OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Dadamning o’rtog‘i (hajviya)

Ertalab uyg‘onib, devor soatga qarasam, yettidan oshibdi. Har kuni xuddi shu vaqtda dadam karavotimga engashib: «Tur, kichkina Yo‘ldoshev», deb uyg‘otar edi. Men darrov turar edim-da, nonushtadan keyin, dadamning «Pobeda»sida shofyorning yoniga o‘tirib ketardim. Maktabga yetganimizda, dadam: «Qani tushing endi, kichkina Yo‘ldoshev», deb tashlab o‘tib ketar edi.
Hozir soat yettidan oshib ketgan bo‘lsa ham, dadam xurrak otib uxlab yotardi. Bugun dam olish kunimikin deb o‘ylab, kalendarga qaradim. Yo‘q, ish kuni. Hayron bo‘lib o‘rnimdan turdim.
— Qani, tez bo‘l, darsdan kechga qolasan! — dedi oyim stol ustiga nonushta tayyorlayotganda.
Men ajablanib, oyimning ko‘ziga qaradim. Uning ko‘zlari qizargan edi, rosa yig‘laganga o‘xshaydi.
— Dadam...
Gapimni ham tugatmagan edim, u meni senlab jerkib tashladi. Oyim doim shunaqa qiladi. «O’n olti yoshga yetmagan bolalar kattalarning gapiga aralashmasligi kerak», deydi. Nima, o‘n olti yoshga yetmaganlar odam emasmi! Kechki kinoga ham kiritishmaydi. Teatrga-ku mutlaqo yo‘l yo‘q.
Qovoq-tumshug‘imni osiltirib, o‘rnimdan turdim. Bir hisobda, dadamning uxlab yotgani menga juda yaxshi bo‘ldi. «Pobeda»da bir o‘zim maza qilib ketaman.
Choyni ham ichib bo‘ldim. Ammo shofyordan darak yo‘q.
— Nima qilib o‘tiribsan, bunaqada maktabga qachon borasan, jo‘namaysanmi?
— Shoshmang, oyijon, mashinamiz kelsin. Oyimning ko‘zidan o‘t chaqnab ketdi. 
Hozir qulog‘imning tagiga bir tarsaki tushib qolarmikin, deb o‘yladim. Yo‘q, urmadi. Qo‘limdan siltab, hovliga olib chiqdi-da, jo‘na, deb baqirdi.
— Endi mashina yo‘q, dadang ishdan bo‘shagan. 
O’ylab o‘yimga yetolmasdim. Nega o‘n olti yoshdan oshgan kap-katta odam ishdan bo‘shaydi? Nima yomonlik qildi? Shu kun darsda qanday o‘tirganimni bilmadim. Hech balo miyamga kirmadi. Zo‘rg‘a uch bahoga ilindim. Ming xayol bilan uyga kelsam, dadam bilan oyim qayoqqadir ketay deb turishgan ekan.
— Telefonning tagidan jilmay tur, xo‘pmi! — deb, dadam oyim bilan boshlashib chiqib ketdi.
Men telefon oldida o‘tirib «Pobeda»da maza qilib yurgan vaqtlarimni o‘ylay boshladim. Derazamiz tagidan kimdir o‘tdi, bo‘ynimni cho‘zib qarasam, Halimov amakim hovlimizga kirib kelyaptilar. Halimov amakim o‘tgan hafta Moskvaga ketgan edilar. O’zlari juda yaxshi kishi, dadamning qo‘lida ishlaydilar. Biznikiga har kelganlarida dadamga bildirmay menga shokolad, oyimga yo atir, yo kapron paypoq olib keladilar. Oyimning tug‘ilgan kuni bo‘lganda, tilla soat ham olib kelganlar. Halimov amakim shunaqa yaxshi odam, Moskvaga ketayotganlarida bizning «Pobeda»da vokzalga chiqqanlar, o‘shanda menga matroscha ko‘ylak, oyimga krep-fantaziya degan ko‘ylaklik sovg‘a olib kelaman, degan edilar.
