OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Tug‘ilgan kun (hikoya)

Bir yurtdan boshqa shaharga yaqinda ko‘chib kelgan vaqtlarim edi. Ko‘ch-ko‘ronlarni sekingina sarishta qilyapmiz. Dam olish kunlarini mo‘ljallab ishni jadallashtirdik, bozorga chiqib ul-bul xarid ham qildik. Samarqanddan kelgan xo‘roz oyog‘idagi arqonchasini sudrab hovlida yurardi. Xo‘rozni turkman momomiz yangi uyga qon chiqarish uchun berib yuborgan edi. Un ham qo‘shib berishgan ekan.Ko‘ngiletar do‘stlar, og‘a-inilar va qo‘shnilarni dam olish kuni, peshin vaqtiga uyga taklif qildik. Xo‘roz so‘yildi. Qoni bo‘sag‘a-yu deraza-eshiklarga surtildi. So‘ng bozordan olingan masalliqlar rasamadi bilan qozonga solindi. O‘choqboshida, uyda gurung boshlandi. Xotin-xalaj esa boshqa xonada suhbat qurib o‘tirishardi. Avval boshda “uy qulluq bo‘lsin,” “juda yaxshi joydan olibsiz,” “buyursin,” kabi gaplarni quyuq qilishadi. So‘ng bir muddat o‘tib hammasi o‘zidan, kasbidan, ob-havo, narxu navodan so‘zlay boshladi.
Osh suzildi. Kela olmagan, kasal bo‘lgan hamsoyalarga alohida laganda osh chiqarildi. Davradagi kishilar orasida o‘ris qo‘shni ham bor edi. Uning yurish turishi, gapirishi, oshni qo‘l bilan yeyishigacha o‘zbekcha edi. Uning faqatgina ko‘zini rangi va ismigina o‘rischa ekan. Oti – Gennadiy edi.
Gennadiyga davra ahli diqqat bilan go‘yoki bir ajoyibotga qaraganday nazar qilardi. Uning o‘ziyam suhbati soz yigit ekan. Qaysi sohadan gap ochilsa bas, o‘shandan so‘zlay ketadi. Vaqt yetib, dasturxonga fotiha o‘qildi. Gennadiy ham yuziga fotiha tortdi. Hamma uy-uyiga tarqalishdi.
Gennadiy ozroq muddat o‘tib umuman ko‘rinmay qoldi. Eshigiga muhr bosishdi. Bu orada u haqida ko‘p gap-so‘zlar urchidiki, hammasi har xil ma’noli edi. Uni qamashgani rost bo‘lib chiqdi. U to‘rt yil o‘tirdi.
Kech kuz edi. Darvoza taqilladi. Darchani ochsam, Gennadiy kulimsirab turardi. Ikkalamiz uzun-qisqa bo‘lib uyga kirdik. Qarasam, uning sochlari anchagina oqaribdi, ranglari siniqibdi. Ko‘zlari ma’yus va qarashlari ham g‘amgin edi. Dasturxon yozilib, bolalar non va choy opkelishdi. Ikkimiz xontaxtaning ikki chetida o‘tirib suhbatga tushdik. Asosan u gapirardi. Men esa jimgina tinglab o‘tirardim. Gennadiy hikoyani o‘zining go‘daklik pallasidan boshladi. Unga mana shu damda o‘zini tushunadigan, qilgan xatolarini kechiradigan inson kerak edi.
“Men otam va onamning mehrini oiladagilarimiz orasidan ko‘proq sezardim va bundan to‘yib o‘sganman. Ular meni juda yaxshi ko‘rishardi. Nimani xohlasam shuni qilardim. Ko‘nglim tusagan narsani ular olib berishardi. Oilada hech kim mening ra’yimga qarshi bormasdi. Xavotirlanmang, men injiq va tantiq bola emasdim. O‘zimning holimni bilardim. Haddimdan oshmasdim. Sportni yaxshi ko‘rardim. Otam menga bu borada rag‘bat ko‘rsatardi. Umrimni sportga bag‘ishlashga ahd qildim. Ustozlarim va otam ham mening bu qarorimni ma’qul topishdi. Men mashg‘ulotlarda tinmay qatnashardim. Maktab musobaqalarida faqat birinchilikni olardim. Bundan o‘zim va atrofimdagilar ham faxrlanishardi. Otam va ustozim mening g‘alabamdan g‘ururlanishardi.Obro‘yim maktabda, ko‘cha-kuyda va mahallada oshib borardi. Onam menga ko‘z tegmasligi uchun turli irim-sirimlarni qilardi. Do‘stlarim ko‘p bo‘ldi. Hammaning men bilan do‘stlashgisi kelardi. Mening yutuqlarim borgan sari ortib ketayotgandi. Maktabdan so‘ng meni institutga imtiyozli tarzda qabul qilishdi. Talabalar orasida ham izzatim yomon emasdi. Domlalar ham menga rag‘bat ko‘rsatishardi.
