OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Izlanayotgan baxt (hikoya)

Vohid chol usta Xoliyorni unchalik yoqtirmasdi. Shu sabab bir-birini ko‘rishgudek bo‘lishsa, atay yo‘llarini o‘zgartirishardi. Go‘yoki, birov-birovini ko‘rmagandek. Aslida, orada talashadigan masala yo‘q hisobi. Yoshligidan birga unib-o‘sdi. Devor darmiyon qo‘shnilar boshida inoq edi. So‘ng Vohid chol hali chol bo‘lmagan ayni navqiron yoshida uch-to‘rt so‘m pul topib usta Xoliyorni mensimagandek bo‘ladi.
Vohidning maishati yaxshigina edi. Qo‘shnisi - usta Xoliyor esa otakasbi – bolalarni sunnat qilish bilan shug‘ullanardi. Ustaning yaxshi tomoni shu ediki, falon so‘m berasan, deb taksa narxini aytmasdi. To‘y egasi necha pulni lozim deb unga bersa, shunisiga qanoat qilardi. Asta-sekin usta tevarak –atrofdagi qishloqlarga ham tanilib ulgurdi. Usta Xoliyor degan nom bilan, dasturxondan o‘ziga munosib joy oladigan bo‘ldi.
Usta Xoliyorning keyinchalik xotin-qizlarga qiziqishi orta boshladi. Hattoki, bir-ikki juvonga gap otib, rosa kaltaklandi. Bari befoyda edi. Usta nomining ulug‘ligidan foydalanib, boshi bog‘liq xotinlarni ham yo‘ldan urishga unnay boshladi.
Ustaning mol-mulki ko‘paygani sari xotinlarining ham soni ortib boraverdi. Hovlini bolalari to‘ldirib yurishardi. 
Vohid usta bilan qo‘shni ekanligidan o‘ng‘aysizlanadi. Xotinini undan, uning ko‘zidan qizg‘anadi. Mol-dunyosi ustanikidan ko‘p bo‘lsa-da, lekin orada tafovut kemtik bor edi. Mana, oila qurganiga o‘n yilcha bo‘lyaptiki, Vohidning boshi garang. Hamma xeshlari tugul, yetti yot begonalar ham gapiradi.
“Ayb kimda ekan-a? Vohiddami yoki Ro‘zigulda? Nega bunday bo‘lyapti-a?
Vohid tomondan hammasi joyida. Ro‘zigul tomonidan ham min topolmaydi. Ammasi-yu xolalari bir etak qilib bola boqib o‘tirishibdi-ku!..
Nega?.. Balki, kimdir eskicha irim-sirimlar bilan... qulfi kalit qilib tashlagandir?
Baribir oxiriga yetish kerak...”
Vohid bir kuni onasining tavsiyasi bilan turli xil amallarni bajardi. Ertasiga opasining, indiniga singlisining, keyin esa amma-yu xolalarining gapi bilan har balo ishlarni qildi.
Xuddi shuningdek, xotini Ro‘zigul ham aytilgan shartlarni gohida guvohlar ishtirokida, gohida yolg‘iz, ba’zida esa Vohid bilan birgalikda ado etishdi.
Xullas, ular bormagan folbinu qo‘shnoch, mulla-yu eshon va qilmagan amal qolmadi.
Bari behuda va befoyda bo‘ldi.
Ustaning qulog‘i kar, ko‘zi basir emasdiki, hammasini bilib, ko‘rib turardi. Ro‘zigulga ichi achidi. Gulday juvon kundan kunga so‘lib borayotgan edi.
Ayni pishiqchilik mahali. Kun botish arafasi. Usta supaga joy soldiradi. Atrofiga suv sepadi. Yerning hovuri ko‘tariladi. Kayfiyati yaxshi. Xursandchiligiga sherik izlab qo‘shnisi – Vohidni chaqiradi. Kampiriga ovqatni ko‘proq qilishni tayinlaydi. O‘rtanchi o‘g‘li – Shernafasning qo‘liga pul berib, Sherqul Po‘latnikidan sharob opkelishga jo‘natadi.
