OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Arpali qishlog‘ida (hikoya)

Oy Barchinim, yor-yor, 
Gul Barchinim, yor-yor, 
Ultontozga tekkuncha 
O’l Barchinim, yor-yor.
«Alpomish» dostonidan


Arpali qishlog‘i soyning bo‘yida. Soyning narigi betida bir zamonlar tevarakdagi supalari odam bilan gavjum bo‘lgan hovuz bor. Hovuz lablarida o‘sgan gujum, butalar hozir uni o‘rab-chirmab tashlagan. Daraxt shohlariga har xil qushlar in qo‘ygan. Hovuzni o‘ragan pastak devor ortidagi tosh ko‘chadan qachon o‘tsangiz, changalzordan qushlar chug‘urini eshitasiz; hovuzning u tarafidagi supada oq tug‘i o‘ngib ketgan tanho qabr ko‘rinib turadi. Qishlokda xonadonlar ko‘p emas, besh-oltita. Hammasining ham sohibi — podachilar, cho‘ponlar, yilqichilar. Shuning uchun bu qishloqni «podachi qishloq» deb ham yuritishadi. Shu sababdan qishloq uylarida ham, tor ko‘chalari, bog‘-chorbog‘ida ham, hatto odamlarning kiyinishiyu turish-turmushida ham ularning kasb-korlari muhri bosilgan. Soyning o‘rtasidan ikki tegirmon suv oqib yotadi, yozning jazirama kunlarida u qurib ham qoladi.
Arpalining odamlari — o‘zbekning to‘g‘iz urug‘idan. Ma’lumki, bu elat bir qadar qaysar va betakalluf bo‘ladi; ularning g‘am-tashvish, sevgi sarguzashtlari ham o‘zlariga xosdir.

