OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir O‘nar. Tarvuz (hikoya)

Omondavlatning qishloqdan qo‘ng‘iroq qilib indinga bola-chaqasi bilan kelishini eshitib Xudoyqulning ensasi qotdi, nechukdir miyasiga lop etib buyam pul so‘rab keladi, bo‘lmasa besh-olti yildan beri ko‘rishmagan sinfdoshga balo bormidi, degan o‘y urildi. Ko‘ngli xijil tortib, kelmasayam o‘pkalamas edim dedi. O’zidan-o‘zi xotiniga yozg‘ira ketdi: «Bu zamonda birovga ahmoq odam qarz beradi, olgan odam vaqtida qaytarmaydi, elanib yurasan-yurasan orqasidan, yo‘q, mana, ko‘rib turibsan-ku, o‘ldirsang o‘ldir - berolmayman, deb qaqshab turaveradi. Va’dalar boshqacha edi-ku, desang, tushsa olasan-da, deya shalpayadi. Nima qilasan, o‘ldirasanmi, so‘yasanmi, o‘rniga keladimi shunda? Ayniqsa, qishloqdagi odamga qarz ber, quduqqa tushgan ignaday ming yildayam qaytmaydi, yemish oladi, bug‘doy oladi, yemishni — moli, bug‘doyni — o‘zi yeb qo‘yadi, nima qilasan, yeb qo‘ydik, uka, jo‘ra, deb hiqillab turaveradi. Senam yordam ber menga, Sapuvra, shu gal qarz bermayman, qaytmaydi, eng yaqin sinfdoshim shu Omondavlat bo‘lsa, undanam qaytmaydi».
— Xo‘p, pulimiz yo‘qligini xotiniga tushuntirarman, xotini eriga aytar, shundayam yo‘q, senda bor, berasan, deb yopishib turib olmas, axir. To‘g‘rimi?
— Ishqilib bir iloj qil, meni qutqar shu safar, bo‘lmasa, bilasan-ku, ko‘ngling bo‘sh, berib yuboraman.
Er-xotin ikkov mehmonlarni kutib olish rejasini tuzishdi.
Undoq desa bundok, bundoq desa undoq edi, deya chora gap topib beramiz, xullas, yo‘qligiga ishontiramiz, deb kelishib olishdi.
Mehmonlar kechin-ola yetib kelishdi. Omondavlat xotini, bir chaqaloq qizi, to‘rt-besh yoshlardagi burni oqqan o‘g‘li bilan keldi. Do‘stining uyida yo‘qligini ko‘rib chandon xafa bo‘ldi, go‘yo u hech qayoqqa qimirlamay kutishi shartday. U qo‘ltig‘ida ikkita tarvuz, xotini bir qo‘lida chaqalog‘i, bir qo‘lida kattakon korzinkasifat sumkasi bor edi. Sumkada turshak, yong‘oq, mayiz, qishloqning tegirmon unida yopilgan talay non va patirlar, Xudoyqulning yosh qizchasiga atab tikilgan kiyim-bachkilar. Omondavlat tarvuzlarni oshxonaga qo‘ydi, so‘ng yuz-qo‘lini yuvib zalga — mehmon kutiladigan joyga o‘tdi. O’g‘ilchasi ur-to‘polonni boshladi: telefonning trubkasini ko‘tarib «allo» deb qichqirdi, televizorning knopkalarini bosa boshladi, bir qog‘oz qutining ichidan turli o‘yinchoqlarni chiqarib har yoqqa sudradi. O’zi yasatilgan stol bo‘yiga o‘tirib choy ichdi, uzum yedi, yong‘oqlardan chaqdi, televizorga qarab o‘tirib divanda uxlab qoldi. Allamahaldan so‘ng o‘rtog‘ining kelib turtishidan uyg‘ondi. Sapchib turib quchoqlashib ko‘risha ketdi. Uxlab qolgani uchun uzr so‘radi.
