OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Bitikli tosh (hikoya)

Boyquvar eshikni asta ochib, boshini suqdi. U yoq-bu yoqqa qarab, to‘rda oqish sharpani ko‘rdi.
— Assalom alaykum! — U otilib kirib, yo‘rta ketdi. Shu borishda uzun stol qirrasiga urildi va iljaygancha tislanib, to‘rga tikilgandi, oqish sharpa yorishib, oq kofta kiygan, to‘lagina yuziga dog‘ toshgan Dilnura... yo‘q, Dilnura Qosimova... rayon partiya komitetining ideologiya sekretari ko‘rindi.
Shu asno xona ham yorishib va kengayib ketdi. Devorda plakatlar, o‘ngda kitob javoni, devor yoqalatib qo‘yilgan stullar va yaxlit derazalar ham o‘zini ko‘rsatdi.
Uning ko‘zi ravshan tortib ketgan edi.
— Nimaga tentiraysiz? Mastmisiz? Ko‘zlaringiz g‘alati? — dedi Dilnura Qosimova va o‘rnidan adil turib, unga dadil qo‘l uzatdi. Keyin, qo‘li birovning panjalarini ushladimi-yo‘qmi, aslo sezmay, stol yonidan joy ko‘rsatdi. — O’tiring!
— Xo‘sh, xo‘sh... — Boyquvar stulga asta o‘rnashdi-da, oldidagi gazetaga tikilib, uni ag‘darib ko‘rdi.
— Nima qib yuribsiz?
— Nima? — Boyquvar og‘zini katta ochib, sekretarga qaradi. Uning tanish... bolalikdan tanish qiyofasini yaqqol ko‘rib jilmaydi. — Hech nima, o‘zim... — Keyin shoshib qoldi. — Chaqirgan ekansiz! O’rtoq Keldiev aytdilar. Shu bilan chopaverdim. — Keyin nafasini rostlab, xo‘rsindi. — O’zingiz ishlab, charchamay yuribsizmi, Dilnura? He, biz juda faxrlanamiz, sinfdoshimiz raykom sekretari bo‘ldi deb...
— Qo‘ying, xushomadniyam eplolmaysiz, — dedi Dilnura Qosimova. — Nimaga otangizning qabriga mar-martosh qo‘ydingiz?
— Qanday... A-a! — Boyquvar kulib yubordi. Keyin Dilnura hech narsani tushunmaydigan yoshgina qizaloq-u, o‘zi murabbiydek: — U marmartosh emas, granit, — dedi. — Granit! — So‘ng yengilgina xo‘rsindi. — Marmar topolmadim. Shahrisabzgayam bordim, — kuyunib davom etdi. — Io‘q deyishdi. Boshqalarga bersa kerak-u, mendan shubhalanishdimi, bilmayman.
— Nimaga tosh o‘rnatdingiz deb so‘rayapman?
— Nimaga... — Boyquvar birpas gangib qoldi. — Nimaga... nimaga qo‘ymasligim kerak ekan? — Dilnuraga qaragandi, u yana sharpaga aylana boshladi.
— Dinga qarshi kurash haqida yangi kampaniya boshlandi. Gazeta, o‘qiysizmi o‘zi?
— Qo‘limga tushgandayam... o‘qiy olmayman.
— Hayotdan orqada qopsiz... Xo‘sh, javob bering!
Yigit bor kuchini yig‘ib unga tikilgandi, tag‘in u jamol ko‘rsatdi. Xayolini yig‘ib:
— Mening otam u, — dedi. — Urushga ketib, olti joyidan yarador bo‘lib kelgan! Shu askolkaning jabrida ketdilar...
— U kishi mulla o‘tgan ekan-da?
Boyquvar angrayib qoldi-da, yana qarshisida yoshgina qizaloq o‘tirgandek xayrixohona jilmaydi.
— Yo‘q, Dilnuraxon... — Keyin tetiklanib ketdi. — Axir, o‘zingiz ko‘rib yurardingiz-ku? U kishi qachon mullalik qipti?
— Nega u kishini so‘pi deyishar edi?
Boyquvar yayrab kulib yubordi.
— Ashula aytgani uchun. Ovozlari baland edi-da! Shu yerda turib baqirsalar, o‘zimizning Qurisoyga eshitilardi! E, o‘zlaringni sigirlaring yo‘qolganda, esingizda bormi, gujumga chiqib jar solganlari? He, esdan chiqaribsiz-da, Dilnura.
— Kechirasiz, ko‘p Dilnura-Dilnura demang. Biz rasmiy idorada o‘tiribmiz.
Boyquvar qizib, hatto terlab ketdi.
