OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Ko‘k dengiz (hikoya)

— Nedin ne tatu?
— Suu tatu.( - Olamda eng totli narsa nima? - Suv.)
Oltoy topishmog‘i


N. viloyatidagi «Drujba» degan sovxozda rasm chizib, bo‘yoqchilik ham qilardim. Tirikchilik-da, aka. Qishloqning bir chetida muzey bor edi: xo‘jalikning tarixi, ya’ni yutuqlari aks ettirilgan. O’shaning bir hujrasida yotib turardim. Manzara yaxshi, lekin yonimizda bir xavfli tepalik bor, uning bir yoni kuyib ketgan — o‘t o‘smas edi. Tepalikning u yog‘ida dahshatli bir ko‘l yastanib yotibdi. Qadimda Ko‘k ko‘l deyilgan, hozir esa Qora ko‘l deyishadi. Tog‘ etagidagi kimyo zavodidan chiqqan oqava-yuvindi suvlar qo‘yib yuborilgan: ko‘lda suv emas, eritilgan qora mum bordek yaltirab yotardi. O’lay agar, ustidan shundoq yurib ketish mumkinday. Qaysidir yili yog‘in ko‘p bo‘lib ko‘l toshganda, bir ariq suv oqib chiqqan-u haligi yonbag‘irdan pastga engan. O’shaning o‘rnidan giyoh unmas edi: kuyib ketgan-da! Keyin tuprog‘ini har qancha qirtishlab tashlasalar ham o‘nglanmagan. He, o‘sha kezlar ko‘p mollar ham qirilib ketgan ekan...
Xullas, bir kuni xo‘jalik direktori chaqirib qoldi. Idorasiga. Yaxshi odam edi bechora. Keyin siniqibgina: «Uka, gap shunday-shunday...» dedi.
Qishloqda boshqa millat vakillariyam ko‘p edi-da: o‘ris, armani, kares...
Direktorning aytishicha, o‘ttiz to‘qqiz millat vakili yashardi. Nimagaki, har yili bir millat vakiliga ko‘paytirish plani bor ekan... Kulmang, bilasiz-ku!
O’sha kishi iltimos qildi-da: «Uka, siz jahongashta odamsiz. Gaplashishni bilasiz... Bizda bir millat vakili yo‘q ekan: oltoylik. Bir amallab bittasini opkelmasangiz, buyog‘i chatoq bo‘ladi. Mana, pul... Va’dani quyuq qiling: uy deydimi, ish deydimi — bor deng. Oilasi bilanmi, yolg‘izmi — farqi yo‘q...»
«Yo‘q» deyolmadim. Buning ustiga, Oltoy — harqalay, bosh bobolarimiz yashagan yurtlardan.
Yo‘lga chiqlim.
Barnaulga bordim. He, o‘zimizning shaharlardan farq qilmaydi. Uni qandaydir o‘rmon ichida, deb... Qayda! Xullas, aka, ko‘chalarida qancha kezganim, kimlarning mendan hayiqib qochganlarini aytib o‘tirishim ortiqcha. Qaysi biriga: «Paedish k nam v Uzbekistan?» desam, jinniga qaraganday tikiladi. Bittasi meni kim-nima deb o‘yladi, urmoqchiyam bo‘ldi. Bir-ikkitasi kulib qo‘ydi. Endi, to‘satdan so‘rasang, hayron bo‘lar ekan-da. O’z ixtiyori bilan kelsa, boshqa gap: ana, har qayokdan kelib yotipti.
Qisqasi, o‘zidan qolgan bironta darvishi-piyonistasi bo‘lsayam opketaman deb bir kechasi ko‘chaga chiqdim. Yetti qavat-to‘qqiz qavatli imoratlar orasida yurgan edim, bir imoratning yerto‘lasidan chiqib kelayotgan yoshgina — o‘n bir-o‘n ikki yashar bolani ko‘rib qoldim. Ikkita bo‘sh shishani bag‘riga bosib olgan. Meni ko‘rdi-yu, qochib qoldi. Asta zinapoya boshiga bordim. Pastdan nur ko‘rindi. Bilasiz-ku, katta shaharlarda, o‘zimizdayam shunday binolarning yerto‘lasini har xil qalang‘i-qasang‘i bangilar makon qilgan... Shoyad bironta yovvopgaga yo‘liqamanmi deb sekin zinalardan pastlay boshladim. Pastdan g‘udir-g‘udir ovoz kelyapti. Bir yoqdan qo‘rqaman deng: chiqib, aylantirib solib qolsa...
Oxirgi pillapoyadan munday sahnchaga tushdim. Yerto‘la eshigi shu yerga ochiladi. Eshik abgor, tirqishlaridan nur tushayotgan ekan. Asta ochdim. Pastga yana uch-to‘rtta zina ketgan, uyog‘i — keng maydonchaday joy.
Shu maydonchaning o‘ng tomonida o‘tirishgan ekan: uch-to‘rtta bola taglariga quti qo‘yib, kimningdir so‘zini tinglayapti. So‘zlayotgan kishi ko‘rinmasdi. O’rtada sham yoniq... Endi deng, yomonam badbo‘y joy ekan.
Shunda bolalar birdan meni ko‘rib qolishdi-da, sapchib-sapchib turib ketishdi.
— Assalom alaykum! — deya zinadan tushdim. Shunda so‘zlayotgan kishini ko‘rdim. Egnida qora-isqirt paxtalik, boshyalang, siyrak soqoli o‘siq, yoshini bilib bo‘lmas edi.
— O’-o‘, k nam ko‘nak pojaloval! — deb u o‘rnidan turdi-da, kalta hassasiga suyanib chetga chiqdi.
— Da, ya qo‘naq, qo‘naq, — dedim. — Iz Uzbekistan!
— O’-o‘, ozbek? — dedi u. — Kakimi sudbami?
— Seychas skaju, — dedim. Borib, u bilan ko‘rishdim. Qo‘li toshdek. Haligi hid ungayam o‘rnab qolgan ekan. Keyin u menga o‘girgani joy ko‘rsatdi, ya’ni, o‘zi o‘tirgan yotoch katga ishora qildi. Karavotga eski to‘shak solingan, ustidan yopilgan choyshabga qarab bo‘lmas edi. Qutilardan biriga o‘tirib, fotiha o‘qidim. — O’tiringlar sizlar ham, — dedim bolalarga.
