OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Biz kech qolib yuramiz (hikoya)

Raykom sekretari Alpomish aka ukasi Berdiyorni imlab, chinor ostiga o‘tirdi. Olisdan yugurib kelgan choyxonachi yigitga:
— Bitta choy... Keyin bizga xalaqit bermang! — dedi.
— Xo‘p bo‘ladi, raykum bobo! — choyxonachi qaytib ketdi. Kabobpazning oldiga borib, shivirlay boshladi. Maktab tomondan bo‘lim boshlig‘i hovliqib tushib kelayotgan edi, choyxonachi yigit uni ham chaqirib, vaziyatni tushuntirdi.
Alpomish aka ko‘cha yuzida «gazik»dan tushib, to stolga kelib o‘tirgunicha kuzatib turgan xo‘randalar ham undan ko‘zlarini uzishdi.
Berdiyor tikdan tikilgan kostyum-shimi ustidan uzun yo‘l-yo‘l yelak kiyib, belini oqish qiyiq bilan bog‘lab olgan edi. Tosh zinadan irg‘ib tushdi-yu, buloqqa qarab burildi. Suv labiga cho‘nqayib, qo‘lini chaydi, belbog‘iga artib kelib, akasiga uzatdi:
— Salomaleykum, aka.
Alpomish aka unga qo‘lini uchini berib, stolning narigi boshidagi stulni ko‘rsatdi:
— O’tir!
— Xo‘p, aka. — Berdiyor o‘tirdi, tosh zina boshida qolgan shofyoriga o‘qrayib qo‘yib, akasiga yuzlandi: — Yaxshimisiz, aka? Bu yoqlargayam qidirib chiqqan ekansiz-da? Yangayam yaxshimi, jiyanlarim-chi? Ish bilan bo‘lib borolmadim ham... Kampaniya mahali desangiz...
—Onamizdan senday farzand tug‘ilganiga ishonmay qoldim, nokas!
Berdiyor uchib tushdi:
— A? Aka... bir gap bo‘ldimi?
Alpomish aka stolga urmoqchi bo‘libmi boshmaldog‘ini ko‘tardi, lekin yon-veriga ko‘z tashlab, qo‘lini stol chetiga ohista qo‘ydi.
— Gapir! — dedi. — Bir boshdan gapir! Nima ish qilib yuribsan o‘zi?
— Aka...
— Taysallama! Hozir uchastkovoyni chaqiraman, ko‘kragingga «piyanista» deb yozib, qo‘lingga satil beradi. Ko‘cha supurasan. O’n besh sutka qamalding deb shu yerda buyruq chiqartiraman. Xo‘sh?
— Aka, endi...
— Sharmanda qilib yurgan ekansan-ku, meni! Akaning nomi bilan ish ko‘rishni sen tirmizakka kim o‘rgatdi? Nimaga zagotkontoraning mashinasini raisi minmaydi-yu, sen minasan? Qaerdan chiqqan qiliq bu!.. Nimaga ichasan, a? Nima g‘aming bor! Bolang och qoldimi? Xotining tashlab ketdimi? Akang o‘ldimi? Nimaga ichasan? Nima beradi ichkilik senga?..  Ichib olib hamma narsani unutging keladimi? Ishniyam, topshiriqniyam, oilaniyam, a? O’rganib qoldingmi? Mundan ko‘ra bir chilvirni olib, o‘zingni osmaysanmi! Har holda, odamlar,  nomusli ekan, deydi. O’zim ham sezib yurar edim-a! Lekin sen, qorang o‘chkur, mug‘ambirlik qilar eding... Yo‘q! Men seni bu ahvolda qoldirmayman. Sen akangni bilmabsan! Menga uka kerak emas, or-nomus kerak! O’n ming odamga bosh qilib qo‘yibdi meni davlat, bilasanmi, shuni! Men seni, ibrat bo‘lsin uchun, eshakka chappa mindiraman, hali...
— Aka...
— Nima?!
—Oxirgi marta... Aka, aka... To‘xtang-da, endi! Ga-pimni eshiting-da, va’da beryapman-ku!
— Va’da! Piyanistada, masxarabozda va’da bo‘ladimi!
— Aka, nima qilay? O’zimni osaymi shu yerda? A? Ayting. Sizning gapingiz — gap. Siz menga ham ota, ham ena, ham akasiz... Aytganingizni qilaman... Birinchi marta... oxirgi marta, aka...