U astoydil mehmon kutardi.
Mana kutilgan mehmon – Vohid ham hovliga kirib keldi. Ustaning o‘zi unga peshvoz chiqadi. O‘g‘li oftobadan mehmonning qo‘liga suv qo‘yadi. Mezbon esa unga yo‘l boshlab supaga chiqib o‘tirishadi. Yuzlariga fotiha tortib, bir-birlaridan erinibgina hol-ahvol so‘rashgandek bo‘lishadi. Dasturxondagi nonlar ushatilib, boshqa ne’matlar ham totib ko‘riladi. O‘g‘li choy keltirib qo‘ydi. So‘ng Sherqul Po‘latnikidan keltirilgan aroq ham ochilib, piyolalarga qo‘yiladi. Ikki qo‘shni sekin-asta sarhush bo‘laveradi. Tillaridagi tushov ham tusha boshlaydi. O‘choqboshida ovqatga unnayotgan xotinning qulog‘i ding bo‘lgan. Suhbat endi avjiga chiqayotgan edi. Usta gapni olisdan boshlaydi:
-Hamsoya, siz eskichaga ishonasizmi yoki yo‘q. Bu deyman, irim-sirim faqatgina ayollarning ishi bo‘lsa kerak. Qachon qaramang, bir narsani boshlab yurishadi.
-Bilmadim, - deydi Vohid. - Menga qolsa ishonmasdim. Lekin yoningdagilar shunday holi-joningga qo‘yishmaydiki, oxiri ularning gapidan bezor bo‘lganingdan ham ishonishga majbur bo‘lar ekansan...
- Ey-e, hamsoya er kishining kallasi xotinining qo‘ltig‘ida bo‘lmaydi-ku?!. Uning ham o‘ziga yarasha aqlu hushi, fahmu farosati bo‘lar axir. Yoki boshqachamikan – a? – deya usta sekingina o‘smoqchilaydi.
-Usta har kim ham holiga qarab, ish tutadi. Siz ishongan narsaga men ishonmayman. Men ishongan narsaga esa siz g‘ayirlik qilasiz. Odam bir narsaga umid qilsagina ishonadi. Unga talpinadi. Xuddi qimorbozday bor-yo‘g‘ini tikadi, -deydi Vohid salmoqlab.
-Hamma narsaga ham umid qilib bo‘lmaydi. Ishonch ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, hamsoya, - deydi usta. – Ko‘p narsalarni ko‘rdingiz. Pulning ko‘pligi ham foyda berarkan. Belning quvvati ham shundanligi bekorga emaskanda. Qardosh ayollar bilgan qilgan anjumanning tinch-royish tugashida ham pulingiz asqotdi. Albatta, avvalo sizning puxtaligingiz va uddaburonligingiz ham ish berdi. Lekin o‘sha qaroqosh, shahlo ko‘zli ayol jo‘mard ekan. Sizga ortiq tirg‘almadi. Otasiga rahmat. Agar u qishloqqa sizni so‘roqlab kelganida nima bo‘lardi? Ana shunda siz nima degan odam bo‘lardingiz?
-Ha, usta, balki mana shu ko‘rguliklar o‘sha juvonning achchiq qismatiga kaffarotmikan, deb o‘ylayman, - dedi Vohid. - Ayb menda. Lekin o‘sha paytda hamma ishni qilgan bo‘lsam-da tan olmadim. Barchasidan tondim. Juvon bechora nima deyarini bilmay hayron edi. Yo‘qsa, menday notavon, bedavoni yo‘rig‘iga solib yo‘rg‘alatsa ham bo‘lardi. Men ularning uvoliga qoldim, usta. Ular indamay turgan bo‘lsayam men o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Bu yoqda men hammani laqillatib yuribman.
-Qachonlardir shaharga tushganimda, katta bo‘p qolgan deb eshituvdim, - deya gapni kesadi usta. – O‘tgan-qaytganingizda kirib turasizmi, u yog‘ini qo‘ying “ota” deb erkalanadimi o‘zi?..