Men talaba do‘stlarim bilan shodu xurram yurardim. Hayotimdan o‘zim ham, ota-onam ham rozi edik. Men bir qiz bilan tanishdim. Afsuski, o‘sha kun men uchun eng qayg‘uli va ofatli taqdirning boshlanishi ekanligidan mutlaqo bexabar edim. Ayni xulosalarga keyinchalik keldim, albatta. Dastlab, men ham u qizga mushtoq edim. U bilan suhbatlashgim, unga bog‘liq voqea, tarix va boshqa tafsilotlardan tezroq boxabar bo‘lgim kelardi. Qiz meni uyiga taklif qildi. Tabiiyki, men ul-bul xarid qilib qo‘limda bir dasta gul bilan uning uyiga keldim. Qiz xursand bo‘ldi. Meni mehmonxonasiga taklif qildi. Stulga o‘tirdim. So‘ng u ota-onasini boshlab kirdi. Meni ularga tanishtirdi. Qizning ota-onasi mening kimligim bilan qiziqdi. Savollariga javob berdim. Birgalikda tamaddi qildik. Fursat yetib, xayrlashib uyga qaytdim. Kelib turib onamga qaerga borganim va kim bilan uchrashganimni oqizmay-tomizmay aytib berdim. Onam ham poylab o‘tirgan chog‘i, darrov so‘roqqa tuta ketdi.
-Kim?
-Qaerda o‘qiydi, qaerda yashaydi?
-Ota-onasi kim, qaerda ishlaydi?
-Ishqilib yaxshi chiqsin-da, surishtirdingmi?
-Umr savdosi bilan hazillashib bo‘lmaydi...
Qiz nmasi bilandir meni o‘ziga rom eta boshlagan edi. Uni ko‘rmasam turolmaydigan bo‘ldim. Sizda bu odat yo‘q. Ota-onam qiz bilan tanishishni istab, uni uyga chaqirishimni tayinladi. Uni taklif qildim, uyga keldi. Dasturxon atrofida suhbat boshlandi.
Har kim o‘ziga taalluqli mavzudan gap boshlaydi. Savol-javob ham shunga yarasha. Xullas, hamma bir-biriga ma’qul tushdi. Rozi-rizolik bilan to‘y ham bo‘ldi. Hayotimiz odatdagidek bir maromda ketardi. Xotinim ham bemorlarni davolardi. Men esa sport bilan mashg‘ul edim. Yil o‘tib o‘g‘ilchalik bo‘ldik. Unga otam rahmatlikning ismini qo‘ydik. Otamning ismi Nikita edi. O‘g‘lim mening borlig‘imga aylandi. U menga ovunchoq edi. Ishdan kelsam, charchog‘im o‘z-o‘zidan tarqab ketardi. Nikita men uchun o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi vositaga aylangandi. U avlodimiz tomiri edi. U menga otamni eslatardi. Nikitani avlodimizda paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun kelgan hilqat desam bo‘lardi. U yura boshladi. Hovlida bemalol chopqillaydigan bo‘lganidan so‘ng unga yana bir uka ham qo‘shildi. Ukasiga Igor deb ism berdik. Men bu orada safarlarga borib, sport musobaqalarida qatnashib yurardim. Igorning tug‘ilishi men uchun unchalik ham quvonchli bo‘lmaydi. To‘g‘ri, uniyam erkalardim, opichlab ko‘tarib yurardim.
