OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Napoleon Mamajonov (hajviya)

Bu voqeani yoshligimda tushimda ko‘rganmanmi, o‘ngimda ko‘rganmanmi, esimda yo‘q. Balki yoshlik paytlarimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandirman, yo birovdan eshitgandirman. Lekin aytib bersa arzigulik voqea.
Mahallamizda Mamajon lo‘mboz degan devdek kishi bo‘lardi. Bo‘yi unchalik daroz emasdi-ku, ammo eniga qarichlab o‘lchasa ikki gazdan oshiq chiqardi. O’tirganda dumbasi quymoqqa o‘xshab yoyilib ketib uch gazcha doira yasardi. Qorni shu qadar osilib ketgandiki, o‘tirganda yerga yozsa bir ko‘rpachalik joyga nari ketib qolardi. Kindigi qichiganda qo‘li yetmay, otashkurak bilan qashlardi.
Uning farzandlari esli-hushli, toparmon-tutarmon, to‘kis, hamiyatli bo‘lishdi. O’lar o‘z otalarini sira o‘ksitib qo‘yishmasdi. Yuvintirib, kiyintirib turishardi. Chol o‘rnidan turolmas, tashqariga chiqolmasdi. Shuning uchun ham bolalari u o‘tirgan polning tagidan teshik ochib, paqir osib qo‘yishgandi. Chol ortiqcha qiynalmay, aziyat chekmay, o‘tirgan yerida ishini bitqazaverardi.
Bir kuni hovliga o‘zbekcha biladigan bitta o‘ris bilan Abdullajon degan biolog olim kirib keldi. Chol bilan quyuq ko‘rishib, ortiqcha chaynalmay maqsadni aytib qo‘yaqolishdi.
— Sizga bir iltimos bilan hayvonot bog‘i ma’muriyati nomidan keldik. Afrikadan olib kelgan tuyaqushimiz ovqatdan zaharlanib, o‘lib qoldi. Tuyaqushning bu xilidan dunyoda atigi ikkitagina qolgandi. Makiyon bizda, xo‘rozi Buyuk Britaniyada. Yaqinda uni Londonga oborib xo‘roziga bostirib kelgandik. Rahmatlidan ikki dona tuxum qolgan. Ularni bostirib chiqarishga bironta o‘ziga mos parranda yo‘q. Shu oy ichi bostirmasak palag‘da bo‘lib qoladi. U holda tarix bizni kechirmaydi. Agar shu tuxumlarni yigirma kun bosib bersangiz, jahon faniga buyuk hissa qo‘shgan bo‘lardingiz. Nomingiz tarix sahifalariga oltin harflar bilan yozilardi. Balki biron ilmiy markaz hovlisiga haykalingiz qo‘yilishi ham mumkin. Yo‘q demang, agar muvaffaqiyat bilan ochib chiqarsangiz, sizni umrbod nafaqa bilan ta’minlashni yozma ravishda rasmiylashtiramiz.
Mamajon lo‘mboz, kechirasizlar, Mamajon ota o‘ylanib qoldi. Nima desa ekan? Modomiki, ish shu darajaga yetgan ekan, shu arzimagan yumush bilan butunlay yo‘qolib ketayotgan parrandaning naslini saqlab qolar ekan, yo‘q, deyish gunoh-ku. Yo‘q, desa xudoning g‘azabiga uchramaydimi? Chol o‘zini u yoqqa-bu yoqqa tashlamay, darrov xo‘p dedi.
— Opke, tuyaqushing tuxumini, o‘zim yaxshilab bosib, ochib chiqarib berganim bo‘lsin.
O’sha kuni tushlikka qolmay hayvonot bog‘idan ustalar kelib uylarni oqlashdi. Derazalarga oq dokalar tutishdi. Pollarni yarqiratib yuvib chiqishdi. Eshik va deraza tutqichlarini spirt bilan artishdi. «Xonaga xalatsiz kirish man qilinadi», degan yozuv osib qo‘yishdi.