— Yo‘l charchatgan-da, nimasiga xijolat bo‘lasan, — dedi Xudoyqul. So‘ng o‘tirib so‘rashar-so‘rashmas atrofning to‘zib ketgani, o‘g‘ilchasi hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilgani, chaqalog‘i narigi xonada baralla qichqirayotganini ko‘rib chandon kayfi uchdi va sal jahlini bildirib bir oz sur ohangda: — Jon jo‘ra, oyog‘ingdiyam, noskingdiyam yuvib kel vannaga borib, — dedi.
Omondavlat o‘rtog‘ining gapi hazilmi-chinmi, bilolmay garang bo‘ldi, bir jilmayib «qo‘ysang-chi, ey, oyog‘im sasimagandir», demoqchi bo‘ldi, qarasa, mezbonning avzoi jiddiy, juda xijolat bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Balog‘atga yetgani beri bunaqa dashnom eshitmagani uchunmi, ko‘ngli singandek bo‘ldi. Ammo keyinroq picha g‘ashligini bosib, shaharda uylar tor, shuning uchun o‘zimga sezilmagan ter hidi uyga tarqagan chiqar, begona bo‘lsam betimga aytarmidi deb o‘ylab qo‘ydi.
Chamasi shunday deb o‘ziga tasalli berdi. Xudoyqul qishloqni, og‘a-ini, qarindoshlarni surishtirgach, dabdurustdan pul topish ancha mushkul bo‘lib ketgani, birovga bergan pulingniyam, molingniyam qaytib olish o‘limdan og‘irligini yozg‘irib so‘zlay ketdi. Omondavlat do‘stining pul so‘rab qo‘ymasin deb avvaldan pushkadan o‘t ochayotganining ma’nosini tushunmadi. Hayron bo‘ldi, uyning har tarafi yaltirab turishi, televizor, mebellarning bahosini o‘zicha o‘ylagan bo‘ldi, hovli qurayotgani, qanaqadir chet el mashinasini minib yurganini eshitgan, miyasining bir chekkasida hammasi g‘imir-g‘imir e’tirozlar uyg‘otib, noshukur bo‘lmaslikka da’vat qilmoqchi bo‘ldi-yu, negadir o‘zi ham rostdan odamlar hozir shunaqa ekanligini tasdiqlash uchun amakisining o‘g‘liga urug‘lik uchun tiramoda o‘n besh ming so‘m bergani, biroq uni qaytarib olish qiyin bo‘lgani, ikki-uch marta besh yuz — ming so‘mdan berib barakasini uchirgani, oxiri ekkan bug‘doyini bod urib, hech narsa berolmasligini aytib turganini so‘zladi.
— Ana shu-da, hamma shu, hech o‘zga emas, xoh shaharda, xoh qishloqda, xoh do‘st, xoh dushman bo‘lsin — oqibati shu, — deya pishang berdi Xudoyqul. - Haliyam o‘n besh ming ekan-ku. Bu shaharda bir xil o‘ziga to‘q oilalarning bir kunlik xarajatiyam emas. Omondavlat «yo‘g‘-e» deya televizordan ko‘zini uzib jo‘rasiga qaradi, ishonish-ishonmasligini bilmadi. Xudoyqul esa bee’tibor davom etdi.
— Mana shaxsan o‘zimning o‘n ming dollardan ko‘proq pulim tashqarida yuripti. Zarillikkayam so‘rab ololmayman. Hammasi ko‘z qiymaydigan odamlar: do‘stlar, kursdoshlar, qarindoshlar, ukalar.
Omondavlat shu dollar deganlarining basharisiniyam ko‘rmadim-da, o‘zi u necha so‘m turadi, qaerda sotiladi, deb so‘ramoqchi bo‘ldi, ammo shu mavzu unga ko‘p xush kelmadi. Hamma narsang yetarli bo‘laturib, dodlayversang ham yaxshi emas-ku. Birdan xayoliga jo‘rasi qizchalik bo‘lgani kelib, cho‘ntak kovladi va «to‘nbichar kutlug‘ bo‘lsin, umri uzun bo‘lsin!» dedi. Yigirma uch yil avvalgi sinfdosh bo‘lib yurgan kunlari, maza-bemaza qilgan ishlarini eslab miriqib o‘tirgisi keldi. Sinfdoshlarining ahvolidan so‘zladi. Ikki oyda bir marta yig‘ilib turishlari, yig‘ilganda uch kilo go‘shtning pulidan gashtak pul yig‘ishlarini aytib, sen ham qo‘shilsang o‘tirishga, bolalar Xudoyqul bizlarni mensimay ketdi deb yuribdi, bir minnatdan qutulasan, dedi.
