OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Safura xolamning ertagi (hikoya)

Men bir narsaga ko‘pam tushunmayman va xulosa qilishgayam qo‘rqaman: yaratgan Parvardigor ba’zi birovlarga ketma-ket musibat jo‘natadi, yosh-navjuvon jigarlaridan ayrilib qolish juda ham  og‘ir, keyinchalik ham boshqalarga falonchi akam, ukam yoki xolam ayni bo‘yi yetgan, aqli to‘lishgan, chiroyi haddan oshgan vaqtda to‘satdan dunyodan o‘tdi, deyish... qiyin, negadir odamning gapirgisi kelmaydi. Biroq gapirmasang ham tushuniladigan judoliklar bor. Aytmoqchimanki, Xudoyi taolo ham jigaringni o‘smirligida olib qo‘ysa, keyin ancha vaqt sabr qiladi, chog‘i. Aslida men bunday deyishga jiddiy asos aytolmayman, shundan keyin bunday bo‘ladi, deyishga tilim bormaydi, sababiki – bari bir taqdir egasining O‘zi hal qiladi. Ammo ba’zan insonlarga rahm-shafqat qilinadi – men shunday o‘ylayman: og‘irning ketidan yana bir og‘irlik kelishi mumkin. Lekin yaratgan egam shundan so‘ng yana va yana og‘irlik solishni ep ko‘rmaydi, keyininga yengilliklar beradi, demoqchiman...
Bu mening xulosam emas. Hayotda g‘irt teskari ishlar ham ketma-ket bo‘laveradi, ularga ta’bir bog‘lashgayam shoshib qolasan, eplayolmaysan, boshing qotadi va oxiri “e, egamning ishi-da, U nimani xohlasa shu bo‘ladi”, deysan. O‘zi asli shu-ku, lekin ichingda qaysar bir odam bari bir shu to‘g‘ri hukm bilan kelisholmay turaveradi. Senga taskir-tasalli bermaydi, qaytanga bir norozilik tuyg‘usini, taqdir bilan kelisholmaslik hissini tortiq qiladiki, shu bilan olishib yurganing-yurgan, qovog‘ing ham, diling ham ochilmaydi.
Biroq o‘rtada tushunarli musibatlar hechqursa oradan qirq yillar o‘tib qo‘ngillar osoyish topib bo‘lgach, undan keyin necha taqdirlar hal bo‘lib ketgach, balki sal yengil tuyulib, tug‘ishganlaring bilan baham ko‘rishga imkon va bir oz yengillik berar. Masalan hozir men Safura xolamni gapirsam onam og‘zimga urmaydi – bilaman shuni. Tog‘am ham endi og‘ir so‘lish olmaydi, yoshi yetmish beshga kiribdi. Qo‘y-chi shu gaplarni, demaydi. Qaytanga dunyoning u yoq-bu yog‘ini o‘zi o‘tirib o‘ylaydi. Jon jigari haqida endi ochiqroq gapirish unga malol kelmaydi.