— Kechirasiz, — dedi ovozi zo‘rg‘a chiqib. Keyin o‘ylanib qoldi. — A, nima? So‘pi deganlari yomonmi?
— Siz ko‘p talmovsiramang, o‘rtoq Boybo‘riev! — Stolga ruchkasini urib qo‘ydi sekretar. — Savolga javob bering. Nima uchun otangizning qabriga... granit tosh qo‘ydingiz? Unga «Mulla Boybo‘ri o‘g‘li Boyquvvatovga», deb yozdirdingiz? Tag‘in «O’g‘lingiz Boyquvardan», deb ham yozdiribsiz... Chektiribsiz! Kim u ishni qilib berdi?
— Shahrisabzda qilib berishdi, — dedi Boyquvar. — Bitta armaniga yozdirdim. Toshdan uy qurar ekan, toshyo‘nar ekan... Ular bunday ishga juda usta bo‘ladilar.
— Nimaga yozdirib... qo‘ydingiz?
Boyquvar unga qarab-angrayib turarkan, tag‘in sekretar bir zumga uzoqlashib ketdi va tag‘in yaqinlashdi.
— E, o‘rtoq Qosimova, siz qiziq savollar berasiz-a! — dedi u jiddiy tortib. — A, nima bo‘pti tosh qo‘ydirsam? Ha-a... — Yana kulimsirab, kulib yubordi. — Bizda rasm emas-a? — Keyin uni ko‘zdan yiroqlatmaslik uchun tikilgancha so‘radi: — Siz Toshkentda bo‘lgansiz-a? Chig‘atoy qabristonida-chi? — Keyin o‘z xatosini tuzatdi: — Albatta, bo‘lgansiz-da. Sekretarlar har hafta Toshkentga borib keladi...
— Menga qarang, nimaga «Mulla Boybo‘ri o‘g‘liga...» deb yozdirib...
— A, nima deb yozdirishim kerak edi? Shunchaki...
— Siz meni kalaka qilyapsiz.
— Voy, voy! O’lay agar, Dilnuraxon... Axir men... biz siz bilan faxrlanib...
— Bas!
— Xo‘p, xo‘p.
— Chiqing! Karidorda kutib turing. O’zimiz chaqiramiz!
— Xo‘p bo‘ladi.
Boyquvar tislanib ta’zim qildi. Burilgandi, tag‘in ko‘z oldi shafaqlanib qoldi. Turtinib ketmaslik uchun tavakkal qilib to‘g‘riga yurdi. Eshikni paypaslab ochib chiqdi. Mashinistka qiz yonidan o‘tayotganda, ko‘z o‘ngi xiyol yorishdi-yu, nimqorong‘i yo‘lakka chiqqach, devor yoqalatib qo‘yilgan stullarni zo‘rg‘a topdi.
Dilnura Boyquvarning chiqib ketishini beixtiyor kuzatib turardi. «Bechoraning ko‘zi xiralashgani rost, — deb ko‘nglidan kechirdi. — Qurib ketsin butifos degani... E, o‘zidan ko‘rsin! Kim unga samolyot dori sepayotganda kultivatsiya qil, depti?»
Xayolidan shu o‘ylar kechgach, shoshib telefonda nomer tera boshladi.
— O’rtoq Keldiev? Salom... Bir keling! Hozir! Boshlang‘ich partiya tashkiloti sekretariniyam ola keling! A? Ha-da! Shu yerda... E, gapini tushunib bo‘lmaydi! Baribir... Bir ish qilaylikki, qarorga javob bo‘lsin. Ha... Him, shundaymi? Bo‘lmasam, o‘zim ham boraman. E, bemalol.
Dilnura Qosimova javon yonidagi shkafdan oblast Sovetining deputatlik nishoni qadalgan kostyumini olib kiydi. Chiqib, mashinistka qizga, o‘zining internat-maktabga shoshilinch ish bilan borayotgani, agar Birinchi yo‘qlab qolsa, darhol Keldievning kabineti bilan ulashni uqtirdi.
Boyquvar stulda boshini xam qilib, ko‘zini yumib o‘tirar, otasining qabri ustidagi bahaybat yam-yashil gujumlar naq qarshisida shildirab turar, ular shoxidagi qushlarning shaddod chug‘urlashlarini ham eshitar, ustiga malla tuproq uyulgan qabr va uning bosh tomoniga tuproqqa sanchib, tagi somon qorishmasida suvalgan qoratosh xuddi yaraqlar edi.
«Ha-a, juda chiroyli bo‘ldi-da! Lekin bularga uning nima og‘irligi tushdi? — deb o‘ylar edi. — Marmar emas... Marmar qimmat-a! Men o‘ttiz so‘mga oldim, xolos! Agar marmar bo‘lganda, qimmat turardi, chog‘i. Ana unda buning pulini qaydan topding, desa, haqqi bor edi...
