lsam-da, sizning mahzun qiyofangizni ko‘ryapman, hatto, miyangizda kechayotgan fikrlarni ham o‘qib turibman. Siz meni haqoratlash uchun bisotingizdagi bor tahqiromuz so‘zlarni tilingiz uchiga jamlab turibmiz. Eng hayotbaxsh dorining ham muddati o‘tsa, o‘tkir zaharga zaharga aylanishi turgan gap. Eng kuchli muhabbat ham payti kelib eng kuchli nafrat va g‘azabga aylanadi. Ammo sizga ishonaman. Gapimni bo‘lmay, oxirigacha eshitishga imkon topa olasiz”.
Ochig‘ini aytsam, chindan ham pichoq borib xalqumimga qadalgan edi. Hozir Uning chigal falsafasiga quloq osishga hech qanday rag‘batim yo‘q edi. Avval yaxshilab so‘kib, keyin go‘shakni taraqlatib joyiga mixlash niyatim ham yo‘q emasdi. Tavba. Menga nima bo‘lyapti? Kunduzi ham oyog‘im yerga yopishgandek ana shunday “falaj” vaziyatga tushib qolgandim. Endi esa tilim tanglayimga, go‘shak esa qulog‘imga yopishib turar, bu holatni o‘zgartiri uchun o‘zimda kuch topolmasdim. 
“Sizning hayotingizga kirib borganim, boshingizga turli ko‘rgiliklarni solganimdan tonmoqchi emasman. Ochig‘i, men shunday bo‘lishini ilk bor uchrashganimizdayoq sezganman. Voqealar aynan shu taxlit davom etmaganida men o‘z qobiliyatim va salohiyatimdan qoniqmagan bo‘lardim. 
Siz meni sevganingiz qanchalar rost bo‘lsa, men sizni sevmaganim shu qadar haqiqat. Zotan, men sevishni bilmayman. Chunki sevish o‘zlikdan tamomila kechish, butun borini sevikli inson uchun baxsh etish demakdir. Men bunday qilolmasdim. Chunki men hech kimni o‘zimchalik yaxshi ko‘rolmayman. Balki, siz buni xudbinlik yo takabburlik, ehtimol butunlay boshqacha nom bilan atarsiz. Lekin men shu tarzda hayot kechirib keldim va bundan keyin ham hayot tarzimni o‘zgartirmasligim aniq.
Siz bilan o‘tgan damlar men uchun qiziqarsiz, bema’ni kechdi, deyolmayman. Chunki seni butun borlig‘idan ustun ko‘radigan kishi bilan yonma-yon bo‘lish, uning hislarini yaqqol ko‘rib turish men uchun qanchalik zavqli ekanini sezmagansiz. Sevish mashaqqatidan ko‘ra, sevimli ekaningni his etish lazzati yaxshiroq ekanini menchalik bilmaysiz.
Rost, men sizdan hech narsani darig‘ tutmadim. Siz meni jisman tasarruf etganingiz bilan, yuragimni egallab ololmadingiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, siz ulkan xazina yashirilgan sandiqni qo‘lga kiritdingiz, xolos. Bu sandiq ichidagi javohirot tufayli qimmatbahodir. Uning qopqog‘ini ochib, javohirga ega chiqmas ekansiz, bu temir qutining qiymati o‘zgarmay qolaveradi”.
Uning har bir so‘zi qulog‘imga xuddi simobdek oqib kirar, keyin miyamni og‘ulab, butun vujudimni o‘z izmiga ola boshladi.
“Men muhabbatning qudratli kuch ekaniga ishonaman. Ayniqsa, u ijod ahli uchun qanchalik buyuk ilhom baxsh etishi ham menga ma’lum. Esingizda bo‘lsa, sizga Gyoteni, Danteni, Petrarkani misol keltirgandim. Ularga daholik baxsh etgan mahbubalarga qanchalik havas qilishimni aytgandim. Mendan buyuk san’atkor, shoir yo rassom chiqishiga ko‘zim yetmasdi. Ammo, bolaligimdan o‘zim yoqtirgan asarlarning qahramonlariga ko‘p taqlid qilardim. 
