OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Hukumat (hikoya)

Urush yillari Kengdalada raislik qilganimda bir qozoq kampir bo‘lardi. Bechora yolg‘iz edi, bizning uy ishlarini qilardi. O’shanda o‘tovda turardik. Sigir bor, ikkita-uchta sovluq bor, shularni sog‘ardi. Kir-chirni yuvardi. Ana shu boyoqish «rais» degan so‘zni bilmasdi-da, nuqul: «Hukumat opoy...» yo‘q, «O’qumat opay», deb chaqirardi meni. Yaznangizniyam «O’qumat og‘ay» der edi. U kishi — kolxozning raisi, men Sho‘roning raisi edim.
Nima balo bo‘ldi, men ham qarigandan keyin kattalarni «Hukumat» deydigan bo‘ldim.
Qodirjonniyam «Hukumat bolam» der edim. Yosh kadr, otalari partiya, sovet tashkilotlarida ko‘p yil ishlagan, boobro‘ odam edi. Urushdan qaytmadi. Ot o‘rnini toy bosadi degandek, Qodirjon ham rahbar bo‘lib yetishdi.
Agranomlikni bitirganmi-yov, aniq bilmayman. Lekin, bolam, hozir ham rayonda uni juda hurmat qilishadi. Endi... bizga o‘xshagan qariyalarniyam izzatlaydi-da. Ko‘pning duosi — ko‘l, hurmat qilsang — hurmat ko‘rasan.
Shu kishi deng, bizga uncha-muncha qarashib turadi-da. Sovxoz direktori, hamma narsa uning qo‘lida: qozonning boshida... Biz ham axir shu jamiyatni deb xizmat qildik. Vaqti kelganda, och qoldik, qiynaldik. Lekin jamiyatni deb yashadik... He, bolam, boshimizdan ko‘p savdolar o‘tgan: savodsizlikni tugatishda o‘zimizning o‘lib ketishimizga oz qolgan, qo‘sh xotinliklarga qarshi kurashishda ham bitta Ja’farov degan kishining meni otishiga oz qolgan. «Enag‘ar, xotinlarim rozi bo‘lsa, yana nima deysan?» degan. Bir hisobda o‘sha odam ham haq ekan... Lekin zamonning talabi shu edi: uni javobgarlikka torttirdik. Keyin xotinlariyam meni uch yil qarg‘ab yurdi. Quloq qilish, tilla qidirish vaqtlaridayam ko‘p ish qildik...
Ha, endi mana, qarib, pensiyaga chikdik. Men tengi dugonalarimdan ham uchta qoldik. Lekin men sodda ekanman: pul yig‘mapman. Dunyoning ketidan bo‘lmapman. Mana, endi pensiyaga qarab o‘tiribman. Yaznangizning ham ahvoli shu. U bechora shuncha yil kolxoz raisi bo‘lib, faqat otni minib: «Mashoqni terma! G’allani o‘rma!» deb umrini o‘tkazgan ekan. Ammo-lekin u kishiyam juda halol ishlaganlar. Bilamanda. Urushdan keyingi qimmatchilik yillarida ayrimlar kalamush, sichqonlarning uyasini kavlab, g‘alla-don topishardi. Ana shulargacha tortib olib, hukumatga topshirganlar...
O’g‘ilchamiz sho‘x chikdi. Boshi omon bo‘lsin, qolgani — shu... «Kenja bolam, kenja bolam, topganimni sen je bolam», deb yurgich edim. Mana, yoshimiz o‘tgan-da, bu odam bo‘ldi. Bir nimani yolchitib yedirmadik ham. Qaytamga uning qo‘liga qarammiz.
Shopirning topgani nima bo‘ladi? Be, siz aytadigan shopirlar boshqacha. Buning mashinasi bir kun ishlasa, ikki kun o‘zi ishlaydi: mashinaning tagidan chiqmaydi. «Ena, yangi moshin obering. Ota, dalolat qiling», deydi.
Bizning gapimiz o‘tmaydi... Qodirjon «yangi mashina kelsa, beraman» degan. Ana shundan keyin Kenjamiz o‘zini o‘nglab olar. O’g‘ilchasi maktabga boradigan bo‘p qoldi: hali qo‘lini halollagani yo‘q...
