OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Cho‘loq turna (hikoya)

Cho‘loq turna tuxumdan kech chikdi. Chiqqanidan keyin ham o‘ng oyog‘ini ololmay ancha yotdi, tipirchiladi, tukdan iborat qanotchalarini qoqdi. O’zini paydo qilgan tuxum po‘chog‘iga tizzasidan pasti yopishib qolgan edi. Nihoyat, undan xalos bo‘ldi-yu, o‘ng tomonga mayishib, atrofiga mayda shag‘al toshlar terib qo‘yilgan, qumga qattiqroq bosilgan tuya izidek uyasida bir-ikki aylandi. So‘ng ma’yus, ojiz ovoz chiqarib, boshini zo‘rg‘a ko‘tarib, anchagacha qaltirab turdi.
U nafas olar — yangi olam havosidan nafas olar, badaniga yangi olamning — iliq bahor quyoshining nurlari singar, shuning uchun qaltirar, hali bu hayotga ko‘nikmagan edi.
Bir payt yon tomondagi qalin shuvoqlar ortidan qattiq va dahshatli «qaq-qaq» etgan tovush eshitildi. Turnacha qattiq qimirlab, yana shikastlangan oyog‘i yoqqa yiqildi. Yana ancha tipirchilab yotdi. Endi, bu tipirchilashida o‘zini o‘nglab olishdan ko‘ra qandaydir sirli xavfdan yashirinishga intilish bor, chunki jajji turnacha onasining ovozidan buni his etgan edi.
Haqiqatan ham Ona-turna qalin shuvoqlar ortida uchta jo‘jasini ergashtirib, yerda sochilgan o‘t-o‘lanlar urug‘ini terib yeb yurar ekan, olisda makkor tulkini ko‘rib, shunday shovqinli ovoz chiqargan edi.
Tulki cho‘loq turnachaning isini olib yaqinlashgan, Ona-turna buning uchun emas, yo‘q, — u endi tuxumdagi naslidan voz kechgan, — yonidagi jo‘jalari va o‘zini o‘ylab shovqin ko‘targandi.
Tulki dumini xoda qilib qochib qoldi. Ona-turna bolalarini ergashtirib, tag‘in uyasi yonidan, g‘oyat ustalik bilan «yasagan» uyasi yonidan o‘tarkan, uyoqqa beixtiyor qarab, Cho‘loq turnachani ko‘rdi. Bo‘ynini g‘oz cho‘zib, ko‘ksidagi echki soqoldek osilgan qora patlarini sel-killatib, uning qoshiga keldi. Tumshug‘i bilan turtgan bo‘ldi. Ixcham, ingichka oyokdarini ildam ko‘tarib, ustidan o‘tdi. So‘ng bo‘ynini gajak qilib, bolasiga birpas tepadan qarab turdi-da, tag‘in uning ustidan hatlab, narida alang-jalang bo‘lib, har tarafga talpinayottan sog‘ jo‘jalari yoniga ketdi.
Cho‘loq turna daf’atan ustida paydo bo‘lgan soyadan najot kutib unga intilgancha qolaverdi.
Bu holni kuzatgan inson hayron qoladi: Ona-turnani shafqatsizlik qildi, deb o‘ylaydi. Aslida bunday emas: illo, bu tur qushlarning ham o‘ziga yarasha mehr-shafqati bo‘ladi. Bo‘ladi-yu, lekin o‘zga qonun bu hisdan ham ustun turadi. Bu — yashamoq qonuni, zurriyot qoldirish va uning sog‘lom kamol topib, o‘zining ushbu ishini istiqbolda takrorlashiga bo‘lgan tabiiy va tug‘ma ehtiyoj qonunidir. Shuning uchun ular zurriyotni buzadigan va istiqbolda yashashi og‘ir bo‘lgan farzandlaridan osongina voz kechishadi.
