OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Sinovchi ichuvchi (intermediya)

(Qo‘lida mikrofon bilan radio muxbiri kiradi)
M u x b i r . Hurmatli radiotinglovchilar. Biz shahrimizniig yirik korxonalaridan biri bo‘lmish vino zavodining maza ko‘rish, ya’ni yangi vinolarning sifatini aniqlash tsexidamiz.
Shu payt oldiga kleyonka fartuk tutgan, burni qip-qizil kishi uning oldiga o‘tadi.
Mumkinmi, o‘rtoq? Bir minutga mumkinmi? (Kishi to‘xtaydi, unga qo‘l uzatib ko‘rishadi).Kechirasiz, o‘zlari shu yerda ishlaydilarmi?
K i sh i . Ha, bu zavodda mendan eski usta yo‘q. Qirq yildan beri ishlayman. Zavod birinchi mahsulot chiqarganda o‘zim sinaganman.
M u x b i r . Gapingizga tushunmadim. Nimani sinagansiz?
K i sh i . Men zavod chiqazgan vinolarning birinchi bochkasini ochib, ta’mini ko‘rib, sifatini aniqlaganman.
M u x b i r (mikrofonga). Aziz radio tinglovchilar! Har bir korxonaning mahsuloti sifatini aniqlaydigan o‘z sinovchilari bo‘ladi. Masalan: yangi samolyotni birinchi uchirib beradigan uchuvchini sinovchi uchuvchi deydilar, yangi avtomashinani birinchi yurg‘izib beradigan shofyorni sinovchi haydovchi deydilar. "Mana, qarshimizda turgan barvasta qomatli, qarashi burgut nigohini eslatadigan, butun vujudidan kuch, g‘ayrat, sadoqat, vafo sezilib turgan kishi mana shu zavodning sinovchi ichuvchisidir. Shundaymi?
K i sh i . Albatta. Men zavodning starshiy sinovchi ichuvchisiman.
M u x b i r . O’z ishlaringiz, muvaffaqiyatlaringiz to‘g‘risida radio tinglovchilarga ikki og‘izgina gapirib bersangiz.
K i sh i . Jonim bilan. (Mikrofonni uning qo‘lidan oladi.) Qirq yildan beri sinovchi ichuvchiman. Men ichib ko‘rmasam, bu zavoddan bir tomchi ham vino, araq darvozadan tashqariga chiqmaydi. Men ichib, sifatini aniqlab berganimdan keyin shishalarga quyilib magazinlarga chiqaziladi.
M u x b i r . Kechirasiz, kuniga qancha vinoni sinab ko‘rasiz?
K i sh i . Har kuni zavodimiz yigirma to‘qqiz bochkadan shishalarga vino quyadi. Demak, yigirma to‘qqiz bochkaning har biridan yuz grammdan ichib ko‘rsam, kuniga ikki litru to‘qqiz yuz gramm ichib ko‘rarkanman.
M u x b i r . Kunli ichish normangiz...
K i sh i . Ichish demang, sinash, deng.
M u x b i r . Kechirasiz, demak, kunli ichib sinab ko‘radigan vinolaringiz salkam uch litr bo‘larkan-da.
K i sh i . Ba’zan oshib ham ketadi. Chunki shunday bochkalar bo‘ladiki, undagi vinolar sifatini aniqlash ancha qiyin bo‘ladi. Ana o‘shanday paytlarda ikki-uch martalab sinashga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha savdo tashkilotlaridan iste’molchilarning shikoyatlari asosi-da bizga qog‘oz kelib turadi.
M u x b i r . Bu gapingizga tushunmayapman. Radio tinglovchilarga ochiqroq qilib gapirib bersangiz.
K i sh i . Ochig‘i shuki, raypishchetorglarning iskaladlarida vinoni o‘zlari ichib, kamiga suv qo‘shib qo‘yish hollari ham bo‘lgan. Ana shunda shishalarni do‘konga borib ochib sinab ko‘rish vazifasi mening zimmamga tushadi. Shunday paytlarda kuniga ikki yuz shisha sinab ko‘rgan paytlarim bo‘lib turadi.
M u x b i r . Kechirasiz, Siz juda mas’uliyatli vazifani bajararkansiz. O’z o‘rningizga shogird tayyorlash masalasida o‘ylab ko‘rganmisiz? Axir kadr masalasi jiddiy masala.