To‘g‘ri-da, internat qorovulida katta pul qaydan bo‘ladi? Marmar qo‘yganimda, internatdan bir nimani o‘g‘irlab sotibsan desa bo‘lar edi... Tavba, o‘g‘irlab sotadiganlar ham bor-a? Bolachalarning haqiga jabr qilib... E, dunyo!»
— Boyquvar!
— Labbay! — O’rnidan turib ketdi yigit va qarshisida g‘ira-shirada Dilnura Qosimovani tanidi.— Ha? O’zingiz chiqibsiz?
— Yuring! — Sekretar yo‘lak bo‘ylab ketdi.
— Qayoqqa? A-a...
Boyquvar unga ergashib ketaverdi. Zinalardan tushdi. Kattakon oynaband eshik.
Eshikdan chiqishi bilan go‘yo uyqusi ochilib ketgandek, tevarak-atrofni yaqqol ko‘rdi.
Quyosh porlab turibdi. Beton lavhalar yotqizilgan maydon adog‘ida, yashil qarag‘aylar ostida tumshug‘ini bu yoqqa qaratib turgan turli mashinalar.
Dilnura yo‘lakda kelayotganda Boyquvarni o‘zi bilan birga olib ketishni o‘ylagan edi. Endi, tashqariga chiqqach, hali juda katta xatoga yo‘l qo‘yishiga oz qolgandek, shart burilib:
— Internatga o‘ting! Hozir... O’sha yerda gaplashamiz! — dedi.
— Internatga? Xo‘p, xo‘p. Hozir yetib boraman. A, siz...
Qosimova uning gapini eshitmay jildi. Mashinasiga yaqinlasharkan, qarag‘ay ortidagi beton hovuzcha bo‘yida cho‘nqayib o‘tirgan shofyori turib kelib, kabinaga kirdi.
— Shkola-internatga! — dedi Dilnura ham kabinaga kirgach. Keyin Boyquvarga shuncha qaramay desayam mashina burilayotganda ko‘zi tushdi.
U kalovlanib, hovuzcha yonidan to‘g‘riga tushgan zi-nalardan enmoqda edi. Yana unga achinib ketdi.
Internat. Direktor Husan Keldievning kabineti. Jamoat jam ekan. Boshlang‘ich partiya tashkilotining sekretari Shoyim Shaydulov bilan uning byuro a’zolari ham irg‘ib-irg‘ib turishdi.
Dilnura Qosimova ular bilan iliq jilmayib ko‘rishdi. Har biridan bo‘g‘iq, yasama sho‘xchan ovozda ahvol so‘radi. So‘ng Shoyim Shaydulovga hazillashdi:
— O’zingizam namoz o‘qisangiz kerak-a?
Past bo‘yli, yelkalari keng, yuzi chorkunj, boshida tuk yo‘q Shaydulov juda zo‘r askiya eshitgandek boshini egib, pix-pixlab kuldi.
— Qaror chiqmasayam shunday dermidingiz? — Keyin siyrak qoshlarini kerib gapirishga, demak, o‘zining namoz o‘qishdan necha-necha chaqirim naridagi odam ekanini so‘zlashga shaylangan edi, uning sergapligini biladigan Dilnura:
— Xo‘sh, nima qarorga keldinglar? — dedi.
Barvasta, sarg‘ishdan kelgan, ko‘kragi baland Husan Keldiev:
— Nima bo‘lardi, o‘chiramiz-da, — dedi. — Uyog‘ini so‘rasangiz, Dilnuraxon, u kommunist bo‘lib go‘r bo‘larmidi. Vaqtida cho‘lquvar deb o‘tkazib qo‘yishgan-da.
— Shu, shu. Kampaniyachilik juda avj olgan edi-da! — deb gapga qo‘shildi Shoyim Shaydulov. — Men, masalan, o‘ttizinchi yillarda...
— O’zingiz borib ko‘rdingizmi qabrni? — so‘radi Dilnura direktor Keldievdan.
— He, o‘tgan kuni lagerni ko‘rgali o‘tayotib, mashinani to‘xtatdim. Borsam, bir parcha qora doska turipti. Yozuviyam bor.
— Qora doska emas, granit, — dedi Qosimova. — Shahrisabzdan opkepti. Shundan shuncha joyga borib kepti. Unga qolsa, marmar olmoqchi ekan.
— O’, azamat! — dedi Shaydulov. — Marmar-a! Ammo-lekin, o‘rtoq Qosimova, hammamiz ham g‘aflatda qolib yurganga o‘xshaymiz.