Cho‘loq turnaning mayda shag‘al toshchalar ustidan o‘tishi ham mashaqqatli bo‘ldi. Shundan keyin ham anchagacha yoniga ag‘anab yotdi. Nihoyat, o‘zini o‘nglab, ne bir his-sezgi bilan quruq yerga tumshug‘ini urdi.
U ovqatga muhtoj — yangi olamda xo‘rak topish shu tarzda sodir bo‘lishini tuyg‘u bilan tuygan edi.
Ona-turna bolalarini hamon ergashtirib, ba’zan g‘ut-g‘ut ovoz chiqarib don yeyishga undar, ular donlashar ekan, u benihoya uzun bo‘ynini cho‘zib, atrof-tevarakka qarab turardi. Nihoyat, olislarga chigirtka va kamyob o‘t barglarini izlab ketgan Ota-turna ham uchib keldi. Keng qanotlarini yoniga tap-tap urib, uzun oyoqlarini cho‘zib yerga qo‘ndi. U qo‘nishi bilan Ona-turna parvoz qildi. Ota-turna esa bolalari o‘rtasiga kirib, g‘ut-g‘ut deya yerga qusdi. Turnachalar ota jig‘ildonida hazm bo‘lmagan, ho‘l, yutumli xo‘rakni cho‘qib-cho‘qib yemoqqa tutindilar.
Nihoyat, u jo‘jalarni ergashtirib, atrofiga toshchalar terilgan uyasiga keldi va Cho‘loq turnachani ko‘rib, bo‘ynini cho‘zdi. Keyin, uni oyog‘ida turtib ko‘rgan bo‘ldi. Keyin, parvo qilmay, uyaga o‘tdi-da, qanotlarini yoyib, asta pasaya boshladi. Turnachalar chiychiylashib, otaning issiq patlari ostiga kirib olishdi.
Cho‘loq turna otasi sharpasidan ham o‘ziga yaqinlik, boshpana hissini tuygan, aka va opalari ovozidan ham asti hayiqmagan edi. U ham ne bir issiq talpinish ila uyaga intildi. Bir amallab toshchalardan o‘tdi. Va dumalab-turib, issiq qanot tagiga suqildi.
Ehtimol, Cho‘loq turna uyaga kirolmaganda, Ota-turna unga parvosiz qolaverar edi. Biroq, endi uning harakatda ekanini sezib, qanoti ostiga kirishga qarshilik qilmadi.
Otaning bag‘ri — tashqaridagi iliq oftobdan ham yoqimli edi. Eng muhimi — Cho‘loq turnachaning qaltirashi bosilgan, uning vujudiga bir bexavotirlik va ishonch kirgan edi.
Ona-turna kelganda, Ota-turna tag‘in bolalarini qanoti ostidan chiqardi. Cho‘loq turnacha onasi jig‘ildonidan tushgan xo‘rakni ko‘rib, unga intildi. Aka-opalari qatori yeb oldi. Keyin, albatta, qorni to‘ymay, uzoq chiychiyladi. Keyin onasining ham bag‘riga kirdi.
Ona-turna ham boya e’tibor etmagan jo‘jasini endi e’tibor bilan yumshoq patlari ila bekitib oldi.
Kun botishi oldidan Ona-turna yana oyoqqa turdi. Yana bolalarini yantoqzor ortiga boshladi. Endi Cho‘loq turnacha ham ulardan ortda qolmay ergashdi. Endi Ona-turna ikki marta to‘xtab, uning yetib kelishini kutdi. Nihoyat, Cho‘loq turnacha ham onasi g‘utg‘utlab chaqirgan yerdan don terib yedi.
So‘ng Ona-turna kattakon yovshanning kungay tomo-niga yonboshlab, yumshoq, iliqqina qum-tuproqni qanotlari va oyoqlari ila tita boshladi, keyin unga bag‘rini berib yotdi. Cho‘loq turnacha ham aka va opalariga o‘xshab qum-tuproqqa yotdi. Tuproq iliq, yoqimli — bunda quyosh tafti-yu ona-ota bag‘ridagi haroratdan ham ziyodroq bir nima bor edi.