-Bilmayman, usta, - deydi Vohid holsizgina. – Yuragim chidamaydi. Rostini aytsam, uzoqdan bolani ko‘tarib kelayotganini bir marta ko‘rganman, xolos. Undan keyin biror martayam uchrashmaganmiz.
Shu payt o‘choq boshida nimadir tarqlab ketdi. Ikki ulfat shoshib qolishadi. Qarashsaki, ustaning xotini qo‘lidagi otashkurak bilan mushukni haydayotgandek “pisht-pisht” deb yurgan edi.
Vohid unchalik e’tibor bermadi. Ammo usta Xoliyorning yuragi shuv etdi. O‘choq boshida mushukka pishirib qo‘ygan joyi yo‘q edi. Dog‘uli xotin atay taraqlatgan. Negaki, boshqa gaplar ham oraga tushmasin, deya ustaning ayoli o‘z vaqtida gurungning o‘rtasidan cho‘rt kesadi.
Hammasi ayon bo‘ldi. Biroq birgina Vohid dunyobexabar uyiga keladi.
Ajoyib kunlarning birida Ro‘zigul ust-boshlarini yig‘ishtirib, to‘rt-beshta bo‘hcha qilib taxlab, erining uyga kelishini kutadi. Mana kutgani ham keldi. Er-xotin anchagacha suhbatlashadi. Boshida sokin, oxirida esa shovqin-suron boshlanadi. Ro‘zigul ham chidab turmaydi. Shartta-shartta Vohidning yuziga o‘tgan va bo‘layotgan gap-so‘zlarni aytadi. Aytishga aytadi-yu, so‘ng shartta burilib, yukini ko‘tarib otasinikiga ketadi.
-O‘h, enag‘ar, bunga ustaning xotini hammasini aytgan, - deb o‘ylaydi Vohid. – Bo‘lmasa bunchalar otashin bo‘lmasdi, bu xotin. Ikkalasi dardlashgan. Bir-biriga suyangan kishi bo‘lishgan. Oxirida supadagi gurung ham oshkor etilgan. Qochib qutilib bo‘lmasa, bu taqdirdan. Axir bori ham shu edi-ku?!. Yashirib nima qila olardim. Tokaygacha pinhon tutardim.
Ro‘zigul ketdi, uning ketishi bilan hamma sir oshkor bo‘ldi. Vohidning halovoti ham ketdi. U barcha qilmishlarini tan oldi. Boshini egdi. O‘zini aybdor deb atadi. Ro‘zigulga bosh urdi. Biroq xotin qaytmadi.
Ro‘zigul biroz otasinikida turdi-yu, so‘ng Roziq kichkinaning sovchilariga rozi bo‘ldi. Va undan bir etak bola-chaqa orttirdiki, bu esa butunlay boshqa tarix edi.
Vohid ham qishloqdagi gap-so‘zlar yotmasdan turib boshi ochiq juvonlarga og‘iz soldi. Bo‘lmadi. Hammasi birdek rad javobini aytdi. Unga alam qilardi. Xunob bo‘ldi. U o‘zi qilgan gunohlarga istig‘for ayta boshladi. 
Tavba qildi.
O‘zining to‘g‘ri yo‘lga tushmoqchi ekanligini va shu yo‘ldan adashmasdan yurmoqchiligini isbotlashga urinardi.
Vohid atrofdagi odamlarning unga ishonishini juda-juda xohlardi. U o‘ziga nisbatan aytilgan va nazarda tutilayotgan barcha gumon, hadik va boshqa bad xayollarning abas ekanligi tezroq ruyobga chiqishini istardi.
Oxiri jo‘rasi - Mirzo Eshmat Qarg‘aoyoqlidan kosovday qop-qora xotinni unga opkelib berdi. Bevaning bollari ko‘p edi. O‘zi esa chaqqongina va muloyim tabiatli ayol edi.
Yaqin qarindoshlarini chorlab, osh berishdi. Qarg‘aoyoqlidan ham mehmonlar kelishdi. Nikohni mulla Misr o‘qidi. Ikkalasi er-xotin bo‘ldi. Ular ancha vaqtlargacha bir-birlariga ko‘nika olishmadi. Buning ustiga hovlidagi, uydagi ko‘p narsalar Vohidga Ro‘zigulni eslatardi.
