OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Onajonlar (hikoya)

Bugun uch kun bo‘ldi kampirdan darak yo‘q. Unga juda o‘rganib qolgan edik. Har gal u sutmi, shaftolimi olib kelganida, baragimizga kirib, u yoq-bu yoqni sinchiklab qarardi-da, koyishga tushib ketardi. Idishlarimiz yuvuqsiz, o‘rinlarimiz yig‘ishtirilmay qolganini u kelgandagina sezardik... To‘g‘risi, uning koyishlari bizga yoqardi. Uning tovushini eshitganda har kim qishloqda qolgan o‘z onasini eslab ketardi.
U ketganda kuni bilan jaziramada ishlab charchashimga qaramay uyimni, onamni, ukalarimni o‘ylab, ancha vaqtgacha uxlayolmay yotardim. Saraton oftobi qovjiratgan sahro giyohlari kech shabadada allaqanday hid chiqarib, butun cho‘l bo‘ylab aylanib yurardi. Osmon to‘la yulduz. Oy tepaga kelib, qimirlamay turib oladi. Daryo shovillaydi. To‘g‘on tepasida elektrpayvand chaqin chaqadi. Uning o‘kdek yugurik ko‘kimtir nuri tepamdan o‘tib, cho‘l qo‘yniga kirib ketadi.
Bu manzara, bu hislarni ko‘pincha sezmay qolardim. Kampir kelib-ketgan kunlardagina shunaqa hislar vujudimni qamrab oladi. Olamni ko‘rayotgandek bo‘laman. Shu sokin oqshomda qaerdadir, juda olisda jang ketayotganini, o‘t chaqinlari orasida kampirning o‘g‘li goh emaklab, goh yugurib oldinga intilayotganini ko‘rib turgandek bo‘laman.
Oramizda onalik mehriga to‘ymagan yetim bolalar ham bor edi. Ular kampir kelganda atrofida girdikapalak bo‘lishardi. Topgan-tutganlarini oldiga to‘kib solishardi. Shunday bo‘lsa ham u koyishdan tinmasdi. Hadeb bizni urishaverardi. Bilaman, onalar shunaqa bo‘ladi. Bolani, hatto u bola-chaqalik bo‘lganda ham koyiyverishadi.
Kim bilsin, u ham yolg‘izlikdan o‘rtanib, dilini yozish uchun oldimizga kelayotgandir. Kim bilsin, u bizni ko‘rganda o‘g‘lini ko‘rgandek bo‘lar.
Uch kun bo‘ldi uni ko‘rmaganimizga. Bugun ish zo‘r bo‘ldi. Kuni bilan zavoddan qaynoq tsement tashidim. Mashinamning kabinasi jaziramada dazmoldek qizib ketdi. Horib-charchab kelarkanman, kampir to‘g‘on ustida meni kutib turardi.
— Ne’matdan xat, o‘qib ber, bolam.
Uning qo‘lidan uch burchak xatni olib, tabelchining budkasiga boshladim. Naryadchi qiz kursisini bo‘shatib berdi. Xatni o‘qiyotganimda kampir ikki qo‘lini tizzasiga tirab, jimgina quloq solib o‘tirdi.
O‘g‘li sog‘-salomatligini aytib, yaralanib gospitalga tushib qolganini, yaqinda uyiga butunlay javob tegishini aytgan edi. Kampirning ko‘zlari besaranjom bo‘lib qoldi. Qo‘limdan xatni olib orqa-o‘ngini ag‘darib qaradi.
— Hammasini o‘qidingmi? Biron joyini tashlab ketmadingmi? Qaeridan yaralanganini o‘qib bermading-ku!
Xatda Ne’mat qaeridan yaralanganini aytmagan edi. Kampir tashvishda qoldi. Xat bilan bo‘lib, budkaga qizlar kirishganini, ular jim turib suhbatimizga quloq solishayotganini bilmay qolibmiz.
Qizlar kampirni alahsitish uchun birdan chuvillab yuborishdi.
— Xolajon, o‘g‘lingiz kelganda meni kelin qilasizmi?
Kampir unga qarab kulib yubordi.
— Senimi? Ahvolingni qara, soching paxmoq, burning puchuq.
— Ho, — dedi gap qotgan qiz, — yaxshilab qarang, pardoz qilsam oydek kelin bo‘laman.
Hammamiz qotib-qotib kulishdik. Kampir birdan qizlarni koyib ketdi.
— O‘zlaringga qarasangiz bo‘lmaydimi, qiz bola degan o‘ziga qarab turadi. Uyimga keling, qatiq ivitib qo‘yganman, bosh-moshlaringni yuvib olasanlar. O‘smam ham otquloq bo‘lib yotibdi.