— Otur, otur, — dedi u kipgayam. — Ozbek-da turk...— Keyin o‘ziyam joyiga cho‘kib, sham qoshidagi yorliqsiz shishasini chetga surib qo‘ydi.
— Gap shunday, — dedim. — O’zbekistonga bormaysizmi?
U gangib qoldi. Keyin:
— A pochemu? Chto ya vam delal? — dedi.
Gapini qarang.
— Vn mne nichego ni delali. Vm ponravilis mne, — dedim. O’rischani eplolmayman, buyog‘ini o‘zbekcha qildim: — Gap shundaki, og‘a, biz o‘zbeklar mehmondo‘st xalqmiz. Bizga boshqa millat vakillari qancha ko‘p borsa, shuncha xursand bo‘lamiz!
— Ne ushun? — deb so‘radi u yonidan uzun trubka olib.
Kechirasiz, men «trubka» dedim. Oltoychada «qangza» deyisharkan mushtukni.
— Drujba, do‘stlikni yaxshi ko‘ramiz-da! — deb uqtirdim. — Mana, davlatimiz ham shuni talab qiladi... Bizning sovxozning nomiyam — «Drujba», u yerda o‘rislar...
— Ponyatno, — dedi u. — A pochemu imenno ya...
— E, menga baribir! — dedim. — Borasizmi? Rozi bo‘lsangiz, hozir vokzalga chiqamiz.
— Interesno.
— Interesno emas... Ya proshu, sapxoz prosit... Tushunyapsizmi?
— Ha-ya, men tushunyat, — dedi u. Keyin haligi vinoni olib, og‘zidan qulqillatib ichdi-da, tirjayib so‘radi: — Araqi bor po?
— Bor, bor! — dedim. — Xohlagancha ichasiz! Tekinga, ha, tekinga!
— Vot tak prosto?
— Ha-da!
— Nu-u. — U mushtlarini tizzasiga tirab, boshini sarak-sarak qildi. — A kvartira?... O’chak, o‘chak?
— He, kvartira sizni kutib turipti!
— O’-o‘, tengerim! — deb u shiftga qaradi. — Bu kiji kam, kamanlayt.
Bu gapi — «Bu kipsh shaman, meni shamanlayapti», ya’ni, avrayapti degani ekan.
— Ishonmayapsizmi?
U kishi o‘yga tolib qoldi-da, keyin bolalarga ni-madir degandi, bittasi katning bosh tomonidan baldoqli piyola olib berdi. Kishi vinodan piyolaga quydi va chayqalib o‘rnidan turdi. So‘ng hassasini biqiniga tirab qo‘yib, kir barmoqlarini ichimlikka tikdi, so‘ngra ro‘parasiga qaratib chertdi.
— Ko‘k tegreime! — Keyin yana barmoqlarini ho‘llab o‘ng tomoniga chertdi, ya’ni, vino yuqini sachratdi. — Suu tengerime! — Keyin chap tomoni va orqasiga qaratib chertdi. — Tuu tengerime, Chol tengerime! — So‘ngra vinoni ichib qo‘ydi.
«Tuu»» degani — tog‘, «chol» degani — yo‘l ekan. Ularning nazarida, bularning, shu — osmon, suv, yo‘l yoki tog‘ning ham tangrisi bo‘larkan.
Balki shularning o‘zini — tangri deb o‘ylashar? Aniq aytolmayman, tarixni yaxshi bilmayman.
Lekin shu ishlarni qilayotganida bolalar hayajonga tushib, u qaragan tomonga yalt etib qarashar, qiyofalaridan qandaydir ilohiyotga bo‘lgan hurmat-ehtiromlari shundoqqina bilinib turardi.
To‘g‘risi, meni ham qandaydir hayajon chulg‘ab olgandi.
Kishi, nihoyat, piyolaga yana quyib, menga tutdi.
— Kechirasiz, men ichmayman, — dedim. — Rahmat, o‘zingiz olavering.
U o‘ychan bosh irg‘ab:
— Tak, znachit... men sizlara ko‘nak bo‘lam? — dedi.
— E, yashaysiz! — dedim men. — Bir umr yashaysiz! Kechirasiz, bola-chaqa bormi?
U birdan boshini egdi.
— Pala yok, xatun yok, — deb g‘uldiradi-da, inqillab yubordi. — Yo‘rt yok!
Hoziroq aytsam tuzuk: u kishining xotiniyam, qiziyam bor ekan. Aniqrog‘i, bo‘lgan ekan. Xotinining ismi — Tarloon, qizining oti — Sirg(g‘)a ekan.
O’zi... Oltoy muallimlar tayyorlov institutida — dorilmualliminda o‘qituvchi, xalq og‘zaki ijodidan dars berarkan. Oltmishinchi yillarning boshida, umuman, Oltoy o‘lkasida yerli xalq maktablaridayam darslar o‘ris tiliga ko‘chiriladi va Umrzoq aka (u kishining ismlari shunday) Maskovga arznomalar yoza boshlaydi. Javob kelavermagach, alamini «araqi»dan olishga tushadi. Shunday kunlarning birida bitta o‘ris yigit bilan aytishib qolib qamaladi. Ishi sudga oshi-rilgach, unga g‘alati ayblar qo‘yiladi: «Millatchi... Nikompetentniy... xuligan» va hokazo.
Nima deysizki, domla o‘n yilga kesiladi. Qamoqdan chiqqach, tabiiy, uni ishga qabul qilmaydilar. Va, eng yomoni... uyiga — o‘z uyiga ham «propiska» bo‘la olmaydi: buniyam taqikdab qo‘yishgan bo‘ladilar...
Xotini Tarloon va qizi Sirg(g‘)a bilan xo‘shlashib, shahar chetidagi mahallada (kvartirada, aniqrog‘i, («ko‘y»da) farroshlik qila boshlaydi.