* * * 

Abray podachining o‘g‘li Abdurasul institutga kirolmay, qishloqqa qaytib keldi. U otasi singari baland bo‘yli, keng yag‘rinli; otda ko‘p yurgani uchun oyog‘ini kerib tashlaydi, ovda ko‘p bo‘lganidan fikrini qo‘l harakati bilan ham tushuntirib gapiradi.
Abdurasul uch kun uyda bo‘ldi. Uni ko‘rgani olis-yaqindan qarindosh-urug‘, yor-birodarlari kelishdi. To‘rtinchi kun uy mehmondan xoli bo‘lib, yigit zerikdi va ishtonini lippa urib, soyga tushdi. U bolalikda yoki Toshkent safari oldidan qoldirgan allaqanday narsalarini topadigandek, soyda uzoq kezdi-izg‘idi.
Soyning berigi betiga o‘tib, Xo‘janazar otaning qabriga qaradi. Uni chakalakzor orasidan zo‘rg‘a ko‘rib: «O’, xarob bo‘pti-ku», deb qo‘ydi. So‘ng tor ko‘chadan rayonga qatnab o‘qigan chog‘lari — bu mozorot yonidan o‘tayotganda oyog‘i uchida yurganlarini esladi. Hozir seskanmagani uchunmi, ichida mamnun bo‘lib, yana suv bo‘yiga qaytdi. Suvning kechuviga yetib, xarsangtoshga o‘tirdi va allaqanday alanglagan ko‘z bilan atrofni tomosha qila boshladi.
Shunda orqa tomondan qadam tovushlarini eshitdi. Burilib qarab, Bodomgulni ko‘rdi. Abdurasul Bodomgul bilan bir sinfda o‘qigan, yoshlikda ikkalasi «beshikkertti» bo‘lgan, lekin u qizga beparvo qarar, o‘qishga kirsam, o‘sha yoqlik bittasiga uylanaman deb yurar edi. «Toshkentdan ko‘ngli qolgani» uchunmi, bu umidi barbod bo‘lib, hozir Bodomgul ko‘ziga o‘t bo‘lib ko‘rindi. Darhaqiqat, qiz to‘lishgan — qarg‘ashoyi keng ko‘ylagi ham uning yetilgan sumbatini ko‘zdan yashirolmas edi. Oyog‘ida uchi qayrilgan shippak, boshida afg‘oniy durra. «Bu nima qilayotgan ekan hozir?» deb o‘yladi Abdurasul va sekin o‘rnidan turib jilmaydi: — Salom berdik, Bodomoy!
Qiz yigitga qarab quvnab kuldi:
— Alik oldik, Rasulboy!
Abdurasul Bodom bilan hech qachon qo‘l berib ko‘rishmagan edi, shaharning ta’siri — «madaniyatli bo‘lganini» hozir ko‘rsatgisi keldimi, qo‘lini cho‘zib, unga peshvoz yurdi. Shunda oyog‘iga chag‘ir tosh qadalib, hakkalab qoldi, lekin o‘zini dardga bardoshli ekanini ko‘rsatgisi keldimi, yana tap etkazib, oyog‘ini yerga qo‘ydi.
Qiz ham unga qo‘lini berdi.
Abdurasul Bodomgulning biqqi-bo‘liq barmokdarini o‘z kaftida sezmadi go‘yo, lekin uning jussasi o‘zidan bir qadam narida bo‘lsa ham, uni chuqur his qildi.
— Qani, nima qilib yuribsiz?
Bodomgul charslik bilan javob berdi:
— Buning tashvishi sizga tushib qolgani yo‘q, Rasulboy! Qani, o‘zingiz nima ish qilib yuribsiz bu yerda? O’qishdan ham guppa yiqilib kelibsiz deb eshitdim.
— E-e, Bodomoy! — dedi Abdurasul siniq jilmayib. — Podachining o‘g‘li institutga kirmaydigan zamon bo‘pti. Ishoning!.. Podachi bo‘lsang bo‘psan-da, deb «ikki»ni bosdi. Choponni yelkaga tashlab, hayday-berdik buyoqqa.
— Ajab bo‘pti! — deb kuldi Bodom. — Vaqtida o‘qing edi, sandiraqlab, ov deb, ko‘pkari deb yurmasdan. Ayb o‘zingizda.
— Endi, ayb bizdami, boshqadami, o‘tgan ish o‘tdi.
— Xo‘sh, nima kasb qilasiz endi?
— Hozircha bekorchilik...
— Podachi bo‘ling! Qo‘y boqing... Nimasi yomon?
— E, siz ham gapirasiz-da.
— Otdan tushsangiz ham egardan tushmang.
— Bodom.. -Ha.
— Yoshlikda bizni.. beshikkertti qip qo‘yishgan-a?
— Esimda yo‘q, — deb kuldi qiz.
— Esingizda bo-or, — dedi yigit. — To‘g‘ri, unda kichkina edik. Leki shunday ish bo‘lgan-da!
— Bo‘lgan bo‘lsa, nima qipti endi?
— Nima qipti deysiz... Mana, yoshimiz ham bir joyga borib qoldi...
Bodom unga o‘tkir tikildi:
— Rasulboy, tushingizni manavi suvga ayting, tuzukmi? Meni... boshqa deganim bor... — Shunday deb qiz yo‘liga ketdi.
Abdurasul uning ortidan ko‘z uzmay turardi.
— Hay, Bodom! — qichqirdi u.
Qiz suv yuzasiga chiqib turgan toshlardan yurib, narigi sohilga o‘tgach qaradi.
— Bodom, meni xafa qilma.
— Xafa qilsam, qo‘lingdan nima keladi? — dedi qiz.
— Qo‘limdanmi... seni olish keladi. Sen... zakunniy qallig‘imsan.
— Bekorlarni aytibsan! — qiz ketib qoldi.