Kampir ketdi. U ketdi-yu, qizlarning kulgilarini ham o‘zi bilan olib ketgandek bo‘ldi. Birdaniga hammasining uyi, onasi, onasining beozor koyishlari esiga tushib ketdi. Qoziqda dazmollanganicha qolib ketgan atlas ko‘ylaqdan tortib, ko‘ngilni rom qilgan yigitigacha, ariq bo‘yidagi oshrayhondan tortib, bolamning nasibasi deb yedirmay, ariga talatmay onalari saqlab qo‘ygan so‘ridagi uzumgacha shu onda budka ichiga kelib qolgandek bo‘ldi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, kampir baragimizga kelmay qo‘ydi. Uni goh katta yo‘lda, dasturxonga tugilgan paxtani boshiga qo‘yib, goh chelakda ohak olib ketayotganini ko‘rib qolardik.
Bilib turibmiz. U o‘g‘lining kelishiga tayyorlanayotibdi.
Uning uyi bosh to‘g‘on tushayotgan do‘ngning nari yog‘idagi o‘rikzorda edi. Hovlisidagi bir tup azamat sadaqayrag‘och uzokdan ko‘rinib turadi. Eri daryoda qayiqchilik qilgan. Islohot yillari erini dushmanlar daryoga cho‘ktirib yuborishgan. Bitta-yu bitta o‘g‘li frontga ketgan. Huvillab qolgan katta hovlida bir o‘zi yashaydi. Kechqurunlari eshigi oldidagi supada hassasini yerga tirab, o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tutib o‘tiradi. Qorong‘i tushgandagina kirib, alla-pallagacha uxlamay, tiq etsa eshikka qarab yotadi. Diqqati oshib, dili qorong‘i bo‘lib ketgan kezlarda chelakni shaftoliga to‘ldirib, yotog‘imizga kelib qoladi. Bizni koyib-koyib taftini bosib ketadi.
O‘zingiz bilasiz, nimaiki yangi gap chiqsa, avval shofyor xalqi biladi. Boshlig‘imizning mashinasini haydaydigan hamkasbim bir gap aytib qoldi. Ertadan daryoning eski yo‘li to‘silarmish. Suv ko‘tarilganda o‘rikzorni suv bosarmish. Uch-to‘rt kundan keyin o‘sha yerda yashaydiganlar ko‘chirilarmish.
Shu gapni eshitdimu, yuragim jiz etib ketdi. Demak, kampir ham boshqa yoqqa ko‘chiriladi. Axir, u o‘g‘lining kelishiga uy oqlab, devor-toshlarini tuzatayotgan edi-ku!
Oshnamning aytgani keldi. Garajda majlis bo‘lib, bizni o‘rikzorliklarni ko‘chirishga ajratishdi. Kampirni ko‘chirishni o‘zim so‘rab oldim.
Erta bilan ming xijolatda mashinamni kampirning uyiga olib bordim.
Kampir supada ikki tizzasiga qo‘lini tirab o‘tirardi. Bosh ko‘tarib menga qaramadi. Atrofga razm soldim. Imorati ancha nurab qolgan bo‘lsa ham, devorlari oqlanib, deraza oynalari artilib, top-toza qilib qo‘yilgan edi. Hovli supurilgan. Ariq bo‘yida atirgul, qashqargul ochilib yotibdi. Devor yonidagi ikki tup shaftolining shoxlari egilgan. Supadan daryo, to‘g‘ondagi kranlar ko‘rinib turibdi. Hovli ichi jimjit. Motorlarning shovqini eshitilmaydi.
Ilgarigi vaqtlarda xotinlar bazm qilishganda, erkaklar eshitmasin deb deraza oldilariga suv to‘la chelaklarni terib qo‘yishardi, deb eshitardim. Demak, suv ovozni to‘sar ekan-da. Bo‘lmasa quloqni bitiradigan motor tovushlari eshitilmasmidi. Kampir boshini ko‘tarmay, «keldingmi?» dedi.
Nim^a deyishimni bilmay serrayib turib qoldim.
— Yo‘q, uyimga achinmayman. Hukumatdan ayaydigan joyim yo‘q. Odamlar jonini ayamayapti-ku, shu kulbaga hukumatdan pul olamanmi?! Men shunaqa tanti xotinman. Faqat Ne’matginam kelganda meni topolmay sarson bo‘lmasmikin, deyman.
