OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Omonat (hikoya)

Qunduz kampir qizi – Kibriyoni o‘ylabsa besaranjom bo‘ladi. Uni deb yuragi siqiladi. Choli ham bildirmay yuradi-yu, baribir uning ham ko‘ngli zada. Bo‘lmasa, cholu kampir bir etak bolani katta qilib, uyli-joyli qildi. Hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora. 
Elda oilaning o‘ziga yarasha obro‘si bor.
Kibriyo muallimlikka o‘qidi. So‘ng biroz qishloq maktabida ishladi. Sovchilarning sanog‘i yo‘q edi. Otasi eski qadrdoni - O‘roz temirchining o‘g‘li – Saparmuroddan kelgan sovchilarga rozilik berdi. Bo‘lajak kuyov bir paytlar Kibriyo bilan birga muallimlik kursida o‘qigan edi. 
Otasi tuzuk odam, onasi ham ba’mani, ro‘zg‘ori tinch.
To‘y bo‘ldi. Ahil oila maktabga borib-kelib, bolalarga saboq berardi. Odamlarning ularga havasi kelardi. Oradan yillar o‘tardi. Ular kutgan va kutayotgan quvonch kechikardi. Ko‘ngilda xiralik boshlanaverdi. 
Kibriyo ham, Saparmurod ham o‘zini odamlardan tortib yuradigan, davralardan qochadigan bo‘lib qolishdi.
Ular avval o‘z-o‘zidan, so‘ng bir-biridan shubhalana boshlashdi...
Tevarak atrofdagilar ham turli xil tusmollarni aytib, o‘zlaricha fol ochishardi:
-    Gulday umri o‘tib boryapti.
-    Tumso xotinni boshiga uradimi, hayda-da, boshqasini ol. Ana olam guliston.
-    Qiz bechoraga jabr bo‘ldi-da.
-    Qaysi tomonning ajdodlarida bularday odam bo‘lgan ekan...
-    Bechoralarning peshonasi sho‘r ekan.
Qudalar ham halovatini yo‘qotishdi.
Er-xotin har turli tadbirlarga rioya qilishdi. Biroq foydasi bo‘lmadi. G‘aroyib usullarni qo‘llab ko‘rishdi, hammasi besamar ketdi.
Barchaning boshi egik edi.
Oradagi xijolatpazlikni kim qaysi yo‘sinda hal qilishni birov bilmasdi.
Dardisar edi. Boshi va oxiri ko‘rinmaydigan vaziyat yuzaga kelgandi.
Saparmurod maktabidan kelib uyga kirdi. Ust-boshini almashtirib tashqariga chiqib, mollariga suv tutdi. Quradagi qo‘chqorlarning oldiga beda tashladi. Ariqdan qo‘lini yuvib, yana qayta uyga kirmoqchi bo‘lganida gujum tagidagi supada otasining yonboshlaganicha o‘ziga qarab turganini ko‘rdi. Otasi sallasini yoniga olib qo‘yib, qalpoqchasini qiya kiyib, choy ichib o‘tirardi.
Bu odam erta bahordan to kech kuzgacha betinim ishlaydi. Ustaxonasida o‘roq, ketmon, qoziq, suvliq, taqa, uzangi kabi narsalarni yasaydi. Atrof qishloqdagi chavondozlarning otlariga nag‘al qoqadi, uzangi, suvliqlarini yangilab beradi. O‘zi yasagan buyumlarni odamlarga sotadi. Lekin bozorga opchiqmaydi. Kerak odam, ustaxonadan kelib opketadi. Usta puliga talashmaydi. Nasiyaga ham molini berib yuboradi.
Nevaralariga chanqovuz ham yasab beradi. Bolalar ko‘cha-kuyda o‘zlariyam, boshqalar ham bezor bo‘lgunicha chanqovuzni chalib yuradi.
Temirchi bo‘lgani bilan uning ko‘ngli yumshoq. Birovga qattiq gapirmaydi. Kishining iltimosini yo‘q demasdan bajaradi. Shu sabab bo‘lsa kerakki, O‘roz temirchini qishloqning odamlari hurmat qiladi.
O‘roz temirchi ariqdan qo‘lini yuvayotgan o‘g‘lini ko‘rdi-yu yana indamay qo‘ydi. Go‘yoki, uni ko‘rmaganday dasturxondagi chivinlarni qo‘li bilan silkib haydadi.
Saparmurod ariqdan hatlab o‘tdi-da, otasi tomon kela boshladi.