Boyquvar ochiq darvozadan kirib, g‘unchalab qolgan gulzor yoqasidan turtinmay-qoqilmay (o‘rganib ketgan) o‘tib, to‘g‘ri direktor xonasiga yetdi. Yerdagi to‘shanchani qaramayoq topib, kirza etigini artdi-da, eshikni dangal ochdi.
— Mumkinmi?
Krupskayaning portreti yonida uymalashib turgan kattalar burilib to‘zib qolishdi.
— Kir, kir! He, uying bug‘doyga to‘lgur, — dedi Husan Keldiev. — Bo‘ldi... O’sha yerga o‘tir!
— Xo‘p, bobo.
— Him, qani o‘rtoqlar... O’rtoq Qosimova, bu yoqqa o‘ting. Shundaymi? Mayli. Xo‘sh, hamma bor. Majlisimiz ochiq. Demak... E! Shoyim aka, o‘zingiz turing!
— Ha, byuroni partiya tashkiloti sekretari oborishi kerak, — dedi Qosimova.
— Marhamat, — dedi Husan Keldiev. — Lekin qisqaroq bo‘lsin, Shoyim aka.
— Xo‘p, xo‘p. — Shoyim Shaydulov sal to‘rga o‘tib, sollanib, kostyumining yengi juda uzun-u, osilib ketayotgandek har ikkala qo‘lini ham tepaga ko‘tarib, yengini tirsak tomon tushirgan bo‘ldi. — Gapning qisqasi, masala bitta, — dedi. — U ham bo‘lsa, kommunist, bizning storoj Boyquvar Boybo‘rievning kommunistlik sha’niga aslo to‘g‘ri kelmaydigan... kommunist degan nomga dog‘ tushiradigan, kechirasizlar, dog‘ tushirgan, shuning bilan birga bizning Krupskaya nomli internat maktabimiz boshlang‘ich partiya tashkilotining obro‘sini to‘kkan... rayon partiya komiteti oldida yuzimizni shuvit qilgan, xo‘sh...
— ...ishini muhokama qilish, — dedi Keldiev.
— Ha, muhokama qilish! — takrorladi Shoyim Shaydulov. — O’rtoqlar, bizlar ateistlarmiz. Kechagi qaror esa bizni yanada hushyorlikka...
Dilnura unga ijirg‘anib qaradi.
— Biron kishiga so‘z bering!
— Da. Juda to‘g‘ri!
— Men gapiraman, — deb o‘rnidan turdi Husan Keldiev. — O’rtoq Qosimova, byuromizga kelganingiz uchun rahmat. Biz o‘zimiz bu bolani muhokama qilib, ko‘zini joyiga tushirib qo‘ymoqchi edik... — Keyin Boyquvarga tepadan tikildi. — He, o‘l-e, senday otali! Kim biladi, shu otadan bo‘lgansanmi, boshqadanmi?
Dilnura unga og‘ringan ko‘z bilan qaradi.
— O’rtoq Keldiev...
— E, endi, odamni quyushqondan chiqarib yuboradi-da! Mana, shuni deb ishdan qolib o‘tiribmiz. Buyam mayli... raykom oldida, Shoyim aka aytganlaridek, yuzimiz shuvit bo‘ldi! — Yana Boyquvarga do‘q qildi. — Erta meni raykomga chaqirib so‘rasa, bu nima degan gap? Bir odamingiz mulla otasining qabriga tosh qo‘yipti, desa... nima deyman, ahmoq?!
— So‘kmang!
Boyquvar shunday degach, garangsib, stol tevaragida o‘tirganlarga qaradi. So‘ng bor kuchini ko‘ziga to‘plab, bir-bir tikilib chiqdi-da, Shoyim Shaydulovning hali aytgan gaplarini esladi. Keyin hayron qolib va nafasi bo‘g‘ilib, Keldievga ko‘z tikdi. So‘ngra Dilnuraga qaradi-da: — E, — dedi. — Sizlar meni muhokama qilyapsizlarmi?
— Tavba! — deb jilmaydi Shoyim Shaydulov. — Artistlikdan ham ancha-muncha bor ekan. Biz ko‘rganmiz...
— Nima balo, merov-perov bo‘lib qolganmisiz? — dedi Dilnura Boyquvarga.
— Nima... men.. Yo‘q! Yo‘q! Men tushunmayapman, xolos, — deb Boyquvar o‘rnidan turdi. — Qaror... qaror chiqaveradi-da!