Xudoyqulning ensasi qotdi. Yo pulni, yo do‘stlarini mensimaganday bo‘ldi. «Ichlaringda joni bori kim o‘zi?» deb kulmish qildi. Do‘sti xafa bo‘la boshlaganini ko‘rib «xo‘p-xo‘p, boshqa bunday demayman, men seni masxara qilmadim-ku» dedi va tag‘in kuldi.
Omondavlat endi bu kishi oldingi qadrdon sinfdoshi emas, tamom begona odamga aylanib bo‘lganini his eta boshladi, afsuslanishini-da, begonasirashini-da bilmadi. Bilgani shu bo‘ldiki, ayni kezda o‘zi ham, bola-chaqasi ham ortiqcha ekan. U o‘ylar ediki, bola-chaqa bilan bordi-keldi qilish durustroq bo‘ladi, qalinlashish shundan boshlanadi, xotinlar ham, bolalar ham bir-birining otini aytib eslab turishi yaxshi gap. Biroq bu kabi munosabatlar Xudoyqulga kerak emasga o‘xshaydi. Mehmon qizardi, bo‘zardi, xijolat bo‘ldi. Televizorga qarab o‘tirib tosh qotdi, lekin qulog‘iga shapaloq tekkan kabi qizib turar edi. Xudoyqul gapi teskari bo‘lgani bir sari durustroq siylamadiyam. Dasturxonga kelgan birinchi ovqat moshxo‘rda bo‘ldi. Mezbon bulka non kesa boshladi.
— Qishloqning non-patirlari bor edi, Sapuvraga ayt opkesin, — dedi mehmon. Mezbon xotiniga tayinladi, u qop-qora bir non va patir opkirdi.
— O’zi bunday bo‘lgani bilan ta’mi boshqacha-da, jonivorning rangi sal netoroq, — dedi mezbon darrov Omonga qarab: — Rostingni ayt, ichasanmi, ichsang opkeltiray, — deb so‘radi.
— Shart emas, — dedi Omondavlat yana televizorga ko‘zini qadab. Ovqatni oldiga tortarkan, yana qo‘shib qo‘ydi:
— Yo‘q bo‘lsa, opkeltirib o‘tirma.
Bu bilan u ichgasi borligi, «yarimta» ustida ezilishgisi, samimiyroq suhbat sog‘inayotganini sezdirgan edi. Ammo...
Xo‘rillatib moshxo‘rda ichishdi.
Ovqat ichib bo‘lishlari hamon eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Bashang kiyingan ikki yigit kirib keldi. Mezbon bilan o‘pishib ko‘rishgach, stolga cho‘kishdi, aftidan uzoq o‘tirishga vaqtlari va hafsalalari bor.
Mezbon ham darrov gardikapalak bo‘laketdi. Mehmonlar Xudoyqulning biznes hamkorlari ekan chog‘i, tag‘in ayni paytda qaerdandir bir ishni do‘ndirib qaytishar, chamasi mezbon ularga suyunchi berishi kerakday. Stolga birpasda g‘alati taomlar kela boshladi. Yeryong‘oq, parvarda, konfet, turshak singari «kambag‘alning» bezaklari hash-pash deguncha yig‘ishtirildi. Kolbasa, qazi, pishloq, tovuq go‘shtidan tortib boshmaldoqning boshiday kelguvchi og‘zilari lang ochilgan pistalar ham keldi. «Qishloqi» mehmon xushyorroq tortib o‘tirardi.
