OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmonqul Salom. Men hayotga muxlisman... (badia)

Geologlar yer bag‘ridan olgan neft yo gaz o‘rnini suv bilan to‘ldirishadi. O‘pirilmasin, yer o‘zini qayta tiklasin, degan maqsad bor bunda. Garchi, bu bo‘shliqni o‘sha vaqtning o‘zidayoq havo to‘ldirsa-da, qatlam bosimi va zichlik talabiga oddiy havo javob bermaydi.
Tafakkurimizdagi xotira bo‘shlig‘i esa e’tiqod va insoniy darajamizga qarab yo hech qachon to‘lmaydi yohud joyi bilan yo‘qolib ketadi.
Shukur Xolmirzayev yodi mening shuurimda hamma aziz biladigan, ammo hech kim yashamaydigan, vaqti-vaqti bilan ziyoratga kelib turiladigan tabarruk xonaqodek — o‘rni to‘lmas xotira hujrasi bo‘lib qoldi. Bu xotirot binosi u kishi tiriklik chog‘idayoq ongimda qurilgan, marhum bo‘lgach, o‘zining o‘rniga qolgan. Bu binoni na men, na Shukur aka barbod etoladi. Tutqich bermas tasavvurimiz shunday qudrati bilan bizni ihotalab, qalblarimizni taroshlab, inson etib turadi.
Uning qoshiga rosa o‘n yil avval, sababi ko‘proq unga muhlislik tufayli kelganimda, yozuvchining maktab darsligiga kirgan “O‘zbek xarakteri” va “Zov ostida adashuv” nomli ikkita hikoyasidan boshqa hech narsasini o‘qimagandim. O‘quvchilik, talabalik davrimda ham Shukur aka haqida hech narsa eshitmagan edim.
Adashganning oldi yo‘l, deganlaridek bu kishi kim, qanday yozuvchi, yozuvchi degan qanday bo‘ladi yoki bo‘lmog‘i kerak, so‘ramay-netmay huzuriga boraversa bo‘ladimi, to‘g‘rimi shu harakatimiz... yo‘q-yo‘q, bu mushohadalarning hech qaysisi xayolga kelgani yo‘q. U — O‘zbekiston xalq yozuvchisi! Bizga esa Adabiyot kursiga kirish uchun xalq shoiri yoki yozuvchisidan “oq yo‘l” kerak. Bundan ham ko‘ra bizni yetaklab kelgan vaj — Shukur Xolmirzayevning o‘zimiz bilmagan qandaydir jihatlari ediyu, bu jihat nimadan iboratligini o‘zimiz bilmasdik.
Tog‘ning tepasida o‘tirgan, durbini bor odam, pastda adashib, bir yo‘ldan yurib, tanlagan so‘qmog‘i noto‘g‘riligini bilgach, ortiga enib, yangidan yo‘l solib yuksakka o‘rlayotgan kishini ko‘rib tursa-da, unga yordam berolmaydi. Pastdan kelayotgan yuksakdagini ko‘radi yo borligini biladi, xolos. Yuqoridagining esa ovoz bersa, tovushi yetib kelmaydi yoki aks-sado bo‘lib, kelayotganni battar chalg‘itadi. O‘sha yuqoridagi durbinli odam bizga allaqanday zavqu qiziqish bilan, unday emas, bunday, desa-da, ovozi yetib kelmay, goh g‘ijinib, goh tizzasiga shappatilab qarab turardi go‘yo.
“Hikoya yozasanmi? Oting nima — Jo‘rabek? Go‘sala degan tilingdan. Boysundi qaysi ko‘chasidansan? Hmm...”
“Senchi? She’r... shoir ko‘payib ketdi-ku toza. Yo, boshqacha shoirmisan? He, ko‘changizdan ko‘p o‘tganmiz-da... Erkin akayu Abdullajonlarday odamning ko‘kragini ko‘taradigan shoirlar doim ham chiqavermas ekan-da...”