Ota-turna tevarakda mag‘rur kezib, atrof-olislarga ko‘z tashlab yurar, goho o‘z-o‘zicha «qaq-qaq» etib yangroq tovush chiqarib qo‘yar edi. U har tovush chiqarganda Ona-turna boshini bir ko‘tarib qarar, so‘ng yana xotirjam bo‘lardi.
Turnalar bir xil tovush chiqargani bilan ma’nosi ko‘p bo‘ladi, zero ularning inson qulog‘iga bir xil bo‘lib eshitiladigan ovozlarida turfa ohanglar bor.
Yovshan va yantoqlar to‘p-to‘p bo‘lib o‘sgan, ulardan xoli maydonlar tap-taqir bo‘lgan bu keng makonda ko‘p marta quyosh chiqib, ko‘p marta botdi. Havo tobora isib, o‘t-o‘lanlar sarg‘aydi. Yerlar tors-tors yorildi.
Bu turnalar bola ochib, kuz shamollari esa boshlaguncha turishadigan makon edi. Zero bunda Cho‘loq turnachaning ota-onasi va aka-opalaridan ham o‘zga turnalar oilasi ko‘p va ularning har biriga tegishli, o‘zlariga xos tug‘ma qonunlariga ko‘ra chegaralangan yerlari bor edi. Bu makonda albatta ularning g‘animlari, kushanda va do‘stlari ham bor edi. Masalan, eng ashaddiy dushmanlari tulki ila shaqol. Lekin bu ajoyib qushlar yashash uchun shunday kurash tarziga bo‘ysunar edilarki, ular g‘animlariga qarshi o‘z qurollari bilan kurashishni ham bilishar edi. Birgina «qaq-qaq» etgan tovush manman degan tulkining esxonasini chiqarib yuboradi. Shaqol ham toqat qilolmaydi bu tovushga va bu yirtqichlarning har ikkisi ham bu ovozlarning egasi g‘oyatda nozik, mutlaqo beozor qushlar ekanini sira aqlga «sig‘dirolmaydi», chunki bu yirtqichlarni qadim-qadimdan xuddi mana shunday tovushlar dahshatga solib kelgan, bu tovushlar chiqqan joydan qochish — ular uchun yashash uchun kurash edi.
Tabiat naqadar dono!
Turnalarning uyalari nima uchun bu qadar sodda-ibtidoiy: qumga qattiq bosilgan tuya izining o‘zi. Tag‘in ochiq yerga qo‘yishadi. Atrofi nega kichik toshlar
bilan qurshaladi? Bu uyalarda yana bir g‘aroyibotni ko‘rish mumkin: qaysi turna tuxum qo‘ysa, tuxumlari bilan yonma-yon ikki-uchta ot tezagini ham keltirib qo‘yadi. Ular nega kerak?
Turna o‘t-o‘lan orasiga in qo‘ysa — dahshat! Chunki aksar yirtqichlar o‘zlariga yemishni o‘sha o‘t-o‘lanlar orasidan izlashadi. Xolis, tekis yerdan-chi? Yo‘q. Lekin birda-yarim yo‘lakay turna uyasi ustidan o‘tib qolishi mumkin. Shunda ular Ona-turnalar qo‘ygan tuxumlarni ko‘radimi? Ko‘radi. Lekin nega chaqib yeb ketishmaydi? Chunki tuxumlarning rangi ot tezagidan farq qilmaydi. Ot tezagida nima bor ularga! Uya atrofidagi toshchalar nega kerak? Cho‘l shamollari tuxumlarni dumalatib ketmasligi uchun kerak.
Yashash sharoitining o‘zi jonli-jonivorlarni ham qanday yashamoqni o‘rganib yaratgan.