— O’tir-e! — dedi Keldiev. So‘ng Dilnuraga murojaat qildi: — O’rtoq Qosimova, bu yigit... dinni prapaganda qilgani uchun, bizning xuddi shu kunlarda yuritayotgan... juda g‘ayrat bilan kirishib yo‘lga qo‘yayotgan ateistlik prapagandamizga qarshi borgani, atay qarshi borgani uchun uni... buni darhol partiyadan o‘chirishni taklif etaman. Bu bilan mayda-chuyda gap qilib o‘tirishga hojat yo‘q! Kimlar qarshi? Kimlar...
— O’rtoq Keldiev... — dedi yana Dilnura zorlangan ovozda. — Siz axir rais...
— E, kechirasiz, Shoyim aka!
— O’rtoqlar! — deb yana sollandi Shaydulov va dam Dilnuraga, dam direktorga manglay ostidan qarab: — Bo‘lmasam men... ovozga qo‘yaman, — dedi.
— Shoshmang, — deya unga ham o‘rnini ko‘rsatdi Dilnura. — Xo‘sh, Boyquvar, aybingizga iqrormisiz?
— Nima... ga? — Angrayib, yana o‘rnidan turdi-da, baqirib yubordi. — Qanaqa aybim bor? E, odamni... Axir, odamsizlar-ku? Kommunistsizlar-ku?
— Mulla otangizning qabriga...
— Tosh qo‘ydim!
— Nega?
— A, nima... — U ko‘zlarini katta ochdi. — Meni dinchi... dinni targ‘ib qildi deb ayblayapsizlarmi?
— Tavba, hamma narsani tushunib turipti-yu... — Shaydulov boshini chayqab iljaydi. — Lekin...
— E! Sizlar qiziq ekansizlar-ku? Nimaga... Toshkentda... Chig‘atoy qabristoniga borganmisizlar? Yo‘q...
Demak, bormagansizlar! O’, u yerda... — Keyin ming‘irlab qoldi. — Bizda esa, qabristonda eshak yuradi... Shoyim Shaydulov Dilnuraga olayib qaradi-da:
— Esa ovozga qo‘yaman. Men «za!» — dedi.
— Men ham, — deya Husan Keldiev ham qo‘lini ko‘tardi.
— Esiz, yigit... — deya Dilnura ham barmog‘ini ko‘tardi.
Shu bilan boshqa uch kishi ham ular qilgan ishni qilishdi. So‘ng Shoyim Shaydulov:
— Demak, siz partiyadan o‘chdingiz, — dedi Boyquvarga. — Qani, biletti opkelib qo‘ying bu yerga!
Boyquvar xuddi qopqonga tushgan hayvondek ularga mo‘ltirar edi. Birdan hushyor tortib:
— Yo‘q. Bermayman! — deya chap ko‘kragiga kaftini bosdi.
— Opkelib qo‘ying!
— Yo‘q!
— E! Senga milisa chaqirish kerakmi? — dedi Husan Keldiev. — Kerak bo‘lsa, milisaning ishiniyam o‘zimiz qib qo‘yamiz. Chiqar! Keltir! Ahmoq bo‘lma.
— Men, men... — Boyquvar ko‘kragiga qo‘lini bosgancha, chamasi, qochib ketish uchun alang-jalang bo‘lib o‘rnidan turayotgandi, Dilnura juda ezilib ketib:
— Boyquvar, menga ishonasizmi? — dedi.
— Endi yo‘q.
— Unda o‘zingiz bilasiz. Men aytmoqchi edimki, — yon-veridagilarga zimdan ko‘z tashlab, davom etdi: — ma’lum bir vaqt o‘tsin... Siz, umuman, yomon xizmatchi emassiz. «Paxtakor»da ko‘zni chatoq qilib kelganingizniyam bilamiz. Bu yerdayam, umuman, xizmatingiz yomonmas ekan. Mana, o‘rtoq Keldiev ancha ijobiy fikr-da... Him, quloq solyapsizmi?
— Ha, ha!
Dilnura chaynalib:
— Xullas, bizda ayb... abadiy qolmaydi, — dedi. — Hatto xalq dushmanlari ham amnistiya qilingan vaqtlar bor...
— Tushundingmi? Buyog‘i o‘zingga bog‘liq! — deb Dilnurani tang holatdan qutqardi Keldiev. — To‘g‘rimi, o‘rtoq Qosimova?
— Ha. Men ham shunday demoqchi edim.
— A-a, uning uchun nima qilishim kerak?
— Birinchi navbatda... — Shoyim Shaydulov tag‘in yengi tushib ketayotgandek qo‘lini tepaga ko‘tarib ko‘ydi. — Sen hozir borib... xo‘sh, — jamoaga maslahatomuz qarab oldi, — hozir borib, qabrtoshni olib tashlaysan! Yo‘qotasan! Toki hech kim uni eslamaydigan bo‘lsin. Birov qiziqmasin.