Shukur aka bilan ikkinchi marta oradan olti oycha o‘tib tag‘in o‘sha bog‘ida ko‘rishdim. Do‘rmondagi uychasiga qandaydir sirlilik va joziba berib turgan bu boqqa ilk bahorning qadami allaqachon yetib kelgandi. Shukur aka qo‘lqop kiyib daraxt qaychilardi. Gapiradigan odam topilganidan qoniqish hosil qilib, o‘zi aytgandek “jag‘ qayrashga“ tushib ketadigan ko‘plab keksalardan farqli o‘laroq, yonida kimdir borligi va gap berib turishi lozimligi andishasidangina “Mana — bu hosilshox, bunisi behuda...” degandek shunchaki gapirib qo‘yar, qo‘li va nigohi qilayotgan ishidayu, kayfiyati harakatiga mos emasdek edi. O‘ta muhim, asosiy, xayolini band etgan narsaning oldida men ham, daraxt qaychilash ham shunchaki ahamiyatsizdek, allaqanday parishon tuyuldi. Kelganim yoqmadi, degan ichimdagi hadik sabab, kelganimdan beri biror marta yuzimga qaramagan Shukur aka bilan o‘rtamizda parda tortilgandek bo‘ldi, xayolimda. Men hayiqib yerga tushgan shox-shabbani tergilayman, u kishi esa qilayotgan ishimga ham beparvo ko‘z tashlab qo‘yardi. Azbaroyi, Shukur akaga yoqish istagi zo‘rligidan unga ko‘proq Boysun haqida gapirganim esimda. “Nimaga buni Toshkent gilosi deydi. Boysundayam bor-ku? Boysunda archaning isi bo‘ladi-ya?” mavhum, gapirmasayam bo‘ladigan, tumtaroq bu gaplarim unga malol kelayotganini sezar va shevamdagi ayrim so‘zlarnigina nigohi va nim tabassumi bilan “terib” olayotganini bilib turarkanman, Shukur aka so‘ragan ayrim odamlar nomini ilk bor eshitayotgan bo‘lsam-da, “ha taniyman, bir marta ko‘rganman“ deb yolg‘on aytganlarimni, qizig‘i bu gap-so‘zlarning yolg‘onligini Shukur aka bilib turganini tushunar edim. Tushunayotgandim-u, ammo bundan u kishining ranjimayotganidan hayron edim. Ranjimasligi — o‘ziga olmasligi, beparvoligi ichimga g‘ulg‘ula solar edi. Ana shunda Shukur aka ilk marotaba biroz yon berib, o‘ziga tortibroq gapirgandek bo‘ldi. “Manovi nima, bilasanmi? Gul! Hamishabahor degan gul. Sen Qo‘ng‘irotdi bolasi buni qaerdan bilasan — qo‘yingga o‘rib berib yuborasan.“ Shukur akaning shunday deb kulgani va mening bu gapdan to‘rsayib qolganimni sezib, bunga sayin beparvo ohangda o‘zining hamishabahorini maqtab ketgani ham esimda: “Yana biror oydan so‘ng mening bu suluvlarim shunday yashnab qoladiki, nomozshomda to‘yga jo‘nagan bo‘y qizlarday bo‘lishib...”
