OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Yo’g’on tepa (hajviya)

Bugun shanba, idora xodimlariga maosh berilayapti. Odatda idora boshliqlarining hurmati uchun kassir kabinetga vedomost ko‘tarib kiradi.
Qodirov kassir uzatgan pulni sanamay, stol tortmasiga solar ekan, dedi:
– Nuralievga ayting, kirsin!
Sal o‘tmay, bosh buxgalter Nuraliev kirdi.
– Menga qarang, bugun bir otamlashmaylikmi? Maoshni bo‘lsa, oldik. Pul xotinning qo‘liga tegdimi,
tamom. Paka qo‘limizdaligida yayrab olaylik.
Bu gap Nuralievga ham yoqdi. Qodirov stol yonidagi tugmani bosdi. Sekretar qiz kirdi.
– Apsamatov bilan Sobirovni darrov chaqiring!
Apsamatov bilan Sobirov uzun-qisqa bo‘lib kirib kelishdi.
– Qani,–  dedi Qodirov, – olti-oltidan cho‘zinglar. Yo‘g‘on tepaga borib, bir oshxo‘rlik qilamiz.
Apsamatov jon deb turgan ekan, darrov olti so‘mni stolga tashladi. Ammo Sobirov gardanini qashib turib koldi.
– Bo‘ling, bo‘ling,–  dedi Nuraliev,–  muncha lattachaynarsiz, olti so‘m kimni o‘ldiribdi?
– Olti so‘m hech kimni o‘ldirmaydi-yu, ammo keliningiz qancha maosh olishimni tochniy biladi. Undan tashqari, xotinsiz biron joyga borolmayman.
– E, sadqayi erkak keting, qo‘ying bu gaplarni.
Sobirov jonidan sugurgandek qilib, olti so‘mni qo‘li qaltirab stolga qo‘ydi.
Qodirov shofyorni chaqirib, xarajatga yubordi. Ish soati tugashi bilan to‘rt kishi Yo‘g‘on tepaga qochishga ahd qilishdi.
Shundoq bo‘ldi. Yo‘gon tepa viloyatda eng salqin, eng xushmanzara joy. To‘rt ulfat rosa yayrashdi. Shofyor oshga usta edi, har bitta guruch o‘zi o‘rmalab og‘izga kirib ketaman doydi. Salatni aytmaysizmi, ko‘k qalampir aralashgan salat dunyoda yagona bo‘lsa ajab emas. Oshga bostirilgan yearimsoqpiyoz yangi so‘yilgan qo‘yning iligidan afzal bo‘lsa afzalki, kamligi yo‘q.
Xullasi, to‘rt ulfat kech soat o‘n bir yarimgacha maishat qilishib, o‘n ikkidan sal oshganda shaharga qaytishdi.
Bunday paytlarda boshliqlar juda saxiy bo‘lib ketishadi. Qodirov ham shunday fazilatdan xoli emas. Sheriklarini bir-bir eshiklari oldiga tashlab, uyiga o‘tib ketdi.
Ajoyib osh uchun shoferga rahmat aytib, o‘zi ham darvozasi oldida tushib qoldi. Eshikni qoqdi. Ichkaridan javob bo‘lmadi. Yana eshik qoqdi. Qo‘shnilar nima gap deb yugurib chiqishdi-yu, Qodirovning xotini chiqmadi. Yarim soat eshik qoqdi.
Xotini eshik orqasida turgan ekan, axmri ovoz berdi.
– Nega eshik ochmaysan, majlisdan o‘ladigan bo‘lib kelsam ham, shunaqa qilasanmi?
– Boradigan joyingizga boravering. Osh yegan joyingizda yotishga joy qilib berishmadimi? O’shaqqa borib yoting!
Qodirovning dami ichiga tushib ketdi. Ancha vaqtgacha «g‘iring» deyolmay turib qoldi.
– Qo‘y, xotin, qo‘ni-qo‘shnilarning oldida sharmanda qilma. Uyda bafurja gaplashamiz.
Xotin javob qilmadi. Oyoq tovushining uzoqlashgani eshitildi. Ana shundan keyin Qodirov yana yarim soatcha eshik taqillatdi, bo‘lmadi. Orqasiga qaytdi. Mashina ketib bo‘lgan, soat birdan oshib avtobuslar ham siyraklashib qolgandi. Idora, o‘hho‘, qancha joyda.
Qodirov soat ikki yarimlarda idoraga qaytib keldi. Qarasa, kabinetining ko‘cha tarafga qaragan derazasidan yorug‘ tushib turibdi. Uborshitsa pol yuvayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Qorovul keling aka, deb darvozani ochdi.
– Otchyotga tayyorlanadigan edim, shu yerda tinchgina...
Kabinet eshigini ochish bilan hayron bo‘lib to‘xtadi qoldi. Bosh buxgalter Nuraliev yechinmay, divanga chalqancha yotib olgan, kabinetni boshiga ko‘tarib xurrak tortardi.
Nima balo, uyiga tashlab kelgan edim-ku, deb hayron bo‘ldi Qodirov. U qorovuldan plan bo‘limining kalitini so‘radi.
– Ochiq, aka.ochiq. Apsamatov inim divanda yotibdilar.
– Kadrlar bo‘limi-chi?
– U yer ham ochiq. Sobirov yotibdi.
Qodirov nima qilishini bilmay, garajning kalitini so‘radi.
– U yer ham band, shofyoringiz «Volga»da yotibdi.
Qodirov qaqqaygancha turib qoldi.
– Menga qarang, ota, –  dedi u qorovulga. –  Sizga javob. Uyingizga borib, yota qoling. Biz bugun tong otar otchyot tuzamiz. Ko‘rpa-yostiqni yig‘mang. Charchaganimda men yotaturaman.
– Umringdan baraka top, bolam. Kampirim otdixing qachon, deb so‘rayotgan edi. Juda bopta bo‘ldi.
Qorovul chol duo qilib, uyiga jo‘nab qoldi. Qodirov uning o‘rniga yonboshladi.
To‘rt oshxo‘r idorani boshlariga ko‘tarib, xurrak tortishardi.
Ayniqsa, boshbux Nuraliev karnayga o‘xshatib tortar ekan. Bu kecha to‘rt oshxo‘rning xotini xafa, birgina qorovul cholning xotini xursand edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.