OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Yangi zot (hikoya)

Do‘stim Izzatilla Qahhor o‘g‘liga


Denov bozori. Surxonda eng gavjum bozor. Bu yerda, eshitganimiz, unda-bunda tarixda o‘qiganimiz va tasavvurimizda shakl topgan qadim Sharq bozorlarini esga soluvchi bir nimalar bor.
Mitti yaprokdari gezarib, chang qoplagan yolg‘iz akatsiya daraxti tagida alyuminiy stol yonida kabob pishishini kutib, chekib o‘tirar edim. Yon-verimdagi stollar atrofida odamlar ovqatlanishyapti. Mening stolim qoshida — bir o‘zim. O’zga stul ham yo‘q.
— Aka, mumkinmi?
Tepamda rangi oqargan — qoni yo‘q, ammo o‘zi qoramag‘iz, o‘rta bo‘y bir yigit turibdi. Egnida yengi kalta, oldi tugmali, yerrang kitel, boshidagi och-sariq shlyapaning gardishi ustidan aylantirilgan tasmasi terdan qorayib-sho‘ralab ketgan. Uni, daf’atan qaragan kishi yo dala brigadiri, yo hisobchi, deb o‘ylashi mumkin edi.
Ammo uning suyanchig‘i qiyshiq stulning oyokdarini yerga tegizib-tegizmay turgan holda: «Mumkinmi?» deb so‘rashi...
— Bemalol, — dedim.
U stulni qo‘yib, narida kabob tutuni burqsiyotgan tomonga qarab:
— Uka, biz shu yerdamiz! — dedi-da stolga ko‘z solib, turib ketdi. Odamlar oralab yurib, bir juft chapati non olib keldi. — Issiq ekan. — U nondan birini ushatdi. — Oling.
«Uni biron yerda ko‘rganmanmi?» — deb yuziga zehn soldim: tanimas ekanman. Bir piyola choy uzatdim.
— Rahmat, aka!.. Kun ham rosa isidi-ya?
— Yozning kuni-da, — dedim. — Salqinroq tomondanmisiz, deyman?
U siniq jilmaydi. Labining ikki cheti tirishdi. Soqolini ikki kundan beri olmagani aniq edi.
— Ha, tog‘dan, — dedi. — Uyoq salqin.
— Men ham suptropik bog‘ni ko‘rgani kelib edim, — dedim. — Tamaddi qilib olay deb, shu yerga o‘tirdim.
— Go‘shti sal dimiqqanga o‘xshaydi, — u tutun kelayotgan yoqqa qarab qo‘ydi.
— Chorvaga aloqangiz bormi?
U yana jilmaydi. Shunda ko‘zlariga e’tibor berdim: tiniq, uyatchan, faqat bola nigohiga xos bir ifo-dalar bor edi.
— Ha, ha, — deya boshini ko‘tarmasdan silkitdi. So‘ng menga qaradi. — Bu yerning odamiga o‘xshamaysiz?
— Termizdan keldim.
— A-a. — U xo‘rsinib, yana boshini liqillatdi. — Chorvaga aloqamiz bor.
— Ferma mudirimi? U kulib qo‘ydi.
— Io‘q... Cho‘ponmiz, aka, cho‘ponmiz.
— Cho‘pon emassiz.
— E, nima farqi bor... — U yana turib ketdi. Choynak, piyola ko‘tarib keldi. Choyni qaytarar ekan, darvoza tarafga ikki-uch qarab qo‘ydi-da, stulini bu tomonga o‘tkazib, darvozaga orqa qilib o‘tirdi va menga tag‘in iliq jilmaydi.
— Nima gap? — dedim, odatda, bunaqa vaqtlarda tanishingning o‘zi gap aytmaganucha unga savol berish odobdan emasligiga aqlim yetsa-da...
— E! — dedi u yana va chap qo‘lini silkitgan kabi ko‘tarib qo‘ydi. So‘ng tirsaklarini stolga, barmoqlarini bir-biriga chalishtirib iyagiga tiragan ko‘yi kabobpazga ko‘z tikdi.
Men yana bozorni tomosha qilish umidida uyoqqa qaradim.
— Ko‘p ish qilish kerak, ko‘p ish... — U stoldagi yozuv-chizuvlarga tikildi. — Ko‘p ish... — So‘ngra menga samimiy kulib bokdi. — So‘raganning aybi yo‘q: kasbingiz nima?
— Muxbirlik...
— A-a! Bo‘ldi-bo‘ldi! — dedi u va menga bosh-oyoq qarab chiqdi. — Yaxshi... Har qanday kasb ham yaxshi. Chorvadorlik ham. Chorvachilikda, eng muhimi, aka, menimcha... — U birdan sovuq tus oldi. Ko‘zlarida bola nigohi yo‘q: jiddiy, vazmin, hatto qattiqqo‘l kishining ko‘zlarini ko‘rib turardim endi. — Zotni yaxshilash kerak! — dedi u.
