OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Oqbosh (hikoya)

Ancha olis zamonlar edi. Bosqinlaru tala-tala avj olgan. Har tomon notinch. Olamda nima voqea sodir bo‘layotganidan bexabar el har turli mish-mishlarga intiq turardi. Tahlikali hayot edi.
Jom, Ayritom va o‘n bir daha qishloqlarida yaxshi oti bor bo‘z yigitlar va baquvvat odamlarni baobro‘ xonadonga chorlab, Sho‘roga qarshi kurashishga da’vat qilishardi. Ulardan ham birovi ko‘nadi va boshqasi esa rozi bo‘lmasdi.
Muhtaram o‘quvchi, hikoyamizning shu yerida bir oz chekinish qilsak. Chekinish shuki, kamina qo‘hna dunyo, tarixiy shaxslar, joylar haqida materiallar to‘play boshladim. Kunlarning birida Oqbosh bosmachi haqida ham ko‘p iliq gaplarni eshitdim.
Xullas, Oqboshning taqdiri va tarixi meni o‘ziga tortgandi...

* * *

Shifoxonadaman. Oyog‘imni operatsiya qilishgan. Yozda bemorxonaning palatasida yotishning o‘zi bo‘lmas ekan. Issiq azob beradi. Xonadagilar bilan uyoqdan-buyoqdan gurung qilamiz.
Qarindosh-urug‘, hamsaboqlar ko‘rgali kelishadi. Do‘xtiru hamshiralar emlashib ketishadi. Vaqt yetib, menga shifoxonadan javob berishadi. Ko‘ch-ko‘ronimni ko‘tarib, musofir shaharda tog‘amnikiga keldim. U yerda ertangi safarim – uyga, qishloqqa qaytishga tayyorgarlik ko‘ryapman. Safar jabdug‘i tayyor. Tepamdagi quyosh botib, tong otishi bilan men ham yo‘lga otlanaman.
Kechki payt tog‘am ishdan keldi. Osh pishirdik. Qozon boshidan tog‘a-jiyan savol-javob qildik.
-Oyog‘ing og‘rimayaptimi?
-Yo‘q.
-Ehtiyot bo‘l, og‘ir ko‘tarma. Qishloqqa qachon ketyapsan?
-Ertaga ertalab. Agar uydagilarga gap bo‘lsa...
-Yo‘q, hammaga salom deysan.
-Shu tog‘a bir gap bor edi...
-Nima ekan u gap?
- Oqbosh bosmachi degan odam bo‘lgan ekan. Shu odam meni qiziqtirib qoldi. Ayritomdan ekan. O‘rganib, biror narsa qilsam devdim. Shunga sizning maslahatingiz kerak edi.
- Katta masala-ku? Yoshlik qilasan hali. Mayli. Ayritomda Ismoil Toshqulov degan odam bor. Bir paytlar dong‘i ketgan rais bo‘lgan. Buvang bilan oshno. Ana shu odamning oldiga borasan. Ko‘p narsadan xabardor. Otam u kishini maqtardi. Mendan salom aytasan-da, gurung qilib, so‘rab olasan...
Tog‘a-jiyan ancha mahalgacha suhbatlashdik. 
Olam jahon nasihatlar bilan uyga keldim. Hafta-o‘n kun jarohatlar bilan ovora bo‘ldim. Xudoga shukr, yara tezroq bitdi. Bemalol yuradigan bo‘ldim.
Yana Oqbosh bosmachining tarixini izlay boshladim. Bu borada sinfdoshim Eldorga gap ochdim. U “xohlasang birga u yerga boramiz. Ayritomda qarindoshlarim bor,” - dedi. So‘ng u bilan mashinada yo‘lga tushdik. Ayritomga kiraverishda odam gavjum joyda to‘xtadik. Mashinadan tushib, ular bilan ko‘rishdik. Maqsad muddaomizni bayon etdik.
Ulardan biri ichkariga kirib ketdi-da, “sizlarni kolxoz idorasining oldida kajavali mototsiklda – Bozorboy aka degan odam kutib turibdi. Tez boringlar, ana shu kishi sizlar izlayotgan odamni yaxshi biladi,” deya yo‘l ko‘rsatdi.