Halimov amakim uyga kirishlari bilan yugurib borib, bo‘yinlariga osildim.
— Qachon keldingiz, amaki, Moskvadan?
— Hozir, hozir poezddan tushdimu xo‘jayinning uyiga yugurdim-da. Hali uyimga ham, ishxonamga ham borganim yo‘q.
Qog‘ozga o‘rog‘lik narsalarni olib, stol ustiga qo‘ya boshladilar.
— Mana, sovg‘alarni...
— Shoshmang, shoshmang, amaki, — deb gaplarini bo‘ldim, — dadam ishdan bo‘shadi. Ishdan bo‘shasa yaxshi bo‘ladimi, yomon bo‘ladimi?
Halimov amakimning qisiq ko‘zlari yigirma tiyinlik tangadek dum-dumaloq bo‘lib ketdi.
— Nima deding?
Men boyagi aytgan gaplarimni qaytardim. Halimov amakimning dumaloq ko‘zlari yeli chiqib ketayotgan pufakdek, sekin-sekin kichrayib, yana boyagidek bujmayib qoldi.
— Matros ko‘ylak olib keldingizmi, amaki? — deb so‘radim.
Halimov amakim o‘ylab turib, bosh chayqadilar.
— Topolmadim.
Stol ustidagi narsalarni qaytarib yana chamadonga joyladilar-da, «kelganimni aytmay qo‘ya qol» deb chiqib ketdilar.
Kechqurun dadam «hech kim telefon qilmadimi?» deb so‘radi. Men yo‘q dedim.
— Halimov amakim kelib ketdilar, kelganimni dadangga aytma, deb tayinladilar.
— Hech narsa berib ketmadimi? — deb so‘radi oyim.
— Chamadonlarini ochdilaru, keyin yana bekitib qo‘ydilar.
Oyim jahl bilan telefon nomerlarini terdi.
— Halimov! Hoy, Halimov, men... Tavba, otimni aytishim bilan trubkani qo‘yib qo‘ydi-ya.
— O’zimi?
— Ha, o‘zi. Halimovman dedi, otimni aytsam...
Shu kecha ertalabgacha dadam bilan oyim uxlashmadi. Dadam yotgan yerida papiros chekar, oyim yig‘lamsirab gapirar edi:
— Halimov sizning orqangizda uchastkali bo‘ldi.
— Nima deding?
— Halimov deyman, sizning orqangizda...
— Gapingga tushunmayapman. Nima deb aljiyapsan? 
Oyim ancha vaqt jim turib keyin bir xo‘rsinib qo‘ydi.
— Yaxshi odam ekan deb, u yer-bu yerga telefon qilib, taxta, tunukalarni sizning nomingizdan to‘g‘rilab bergan edim.
Ko‘rpadan bosh chiqazib, gapga qo‘shildim:
— Halimov amakim oyimga tilla soat sovg‘a qilganlar-ku!
— Jim yot! — dedi oyim baqirib.
Dadam ot pishqirgandek xo‘rsindi. Keyin yo‘taldimi, aksa urdimi, bilmadim.
Oyimning gaplariga quloq solib yotdim. Oyim juda to‘g‘ri aytyapti. Dadam ishdan bo‘shamasdan oldin uyimizdan mehmon arimasdi. Halimov qar xil konservalar, konfetlar olib kelardi. Shofyorimiz Halimov amakimning to‘ylaridan mast bo‘lib, kalishini poyma-poy kiyib kelgani esimga tushib, piqirlab kulib yubordim.
Oyim yana jerkib tashladi:
— Kap-katta bola, bu nima, jinnilarga o‘xshab... 