Birpasdan keyin Berdiyor ko‘chaning nari betidagi taqir do‘ng ortida, toshloqda o‘tirar, hovuchida bir necha shag‘al toshni o‘ynab, labini alam bilan tishlardi.
— Berdiyor aka!
Berdiyor burilib tepadan tushib kelayotgan shofyori — Shoniyozni ko‘rdi. Shoniyoz kelib, olislarga tikildi.
— Nima deysan?
— O’zim...
— He, uka... chatoq bo‘ldi!
Shoniyoz sekin cho‘nqayib, yerdan xas oldi.
— Alpomish aka bilan gaplashdingizmi?
— E, uka, yurgiligim qolmadi. U odam mening pushtipanohim edi, meni yomon so‘kdi. Zo‘rg‘a o‘tirdim, uka... Menga qara! Akam meni yomon ko‘rib qoldi! — u irg‘ib turib ketdi. — E, uying kuysin, ichkilik! Uyginang kuysin! Men shunga qachon o‘rgandim o‘zi?.. Chatoq bo‘ldi!
— Endi...
— Nima «endi?»
— Endi bir ish ko‘rsatasiz-da!
— Ishmi? Ho‘-o‘! Ishni men ko‘rsataman-da! Meva opkelishmi, men opkelaman. Tuxummi? Men opkelaman. Junmi, men opkelaman... Men odamlar bilan muomala qilishni bilaman. O’laman sattor deganda ham har balo qilib sotib olaman! E, uka! Men zagotovitel bo‘lib ishlayotganimga necha yil bo‘ldi? Sen bilmaysan. Unda sen yo‘q eding... bizga ishga o‘tmagan eding unda... To‘xta, sen qanday bo‘lib, nuqul men bilan yuradigan bo‘lib qolding, a?.. Ha, bungayam o‘zim aybdor, o‘zim. Yur desam, ketavergansan-da, a? Ha... Axir, kimsan, raykum sekretarining ukasiman! Lekin bizning rais ham odammas ekan, bir og‘iz vaqtida aytmadi-ya! Uyam qo‘rqqan-da, mendan? Qo‘rqqan... Akasiga aytadi, chaqadi, degan, ha, yaramas! Oxiri aytipti-ya! Aytgandayam boplab aytipti! Bo‘lmasam akam muncha qizishmas edi. Chatoq bo‘ldi! Uka, u odam menga aka emas, ota-ona ham! Shu meni katta qilgan, bilsang! Men unga suyanar edim. Uning qattiqqo‘lligini bilar edim. Meni nima jin urdi... Endi, aytganingday, ishda ko‘rsataman o‘zimni, ishda, men o‘nta zagotovitelning ishini qilaman! O’ntasining! Lekin sen... menga qara, sen men bilan yana uch-to‘rt kun birga bo‘l, xo‘pmi? Keyin seni raisga topshiraman! Bo‘limni bir obxod qilaylik.
— Mayli. Men ham shuni aytmoqchi edim.
— Borakallo, aqling bor seni, Shoniyoz... Shoniyoz uka, men aslida yomon odam emasman.
— Kim sizni yomon deyapti, Berdiyor aka. Men bir og‘iz qattiq gapingizni eshitmaganman.
— Borakallo. Lekin o‘zim aybdorman, Shoniyoz. Mana, uch-to‘rt oydan beri zagotkontoraga bir kilo meva berganim yo‘q, bir kilo jun... Uch yuzta tuxum nima bo‘ladi, a? Haliyam raisning bag‘ri keng ekan. E, men senga aytsam, akam hali to‘g‘ri gapirdi, ichkilik o‘lsin! Lekin odamlar ham g‘alati-ya? Qaerga borsang, ko‘rpacha yozadi, darrov qozon osadi, go‘sht qovuradi, araq tayyor bo‘ladi. Anavi besh-olti rayonga bekor borib keldik, rais shundan keyin o‘chakishgan menga. To‘g‘ri-da, nima haqim bor o‘zi?.. Bo‘pti! Ishlaymiz, endi ishlaymiz. Bo‘ldi! Araqning uyi kuysin! Yana ichsam, til tortmay o‘lay! Bola-chaqamga otalik qilmay...