— Ana! Eshitdingmi? — dedi Husan Keldiev partkom sekretarining taklifidan favquloddd mamnun bo‘lib.
— Eshitdim, — dedi Boyquvar. — Lekin...
— «Lekin-pekin»i yo‘q!
— Unda... — Boyquvar chap ko‘kragidan qo‘lini oldi. Keyin birdan baqirib yubordi: — Keyin aldamaysizlarmi?
— E, yosh bolamisan?!
— Hmm, mayli. — Boyquvar qo‘yniga qo‘l solib, chiroyli qizil jildga solingan biletini chiqardi-da, kaftida biroz avaylab ushlab turgach, qo‘zg‘aldi. Stol yoniga kelguncha ikki bor to‘xtab o‘ylandi. Keyin uni shartta stolga qo‘ydi. — Mana!
— Endi bizga javob, — dedi Dilnura. — Boyquvar, siz bilan — endi direktoringiz gaplashadi...
Dilnura Qosimovani kuzatib partkom kotibi ham chiqqach, Husan Keldiev stol qoshida bir qo‘lini beliga tiragancha ikkinchi qo‘lini cho‘zib:
— Ana, qog‘oz, ruchka... Yoz, yoz! — dedi stulda burgutdan ko‘rqqan tovukdek pisib o‘tirgan Boyquvarga. — Rasmi shu, uka. Ariza. Tushunding? Yoz! O’zim seni uch-to‘rt oydan keyin...
— Ishga olasizmi?
— Olaman! — dedi Keldiev derazaga qarab. — Raykom sekretarining gapini eshitding-ku?
— Ha..
— Ana shu-da!
— Unday bo‘lsa... — Boyquvar sharikli ruchkaning uchini labiga tegizib olib, qogozga engashdi. Bir zumlik zo‘riqishdan keyin nigohi ravshan tortib va bundan allanechuk shoshilib yoza boshladi: «Krupskaya nomli internat direktori... shul hakdakim, meni o‘z ixtiyorim bilan storojlikdan ozod...»
Keldiev arizani tortib olib:
— Senga javob. Ozodsan, — deya to‘rga o‘tdi.
— Men endi...
— Shoyim akaga uchra! Gap bor.
— Xo‘p.
Boyquvar tashqariga chiqqanida gardishi tepaga qayirib qo‘yilgan shlyapasini boshiga kiygan Shoyim Shaydulov bitta byuro a’zosining «Moskvich» mashinasi yonida edi.
— Kel, kel-e, uka! Anavi ketmonniyam ola kel! Ol! — dedi.
Boyquvar gulzor yoqasidan ketmonni olib keldi. Shoyim Shaydulov shofyorning yoniga kirib o‘tirdi.
Boyquvar turtina-turtina orqa o‘rindiqqa joylashib, ketmonni butlari orasiga qiyshaytirib qo‘ydi.
Mashina hademay rayonni chetlab o‘tib, Qurisoyga endi. Undan o‘rlab, katta traktga qo‘shiladigan asfalt yo‘l yoqasida — yuz qadamlar ichkarida yashil «bulut»lardek hurpayib turgan gujumzor tomon bu-rildi.
Shoxlardagi qushlar chug‘urlashib uchdilar. Atrofni bir maromdagi shitir-shitir ovozlari tutib ketdi. Bu yer juda salqin, shu bilan birga tog‘ tomondan shabada esardi.
Qabrning biqinidan qizg‘aldoq ungan ekan. Nozik bargaklari titrar edi.
— Ha, qaranglar-a! — dedi Shoyim Shaydulov qo‘llarini orqasiga qilib, salqi qornini oldinga chiqargancha qarshisida kirdi-chikdi, to‘lqinsimon bo‘lib yoyilib yotgan qabristonga qarab. — Ana, birov ot bog‘lapti!
— Shu, shu, — dedi Boyquvar ketmonga suyanib, qabrda bir narsa bor-u, uni ko‘radigandek tikilib turarkan.
— Ha. Buz, buz, — dedi Shaydulov. Keyin tuproqqa xiyla botgan qora yapaloq tosh ustiga borib engashdi. Iljaygancha dona-dona qilib o‘qidi: — «Mulla Boybo‘ri... Boyquvardan». Ta-ak! Yo‘qot! — Bir narsadan xazar qilgandek chekindi. — He, nodon bola! Olib tashla! Sindirib tashla!
Boyquvar ketmonning sopini qo‘yvorib, engashgancha tosh oldiga bordi. Keyin oyoqlarini kerib, toshning ikki chetidan ushlagancha tilini tishlab, tortdi.