-    Salom, ota, - dedi u.
-    Salom o‘g‘lim, kel qani, o‘tir-chi, - dedi otasi.
Ota-bola qo‘l berib ko‘rishdilar.
-Qani ota, bu yerda o‘tiribsiz? Salqinlayman dedingizmi? Yoki biror ish bormidi? 
-Toshqul kapitan nevaralariga to‘y qilgan ekan, shunga boruvdim. Qaytayotib shu yerda o‘tirgan joyim, - dedi ota.
-Ha,yaxshi qipsiz.Sog‘ligingiz yaxshimi,ota? Charchamayapsizmi? Shogirdlaringiz ham qo‘lingizdan ishni olgandir-da? 
-Hammasi yaxshi, bolam. Shogirdlarning o‘zi eplaydi. Lekin hali yoshligi bor ularning. Ko‘pam ularga ishonish kerak emas. Ishni berib, boshida turmasang ko‘ngildagiday qilmaydi, baribir. Lekin pishiq bachalar. Vaqti kelib, katta usta bo‘p ketishi hech gap emas. Ishdan qochmaydi. Yolg‘on aytmaydi. Birovning moliga ola qaramaydi. Eng keragi ham shu o‘zi ! –dedi otasi hayajonlanib.
-Ota, to‘y yaxshi o‘tdimi? – deb so‘raydi o‘g‘li.
-Ha, zo‘r bo‘ldi. Toshqul kapitan yaxshi haq berdi. O‘zining yubileyini ham qo‘shibdi.Baraka topsin, bolalari durust ekan. Hammasi topganini dasturxonga qo‘yibdi. Elning oldidan o‘tgani yaxshida. Bolam sen ham to‘yga bordingmi? 
-Yo‘q, - deydi o‘g‘li yerga qarab. – Maktabda darsim ko‘p edi. Borolmadim. Erta-indin to‘y qulluq bo‘lsinga o‘tib kelarman.
-Bolam bunday qilmagin, elning to‘y-yu ma’rakasiga aralashish kerak. Ertaga hisob-kitobi bo‘ladi, - deydi otasi.
Ota bolaning suhbati mana shu yerda uziladi. Ikkalasi ham jim o‘tirardi. Hech biri birinchi bo‘lib gap aytarga jazm etolmay turishardi.
Ota o‘g‘lining dardini bilardi. Hozir Toshqul kapitanning to‘yi bahona yigitning ko‘ngli o‘ksidi. Yarasi tirnalganday bo‘ldi. Saparmurod o‘zini aybdor seza boshladi. Yuzlari qizarib, otasining oldida o‘zini o‘ng‘aysiz his qilardi.
O‘roz temirchi piyolasiga choy qo‘yar ekan, ko‘zining qiri bilan o‘g‘lining avzoyiga nazar soldi. Yigit shoshib, otaning qo‘lidan choynakni olib, piyolaga choy qo‘yib otasiga uzatdi.
Otasi piyolasidagi choyni ho‘plaganicha, uyiga qarab, xayollarga cho‘mib ketdi.
-Bolam, - dedi u o‘g‘liga ko‘zlarini yirib qaragancha. – Kelin qaerda? Ko‘rinmaydi?
-Enasinikiga ketgan, - dedi o‘g‘il xomush bo‘lib.
-Ha, shunday degin. Quda momo yaxshimi ishqilib? 
-Yaxshi, ikkovi Kitobdagi eshon buvanikiga bormoqchi edi. Shunga ketgan.
-Bolam nima bo‘lsayam sabr qilinglar. Xudoning rahmi kelsa, hech gap emas. Tag‘in kelinning ko‘nglini og‘ritma. Yaratganning ham bizga atalgan kuni bordir. Buyam egamning sinovi, bolam.
- Rahmat ota, lekin bu azob ekan, - deydi o‘g‘il.
-Chidaysan bolam, chidaysan. Bitta sen emassan-ku. Oxiri yaxshi bo‘larini ko‘nglim sezyapti.
O‘roz temirchi dasturxonga fotiha o‘qidi. Ota-bola omin qilishib, o‘rinlaridan turishdi. Ota bog‘ oralab ustaxonasiga ketdi. O‘g‘li esa qaytib uyga kirdi. 
Kechga tomon Kibriyo keldi. Er-xotin yarim tungacha gurunglashdi.
-Siz rozi bo‘lsangiz, ukamning xotini og‘iroyoq. Erta-indin ko‘zi yoriydi. Chaqaloq tug‘ilgandanoq o‘zim boqib olaman, - deydi xotini dabdurustdan.