Men xolamning qiyofasini yaxshi eslayman. Mayda, siyrak sepkil oralagan yuzi oqquvadan kelgan, qaraganingda ko‘zlarida tashvish emas, bir favqulodda qat’iyatni ko‘rarding. Bu  qat’iyat aslida nimadan iborat ekanini men bilmas edim. Shu bois ham xolamga bir oz cho‘chib muomala qilar edim. Xolam ba’zan uch-to‘rt kunlab ko‘rpadan turmay yotib qolar edi. Onam – katta opasi ho‘l ro‘molni peshonasiga tang‘ib bog‘lab qo‘yar edi, xolam qoshiga bizning borishimizni sira xohlamas edi. Noxayrixohona yoki butunlay xohlamay bir nigoh tashlar ediki, biz bu safar erkalanish gali emasligini darrov anglab ortga qaytar edik. Rostdan ham shunday bo‘lar edi. Ammo xolam ochilsa shunday mehribon bo‘lib ketardiki, asti qo‘yaberasiz. Keyinchalik bilsam, xolam sho‘rlik qisqa muddatda, dard qo‘yib yuborgandagina shunday bahri dili ochilib ketarkan. Ne malomatkim, bunday hol uzoq davom etmas, qaytanga xolam tez orada avvalgidan battar burishib olardi. Kechalari u sirli bir pichir-pichirlar bilan onamga nimalarnidir o‘zicha oshkor qilar, onam dabdurustdan “gapirma, bo‘ldi” deb qolardi. O‘ylar edimki, bu yomon sir, uni kimsaga og‘iz ochib gapirmaslik kerak. Onam bobom va katta enamning bosh farzandi. Ular bilan bu to‘g‘rida hasratlashganlarini ko‘rganman. Katta enam garchi maktab ko‘rgan, harf tanigan bo‘lsa-da, jinday besabr, bunaqa masalalarni tezroq hal qilib qo‘ygisi kelardi. Ammo bu xususda biror narsaga aqli yetmasa darrov onamga ag‘darib: “bolam, o‘zing gaplash, bo‘larini o‘zing bo‘ldir, bo‘lmasiniyam o‘zing epla” deb qo‘l siltab qo‘ya qolardi.
Onam xolamning bu galgi tashrifidan juda tashvishga tushdi.
– Nega bunday kech yuribsan, birov quvmadimi seni?
Xolam uyga kirib kelganda qorong‘u tushgan, biz moychiroqning shishasini har galgiday kuh-kuhlab tozalab endigina o‘rnatib piligini ko‘tara boshlagan, onam dahlizda shom qorong‘usida endigina og‘ildan sog‘ib kelgan yarim chelakdan ziyod sutni primusga qo‘ygan va chelakni ham suvga chayib suzgi bilan qozonga to‘kayotgan edi.
Xolam garchi “yo‘q, kim ham  quvardi” desa-da, nechukdir ko‘zlari olazarak, nazarimda qo‘rqqanday, xotirjamligini yo‘qotganday edi. Buni xolamning shu safar bizga mutlaqo befarqligidan sezib qoldim. U negadir o‘zi bilan o‘zi ovoradek, bir tashvish orttirib olgandek edi. Men ham xuddi onamdek birov tahdid qilmaganmikan, degan xayolga bordim. Zo‘r berib bir narsani yashirishga tirishayotgani sezilib turardi.  Dasturxondan  biror narsa totganini ham sezmadim. Biz shirguruchni talashib urib tashladik. Otam qo‘raga mollarni joylashtirib kelib qoldi. Xolamni erkalatmoqchi bo‘ldi. Ammo xolamning bunga tobi yo‘qligi sezilib turardi. Otam eshon boboning karomatlarini bayon qila boshladi. “Lekin sadag‘asi ketay, juda sodda-da, o‘tgan kuni idoraga borib oylik opkelayotganimda, Saidboyning magazinidan ikkita egov oldim, eshon bobo, ey muridim, buni yuvish kerak, dedi, sadag‘asi ketay-da, ellik tiyinlik ikkita egovga to‘rt aroq oldirdi, o‘ziyam juda chatoq ichadi-da, hech mast bo‘lmaydi. Shuytib to‘rt aroq...”
Otam gapini tag‘in boshidan boshladi:
– Sadag‘ang ketay, eshon bobom...
Onam jerkigan bo‘ldi. Chunki bu gaplar xolamga yoqmayotgan edi shekilli.
Bari bir otam eshon boboga azbaroyi ixlosi balandligini takroran bayon etaturib:
– Sen bir eshon boboga ko‘rinishing kerak, Begimxolning og‘zi qiyshayganda sadag‘asi ketay, bir tupurib jag‘ini joyiga opkelib qo‘yib ed. Sapura, sen...
– Buning og‘zi qiyshaymagan, – dedi onam. Anchayin i zardali iddao edi bu.