—A, bu zo‘r gap! — dedim. — Mana, sizday kishilarning qo‘lidan keladi-da, bu ish... Unda yozish-chizish uchun bizgayam gap topiladi... To‘g‘rimi?
U menga «jo‘r» bo‘lib ohista kuldi.
— Aka, menga yokdingiz... ichasizmi?
— O, yo‘q!
— Men o‘zim ham ichmaydigan odamman!
— Unday bo‘lsa, nega...
— Bilmayman! — dedi u va yana stolga tikildi. — Aytaymi?
— Bemalol bo‘lsa...
— E!
— Qulog‘im sizda.
Bozor. G’ala-g‘ovur.
...Bu yigitning ismi — Islom. Islom Oqbo‘taev. Tog‘dagi rayonda — sovxozda bosh zootexnik bo‘lib ishlar ekan. Bu yil Frunze shahrida qishloq xo‘jalik fanlari kandidati unvonini olish uchun dissertatsiya yoqlarkan.
Mavzusi...
Uning hikoyasi davomida men quyidagi narsalarni o‘zimcha tasavvur qildim.
Tap-taqir yer. Loysuvoq qilingan kulba, kulba ol-dida yero‘choq, qumg‘on. Kun tig‘ida so‘fito‘rg‘aylar uchadi. Suvi qurigan ariq bo‘yidagi yulg‘unlar soyasiga o‘zini uradi.
...Kulbadan oq xalat kiygan yigit chiqadi. U yuz qadamlar yiroqda, atrofi uch paxsa devor bilan o‘ralgan qo‘ra-og‘ilga yo‘l oladi.
Qo‘rada ajabtovur maxluqlar: shoxi yo‘q, oyoqlari kalta-kalta, semiz va ola-bula buqachalar, tanachalar.
Oq xalatli yigit baland darvozadan kirishi bi-lan ular — ajabtovur hayvonlar past-past ovozda bo‘kirishib, yigitni o‘rab olishadi. Yigit ularning manglayini silaydi. Erkalab, qo‘raning u chetidagi tevaragi uzun-qisqa xodalar bilan to‘silgan yo‘laksimon «qafas»ga yo‘l oladi. Qafasning ichida tarozi bor. Nari tomonda to‘rtburchak, baland stol. Unda qalin daftar, mol doktorida bo‘ladigan har xil asboblar.
Yigit bir payt qo‘radan qaytib chiqadi. Ajabtovur mollar past-past tovushda ma’rab, darvoza tirqishidan qarab qolishadi.
...Bu mollar og‘ilda ham, olamda ham yo‘q mahal. Bu yigit sovxoz qoramollarini ko‘zdan kechirib yurib, archali tog‘ ostida haybatli, semirib ketgan bir buqani ko‘rib qoladi.
— Nima balo u?
— Aberdin Angus... Chet eldan sotib olingan. Zotli buqa... Yovvoyi bo‘p ketdi.
— Nega sotib olingan edi?
— O’zimizning jaydari sigirlarni bilasiz... Sutiyam kam, go‘shtiyam. Ularni shu bilan qo‘shsa, yangi bir zot chiqarmi, deb o‘ylashgan-da...
— Keyin?
— Shu ko‘rib turganingiz... Mutaxassis bo‘lmagandan keyin bu ishni kim qiladi.
— Ilgarigi mutaxassislar-chi?
— Ha, qiziqish bo‘lishi kerak-da.
...Uch kundan keyin haligi yovvoyi buqa... anavi og‘ilga olib kelinadi.
Uch yildan keyin ajabtovur mollardan bir poda paydo bo‘ladi.
Yosh zootexnikning o‘zi «yaratadi» bu zotni.
Bu orada aspiranturaga kiradi.
To‘rt yillik tajriba o‘z natijasini beradi: zot «o‘zgarishsiz» qoladi... Kandidatlik tayyor, refarat bosmadan chiqadi...
— Haliyam o‘sha kulbada yashayapsizmi? — deb so‘radim. -Ha.
— Ota-onalaringiz rayonda?
— Markazda.
— Nega darvozaga muncha qaraysiz? Uzr...
— E!
— Xo‘sh, bu yerga — Denovga nima ish bilan keldingiz?
Islom iljaydi.
...Ajabtovur zotga u «Eng yangi zot» deb nom qo‘yadi. Illo, yangi qoramol zoti Qirg‘izistonda, Qozog‘iston-da, Tojikistonda ham yaratilgani holda, O’zbekistonda hanuz yaratilmagan edi.
Utgan kuni Islomni sovxoz direktori kabinetiga chaqiradi.
— Xo‘sh, endi «Eng yangi zot» buqachalarni nima qilasiz?
U gangib qoladi.