Shu kundan boshlab to yotib qolgunlaricha oradan o‘tgan ikki yarim yil mobaynida turli joylarda, vaziyatlarda ko‘p marta muloqotda bo‘ldim. Yozganlaridan ko‘ra ko‘proq xulqidagi o‘ziga xoslik meni o‘ziga ohanrabodek tortib turgan Shukur aka bora-bora hayotimda shunday mazmun kasb etdi-ki, xayolimda “Men va Shukur aka”, “Adabiyot va Shukur aka”, “Toshkent, Boysun va Shukur aka”, “Boshqalar va Shukur aka” degan muqim bir qiyosiy hisob paydo bo‘ldi. U mening qiblam bo‘lib qoldi! Stipendiya olishda hamkurslarimdan uch oy ilgarilab ketdim, sakkiz oylab uyga bormayman. Qibraydagi amakim har ko‘rganda g‘ijinadi — uyga kel! Dekanimiz Bahodir Karimov yumshoqqina dakki beradi: “Shukur akadan bo‘sh paytda darsgayam kep turing.” Ishdan bo‘sh paytda degandek eshitiladi bu gap. Ilk hikoyamni gazetaga tayyorlayotgan Ahmad Otaboyevga beqiliq savollar beraman: Aytmatov zo‘rmi, Shukur akami? Aytmatov Saxarovni qoralagan-ku. Ham o‘rischada yozgan. “Kim aytdi?” “Shukur aka”. “Saxarov o‘zi kimligini -bilasanmi?, deb og‘zimga urishni tabiatan andishali Ahmad aka o‘ziga ep ko‘rmaydi.
Bunday “g‘alati” bo‘p qolishimning ikkita sababi bor edi. Biri — hamma biladigan, taniqli yozuvchining “xos kishisi“ ekanimni ko‘z-ko‘zlash bo‘lsa, ikkinchisi va hozir yanada teranlashgan sabab — uning adabiyotdan boshqa narsa haqida gapirmasligi edi.
Adabiyotning o‘zi bir olam, bu olamning o‘z qonuniyatlari, uning joriy qiladigan hukmu farmonlari, bu qoidalarga amal qiladigan yoki amal qilmaydigan fuqarolari bo‘lishini, Adabiyot olami hayot bilan yondosh, uyg‘un, ammo ayni paytda alohida bir ma’vo ekanini Shukur aka bilan muloqot qilmay turib aslo anglamagan bo‘lardim balki. Qanchalik kam anglagan bo‘lsam, o‘z aybim tufayli — u kishini chalg‘itganim, u kishini odamlar orasida ko‘rishni, muloqotlariga ko‘proq guvoh bo‘lishni istaganimdandir.
Shukur aka butun-butun roman va qissalarni, eposlarni muxtasar qilib, qaymog‘ini aytib berardi ba’zan. Muhimi, o‘z xulosasi va o‘zga e’tiroflarning yolg‘on-chinligini o‘zicha asoslar, izohlab ketardi. Biror marta ham adabiy qilib: “Adabiyot — mening qismatim!” deganini eshitmagan bo‘lsam ham, hamma aytar so‘zining mazmuni shu nidodan iboratligini bugun yanada qattiqroq his qilaman. Bozordagi narx-navo, tabiat hodisalari, biror ijtimoiy voqelik, oq-qora ko‘rsatadigan televizordagi oddiy xabardan to biror xorij mamlakatidagi saylovgacha hamma-hammasi Shukur akaning shuurida adabiyot bilan kesishardi.
Shoxdagi qushga devorda pusib turgan mushuk sakradi. Qush uchib ketib, silkinib turgan shoxga urilgan mushuk muvozanatini yo‘qotdi va chalqanchasiga xalqob suvga tushdi. Men kulib yubordim. Shukur aka esa siniq jilmayib turib shunday dedi: mushuk tarixida birinchi marta! Qiziq: tabiat haqida yozganimizda doim uning ustidan kulib yozayotganga o‘xshaymiz. Kim kimdan kulish kerak, kulish kerakmi o‘zi...”
