OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Qo‘ldoshich (hajviya)

Uning asli ismi qanaqaligini, o‘zi qaerda ishlashini birov aniq bilmaydi. Tanigan ham, tanimagan ham uni Qo‘ldoshich, deb chaqiradi.
Shu Qo‘ldoshich ko‘pdan beri qurilish trestiga qarashli taxta omboriga suqilishni niyat qilib yurardi. Ko‘p urinib ko‘rdi, eplolmadi. Trest boshlig‘ini tanimasa, unga nima deb uchrashadi. Bir-ikki marta yurak yutib trestga bordi. Qarasa, boshliq qovog‘i soliq, gapni qisqa qiladigan odam. Undan yorug‘lik chiqishiga ishonmagan Qo‘ldoshich tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytdi. Baribir ko‘ngli o‘lgur taxta omborida. Nima qilish kerak? Yana trestga bordi. Boshliq keladigan paytni mo‘ljallab turib, unga quyuq salom berdi. Boshliq odati bo‘yicha boshini ko‘tarmay alik olib, o‘tib ketdi.
Mana shu xil borishlarning birida boshliq idoraga kira turib, yonidan papiros chiqazdi-yu, cho‘ntagini kovlab gugurt istab qoldi. Qo‘ldoshich shoshib gugurt yoqib, unga tutdi. Boshliq yana boshini ko‘tarmay rahmat aytib, kirib ketdi.
Bu qandoq bo‘ldi? Kim salom berganini, kim gugurt chaqqanini bilmadi-ya!
Qo‘ldoshichning hafsalasi butunlayiga pir bo‘ldi.
Oradan anchagina vaqt o‘tib, bir voqea uning joniga oro kirdi-yu, yana g‘imirlab qoldi. Boshliq allaqayoqda komandirovkada edi, jiyani o‘lib qoldi. Qo‘ldoshich uning jiyani qaerda turishini birovlardan surishtirib, azonlab yetib bordi. Hammaga bosh-qosh bo‘lib, belini bog‘lab, ko‘z yoshi qilib, kelgan-ketganlarga patnis tashib yurdi. Kun yoyilmay, boshliq yetib keldi. Uning ko‘zida yosh, qaddi ancha bukchaygan edi. Qo‘ldoshich uning qorasini ko‘rishi bilan stoldagi choynakni oldi. Ko‘zlarini pirpiratdi. Ungacha boshliq yoniga yaqinlashib qolgan, jiyanining jasadi yotgan uyga kirmoqchi bo‘lib turgan edi. Ko‘ldoshich bir-ikki marta tamshanib, zo‘rg‘a:
— Jiyanchadan judo bo‘lib qoldik, — deyoldi. Keyin qo‘lidagi choynakni tushirib yubordi-yu, oh deganicha o‘zini yo‘lning o‘rtasiga tashladi. Ko‘ngli ketdi.
Boshliq jiyanini ham unutib unga yugurdi. Uch kishilashib ko‘tarishgancha narigi uyga ko‘tarib kirib yotqizishdi. Ikki kishi baravariga yelpisha ketdi. Boshliqning o‘zi unga qaynoq-qaynoq choy tutdi. Janoza tugab, Qo‘ldoshichni boshliq mashinasida uyiga oborib qo‘ydi. Bir haftagacha har kuni qatnab holidan xabar olib turdi...
Omborga mudir bo‘lishmi, be, shu ham ishmi, hozir Qo‘ldoshich trest boshlig‘ining shaxsan o‘ziga birinchi o‘rinbosar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.