-Bu qanday bo‘larkan?
-Keyin Ollohning irodasidagi bo‘laveradi.
-Ukang nima deydi. Keliningchi? Uydagilarichi? – deya eri o‘ylanib qoladi.
-Parvo qilmang. Hammasining ko‘zi o‘ng. Birov hech narsa demaydi. Ukam begona emas-ku! – deydi xotini shaddodlik bilan.
-Bu narsa sening xayolingga qaerdan keldi? – deydi eri hayron bo‘lib.
-Enam aytdi, bu gapni. Mana Qamar buvaning Musurmon o‘g‘li Karomat yanga bilan o‘n ikki yil o‘zimizdek bola kutib yashadi. Farzand asrab oluvdi, keyin qatorasiga etaklari to‘la o‘g‘il-qiz bo‘ldi. Shunga qarab, biz ham asrab olaylik yo‘limiz ochilar, - deydi xotini.
-Bilmay qoldim, boshim qotdi, - dedi eri.
Xullas, chaqaloq tug‘ildi. Uni Kibriyo uyiga opkeldi, yo‘rgaklab, beshikka beladi. Yuvib-tarab katta qila boshladi.
Qunduz kampir qiziga bilmaganlarini o‘rgatib turdi. Er-xotin mana shu chaqaloqqa o‘rganib, behad bog‘lanib qoldi. Bolani erkalaydi, opichadi, yuzlarini silaydi.
Kibriyo tonggacha beshik boshida halak. Bola ularning ko‘z o‘ngida ulg‘ayib boraverardi.
Bir kuni Kibriyolarnikiga ukasi – Vohid keldi. Uni aziz mehmon bilib, uyning to‘riga o‘tkazishdi. Oldiga dasturxon 
yozishdi. Opa uka hol ahvol so‘rashdi. Uka pochchasini so‘raydi. Opasi hozir keladi, Obidni ergashtirib, boqqa chiquvdi, deydi.
Bir mahal Saparmurod Obidni ko‘tarib uyga kirib keladi. Ular so‘rashishadi.
-Tog‘a kelibdi, salom berchi? – deydi Saparmurod Obidga.
- Salom, - deydi bolakay begonasirab.
- E,e, oldiga borib, ko‘rish-chi, - deydi Kibriyo.
- Kel-chi, bu yoqqa, - deya Vohid bolani o‘ziga chorladi.
- Yo‘q bormayman, - deydi bolakay. – Men dadamga boraman.
Bola o‘zini Saparmurodning bag‘riga otdi. U Vohiddan begonasirab turardi.
Shunda Vohidning yuragi muzlab ketdi. Opasi tashqariga chiqib, ovqatga unnay boshladi.
Saparmurod esa Obidning kichkina qo‘llarini ushlab turardi.
Bolakay boshini Saparmurodning ko‘ksiga qo‘yganicha, asl otasi – Vohidga begonasirab, hadik aralash qarab turardi.
Bir zumda Kibriyo ovqatini dasturxonga qo‘ydi. Hammasi oshni xush ko‘rib yeyishdi.
O‘rtadagi hijolatpazlik baribir tarqalmadi. U uvada bulutdek ko‘ngilga soya tashlab turardi.
Vohid bu yerda – opasinikida mana shunday vaziyatga tusharini umuman xayoliga keltirmagan edi.
“Yaxshiyamki, xotinimni opkelmagan ekanman, bo‘lmasa u bechorayam tug‘ilganiga va tuqqaniga pushaymon bo‘lardi,” deya xayol surardi. 
Qaytar mahali bolakay Vohidga qarab:
-Yaxshi boring tog‘a, yanayam biznikiga kelib turing, - dedi.
-Xo‘p bo‘ladi, - dedi Vohid. – O‘zing ham biznikiga borgin.
-Mayli, boraman. Otam bilan onam oborishsa albatta siznikiga boraman, - dedi o‘ktam ovoz bilan bolakay.
- Xayr, - dedi Vohid.
- Xayr, tog‘a, - deydi bola.
-Xayr, yaxshi bor, uydagilarga salom ayt, kelib tur, - deydi opasi bilan pochchasi.
Vohid bolakayni “jiyan” ham, “o‘g‘lim” ham deyishga tili aylanmay butun vujudi karaxt bo‘lib qolgandi.
U o‘z uyiga qay tarzda yetib kelganini sezmaydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.