— Nima? — dedi va uning fikrini tushunadi: «Bir podada ko‘pi bilan besh-o‘n buqacha qolsa, bas. Boshqasi... go‘shtga!»
Bugun... uch mashinaga ortib jo‘natdik. — Islom stoldan ko‘z uzmasdi. — Podachi bor. Ikkita. — U ko‘zi g‘ilq yoshga to‘lib, kabobpazga tikildi. — Ko‘nglim buzildi, aka... Mehr qo‘ygan ekanman, shekilli, jonivorlar... Mashinaga... bortga men chiqqandan keyin chiqishdi, taxtadan yurib... Menga onasiga qaraganday qaraydi — U ko‘zini artib, tiniq jilmaydi. — Qiziq-a? Yo‘q, siz meni ko‘ngli bo‘sh haligiday demang. Otam ham chorvador...
— Tushunaman, — dedim.
U lablarini qimtib, yana ko‘zlarini artdi.
— Aka, ichaylik!
— Hozir... Shunday qilib, go‘shtga topshirib kel-dingizmi?
— U boy punkti, kushxonamiz shu yerda... Darvozadan mashinalar kirdi... Men tushasolib qochdim. — U yana kuldi. — Qiziq-a?
— Hm...
Shunda u yana darvoza yoqqa qaradiyu:
— Obbo! — deya stolga «qoplanib», boshini egdi.
 G’ujg‘on odamlar orasidan chiqqan oriq, shamol bo‘lsa sollanadigan tog‘-terakni eslatuvchi novcha yigit oyog‘idan bir narsa orqasiga tortayotganday surilib-tortilib bosib, stolimiz qoshiga keldi.
Islomning ikki kiftiga ikki kaftini qo‘yib, unga yondan qiyshayib tikildi.
— Ha-ha-ha!
— Nima, ha-ha? — Islom kiftini silkitib, unga olaydi.
Keluvchi qaddini rostlab, burnini tortdi.
— Jo‘ra, bormasangiz bo‘lmaydi!.. Hammayoqning to‘s-to‘poloni chikdi. Biriyam tuttirmaydi o‘zini. Kushxonani boshiga ko‘tarib bo‘kirishadi... Qonning isi ta’sir qilganmi, kim bilsin. G’olib ham sizni qidirib yuripti...
— Bormayman! — dedi Islom. — Jo‘na! Meni ko‘rganing yo‘q.
— A, ular nima qilsin, bechoralar? Kushxonaning bari kattasi yig‘ilgan...
— Sen aytgansan-da, Islom bo‘lishi kerak deb!
— Men aytmasam ham, o‘zlari sezishdi... Siz darvozadan chiqishingiz bilan orqangizdan yugurishdi ma’rashib jonivorlar... Sezdingiz-ku o‘zingiz?
Islom menga tag‘in jilmaydi... Jilmayishmi bu? Titrab ketdim: uning holati menga ham yukdi.
— Nima qil deysiz, aka? — deb so‘radi u.
Men yelkamni qisdim.
— Bugun so‘yilishi kerakmi?
— Ha-da.
— Siz so‘yiladigan xonaga kirsangiz, bas, — dedi novcha yigit. — Ular izingizdan kiradi...
— Uf.
— Tushunib turibman, sizga qiyin, — dedim.
— Munday bo‘lishini bilganimda... shu ishga qo‘l urmas edim.
— Bari bir shunday bo‘lishi kerak edi. Hamma narsa inson uchun deyishadi-ku.
— Rost-rost.
Novcha «ish pishdi» degan ma’noda yengil tortib chetlandi. Islom o‘rnidan turdi-da, qabobpazga baqirdi:
— Uka, keyinroq kelaman!.. — Menga qaradi. — Men tez qaytaman.
— Xo‘p, — dedim. — Kushxona uzoqmasmi?
Bu yigitning xatti-harakatlari meni qiziqtirar edi.
— Men ham saldan keyin kelaman, — dedim kabobpazga.
G’ala-g‘ovur bozordan chikdik... Ko‘cha. To‘rt qavatli imoratlar. Mashinalar... Eshitganimiz va unda-bunda tarix kitoblarida o‘qib, rassomlar asarlarida ko‘rganimiz qadim Sharq bozorlarini eslatuvchi «narsalar» bozorda qoldi.
Asfalt yo‘lka. Chetida manzarali butalar.
— Bu orada qiynalgan bo‘lsangiz kerak, Islom?
— A-a, oson bo‘lmadi, aka... Sen sovxozning ishini qilasanmi, ilm qilasanmi, degan o‘rtoqlar ham chiqdi. Karerist degan ta’nalarni ham eshitdik. Chidadik. Keyin tushunishdi... Ishning qaltis tomoni ham bor edi: yangi zot yaralmay, yo otasi yo onasiga tortib ketishi, yoki uch-to‘rt yildan keyin aynishi mumkin edi... Ilmdayam bir oz tavakkalchilik kerak ekan. Jur’at deymizmi...