Negaki, har qanday inson, hatto buyuk insonlarning ham biologik hayoti boshqasidan deyarli farq qilmaydi. Hamma qatori tug‘iladi, ulg‘ayadi, qariydi, xastalikka chalinadi va o‘lib ketadi. Lekin, Farhodu Shirin ham, Gamlet va Ofeliya ham, Anna Karenina ham, Knyaz Mishkin ham, Kumush va Otabek ham hech qachon qarimaydi, asrlar osha yashayveradi. Shu tufayli ham ular bizdan ko‘ra baxtliroq.
Men ham ular qatori mangulikka da’vogar edim. Siz ana shu orzuyimga yetkazasiz, degan umidda edim. Sizning iste’dodingizga u qadar ishonmasam-da, o‘zimga, o‘z iqtidorimga ishonchim komil edi. Sizning menga bo‘lgan muhabbatingiz. Sizning qalbingiz, ruhingizda men yasagan o‘zgarishlar ana shu orzuyim ro‘yobini ta’minlashini juda-juda orzu qilgandim. Ammo siz men o‘ylaginimdan ko‘ra, iste’dodsiz va baxtsiz odam bo‘lib chiqdingiz”.
Bu so‘zlarni eshitib, qattiq uf tortib yubordim. Ijod ahli uchun bunday haqqoniy va shafqatsiz tanqidni eshitish naqadar og‘ir ekanini bilasizmi? Ammo biror e’tiroz bildirmoqqa ojiz edim. U esa hujumni davom ettirardi.
“Siz o‘zingizni yetarli darajada iste’dodli deb hisoblaysiz va qattiq adashasiz. Siz yozgan narsalarni shunchaki ermak uchun ham o‘qib bo‘lmaydi. Faqat vaqt va ko‘z nuri bekor sarf bo‘lgani qoladi, xolos. Butun hayotingiz, kuch-qudratingizni baxsh etgan soha uchun siz bir chaqalik foyda keltira olmasligingizni tushunasizmi? Siz buyuk yozuvchi bo‘lish ishtiyoqida dunyoning barcha huzur halovatidan, ne’matlaridan voz kechdingiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring. O‘ttiz yildan ziyod umr kechirib nimaga erishdingiz? Na mansab, na mol-dunyo, na obro‘-e’tibor, na oila.. bularning hech biri uchun yelib yugurmadingiz. Shu turishingizda kimga keraksiz? Siz uchun joni bera oladigan, sizni kutadigan, sizni sevadigan bir inson bormi bu yorug‘ olamda? Nima uchun yashayotganingizni bilasizmi?”
Hozir yuragim tars yorilib ketadi. Nega bu majnunaning telba-teskari falsafasini eshitib o‘tiribman? U mendan nima istaydi o‘zi? Axir men unga nima yomonlik qildim? Nega bu gaplarni ovoz chiqarib ayta olmayapman? Nahot tildan qolgan bo‘lsam?
“Bu hayotga nima maqsadga kelgan edingizu maqsadingiz qay darajada amalga oshdi? O‘zingiz-ku, odamlardek mukammal, bekamu ko‘st hayot tarzini yarata olmadingiz. Sizga berilgan umrni zerikarli, ma’nosiz o‘tkazdingiz. Na o‘zingiz, na boshqalar uchun biror esda qolarli ish qildingiz. Jimjiloqdek kelmaydigan qurt ham jonidan kechib, Ipak yaratadi. Zahmatkash ari ham bir necha oylik umri davomida shifobaxsh bol yaratib qoldiradi. Sizdan nima qoladi? Aqalli ortingizdan yig‘lab qoladigan, naslingizni davom ettiradigan zuryod qoldirishga ham qodir bo‘lmadingiz. Siz allaqachon o‘lgan odamsiz. Chunki sizning qalbingiz allaqachon o‘lib bo‘lgan. Faqat sharpangiz qolgan xolos. Sarg‘ayib uzilgan yaproq, qurib qaqshagan cho‘p singari sharpangiz. Bu taxlit yashash sizga og‘irlik qilmayaptimi?
Shundan keyin yo qulog‘im tom bitib qoldi yo bo‘lmasa mal’una gapini to‘xtatdi. Nima bo‘lyapti o‘zi? Sukunatning ham ovozi shu qadar baland, dahshatli bo‘ladimi? Yo‘q, hammasi boshdan boshlanyapti. Dilso‘zning zaharli nutqi xuddi magnitofon tasmasiday qayta-qayta aylanyapti. Uning ovozi qaerdan kelyapti o‘zi? Yana telefondanmi? Nima balo, avvaliga o‘zi aytajak gaplarini yozdirib keyin qaytadan menga eshittiryaptimi?