Kuz shamollari...
Turnalar bezovta bo‘lib yig‘ila boshladi. Olis-olislardagi turnalar oilalari ham sayhonlik ustida parvoz qila-qila pastda ko‘ringan bu to‘plarga kelib qo‘shilar edi. So‘ng qanotlarini tap-tap urib yugurishgan, bir-birini quvlashgan, oyoqlarini ko‘tarib, qanotlarini silkitishgan.
Yosh turnachalar ham ularga taqlid qilishadi. Lekin ular ko‘proq uchishadi, illo ularni ko‘proq uchishga ota-onalari majbur etishadi: yerda uzoq qolishsa, ayamay cho‘qishadi. Goho bu sahro turnalarning «qaq-qaq» ovozlaridan larzaga keladi. Ovozlar uzoq-uzoqlarga ketadi va kunora yiroqlardan yangi-yangi turnalar oilasi kelib qo‘shiladi.
Goho bu olatasir to‘p ufqlar ortiga — olis Janubga, ulargina sezishi mumkin bo‘lgan iliq taft kelayotgan yokdarga qarab turishadi. Shunda shimoldan esadigan shamol ularning yollari, soqollari va qanotlarini hurpaytiradi.
Bir safar turnalar galasi taqir maydonda uzoq yo‘rg‘alab qaqillashdi. So‘ngra shunday tapir-tupur qanot qoqib havoga ko‘tarilishdiki, taqir yer changib, yovshanu shuvoqlar boshi shamol esgandek egildi. Tala-to‘pda yerga talay patlar uchib tushdi. So‘ng qushlar havoda «gilamcha» bo‘lib aylana-aylana ko‘tarila bosh-ladi. Osmoni falakka chiqqanda ham aylanishar, bu aziz sahro ustida parvona bo‘lgandek aylanishar, endi ularning ovozlari tamom o‘zgacha: qandaydir mungli va porloq, endi ovozlar bir-biriga jo‘r bo‘lib chiqar edi: qur-ey, qur-ey.
Ovozlar elas-elas eshitila, turnalar nuqtalar misol ko‘rina boshladi. Keyin birpas parokanda bo‘lishdi-da, uzun saf tortishdi va asta Janubga qayrilishdi.
Cho‘zilgan ipga tizilgandek bo‘lib, sahro osmonidan uzokdashib ketishdi.
Turnalar!...
Ularning yaralishlari, yashash tarzlaridan kelib chiqqan alohida uchishlar bor: yerga qo‘nish yoki yerdan ko‘tarilish paytida «gilamcha» bo‘lishadi, olislarga parvozda «arg‘amchi»ga aylanishadi.
Zero olis parvoz paytlarida ipga tizilgandek uchishmasa, ming-ming chaqirim yiroqdagi manzillariga emas, uning yuzdan biriga ham yetishlari gumon, ular yo‘llarda qolib yoxud nomaqbul joylarga qo‘nib, halok bo‘lishar edi. Holbuki unday bo‘lmaydi hech: tabiatning o‘zi ularni shunday uzoq masofalarga uchishga qodir qilib, qanotlarini katta va qamrovli, a’zolarini g‘oyat kichkina va yengil qilib yaratgani ustiga uchish tarzlarini ham shunga xos holda ijod etgan.
Turnalarda ham, albatta, yo‘lboshchi bo‘ladi. Biroq u ham olis safarda hammavaqt safning oldida bora olmaydi. Chunki ro‘paradan esuvchi shamol, dovullar, hatto havoning muallaq holati qarshiligi ham uning kuchini kesib qo‘yadi. Shuning uchun yo‘lboshchi turna ham yo‘lakay «dam oladi», ya’ni ortidagi turnaga o‘rnini bo‘shatib, eng orqaga o‘tib turadi. Bu tur uchishda hikmat bor: ro‘paradan esgan shamolu havo oqimi safda eng ko‘p oldingi turnaga ta’sir etadi. Orqadagilar... bu qarshilikni juda oz sezib, go‘yo havo qarshiligi «yo‘q» bo‘lgan bir bo‘sh quvurda ketayotgandek bo‘lishadi. Turnalarning olislarga ucha olishlari siri shunda.