— Bularsiz yozish ham qiyin.
U kulib qo‘ydi.
— Podaxona qoshiga ko‘chib kelganimni ko‘rib, ayrimlar: «Islomga bir balo bo‘pti», deyishdi... Iloj qancha. Markazdagi issiqqina kvartirada o‘tirsang, o‘tiraverasan.
— Kandidatlik yokdash ham osonmas, shekilli?
E, turgan-bitgani g‘alva ekan... Lekin meni kandidatlik diplomi qiziqtirmaydi. Zotni rasmiylash-tirish zarur-da.
— Endi o‘sha mollarning qismati nima bo‘ladi?
— Buyam bir masala. Ularni ko‘paytirish kerak, xolos. Alohida cho‘pon, alohida poda... Chorva ishi paxta ishidan ham nozik, aka: dehqon bir yilda hosil olsa, chorvador — qirq yiddd, deydilar.
— Bu yigit kim?
— E, maktabda birga o‘qiganmiz. Podachilardan bit-tasi... Menga yaxshi yordamchi kerak edi. Shu podani boq, deb iltimos qilib edim... Bu o‘lgurning diydasi qattiq.
— Qo‘ysangiz-chi, — dedi podachi. — Meniyam rahmim kelyapti jonivorlarga.
Islom menga yondashib, yana tiniq iljaydi.
— Odamzot qiziq-a?
— Delfinlar ham poda-poda baliqlarni haydab yurarkan. Qorinlari ochganda yer ekan...
— Ha-ha-ha!.. Lekin ular achinarmikan o‘sha baliqlarga!
Men unga qaradim.
— Bilmadim... Ular buni tabiiy hol deb bilsalar kerak.
...Shu qisqa, yo‘lakay aytilgan gap-so‘z Islomga tasalli berishi, balki uni bu holga ko‘nikishga majbur etishi kerakday edi.
Biroq, u kushxona darvozasi oldida xalat kiyib, ichkariga kirarkan, ko‘zlari yana g‘ilq yoshga to‘ldi. Otilib kirib ketdi. Men darvoza biqinidagi eshikcha og‘zida turib qoldim. Ola-bula, oyoqlari kalta-kalta, shoxsiz mollar Islomni qanday qilib tanishdi? Oldin biri, so‘ng ikkisi, so‘ng hammasi bo‘kirib, unga tashlanishdi. Ular Islomning qo‘llarini yalar, xalatini yamlar, ko‘zlari kattarib ketgan, pishqirishar edi: aqllari yetsa... Islomni bu yerdan olib chiqib ketishsa!
Islom ham ularni silar, ba’zisining tumshug‘ini ushlar va sahn o‘rtasiga asta-asta jilar edi.
— Buyoqqa, buyoqqa!
Islom oldinga bosdi... Mollar ham tipirchilab ergashib borardi. Islom to‘xtab, ularga qaradi-da, so‘ng biz tomonga o‘girildi. Keyin bir narsasini unutgandek qo‘l siltab, buyoqqa yo‘naldi. Mollar ham tag‘in unga ergashishdi. U tez-tez qadam otib kelar, kaftlarini bir-biriga ishqar, xuddi qo‘lini yuvadigan yo suv ichadiganga o‘xshardi — qaqroq lablarini yalardi.
Eshikka yetdi-da, menga iljaydi. So‘ng... olim yi-git, zootexnik yigit... Otilib yo‘lakka o‘tdi. So‘ng, ko‘chaga. So‘ng... mollarning nafasini sezib, buyoqqa qarasam ular tiqilishib kelib qolgan, surilishyapti. Qochmasa yo o‘zimni chetga olmasam, meni bosib ketadigan. Men birdan eshikni ular yuziga yopib, zanjirini ildirdim. Nega bunday qildim — bilmayman. Ehtimol, shunday qilishim kerak edi.
Nihoyat, men ham ko‘chaga chiqdim.
Mening (yoqtirib qolgan) tanishim... Islom yo‘q edi.
...Oradan bir yilcha vaqt o‘tgach, Beshtepaga borib qoldim. Yaylovda yoyilib yurgan oyoqlari kalta-kalta, biqqa semiz, shoxsiz mollarga ko‘zim tushdi: «O’sha zot!» Quvonib ketdim: bu qoramollar menga ham suyumli bo‘lib qolgan edi.
— Bularning egasini... «ixtirochisi»ni taniyman,— dedim.
— U hozir chorva sohasidan ketgan. Qurilishda ishlaydi. O’qtin-o‘qtin bu yergayam kepturadi, ko‘rgani... — dedi hamrohim.
Men uni negadir yanayam yaxshi ko‘rib ketdim.
1982

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.