Yuragimda g‘ashlik paydo bo‘lgandi. Uydan soviy boshlayotgan edim. Safar yoki boshqa musobaqalardan so‘ng uyga oshiqmasdim. Iloji bo‘lsa, o‘sha joylarda qolib ketsam, derdim. Sportda haliyam muvaffaqiyatlarga erishardim. Hurmatim joyida edi. Oilada esa pala-partishlik boshlandi. Dastlab, bolalarimning so‘ng mening ust-boshimizda, yurish-turishimizda ayol kishining qo‘li yo‘qligi bilindi. Bora-bora bu narsa yeb-ichish va yotib turishda ham sezildi. Men xotinimni tartibga chaqirdim. Tevarakdan uyalgin, odamlar kuladi, hammasini joy-joyida qilgin, derdim. Yo‘q, u parvo qilmasdi. Men qo‘ni-qo‘shnilarning oldida yurish- turishimizdan uyalardim. O‘zimning, bolalarimning ust-boshini yuvardim. Dazmollardim. Ovqat qildim. Qozon-tovoq ham o‘zimga qoldi. Ro‘zg‘orimizdan xayru baraka ko‘tarildi. Xotinim bu uyda mehmonday edi. U uyga faqatgina kechga yotish uchun keladigan bo‘lib qoldi. U ichadigan va chekadigan odat chiqardi. Uni qanday jin chalganini bilolmasdim. Xotinim esa jin chalgan alvastiday bo‘lib qoldi. Uning yurish-turishi menga umuman yoqmasdi. U o‘ziga alohida bir xonani qulf-kalit qilib oldi. Men xotinimning ahvolidan qo‘ni-qo‘shni va bolalarim oldida izza bo‘lardim. Bolalarim ham onasidan bezor bo‘lgandi. Safarga ketsam, ular meni intiq kutishardi. 
Men uzoq yo‘lga chiqqan odam har zamonda bosib o‘tgan masofasiga qaragandek, o‘zimning hayotimga razm solardim. Nelarnidir o‘zimcha muqoyasa qilardim. O‘zimga o‘zim savol berardim.
-Kimga yomonlik qilgan ekanman?
-Nega bunaqa bo‘lyapti?
-Gunohim nima edi?
- Oxiri qanday tugarkan?
- Men ham... haqqim bor-ku!!!
Katta o‘g‘lim – Nikitaning tug‘ilgan kuni. Safardan qaytayapman. Aeroportdan to‘g‘ri bozorga keldim. Mayda-chuyda xarid qildim. O‘g‘limga atab dudama pichoq oldim. Mashinaga o‘tirib uyga keldim. Eshikni ikkalasi ochdi. Bo‘ynimga osilishdi. Chaqchaqlashib hammamiz ichkariga kirdik. Ikkala o‘g‘lim dasturxon tuzashga unnadi. Men esa ovqat qilishga kirishdim. Nikita dimlamani yaxshi ko‘rardi. Qozonda ham xuddi shu narsa pishirilayotgan edi. Ota-bolalar dasturxon atrofida gurunglashib o‘tirganimizda, eshik ochilib, xotinim gandiraklaganicha biz o‘tirgan stol yoniga keldi. Stulga bir amallab o‘tirdi. Undan kelayotgan hidga xonada o‘tirib bo‘lmasdi. Buning ustiga u yarim yalang‘och. U bir mahal meni ham, bolalarni ham so‘ka boshladi. Bizlar darg‘azab bo‘ldik. Eng yomoni... keyin...keyin bo‘ldi. Xotinim chiqqan eshikdan qo‘lida shisha tutgan shir yalang‘och erkak ham biz o‘tirgan dasturxon tomon kela boshladi. Bu xonim uni ko‘rdi-yu, o‘sha tomonga talpindi. Chidab turolmadim. Qo‘ynimdan o‘g‘lim – Nikitaga atab olinga sovg‘a ya’ni dudama pichoqni ikkalasiga ayamay sanchaverdim. Hamma tomon qon bo‘ldi. Dudama pichoqning dastasi ham laxta-laxta qon edi. Uni dasturxon o‘rtasiga tashladim. Pichoqni o‘g‘lim sening tug‘ilgan kuningga sovg‘a edi, dedim. Yig‘ladim. Va shu holatda uydan chiqib ketdim. Aybimni tan oldim. Jazolashdi. Lekin baribir menga alam qilardi. Taqdiring bir rasvoning dastidan ag‘dar-to‘ntar bo‘lishi juda-juda og‘ir ekan. Xudoga shukrki, bolalarim meni to‘g‘ri tushunishdi. Holimdan xabar ham olib turishdi. Aytmoqchi, qo‘shni bugun kichkinam – Igorning tug‘ilgan kuni. Kechga o‘ting. Albatta, keling, kutaman. Men bozorga borib mayda-chuyda xarid qilay.”
Gennadiy aytgan voqea hodisalardagi holatu manzalar uning yuzidagi ajinlar orasidan sizib chiqayotgandek edi.
U bir inson taqdirini mana shunday sodda va jo‘ngina aytib bergandi. Aslida bori ham shu edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.