Kechga yaqin ikkita par yostiqqa ehtiyot qilib yotqizilgan, har biri Mirzacho‘lning qovunidek keladigan tuxumlarni usti ochiq «Volga»da melisa qo‘riqchiligida olib kelishdi.
Otaxonning ko‘pchigan xamirdek kilkillab turgan qornining kindik tomoni tagiga patnis tiqib asta ko‘tarishdi. O’ris olim qorin tagiga emaklab kirib ikkita tuxumni qo‘yib chiqdi.
Shundan keyin ayvonga ikkita yig‘ma karavot qo‘yilib, ustiga ohorli oppoq g‘ilof kiydirilgan ko‘rpa-yostiqlar to‘shaldi.
Melisadan odam kelib, ko‘cha boshiga moshin kirishini taqiqlovchi belgi bilan «ob’ezd» degan taxtacha ilib qo‘ydi.
— Otaxon, — dedi o‘zbek olim. — Mening familiyam Abdullaev. Manavuning familiyasi Sokolov, bilib qo‘yganingiz yaxshi.
Ikki olim uning atrofida girdikapalak bo‘lib aylanishar, suv desa suv, osh desa osh, og‘zidan chiqmay muhayyo qilishardi. Kuniga uch-to‘rt mahal qo‘ltig‘iga filning issiqligini o‘lchaydigan bir yarim gaz keladigan harorat o‘lchagichni qo‘yib ko‘rishardi. Yo‘talsa ikkovi bab-barobar sakrab turishardi.
Shu alpozda yigirma ikki kun o‘tdi. Hamon jo‘jadan darak yo‘q.
Bir kuni Abdullaev otaga dedi:
— Otaxon, singlim qizini chiqazayotgan edi. Bir kunga ruxsat berasiz. Ertalabki oshni o‘tqazamanu orqamga qaytaman, sizga Sokolov qarab turadi.
— Boraver, bolam, bemalol to‘yingni o‘tkazib kelaver, — deb unga ruxsat berdi Mamajon ota.
Avji sahar payti edi. Osmon to‘la yulduzlar birin-ketin ko‘z yuma boshlagan farahli tong pallasida cholning kindigi tagida bir nima chirs etgandek bo‘ldi. Sal o‘tmay ketma-ket chirsillagan tovush qaytarilaverdi. Xuddi o‘sha yerida nimadir g‘imirlayotganga o‘xshadi. O’xshadi emas, rosmana g‘imirladi. Chol qo‘rqib ketdi. U o‘ris tilini yaxshi tushunardi-yu, gapirishi «tvoya-moya» edi.
— Sakalo‘p, — dedi u tashvishli bir tovushda. — Moya jivo‘t zemletreseniya delaet.
Sokolov avvaliga chol nima deyayotganiga tushunmay serrayib turdi. Keyin birdan o‘yinga tushib ketdi. Shu o‘ynaganicha ko‘chaga chiqib, ikki yigitni boshlab kirdi.
— Nu-ka, patsani, babayskiy jivo‘t podnimim. 
Ikki yigit cholning qornini ko‘rpaning qatini ochayotgandek qilib ko‘tarib turishdi. Sokolov qorin tagiga emaklab kirib ketdi-yu, sal o‘tmay ikkita lo‘mbozdek jo‘jani ko‘tarib chiqdi.
— Ayda malades, ayda Mamadjan, — deb qichqirardi u. — Odin petux, odna marja, ayda malades.
Agar yo‘lingiz tushib qolsa, shahrimizdagi hayvonot bog‘iga bir kiring. Albatta, kiring. Parrandalar saqlanadigan joy oldida bir dam to‘xtang. Tepasiga «Mamajon otaning farzandlari», degan yozuv ilingan katakka qarang. Unda yetti-sakkizta tuyaqush jo‘jasi dikonglab o‘ynab yuripti. Buni qarangki, gerdayib yurgan bitta jo‘jaxo‘ro-zini Napoleon Mamajonov deb chaqirishar ekan.
Ishonmadingiz-a? Mayli, ixtiyor o‘zingizda.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.