Otam bu mavzuda boshqa so‘z ochmadi. Bir tovoq shirguruch, ortidan bir choynak choyni tushirdi. Nazarimda  bu oshqozoniga urvoq ham bo‘lmadi. Xo‘ran odam edi-da. Etigini kiymay, kalishchan, jo‘rasi Saydulla guppinikiga chiqib ketdi. Allamahal qaytgan bo‘lsa ehtimol, bu vaqtda men uxlab qolgan edim. Ammo bari bir shu kecha men anchagacha uxlamadim. Onam va xolamning anchagina pichir-pichir qilganlarini eshitib yotdim.
Onam xolamni erkalatgan bo‘ldi, boshini siladi, xolam ham erkalangandek jim yotardi. Beshikdagi singlim uxlab bo‘lgach, onam xira moychiroq yorug‘ida xolamning iyagidan mehribonlik bilan ushladi.
– Mixli qaynimning senda ko‘ngli bor, meni ko‘rsa taysallab qoladi, – dedi.
Xolam cho‘chib tushdi.
– Gapirmang, – dedi.
– Nimaga, oyday yigit. Kasbi bor, qo‘li gul.
– Men yetmish bir kundan keyin o‘laman, – dedi xolam qat’iy ovozda.
– Nafasingni yel uchirsin, nima deganing bu?
– Bilaman-da. Men hur ketaman, opa.
– Otang, enang, bizga o‘xshagan opalaring turibdi, har narsani sandirayveradimi odam?
Shunday deb onam xolamning ro‘molini yechib sochini siladi, turmagini yuziga olib o‘pdi.
– Oppoqqina erkatoyim, yomon narsani o‘ylama!
– Mening ichimda it bor, opa. Bir vaqt Nonber otaning qo‘yindisi qoshidan kechqurun o‘tayotganimda kuchuk quvgan, yetib olib ichimga kirib ketgan. Shu it menga har doim baxtsizligimni aytib turadi.
– Bo‘lmagan gapni qo‘y, aylanayin, bunday deb qo‘rqitma. Nonber ota hamamizni qo‘llaydi. Aziz otamiz u.
– Bilmadim, qo‘rqib ketganman-da. Qo‘rqmasligim kerak edi.
– Ichimizda eng suluvimiz o‘zingsan. Hali to‘ying bo‘ladi. Ko‘p to‘ylar ko‘ramiz.
– Opa, – dedi xolam go‘yo onamning gaplarini eshitmaganday. – Mengacha yana birov o‘ladi, men yetmish bir kundan keyin o‘laman.
– Bo‘ldi-e, gapiraveradimi tilimning suyagi yo‘q deb...
So‘ng yana mehri iyib:
– Sapurajon, aylanay, bu o‘rligingni qo‘y, yaxshisan-ku, o‘zimning oppog‘im.
– Opa, – dedi Sapura xolam va o‘rnidan turdi. Negadir sensirab gapira boshladi. – Blaringning hech qaysisi meni tushunmaydi. Sen tushun.
Onam og‘ir xo‘rsindi. O‘pkasi to‘lib yig‘lay boshladi. Xolamni yig‘lay-yig‘lay ko‘rpaga yotqizdi. Xolam ancha vatqgacha xuddi tomog‘ida bir siqim balg‘am borday uzluksiz yo‘taldi. Uyqum ochilib vujudim quloqqa aylangan edi. So‘ng bari bir uxlab qolibman.
Tong otgach akam mollarni cho‘pon oldiga haydab chiqadi. Qo‘ylarni qo‘y cho‘poniga, qoramollarni boshqa cho‘ponga. Bungacha onam katta qozonga sutni quyib tagiga olov yoqadi, kechqurungi uyib qatiq bo‘lganini kuviga ag‘daradi. Singlim yig‘lab besaranjom qilavergach kuvi pishishga vaqti ham, holi ham qolmaydi. Kuvi pishishga meni va akamni undaydi. Kichikligimiz bois bu ishga qiynalamiz. Ammo na iloj, ro‘zg‘or, onamning ahvolini ko‘rib turibmiz. To‘kib-sochib bo‘lsayam, pishkakni har yonga urib, dakki eshtib, oxiri kuvining moyi yuzaga chiqqach, ura qozondagi qirmochga yopishamiz. Qirmoch degani qozonning tugida sutning qaymoqlab yopishib qolgan joyi. Juda mazali bo‘ladi-da.