Bu vaqtda, endi, u odamgarchilikdan chiqqan bo‘ladi: maqsad — kun o‘tkazish va ko‘ngil yaralariga «araqi»dan malham qo‘yish, aniqrog‘i, bu dunyoni unutish...
Biroq, u bir narsaga sodiq qoladiki, uni keyinroq aytaman.
Shunday qilib, uning «Pala yok, yo‘rt yok» deganidan keyin men:
— E, bizning yurt ham sizning yurtingiz-ku! — dedim. — Boraylik, bola-chaqayam bo‘ladi, uy-joy ham!
U bir nafas angrayib qoldi-da, keyin menga qo‘l uzatdi.
— Umrzak Ivan Ivanovich.
— Yo‘lchiboy, — deb uning qo‘lini oldim... Kim biladi, tilimga shu nom keldi-da. Keyin so‘radim: — Nimaga «Ivan Ivanovich?» Ota-bobolaringizni o‘risga yaqinligi bormi?
— Ay! — deb qo‘l siltadi u. — Yok. Biz — shaman, kam... Altay. Turk... No bizim kijilar az... Vsego shestdesyat tnsyacha ostalis! O’-o‘! I to oni o‘rus tilinda so‘zlayat... Biz yok olamiz. Mn vgmirayushiy narod...
Men bu tomonlarini bilmas edim. Ko‘nglim buzilib:
— Yo‘q, — dedim. — Siz o‘lmaysiz! Bizning yurt — sizning-da yurtingiz!
Umrzoq aka g‘amgin jilmayib, shishani ko‘tardi, tag‘in og‘zidan bir-ikki qultum ichdi. So‘ng menga sinovchan tikilib qolib, qutilarda ko‘zlarini lo‘q qilib o‘tirgan bolakaylarga bir nima degandi, ulardan biri menga qarab:
— Achu, achu, ne achu? — dedi.
G’ira-shira tushundim: bizning o‘lkada «achchiq» so‘zi shevada albatta: «Achuv» deb talaffuz qilinadi. Shuni aniqlashtirib olmoqchiydim, Umrzoq aka o‘zi anglatdi:
— Chto gorko v jizni?
Men yelka qisdim. Bolalar bo‘lsa quvonishib-kulishib:
— O’(o)lum, o‘lum, o‘lum, — deyishdi.
Shunda menga topishmoq berganini fahmladim-da:
— Bizdayam topishmoq aytishadi, — dedim. — Ts pishmoq ko‘p. Borsangiz eshitasiz.
Umrzoq aka bu gapimdan qanoatlanib va chamasi ilhomlanib, bolalarga tag‘in bir nimalar degandi, ulardan yana biri chuldiradi:
— Erten tura — to‘rt buttu, tushte — eki buttu, engirde — uch buttu. Bu ne, tap?
Etlarim jimirlashib ketdi.
— «But» — oyoqmi? — deb so‘radim.
— O, da! — deb xitob qildi yerto‘la sohibi.
— Odam, — dedim.
Bolalar «odam» so‘zini tushunmadi, Umrzoq aka esa:
— Taptu! — dedi. — Hi-ya, kiji, kiji.
Ilgariyam eshitib yurardim-u, bu yerda yana ishon-
dimki, oltoyliklar tilida arab, fors so‘zlari juda-juda oz ekan. Islom u yerlarga yetmagan, tojik bilan aloqasi yo‘q. Bilasiz-ku?.. So‘ngra ular «yapti,. yotir» degan qo‘shimchalarniyam qo‘llashmas ekan.
Ana shunda men Umrzoq akadan bir amallab so‘radim:
— Nega menga topishmoq aytyapsiz? Yosh bola bo‘lmasam... Tushunolmadim?
Umrzoq aka mening savolimga javoban butun boshli bir ma’ruza o‘qidi.
Uning aytishicha, topishmoq, ya’ni, «tabshjak» — Oltoy xalq og‘zaki ijodining «kaliti» ekan. Chunki topishmoqlarda Oltoy elining, ya’ni, qadimdan to yaqin-yaqinlargacha ovchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan elning eng ibtidoiy — «yashirin tili» to‘la-to‘kis aks etarkan. Illo, oltoyliklar atrof-muhit — o‘rmon, suv, hayvonlar va parrandalarning shubhasiz Ruhi bor, lekin Ruhlar ko‘zga ko‘rinmaydi, ularni sira-sira g‘azablantirmaslik kerak. Ruhlar ranjisa — xalq och qoladi, ya’ni, ov baror olmaydi, ro‘zg‘ordan— «o‘choq»dan fayz-baraka ko‘tariladi deb ishonishar ekan. Ana shuning uchun ular qadim-qadimdan tabiat bobida «ezop tili»ga o‘xshash — yashirin lahjada gapirishib kelishar ekan, buning ma’nosi shulki, bironta jonivorniyam asl nomi bilan atashmas ekan... Masalan, «ilon-yilon»ni — «qamchi, qayish», «bo‘ri-boru»ni — «ko‘k it, uzun quyruq», deyisharkan.
Umrzoq aka shunday misollarni aytar ekan, mening yuragim gurs-gurs urib, juda to‘lqinlanib ketdim: he, yoshligimizni eslayman.
«Bo‘ri»ni — «jondor» deb atashardi bizda. «Ilon» — «arg‘amchi», «ayiq»ni — «polvon»...
Ayniqsa, tunlari bulardan birining ham nomi tilga olinmas edi.
Topishmoqlarning, umuman, topishmoq aytish va topishning boshqa buyuk hikmatlariyam aytildi: jumladan, topishmoqni topish — naq zukkolik, donolik belgisi sanalajagi, ayrim hollarda, deylik, qonli janglarning ham oldi olinajagi. Eslang-e, bor-ku, yana: poshsho uchta topishmoq aytipti. Kim topsa, o‘shanga qizini berarmish... Yoki bo‘lmasam...
Esladim: kuyovlarning ham aql-farosatini shu tariqa sinovdan o‘tkazisharkan...
Darvoqe, Oltoyda yaqingacha kelinlar kuyovdan tortib, uning qarindosh-urug‘larigacha — birini ham nomi bilan chaqirmas ekan...