* * *

Arpali qishlog‘ining davomi soy chiqib kelayotgan daradan ichkariga ham o‘tadi, dara yuz qadamlar cho‘zilib sohillari yoyilib ketadi, soy esa olisdagi archali tog‘ etagigacha boradi. Soy bo‘yida bir-ikkita yalanglik bor, shunda ham besh-to‘rt oila turadi. Biri — Bodomgullar xonadoni. Qizning otasi dala qorovuli. Tur desa turadigan, yur desa yuradigan to‘riq oti bor. Shuni minib dala aylanadi. U kishi Abray podachi bilan eski oshna. Bodomgulning onasi bundan besh yil burun ko‘z yumgan...
Bodomgul soy yoqalab yalanglikka yetgach, o‘tovlari tomon burildi.
Bu vaqtda Abdurasul ham mol qiyi, tappasi ezg‘ilanib yotgan tor ko‘chadan andak cho‘loqlanib ketib borardi. Chorbog‘lari devoriga yetib, kemtikdan oshib o‘tdi. Yo‘ng‘ichqapoya pushtasidan yurib, ayvonlariga chiqib bordi.
Abray aka shipda osilgan lampochkani teskari bu-rab, chiqarolmay qiynalar edi.
— Muni tiliga tushunasanmi, ulim? Manavi kattakonini qo‘yib qo‘y, ro‘shan bo‘p tursin! — dedi.
Abdurasul lampochkani qo‘yib, uyga kirdi. Uning avzoyidan xafalikni sezgan ota ham ergashdi. Abdurasul quroq ko‘rpachaga o‘tirib, chordana qurdi. Abray aka chakmonini yechib, poygakka cho‘kka tushdi.
— Ha, Rasulboy?
— Ota... meni uylab qo‘ying...
Ota unga zehn solib tikildi-da, sekin turib, eshikdan qaradi, baqirdi:
— Hay, enasi! Berman ke!
Mayram opa, boshidagi po‘tasi eshik tepasiga tegmasin uchun ham bo‘lib, ichkariga kirdi.
— Ulingdan gap so‘ra, nima deyapti bu? Mayram opa eri yoniga cho‘nqayib, o‘g‘liga tikildi:
— Rasuljon?
— So‘ra, so‘ra, — qistadi ota.
— So‘rayapman-ku. Rasul?..
— Meni uylab qo‘yinglar deyapti uling! — tushuntirdi ota.
Mayram opa miyig‘ida iljayib, kigizga yopishgan guruch donasini olib tashladi, o‘g‘liga mehr bilan boqib:
— Shundaymi, bolam? — dedi.
— Shu... bizni kichkinalikda... — mijg‘ovlandi Abdurasul.
Ona eriga suyanib o‘tirib oldi-da, qo‘llarini siltab keng yengini tirsagiga tushirdi.
— Chol, qo‘lingizdi ko‘taring, ovmin deng! — dedi.
— Endi... — chaynaldi Abray aka.
Abray aka Xo‘janazar otaning mozoridan fayz ketib, hovuz bo‘yi o‘rmonga aylanib qolganidan beri urfu odat yo‘riqlarida o‘ylab fikr aytadigan bo‘lgandi.
— Ko‘taring qo‘lni! — qizishdi Mayram opa. — Bodomgul buniki bo‘lmay, kimniki bo‘ladi. U kutib yotibdi-ku buni!
— Yo‘g‘-a? — dedi podachi ichdan mamnun bo‘lib.
— Ha. Rahmatli enasi o‘lmasdan burun kunora shuning gapini qilgich edi. Sheraliboy ham bir-ikki marta menga quda deb qo‘ydi.
— Ovmin bo‘lmasam, — dedi Abray aka. Mayram opa fotiha o‘qib, irg‘ib turdi:
— Men ertan-mertan ularning yurtiga boraman.
— Men ham katta-kichik bilan maslahat qilay bo‘lmasam.

* * *

Ertasi kuni kechki payt Sheraliboy qizi bilan o‘tovda betma-bet o‘tirar, Bodomgul Mayram opaning bugun kelib ketganini bilar, shuning uchun diqqat, lekin o‘zidan ko‘ngli to‘q edi. Sheraliboy «yangilik»ni qiziga aytolmay, ko‘p andisha qildi, hamsoya kampirni chaqirib, ayttirishni ham o‘yladi. Oxiri bu fikridan ham qaytib:
— Qizim, men senga ota emas, enayam bo‘p qolganman, shuning uchun ba’zi gapni ochiq aytsam, ko‘nglingga og‘ir olma, — dedi.
To‘lib turgan Bodomgul ham shu tarzda javob berdi:
— Bo‘lmasam, ota... men sizga ochig‘ini aytaman.
— Barakallo! — Shunday deb, ota qiziga xavfsirab qaradi: — Nima? Eshitdingmi? Yo‘q... deysanmi?
Qiz qip-qizarib eshikka yuzlandi.
— Ayt, bolam, Ko‘nglingda armon bo‘lib qolmasin.
— O’ylab qoldim-da, ota, — dedi qiz. — Siz... men tarafda bo‘lmasangiz, unda nima bo‘ladi...
Ota boshini egdi.
— Otang aylansin, o‘zbekning gapi bitta bo‘ladi.
— Unday bo‘lsa, ota, — qiz otasiga qarab oldi, — meniyam gapim bitta.
— Shoshma...
— Aytaberaymi?
— Ayt-chi.
Qiz o‘rnidan turdi, keragaga ro‘para bo‘ldi:
— Ota... men unga tegmayman!
Sheraliboy qiziga angrayib qarab qoldi. So‘ng:
— Yo‘g‘-e, — dedi ovozi titrab. — Bu gaping bekor gap, bolam. Bizning labzimiz bor, jon qizim... Meni sharmanda qilib qo‘yasan... Bir umr ulardan qutulmaymiz keyin...
Bodomgul xo‘rsindi:
— Shu yerga kelganda, ota... siz menga onalik qilolmadingiz. Enam oz bo‘lsayam ra’yimga  qarar edi... Mayli, ikki kun muhlat bering bo‘lmasam.
Ota o‘rnidan turdi:
— O’ylab ol, o‘ylab ol. Labzidan qaygan qavmidan qaytgan bo‘ladi, bolam.. — deb chiqib ketdi.