Shu, yaqinda deng, afg‘on shamoli bo‘ldi-yu, anavi og‘ilning ustini ochib ketdi. Kenjaboy irimiga devor ko‘tarib, ustini taxta-karton bilan yopgan edi: tovuqxona qilgan edi. Shuning tomini ko‘tarib tashladi. E, qiyomat bo‘ldi o‘sha kuni. Ko‘p ziyon yetkazdi u shamol.
Shunda jiyaningiz aytib qoldi-da: «Ena, qani, o‘kumatingizga boring endi. To‘rtta shipr bersin», dedi.
Shu gapi menga negadir o‘tib ketdi.
— Boraman! — dedim. — Sen mening hukumatimga  piching qilma! Hali yosh bolasan! Biz uni qurganmiz! O, qanday qiyinchilik bilan qurganmiz!..
Rost-da, ug‘lim, shu kolxoz tuzilish yillarida men o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlarda edim. Enam bechora otamdan qolgan qo‘sh ho‘kiz bilan qo‘zili sovlig‘imizgacha kolxozga bergan edi. «Bo‘lsin, ishqilib, shu jamiyat bo‘lsin. Hukumat oyoqqa tursin!» der edik...
Endilikda shakkoklar ko‘paygan, bolam. O, ba’zan bir gaplarni eshitasan, bir gaplarni! Odamlarning og‘zi mana munday bo‘lib ketgan. Bizning zamonlarda u og‘izlarni allaqachon yirtib qo‘yishardi. Hozir tartib-intizomdan putur ketgan. Organlar ham yaxshi ishlamaydi, men sizga aytsam...
— E, boring! Shu Qodir hukumatingizga bir uchrang! — dedi Kenjaboy.
— Uchrayman! — dedim. Anavi tuflimni kiydim. Leninning yuz yilligida, Oktyabrning oltmish yilligida berilgan medallarni takdim. Cholga qarasam, boshi xam. Jo‘nadim.
Mana shu tor ko‘chadan o‘tib, mosh ekilgan dalaga chiqdim. Biram havo yaxshi. Mosh pishgan. Qirs-qirs yoriladi. Ariqlarda suv. Qurbaqalar qurillaydi.
Juda ko‘nglim ochilib, hee, o‘ggan-ketgan kunlarni eslab, katta yo‘lga chikdim. Ko‘pqavatli imoratlar tushayotgan ekan, shularning orasidan o‘tib, sovxoz idorasiga bordim.
Bu — eskidan qolgan imorat edi. Peshayvoni bor. Yeri taxta-pol qilinmagan. Lekin mengayam qandaydir yaqin imorat edi. Qodirjon shu yerda ishlardi.
Kirib bordim.
— Assalomu alaykum, xolajon, — dedi. O’rnidan turib, kelib ko‘rishdi. Munday joydagi divanga o‘tqazib, bir piyola choy berdi. — Damliginamisiz, xolajon? Boboy yaxshimi? Jiyan qalay?.. Yaqinda yangi mashina keladi, albatta beramiz...
— He, mishta kiring, og‘ajon, — dedim. — Otangiz o‘zi ulug‘ odam edilar-da!
— Xizmat, xolajon?
— E, o‘g‘lim, — dedim. — Kechagi shamolni bildingizmi?
— O, asta aytasizmi! Bizning qirqta shshshrimizni uchirib ketdi. Parcha-parcha qilib tashladi. Qancha tsement, albastr ko‘kka uchdi. O’ziyam yarim soat orasida hammayoqni to‘s-to‘polon qilib yubordi-da!
Shiprni tilga olganida, damim sal ichimga tushgan edi. Baribir aytdim:
— Shunday-shunday... Katakning usti ochilib qoldi. Tovuqlar sochilib ketdi. Kenjaboyingiz jinni bo‘lib yuripti. Bizda qo‘y yo‘q, sigir yo‘q. Shu to‘rtta tovuq...
Qodirjon indamay qoldi. Indamay choy ichdi. Xudo ursin, uni hech munday ahvolda ko‘rmagan edim: hamma vaqt «yo‘q» demasdi... Axir, bilasiz, bir zamonlar bu hukumatimiz bizga qaram edi. Endi biz unga qaram bo‘lib qoldik: qarashib tursa yomonmas-da! To‘g‘ri, odam xijolat bo‘ladi. Ammo noiloj.
Yo‘q-yo‘q, men yilida kelsam, bir marta kelardim. Iltimos bilan. Shundayam davlat narxida pulini to‘lab olardim. Endi, bir qop-yarim qop kamikormami, bug‘doymi, arpami, ishqilib... «yo‘q» demasdi-da.