Voy, ular bilan o‘zimizning oramizda qanday yaqinlik-qarindoshlik bor-a!
Turkiy deganlariyam shudir.
Xullas, Umrzoq akaning ma’ruzasidan keyin shunday fikrga keldim: bu odamning menga topishmoq berdirishdan murodi — meni sinab ko‘rish, pirovardi, o‘zimiz tomonni oz bo‘lsa-da bilish ekan. Shundan so‘ng o‘zim ham unga oltoyliklar tabishkagi bilan balki uyg‘un keladigan o‘zbek topishmoqlaridan ham aytdim.
Oqibat, u kishi:
— Men boram, — deb vinodan tag‘in xo‘pladi-da, g‘iltillagan ko‘zlarini menga tikdi. — Sizda kok kol bar po?
Ko‘z oldimga qishloq ustidagi tepalik, uning ortidagi — haligi ko‘l keldi.
— Bor, bor! — deb yubordim. — A, nimaydi?
— Ochunda uch kol bar! — dedi ko‘zlari qandaydir jovdirab. — Oq kol, Qora kol, Ko‘k kol... Toes: tengis, tengis. Ponyal? Beloe more, Chernoe more, Sinee more.
Qaerdadir o‘qiganimni eslab qoldim: qadimda Orol dengizini — Ko‘k dengiz yoki Ko‘k ko‘l deb atashgan... Shunchalar zilol bo‘lgan u!
— Rost aytasiz, og‘a, — dedim. — O’sha Ko‘k dengiz ham biz tomonda.
U bolalarga shodon chuldirab bir nimalarni tushuntirdi. So‘ng:
— Kok kol-da uchta! — deb xitob qildi. — Biri bizda olgan... — Umrzoq aka tag‘in g‘amgin tortib qoldi. — Ul talay, talay, — dedi. — Talay-da — kol, tengis... Ondagi o‘rtolnqde, toes v ostrove jil odin shaman. Stariy-stariy! Suuda balj kop o‘lgan. Ulus, kursak to‘k... Narod jil xorosho! Ketin o‘rus... nu, Altay albati Rossiyaga kirgen tujunda... Nu, kogda Rossiya zavoeval nashu rodinu, shaman vidit son. Son eto — kijining uyqudagi o‘yi... On vidit, chto v ozere ne ostalos balns. Ostalos! No ochen malo i im nechego yest.
— Xo‘sh? — dedim.
— Sonra ul shaman o‘zini suuge bergen.
— Tushida?
— Da, vo sne! Uyquda... Potom on ushyol ot etix mest! V Ulusay! I destvitelno seychas Ko‘k kol myortv. Balmk az. Shaman yok. Bu uluschun olum...
Men uning fojiasini, xalqining fojiasini tushundim-da, ko‘nglini ko‘targim keldi.
Biroq qanday qilib?
Qangzasini tutatib, bir muddat o‘ylanib qolgan Umrzoq aka birdan:
— Nukerlarim! — deb, ko‘zlari ola-kula bo‘lib turgan bolalarga qaradi. — Men ketyat... Ozbekistana! — Keyingi gaplaridan angladimki, «U yoqda Ko‘k ko‘l bor! U o‘lkada — o‘z yurtimiz! Men u ko‘lning bo‘yida shaman bo‘lib yashayman!..» dedi.
Shunda bolalar tag‘in chuldirashib qolishdi. Bittasi ko‘ziga yosh ham oldi.
Bu orada yerto‘laga tag‘in bir bola — chamamda, boya meni ko‘rib qochib ketgan bola tushib keldi. Qo‘ltig‘ida bir shisha «Chashma» bor ekan, Umrzoq akaga berdi.
So‘ngra bolalar uni o‘zlarining hayajonli gap-so‘zlariga tortishdi.
Umrzoq aka esa, endi bu shishani ochib va oz-ozdan yutib, meni hayron qoldirgan ba’zi bir savollarga javob berdi: anavi bolaning mendan qochishiga sabab— meni haligiday mahkamaning odami deb o‘ylagan ekan...
Qolaversa, bu yerdagi boshqa bolakaylar ham, hatto Umrzoq akaning o‘ziyam meni «o‘shanaqa» deb o‘ylapti oldin. Umuman, buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Qandaydir bir isqirt, piyonista, qamoqdan chiqqan kimsa yashaydigan sassiq yerto‘laga kim ham o‘z farzandining kirib, o‘sha sondan chiqqan, demak, ishonchsiz-xavfli odam bilan o‘tirishi, uning maza-bemaza gaplarini eshitishga qarab turardi?
Buning ustiga, o‘sha kimsa mirshablar hisobida turishini mahalla-ko‘ydagi ota-onalar yaxshi bilishsa: axir, ular Umrzoq akaga farroshligi va qorovulligi uchun oyiga bir so‘mdan yig‘ib berisharkan. Demak, ularning ba’zilari «shundoq-shundoq ish» bo‘layotganidan ko‘ydagi soqchiboshisini ogoh qilgan bo‘lishi kerak.
Men «bo‘lishi kerak» dedim. Aslida, bo‘lgan ekan: ha, ayrim ota-onalar hatto bolalarini izlab, badbo‘y yerto‘laga ham tushishgan va farroshga yaxshigina tanbeh berib ham chiqishgan ekan.
Na ilojki, bolalar Umrzoq akaning gurungiga o‘rga-ib qolishgan ekan.
Endi, «gurung» — Umrzoq akaning «maza-bemaza» gaplariga kelsak, u gaplar bolalarga aytiladigan qadim Oltoy rivoyatlari, ertaklari va... topishmoqlari bo‘lib, xususan, topishmoq birinchi o‘rinda ekan.
Men pastroq pardada aytdim bu gapni. Aslida, bu mashg‘ulot — yoshlarga olis tarixdan so‘zlab berish, yurtga, elga bog‘liq tomirlarini mustahkamlash, bu narsani o‘yin-aytishuvlar orqali-da singdirish sobiq olimning umr g‘oyasi ekan desam bo‘ladi.
Shunisi ham borki, mening nazarimda, Umrzoq akaning o‘ziyam o‘sha olis-toptalgan o‘tmish bilan yashardi: bugungi kun haqida biron-bir mulohazasini eshitmadim...