So‘ngra ularning uzun, ingichka tumshuqlari ham havo oqimini kesish va uning ta’sirini kamaytirishga qo‘l keladi. Ingichka oyokdari dumlari tomonga cho‘zilib, go‘yo bir juft dum patiga aylanib qoladi.
Pastga tushayotganda bu xil uchmoqqa hojat qolmaydi.
U ancha ochko‘z, ammo bari bir zaif bo‘lib o‘sdi. Aka-opalari parvoz mashqini olayotganda, u ham albatta safga qo‘shilar, lekin, birlamchi, tez charchar, so‘ngra yerga qo‘nish ham uning uchun xiyla azob edi: qiyshayib qolgan oyoq yerga to‘g‘ri tushmay, Cho‘loq goho yiqilib ketar, parvoz oldidan ham tez yugurib olishda shu oyoq xalal berardiki, shuning uchun u ko‘pincha yerda bo‘lishni afzal ko‘rardi. Shuning uchun o‘zga turnalardan zaifu ularga qaraganda xiyla etli bo‘lib o‘sdi. Biroq «qabilasi» udumi, yashash sharoiti talabi bilan ular xulqida paydo bo‘ladigan o‘zgarishlarni bexato o‘zlashtirdi. Unda barcha turnalardek bo‘lguvchi tug‘ma hislar kamol topdi: u ham tulki uchraydimi, shaqol uchraydimi, dahshatli «qaq-qaq» tovush bilan ura qochiradigan bo‘ldi; olis ko‘llarga borib suv ichib kelish va foydali o‘tlarni ota-onasi yordamida topishni o‘rgandi, ba’zan o‘zi ham ichki — tabiiy hissi bilan topib yedi.
Ba’zan safdan ortda qolgan paytlarida — qorong‘i tushgan, yulduzli kechalarda ham o‘z qarorgohlarini adashmay topib kelardi. Bu xususda u o‘tkir edi, eng yaqin yo‘llarni kashf etar edi.
Mana, u ham Janub sari, xuddi ohanrabodek o‘ziga tortayotgan sirli manzil sari «qabilasi» safida uchib bormoqda. Oldindagi turnalarning yon-veridan esayotgan shamol unga ham oz-moz ta’sir etadi, qanotlarini yalab o‘tadi. Pastlik!.. U hech qachon bunchalar» balandda parvoz etmagan edi. Lekin bu uchishning gashti bo‘lak ekan... Buning ustiga, olisda sirli makon bor. O’shanga yetishlari kerak.
U makonning juda ham azizligini hozkroq sezmoqda!
Shu alfozda borar ekan, o‘ngu so‘lidan oppoq bulutlarning suzib o‘tayotganini ko‘rdi. Bulutlar unga tanish edi. Bahor chog‘laridan tanish... Biroq o‘shanda ular yuksaklikdan patlarni yumshatib ho‘l qiladigan yomg‘ir yog‘dirib o‘tishgan edi. Cho‘loq turna aka-opalari bilan qo‘nishib, ularni pastdan kuzatishgan, so‘ng oftob charaqlab chiqqanda, patlarini uzoq titib-to‘zg‘itgan edi. Ular goho suvdoqqa borib cho‘milgandan keyin ham iliq qumloqda turib, patlarini shu xilda quritishar edi. Endi esa Cho‘loq turna o‘z safdoshlari bilan o‘sha bulutlar ichidan suzib o‘tmoqda. Lekin u bundan vahimaga tushayotgani yo‘q, aksincha — bu g‘aroyib makonda erkin-erkin quloch otmoqda.