Shukur aka sira “Mening falon hikoyamda...” deb gap boshlamas yoki gapini shunday mazmunda tugatmasdi. Ammo yozayotgan yo yozishni reja qilgan asarini aytib beraverardi. Qahramonlar uning xulqi, xatti-harakati, voqealar yakunini zavqlanib so‘zlardi. Tabiatidagi jiddiyat hech qanday behuda va beparda hazilga yon bermasdi. Shu sababli qah-qah urib kulish darajasiga olib keladigan muloqotlar ham juda tagdor, ma’noli va albatta maqsadli bo‘lar edi. Shunga qaramay, istehzodan, “yalab o‘tuvchi” kinoyadan xoli bir tarzi bor ediki, boshqa birovning Shukur akaga hazil qilganini bilmayman. Shu ma’noda, Shukur akaning qadrdon shlyapasi nihoyatda xarakterlidir: sinchkov, kuzatuvchan, doimo jiddiy, o‘qdek nigohlar hayotu ijodning rangin kamalagida chalg‘imasligi shart edi!
Hanuz, eslagan sayin yuragimni titratib yuboradigan, Shukur akadan minnatdor bo‘lishimga tag‘inam asos bo‘lgulik bir teran hissiyot qalbimni to‘ldirib turadi. Bu — O‘ZBYeKNING KATTA XALQ ekanini anglashim.
Kechki payt edi. Yunusoboddagi Shukur akaning uyida ikkovlon o‘tirgandik. Eshik taqillab, militsiya noziri kirdi va salom berdi. Militsiya xodimi hududda, tor doirada qandaydir tekshiruv bo‘layotgani, shu bois bezovta qilganini uzrxohlik bilan tushuntirdi. Shukur aka qoshini chimirib, men hech qachon eshitmagan gapni aytib yubordi: Men — professional yozuvchiman. Bu mening shogirdim! Nozir “Xo‘p, yaxshi o‘tiringlar” dedi-da burilib chiqib ketdi. “Professional yozuvchi”, “shogirdim”. Shu ikki gap to Shukur aka gapira boshlaguncha soat chalgan zangday miyamda jaranglab turdi. Shukur aka menga ilkis tikilib qaradi:
— Sen bu gaplarga ishonma! Akang hali “professional”ning “p”siyam bo‘lgani yo‘q. Unga shogird chikora. Lekin shunday demasang tushunmaydi-da organning odami, — Shukur aka shunday dedi-da ko‘zini yerga oldi. Allaqanday g‘amgin tortib qolgandek ko‘rindi ko‘zimga. U gapida davom etdi, — O‘zbek — juda katta xalq. Uning yozuvchisi bo‘lish — o‘-o‘ ko‘p qiyin ish...
O‘zbeklikdan g‘ururlanish, shu g‘urur sabab qaddini ko‘tarib yurish, shu elning har bir xususiyatiyu boshidagi har bir kuniga tomirdosh, yelkadosh bo‘lish degan ko‘p bor eshitgan so‘zlarimning asl ma’nosi Shukur akaning shu qisqa nutqida jam edi. Shukur aka vafot etganida “O‘zAS”da shoir Eshqobil Shukurning “O‘zbekning mardligini kuylagan adib” sarlavhali maqolasi bosilgandi. Topib aytilgan gap!
Shukur aka hayotida ko‘pchilik eshitgan, o‘qigan bir voqea bor. “O‘n uch yoshga to‘lganimda, otam menga miltiq berdi. Erkak bo‘lib yurgin, yarog‘ — hamrohing bo‘ladi, degandi....”
Shukur aka ulg‘aygan ellik-oltmish yil avvalgi tog‘li Boysun muhitida yosh o‘spirinning qalbiga kirgan bu so‘zlar, e’tiqodu to‘xtamlar, er kishining xulqida muhim bir sahifa — oriyatning, o‘zlikning eshigini ochgandir, ehtimol. Shu boisdan ham hayotga jiddiy qarashni, ona yerning tabarrukligini, odamzodning mangu qadriyatlari borligi va buni har qanday o‘tkinchi talotumlar yo‘qotib yuborolmasligini teran his etar edi. Qalbidagi kenglikning, hayotga muhabbatning, odamga ishonchning sirini shunda deb bilardi. Chexovni Folknerdan, Xemingueyni Borxesdan, Jek Londonni Sartrdan ko‘ra ko‘proq xushlashining sababi, albatta “savod” masalasi emas, balki o‘zini tabiatning bir bo‘lagi — o‘zni anglamoq hayot va tangrini his etish, deb real o‘ylagani tufayli edi.
