OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salim Abdurahmon. Duranning qudug‘i (hikoya)

Kun botardan esgan shamol bir parcha olachalpoq bulutni Beshbarmoqota cho‘qqilari tomon haydadi. Ko‘p o‘tmay tog‘ni qoplagan qalin tuman qishloq tomon o‘rladi. Odamlar g‘imirlab qolishdi. Soy bo‘yida o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilar qo‘ralarga qamaldi.
Katta ko‘chaning shundoq yoqasidagi uy oldida kursiga cho‘kib, taftsiz quyoshga toblanib o‘tirgan bobo yonida tizzalab olgan yetti yoshli nabirasining boshini siypalagancha xira ko‘zlarini tog‘ tarafga tikdi. Ko‘nglida: “Sel keladiganga o‘xshaydi. Ishqilib bexatar o‘tsin-da", – degan o‘y. Avval g‘uvullagan ovoz, ortidan qo‘rqinch solib, oldidan nimaiki chiqsa supurib, quturib kelgan sel xavotir bejiz emasligini anglatdi. Kattayu kichik g‘ala-g‘ovur bilan qizg‘aldoq qoplagan tomlarga chiqib, po‘rtanani kuzata boshladi.
Katta toshqindan hayratlangan nabira bobosini savolga tutdi:
– Bobojon, buncha suv qaerdan paydo bo‘ldi?
– Ko‘ryapsan-ku, bolam, toqqa jala yog‘yapti. O‘shalar yig‘ilib oqayapti-da.
Bolakayning hayratli nigohi quturib oqayotgan suvdan uzilmay turib, esiga nimadir tushdi-da, butkul boshqa gapni aytdi:
– Bobojon, boya tosh tashlab anavi Duran quduq ichidagi devni o‘ldirdik.
Bobo ko‘zlarini soydan olib, nabirasiga boqdi. Oppoq soqollarini tutamlab, yerga tegib-tegmay turgan to‘nining etaklarini tizzasiga tortdi.
Gap soyga yaqin bo‘lsa-da, sel yetib bormaydigan, atrofdagi xonadonlardan chiqadigan jamiki chiqit tashlanadigan, negadir og‘zini berkitib yoki ko‘mib tashlash hech kimning xayoliga kelmaydigan, odamlar nazdida bexosiyat bo‘lgan, kattalarning yaqinlashmanglar, tortib ketadi, deb ming bor uqtirishi u qulog‘idan kirib bu qulog‘idan chiqib ketadigan, xivchin olib quvlash ham, pand-nasihat ham bir pulchalik ta’sir etmaydigan to‘polonchi bolalarning o‘yin maydonchasiga aylangan quduq haqida ketardi.
Bobo kecha oqshom bolakayning kattalar nega yosh bolalarni quduq yoniga yaqinlashtirmasligi haqidagi savoliga: “Quduq ichida dev bor, atrofida o‘ralashganlarni tortib ketadi”, – deb javob qilgandi.
– U yomon joy degandim-ku, bolam. Palakat devga hech narsa ta’sir qilmaydi. Ana, sel nimaga keldi desam, uning jahlini chiqargan ekansizlar-da. Yana shunday qilsang, ertak aytib bermay qo‘yaman.
Bolakay savollarni qalashtirib tashladi.
– Katta odamlarga indamay, faqat bolalarni tortib ketadimi? Keyin, nega hammaning qudug‘ida dev yo‘q, unda bor?
Bobo bir zum kalovlanib: “Dev kattalardan qo‘rqadi. Innaykeyin, o‘sha quduqni tanlagan-da u bexosiyat”, – deb qo‘ydi.
– Nega odamlar devni quduqdan olib chiqib, o‘ldirib tashlamaydi?
Bobo taslim bo‘lgandek jim qoldi va: “Katta bo‘lsang hammasini bilib olasan”, – dedi.