Sherigim bilan kajavali mototsiklni qidirib kelaverdik. Biroz yurganimizdan so‘ng xo‘jalik idorasining oldida barvasta odam aytilgan ulovning yonida turganicha qo‘lini bizga sermadi. To‘xtadik. Ko‘rishdik. U kishi “mening ortimdan yuraveringlar,” deya mototsikliga mindi. Tepalikka chiqdik. U kishi bizlarga uyini, og‘ilxona, tomorqasi-yu boshqa amlokini ko‘rsatardi. So‘ng pastga tushdik. Bozorboy akaning bolalari qo‘limizga suv qo‘yib, sochiq tutishdi.
Mehmonxonaga yo‘l boshladi. O‘tirdik. Dasturxon yozildi. Bir pastda dasturxon yegulikka, uy esa odamga to‘ldi. Gapning rosti, uy egasi – mezbon – Bozorboy aka xavotirda edi. Men bilan Eldorni mezbonlar savolga ko‘mib tashladi.
“Kimsizlar?” “Jomning qaeridan, kimlardan bo‘lasizlar?” “Jomning bozorida molning narxi qanday? Tovuqniki-chi? Ot-chi! Ot?” 
“Ayritomning kuchuklari yomon. Bu yerda ham bezori bolalar ko‘payib ketgan. Tunov kuni molo‘g‘rilarini yigitlar tutib olib rosa urishibdi.”
Uydagilar bizdan gumonsirar edi. Negaki, ikkovimiz ham yosh. Tagimizda esa mashina. Salkam bir asrdan ziyod tarixni titkilash uchun bir eldan boshqa elga borganmiz. Buning ustiga bizni qiziqtirgan odam dongdor mexanizator yoki zarbdor mehnatkash emas, balki Oqbosh bosmachi edi.
Turgan gapki, Oqbosh bosmachining tarixini bilmoqchi bo‘lgan bu ikki jinqarcha mezbonlarni hadiksiratib qo‘ygandi. Shu mahalda davraga o‘rta bo‘yli, ko‘zlari tik qaraydigan, qoruvli bir mo‘ysafed kirib keladi. U kishini davra ahli darrov to‘rga o‘tkazdi. Hamma yuziga fotiha tortdi. Bir-birimiz bilan qaytadan so‘rashdik. Mo‘ysafed bizlarni savolga tutdi:
-Qaerdansizlar, bolalarim?
-Jomdanmiz.
-Kimlardansizlar?
Birinchi bo‘lib Eldor, keyin men ota-bobolarimizni aytamiz. Qariya jim eshitib o‘tirdi. U uy egasiga qarab, “Bozorboy, tashvish qilib o‘tirma. Bular mening mehmonim ekan. Men bularning bobolarining ko‘p tuzini yeganman. Qani, dasturxonga omin. Hamma bizning uyga. Ketdik, qani turinglar,” deya ortidan bir uy odamni ergashtirib jo‘nadi.
Hammamiz hayron. Qariya uyiga kelganida yana bolalariga amr qildi: 
-Temur bolam, Jomdagi jo‘ramning nevaralari kelibdi. Oyog‘ining tagiga jonliq so‘y. Uyni tayyorlanglar.
Qo‘chqor so‘yildi. Gurung orasida hammasi ayon bo‘ldi. Bizlarni kutib olgan Bozorboy aka Oqbosh bosmachining nevarasi ekan. Qariya esa bir paytlar Ayritom ya’ni Fayzulla Xo‘jaev xo‘jaligida raislik qilgan Ismoil Toshqulov bo‘lib chiqdi. Buning ustiga u kishi Oqboshning singlisini olgan ham ekan. Qariyaga tog‘amdan salom aytdim. Ziyofat maromiga yetsa ham gurung tugay demasdi. Gurungning o‘zanini Oqbosh bosmachiga buramiz. Ismoil Toshqulov ko‘zlarini olislarga qadaganicha, chuqur xo‘rsinib, hikoyasini boshlaydi.
“Oqboshning otasi-bobosi elning o‘qimishli, kayvoni, old odamlaridan edi. Birov ularning oldini kesib o‘tolmasdi. Kambag‘alparvar, yetim-esirning boshini silaydigan, raiyatparvar ro‘zg‘or edi. 