Bir payt yaydoq, bulutsiz, niliy bo‘shliqqa chiqib olishdi. Turnalar kiftiga iliq oftob nurlari tegdi. Ammo olg‘a uchganlari sari Cho‘loq turna havoning keskin sovib borayotganini payqadi. Pastda... pastlikda oppoq tog‘lar ko‘rinar, ular ham Cho‘loqqa tanish edi: bir vaqtlar ularni yonlab uchgan, lekin o‘shanda hech ham bunchalik sovuqni sezmagandi. Havo sovigandan-sovidi. Turnalar esa tobora tezroq uchishar, chamasi mana shu tez harakat ularni sovqotishdan saqlamoqda, ba’zilarining qanotlariga qirov ham qo‘ngan edi.
Havo tag‘in asta-sekin ilidi. Tog‘lar orqada qoldi.
Shu tarzda borishar ekan, Cho‘loq turna safning ancha oldiga o‘tib qolgan edi. Endi shamolning ta’siri kuchaya boshladi. Chunki yo‘lboshchi turnagina emas, uning ketidagi bir necha turnalar ham «yo‘lboshchilik» vazifalarini ado etib, hordiq uchun safning quyrug‘iga o‘tishgan, shunga ko‘ra Cho‘loq turna karvonning o‘rtasidan oshib qolgan edi.
Cho‘loq pastlikda qandaydir tanish yirik qushlarni ko‘rdi. Ular o‘z sahrolarida ham ba’zan uchrab qolar, biroq makonlariga yaqin yo‘lamas edi. Yo‘lamas edi-yu, Cho‘loqning o‘zi ham bu qushlardan ehtiyot bo‘lishni tuyar edi.
Ular — burgutlar edi.
Karvon tag‘in yuksala boshladi. Cho‘loq turna bir necha marta quyiga qaradi. Ne bir tuyg‘u ila safdan ajralgisi ham keldi-yu, xuddi safga ko‘zga ko‘rinmas zanjir bilan bog‘langandek, uchishda davom etdi.
U uchishi kerak edi. U uchishi kerak!
Faqat olg‘a uchishi! Sirli, ohanrabo manzil tomon uchishi kerak! Nima bo‘lmasin, qanday to‘siqlar uchramasin, bari bir uchishi shart! Uchishi...
Etakda daraxtzor qishloqlar ko‘zga tashlana bosh-ladi va bir mahal Cho‘loq turna shundoq biqinlarida gala-gala qaldirg‘ochlarning ham parvoz etib borayotganlarini ko‘rib qoldi. Keyin esa bir necha qaldirg‘och lip-lip eta olg‘a o‘tdi-da, g‘oyib bo‘ldi.
Cho‘loq turna tag‘in ham safning oldiga chiqib qoldi.
Qaldirg‘ochlar ham yashash qonunlari, avlodlari udumi hukmida ayni shu pallada janub sari yo‘lga chiqishgan edi. Turnalar karvoni oldiga o‘tib olgan uch-to‘rtta qaldirg‘och esa dam olmoqchi, ya’ni karvonboshilar kiftiga qo‘nishgan, shu sabab ular tezroq charchab orqaga o‘tishgan edi.
Qishloqlar ham ortda qolib ketdi. Cho‘loq turna endi safning boshida uchmoqda. Oldindan shovullab esayotgan shamol daf’atan ta’sir etib, uning bor quvvatini so‘rib olmoqda edi. Cho‘loqning ko‘zlari tinib keta boshladi. Lekin uchmoqda. Qaerga... O’sha sirli makonga! Cho‘loq turna u aziz makonni umrida ko‘rmagan esa-da, uni biladi: u oldinda!