Bular chunon nozik kishilar ekanini sidqidildan his etish uchun Xudoyqulni o‘zi tomonga imlab qulog‘iga aytdiki, qishloqning yong‘oq-mayizlaridan opkelgan, tarvuz ham bor, xotining so‘yib uzatsin, zo‘r mehmonlaring kepqopti axir.
Yo‘q, Omonning gapi yana inobatga o‘tmadi, qaytanga boyagi tegirmoni non va patir bo‘laklari ham dasturxon ko‘rkini buzdi chog‘i yig‘ishtirib opqo‘yildi.
Ana xolos! Bunaqa dasturxonni hali-hanuz ko‘rgan emas Omon. Qishloqning to‘yida yelim va sopol piyolalarda vino ichib xursand bo‘lib yurgan odam bu kabi tansiq taomlar borligini haytovur tasavvur qilgandir-ku, ammo ko‘rmagan ekan.
Hademay eng chiroyli shishalarda aroq keldi, quyildi, tantanavor, ohanjamali so‘zlar, bir-birovini maqtashu maqtanishlar boshlandi.
Omondavlat bularning orasida o‘zining ne nav inson ekanini angladi, begonasiradi, begonasirab talay marta balkonga, hojatxonaga borib chekib keldi, bir chekkani olib boshni burkab uxlab yuborgisi ham keldi, ammo bungayam or qildi, oxirigacha chiday dedi. Bular bo‘lsa biri olib, biri qo‘yib kim bilan qanday shartnoma tuzgani, necha milyon tushirganiyu ularni qandoq o‘zlashtirib, nimaga sarflashlari, tushunarsiz uslublari xususida so‘zlashardiki, buni eshitib obdon chatoq bolalar ekan, o‘tkir yigitlarga o‘xshaydi. Xudo bilsa orqasida suyagichganlariyam bordir-da, deya tasavvur qilib o‘tirdi. Bir jingalak sochlisi ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagidan gugurt qopidan sal polvonroq narsani olib ichiga gapira ketganidan bildiki, bu telefon, televizorda ko‘rsatgani shu, e, sadag‘ang ketay, hukumat, ana, bor bo‘l, qandingni ur, yasha! Ammo bu telefonda faqat jiddiy gaplarni gapirish shartga o‘xshamaydi, bola dam bir xil xotinlarga, dam bug‘altirimi, kimgadir bir qizga sira mensimay, oxirida o‘rischalab erkalab ham murojaat etdi. Birgalashib ichilaverganidanmi, avvalgi mehmon bilan keyingi mehmonlar qovusha ketishdi. Omondavlat hadeb bular katta ketavergach yo g‘ashi keldimi, yo o‘zi yig‘inib turgan joyi bormi, har tugul bir xil rejalari borligi, mabodo amalga osha ketsa, Xudoyqul jo‘ra, Sirg‘ali bozoridan o‘zing bir «Jiguli» tanlashib yuborasan, deb aytdi. Xudoyqul ichi yorishganday, yangirog‘idan olasanmi yo eskirog‘idan, degan ma’noda so‘radi.
— Qanchalarga mo‘ljallayapsan?
— Milyon bo‘lmaydimi, — deb qo‘l siltadi Omondavlat.
— Oho, malades, qo‘ymaysan, — dedi o‘rtog‘i zo‘raki tantanavor ohangda. Keyin o‘zi puli bormi-yo‘qligiga qiziqdi.
— Bug‘doy bor, jo‘ra. Hozir arzon, qishda ko‘tariladi narx, o‘shanda urib yuboraman. Gap bor-da, bilding?
— Bildim-bildim. Demak, bir milyonga sotasan?
— Balki ikki milyon bo‘lar, ko‘ramiz.
Qishloqi mehmon ham toza o‘lar-qolar joyda emasligini ko‘rsatgisi kelib tillari biyron bo‘ldi. Shunday qilmasa bular odam qatorida ko‘rmay garang qilaveradigan.