Ruxsat etsangiz, shu o‘rinda men bir mulohaza aytsam: Umrzoq aka men bilan jo‘nadi — qangzasi, muqovalangan qandaydir qo‘lyozmasi (uningcha, bichik), bitta cho‘ltoq qalami (karandash-qara tash), besh tiyinlik uch quti tamaki va igna (iyne), ip hamda bir-ikki hovuch kedr yong‘og‘i (myoshting tobogosi) solingan xaltasini (qapini) ko‘tarib jilarkan, «nukerlarim, nukerlarim», deya ko‘zi yoshlanganini ko‘rib: «Demak, bu odamni haligi mashg‘ulotidan ham ko‘proq o‘ziga tortdi-da biz tomon, — deb o‘yladim. — U Ko‘k ko‘lmikan?» Unday desam, bu mashg‘ulot uning umr toyasiday edi.
Balki bizda ham o‘z qondoshlarining yashashi qiziqtirgandir? Balki, balki u aytmish... «kvartira — o‘chak» va odamlar hisobiga kirib, odamga o‘xshab yashash...
Xullas, vokzalga jo‘nadik.
Poezdda Umrzoq akaning qilgan xarxashalarini aytib o‘tirmayman.
Shisha... unga go‘dakning so‘rg‘ichiday bo‘p qolgan ekan.
Vino sassiq, tamakining badbo‘y hidigayam toqatim yo‘q... «Jindak ichmang, dam oling» desam, qovog‘ini solib qoladi. Bir gal qattiq mast bo‘lganda: «Altayga ketem!» deb turib oldi. Yalinaman-aldayman. Meni tag‘in xijolat qilgani — bir-ikki marta yo‘lakka chiqarib qo‘yilgan bo‘sh shishalarni terib yurgani bo‘ldi.
Bir amallab tumanimiz markaziga yetkazib keldim. Poezddan tushiboq kiyimlar do‘koniga opkirdim. O’zi tanlagan kostyum-shim, poyabzal xarid qildim. Arzimagan narsalar... Soqolini oldirib, gazakxonadan yarim stakan ichirdim-da, bir taksini yollab «Drujba»ga haydatdim.
U kishining kayfi chog‘, yo‘l chetida paxta terayotganlarga g‘urur bilan qarar:
— O’-o‘, beloe zoloto! — deb qo‘yardi. Keyin paxta haqida gap ketdi: uning mehnati og‘irligi — ekish, begona o‘tlardan tozalash va hokazolar haqida so‘zlayotgandim, u qiziq bir gapni aytib qoldi. Ma’nosi shuki, Oltoyda «begona o‘t»larni «erning o‘lon»lari deyisharkan. «Yovvoyi hayvonlar»ni ham — «erding (erlik) ttdular», uy hayvonlarini esa «asranda» deb atashar ekan.
Menimcha, ular haq.
Umrzoq aka soqol oldirayotgandayoq men «Drujba»ga qo‘ng‘iroq qilib, «qirqinchi vakil»ni olib borayotganimni va Ivan Ivanovichning fe’l-atvoridan tor-tib kasb-korigacha sal-pal axborot bergandim. Direktor xursand bo‘lib, tomorqali uylar tushayotgan yangi mahallaga opkelishni aytgan edi.
To‘g‘ri o‘sha joyga bordik.
...Shu o‘zbeklarimiz qiziq-da: o‘zi yemay mehmonga tutadi, deganiyam rost. Uyida aza bo‘lsayam mehmonga bildirmaydi, degan gapdayam jon bor.
O’zingizdan qolar gap yo‘q, uy-joy masalasi tupkanning tubidagi qishloqdayam muammo...
Mehmonlar esa tayyor uylarga bepo‘sht-po‘sht...
To‘g‘ri, o‘sha vaqtlarda shundoq edi, ya’ni, uyidan haydab chiqarsang ham, «rahmat» deyishga majbur edi.
Xullas, borsak... eh-he, yaqinda pardozdan chiqqan uch xonali alohida imorat qoshida talay odam. Bolalar ham bor (Haligiday o‘n bir-o‘n ikki yashar bolalar). Hammaning labida kulgi. Faqat karnay-surnay yetishmaydi...
Uf, uyalib ketasan kishi.
Direktor bizga peshvoz chiqdi. Tantana bilan mashinadan tushdik. Keyin jindak yig‘in bo‘ldi.
Direktor — meni Oltoyga yuborayotganda o‘shandoq gaplarni majruhlik bilan aytgan odam:
— Do‘stlar! Mana, bu kishi haqiqiy Oltoy farzandi Ivan Ivanovich Umrzoq aka bo‘ladilar! — deb go‘yoki terisiga sig‘may shodumonlik bilan so‘z boshladi. — Elga el qo‘shilsa, boylik deydilar: bizning boyligimiz — do‘stlikda! Umrzoq aka, xush kelibsiz! Mana, shu uy sizniki!..
Va hokazo...
Shuni aytishim kerakki, bu «ish»lar komediya ekanini shu yerdagi har bir odam bilib turardi. Lekin buni bildirishmas, miyig‘laridagi istehzoli tabassum ham samimiyat niqobi ostida edi. Tag‘in ularning qarsak chalib yuborganlari...
Odam siyraklashgach, uyga kirib, xonalarni ko‘zdan kechirdik: jihozlariyam binoyi.
Oshxonada — ikki otashxonali gaz-plita yonida bir quti sabzi, piyoz, kartoshka, karam ham bor ekan. Umr-zoq aka gangib-garangsib qaytib chiqarkan:
— O, markop, kartop, kapusta! — dedi. So‘ngra bizga qarab tushuntirdi: Oltoyga o‘rislar bilan birga kirib kelgan yemakmi, narsa-predmetmi borki, ular o‘z nomi bilan atalarkan. Masalan, «soat»niyam — «chas», «juxarini»yam — «kukuruza» deyisharkan... Shu quti boshida uning nima ish qilajagiyam tayin bo‘ldi.