* * *

Ertasi kun choshgohlarda rayon yo‘lida yuk mashinasi do‘qillab kelar, undan ko‘tarilgan qizg‘ish chang yo‘l yoqasidagi quvrab qolgan qo‘ziquloqlar ustiga qo‘nar edi. Kabinada Eshquvvat bilan Bodomgul.
Eshquvvat ham Abdurasullar bilan bir sinfda o‘qigan, u ham Rasul kabi baland bo‘yli, keng yelkali, kizg‘ish yuzli, bodomqovoq yigit. Burnog‘i yil Bodom bilan til topishib, bir-biriga ko‘ngil bergan... Bodom beshik-ketti bo‘lganiga parvo qilmas, Eshquvvat esa bir kun emas-bir kun bu yo‘rig‘da gap qo‘zg‘alishini sezar edi. Qolaversa u Abdurasul bilan tengqur, bir-birining siridan xabardor, o‘quvchilik yillari bir-birining uyiga kelib yotib ham ketar edi. Arpaliga bir do‘ng qolganda, qiz:
— To‘xtating, men piyoda ketaman, — dedi.
— Haydayberaylik, betma-bet gaplashamiz-qo‘yamiz-da, — dedi Eshquvvat.
— Toqatim yo‘q u bilan gaplashgani, — dedi qiz.
Eshquvvat bosh irg‘adi. Qiz tushib, kabina eshigini yopdi. Yigit qizga chang tegmasin uchun mashinani bir oz masofagacha sekinlatib bordi-da, so‘ng yana sur’atni oshirdi.
U Arpaliga yetib, soyning kechuvidan o‘tdi. Sohil yoqalatib borib, Abdurasullarning chorbog‘ devori ostida to‘xtatdi.
Mayram opa ayvonda kuv pishar edi. U kelguchiga qiziqib qarab, yog‘li qo‘llarini artib turaverdi. Eshquvvat ayvonga chiqib bordi:
— Salomalaykum, xola.
— A-lekum, bolam! — opa qo‘lini yengi ichiga tortib, yigit bilan ko‘rishdi va uyga qarab: — Rasul? — deb qo‘ydi-da, Eshquvvatdan gina qildi: — Ha, qorangizniyam ko‘rsatmaysiz, Eshquvvatboy? Oshnachilik munday bo‘lmaydi-da. Bir kunlik yo‘ldan odamlar kelib ketishdi... Ha, nasibasi ekan, institutga kirolmapti...
Abdurasul uyda yangi kostyumini kiyib ko‘rayotgan edi. Chikdi. Sobiq sinfdoshlar quchokdashib ko‘rishishdi.
— Tortinglar. Tortinglar uyga, — dedi uy bekasi.
— Anavi olchaning ostiga bir to‘shanchi soling, uyga qamalib o‘tiramizmi, — dedi Abdurasul.
Lekin Eshquvvat rad etdi:
— Xola, men qaytaman, ishim zaril... Rasulboyni bir ko‘ray deb yo‘ldan burildim.
— E, allag‘aytib bir kepsiz. Borasiz-da, bolam.