O’zi, men sizga aytsam, bolam, bu tilanchilik emas. Xudo asrasin: endi, odam... hadding sig‘ib kelasan-da. O’zingning hukumating, axir.
To‘g‘ri endi, bu hukumatimiz ham ancha pishiq bo‘lib ketdi: bir vaqtlar, bayramlar bo‘lsa, Oktyabr, hayitlar kuni bozorjoyda qozon-qozon osh damlanardi, choy, non — bari bepul. O’yin-kulgi. Bayram, to‘y to‘ydek o‘tardi. Keyin... bunaqa supralar ham ochilmaydigan bo‘p ketdi. Qaytamga ba’zi odamlar kattaroq to‘y qilsa: «Boy bo‘p ketdingmi?» deydiganlar ko‘paydi...
Men o‘g‘ri, kazzoblarni ko‘zda tutmayman, bolam... Ular haliyam bor. Oxiri o‘z haqini oladi: xudodan topadi. Xudodan topmasa, hukumatning o‘zi ko‘rsatib qo‘yadi.
Qarigandan keyin ezma bo‘lar ekansan kishi.
— Ha, O’qumatjon? Munday o‘ylanib qoldingiz? — dedim.
— E, xolajon, hozir zamon o‘zgarib ketdi, — dedi Qodirjon. — Men sizdan hech narsani ayamayman, bi-lib qo‘ying! Hukumat o‘z veteranlaridan ayamaydi...
— Rahmat! Hukumat paqat xalq farovonligini ko‘zlaydi.
— Gap shundaki, xolajon, birinchidan, bizda hamma narsa qattiq hisob-kitobli bo‘lib qoldi. Qurilish materiallarining ham narxi oshdi... Shunga qaramasdan sizga yordam qilish kerak... Ammo, xolajon, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, etaqdagi cho‘l o‘zlashtirilgandan keyin sovxoz bo‘lindi.
— Bo‘lindi?
— Ha. Ikkita sovxoz bo‘ldi-da... U sovxozga ko‘p joylarimiz tushib ketdi.
— Qaerda u?
— Ana shu katta yo‘ldan bora bersangiz, astanovka keladi... Hali eshitmab edingizmi?
— Qaydan?
— Shu yerdan qizil avtobus o‘tadi. Uchta astanovkadan keyin chapga burilib to‘xtaydi. Qarag‘ay ekilgan bog‘ keladi. Ana shu yerda yangi sovxozning idorasi...
— Xo‘p, idorasi bo‘lsa bo‘lar, — dedim. — Men sizdan yordam so‘rab keldim-ku?
— Men ham aytyapman-ku, sizning yeringiz o‘sha sovxozning territoriyasiga tushib ketgan.
— Xo‘sh?
— Shuning uchun... shuning uchun yordamni o‘sha sovxoz qiladi endi. Direktori yosh yigit, aqlli... Xolajon, tushunmayapsizmi?
— Yo‘q, tushundim, tushundim, — dedim. — Lekin sizning idorangizga piyoda keldim, unikiga aptobus bilan borsam, u bizga yiroq ekan. Qodirjon, menikiyam bir gap-da: sizning sovxozingizda turabersak-chi, qola bersak-chi?
— He, xolam-e, xolaginam-e, xolaginam-e! — deb kuldi u. — Mumkin emas!
Men bilar edim: mumkin emas. Lekin yo‘liga aytgan edim-da.
— Xo‘p, o‘sha sovxozda bo‘la qolaylik. Lekin siz... o‘ntagina shiprga qog‘oz bersangiz, men pulginasini to‘lab...
— Xolajon, men nima deyapman? Kechirasiz, tushuntirolmadim shekilli... Xo‘sh, eng muhim gap shundaki, bizda ham haligiday xo‘jalik hisobi, samofinansirovanie degan gaplar amalga oshyapti... Bundan ham muhimi, xo‘sh, hamma narsa shu qadar hisob-kitobli bo‘lib ketayaptiki, men sizga bitta shipr bersam ham, bu yerda gap qilishadi. Sovxoz mulkini begonalarga talon-taroj kildirdi deb...