Nazarimda xolamning hushi ham tushiga o‘xshar edi. O‘zi ham buni  farqlashga tirishgani bilan eplayolmas edi, parishonligi shundan bo‘lsa kerak. Katta akasi – tog‘amning vafotini ham u bir kun avval sezgan. Uxlamay, katta enam  – onasining tizzasiga bosh urib kechasi bilan izillab yig‘lagan, enam bechorani ham uxlatmagan. Ertasiga butun qishloq chuvlashib qoluvdi – katta tog‘am Ishtixon bemorxonasida bandalikni bajo keltiribdi. Shunda xolam tog‘am yonboshlab yotadigan ko‘rpada miq etmay o‘tirgan, yig‘lamagan, gapirmagan, boshqa xotinlarga o‘xshab mayyitning ustiga o‘zini otib soch yulmagan. Go‘yo sodir bo‘lishi muqarrar voqea yuz berdiyu u avvaldan ma’lum edi. Buni esa xolam avvaldan bilar edi va muqaddam yig‘lab ham bo‘lgandi. Onamni ta’ziyaga  eshakka mindirib suyab bordik. Kech bo‘lganda onam, katta enam, bobom va Safura xolam hammasi yig‘lamay qo‘ygan, holdan toygan, aslida esa oddiy gaplari ham yig‘iga o‘xshab chiqardi. Namozidigar vaqtida tog‘amni qabristonga eltar vaqtda biz o‘g‘illari bilan o‘choqboshida o‘ynab yurardik. Ular ikkovlon har-har zamonda ko‘zyosh ham qilib olishar, lekin tag‘in o‘yin bilan band bo‘lardilar. Ammo janozadan so‘ng eshon boboning o‘ninchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li Norxo‘ja ularni:
– Yuringlar, otalaringni ko‘rasizlar, – deb ortidan ergashtirdi. Men ham ergashgan edim, urishib berdi.
Qabristondan tog‘avachchalarim ho‘ngrab yig‘lab kelishdi. Qo‘shilib men ham yig‘lab yubordim. Lekin o‘limning ma’nosiga tushunmaganim uchunmi, ortiq yig‘lamadim. Ular ikkovi esa shu ko‘yi uzmasdan hiqillar, ba’zan tuyqus baqirib yuborar edilar.
Samovarga o‘t yoqib o‘tirgan Ochil tog‘a bo‘lsa:
– Ana, yetim bo‘ldinglar, shunday otalaring o‘ldi, – derdi dam-badam.
Bu shunaqa xunuk so‘z ediki, xayolimda o‘limdan-da yomonroq edi. Negadir ichimda Ochil tog‘ani so‘kar va  tog‘avachchalarimni judolik emas, samovarchining gaplari ezayotgandek tuyulardi.
Atigi to‘rt kun burun tog‘am bu uyning qo‘rg‘oni edi. Bobom, buvim, yangam, ukalarim va farzandlarining boquvchisi, tayanchi edi. Bugun esa... Kechagina Ishtixonga uni ko‘rgani borganlar ham “operatsiyadan yaxshi chiqibdi, hojatga o‘zi bemalol chiqib kelayotgan ekan” deb xushxabar opkelishgan. Bir yil avval mendan uch yosh kichik o‘g‘li Anvar to‘satdan qazo qilgandi. Shunda tog‘amning yig‘laganini sezmaganman. Mustahkam odam edi. Ellik yoshida turnikka yosh yigitlarday osilib o‘ttiz marta tortilar edi. Biz yong‘oqni tosh bilan chaqamiz, tog‘am har qanday yolg‘iz danakni ikki kafti orasiga olib ezg‘ilab majaqlab tashlaganini ko‘p ko‘rganman.
Xullas, tog‘am ketdi, hovlisi huvillab qoldi.