— Ey, qo‘ying shu gaplarni!
— Hozir ko‘zimga dunyo ko‘rinmaydi!
Ular chinorlar soyasidan o‘tgan ko‘chaga tushganda Berdiyor yana xuruj qildi.
— Menga qara, Shoniyozboy. Sen shu yerda tura tur, xo‘pmi? Men magazindan yarimta olib chiqay. Shu tepaga opchiqib, urib maydalay. Ha, hamma ko‘rsin!..
— Berdiyor aka, qizishmang.
— Shu yerda tur! Keyin dappta ketamiz... Men jun topaman, jun! Men chorvadorlarning tilini bilaman, oshnam!
Berdiyor magazinga kirganda, peshtaxta ortidagi eshikchadan kiriladigan omborda Alpomish aka ichimlik yashiklarini sanab, rabkoobning boshlig‘iga bu mollarni kamaytiring, deb turgan edi.
— Hov, do‘konchi bobo, beri keling! — baqirdi Berdiyor.
Eshik og‘zida qo‘rqibgina turgan do‘konchi orqasiga qaradi.
— Oling anavi polvondan yarimtani!
Do‘konchi taysallab qoldi, omborga mo‘raladi, kimdir unga nimadir dedi, u nimadir deb javob qildi. Shundan keyin ham do‘konchi o‘sha yoqqa bir muddat qarab turdi, nihoyat Berdiyorga o‘girildi:
— Yarimta dedingizmi?
— Ha, yarimta! — xitob qildi Berdiyor. — Xohlasangiz, butun qiling! Men u haromi bilan olishay, qani, kim yiqitar ekan!
Do‘konchi gazmol tokcha ostidan bitta shishani olib, kir latta bilan artgan bo‘ldi. Oyog‘i ostidan qog‘oz topib, o‘rab berdi. Berdiyor do‘konchiga besh so‘m tashlab, qaytimini ham so‘ramay chiqdi. So‘ng, chinor ostiga yetganda, shishaga o‘ragan qog‘ozni shilib tashladi-da, uning bo‘ynidan ushlab, namoyishkorona yurish bilan Shoniyozning yonidan o‘tdi:
— Ko‘rasanmi? Tomosha qilasanmi?
Shoniyoz u bilan borishga uyaldi shekilli:
— O’zingiz bir yog‘li qilib keling, — dedi va buloq boshidagi o‘rindiqqa o‘tirdi.
Berdiyor mamnuniyat bilan tepaning o‘rkachiga chiqib bordi. Ko‘kragini kerib, kunbotardagi Quhitan tizmalariga qaradi-da, araqni yerga o‘rnashtirib qo‘ydi. So‘ng, iljayib, undan bir-ikki aylandi. Kaftlarini bir-biriga ishqab, nari ketdi.
Yerdan bir necha tosh olib, oyoqlarini yerga tira-gancha, sal yonboshlatib ota boshladi. Qani tegsa!
— Ha, seni chiqarganni! — xitob qildi Berdiyor va yugurib borib, uni ko‘tardi, boshidan aylantirib, etak tarafga otdi. Shisha chir aylanib borib toshloqqa tushib chil-chil sindi.
Berdiyor qaytib kelganida Shoniyoz yo‘q edi. Uyoq-buyoqqa qarab chaqirdi:
— Shoniyoz! Shoniyoz!
— Hov magazinga chaqirib ketdi, — dedi o‘rindikda o‘tirgan yo‘lovchi.
— Magazinga? Ha, mayli. — Berdiyor buloq bo‘yiga tushib, yana nima uchundir qo‘llarini chaydi, belbog‘iga artdi. Iljayib chiqib mashina yonida qaqqaydi. — Shoniyoz!
Yo‘lovchi kulimsirab gap qotdi:
— Jonivorni uch minutda sob qildingizmi, jo‘ra?
— Bizmi? Biz ana shunday! — dedi Berdiyor. — Obering siz ham birini, shu yerda tinchitib qo‘yaman!
— Zo‘r ekansiz, vajohatingizdan hech bilinmaydi.
— Ha, biz ana shunday zo‘r!
Shoniyoz ko‘rindi, Berdiyor qo‘llarini beliga tirab uni qarshiladi:
— Ha, zakuskaga ketganmiding?
— Yo‘g‘-e, — dedi shofyor, u xafa ko‘rinardi.