Bobo hovlidagi quduqqa tashlangan nasos shlangidan tok jo‘yaklariga otilib chiqayotgan suvni satillarga to‘ldirib, uy atrofini changbosdi qilayotgan kampiriga boqqancha tezroq katta bo‘lib qolishni, ana o‘shanda quduqqa tushib, devni sudrab chiqib hammaning oldida ta’zirini berishni o‘ylab, ko‘zlari porlab turgan shalpangquloq, burnini tez-tez tortib qo‘yayotgan bolakayning peshonasini silab, ozg‘in, qaltiroq qo‘llari bilan bag‘riga bosdi. Ko‘z oldida uzoq o‘tmish jonlandi...
...Uch kampir halloslagancha kelardi. O‘n ikki yoshlardagi bola buvisi qo‘shni kampir bilan birga satillaridan sachrayotgan suvga parvo qilmay hakkalab kelayotganini, qarib, boshi qaltanglagan, yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, tetikkina Duran kampirning ular ortidan quvayotganini ko‘rib o‘zini tiyolmay qiqirlab kulardi. Duranni insofga chaqirish kesakka gapirish bilan tengligini bilib, supada jimgina kuzatib turgan bobosi unga yov qarash qilganda, bolaning kulgichlari yuzida qotdi.
Uyga yetay deganda kampirlar tenglashdi. Shuncha yalinishsa ham qo‘ymadi, Duran qo‘lida changallab olgan tuproqni sochib yubordi. Satillar changga belandi...
Bobo ulardan ters o‘girilib, nigohini uzoqlarda osmonni o‘pib turgan Beshbarmoqota cho‘qqilariga qadagancha: “Kechagina butun bir el suv ichgan quduqqa ega ham chiqa boshladi”, – deb boshini sarak-sarak qildi. Buvisining o‘ng qo‘lidagi satilning yuzida loyqamtil suvda qorayib turgan, bir chetiga qatqaloq loy yopishgan daraxt po‘stlog‘iga qiziqib boqib turgan nabira bu so‘zlarga e’tibor bermadi.
“Og‘zingdan qoning kelgurlar, bo‘kib o‘lgurlar, suv ichguncha baloni ichmaysanlarmi”, – degan qarg‘ishlar jon-jonidan o‘tib ketgan, ifloslangan suvni tindirib ishlatishdan boshqa chorasi qolmagan, yolg‘iz o‘g‘li urushda, kelini dalada, nabirasi haftaning olti kuni maktabda, uy ishlari birgina o‘zining zimmasida qolgan momo kela solib choliga arz qilishga tushdi:
– Shu, bobosi, bir quduq qazdirsangiz bo‘lmaydimi? Qishloqda uncha-muncha erkak bor-ku. Butun qishloq sizning chizgan chizig‘ingizdan chiqmasa... Rais bobo degan nomingiz bo‘lsa. Qachongacha bu Duran bilan it-mushuk o‘ynaymiz?
– Sabr qil, momosi, ko‘klam kelsin, qavm-qarindoshlarni to‘plab, ishga kirishaman.
– Yaxshi bo‘lardi-da, yelkalarimiz kun ko‘rarmidi. Voy bu xotin qurg‘ur-ey... Ikki-uch satil suv olgan bilan kamayib qolarmidi. Yerdan qaynab chiqib yotgan bo‘lsa...
– Qo‘yaver, unga ham insof kirib qolar...
– Bukrini go‘r tuzatadi. U yoqqa borganda insof bermasa... Nimasiga shuncha tashvish chekadi? Hech kimi bo‘lmasa. Xudo bekorga har tarafdan qisib qo‘ymagan-da...
– Unday dema, momosi, unday dema. Tavba de. Gunohga botma.
– Ba’zan kuyib ketaman-da. To‘yganimdan gapiraman. Bugungi qilig‘ini qarang. Alam qiladigani uygacha kelib, qilib ketgan ishini aytmaysizmi?
– Mayli-da endi, momosi. Zorimiz bor-u zo‘rimiz yo‘q. Bir gap bo‘lar.
– Bog‘ida o‘riklari to‘kilib, chirib ketsa ketadiki, biror bolani oralatmaydi. Quduqni ham butun qishloq qazigan-ku. Endi u ega chiqib olgan. Buning barini ertaga orqalab ketarmidi?!