Baribir ko‘rpaga boshimni burkab, yana o‘ylay berdim. Halimov amakim uchastka qurayotganlarida biznikiga juda ko‘p kelardilar. O’sha paytlar men har kuni shokolad yerdim. Oyimning atirlari ham juda ko‘payib ketgan edi.
Oyim uh tortib, dedi:
— Bu Halimov ham rasvo, yomon odam ekan.
Dadam indamadi. Faqat papirosini shunday tortdiki, uning cho‘g‘i karavot qubbalarini yaltiratib yubordi.
— Endi o‘rningizga kim tayin bo‘larkin? Dadam indamadi.
Oyim juda yolg‘onchi-da. Jahli chiqsa shunaqa yolg‘on gapiraveradi. Agar u yolg‘onchi bo‘lmasa, o‘ziga shuncha atirlar olib kelgan, tilla soat taqdim qilgan kishini rasvo, yomon odam deydimi?
Menga oyimning o‘zi «Halimov amaking juda yaxshi odam-da», deb aytgan edi-ku! U aytmasa ham, o‘zim yaxshiligini bilardim.
Shunaqa xayollar bilan uxlab qopman.
Ertalab uyg‘onsam, dadam hali ham papiros chekib yotardi. Oyim dahlizda kerogazni yoqolmay, hammayoqni tutun qilib yuboribdi. U jahlidan ko‘karib, hadeb Halimov amakimni qarg‘ardi. Uning bu holidan Halimov amakim tilla soatni qistabdi shekilli, deb o‘ylab qoldim. Oyim uyga kirib, kosaga tuxum chaqib solayotganda so‘radim:
— Oyi, dadamning o‘rniga tayin bo‘ladigan kishining o‘g‘li bormi?
Oyim menga shunday o‘qrayib qaradiki, nazarimda menga emas, soatni qistayotgan Halimov amakimga qaragandek edi. Men qochib, narigi uyga chiqib ketdim.
Dadamning arizasi bir yoqli bo‘lguncha, Halimov amakim biznikiga telefon qilmadilar. Oradan o‘ttiz sakkiz kun o‘tgandan keyin ertalab roppa-rosa sakkizda telefonimiz jiringladi. Shu jiringlaganicha kechgacha jiringlay berdi. Oyim negadir bo‘lar-bo‘lmasga hiringlab kuladigan bo‘lib qoldi. Dadam trubkani olib, qisqa-qisqa javob berardi. Qoq peshinda Halimov amakim bir korzinka narsa olib keldilar, eshikdan kirishlari bilan menga shokolad, oyimga krep-fantaziya tutqazdilar. Dadam oyimning qo‘lidan uni yulib oldi-yu, jahl bilan Halimov amakimning oldilariga irg‘itib tashladi. U shokoladni ham olmoqchi edi, shoshib og‘zimga solib, liq etib yutib yubora qoldim. Dadam qo‘limdan ushlab narigi uyga olib chiqib, eshikni taq etib yopib qo‘ydi. Keyin jahl bilan qattiq-qattiq gapira boshladi. Eshikning tirqishidan quloq soldim.
— Siz yaramas odamsiz! Sizda vijdon degan narsa yo‘q! Ko‘zimning yog‘ini yeb, boshimga ish tushganda qochdingiz. Yana ishga tayin bo‘lganimni eshitib keldingizmi? Boring, keting bu yerdan. Sizning latta-putta sovg‘alaringizga muhtoj emasman. Bolalarning boshini aylantirmang.
Halimov amakim dadamning ko‘zidagi yog‘ni yeb qo‘ygan ekan-da, deb o‘yladim. U kishi juda xafa bo‘lib chiqib ketdilar. Dadam shundoq yaxshi odamni xafa qildi, deb achindim.
Ertalab dadamning «Pobeda»si keldi. Endi dadam meni maktabimga, oyimni atelega «Pobeda»da olib bormay qo‘ydi. Tavba, oyim bilan men unga nima yomonlik qilgan ekanmiz!

1956 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.