Umrzoq aka quti yonida yotgan yangi supurgiga tikilib qoldi-da, birdan uni olib:
— Sibirgi, sibirgi! — dedi qadrdonini topgandek. Keyin direktorga muddaosini aytdi: — Ya budu storojom! Karauul... — Keyin taxtapolni supurgandek qilib, qaddini ko‘tardi-da, endi direktor boboni sinamoqchidek: — Yuz qo‘ydi pir chivikla kajirdim. Bu ne, tap? — dedi. So‘ng topishmog‘ini o‘rischaga ag‘dardi.
Direktor xo‘rsindi.
— Shu qishloqni berdim, o‘zing ayt.
Umrzoq aka bu gapni eshitib, shunday rohatlanib kuldiki, oxiri ko‘ksovdek yo‘talib qoldi. So‘ngra Oltoyda ham topishmoqni topolmagan kishi «shahar berishi»ni yoxud kulgili bir laqab bilan atalishga rozi bo‘lishini aytdi. So‘ng supurgini salmoqlab, tepaga ko‘tardi.
— Sibirgi!
Biz tushundik.
Imoratning atrofida talay qari daraxtlar bor, taqir yerda ularning yaproqlari to‘shalib yotar, tevarak hali biron to‘siq bilan o‘rab olinmagan edi.
Huv uzoq-yaqindagi ayrim uylarga odamlar ko‘chib kirishgan, tabiiy, o‘zlarining uylari oldini supurib-sidirishar, demoqchimanki, bu yangi mahallada farrosh uchun ish yo‘q hisobi edi: chunki xonadon egalari asosan o‘zbeklar va tojiklar ediki, o‘zingiz bilasiz, supurish-sidirish ularning kelinlaridan ham ortmaydi.
Shu boisdan, direktor ketayotganida shu to‘g‘rida gap ochgandim, u kishi bu masalani biz kelguncha hal etib qo‘yganday tuproq yo‘l tutashgan asfalt ko‘chaning narigi betidagi besh qavatli imoratlarni ko‘rsatdi.
— Tushundim, — dedim.
Keyin direktor Umrzoq aka bilan xo‘shlashdi.
— Hozircha xayr, o‘rtoq Ivan Ivanovich... Bizning idora huv jilg‘aning bo‘yida. Tomiga qarang, qizil bayrog‘i bor. Agar biron gap chiqib qolsa, marhamat! — Keyin kulib, mehmonning qo‘lini siqdi... — Biz sizni uylantirish masalasiniyam o‘ylab ko‘ramiz... Xo‘sh, nima bo‘lsayam o‘zimizdan, him, qavmlarimiz yurtidan kelgansiz... Lekin endi O’zbekiston ham sizning yurtingiz bo‘ldi. Ha-ha, yashasin drujba! Hindi rusu bxay-bxay...
Keyin menga qishloqning u yoq-bu yog‘ini ko‘rsatishni, ichkilik zaril bo‘lsa «Habib bupitchi»ga aytib qo‘yganini tayinlab:
— Paxta terimiga hushi bo‘lsa, ungayam xo‘p, — dedi.
Men Umrzoq akani ergashtirib, o‘sha imoratlar tomonga boshladim. Uch-to‘rtta bolakay nari-berida turishgan edi, ular ham izimizdan tushdi. Ko‘nglimdan har xil o‘y o‘tadi deng: bolalarni chaqirib, topishmoq aytsammi? Uni quvontirgan «beloe zoloto»ni terish, o, yarim soatda uni beldan qoldirishini tushuntirsammi?
Shunda Umrzoq aka birdan to‘xtab, beton ariqqa engashdi. Ariqning iflos suvidan ho‘l bir kalamush chiqib qochdi. Shunga engashdimi desam, u bo‘yni chiqib turgan bir shishani olyapti. Shartta qo‘lidan tortdim.
— Qo‘ying uni! Bo‘ldi endi... Bu yer sizga Barnaul emas! Aitdim-ku, bu yerda aroq ham tekin!
U dam xo‘rsinib, dam tamshanib, biroz jim-parishon yurdi-da, tag‘in birdan to‘xtab, yo‘l chetini ko‘rsatdi.
— Ura! Ura!
Hayron bo‘ldim: «Nimaga «ura!» deyapti?» E’tibor qilsam, bitta imoratning yerto‘lasiga ishora qilyapti.
— H-a, podval esga tushdimi?
— Aa-da! — dedi u ko‘zlari o‘ynab. — Ura u.
— E-e, o‘ra... yo‘q, — dedim. — Sizning uyingiz bor, Umrzoq og‘a. O’chaq bor... Endi boshqacha yashaysiz. Tushunyapsizmi? Odamga o‘xshab...
U kishi xuddi arog‘ini olib qo‘yganimdek qovog‘ini solib oldi. So‘ng atrofga boqib chuqur xo‘rsindi-da, bolalarga ko‘zi tushib, birdan tirjaydi.
— Kel, kel, — dedi ularni imlab. Va bemalol cho‘nqayib, tag‘in yerto‘lani qo‘li bilan ko‘rsatdi. Bolalar ham yugurishib kelib, yerto‘lada bir narsa bordek tikilishdi. So‘ng Umrzoq aka menga jilmayib qo‘yib: — Ko‘lonqozi yok qara at. Bu ne, tap? — dedi. Keyin bolalarga bir-bir ko‘z tikib, o‘rnidan turdi.
— Rassom amaki, bu qozoq nima deyapti? — deb so‘radi bolalardan biri.
— Topishmoq aytdi, — dedim. — Ko‘lankasi yo‘q qora ot. Nima? Topinglar!
— Vey, shunaqa ot ham bo‘ladimi?
Bo‘g‘inlarim bo‘shashib ketdi: bilardim, bizning hozirgi bolalar bunaqa topishmoq-mopishmoqlarga qiziqishmaydi... Nimaga, aka? Bunga ehtiyoj sezishmaydimi? Yoki muallimlar, maktab... Ha-ha, biz tabiatdan uzoqlashib ketganmiz... Lekin Barnauldagi bolakaylar bilishadi-ku? Holbuki, ular ham ona tabiatlaridan... Ana bu gapingiz ma’qul, Umrzoq akaday...