K i sh i . O’ylab ko‘rganmiz. Shogird masalasi qiyin bo‘lyapti. Bir necha bor yoshlarni olib kelib, yonimda olib ishlatib yurdim. Bu yigitchalar ikky kunga chidamay, yiqilib qolishyapti. Ba’zilari biripchi kuniyoq hushyorxonaga tushishyapti. Xayriyat, hushyorxonada mening shogirdim ekanligini bilib qolishib, mashinada uyiga oborib qo‘yishadi. Aktni ham xizmat yuzasidan ichgan, ichish uning kasbi, deb yozib qo‘yishadi. Shunday qilib, shogird masalasida juda qiynalganman. Hozir o‘ninchini bitirgan bir bolani shogirdlikka oldim. Hozircha durust. Hozir o‘zini chaqiraman. Mahamatka! Ho, Mo‘nka!
(Soch-soqoli o‘sib ketgan, shirakayf stilyaga bola kiradi.)
Mana shu yangi shogirdim. Kelganiga bir hafta bo‘ldi, chidayapti. To‘g‘ri, birinchi kuni yiqilib qolgan edi, ertasiga bemalol uyiga o‘zi ketdi. Qanchadan sinayapsan, bola?
M a h a m a t . Kuniga bir litrdan oshiryapman.
K i sh i . Durust. Bu kelajakda mening o‘rnimni bosadi.
M u x b i r . Demak, o‘rinbosaringiz bor?
K i sh i . Mahamatka, endi sen ishingga bor. (Mahamat ketadi.)
M u x b i r . Ayting-chi, zavodda qirq yildan beri ishlasangiz, umumiy sinagan vinolaringizning miqdorini aytib bera olmaysizmi?
K i sh i . Hammasini aytolmayman. Ammo o‘zim ichganlarimning har yuz grammini yuz litrga chaqsangiz ham men ichganim ma’lum bo‘ladi. Masalan, men kuniga uch litrdan oshiq ichgan bo‘lsam, shu uch litrdan ortig‘ini hisoblamay, ularni dam olish kunlari hisobiga o‘tqazib, har yilning uch yuz oltmish kuniga soching, qancha bo‘ladi?
M u x b i r . Yiliga bir ming sakson litrdan ichib, sinagan bo‘lasiz.
K i sh i . Ha, balli. Yiliga shunchadan bo‘lsa, men bu zavodda qirq yildan beri ishlayman. Endi shu ming sakson litrni qirqqa ko‘paytiring. Qancha bo‘ladi?
M u x b i r . Qirq uch ming ikki yuz litr bo‘ladi. Mana shu qirq uch ming ikki yuz litr necha bochka bo‘ladi?
K i sh i . Har bochkaga yuz litrdan sig‘adi. Bu yog‘ini ham o‘zingiz bir hisoblab chiqing-chi.
M u x b i r. To‘rt yuz o‘ttiz ikki bochka bo‘larkan. Voy-bo‘, bir o‘zingiz to‘rt yuz o‘ttiz ikki bochka vinoni ichvordingizmi?
K i sh i . Ha, albatta. Bu bizning vazifamiz. O’z kasbimizga kamoli ixlos qo‘yganimizdan, shu kasbga muhabbatimiz zo‘rligidan muvaffaqiyat bilan o‘z ishimizni davom ettirib kelyapmiz.
K i sh i . Aytadigan gaplarim ko‘p. Ammo bugun qirq bochka sinashim kerak. Shuning uchun qolgan gaplarni keyingi suhbatda aytib beraman.
M u x b i r . Yana bir minut vaqtingizni olaman. Oila a’zolaringiz va ularning kasblari to‘g‘risida ham aytib bersangiz.
K i sh i . Jonim bilan. Katta qizim tikuvchilik fabrikasida sinovchi kiyuvchi bo‘lib i1shmshdi. Fabrika chiqazgan jamiki kiyimlarni birinchi bo‘lib uch-to‘rt kun kiyib beradi. Ko‘ylak, kostyum, ich ko‘ylak, keyin, manavu yerida tasmasi bor ikki xonali xotinlar taqadigan narsa bor-ku. O’shanisidan ko‘proq sinaydi. Ikkinchi o‘g‘lim konserva zavodi chiqazadigan go‘sht konservalarni sinaydi. O’rtancha qizim konditer fabrikasida sinovchi yalovchi bo‘lib ishlaydi. Fabrika chiqazadigan shokolad, konfet, tort, pirojniy kabi shirinliklarni yalab sinab ko‘radi. Kenja qizim shahar oshxona va reetoranlar trestida sinovchi ho‘plovchi bo‘lib ishlaydi. U butun shaharda qandoqki oshxona, qandoqki restoran bo‘lsa, hammasini shoshmay aylanib, qozonidagi ovqatlarini ho‘plab sinab beradi. U ho‘plab bo‘lgandan keyin ovqatlar xo‘randalarga sotiladi.