Har bir gapning ma’nosini chuqur idrok etganim sari tafakkurim charog‘onlashib borayotir. Hammasi tushunarli. Men sevgan Dilso‘z, mening yuragimga kirib, keyin simobdek yemirgan Dilso‘z, avvaliga hayotimnnig mazmuniga aylanib, keyin uni mutlaq bema’nilikka aylantirgan Dilso‘z... yo aqldan ozgan tentak, yo menga taqdir hukmini ijro etish uchun jo‘natilgan ajal farishtasi. Axir uning yurish-turishi, fikrlashi, zohiri va botini odamga o‘xshamasdi. Nazarimda uni mendan boshqa odam ko‘rmagandek, ko‘ra olmagandek. Balki, hech qanday Dilso‘zning o‘zi bo‘lmagandir? Unda men hozirgina kim bilan gaplashdim?
Unda... anavi musavvir chizgan g‘ayri oddiy suvrat-chi? Marhum qo‘shiqchining mashhur ashulasi-chi? Nega ularning har ikkisi dunyoni bu qadar erta tark etishgan. Dilso‘z ularni ham shu taxlit mahv etib, o‘limga mahkum etganmidi? Ularning qalbini zabt etib, ijodini yuksak cho‘qqiga ko‘tarib keyin o‘zlarini narigi dunyoga jo‘natdimi? Men hozir qay ahvolga tushgan bo‘lsam, bir paytlar bu ko‘rgilik anavi ikkalasining ham boshiga tushmaganmikin? U o‘zining tasavvur etib bo‘lmas darajadagi xudbinligi, takabburligi, mudhish, qattol va xasta orzularini amalga oshirish yo‘lida kim-kimlarni ayovsiz o‘ldiradigan man’yak bo‘lsa-chi? 
Men endi nima qilishni bilaman. Taqdir hukmi shu ekan, demak unga bo‘yin egmay ilojim yo‘q. Lekin anavi makkoraning qurbonlar ro‘yxati mendan keyin ham davom etarmikin? Boya kimning mashinasida yurgandi? Ehtimol kinorejissyordir? Balki, shoir yoxud haykaltaroshdir? Kim bo‘lsa ham Dilso‘zning qo‘lida ojiz qo‘g‘irchoqqa aylangani aniq.
Men-chi, nega jim qarab turibman? Xonanda ham, rassom ham yosh umrini uvol qilgan bo‘lsa-da, o‘zidan nimadir qoldiribdi-ku! Yaxshimi, yomonmi, ular yaratgan asarlar har ikkisining umrini davom ettiryapti-ku! Mendan nima qoladi? Anavi noutbuk ichidagi rangsiz, bo‘sh-bayov qaydlarmi? Avvaliga bu “qaydlar” hech qachon tugatib bo‘lmaydigandek ko‘ringandi. Buning uchun o‘zimcha biror tugal nihoya, “mantiqiy yakun” bo‘lishini kutmagan edimmi? Bas, bunday ortiq va haqqoniy yakun bo‘ladimi? Ha, bu “memuar”ni o‘zim, o‘z hayotim bilan yakunlashim mumkin!...
...Jon badanimni tark etib bo‘lgandir degan xayolda edim. Yo‘q ravon fikrlayapman, qulog‘im tom bitib qolmagan ekan. Mana, go‘shakdan qisqa-qisqa gudok eshitilib turibdi. Daf’atan go‘shakni joyiga ildim, demak, qo‘llarim ishlayapti. Ko‘zlarim ko‘rayotganiga ham shubha yo‘q. Demak hali qiladigan ishimni oxiriga yetkazishga imkon bor.
Kompyuterni yoqib, haligi qaydlarni ochdim, yozganlarimni bir qur ko‘zdan kechirdim. Ko‘zimga qanchalar jo‘n, haqir bo‘lib ko‘rindi bu misralar. Kundalik qaydlar, eskirgan fikrlar, o‘zgaruvchan qalbning rangsiz manzaralari. Bu “asar”ni faqatgina Dilso‘zga bag‘ishlagan eim. Aslida bu ta’rifu tavsiflarga u munosib emasligini hozir, so‘nggi lahzalardagina his etib turibman. Avvaliga butun matnni yo‘q qilib tashlash fikri ham tug‘ildi. Buning qiyin joyi yo‘q. Matnni qoraytirib, klaviaturadagi bittagina tugmani bossam – bo‘ldi. Lekin, bunga qurbim yetmadi. Axir bu matn hayotimning so‘nggi onlarini, men yo‘l qo‘ygan eng katta va mudhish xatoni ko‘rsatib turuvchi yagona dalil. 