* * *

Mayram opa ularga olcha tagiga joy qildi. Ko‘rpachalarni to‘shab, lo‘labolishlarni qo‘ydi.
— Yonboshlanglar. Enasi aylansin shunday jo‘ralardan! — opa qaytib ketdi.
Yigitlar o‘tirib, taomilga ko‘ra fotiha o‘qigan bo‘lishdi. Bir muddat uyoq-buyoqdan gaplashishdi...
— Xo‘janazarbobo xarob bo‘pti-da.
— Ziyoratchilarning ham esidan chiqib ketdi.
— Yo‘ng‘ichqa o‘roqqa kep qopti-ku?
— Uch-to‘rt kun dam olay, oshna. Ish qochib ketmas... Aytmoqchi, otam meni uylab qo‘ymoqchi. Yo‘q desam ham ko‘nmayapti, — deb qoldi Abdurasul.
— Kimga? — so‘radi Eshquvvat.
— Hey, Bodom bor-ku. Bodom? O’zimizning sinfdosh! Bizga beshikkertti bo‘lgan-da vaqtida, bilasan-ku, endi muhlat yetdi, boshlaringni qovushtirib qo‘yaylik deyishyapti bular.. Sen nima deysan?
— O’zingning xushing qalay?
— Xushim endi... Bodom o‘lgur ham bo‘pti-da, suxsurday qiz bo‘pti. Eshquvvat, shuning birov bilan gapi bor deb eshitdim, shu rostmi?
— Bilmayman.
— E, qo‘y, bilasan!..
— Bilsam... aytsam, xafa bo‘lmaysanmi?
— Nimaga xafa bo‘laman. Lekin...
— Endi, oshna, o‘zingdan qolar gap yo‘q, hammamiz ham maktab ko‘rgan, o‘qiganmiz... oz bo‘lsayam. To‘g‘rimi? Eskicha urfu odatlar bizga ko‘p ham to‘g‘ri kelmaydi endi.
— To‘g‘ri-yu, labz bor-da orada! — dedi Abdurasul.
— Labzidan qaytgan nomard! Lekin labz deb, birovni juvonmarg qilish ham insofdan emas-da?
— Gapingning tagida gap borga o‘xshaydi. Kim bilan yuradi? Tag‘in o‘zing yurgich bo‘lib chiqma?
— Rost, — dedi Eshquvvat, — peshona ekan... Xafa bo‘lma, senga nasib qilgani ham bor, albatta...
— O’, shunda xatoga ketding, oshna! Gap peshonada bo‘lsa, u tug‘ilgan zamoniyoq mening peshonamga bitgan...
— Bu gaping kelishmaydi, Rasul. Biz yoshlikdan jo‘ramiz, oramizga sovuqchilik tushmasin. Bir urug‘danmiz... aloqalarimiz buzilmasin. Men seni qo‘rqitmoqchi emasman. Bu zamonda birov-birovdan qo‘rqmaydi. Faqat aytib qo‘yayapman...
— Nima, undan kech deysanmi? -Ha.
— Agar... yo‘q desam-chi?
— Yo‘q desang, aloqalarimiz buzilib ketadi-da.
— Nima qilasan? Obqochib ketasanmi? Yoki... raykomlarga xabar berasanmi?
— Oshna, qo‘limdan kelgan ishni qilaman-da. Bodomning o‘ziyam tek turmas.
— O’zi bilan kelishdik de?
— Kelishmasak ham bu bo‘larli gap.
— Boshqa so‘zing yo‘qmi?
— Yo‘q... O’zingdan gapir, nima bo‘ldi, o‘qishga kirish qiyinmi shunchalik?
Abdurasul o‘rnidan turdi:
— Oshna, bo‘lmasa yo‘lingdan qolma! — dedi. — Ikkinchidan, sen o‘zing ham nomard bola ekansan. Shuni menga atab qo‘yganlarini bilar eding. Bilib turib, nomardning ishini qipsan... Men harakat qilaman yana. Ololmasam, unda bizni yuz ko‘rmas bo‘lib ketdi deb yuraber!
— Uni... mencha yaxshi ko‘rmaysan-ku? Uyam seni yaxshi ko‘rmaydi.
Abdurasul olcha shoxini sindirib oldi.
— Tur, men kigizni shipiraman!

* * *

Mayram opa Eshquvvatning vaqtli turganini ko‘rib, qolishga ko‘p undadi. So‘ng: «Oshnangiz ham aytgandir. Yaqinda to‘yi bo‘ladi. Mashinangiz bilan kelib, bir xizmat qilasiz-da, ulim! Rasulboy ham vaqti kelganda qaytarar», deb qoldi. Eshquvvat: «Xola, biz xizmatdan qochmaymiz. Lekin Abdurasul bilan bir tuzuk-to‘rali gaplashib oling», deb ketdi.
Abdurasul onasining savollariga javob bermadi.