M u x b i r . Demak, farzandlaringizning hammasi ham ota kasbini tanlashibdi-da.
K i sh i . Kenja qizimni aytmabman. Kenjadan ikkita. Ya’ni Fotima-Zuhrolar. Shu Zuhro qizim poyabzal fabrikasida sinovchi yo‘rg‘alovchi bo‘lib ishlaydi.
M u x b i r . Bu qanaqa vazifa?
K i sh i . Bu shundoq vazifaki, yangi chiqqan poshnasi bigiz tuflilarni kiyib komissiya oldida yo‘rg‘alab yurib ko‘rsatadi va bir hafta ko‘chalarda har xil sharoitda, masalan, yomg‘ir, mabodo yomg‘ir bo‘lmasa, suv sepilgan yo‘llardan yurib, tuproqli joylardan yurib, loy kechib sinab beradi. Shunday qilib, bolalarimning biri sinovchi yeyuvchi, biri sinovchi yalovchi, biri sinovchi ho‘plovchi, biri sinovchi yo‘rg‘alovchi, biri sinovchi kiyuvchi bo‘lib ishlashadi. Ular o‘zlariga topshirilgan vazifani plandanoshirib bajarib kelmoqdalar.
M u x b i r . Kechirasiz, kelin ayam ham biron joyda ishlasalar kerak?
K i sh i . Yo‘q, hozir ishlamaydi. Avval u trikotaj fabrikasida ishlardi. Ya’ni, u sinovchi kiyuvchi edi. Yangi paypoqlarni kiyib sinab berardi. Xotin kishi qarimasin ekan. Ozib, oyog‘i xalta bo‘lib standartga to‘g‘ri kelmay qoldi. Ayniqsa, boldiri so‘ligan bodringga o‘xshab to‘pig‘iga osilib tushib qoldi. Hozir pensiyaga chiqqan.
M u x b i r . Demak, kelin ayam uyda ovqat qilish, kir yuvish ishlari bilan band ekanlar-da.
K i sh i . Yo‘q. Bizning uyda ovqat qilinmaydi. Masalan, o‘g‘lim o‘zi sinaydigan konserva zavodidan sinash uchun to‘rt-beshta konserva olib keladi, butun oila a’zolari bir bo‘lib, kechki ovqat paytida sinab qo‘ya qolamiz. Ertalabki nonushta paytida konditer fabrikasida ishlaydigan qizim sinash uchun konfet, pechene, tort, shokolad olib keladi. Butun oila a’zolari bir bo‘lib, birpasda sinab tashlaymiz. Tushlik paytida yana hammamiz uyga yetib kelamiz. Oshxona va restoranlar trestida sinovchi ho‘plovchi bo‘lib ishlaydigan qizim kotlet, lag‘mon, kabob, manti, somsa kabi arzimagan narsalarni sinash uchun uyga olib keladi. Yana ko‘pchilik bo‘lib bir soatda sinab tashlaymiz.
M u x b i r . Demak, kelin ayam faqat kir yuvarkanlarda?
K i sh i . Yo‘q. Bizning uyda kir yuvilmaydi. Tikish fabrikasidan qizim sinashga ko‘ylak, pastki ich kiyim, kostyum, u-bularni olib keladi. Bir hafta kiyib, sinab yana fabrikaga o‘z fikrlarimizni yozib qaytarib yuboramiz. O’rniga sinash uchun o‘sha kuniyoq yangisini yuborishadi.
M u x b i r . Mazmunli suhbatingiz uchun radio tinglovchilar nomidan katta rahmat.(Qo‘lida mikrofon bilan zalga qarab.) Shu bilan vino zavodidan, «Ilg‘or sinovchi ichuvchi» degan reportajimiz tugadi. Eshittirishni olib borgan sinovchi yozuvchi To‘lqiniy. (Kishiga qo‘l berib.) Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
K i sh i . Qani, ichkariga marhamat. Bir-ikki bochkadan siz ham sinab ko‘ring. Birga sinashamiz.
Muxbir. Rahmat. (Ikkovi qo‘l berib xayrlashishadi.)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.