OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shavkat Yodgorov. Unutish (hikoya)

Sunnat muallim kenja qizini uzatayapti. Kim nima desa desin, to‘y qilishni kambag‘alga chiqargan. Boy odam to‘yida bir yilda, kambag‘al besh-o‘n yilda topganini to‘kib-sochadi. Shungami, kambag‘alning to‘yi to‘yday bo‘ladi. 
Ayri zardoli ostidagi chorpoyaga joylangan chollarning hangomasini o‘rtacharoq shaftoliday keladigan o‘riklarning yerga parsillab tushishi uzib-uzib qo‘yadi. Bir nafas gapdan to‘xtagan ezma chollar yerga tushib, danagi bir bo‘lak, eti bir bo‘lak bo‘lib qolayotgan mevalarga qarab tamshanib qo‘yishadi. Taralgan shirg‘imtil is ishtahasini qo‘zg‘aydi shekilli, dasturxondagi hozirgina yuvib keltirilgan mevalarga birvarakayiga qo‘l uzatishadi.
Poygaroqda o‘tirib olib hech kimga gap bermayotgan Suxrob bobo yelkasini qisib hiringlaydi: 
—Bu mallimning o‘chi bor bizda! Bir qo‘rqitay deb atay shu yerga joy qigan! 
Gapga qo‘shilmaygina o‘tirgan Izzat bug‘altir bir g‘imirlab olib og‘iz juftlaydi: 
— Kuyov bola nima ish qilar ekan?  
Ko‘cha boshidan cho‘zib-cho‘zib signal berib kelayotgan  mashinalarning  shovurida uning savoli javobsiz qoladi. 
Osoyishta to‘yxona birdan jonlanadi. Besaranjom xotin-xalaj, tomoshatalab bola-chaqa darvoza tomon shoshadi. 
Qator-qator mashinalar to‘g‘ri kelgan joyga qantarilib, ulardan uzun-qisqa bo‘lib oliftanamo kuyov jo‘ralar tushib kelishadi. Atrofga bepisand ko‘z tashlab sigaret tutatayotgan yigitchalar kuyov yigit o‘tirgan mashina oldiga to‘planib olishadi.
Oppoq "Neksiya"dan tushgan uch-to‘rt ayol biroz sollanib turishgach, qudag‘aylarning qistovi bilan ichkari kirib ketishadi. 
 Darvoza tomondan Otabek mullaning qorasi ko‘rinadi. U chorpoyada o‘tirgan chollar tomonga yo‘l soladi. Qisqa duoi fotihadan so‘ng uzilib qolgan suhbat yangidan boshlanadi.
    Gap jilovini yana qo‘lga olgan Suxrob bobo odatiga ko‘ra mulla Otabekni savolga tutib boshlaydi.
— Bir nimani so‘rayman deb yuruvdim, hozir eslayalmayapman-da. Xo‘-o‘sh, bu, niko qiyish o‘zi kimlarga buyurilgan?
— Har safar shuni so‘raysiz-a, Suxrob bova,— deydi mulla Otabek kulib.
— Benamozdan boshqa luboy odam niko qiysa bo‘ladi, faqat  ma’nisini bilsa bo‘ldi, — gapga aralashadi chollardan biri.
— Sen gapga aralashma, — tengqurining gapini kesadi Suxrob bobo, — niko bir qasamday gap, har kimam o‘qiyversa durust bo‘maydi. Ha-a, bir nimaga tushunmayman. Otam rahmatli Farg‘ona kanalida "batalon" bo‘lib keganidi, bir gapi esimdan chiqmaydi...
Chollar "yana eski gapni boshladi" deganday bir-birovlariga qarab iljayishadi. Dadilroqlari hatto tomoq qirib ham qo‘yishadi. Suxrob bobo e’tibor qilmay davom etadi: 
— O‘sha mahali, kanal qurilishida bir jigit bir ayalni xotin qilib olasi bo‘ganda niko qiyadigan odam topilmaganakan. 
— Farg‘ona tomonlarda-ya? — luqma tashlaydi boya gapi bo‘linib izza bo‘lgan chol.
— Sen gapni eshit, — Suhrob bobo uni yana jerkiydi.— Ilmi borlar bo‘sa bo‘gandir, lekin qo‘rqqan-da! Bilsang, u zamonda mullaman degan odam qulog‘ini ushlab ketgan. Otam rahmatli qarasa, boyagi jigitminan ayal nikosiz qolib ketadigan. Shartta o‘rtadan chiqib o‘zi nikosini  qiyib tashlabdi. 
— Bilgan bo‘sa o‘qigan-da...— atayin yana uning jig‘iga tegadi tengquri. 