— Ketdik bo‘lmasam. To‘g‘ri dashtga, oshna! Shoniyoz unga g‘alati qaradi:
— Ketamizmi?
— Ha! Ketamiz-da, endi! O’tir mashinaga. Shoniyoz bir qadam qo‘yib to‘xtadi:
— Bugun dam olsakmikan, Berdiyor aka.
— Yo‘q, bugun ayni ishlaydigan kun-ku? Shoniyoz yer chizdi.
— Ha? — dedi Berdiyor. — Kelishdik-ku? Yo, sen ham aynidingmi? Mayli, unday bo‘lsa!
Shoniyoz xo‘mraydi, ildam o‘tib mashinaning eshigini ochdi. Berdiyor kirib o‘tirdi. Shoniyoz motorni o‘t oldirdi. Borti shiqillab qolgan eski yuk mashinasi gurillab jildi.
Hademay qishloq markazidan o‘tib, tepaga chikdi, tekis nishabdan keta boshladi. Nihoyat, soyga yetdilar. Soy keng bo‘lib, unda o‘sib yotgan yulg‘unlar sarg‘ayib, guldan qaytgan edi. Suv miltillab ko‘rinadi, soy yoqasi-da bir parcha qamishzor.
— To‘xta! Bur pastga, Shoniyoz! — buyurdi Berdiyor.
Chamasi, Shoniyoz uchun qaerga borishning ahamiyati yo‘q edi. Rulni keskin burib, mashinani nishabga soldi. Undan tushirib, yulg‘unzorga oralatdi.
— Sekinroq hayda, oshna. Ha? Nima bo‘ldi?
— Hech nima. Ovulga boramizmi?
— Ha-da, shu yerdan ishni boshlaymiz... Yusufning ovuli shekilli bu?
—Ha, o‘zi yo‘qmi deyman. «Moskvich»i ko‘rinmaydi.
— Da-a, unda jun undirish qiyin. Yusuf bo‘lgan-da, gapga ko‘nar edi. Kampiri ziqnaroq. O’tgan yili kelganimiz esingdami?
— O’tovga qarang. Kimdir qarayapti, kampiri emasmi?
— Shunga o‘xshaydi.
Soyning narigi sohilidagi taqir do‘nglik etagida ikkita o‘tov ko‘rinar, o‘tovlardan biri oldida ko‘ylagi qizil bir ayol qo‘lini peshanasiga qo‘yib, qarab turardi.
Shoniyoz iljaydi:
— Bizni tanidi, deyman... Orqaga qaytdi.
— Yo‘lga solamiz, oshna! Biz o‘zimiz uchun unnayapmizmi!
Mashina suvga yetib to‘xtadi, suvdan o‘tishi mumkinu lekin narigi tik betga chiqishi gumon edi.
— Tushamiz, azob bermang mashinaga.
Tushib, qamishzor oralab yo‘l izlashdi. So‘ng, soydan kechib o‘tishdi.
— Hov, kayvoni! O’tovdan sas chiqmadi.
— Berdiyor aka, iti yomon.
— E, it nima qiladi hozir, molning ortidan ketgan-da.
Ular o‘tovlar orasiga yetib, to‘xtashdi.
— Hov yanga! Hov, checha!.. Odam bormi? Mehmon keldiyam demaysizlar!
Nihoyat, chetdagi o‘tovdan engashib, oltmishlardan oshgan kampir chiqdi.
— Salomaleykum.
— A-lekum... — Berdiyor kampirga qaramay, u bilan qo‘l berib ko‘rishdi, gaplasha boshladi: — Yaxshimi? Bachalar chopqillab yuribdimi? Yusufboy qani? Shaharga ketganmi, deyman?
— Ha, erta-mertan tushib ketgan edi, maylis bor ekanmi.
— Xo‘sh, kampir, bizning vaqtimiz yo‘q. Choy-poyga unnab yurmang! Bizning nima uchun kelganimizni bilsangiz kerak!
— Ha, siz nimaga kelardingiz, junga-da, — dedi kampir.
— Balli! Biz zagotovitellarning ishi shu, kampir!
— E, qo‘ying, inim. Zagotovitelniyam ko‘p ko‘rdik. Ko‘p kelib turadi, yo‘q desak, qaytib ketaveradi.