Yuragim to‘lqinlanib ketdi. Kampir tizzasiga tiralib o‘rnidan turdi:
— Yuklarni tugib qo‘yganman. Mashinangga olib chiqaver. Menda nima ham bor, deysan. Kelinga atagan bisotimdan boshqa narsam yo‘q. Sigirni ertaga o‘zim yetaklab ketaman...
Yuklarni tashib bo‘lgunimcha kampir hassasiga tayanib, sadaqayrag‘ochga tikilib turaverdi. Mashina joyidan qo‘zg‘alganda uning o‘pkasi to‘lib xo‘rsindi. Yig‘larmikin degan edim. Yig‘lamadi. Qayrilib orqasiga qaramadi ham. Ammo men bir kiprik qoqsam tamom. Ko‘zlarimdan yosh oqaman deb turibdi.
Axir bu xotin shu kulbada ellik yil umr kechirib, ne kunlarni ko‘rmagan. Ochligiga ham, to‘qligiga ham, baxtiga ham, baxtsizligiga ham guvoh bo‘lgan uy, uning alamli kunlarini sir qilib saqlagan devorlar qoldi.
To tsement zavodi posyolkasiga yetgunimizcha undan sado chiqmadi. Yangi qurilgan, yonida chorbog‘chasi bor uyga ko‘chlarni tushirdik. Kampir uylarini aylanib, chorbog‘ni kezib chiqdi. Uning yuzidan, ko‘zidan yangi joyning yoqqan-yoqmaganligini bilib bo‘lmasdi.
Ketayotganimizda kampir, meni yolg‘izlatma, Ne’matim kelguncha shu yerda tura qol, o‘g‘limdek bo‘lib qolding, Ne’matimga qiyomatlik aka bo‘l, deb yalindi. Ikki kundan keyin ko‘chib kelaman, deb yupatdim. Yo‘lda o‘zimdan-o‘zim koyindim. Axir nega ikki kundan keyin dedim, bugunoq kelaman desam bo‘lmasmidi!
Nazarimda kampir notanish uyda g‘arib bo‘lib o‘tirgandek, men yo‘g‘imda yum-yum yig‘layotgandek tuyulardi. To‘g‘onga ko‘tarilganimda ko‘zlarim beixtiyor o‘rikzordagi sadaqayrag‘ochga tushaverdi. Ishimni tugatdimu, ko‘rpa-to‘shagimni ko‘tarib, kampirning uyiga qarab ketdim. U eshik oldidagi xarsangga o‘tirganicha zavod quvuridan chiqayotgan tutunga qarab xayol surardi. Uyga kirdik. Hali bo‘yoq hidlari kelib turgan ayvonda ancha vaqtgacha gaplashib o‘tirdik. Kampir samovar qo‘yib keldi. Yigitlar daryodan baliq tutishgan ekan, ikkitasini berishgan edi, yuvib, tozalab keldim. Kampir baliq yemasligini aytdi. Baliq tozalanganicha qoldi. Non-choy qilib qo‘ya qoldik.
Kampir joy solib berdi: Chiroqni o‘chirib, ichkari uyga kirib ketayotganida to‘xtab, baliq yemasligining sababini aytib berdi.
— Rahmatlik otang shu daryoga cho‘kib ketgan. Kim biladi, uni shu baliqlar yeganmi...
Uning ovozi titradi. Qorong‘i bo‘lganidan basharasini ko‘rolmasdim, yig‘layotgandek bo‘ldi. Qattiq charchagan bo‘lishimga qaramay uxlayolmadim. Kampir juda barvaqt uyg‘onib, hovli supurdi, samovar qo‘ydi. Xuddi o‘z uyimda, o‘z onam oldida yurgandek rohat qilardim. Ishga ketayotganda kampir ertaroq qayt, sang‘ib yurma, tomog‘ing sovub qoladi, deb ta’kidladi.
O‘sha kuni ish juda ko‘p bo‘ldi. Butun samosvallar tosh tashishga qo‘yilgan edi. Daryoning eski yo‘li to‘silyapti. Tinmay ko‘prikdan tosh tashlab turibmiz. Daryo quturadi. Toshlar ustidan sapchib, eski yo‘liga otiladi.