Safura xolamni o‘pkasi bezovta qila boshladi. Ishtixonning Sheyxlar degan joyidagi shifoxonaga olib ketishdi. Kichkina tog‘am va akam bilan ko‘rgani bordik. Ovloqroq, sokin joy ekan. Xolam endi shifo topgan, rangi avvalgidan toza, kulganida butun vujudi bilan gulgun ochilar edi. U hammamizni yaxshi ko‘rib bag‘riga bosdi.
Qaytib ketganida akasining qirqi o‘tgan, dard birmuncha pasanda bo‘lgan edi. O‘zining aytishicha uylarining pastidagi jar ichida doim bir kampir uni kutib turadi. Suvga borishi bilan darrov gapga soladi. Biroq xolam uning nimalar deganini aytmaydi. Chunki onam va katta enam buni taqiqlab qo‘yishgan. Biroq bir gal biznikiga kelganida onamga:
– Opa, o‘n olti kun qoldi, – dedi deyarli xursandlik bilan.
– Valdirayverasan-da, – dedi onam va birdan tumtayib oldi. Bir pas o‘ylanib, xomush turdi-da, to‘liqib yig‘lay berdi.
– Shunchasi yetmaydimi? – dedi-da, xolamga tik boqdi. Biroq xolam bari bir xushxabar aytayotgandek:
– Anov momom hech uyiga chaqirmas edi, bu safar uyiga opketdi, sandig‘idan bir chiroyli sarpo oberdi, opkeldim, mana, kiyib oldim. Shunda choli haligini urishib, so‘kib berdi. “Hali vaqt bor edi, nega buni halitdan kiyintirding?” dedi. Lekin momom quloq solmadi. Enamgayam ko‘rsatdi, mana, ko‘ring.
– Darrov kiyib opsan-da, – dedi onam va shoshilmay uni etagidan ushlab ko‘rdi. Qo‘li qizigan temirga tekkandek darhol tortib oldi.
– Balki tushingdir bu, jigarjonim? – dedi iltijo bilan.
– Nega tushim bo‘ladi, mana, ko‘ring, – dedi xolam tantiqlanganday. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Shu kampir bilan ichimdagi jonivor hammasini biladi.
– Tilingni tiymaysan, tiy tilingni! – deb urishib berdi onam.
– Qachongacha? – dedi xolam hafsalasi pir bo‘lib va negadir bee’tibor ustidagi ko‘ylagini siladi.
Mening ko‘zimga bu libos xolamning bemorxonada kiygani kabi rangsiz bir matoday tuyuldi. Diqqatni tortadigan afzalligini ko‘rmayotgan edim.
– Bekor opsan, olib yana kiyib opsan, – dedi onam bu safar taqdirga tan berganday.
Shundan so‘ng men o‘n besh kun sanadim. Maktabdan chiqib tog‘amning uyiga o‘tdim. Xolam ham shu yerda ekan. Pastki qishloqdan endi kelib turishgan ekan. Bir pasdan keyin onam ham keldi. Eshakdan tushib:
– Sen shuni minib ketaver, mollar suvsiz qolmasin, – dedi menga qat’iy.
– Salqin tushsin, ketadi, – dedi xolam mening yonimni olib. – Hozir bu bilan oqpishar o‘rikdan qoqamiz. Ertapishar olmaning yumshoqlaridan otamga terib beramiz.
Onam xolamning ra’yini qaytarolmadi. Ko‘zlari iltijolangan kabi xolamga mo‘ltirab termuldi.
– Otam menga kirlarimni yuvib ber, hammasini tuz bosib ketdi issiqda dedi. Men mayli, yeching, yuvib beraman deb bir qozon suv isitdim. Keyin meva yegim kelib qoldi. Pastda hali nihollar kichkina, meva yo‘q. Yuring ota, katta akamning bog‘idan o‘rik, yumshoq olmalardan terib beraman dedim. Eshakka mindirdim-da, xalacho‘p bilan haydab kelaverdim. E, o‘lsin, kiyim bo‘lsa yangam yuvar, qo‘li sinadimi? Bo‘lmasa ertaga borib o‘zim yuvaman. Bir mevaga to‘ydiray!
