OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Yo‘qolgan ko‘richak (hajviya)

Ertalab. Vrachlar xonasi. Katta oyna qarshisida o‘z aksiga qarab patila sochini tarayotgan, ko‘zlari kirtaygan, soqoli o‘sgan yuzlari so‘lg‘in, burni so‘rraygan, qotma jarroh Qoraboev navbatchilikni topshiryapti. Allaqachon oq xalati va qalpog‘ini kiyib, divanda oyoqlarini chalishtirib, bir qo‘lini divan orqasiga oshirib, yastanib o‘tirgan yuzlari qip-qizil, xo‘ppa semiz, tepakal jarroh Oqboev navbatchilikni qabul qilyapti. U kiyinib-taranayotgan Qoraboevdan so‘radi:
– Xo‘sh, qalay?
– He-e, bo‘madi, – horg‘in qo‘l siltadi Qoraboev.
– Nega? Bemor o‘lib qoldimi?
– Yo‘g‘-e. Bemor tirik. Tushum bo‘lmadi. Cho‘ntak quruq.
– Ha-a, shunday deng. Chatoq bo‘pti. Tun bo‘yi ishlaganingga yarasha tushum bo‘lib tursa. Charchaganing ham bilinmaydi-da...
– Hali bu holva. Kechasi bilan oyoqda tik turganimizni aytmaysizmi...
– Nega, nega? Yana nima gap?
– Kecha o‘zi bitta-yu bitta bemor tushdi. Shuning operatsiyasi deb tinmadik-da.
– Og‘irmidi? Nima bilan?
– He-e, juda oddiy. Ko‘richak...
– Ko‘richak?! Nahotki yorilib ketgan bo‘lsa?
– He, bundan ko‘ra yorilgani yaxshi edi-e... 
– Ie, nega? Nima bo‘ldi o‘zi?
– Shu desangiz, ko‘richagi topilmay rosa ovora qildi-da.
– Yo‘g‘-e?!
– Rost, rost. Kechasi o‘zi asosiy navbatchi jarroh Sakboev edi...
– Isoqboevmi?
– Ha-da. Odamlar uni orqavarotdan Sakboev deyishadi-ku. Qo‘pol-da, o‘shanga...
– Ha, bilaman. Xo‘sh, xo‘sh?
– Men esa yordamchi jarroh bo‘lib turdim. Operatsiya xonasiga kirganimda Sakboev allaqchon bemorning qornini yorgan ekan. Endi desangiz, ikkovlashib har izlaymiz, har izlaymiz... Ko‘richagi yo‘q. Bilmayman, bir soat izladikmi, ikki soatmi, ichaklarini ag‘dar-to‘ntar qilib, qarichma-qarich “reviziya” qilib chiqdik. Yo‘q. Topolmadik...
– O‘h-ho‘-o‘. Bemor ham rosa qiynalibdi-da...
– He, so‘ramang. O‘ziyam operatsiyani mahalliy og‘riqsizlantirib qilganmiz. Bemorning hushi joyida. Dorining kuchi esa vaqt o‘tgan sayin kamaymoqda. Ichaklarini har tortib, ag‘darganda bemor ayol “Dod!” deydi. Sakboev esa “Jim yot!” deb baqiradi, ayamay so‘kadi. He-e, – Qoraboev labini tishlab, yerga qaraganicha bosh chayqaydi: – U chatoq, Sakboev deganicha bor ekan-ey...
– Xo‘sh, keyin-chi? Topdinglarmi, ishqilib?! – Cabri chidamay so‘radi Oqboev.
– He, qaerda deysiz. Topolmadik...
– Yo‘g‘-e?! – Oqboev ko‘zlarini katta ochib, yoqasini ushladi. – Tavba! Xo‘sh, so‘ng-chi?
– So‘ng Sakboev o‘zining ustozi Sanginovga “Tez yordam” yubortirdi...
– Eh-he-e. Yarim kechasi-ya?! Sanginovning uyi ham tumanning narigi chetida-ku? Borib kelguncha ikki soat o‘tadi... 
– Nachora... ?bordik-da.
– Bemor-chi? Qorni ochiq yotaverdimi?
– Nimayam qilardi, bechora. Yotdi qorniga teril doka yopib qo‘ydik. Og‘riqsizlantiruvchi ukol qildik. O‘zimiz ham ... dam oldik, kitob varaqladik. Uyqu qochsin deb bir piyoladan choy ichdik...
– He o‘lmanglar... – Oqboev “hi-hi”lab kuldi. – Xo‘sh, so‘ng Sanginov kelib topdimi ko‘richakni?
– Yo‘q. Topolmadi.
– Yo‘g‘-e?! Shunday usta jarroh-a?! – ko‘zlari ola-kula bo‘ldi Oqboevning.
– He, bu yog‘ini eshiting, – negadir kulib davom etdi Qoraboev. – Sanginov ham izlab-izlab topolmagach, hayron bo‘lib, “uf-f, bu ordona qolgur qaerga yo‘qoldi?” deb to‘satdan baqirib yuborgan edi, bemor cho‘chib ko‘zini ochdi va “Duxtur, nimani izlayotibsizlar?” dedi qiziqib. “Nimani bo‘lardi, ko‘richagingni-da. Jim yot!”, deb Sakboev unga yana o‘shqirdi. Shunda bemor birdan “Voy, duxtur, menda ko‘richak yo‘q... O‘n yil avval oldirib tashlaganman...” desa bo‘ladimi. Hammamiz taxta bo‘lib qoldik. Bizga yordam berib turgan hamshira “piq” etib kulib yubordi. Sakboev ko‘zlari olayib, oyoq-qo‘li dag‘-dag‘ titrab bir bemorga qaraydi, bir Sanginovga. Shu payt Sanginov qarsillatib Sakboevga shapaloq tortib yubordi-ya. Men qochib qoldim. Rosa jahli chiqdi. “He, ko‘zing ko‘r bo‘lgurlar, o‘zingniyam, meni ham qiynamay avval bemorning o‘zidan so‘ramaysanlarmi, ahmoq, eshakmiya yeganlar...” deb rosa baqirdi. “Sen-chi” deb, menga ham o‘shqirdi. Men operatsiyaga keyinroq kirganimni aytib qutuldim. Sakboev esa ... oladiganini oldi. Lekin uni ham tushunsa bo‘ladi. Bemor ayol juda semiz, qorni katta ekan. Eski chandig‘i bilinmay ketganmish, ko‘rmabdi. Aybi so‘ramagani... Bilasiz-ku, o‘zi sal hovliqmaroq...
– Obbo sizlar-ey... Rosa qiynalibsizlar-da... – dedi Oqboev kinoyaomuz kulib.
– He-e, nimasini aytasiz. Sharmanda bo‘ldik, sharmanda – dedi Qoraboev ham tirjayib, eshik tomon yurarkan. Oqboevga qarab yana pisanda qildi:
– Tag‘in buni birovga gullab yurmang-a. Sizni o‘zimizniki deb aytdim. Tibbiy sir. Hih-hih-hi-hi...
– Yo‘g‘-e, o‘libmanmi aytib. Sizning siringiz mening sirim-da, – dedi Oqboev kula-kula uni uyiga kuzatarkan...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.