OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Sobiq o’g’ri (hajviya)

Bo‘lishi mumkin hikoya


Xoh qaridir, xoq yoshdir, og‘ziga ehtiyot bo‘lishi kerak ekan. Hoshimjon qiziqib ketib bir ogiz gap aytdi-yu, baloga qoldi.
– Bolalik ekan, ota-ona yo‘q, bozorda bitta qovun o‘g‘irlab qo‘lga tushib qoldim. Militsnyada bir kun o‘tirganman. Esimga tushsa, hali-hali xijolat bo‘laman. Shunga ham qirq bir yil bo‘pti.
Bor-yo‘g‘i bo‘lgan gap shu. Suhbatdoshlar orasida bir ilmiy xodim o‘tirgan ekan. Qachon, qaerda, deb surishtirib qoldi.
Hoshimjon yaqinda pensiyaga chiqqan. O’ttiz yil o‘qituvchilik qildi. Axir u uncha-muncha o‘qituvchi emas, xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi. Eng kamida ikki-uch ming bolani o‘qktgan. Uning talabalaridan necha fan kandidati, nechalab injener, doktor chiqqan.
Uch-to‘rt kundan keyin Hoshimjonnikiga o‘sha ilmiy xodim keldi. Bola tarbiyasi va qonun degan mavzuda ezilib gaplashpb o‘tirishdi. Gap orasida u Hoshimjondan:
– Militsiya qo‘liga tushib chiqqaningizdan keyin o‘zingizga qanday xulosalar chiqargansiz? –  deb so‘rab qoldi.
Hoshimjon nima deyishini bilmay, birpas chaynaldi. Keyin javob qildi:
– Bu gapga qirq yildan oshgan. Hozir esimda yo‘q qanaqa xulosa chiqarganim.
– Har holda, –  dedi ilmiy xodkm.
– Har holdami? Har holda o‘zimga tegishli xulosa chiqargan bo‘lishim kerak. O’shandan keyin qovun yemaydigan bo‘lib ketganman.
– Demak, militsiyaning tarbiyaviy rolini inkor qilmaysiz?
Hoshimjonning g‘ashi keldi, shundoq bo‘lsa ham, ha, albatta, dedi.
Shu bilan gap tamom bo‘ldi. Ammo oradan sal kun o‘tib, uyiga bir taklifnoma keldi. Unda «Hurmatli Hoshimjon Olimjonov, bilim yurti talabalari bilan uchrashuvga kelpshingiznk iltimos qilamiz» deyilgandi.
Bunaqa joyga, yana manavinaqa taklifga yo‘q deb bo‘larmidi. Hoshimjon soqoliii qirtishlab, yaxshi kostyumini kiyib, yetib bordi.
Bilim yurti klubiga odam sig‘maydi. Eshikda «Teletsentr» deb yozilgan avtobus. Ichkarisida projektorlar, kinooperatorlar...
Hoshimjonni minbarga taklif qilishdi. Qarasa, tunov kungi ilmiy xodim yuqorida o‘tiribdi. Bunga ham Hoshimjon hayron bo‘lmadi, o‘tirgan bo‘lsa, o‘tirgandir-da, deb qo‘ya qoldi. Ammo u minbarga chiqib, gap boshlaganda, hayronlikdan og‘zi ochilib qoldi. Ilmiy xodim berilib, ovozini goh baland, goh past qilib gapirardi:
– ...Mana, qarshingizda sobiq jinoyatchilar, yo‘lto‘sarlar, mayda o‘g‘rilar...
Hoshimjonning ko‘zi tinib ketdi. Gapning davomini eshita olmadi. Chunki qulog‘i shang‘illab, boshi aylanib ketgandi. Ilmiy xodim davom etyapti:
– Ammo bu jinoyatchilar bizning yordamimizda qayta tarbiyalangan, jamiyatimizning ongli grajdanlariga aylangan...
Hoshimjon holdan toydi. Qanday qilib yig‘in tugaganini, qanday qilib uyiga kelganini bilmaydi.
Oradan uch kun o‘tib, televizor ko‘rib o‘tirsa, birdan tunov kungi ilmiy xodim chiqib qoldi. U yana o‘sha gapni qaytarar uchrashuvda olingan kinolentani qo‘yib, «sobiq o‘g‘rilar»ning basharasini ko‘rsatardi.
Hoshimjon yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Chunki yonida ikki nevarasi, kelini o‘tiribdi. Undan tashqari, necha minglab shogirdlari shu topda «sobiq o‘g‘ri» ustozlarini ko‘rib o‘tirishgandir...
Shu gapdan buyon oradan sakkiz oy o‘tdi. O’sha ilmiy xodim fan kandidati degan ilmiy darajaga sazovor bo‘ldi.
Bu gaplardan uni kandidat qilgan «sobiq o‘g‘ri»ning xabari yo‘q edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.