Shunday deb xolam qah-qah otib kuldi. Yuzlari bo‘g‘riqib qizarib ketguncha kuldi. Onam unga avval xavotirlanib qarab turdi, so‘ng ko‘nglidan g‘ubor tarqagandek o‘zi ham kuldi.
– Singiljonim-a, jigarim-a, – dedi alqab va yana negadir bosh chayqab qo‘ydi. – Daraxtga o‘zing chiqma, buni chiqar, – dedi meni ko‘rsatib.
Daraxtga bari bir xolam chiqdi. U baquvvat shoxlarni erkaklardan ham dadil silkitar edi. Ikki chelak pishayotgan dovuchcha  va bir xurjun olma terdik.
Ketayotganimda mening xurjunimga ham  olma solishdi. Kun sanab yurganim uchun xolamga zingil solib qaradim. Nazarimda xolam hech narsani o‘ylamas edi. Xuddi qizaloqlardek menga sho‘xchan, tengquriga qo‘l silkigandek qo‘l silkidi. Iroqi do‘ppisi ostidan ko‘p o‘rim sochlariga taqqan jamalaklariga ko‘zim tushdi. Ular ham qizaloqlarnikiga o‘xshardi.
Shu kecha anchagacha uyqum kelmadi. Xolamning so‘zi yolg‘on chiqishini vujudim bilan istar edim. Odatda yomon xabar kechasi tarqaladi, hammani besaranjom qiladi. Ajabki, bu tun sokin kechdi. Hatto xolam haqida yorug‘ tushlar ham ko‘rdim. Darsdan so‘ng yana tog‘amnikiga o‘tmoqchi bo‘ldim. Negadir ko‘nglim xotirjam edi. Shu bois uyga qarab yo‘l oldim. Tog‘amnikida bobom, enam, onam, xolam va boshqalar Azroilni uzoqlarga quvib haydab yuborib, endi bayram qilmoqda edilar. Bu kech yana ham sokin edi. Akam, ukam va singlim bilan yozning o‘rtalarida qip-qizil, katta-katta bo‘lib pishadigan o‘rik ostidagi supada uxlar edik. Xolam haqida  bugun ham tush ko‘rdim. Xolamning yoshligini yoki yasharib ketganini ko‘rdim. Kiyimlari ham ko‘kayimda yoshligidagi edi. Gapirmasa ham kulib turar edi. Uyg‘ondim. Shunda xolamni sog‘inayotganimni sezdim. Daraxt orasidan mo‘ralab turgan tiniq oyga, yon atrofdagi jivirlagan yulduzlarga qarab uyg‘oq yotdim. Yana xolamni tush ko‘rgim kelayotgandi.
– Yorqul, ho‘, Yorqul!
Bu tovush tushimdami, tushimdami ekanini bilmay yotaverdim.
Biroq otamning uy tomondan:
– O, hoy, kim, Bekpo‘l, kimsan? – deb baqirib uyg‘onishidan hushimga keldim.
– Yorqul, bandalik bo‘pqoldi, Sapuvra...
– O‘h, dunyosi... – deb otamning o‘tirib olganini ko‘rdim.
– Bevafo dunyo ekan, jo‘ra, kim o‘ylab ham edi, yayrab-yashnab gapirib o‘tirgan joyida joni chiqib ketibdi, – dedi Bekbo‘l amaki. So‘ng eshagini qayirib jo‘nayberdi.
Tavba, xolamning og‘ziga lafz solgan kim ekan? Aytgan kunidan beri bir kun ham kechikmadi-ya. Enam kuya-kuya yetmish sakkizga, bobom kuya-kuya sakson to‘rtga kirib foniy dunyo bilan xo‘shlashdilar. Onam sakson ikkiga kirdi.
Biz aytgan gaplar esa eski zamonning, qirq yil oldingi davrning hangomasi. Qirq yilda ajal bularga bemavrid tahdid qilmadi.
Xolamning zorlig‘idanmikan?... Yo sharofatidan...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.