– Hech kimi yo‘q-da uning, momosi. Shu bilan ovunsa, ovuna qolsin. Bu injiqligi ham bekorgamas. Yolg‘iz odamga oson tutma. Hech kimning boshiga bu kun tushmasin. Bilsang, baxtsizlik odamning fe’lini tor qilib qo‘yadi.
– Bitta quduq qazdirmasangiz bo‘lmaydi endi...
– E, ko‘klamgacha sabr qil.
– Shunday bo‘lsin, bobosi.
Orziqib kutilgan ko‘klam ham keldi. Tog‘larda bodom gulladi. Qo‘riq yerlarda boychechaklar undi. Ayollar suvni uch chaqirimlar pastdagi qishloq qudug‘idan tashishdi.
Bir kuni... Bobo qishloqdoshlarni yig‘di. Quduq qazishning maslahatini qilish kerak. Uch kundan beri tinimsiz yoqqan yomg‘ir shu bugun tinib, hammani intiq qilgan quyosh bulutlar orasidan mo‘ralagan.
– Kengashli to‘y tarqamas, – dedi u hamma yig‘ilgach. – Bitta quduq qazimasak bo‘lmaydi. Ayollar suvni uzoqdan tashib qiynalib ketdi. Nima deysizlar?
– To‘g‘ri o‘ylabsiz, rais bobo, – deyishdi ko‘pchilik.
– Bu ishni tezroq boshlash kerak, – dedi podachi Haqberdi aka. – Ko‘pdan quyon qochib qutulmas. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak bir oyga bormay yangi quduqqa ega bo‘lib turibmiz-da.
– Bunisiga ham yana birorta ega chiqadi-da, – dedi odamlarning chakki-yu tuxumini Samarqand bozoriga oborib pullab keladigan Norbo‘ta. – Bitgandan so‘ng Duranga o‘xshagan...
– Unday dema, Norbo‘ta, – jahli chiqsa-da, bosiq gapirishga urindi bobo. – El bir narsaga bosh qo‘shganda aynitma. Duran ham bir gunohkor banda-da. Nima derdik?
– Rais bobo, – dedi Karimberdi juvozkash soqolini tutamlab. – Uch kundan beri e’t­i­­bor qilaman, Duran kampirning uyida jimlik. Hovlisida qorasi ko‘rinmaydi. Tinch­likmikan? Kasal-pasal bo‘lib qolgan bo‘lsa... U ham odam. Endi issiq jon deganday...
Juvozkash Duran kampir bilan ro‘baro‘ turadi. Qay birining hovlisida chumchuq uchsa bilishadi. Boboning ko‘ngli noxushlik sezgandek behuzur bo‘ldi.
– Bormadingmi?
– Bilasiz-ku, rais bobo. Meni ko‘rsa pashisni ko‘rgandek tutaqib ketadi. Arpasini xom o‘rganmanmi uning. Chayon chaqqandek ko‘zlarini olaytirib uyimda nima qilib yuribsan, deb olamni buzishi aniq. Shu... Andisha qilib chiqmadim.
– Endi, og‘aynilar, avvalo Durandan xabar olaylik. Zamon notinch, elchilik, bir-birimizdan boxabar bo‘lmasak yaxshimas-da...
– Qo‘ying uni, yomon o‘larmidi, rais bobo, – yana gap tashladi Norbo‘ta. – Undan ko‘ra qazilajak quduqning maslahatini qilaylik.
– Yuvilmagan qoshiqdek oraga suqilaverma, sen bola, – tutaqib ketdi birov bilan gap talashib qolsa, tez jahli chiqib janjallashib ketadigan, orqavorotdan Qo‘yanchiq laqabi ismiga qo‘shib aytiladigan, urushdan bir qo‘lidan ajrab qaytgan Abduvali aka. – Men nima deyman, qo‘bizim nima deydi, deb bittasi qo‘bizini bir urib sindirib tashlagan ekan. O‘sha qo‘bizning holiga tushib qolmayin, desang valdiramay jim o‘tir sendan kattalar gapirayotganda.