Nihoyat, tosh tagiga yopishgan qorishma bilan birga ko‘chdi. Boyquvar uni bir on tutib turdi-da, qo‘yvorgandi, tosh ag‘anab, pastga dumaladi. Buloqdan chiqib ko‘lmaklab turgan suvga tushdi. Bir qismi botib qiyshayib qoldi.
«Ketdi, — deb o‘yladi Boyquvar toshdan ko‘z uzmay.
Nazdida, otasining murdasi ham qayoqqadir ketgandek edi. Keyin cho‘nqayib o‘tirdi-da, bulturgi yantoqdan sindirib olib, beixtiyor tishini kavladi. Keyin tupurib tashlab, o‘rnidan turdi. Toshga tikilib: — E, buni sindirish kerak edi-ku?» dedi.
Biroq ketmon bilan sindirishning imkoni yo‘q.
Boyquvar uni urish, parchalash uchun boshqa tosh izlab qarandi. Bu yerda yilt etgan tosh yo‘q. Bari go‘rlar yam-yashil. O’t-o‘lan. Ayniqsa, baxmal gullar ko‘p.
— Boyquva-ar!
Yigit cho‘chib tushib:
— Ha! — deganicha ularning qoshiga halloslab bordi.
— Bo‘ldimi?
— Bo‘ldi.
— Lekin qayta qo‘ysang...
— E, nega...
— Shunday bo‘lsin, o‘g‘lim. Zamon nozik... Ketmonni ol. Mashinaga sol. — Go‘rga qiya qaradi. — Turaversin. Erta-indin o‘t-o‘lan bosib, bilinmay ketadi.
Boyquvar yana qabrga tikilib qolgan, tosh ko‘chirilgan joyda endi chumolilar g‘imirlashar, ular juda ko‘p, ba’zisining og‘zida oq-oqqina tuxumi bor edi.
«Moskvich» birdan gurillab, Shaydulov:
— Xayr esa! — dedi.
Boyquvar ketmonni mashinaga solishni unutgan, zero, shofyorning o‘zi olgan edi.
— Xayr, — deb pichirladi yigit. Mashina silkina-silkina ketdi. Toshloq yo‘lga tushdi, burildi. Keyin asfaltga o‘tib, rayonga qayrildi.
Boyquvar ma’nosiz nazar bilan qarab turarkan, beixtiyor cho‘nqaydi-da, yana nimanidir timirskilab oldi. Qo‘yning qumalog‘i ekan. Ezib tashladi.
Keyin o‘rnidan turib, yana qabrga boqdi. So‘ng buzilgan joyini apil-tapil tuzata boshladi-yu, xuddi birov uni poylayotgandek birdan chekindi. Shunda qo‘lini chumoli chaqdi. U qashinib, to‘ng‘illab, eng katta gujum ostiga bordi. Uning tanasini siypalab, bo‘rtma qobig‘ini ko‘chirib, biroz turdi-da, birdan chopib, toshloq yo‘lga o‘tdi. To‘xtagandi, ko‘z oldi qop-qorong‘i bo‘lib qoldi.
Biroz vaqtdan keyin nazari tiniqlashgach, xuddi yana dunyosini qorong‘ilik bosadigandek shoshilib, shu yo‘l bilan shimolga jo‘nadi. Bora-bora o‘rikzor boqqa kirdi.
Bir necha oy o‘tdi.
Boyquvar uch marta raykomga borib, «o‘rtoq Qosimovaga» ishi borligini mashinistka qizga bildirdi. Qiz chiqib, bir gal: «U kishining vaqti yo‘q», dedi, keyingi ikki gal: «Kutar ekansiz. O’zlari chaqiradi», dedi. Boyquvar internat maktabga ham uch marta bordi. Husan Keldiev uch gal ham: «Opaning gapini eshitding-ku? Sabr qilasanda endi!» deb javob berdi.
U ko‘chalarda tentirab yurar, uyiga bormas... borsa ham na kamgap xotini bilan, na-da olti yashar qizalog‘i bilan gaplashar, ba’zan hovlisida kun bo‘yi ketmon chopar va tol ostida uxlab qolardi. Keyin yana chiqib ketar edi.
Bora-bora odamlardan chetda yurgani bilan boshiga tushgan «savdo»ni hamda uning sababini ular allaqachon bilib ketganlariga ishondi-da, choyxonalarga kiradigan bo‘ldi.
Asta-sekin ming‘irlab, duch kelgan hamsuhbatga o‘z dardini aytadigan odat chiqardi:
— ...Men tushunmayman. Men o‘zim ateistman! Qanday qilib, dinni targ‘ib etarkanman?
