OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Gap (hajviya)

Hamma gap gapda.
Soliya amma qorani oq deb ishontira oladi. Oqni qora qilib ko‘rsatish unga bir qultum suvni yutgandek gap.
Kelinini yomonlaganda:
— Ha, ishlab nima topardi. Yarim oylik moyanasiga sakkizta dirdov qo‘y ham kelmaydi.
O‘g‘lini maqtaganda:
— Yarim oylik moyanasiga sakkizta bo‘rdoqi tovuq keladi.
Kuyovini maqtaganda:
— Kuyovimning ichganidan bo‘shagan shishalariga ikki oila bemalol ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladi.
Akasini maqtaganda:
— Ishqilib topib kelmasa hamki, erkaklik uyning fayzi boshqacha bo‘ladi-da.
Qudasini yomonlaganda:
— Biram bachkana, biram bachkana, kalavotda yotishiga balo bormi?
Qizini maqtaganda:
— Shu kenja qizim ham opalariga o‘xshab nozikkina chiqdi. Yursa hovli to‘lib ketadi. Avtomobili yo‘q odam ostonamga sovchi yuborib, ovora bo‘lmay qo‘yaqol-sin.
O‘zini gapirganda:
— Yoshligimdayam shunaqa kelishimlikkina edim, uncha chiroylik emasdim-ku, lekin istaram o‘lgur issiq.
Xullas, kim qanaqaligini bilmoqchi bo‘lsa Soliya ammani oyna qilib qarasin. O‘zini «tochniy» ko‘radi.
Adresi: Ko‘kcha, Qatiq bozori.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.