Ana, biz begona bo‘lib qolgan ekanmiz. Voy, men tushunaman, g‘alcha emasman: hukumatning gapi gap. Qarorlari — qaror! Ularning, misol uchun, plan bajarishda ko‘p amal qilmasayam, mana munday yo‘riqlarda juda amalda!
Lekin men endi beshta shipr deb yursam... Kenjaboydan ham uyalaman: «Hukumatingiz nima qildi desa, nima deyman? Hukumatim o‘zgaripti, deymanmi?»
Qodirjon yana bosh egdi. Bildim: bolaning iloji yo‘q. Bo‘lmasa, u bunday qilmas edi.
— Ha, bolam, yaxshiligingni ko‘r, — dedim. — Sen o‘ksima, Qodirjon... Unga bo‘lsa, unga boraman-da...
Qodirjon xo‘rsinib turib ketdi.
— Biz bir qattiq bo‘lsak, toshdan o‘tib ketamiz! — dedi. — Bir saxiy bo‘lsak...
Men kuldim.
— Saxiy bo‘lganimizni haligacha ko‘rganim yo‘q. — Keyin uning ko‘nglini ko‘tardim. — Biz, bolam, hukumat... hukumatimiz kattalariyam yo‘qsildan chiqqan. O’zimiz ham. Boylarniyam yo‘qsil qilganmiz. Bunday mamlakat, hukumat... ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak. Tushunaman, og‘ajon. Menikiyam bir gap-da.
— Aqlli xolajonimdan aylanay, — dedi.
Shunday dedi.
Men uni duo qilib chiqdim. Aytganidek yo‘lga tushib, bekatga bordim. Avtobusiyam aytganiday ekan, keldi. O’sha qarag‘ayzorga burilganda, tushib qoldim.
Qarang-a, uyda o‘tirib qolganingdan keyin jamiyatdan chiqib ham qolar ekansan. Gazeta ko‘p, ko‘p olamiz. Jurnallardan ham... Dunyoning u chekkasidagi gapni bilib turar ekansan-u, yoningdagi o‘zgarishlardan bexabar qolar ekansan.
Bu taraflar, hee, toza o‘zgarib ketgan ekan... Esimda bor. Kechagiday: qirqinchi yilmidi, o‘shanda Sho‘ro majlisini o‘tkazish uchun shu tomondagi bir ovulga borib, kech qaytgandim. Bir cho‘pon bechora: «Qizim, otingiz yaxshi ekan. Lekin bemahalda yurmang, jondor uchraydi», deb edi. Men... yosh ekanman: olovlik. Otimga ishonib hayday berdim. Qurisoy degan joyga yetganda, bir bo‘ri ergashdi. Tavba, qo‘rqmapmanmi deng. Boshimda katta shol ro‘molim bor edi. Shuning bir uchidan ushlab, bir uchini osiltirib kelaverdim. Bo‘ri o‘lgur ro‘mol bilan o‘ynaydi deng. Eshitganman-da, bo‘ri otning dumidan oladi deb. Xavotirim shundan edi. Bir mahal ro‘molni tishlab bir tortdi, qo‘limdan chiqib ketdi. Ana endi, o‘ldim, deb o‘yladim. Otni haydadim. Qor, muz, sovuq. Bo‘ri ergashdi. Buyoqda qorong‘i tushayapti. Soydan chiqib, endi qirga o‘rlagandim, bo‘ri yetdi... Otim bir sapchib ketdi-yu, yiqildi. Shunday yonboshlab qoldi. Qarasam, bo‘ri-mo‘ri yo‘q. Ot sog‘. Pishqiryapti. Shunday bo‘yniga osilib olib: «Chuh, jonivor!» dedim. Gapim dalda bo‘ldimi, ot jonivor sapchib turib ketdi. Hey unday joyga borganda egarga minib oldim. Qarasam, bo‘ri... ot yiqilganda tagida qolgan ekan. Oqsoqlanib chetga chiqyapti. Birdan uvlab yubordi. Men otni surib haydadim yana. Jiydali degan joyga yetganda, bir aravani uchratdim... Shunday qilib, omon qolgan edim...
Nima deyatgan edim?
Ha, bu dashtlar ham o‘zgarib ketgan ekan.
Idorani topib kirdim. He, bashang. Zinalari marmardan. Raykomning binosiga o‘xshaydi. Bir cholgina divanda o‘tirgan ekan, direktorning xonasini ko‘rsatib qo‘ydi.
— Assalom alaykum, hukumat bolam, — deb kirganimni bilaman, u talab tashladi.