Yana:
— ...Kimga boray? Kim tushunadi?
Oqibat, hech kim bilan chaplashmay, odamovi bo‘lib qoldi.
Bir kuni dovdirab, Qurisoyga tushib yuvindi-da (kun issiq edi), asta gujumzorga chiqib bordi. Biram salqin! O’sha qushlar ovozi! O’sha shabada!
Boyquvar birdan hansirab otasi qabriga yetdi. Go‘r ustidagi o‘t-o‘lanlar qovjirab bitgan, go‘rning oddiy do‘ngchadan farqi qolmagan edi. Shunda qabrtoshni eslab, buloq bo‘yiga chopdi. Tosh yo‘q. Kimdir olib ketibdi.
Yigit bo‘shashib, yana qabr boshiga qaytdi. Keyin qo‘llarini qovushtirib, bir qadam beriga o‘tirdi-da:
— E, ota, ota, — dedi. — Qayokdan ham senga tosh qo‘yish xayolimga kelgan ekan? Attang... — Keyin Toshkentga borgani (cho‘ldan kelgach), Chig‘atoy bozorchasida yurganida bir tobutni ko‘tarishish asnosi kirib qolgani qabristonni esladi. Yashil daraxtlar, qarag‘aylar. Haykallar o‘rnatilgan, katta-katta marmartoshlar qo‘yilgan qabrlar xayolida ko‘rindi. Bir zumga maza qilib, hatto iljayib o‘tirdi (U xayol surayotganda ko‘zini yumar edi). So‘ng ko‘zini ochdi-yu, qarshisida befayz, g‘arib, tosh qotgan tuproq uyumini ko‘rib, ingrab yubordi.
— Bu, nima ahvol o‘zi? Chig‘atoy qabristonigayam shu kunlar tushadimi? Yo‘-o‘q. U yokda esli odamlar ko‘p. Rahbarlar boshqacha bo‘lishi kerak! Yo‘g‘asam... hamma yoq eshshak o‘tlaydigan dashtga aylanar-ov... — Keyin beixtiyor bulutli osmonga qarab qoldi-da, o‘sha bulutlar ortida sirli bir olam-u sirli va qudratli zot bordek tuyuldi. Va shu zahoti unga tavallo qila ketdi: — Ey, Tangrim, agar bor bo‘lsang, bu ahvblni... mening ahvolimniyam ko‘rib turibsan! Senga topinguvchi musulmonlarga muruvvat qilur emishsan... Mana, men ham senga yolvorayotibman. Chunki sendan boshqa zot qolmadi...
Boyquvar beixtiyor qo‘llarini oldinga cho‘zib shu tariqa tavallo qilar ekan, uni toshloq yo‘ldan kuzatib turgan bir kimsa (qabrga tosh qo‘yganini raykomga yozib bergan qari veteran) miyig‘ida jilmayib qo‘ydi-da, g‘izillab yo‘lga tushdi.
Shundan keyin Boyquvar goho kunora, goho uch kun-to‘rt kunda bir marta nimadir tortayotgandek bo‘lib bu manzilga kelipshi odat qila boshladi: illo, bu yerda u endi hordiq chiqarar, halovat topar, goho tili o‘z-o‘zidan ko‘zga ko‘rinmas Zotga ibodatmi-tilovatmi qilib qolar va nazdida, hayotida o‘zgarish bo‘layotgandek tuyulardi. Va, darhaqiqat, uyiga-bog‘iga qaytib borgach, g‘ayrati qo‘zib, ketmonni qo‘lga olar, qandaydir — kimgadir bergan va’dasining ustidan chiqadigandek bir shahd ila goh jo‘yak tortib ko‘chat o‘tqazar, goho daraxtlarning tagini yumshatar, goh go‘ng tashir va sochar ediki, bundan kamgap xotinida xursand bo‘lib, unga choy tutar, qizalog‘i esa quvnay-quvnay izidan ergashib yurardi...
Alqissa, ilgari ishlagan joyi — maktab-internat ham, uning rahbarlari ham, hatto sobiq maktabdoshi — raykom sekretari Dilnura ham unga uzoq o‘tmishdek tuyuladigan bo‘la boshladi.
Ha, u qandaydir tabiiy va ibtidoiy hayot tarziga tushgan, buni butun borlig‘i bilan his etar va boshqa e’tiqodu botiniy ishonchlar unga madad berar edi.
Tabiiyki, Boyquvarning mozorchaga qatnashi va otasi qabri boshida o‘tirib, yuziga fotiha tortishi tuman ahliga ovoza bo‘lib ketgan — bu holdan ba’zilar xursand esa, ba’zilar kinoyali jilmayishar edi.

1987

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.