Vaqt o‘tishi bilan qarg‘aoyoqlik kelin nazoratga olindi. O‘zgarish yo‘q. Kutilgan natija ro‘y bermayapti. Ikkalasi ham o‘zlarini aybdor sezib, davralarga qo‘shila olmasdi. 
Mulla Misrning o‘qigan nikohining muddati ham oltinchi yilga qarab boryaptiki, Vohidning onasi diltang bo‘la boshladi. Chora axtarishdi. Ilinj topilmadi. Ona, Vohidning dunyoga kelajak bolalarini intizor bo‘lib, zoriqib kutayotgandi. 
Odamzot har narsaga chidar va ko‘nar ekan. Ko‘nikishga majbur ham bo‘larkan. Onasi bir kuni bolalari Vohid bilan Esonni chaqirib, shart qo‘ydi: “ Eson bolam, mana akangni ko‘rib turibsan... Farzand dog‘i yomon. Dunyodan akang ham men ham bearmon ketsin desang katta qizing bilan o‘rtanchi o‘g‘lingni bunga farzandlikka berasan, bolam. Boshqa gap yo‘q.”
-Bo‘pti, ena, - deydi Eson. – Bugun desalar bugun, ertaga desalar ertaga bolalarimni beraman, opketsin, mayli. 
-Rahmat, bolam, - deydi onasi. – Xudo seni kam qilmasin. Baraka topgin. Do‘stu dushmanning oldida yuzimiz ancha yorug‘ bo‘ldi.
-Akam xursand bo‘lsalar mayli. Men ham, keliningiz ham rozimiz, - deydi Eson. – Oilamiz bir-ku axir! Katta ro‘zg‘orning ichida aralashib yuraveradi-da. 
-Rahmat, uka, - deydi Vohid to‘liqib. – Sen meni ko‘pgina balolardan xalos qilding. Yukimni yengil qilding, uka. Sendan minnatdorman. Bu yaxshiliging mendan qaytmasa ham xudodan qaytsin.
-Ey,aka, qiziq odam ekansiz-ku! – deydi Eson. – Axir bu mening ukalik burchim-ku! Aslida men xomkalla, enam aytmasdan turib, o‘zim qilishim kerak edi. Lekin odamning ichini bilib bo‘lmas ekan-da, aka. Ochig‘i, bu gaplarni sizning oldingizda aytishdan ozgina iymandim ham, aka.
-Ey, bo‘ldi qilgin, - dedi onasi. – Endi ham kech bo‘lmadi. Hammasi joyida. Olam guliston. Ko‘p jag‘ urmagin.Qani bolalaringni chaqir-chi! Ular bilan ham gaplashib olaylik.
Eson o‘z bolalarini chaqirib keldi. Ularning ust-boshlarini taxlab, amakisinikiga jo‘natishdi.
Boshda biroz begonasirashgandek bo‘lishdi. Yo‘q, keyinchalik hammasi joy-joyiga tushib ketdi. 
Vohid vaqti kelib qizni turmushga uzatdi. Unga o‘zi ota sifatida oq fotiha berdi. Kelin tomondan bo‘ladigan to‘y harajatlarini ham o‘zi ko‘tardi. O‘g‘ilga xuddi shu taxlit otalik qilib o‘ylantirdi. Elga osh tortdi.
Hovlini to‘ldirib yuradigan nevaralarni erkalaydi. Ular ham bobo, deya erkalanadi. Kampiri ikkovi ularga har xil shirinliklarni ulashadi. 
Vohid cholning ko‘zlari doimo yo‘lga qaragan edi. U darvozadan o‘sha ko‘zlari shahlo juvonning yonida farzandi bilan kirib kelishini kutardi.
Uning ilinji faqatgina shu edi.
Bu narsani u hech kimga, hattoki, yonidagi kampiriga ham ayta olmasdi. 
Osmon yiroq, yer qattiq.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.