Yo‘q, sira tanimadim. Yoshgina. Ko‘zlari o‘ynoqlabgina turgan yigit. O’ttizlarning nari-berisida. Qodirjonga o‘xshab jaydari kiyinmagan ham. Bo‘ynida galstuk, oppoq ko‘ylak.
— Nima dedingiz o‘zi? Kim hukumat? — deb boshladi.
— Hay-hay, til o‘lgur o‘rganib qolgan-da, — dedim. — Hovliqmang, bolam. Biz ham, hey, sondan chiqqan uy xotini emasmiz... Vaqtida raykomlardayam ishlaganmiz. Kissamizda partiya biletimiz bor!
— Hech o‘xshamaydi-da, o‘xshamaydi, — dedi. — Ha. Xo‘sh, maqsad nima? Tezroq bo‘ling, vaqtim ziq!
Bu gapdan keyin unga bir nimani dangal aytib bo‘ladimi?
— Direktor bolam, — dedim. — Bilsangiz, eshitgan bo‘lsangiz, meni falonchi opa deydilar. Keksa...
— Opa, veterandan ko‘pi yo‘q! — dedi gapimni kesib. — Haliyam bitta veteran chol kelib ketdi. Qiladigan ishi — magazindan davlatning go‘shtini sotib olib, tashqarida ikki marta qimmatga pullash ekan! Veteranlar uchun hamma narsa bezochirid-da! Shundan foydalanar ekan, noinsof.
— Ha, endi nochorlikdan...
— Opa, muddao nima?
Juda xo‘rligim keldi: axir, meni rayonda bilishardi. Har yili Oktyabr bayramlarida bizni chaqirib siylashardi. Dugonalarimniyam. Ko‘rganlar salom berardi.
«Bu yigit boshqa rayondan kelgan ekan-da», deb o‘yladim-da, muddaoga o‘tdim:
— Oldin Qodirjonning sovxoziga qarardik...
— Qaysi Qodirjon?.. Ha-ha, Qodir Sobirjonovich! Xo‘sh?
— Endi sizning sovxozingizga o‘tipti bizning yerlar.
— Juda yaxshi bo‘pti! Bu sovxozning kelajagi katta! Him, bolalaringiz ishlaydimi?
— Ha, bir o‘g‘ilchamiz... Kenjaboy shopir. Lekin... Lekin... Lekin bilmadim, u sizning sapxozingizdami, yo haliyam Qodirjonning sapxozidami?
— Xo‘sh, maqsad? — Keyin hech ikkilanmay: — Tayin biron iltimos bilan kelgan bo‘lsangiz kerak? — dedi.
— Ha, — dedim.
— O’zim ham payqagan edim...
— Shu birgina bostirmamiz... tovuqxonamiz bor edi. Kechagi dovul tomini buzib, kartonlarini uchirib ketipti, o‘g‘lim. Shunga bir qarashasizmi deb...
— Shipr yo‘q.
— A?
— Bizda qurilish brigadasi bor. Samofinansirovaniyaga o‘tgan! Bu gapni tushunasizmi? Kooperativni-chi? Xozraschyotni? Him... Gap shundaki, siz o‘shalarga uchrashasiz. Ular borib, kami-ko‘stingizni bitirib berishadi.
— O’zlari-ya?
— O’zlari! Lekin tekinga emas!
— Ha, albatta... Davlat narxida bo‘lsa...
— Davlat narxida emas! Ilgari biz ba’zi qari-
qartanglarga qarashganmiz... qarashganlar. Sovxoz bahosida ul-bul ishlar qilib berilgan. Endi u narsa bekor qilindi. Hali bora-bora quruvchilarimiz ham mustaqil bo‘lib ketishadi.
— Tushunmayapman. Ular... qimmat oladimi?
— Uh! Hozir, opa, qurilish materiallari ikki karra qimmatlab ketgan. Bilasizmi shuni?
— Yo‘q.
— Xullas, biz yordam berolmaymiz... Boshqa savollar bormi? O’sha Kenjaboyingizga ayting... Sizni veteran deb choptirib qo‘ymasin, xo‘pmi? Hozir bari yoshlar nuqul veteranlarni choptirishadi... Bilib oldik! Endi bunga barham beriladi...
— Endi biz...
— Mening sizga yordamim — mana shu!
— Nima?
— Tushuntirdim-ku?