Topishmoqning javobini... men ham bilmasdim. Ana, rahmat. Siz ham bilmaysiz.
Umrzoq aka nihoyat:
— O’ra, o-ora, — dedi. — Yertola... — Keyin menga ta’na nazari bilan boqdi.
Habibning «bupiti» bu imoratlarning adog‘ida edi. Bizni ko‘riboq peshtaxta oldiga chiqdi. Bir qo‘lini ortidan olmay, birini ko‘ksiga bosib salom berdi. Keyin:
— Dod! — deb xitob qildi. — Priezjayte k nam v Uzbekistan! — So‘ng anavi qo‘lida bir shisha «Russkaya vodka» bor ekan, Umrzoq akaga dangal uzatdi. — Proshu, ne otkaji, ates! Yana nima xizmat bor, rassom aka?
Umrzoq aka ko‘zlariga ishonmagandek birpas tek qotdi-da, keyin Habibga irshayib:
— Uni yarash ul ne, tap? — dedi.
Habib menga qoshini uchirdi.
— Topishmoq aytdi. Ichi to‘lib ketgan topishmoqqa, — dedim. Keyin Umrzoq akadan «tabishkakti» o‘rischaga ag‘darib aytishini so‘radim. U hozirjavoblik qildi:
— S prekrasnsh golosom yunosha-krasavets!
Oltoylikning havosini ola boshlagan edim.
— Uni... ya’ni, tovushi yarashgan... o‘ziga yarashgan ul, ya’ni o‘g‘il, — deb sharhladim.
Shunda Umrzoq aka shishani ko‘rsatdi.
— Bu ne?
— Araq, — dedi Habib.
— Shu.
Habib kulib yubordi.
— O’-o‘, alkash!
Men toliqqan edim. Yo‘ldangina emas, shu odam bilan muloqotdan ham: dam g‘ashing keladi, dam rahming. Hurmat ham qilasan, siltab ketging ham keladi.
Bundan tashqari, mening ishlarim o‘lda-jo‘lda qolib ketgan edi: tirikchilik...
Umrzoq akani uyiga kiritdim-da, xayrlashdim. Tez-tez kelib turishimni aytdim, u farroshlik qiladigan joyni eslatdim, juda zaril bo‘lib qolsam, direktordan so‘raysiz, dedim.
Buyurtmalar ham ko‘payib qolgan ekan. Bayram yaqin. Ko‘p shiorlar qaytadan yozilishi kerak.
Xullas, oradan o‘n kunlar o‘tdi. Qo‘shni qishloqda edim, pochtaga chaqirib qolishdi. Telefonga. Dastakni olsam — direktor:
— He, uka, bu mehmoningiz hech o‘xshamayapti. Bu boshqachasi ekan. Odam xijolat bo‘lyapti... — dedi.
Men gap nimadaligini o‘zimcha taxmin qildim. Va haqiqatan shunday bo‘lib chiqdi: uyiga kelsam, eshik berk, kalit tutqichiga bog‘lab qo‘yilgan.
Haligi imoratlar orasidan har yoqqa... yerto‘lalarga-da... ha, kechasi... podvallarga ko‘z solib boraverdim. «O’ra» deganimga yetganda to‘xtab, zinapoya boshiga bordim. Shu-shu: pastdan chiroq shu’lasi ko‘rindi.
Direktor bekorga shu yerlarni supurib-sidirib yursin demagandi. Ayniqsa, o‘ris birodarlar yashaydigan uylarning atrofiga qarab bo‘lmaydi. Bilmadim, bog‘-rog‘, ekin-tekinga qiziqmaydimi bular... Xullas, bu yerto‘laning oldida Barnauldagi «o‘ra»ning «o‘lsa o‘ligi» ortiq edi.
Sham topolmaganmi — paxta moyli shishaning og‘zini loylab, pilik eshib solingan: miltillab yonyapti. Har xil qutilarni bir-biriga taqab qo‘yib, yotsa bo‘ladigan kat yasabdi. Kat ustida eshakka jul bo‘lmaydigan bir to‘shak. O’tiripti Umrzoq aka. Soqoli yana o‘sib ketgan. Egnida... O’sha isqirt paxtalik. Qo‘lida qangzasi, butlari orasida bir shisha «Chashma».
Meni ko‘rib Umrzoq akaning kichkina ko‘zlari kattarib ketdi. Hassasini olmayoq likonglab qoldi... Sasib-bijib ketgan, qandaydir shishgan.
Quchoqlab o‘pmoqchi bo‘layotgandi, bir amallab joyiga o‘tqazdim. O’zim ham bir qutini opqo‘yib o‘tirdim.
— Xo‘sh, Oltoyga qaytasizmi? — deb so‘radim dab-durustdan.
Uning ko‘zlari yaltillab ketdi-yu:
— O-o, yok... Ko‘k kolga opor, — dedi. — Sen yaxshi kiji. Direktor-da yaxshi kiji...
— Bolalar-chi? — dedim. — Kep turishadimi?
U chuqur xo‘rsinib:
— Olar tabishkak bilmayat... Olardi atazi, enezi qo‘ymayat... Ya ne mogu jit. Vot vsyo! — dedi. — Pokaji mne Kok ko‘l. Proshu tebya. Zdes nikto ne znaet...
Haqiqatan ham, ul qadimda Ko‘k ko‘l deyilgandir. Lekin buning maqsadini bilganlar ham oborishga eringandir... Qolaversa, u yerga borish ta’qiqlangan: shuning uchun ko‘lning butun atrofi tikanli simdevor bilan o‘rab qo‘yilgan edi.
«E, mendan nima ketadi?»
— Yuring, Umrzoq aka!
U qopi bilan hassasini olib, menga ergashdi. Chiroqni o‘chirib, gugurt chaqib, tepaga chiqib oldik. Havo sovub qolgan edi. Tuproq yo‘lga tushib, keyin ko‘chalarni kesib o‘tib, muzeyga chiqib bordik.