Ular Ayritom elining boy odamlaridan biri hisoblanardi. Oqbosh Buxorodagi Mir-arab madrasasida qanchadir vaqt ta’lim ham oladi.
Unda dini iymon bor edi.
Nimadir bo‘ladi-yu el to‘zib qoladi...
Sho‘ro hukumati tuziladi. Qizil askarlar miltiqlarini osib olib odamlarni qo‘rqitardi. Ko‘ziga chiroyli ko‘ringan anjomlarni so‘roqsiz istifoda qila boshlaydi.
Elning martabali odamlarini chorlab, anjumanlar o‘tkazib, sho‘roga da’vat qilardi. Nenidir va’da qilardi. Sarpo-suruq in’om qilardi. El ikkiga bo‘linadi. Biri sho‘roga xizmat qiladigan, boshqasi esa kimning etagidan tutishini bilmaydigan toifa edi. Mana shu toifa sho‘roga qarshi edi. Boshda ular sho‘roning qilayotgan ishlaridan ich-ichidan nafratlanardi. Oxiri hammasi qo‘liga qurol oladi. Ular Oqboshning atrofida jipslashadi. U boshda qo‘shni qishloq va hatto keyinchalik Turkiston, Buxoro, Nurota, Shahrisabz, Denov va Farg‘onadek joylar bilan aloqa qila boshladi.
U tilga tushdi. Tevarak-atrofda Oqbosh mashhur bo‘ldi. Unga yon atroflardagi g‘ururli yigitlar kelib qo‘shila boshladi. Bu irmoqlar oxiri xuddiki daryodek bo‘ldi. Sho‘roning zobitlari ham ulardan cho‘chiy boshladi. Oqboshni o‘zlariga og‘dirish uchun ko‘p urinishdi. Barisi befoyda ketdi. Oqbosh ularning na mansabiga, na oltinu olmoslariga ko‘ndi...
Uning askarlari Nurota, Cho‘nqaymish, Shahrisabz tog‘larida qo‘nim topdi.
Sho‘roning askarlari kechasi besar yurgan odamlarni so‘roqsiz kolxozning otxonasiga qamab qo‘yardi. Ularga azob berardi. Ust-boshini yechib olib, uyiga haydab yuborardi. Odamlarning uyiga ham daxl qila boshladi.
Oqbosh ularga qarshi kurashadi. Sho‘roning ko‘p askarlarini ayovsiz qirib tashladi. Buni kutmagan sho‘ro garang bo‘lib qoladi. Kengashib Oqbosh va uning navkarlarining boshini garovga qo‘yishdi.
Odamlarning qo‘y-mol, ot-eshagini o‘zlari o‘g‘irlab, Oqboshning odamlari o‘g‘irlagan, deya gap tarqatadi. Uning navkarlarini ich-ichidan bo‘lmoqqa shaylanishdi. Sho‘roning urinishlari bekorga ketmadi. Kechikibroq bo‘lsa-da, o‘zining natijasini bera boshladi. 
Cho‘nqaymish tog‘larida yurgan, Oqboshning ishonchli vakili Miraliga qishloq sho‘rosining kotibligini taklif qilgan ekan. U darrov beshta qipchoqni o‘ldirib, navkarlar orasiga nizo solib, o‘zi kotiblik martabasiga erishdi.
Shunday qilib Oqboshga sotqinlik qiladiganlarning soni ko‘payib boraverdi. Odamzot xom sut emgan banda deb bekorga aytmas ekanda. Shunday kunlarning birida Oqbosh Nurota tevaragidagi Xatirchidan bir Barchin degan arab xotinga uylanadi. Arab xotin undan Rajab degan bola tug‘adi. Sho‘rolar Oqboshning arab xotinini ham ishga solishadi. Ular Barchinga bir xurjun taqinchoqni sho‘rolar nomidan in’om qilishadi. Evaziga esa bu xotin erini tutib berishi kerak edi. Arab xotin rozi bo‘lmaydi. 
Ular yana bir xurjun taqinchoq eltganlaridan so‘ng Barchin rozi bo‘ladi.
Oqbosh uyiga ko‘ngli g‘ash bo‘lib keladi. Barchin esa unga girgitton bo‘lib xizmat qiladi. O‘g‘li – Rajab otasiga onasining taqinchoqlarini ko‘rsatadi. Oqbosh xotinini o‘lasi qilib uradi. 