Suv axir bo‘yin egdi. U tosh to‘siqlardan o‘tolmay mayda to‘lqinlarni zarda bilan orqaga silkitdi. Ikki kun deganda daryo butunlay to‘silib, suv ko‘tarila boshladi. To‘g‘on darvozalaridan faqat bittasigina ochiq. Suv o‘rikzor tomonga o‘rmalay boshladi. To‘g‘on tepasida odam ko‘p. To qosh qorayguncha olomon tarqamadi. Bir mahal qarasam, yonimda kampir turibdi. U qorong‘ida arang ko‘rinib turgan sadaqayrag‘ochdan ko‘zini uzmasdi. Oxiri qorong‘ida o‘rikzor ko‘rinmay ketdi. Ertalab kampir men bilan yana to‘g‘onga keldi. O‘rikzor endi butunlay suv ostida qolib ketgan edi. Faqat sadaqayrag‘ochning uchi ko‘rinib turardi. Kampir o‘sha yoqqa tikilib turib:
— Otang rahmatlik ekkan edi, — deb xo‘rsinib qo‘ydi.
Garajdan mashina olib chiqib kelayotganimda do‘kon oldida bir to‘da odam o‘ralashib turganini ko‘rib qoldim. Yana kelib qarasam, kampir yerda yotibdi. Bir xotin yuziga suv sepyapti. Kabinadan sapchib tushdim.
Ne’matdan kelgan xatni qorovul olib qo‘ygan ekan. Ochib kampirga o‘qib beribdi. Xatda Ne’mat gospitalda oyog‘ini kesib tashlashganini aytibdi. Kampir hushidan ketib qolibdi.
Uni kabinaga chiqarib, uyga olib ketdim. Ertasiga ham, indiniga ham ishga chiqolmadim. Kampirning ahvoli og‘ir edi. U bir oydan ortiq yostiqdan bosh ko‘tarmadi. Faqat bir gapni aytardi:
— Bolam, bolaginam. O‘z qo‘ling bilan tuproqqa qo‘y. To‘yingni ham ko‘ra olmadim, hech bo‘lmasa diydoringni bir ko‘ray...
Yo‘q, o‘g‘lining diydorini ko‘rish unga nasib bo‘lmadi. O‘g‘liga ilhaq bo‘lib ko‘z yumdi. Uni dafn qilishga anchagina odam yig‘ilgan edi. Bolasining o‘rniga bola bo‘lib, tobutining oldiga tushdim. Yo‘l-yo‘lakay yot, begona kishilar marosimga qo‘shilaverdi. Kanal qaziyotganlar ishni to‘xtatib, tobutni yelkama-elka o‘tkazib borishardi.
Katta yo‘lga chiqqanimizda bir harbiy yigit yuk xaltasini yerga qo‘yib, oqsoqlana-oqsoqlana tobutning bir qanotini yelkasiga oldi. O‘n qadam ham yurmay oyog‘i qaltirab chetga chiqdi. Nihoyat, marosim orqasidan ancha vaqtgacha qarab turdi-da, xaltasini olib, to‘g‘on tarafga jadal yurib ketdi.
Qaytib kelganimizda o‘sha harbiy yigitni uyda ko‘rib hayron bo‘ldik. U yog‘och oyog‘ini chiqazib, ayvon labidagi ustunga boshini tirab, qimirlamay o‘tirardi. Endi bildim: bu Ne’mat edi. U onasining boshqa uyga ko‘chganini bilmay, o‘rikzorga borgan. Boya kimning tobutini ko‘targanini ham bilmay qolgan...
Har gal yo‘lim shu tomonlarga tushganda, poezd to‘g‘onga yaqinlashishi bilan vagon oynasini ochib, o‘sha o‘rikzorga qarayman. Suv betiga chiqib, barg yozishdan tinmagan sadaqayrag‘ochning ko‘m-ko‘k uchlariga tikilaman. Bu yashil novdalar menga juda ko‘p voqealarni eslatib qo‘yadi. Nazarimda, daryoga cho‘kkan qahramon ota suvdan bosh chiqazib, atrofda chaqnagan sonsiz chiroqlarga qarayotgandek, azamat to‘g‘ondan quyilayotgan sharshara tovushiga quloq solayotgandek bo‘ladi. Suv jimjimalariga oq to‘shini urib uchayotgan qaldirg‘ochlar, orqasida ayri iz qoldirib suzayotgan viqorli oppoq g‘ozlar menga o‘sha suronli yillarda hammaga mehrini barobar sochgan munis ona chehrasini, uning oppoq paxtadek sochlarini eslatadi. Front yo‘liga ilhaq tikilgan ko‘zlarini eslatadi. Qaynoq onalik tuyg‘ulariga to‘ymagan bolani fikran qidiraman. Qaysi jabhada ekan u?
Shunday otaning, shunday onaning bolasi hayotda o‘z o‘rnini topib olganiga ishonaman. Nazarimda, u oldinda, hammaning oldida shitob bilan olg‘a ketayotgandek.
Xabar ber, xabar ber, qaydasan, uka!

1961 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.