Bugun juda dolzarb bo‘lgan adabiy til me’yorlari xususidagi og‘riqlarimiz Shukur aka ijodida namunaviy, tugal shaklda kamolga yetganini anglagan sayin muammoning mahobatiyam adib ijodiga ehtiyoj ham ortaveradi. Shukur aka juda “toza” yozdi. Sheva so‘zlari, uyg‘unlashib paydo bo‘lgan yangi so‘z va qo‘shimchalarni uning qahramonlarigina qo‘llardi. Ammo matndagi ohor, joziba, yuqumlilik katta mahorat bilan shunday omuxtalashdi-ki, shevaga xos so‘zlar adabiy tilga juda ravon va tabiiy tarzda sintez bo‘ldi, singishib ketdi. Til boyidi. Adabiyot daraxti yangi kurtak yordi. Ikki betlik hikoyasidan tortib, yetti yuz betlik “Olabo‘ji” romanigacha tilga ehtirom yozuvchining eng muqaddas burchi ekanligini namoyon -etaveradi. Bu, albatta ulkan saboqdir!
Shukur aka yaratgan obrazlar hayotdagidan ko‘ra tirikroq, umrboqiyroq, jonliroqdek tuyulaveradi. Bu qahramonlarning hayotiyligi ham, o‘zi tilga olmasa-da, yangrab turadigan “Adabiyot — qismatimdir” degan tutumning va unga e’tiqodning ulug‘ligi tufayli ta’minlandi. Hayotga tikilib turib adabiy metaforalarni ko‘ra olish, ko‘rganlarini idrok va ijod qilish iste’dodi Shukur akaga hayotning chinakam muhibi bo‘lishga kuch berib turdi. Huzurida to‘rt satr she’r qoralagan edim va tantanavor tarzda bo‘g‘riqib o‘qib ham bergandim:

Men hayotga muxlisman, yashamoqqa vaqtim yo‘q,
Bunda bari o‘tarkan, bir qarashga vaqtim yo‘q.
Osmon boqiy, yer mangu, hayot abadiy bo‘lsin!
Men uchun sen baxtli bo‘l, mening esa baxtim yo‘q...

Shukur aka “voh!” dedi-da, qo‘lini havolatdi. So‘ng tilga kirdi:
— Birinchi satr — meniki! Qolganini o‘zing bilasan.
Qolganini nima qilib bo‘ladi? To‘rtlik na kitob, na biror matbuotda chiqdi — qolib ketdi.
Shukur aka qizi — adabiyotshunos Sayyora opa Xolmirzayevaga yozgan so‘nggi xatida jahonning mashhur adiblari — Tagor, Xeminguey, O.Genri kabi yozuvchilardan ko‘ra, hikoya janrida sermahsul va mazmunliroq ijod qildim, degan so‘zni aytgan edi. Darhaqiqat, Shukur aka milliy nasrimizning hikoya janrida Fozil Iskandar, Sergey Davlatov, Nodar Dumbadze singari realist yozuvchilar yaratgan milliy qubbalarga bo‘ylashgulik durdona, o‘zbekona asl hikoyalarni adabiyotimiz xazinasiga qo‘sholdi.
Adabiyot aql o‘rgatish, ichingdagi maddalagan ig‘volarni shaklga solish, -bepardalik qilish vositasi emas, balki, tabiat ato etgan qismatga bo‘ysunib, so‘z sehrida toblanib san’at yaratish, o‘zing mansub bo‘lgan elu xalqingga xizmatda turishdir!
Shukur Xolmirzayevning niyati shu edi!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 12-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.