Balki, mendan keyin kimdir bu qaydlarni topib. Biror joyda e’lon qilar? “Ajal farishtasi”ga duch kelgan musavvir o‘limi oldidan o‘zining eng so‘nggi va muvaffaqiyatli asarini chizib qoldirdi, Xonanda yigit butun hislarini, muhabbatini qo‘shiqqa sola oldi. Mening esa, qo‘limdan kelgani shu yozuvlar bo‘ldi. 
Intihor – o‘z joniga qasd etish naqadar ulkan qabohat, kechirilmas jinoyat ekanini bilaman. Zero, biror jinoyatchi o‘z kirdikoriga qonunga zid ekani, jazo muqarrar ekanini bilmagan holda qo‘l urishini tasavvur qilolmayman. Endi hayotdan, yashashdan biror ma’no topolmasligim aniq. Hammasi tugaganini anglagan holda, muk tushib, ijodga sho‘ng‘iganim o‘zimga ham g‘alati tuyulyapti. Tepamda ajal qilichini qayrab turibdi. Menimcha, samolyot samoda halokatga uchragan payti fojia sabablarini havo kemasining “qora quti”sida yozib qoldirayotgan uchuvchidek his qilyapman o‘zimni.
Qo‘llarim toliqyapti. Hech qachon bu qadar tez va ko‘p yozmagan bo‘lsam kerak. Tong otyapti. Ulgura olmayman deb qo‘rqaman. Bo‘ldi, hoziroq kompyuterni o‘chiraman-da, derazalarni, teshik-tuynuklarni berkitaman. Keyin esa, gaz plitasining har to‘rtala yong‘ichini ochib o‘ringa qaytaman va jimgina jonimni egasiga topshiraman.

Tamom

Oqqa ko‘chirguvchidan:

Muhtaram o‘quvchi! Shundan keyin nima yuz berganini yaxshi sezib turibsiz. Uning so‘nggi qo‘lyozmasi qo‘limga qanday tushib qolganini ham batafsil yozib o‘tirishni joiz topmadim. Faqat, shunisi aniqki, siz yuqorida o‘qigan sarguzasht egasi va muallifi endi ormizda yo‘q. 
Uning ismi-sharifini, uning shaxsini fosh etishi mumkin bo‘lgan ayrim jumlalar olib tashlanganini aytmaganda, matnga biror o‘zgartirish kiritganim yo‘q. Men bilan juda yaqin edi, rahmatli. Bunday deyishimga sabab bor. Siz o‘qigan bu asarda kamina ham bir-ikki bor tilga olinganman. 
Men qo‘lyozmani o‘qib qay ahvolga tushganimni tasavvur qila olmasangiz kerak. Bu qo‘lyozmaning bir nusxasini tegishli idoralar vakillariga ham berdik. Ancha-muncha surishtiruv, qidiruv ishlari ham olib borildi. 
Bir necha oy davom etgan bunday ishlar kutilgan samarani bermadi. Ajablanarlisi, marhum yozuvchining asaridagi Dilso‘zdan biror nomu nishon topilmadi. Fojea yuz bergan kuni marhum oxirgi marta o‘sha ayol bilan telefonda gaplashgani yozgan edi. Tavajjubki, telefon stantsiyasidagilarning shahodat berishicha, xuddi shu kuni kechki payt uning uyiga hech kim qo‘ng‘iroq qilmagan. 
Beixtiyor marhumning satrlari haqiqatga yaqindek tuyulaveradi: “Balki, hech qanday Dilso‘zning o‘zi bo‘lmagandir?”. Bu muammoni yechishga mening aqlim ham, kuchim ham yetmadi. Zotan, sizu biz yashab turgan bu ko‘hna olam yechimsiz jumboqlarga, siru sinoatlarga to‘lib-toshib yotibdi. Yuqorida o‘qiganingiz fojeiy hikoyadan qanday xulosa chiqarish o‘zimizga havola.
Marhumning istagiga ko‘ra uni siz aziz o‘quvchilarga qanday bo‘lsa shundayligicha yetkazdik, xolos.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.