Yelkasiga chakmonini iladi-da, otiga minib navkarlari bilan Shahrisabzga keladi.
Bu yerda ham xiyonat hidi seziladi. Omon degan navkari sho‘ro tomonga hech gap-so‘zsiz o‘tib ketadi. Omon onasi bilan qishloqma-qishloq yurib xotin-xalaj orasida ozod zamon haqida so‘zlab, paranjilarni olovda yoqishadi.
Sho‘ro Omonga emas, balki onasiga mansab beradi...
Oqbosh Shahrisabzda ham ko‘p turmaydi. Bu yoqda sho‘ro hukumati ham kuchaya boshlagan. Ularning quro-yarog‘i ham zo‘r edi. To‘p-zambarak bilan tog‘u toshlarni talqon qilardi. Qolgan joyda esa fitna bilan yerli sotqinu xoinlarning ko‘magida ildamlay boshladi. Sho‘roning qo‘li baland kela boshlagandi.
Oqboshning dasti kaltalik qilayotganini o‘zi ham atrofdagilar ham sekin ilg‘ay boshlashdi. Shahrisabz, Jom tog‘larida sho‘ro askarlari bilan so‘ngi bor kurashdi. Ularga qiron keltirdi.
Tiramohning oxirlarida Oqbosh navkarlarini, sardorlarini yig‘adi. Katta va quyuq ziyofat beradi. Davradagilarning hammasiga tashakkur aytadi. ”Xizmatingizga rozi bo‘linglar. Mendan yaxshi-yomon gap o‘tgan bo‘lsa avf etgaysizlar. Hammangizdan roziman. Shu yerda tarqalamiz,” deya Oqbosh yigitlari bilan ko‘ngli o‘ksib, hatto yig‘lab, uzoq xayrlashadi.
Shundan keyin Oqbosh yonida eng sodiq beshta yigiti bilan Turkistonga ketadi. Sho‘ro bilan talashmaydi. U yerda tinch-totuv yashaydi. Chimkentlik bir o‘zbek ayolga uylanadi. Undan bola-chaqa orttiradi. 
Turkistonga anovi Barchin degan arab xotin chaquv yuboradi. Keyin Oqbosh bir kechada ko‘ch-ko‘ronini olib Afg‘onistonga o‘tib ketadi. Atrofdagi yigitlarini ham olib ketadi. Keyinchalik Oqbosh Turkiyaga, undan so‘ng Olmoniyaga kelib yashaydi.
U kishi shu ketganidan keyin Ayritomga qaytib kelmaydi. Ancha yillardan so‘ng Bozorboyni ham olmonlar yurtiga chaqirishadi. Bu bola u yerga borib bobosining qazo qilganini biladi. U yerdagi o‘gay birodarlari bilan tanishadi, diydorlashadi.
Oqboshning Istat degan o‘g‘li xajga borib kelgan ekan, u kishi Bozorboy ketar chog‘ida unga bir xaltani tutqazibdi. Bozorboy olmayman bu nima o‘zi, deb so‘rabdi. Istat esa, uka, bu otamning qabridan olingan tuproq shuni olib borib Ayritomdagi bobolarimizning yoniga ko‘ming, debdi.
Bozorboy tuproqni opkelib, jonliq suyib, qabristonda ismi rasmini qildik.
Oqboshning qabrini tavof qiluvchilar ko‘payib ketdi. Xachirchidagi Barchin degan xotini ham shu yerda yashadi. U o‘lganida Oqboshning qabri yoniga ko‘mdik. Zang‘ar, shunday nasihat qilgan ekan.
Keyingi davrlarda Oqboshni maqtovchilar ko‘payib ketdi. Uni bosmachi deb atash ham urfdan qoldi.
Yaqinda maktab, kecha esa mana shu ko‘chani ham Oqboshning nomi bilan atashibdi... Ajib zamonlar ekanda...”
Shu bilan Ismoil Toshqulovning Oqbosh haqidagi hikoyasi tugaydi.
Bizlar Ayritomlik mezbonlar bilan xayrlashib, tun qorong‘usida uyga qaytamiz.
Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.