OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Yaxshilik manzili (hikoya)

Uni hamma narsaga qo‘l siltab, cho‘lgami, toqqami, ishqilib, bu yerlardan ketsam, ketsamu shuning barobarida bu yerlarga qaytib kelmasam, ko‘rmay-kuyinmay o‘sha xilvatda yashasam, degan o‘y ezayotgan edi.
U boshida charx urayotgan xayollarni haligacha hech kimga aytmagan. Aytguday bo‘lsa, «yosh o‘tavergandan keyin shu ekan-da...» deb, uning sig‘inib, ko‘nglida asrab-avaylab yurgan ilinju istagini ikki og‘iz so‘z bilan ruhsizgina ifodalab berishlarini va eng yomoni, ustidan kulishlarini biladi-yu, o‘zining nochorligidan yanada kuyinadi.
Rahmon yarim tunda uyg‘onib ketganida, boshida og‘riq borligini sezdi. Tashqariga chiqmoqchi bo‘lib, o‘rnidan amallab turdi-da, eshik oldigacha keldi, nariroqqa borishga kuchi yetmagach, zinaga o‘tirdi. Shunda uning yodiga bir rivoyat tushdi. Rivoyatning mazmuni shunday ediki, Ibrohim payg‘ambar o‘g‘li — Ismoilni uylantirgach, kelinining odamgarchiligini sinash uchun unikiga boradi. Kelin qaynotasining izzatini joyiga qo‘ymaganidan so‘ng, u keliniga Ismoil kelsa ayt, ostonasini tuzatib qo‘ysin, deydi. Eri kelgach, u qaynotasining gapini aytadi. Amri padar arshdan a’lo. O’g‘il xotiniga taloq aytadi. Ostonani «tuzatadi», ya’ni, qaytadan ro‘zg‘or tiklaydi. Payg‘ambar bu kelinini ham imtihon qilgani keladi. Kelin qaynotasining izzatini joyiga qo‘yadi...
Payg‘ambar ketar oldidan keliniga tayinlaydi: «Ismoilga ayt, ostonasi yaxshi bo‘libdi...»
Ayni chog‘da o‘zini rasulzodaning o‘rniga, otasini esa payg‘ambarning o‘rniga qo‘yib taqqosladi. Yettinchi osmonga chiqayotganida kimdir uning yengidan tortganday bo‘ldi. U o‘zini bunaqa osmono‘par qilib mengzashni noo‘rin sanadi. Xayolini ham, otasini ham o‘z holiga qo‘ydi-yu, biroz taskin topganday bo‘ldi...
Shu ahvolda ham Rahmonning rahmatli otasi tirilib kelsayu o‘g‘lining turish-turmushini ko‘rsa... O’shanda valine’matining oddiy so‘rog‘i ham og‘ir botarini sezadi. Sezgandayam nima qilsin, tili qisiqlik joyi ko‘p. Onasining tixirlik qilib uylantirganini aytib, u bechoraning ruhini chirqillatishdan qo‘rqadi.
...Qizning ismi Norxolmidi, Norgulmidi, haliyam chalkash aytadi. Lekin guldek qiz edi, yonog‘idagi xoliyam yuziga yarashiqli edi, Qaniydi, anovi yotgan ayolning o‘rnida o‘sha o‘zi istagan Norxolmi, Norgulmi bo‘lsa, yonlaridagi beshovlon ham o‘zlaridan tarqagan farzandlar bo‘lardi... Ular bilan ovunardi, bujmaygan yurakning chigilini yozardi...
Ayni damda onasi o‘laman sattor deb, qarindoshining qiziga uylantirib qo‘ymaganida ahvoli bundan ming chandon yaxshi bo‘lariga ishonadi. Va shunga ishonib yashadi ham.
«Xudo bir tomondan qisgan odam injiq va tutgan joyidan kesadigan bo‘larkan,— deb aytgandi do‘sti.— Men o‘shanda nima qilarimni bilmay, o‘sha o‘zim yaxshi ko‘rgan qizni o‘g‘liga obermoqchi bo‘lgan kachalning uyiga bordim. Langning o‘g‘li o‘zi kelib, uylanganman, uka, ishonmasang boshpurtimni ko‘rsatay, ikkita bolam ham bor, dedi. Yaxshi gap bilan inidan chiqqan ilonning bolasi yana aytdiki, otam u qizni amakimning o‘g‘liga obermoqchi. Noiloj, padaringga la’natni chaqirtirdik. Otasi hassasiga tayanib, chiqib keldi.