— Men nima deyapman, otam niko qiyib yurgan bo‘mag‘anakan. O‘zining aytishicha, oldin ikkovining roziligini so‘rapti. So‘g‘in bir kosa suv qo‘yib, "qulhu vallohu ahad"ni yetti qaytarib, "endi halol" deb yuboribdi. Rahmatli to o‘lgancha shuni o‘ylab ketdi. O‘ziniyammas, boyag‘i jigit minan ayalni o‘ylab ketdi, beniko qomadimikan deb.
Chollar har doimgiday bir muddat jimib qolishadi.
— O‘zbek bo‘ganakanmi? — so‘raydi nihoyat chollardan biri.
— Kim?
— Boyag‘i jigitni aytaman?
— O‘zbekdir-tajikdir, bir musurmonning bolasi bo‘g‘an-da, — deydi ensasi qotgan Suxrob bobo. So‘ng mulla Otabekka yuzlanib so‘raydi: — Shuning javobi nima bo‘ladi, mullo ulim? 
U endi-endi qarilikni bo‘yniga olib chollar davrasiga bugun qo‘shilgan Izzat bug‘altirga "gapni eshit" deganday qarab oladi.
Mulla Otabek ham javobga shoshmaydi. Yonidagi qariyalardan najot kutadi, sado bo‘lmagach, iljayib, o‘zini o‘ylayotganga soladi. Shu paytda ichkaridan xabarchi keladi: nikoh qiyish marosimini boshlash kerak. Mulla Otabekni hovli etagidagi uy tomon boshlab ketishadi. Shu bilan Suhrob boboning odatdagi savoli odatdagiday javobsiz qoladi.
Gapdan gap chiqib, chollar bir paytlar o‘zlarining nikohini qiygan mullalar haqida eslab boshlashdi.Ular biri olib, biri qo‘yib ko‘rgan-bilgan mullalariga ta’rif keltirayotgan  paytda Izzat bug‘altirning nafas olgani bilinmay qoldi.
Ko‘zlarini yumib, goh ikki qoshi o‘rtasiga barmoq qo‘yib, goh kalta soqolini asabiy tutamlayotgani uning nimanidir eslashga befoyda urinib o‘tirganini ko‘rsatardi. Hammasini eslayapti: "komsomol to‘yi"niyam, rahmatli Musa raisning so‘z olib gapirganiyu "gorka" deb baqirganigacha kechagiday esida. Lekin shu... nikohini o‘qigan mullani eslayolmasdi-da.
O‘ylanib o‘tirdi, o‘tirdi, bo‘lmadi. Ilkis o‘rnidan turib chorpoyaning zinasigayam qaramay yerga oyoq tashladi. Poyabzalini qidirib biroz kalovlanib turdi. Bir qator terilgan kovushlar orasidan tuflisini topib oyog‘iga ildi. So‘ng chollarning "hay-hay, nima gap", deganigayam qaramay jo‘nab qoldi.
Chollarning gurungidan fayz ketdi.
— Odam bola-chaqadan tinmasa qiyinakan,— salmoqlab gap boshladi Suxrob bobo.
— Katta uli haliyam bedarakma? — so‘radi to‘rda o‘tirgan jikkak chol.
— Bedaraklikka-ku bedarakmas, o‘risning yurtida yurganmish. O‘n yil bo‘ldi-yov, ota-onam boridi deb bir yo‘qlamaydi. Dardi ichida bug‘altirning.
— Kenjasi yana qamaldi deb eshitdim?
— Mushtdayidan nashavand bo‘gan boladan nima kutasan boshqa. Qizini ayt, bir ro‘zg‘orni gullatadigan ayal. Yana erdan qaytib kepti.
— Shunday odamning bolalari bexosiyat chiqdi-a, Suxrob? Uch bolaning biroviyam odam bo‘madi.
— Bari harom yedirgandan.
— Xudodan qo‘rq, Suxrob. Bug‘altir komunis bo‘gan, ko‘p harom yemagan...
Darvoza tomonda kampirini sudraganday  olib kelayotgan Izzat bug‘altir ko‘rinib, chollarning gapi uzildi. Izzat bug‘altir kampirini yetaklab to‘ppa-to‘g‘ri kelin-kuyovga nikoh o‘qilayotgan uyga tomon ketgani chollarni bezovtalab qo‘ydi.
Chollar imillab yetib kelganda xona o‘rtasida Izzat bug‘altir bir nuqtaga tikilgan ko‘yi haykalday o‘tirar, kampiri esa yelkalari silkinib-silkinib yig‘lardi. Mulla Otabek qiroat bilan nikoh duosini o‘qir, o‘qigani sayin uning ko‘zlaridan ham yosh quyilardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.