— Biz qaytib ketmaymiz, — dedi Berdiyor va va’z qila ketdi: — Gap shundaki, momo, xo‘sh... davlat bu yil jun planni katta bergan. Xo‘p, deb turing... Menga qarang, bir to‘shakcha opchiqing-e. Yo‘q-yo‘q, uyga kirmaymiz... Shunday qiling!.. Ho‘, rahmat... qatiq ham opchiqasizmi? Mayli... Bir yo‘la chalob qila qoling... Rahmat, endi o‘tiring, momo!.. Gap shundaki, o‘zingiz tushunadigan xotinsiz, planimiz katta! Lekin savxoz o‘z moli bilan uzolmaydi... To‘xtang-da! Bizda individualniy plan deganiyam bor-da. Bu planni tushunasizmi? Sabr qiling! Bu degani — aholidan ortiqcha juni bormi, tuxumi bormi, terisi bormi — sotib oling, degani... Bilaman, bilaman, kampir! Menga qarang, kampir, shu junni mana munga o‘xshagan kigiz qilasiz! Kigizdan nima foyda! Gilam olsangiz-chi? Ham arzon, ham chiroyli... Xo‘p, bir qop soting, mayli, qolganini to‘qim qilsangiz ham o‘zingizga! E, enajon-e! Baraka toping, enaboy! Shoniyoz, tur, oshnam!.. Ana bu ishdan keyin yuz gramm ichsang ham arzir edi... Lekin endi yo‘q, yo‘q, yo‘q!.. Narxi o‘sha-o‘sha, a? Yo ko‘paytirib beraymi? Mayli! Ana, hozir faktura tuzamiz, xo‘sh... Mana, bu yerga qo‘l qo‘ying! E, chizib qo‘ying-da, bilmaysizmi!.. Shunday! Yusufboyga bizdan salom ayting... Kampir, agar yana sotiladigan jun chiqib qolsa, iltimos-da, bizdan bo‘lakka sotmang, xo‘pmi? Nima bo‘lsayam, hammamiz bir urug‘ning odami! He, o‘zimning Qo‘ng‘irotimdan!
...Ular kechgacha bir necha ovullarda bo‘lishdi, xiylagina jun, teri xarid qilishdi. Berdiyorning kayfi chog‘ bo‘lib ketdi. Lekin Shoniyozning chehrasi ochilmasdi.
Qishloqqa tushib keldilar. Choy ichgani chinorlar ostiga o‘tishdi. Salqin tushib qolgani uchunmi, suv qattiq sharillar, shoxlarni to‘ldirgan maynalar chug‘urlar, choyxona va restoranga olib boradigan tsement yo‘lka atrofidagi rayhonlar xushbo‘y hid ufurib, ular o‘rtasidagi elektr chiroqlari porlar edi... Odam hamon gavjum, ayniqsa, Shahrisabzga o‘tadigan shofyorlar ko‘p.
— Qani, Shoniyozboy, o‘tiring oshna! Buyuring! Ichkiliksiz buyuring!
Namozshom mahali Shoniyoz Berdiyorni uyi eshigiga olib borib tushirdi.
— Salomat bo‘ling! — dedi Berdiyor. — Ertalab saharroqda keling-da! Uzunchuqurni obxod qilamiz... junga ehtiyot bo‘ling, bolalar titib ketmasin. Ertaga topshiramiz buni. Endi men ko‘rsataman ish qanday bo‘lishini. Lekin Shoniyozboy, qovog‘ingiz ochilmadi-da, uka!.. Sir bekitmas edingiz?
— E, Berdiyor aka, — dedi Shoniyoz.
— Xo‘p, siz ham charchadingiz, boring, ertaga gaplashamiz!
— Ertaga... men kelolmayman, — dedi Shoniyoz.
— Kelolmayman? Uch-to‘rt kun birga bo‘lamiz, deb kelishdik-ku?
— Gap unda emas.
— Xo‘sh, nimada bo‘lmasa?
— Sizni ertalab ishdan bo‘shatishgan. Meni magazinga akangiz chaqirgan edi. Araq olganingizni ko‘ribdi... Aytdim, ishonmadi. Ishonmayman, dedilar... Shu yerda bo‘shatildi, hoziroq raisni top, dedilar. Yuzingizdan o‘tolmadim, Berdiyor aka... Gap shu.

1972

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.