Men u oqsoqqa: «Iltimos, buva, o‘sha qiznikiga qaytib sovchilikka bormang», dedim. Cho‘loq chol gapimni ham eshitmadi, qaytaga hassasi bilan urmoqchi ham bo‘ldi. Bo‘ynimni mo‘ljal qilib xezlangan ekan. Hassasini tutdimu indamay qo‘ydim. Ursam bo‘lardi, lekin uyini to‘ldirib o‘tirgan chuvrindilarining qarg‘ishidan qo‘rqib, teginmadim. O’sha cho‘loq chol nomard ekan. Ertasiga mirshabxonaga borib, meni, kechasi uyimga bostirib keldi, tuhmat qildi, xotinu bola-chaqamning oldida onamni so‘kdi, deb ustimdan arz-dod qilgan edi. Mirshab ham o‘zimizning urug‘imizdan edi, arzgo‘yning arzi yolg‘onligini sezganmi, ishqilib, cho‘loq cholning onasini rostakamiga esiga solib, jami urug‘-aymog‘ini oborib opkebdi».
Bu jo‘ngina xotirotni do‘sti bundan o‘ttiz yillar avval, ayni salt-suvoy yurgan kezlarida aytgan edi. Do‘sti o‘sha qizga uylandi. To‘yiga o‘sha cho‘loq cholni atayin borib aytdi. Lekin oqsoq chol to‘yga kelmadi...
Rahmonning bu do‘sti kamsuqum edi, birovlarning mahrami haqida gap sotishni yoqtirmasdi. Fisqu fasodni unchalik xushlamasdi.
Rahmon avvalboshda do‘stiga maslahat soldi: «Bo‘lmaydi, jo‘ra, men bu bilan qanday yashayman? Jo‘ra, men o‘sha xoli bor qizga uylanishim kerak edi. O’sha bo‘lsa bas, qolgani bir pul. Hozir o‘shaning oldiga borsam, u yuzimga tupurmasmikan?.. Yoki dunyo deganlari shu ekan deb, indamay yashayveraymi?..»
Do‘sti mulzam tortdi. «Endi, chidashga urinib ko‘r, toza bo‘lmasa, talog‘ini ayt-qo‘y. Bu trmoni o‘zingdan qoladigan gap».
Bu safar ham do‘stiga istak-ilinjini aytsa, turgan gapki, u ham savdoyiligining boisini so‘raydi. Bunga javobni qaydan izlaydi?
«...Xuddi shunday, — ahd qildi u. — Hammasiga qo‘l siltaymanu ketaman, ajabsinib qoladigan ko‘ngil yetar do‘stlarga ketish vajhini tushuntiramanu tog‘u toshlarga ketaman. O’sha toqqa jami mazmuni yaxshi odam borki, yig‘ilsak, so‘ng uni jo‘ngina bo‘lsa-da, «Yaxshilik manzili» deb atasak. Unda-munda bu maskanning dovrug‘ini eshitganlarning keti uzilmasa. Qolganlar ham biror yurt yoki kishvar tuzishsa-da, ungayam bir nom qo‘yib, o‘z toifalarini jamlashsa... Ana o‘shandagina nimaiki bo‘lsa, bari yaxshi bo‘ladi, hamma o‘z qavmlari ichida yurgandan keyin, hech kim bir-biriga ziyon yetkazmaydi. Ko‘rilgan ziyonlar ham sezylmas bo‘lib ketadi. Ko‘ngil ozor topmaydi».
Rahmon toqqa yetgach, buloqning muzday suvidan bir hovuch ichdi-da, sal balandroq, butun qishloq ko‘rinadigan joyga kelib o‘tirdi. Ko‘pdan beri tog‘ning xuddi mana shu yeridan turib qishloqni tomosha qilishni diliga tugib qo‘ygandi. Ayni damda u o‘zini me’rojda turgandek, hamma narsaning hadisini olgan kabi, go‘yo barchasi hozir ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladigandek tuyuldi...
Xayoliga qo‘shilib, osmonga yuz tutdi: uning tubida sanoqli yulduzlar qolgandi. Ismini haliyam chalkash aytadigan qizni eslab, qishloqning kunchiqar tarafiga qaradi. Uylar ko‘payib ketgan, Rahmon qizning o‘sha paytlar qaerda yashaganligini eslay olmadi.
«Endi kech, ancha kechikding. Hech narsa kor qilmaydi. Boshni qay tuynukka suqma, qay xarsangga urma, bari befoyda. O’zgarish mumkin bo‘lgan damlar o‘tib ketdi. Hayit bir kunlik. Men bu tog‘ni «Yaxshilik manzili» demoqni istagan. edim, biroq adashgan ekanman. Niyat puch ekan. Xayolim siqqan joyga o‘zim sig‘mas ekanman».
Rahmon uyiga kelganida hali hech kim uyg‘onmagan ekan. U asta yotoq bo‘lmasiga kirdi-yu, o‘rniga yotdi. Uxlamoqchi bo‘lib, u yoqqa-bu yoqqa ag‘darilib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Axiyri, ko‘rpani yuzi aralash burkab oldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.