Karvon bir maromda ketayotgan edi. Cho‘loqning parvozi susaygani sari orqadagi turnalar bir-biriga juda yaqin kelib qola boshladi. O’rtadan yo‘lboshchi turnaning «quvq» etgan tovushi Cho‘loqqa yetib, u ixtiyorsiz bir tarzda o‘rnini ketidagi turnaga bo‘shatdi-da, chetlanib, safning orqasiga o‘tdi. Saf yana olg‘a intildi. Cho‘loq dumda turib uchar edi endi...
Ular shu alfozda uchib, tunni ham o‘tkazishdi.
Cho‘loq turna karaxt bo‘lib qolgan, u bir necha marta karvonning boshiga chiqib, shu zahotiyoq orqaga o‘tib olgan, bu orada yo‘lboshchi turna bir necha marta «quvq-quvq» deb ovoz chiqargan, endi bu xil ovoz o‘zga turnalardan ham eshitila boshlagan edi.
Cho‘loq orqada... orqada qola boshladi. U bor kuch-quvvati ila qanot qoqadi. Lekin tobora orqada qoladi.
Karvon olg‘a ketmoqda! Turnalar karvonining qonuni qat’iy: ular ortga burilishmaydi: ular ortda qolayotgan safdoshlariga yordam ko‘rsatisholmaydi ham — bu hol ularga shunchalar aniqki, hayot tarzlariga ay-lanib ketgan.
Safga yaroqsiz turna ham taqdirga tan bermog‘i kerak. Lekin o‘jar, qaysar Cho‘loq buni his etsa-da, o‘zini dahshat qo‘yniga — yolg‘izlik qo‘yniga tashlagisi kelmaydi: butun bori-borlig‘i bunga qarshilik qiladi. Ammo kuch-quvvat bunga imkon bermaydi: Cho‘loq turna bu holidan hayratlangan kabi tag‘in qanot qoqadi.
Karvon olislab ketdi. Cho‘loq yolg‘iz qoldi. Endi uning oldida havo qarshiligini kesguvchi kuch yo‘q, hozirgi mo‘‘tadil havo oqimi ham unga kuchli dovuldek ta’sir etar edi. Cho‘loqning tezligi battar kesilib, pastlay boshladi. U nolali ovoz chiqarar, karvon esa uzoqlashgani ustiga, tag‘in balandlab uchmoqda edi.
Cho‘loq pastlab borayotgan esa-da, o‘sha sirli yurtga qarab uchardi. Pastlab-pastlab ham uchaverdi. Lekin kuch-quvvat uni tark eta borishi, shamol uni orqaga suraverishi oqibatida u deyarli harakatsiz bir holga tushdi.
Unda yashashga intilish hissi o‘zga bir tarzda junbishga keldi. U qo‘nishi kerak. Qandaydir sahroga o‘xshash yerga, yovshan-yantoqlar o‘sgan yerga qo‘nishi kerak... Lekin oldindagi vatan!.. O’sha vatan uning uchun hayot edi: asl hayot o‘shanda edi!.. Endi esa u hayot Cho‘loqni inkor etdi. Cho‘loq boshqa hayotga ko‘nikishi kerak. U qo‘nishi kerak, qo‘nishi... Cho‘loq turna endi temirqanot bo‘lgan palapondek hamon olg‘a intilib, past-past yashil daraxtlar ustidan uchib o‘tdi. Keng o‘tloqlar ham ketinda qoldi. Yiroqda taqir bir maydon ko‘rindi. Turna unga intilib borarkan, qarshisida saf tortgan teraklarga yetganda, tag‘in o‘z-o‘zidan pasayib ketdi-yu, ularga shatir-shutur etib urildi. Qanoti qiyshayib, xazonlar ustiga tushdi. Yana o‘ng tomoniga yiqilib, shu bo‘ii tek qoldi.
Bir mahal uning tingan ko‘zlari atrofni ko‘rdi. Turna apil-tapil qanotini o‘nglab oldi va atrof manzarasidan dahshatga kelib, «qaq-qaq!» deb ovoz chiqardi.
U endi o‘zga hayot qo‘ynida edi...

1978

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.