* * *

U Bodomgulni soydan suv olayottan yerida topdi. Qiz suvga to‘la satilini o‘t ustiga qo‘yib, yulg‘un butog‘ini o‘ynab turgan Abdurasulga qaradi.
— Bodom.. mening Eshquvvatdan nimam kam? — so‘radi u nihoyat.
— Seni Eshquvvatdan kam joying yo‘qdir, — dedi qiz. — Lekin ortiq joying bo‘lgandayam, Rasul, men uni deganman! Shuning uchun o‘zingni tort... insofga kel. Bilasanmi, barimiz bir elat bolasimiz... Otalarimiz bir-biri bilan eskitdan oshna. Mozorimiz bir, ko‘chamiz bir. Sen bizlarni ajratib yuborma. O’ylab ko‘r. Sengayam sochini tarab o‘tirgan bir qiz chiqar axir? Ko‘rgan ko‘zing men bo‘lib qoldimmi... Avvallari parvoyam qilmas eding.
— Endi... yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsam-chi?
— Unda kechikibsan, Rasul. Endi vaqt o‘tdi. Tanangga o‘ylab ko‘r, janjal chiqmasin orada. Eshquvvatning odatini bilasan. Men ikki boshdan qaytmayman o‘z gapimdan. Otamga rahmim keladi...
— Meni o‘ylamayapsan, men ham ularga aytib qo‘ydim, — dedi Abdurasul.
— Gapingni qaytib ol!
— Yo‘-o‘q, bu menga o‘tirishmaydi, Bodom.
— Bo‘lmasam, qo‘lingdan kelgan yomonlikni qil, Rasul. Lekin mendan ham yaxshilik kutma.
Bodomgul satillarini ko‘tarib, hamon shudring ketmagan o‘tzorga oraladi. Abdurasul butoqni suvga tashlab, qirg‘oq yoqalab iziga qaytdi.
Shu kuni Abdurasul kechgacha daraning o‘rkachida miltiq ushlab, chumchuq otib o‘tirdi. Keyin uyiga borib, to‘shak solib yotdi. Oqshom ota-ona uning atrofini o‘rab, gap so‘rashdi.
— Labzi yo‘q ekan ularning, ota, — dedi o‘g‘il oqibat.
Ota-ona hayron... Bir mahal ikkalasi ham ayvonga chiqishdi. Mayram opa supa labida cho‘nqayib, Xo‘janazar otaning mozoriga qaragancha xo‘p duoyibad qildi. Abray aka bo‘lsa, Sheraliboyni qidirib ketdi.
Uni xirmondan topdi:
— Nima gap o‘zi?
Sheraliboy yelkasini qisdi. So‘ng podachidan uning o‘g‘li aytgan gaplarni eshitib, o‘ylanib qoldi va:
— Oshna, men ham qizning ko‘ngliga qaramasam bo‘lmas ekan. Meni gapida turumi yo‘q desang ham mayli, — dedi.

* * *

Oradan bir oy mudlat o‘tib, Eshquvvatlar uyidan Bodomgullar yurtiga sovchi keldi. Sheraliboy qizini berishga rozi bo‘ldi. Hafta o‘tib, to‘y boshlandi. To‘yga aytgani Sheraliboyning o‘zi otlanib, Abray podachining uyiga bordi. Biroq, eski oshnasi unga qayrilib ham qaramadi. Mayram opa esa, o‘g‘lining bilagidan tortib, uyga kirib ketdi. To‘y dabdaba, rasm-rusmi bilan o‘tdi.
To‘ydan qaytgan to‘yxo‘rlar to‘yxonadagi sir savdoni muhokama qilib ketishar, ular bu zamonda labzga ehtiyot bo‘lish qiyin ekani, shuning uchun bu yo‘rig‘da zinhor o‘ylab-cho‘ylab ish tutish kerakligi haqida so‘zlashardi.
Abdurasul to‘y kechasi soyda kezib, qudalardan «qaysisining otiga shikast bersam, qaysisining eshagini yorib tashlasam», deb ko‘p o‘yladi. Oxiri qo‘l siltab, rayonga tushib ketdi.

1973

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.