— Sal-pal tushundim... Lekin sizni hukumat deb... Axir, hukumatdan boshqa kimimiz bor, o‘g‘lim? Sizlar yosh edinglar, balki tug‘ilmagan edinglar...
— Men bu gapni haligina eshitdim.
— E, amaling boshingda qolsin! Sadqai hukumat ket! — Shunday dedim-da, chiqib ketdim.
Endi deng, yig‘lagim keladi. Qayoqqa borishni bilmayman... «Xor bo‘ldim-da oqibat!» deb qarag‘ay tagiga bordim. O’tirib xo‘p yig‘ladim. Buyog‘i qanday bo‘ldi endi?
E, bolam, biz o‘ylar edik-da: «O’limlik ham yig‘maganmiz. Hukumatning o‘zi ko‘madi», deb...
Qarang, odamlar qanday shafqatsiz bo‘lib ketayapti. Yoshgina bolaning gapini...
Suvga tushib, quruq chiqqanday bo‘ldim, uyga jo‘nadim. Lekin o‘pkamni bosolmayman: o‘lay agar uning gaplaridan bir narsani tushungan bo‘lsam...
Shunday qilib, avtobusga chiqdim. Bir yoshgina yigitning yoniga o‘tirib qoldim. U Afg‘onistondan kelgan ekan. Bir oyog‘i yo‘q ekan. Men yigitchaning turib joy bermaganidan ham sal o‘ksigan edim. Keyin tushundim-u, gurunglashib qoldik. He, u sho‘rlik ham veteran ekan... Menga aytmadi-yu, qandaydir ishi bit-maganini payqadim. Keyin avtobusdan tushib, uyga piyoda jo‘nadim.
O’zimcha o‘ylayman deng: «Ha, nimalardir o‘zgaripti. Xozrashyotmi, samofinasmi bo‘pti... Yaxshilikka bo‘lsin! Lekin biz shu hukumatni deb umrni o‘tkazdik. Endi u bizga...»
Yo‘q, bolam, uyga borolmadim. Boshim qotib qoldi. Moshzorga yetganda tag‘in qaytibman deng.
Orqaga-da.
Bir vaqt qarasam, eski sapxozning idorasidaman. Qodirjonning oldida turibman.
— Ha, xolajon? — dedi.
— E, bolam, mening hukumatim... sen ekansan. Shu sapxoz ekan, — dedim.
Ha, shunday dedim.
Bekorchilikdan «Ming bir kecha»ni o‘qigan edim. Bir poshsho bir g‘aribning hikoyasini eshitib, unga qo‘shilib yig‘laydi. Shunga kulib edim. Qarasam, Qo-dirjonning ham ko‘zi g‘ilq yoshga to‘lgan.
— Xolajon, uyingizga boring. Boring, xolajon. Men o‘zim yuboraman shiprni, — dedi. — Nechta kerak?
Ana shunda o‘zimga keldim. Keyin... uyaldim. Endi shipr keraksiz bo‘lib qolgan edi.
— Ilojingiz yetar ekan-da? — debman.
— Buyog‘ini surishtirmang, — dedi.
Ketdim.
Shu oqshom Qodirjondan ikki davangiday yigit o‘nta katta shiprni bir mashinaga ortib kelib, bos-tirmaning ustini yopib, tag‘in birini zapasga qo‘yib ketishdi.
O’zimcha hayron bo‘lib, Qodirjonni ham alqab, ham ichim ziq bo‘lib o‘tirgandim. Kenjaboy kelib qoldi. Bostirmani ko‘rib xursanddir deb o‘ylasam, qovog‘i soliq.
— Ha? — dedim. — O’kumatim qilib bergan ishni ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim, — dedi u. — Qodir aka uyidagi shiprini yuborgan ekan. U kishiyam bir og‘il-pog‘ilga ishlataman deb opqo‘ygan ekan.
— Voy, sho‘rim...
Mana, sizga aytmoqchi bo‘lgan gapim shu, o‘g‘lim. Siz tag‘in bu opamiz ta’magir ekan... Xo‘sh, hukumatdan norozi bo‘lipti, demang, bolam. Sirayam unday emas: hukumat o‘zimizniki. Axir, biz uni deb yashadik. Umr poyoniga yetdi.
Albatta, albatta. «Vrag narod»largina hukumatni yomon deydi. Biz undaylarni kuritib kelganmiz.
1988

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.