Tasavvur qilasizmi, bu odam xursand edi! O’z tilida bijillab bir nimalar der, so‘ngra «tengerim, tengerim» deb qo‘yardi. Topishmoq ham aytuvdi, o‘zimni eshitmaganga oldim. Xafa edim-da, aka. Dunyoning badkorliklaridan ko‘nglim abgor edi: bu odam o‘z yurtida, o‘sha... Ulusoyga ketib qolgan kamshaman ham o‘sha Ko‘k ko‘ldagi orolda yashab qolaverishi mumkin edi-ku?
Ha-ha... Bu odamning axir xizmat joyi, uyi-o‘chog‘i, xotini Tarloon, qizi Sirg‘a...
Kechasi u ikki-uch marta turib suv ichdi. Men buklama karavotda edim, u yerda yotgan bo‘lsayam bilindi. Xurrakniyam otar ekan. Saharlab yana uyg‘otdi.
— Yangmar yaaadm!
Tashqariga chiqsam, chindan ham yomg‘ir savalayapti.
Umrzoq aka yana xaltasini ko‘tarib oldi: xuddi bu yerga qaytmaydiganday!
Haligi — ko‘l suvi oqib chiqqan joyga yetganimizda yana topishmoq aytib qoldi-ku:
— Qiziq elik yatgan yerdin o‘lon chipshas! Tap!.. Nu, tam, gde lejala krasnaya kosulya, trava ne rastet.
— Ne znayu, — dedim.
— Ko‘k koldi berding?
— Ko‘k dengizniyam berdim.
U taqqa to‘xtab qoldi-da, hassasi bilan xaltasini ko‘tarib bir aylandi. Keyin:
— Eto je «sled ot pojara!» — dedi. — «Ortting ornn!.. vot, smotri, zdes je bil pojar, da?
— Ha, — dedim. — Rost aytasiz... O’lmasak ko‘ramiz, bu qishloqdayam bir kuni pojar bo‘ladi.
Simto‘siqning mayishib qolgan joyidan o‘tib oldik. O’rkachga chiqqach, etakda ko‘l ko‘rindi: qop-qora, yaltiraydi, poyabzalga surtadigan qora moyning o‘zi...
— Mana, Ko‘kko‘l!
U turgan yerida shilq etib o‘tirib qoldi. Keyin nari-beriga dumalay boshladi. So‘ngra atrofimda o‘rmalab:
— Chindik so‘zing po? — dedi.
— Chin so‘zim, — dedim.
Shunda u bo‘riday uvlab yuborsa bo‘ladimi! Taxta bo‘lib qoldim. Tag‘in javragani:
— O’lum, o‘lum, o‘lum...
— Rost, og‘a.
— E, tengerim! — U boshiga mushtlay boshladi. — Kol yok, yo‘rt yok, chol yok...
Meniyam ko‘zimga yosh kelib o‘tirib oldim. Lekin ko‘l uchun u... mendan yuz chandon ortiq kuymoqda edi.
Ana shunda ishondimki, bu odam haqiqatan ham... avvalo, shu ko‘l uchun kelgan ekan, shuni deb taklifimga unagan ekan. Demak, uni uy-joy, xotin, hatto tekin araq ham unchalik tortmagan ekan... Balki bu ko‘l unga istiqbol chirog‘i bo‘lib ko‘ringandir?
«Chashma»sidan uch-to‘rt qultum olgach, bir mahal o‘ziga keldi. Men uni chalg‘itish uchun so‘radim:
— Sizlar oldin ham aroq icharmidinglar?
— O, da! — dedi u. — Biyaning sudidan araqi qilyat... «Araqi» — biizdi so‘z. Turk so‘zi — Keyin: — Ey, yaxshi kiji, — deya xaltasini kavlab baldokdi piyolasini chiqardi, unga vinodan quyib, menga uzatdi. — Al ayaqti. Ich. Men tamada... — So‘ng quvnabgina tushuntirdi: — Tamada — tama-ada. Tamaa — tamaq, atdazn — atasi. Tamaq ata — tamada.
Baribir icholmadim.
U miyig‘ida kulimsirab, tog‘ bag‘ridagi zavod tomonga — oq-sovuq tutunga boqib qoldi.
— Bu yo‘rt Ozbekiston po?
— Albatta, — dedim.
— Yok, — dedi u kulimsirashini qo‘ymay. — Bu yo‘rt — Drujba... — So‘ng hiqillab pichirlay boshladi: — Bizim Oltoyda «drujba-drujba» deb yok oldu…
— Biz unday bo‘lmaymiz, — dedim. — Chunki xalqimiz hamma narsani tushunib turipti.
— Ho‘o‘ nukerim.
Uzr, birgina izoh: asl oltoylik oddiy odamniyam «nuker», ya’ni «navkar» deb atar ekan, nega bundayligini o‘ylasang, xayoling moziylarga og‘adi...
Keyin Umrzoq aka bo‘shagan shishani Qora ko‘lga otib yubordi. Shisha «suv»ga botdi-yu, qorayib yonboshlab qoldi. Aytmasam bo‘lmas: bu ko‘l ham juda sassiq, shuning uchunmi deyman, ustidan qushlar ham uchib o‘tmas edi.
— Men Ko‘k tengise ketiyam! — Umrzoq aka tuyqus shunday deb o‘rnidan turdi.
— O’-o‘, u dengiz juda yirokda! — dedim. Keyin Qolganiniyam aytdim: — U Orol ko‘li-ku?
U horg‘in bosh irg‘adi.
— Hi-ya, hi-ya... No, Ko‘k tengiz — moya mechta! — deb xitob qildi keyin.
— A, vm znaete yeyo sostoyanie? — so‘radim undan. — Ko‘k tengis quriyat. Balik yok.
Bar! — dedi u jahl bilan. — Ko‘k tengis paka tiri! Onda ortalktar bar... Tam budu jit i shamanit, aka Altayskiy shaman! Balgktar ach olsa, ozumni berem!
Men, har qalay, sovxoz direktorining oldidan o‘tish lozimligini aytdim. Ammo...
...U kelmadi.
Ertasi eshitsak, Umrzoq akani «N» vokzalida ko‘rishibdi tanishlar. Egnida «qap»i, likonglab yurganmish. Keyin «Toshkent-Qo‘ng‘irot» poezdiga o‘tirib ketibdi.

1991

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.