U bilan gap talashish o‘zining zarariga bo‘lishini bilgan Norbo‘ta mum tishladi.
Rais bobo boshliq butun qishloq Duran kampirnikiga yo‘l oldi.
Uch kun oldin... Kunduzi boshlangan yomg‘ir jalaga aylangan tunda... Duran kampirning bog‘ida, kolxoz otxonasidan bo‘shalib chiqqan bo‘lsa kerak, ikki-uch ot kurt-kurt beda chaynardi. Chakka o‘ta boshlagan chaylasining boqqa qaragan tomonidagi eshigidan boqib turgan kampirning ko‘zi qattiq chaqmoq chaqib atrofni yoritgan paytda o‘sha otlarga tushdi. Ko‘zlarida o‘t chaqnab, tashqariga otildi. Ostonada qoqilib, yiqildi. Belida bir narsa uzilgandek bo‘lsa-da, e’tibor qilmadi. Xayolida otlar. Eshik raxiga suyog‘liq, hassa qilib yuradigan tayog‘ini qo‘liga oldi-yu bog‘ tomon yugurdi. Jalada balchiq bo‘lgan, suv yig‘ilib ko‘lmak hosil qilgan yerda oyog‘i shiltaga botib, kalishlari loy orasida qolganini ham sezmadi. Otlar sharpani sezib, sergak tortishdi. Boshlarini ko‘tarib, bir-biriga qarashdi. Bu paytda kampir yetib kelib, birini tayog‘i bilan soldi. Ot joyida pishqirib, orqa oyoqlarini ko‘tardi...
Kampir ko‘kragiga tushgan zarbdan suvga to‘lgan beda poliga uchib tushdi. Ko‘zlari yulduz sanadi. Zax tanasiga o‘ta boshlagach biroz o‘ziga kelib, o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Qaddini tiklay olmadi. Sudralib ko‘lmakdan chiqdi. Chaylasi tomon emaklab, ne bir azobda kirib borganda tepadan chakka sharillab o‘tardi. To‘shalgan ko‘rpachaga arang yetib, boshini yostiqqa qo‘ydi. Kiyim-boshi ivib, sovuqqotib badani uvushganidan ko‘rpacha-yu, yostiqning butkul ho‘l tortganini sezmadi...
Odamlar chaylaga kirib borganda tomdan o‘tgan chakkadan yig‘ilgan loyqa xalqobda ko‘rpa-yu yostiqlarga chaplashib, suvga bo‘kkan kampirning tanasi shishib yotardi. Hamma yerga tikildi. Bu holdan dahshatga tushib, rangi oqargancha eshikdan ortiga qaytgan o‘smirga hech kim e’tibor bermadi...
Mayitni qo‘yib kelishdi. Uning o‘limidan birov xursand ham, xafa ham bo‘lmadi. Oradan kunlar o‘tsa-da, quduqdan suv olishga hech kimning oyog‘i tortmasdi. Yangisi kavlanib, suv chiqquncha pastdagi qishloq qudug‘idan, uch chaqirim naridan suv tashishdi.
...Xotiralar qurshovida qolgan bobo “Bobojon, qarang, anavi narsani”, – deya hayrati vijudiga sig‘may turgan nabirasiga, so‘ngra u qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotgani – oqib ketayotgan, tanasi quchoqqa sig‘masa-da yillar suroni ichini yemirib, kovak qilib yuborgan, quruq qobig‘ini quturgan suv sindirgan tut tanasiga boqib, og‘ir xo‘rsingancha, butunlay boshqa gapni aytdi: “Bir paytlar butun bir el suv ichgan quduqqa bitta tul xotin ega chiqqan bo‘lsa, endi har bir xonadonda quduq kavlanayapti”.
Nabira goh quturgan suvga, goh qirg‘oqlarga chiqib, biror yog‘ochmi, chetga chiqib qolgan karaxt baliqnimi tutish ilinjidagi odamlarning baqir-chaqiriga, goh po‘rtanalar har tomon uloqtirib, zarb bilan urib oqizayotgan kundaga mahliyo bo‘lganidan, bu so‘zlarga parvo qilmadi...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.