— O’zi g‘alladan qancha olding? — deb so‘radi bari bir shahar bergisi kelmay, bepisand ohangda Xudoyqul.
— Sakkiz tonna chiqadi o‘zimniki, yetmasa Samadniki bor. Uyam qariyb besh tonna yuk qiladi. G’alla bu yil kam odamlarda, hademay yuz so‘mdan oshar deyman. Ishonganimiz shu-da.
— Ma’qul, lekin ikki milyon deb maqtanma. Bo‘larini aytaver, bir milyon bo‘larkan-da u yoq-bu yog‘i. Oilani ham tashlab qo‘ymaysan-ku. Qishda mashinayam rosa ko‘tariladi-da lekin.
— Yetmasa sen bor — nima g‘amim bor.
— Shu yetmay turuvdi. O’zimam kutgan edim o‘ligini tashlar ekan deb, aytdim-ku boya, yo‘g‘amas, bor. Lekin ololmayapman deb.
— Qo‘rqma, o‘lmaysan. Avvalo so‘ramayman, so‘rasam — yo‘q, dema, kelishdikmi?
— Hali qish kelsin, bir gap bo‘lar.
— Bilaman, pul jigardan bo‘larmish, shuning uchun bolani otadan ayiradigan bevafo bu. Boya kelganimdayoq eldan burun yozg‘irding, ochdan o‘ladiganday. Qish kelsin, deysan. Qish kelganda qor ham so‘ramasman sendan, xotirjam bo‘l, uyqung o‘chib yurmasin yana, sinfdoshim kep qoladi deb.
«Quyilsin, urilsin» davom etdi. Ittifoqo yupqa, nozik likopchalarda tarvuz keldi. Omondavlatning bir oz kayfi oshgani boismi, tarvuzga ko‘zi tushgani zamon ichi yorishib ketdi. Hay-xay, yosh boladek sevindi. Picha mubolag‘asi bilan aytganda, dasturxonning egasiday sezdi o‘zini.
Darrov tili burro tortib, gapni dashtning lalmi kovun-tarvuzlariga burib yubordi. Holbuki, u shundoq Xudoyqulning uyi yaqinidaga tarvuz sotuvchi odamdan, uyum ichidan tanlab sotib olib ko‘tarib kelgan, chamasi, cho‘laki, selitraga obdon to‘ygan qora tarvuz edi bu. Ammo shu bahona Omondavlat bolaligida ekilmish qovun, handalak, tarvuz, bodring, oshqovoqlarni, ayni pishiqchilik chog‘i polizga, yana ayni o‘zlarining poliziga tikonli bodomcha shox-shabbalaridan yasalgan to‘siq uzra oshib o‘g‘irlikka tushishlari, oqibat qorovullayotgan kampir — o‘z enasi tomonidan ketlariga cho‘g‘day bosilmish xivich zarblari xususida chah ura ketdi. Chog‘roqqina hovlisiga har bahor bodring, pomidor bilan qo‘shib o‘n-o‘n besh tup handalagu qovun ekkanlari, ular taqyo palak qilib keyin uzun palak otib ketishi, so‘ng yong‘oqdek tuynak qilishidan to rangi bo‘zarguncha bir hovli bola dam-badam «ko‘z-quloq» bo‘lib: goh ushlab, goh burunlarini tekkizib hidlayverishgani sabab onasi bezor bo‘lib quvganlari, boisi tuynakka hadeb odamning qo‘li tegaversa, azbaroyi qo‘l zahri ta’sir etib qovun rivojlanmay qolar emish, — hamma-hammasini zavq bilan esladi. Shuningdek, xom sapchalarga burnini tekkizganda uning tikonday tuklari tirnab ketishiyu, ayniqsa ertalablar biror handalak pishgan bo‘lsa, butun hovlini muattar hidi tutib ketishi, tonggi hid, u orqali handalakni qidirishning naqadar maroqli yumush ekani, palaklarni u yon-bu yon ag‘darganingda subhidamdagi namxush tuproqmi, shudringmi nimadir salqin narsaning palaklarga qo‘shilib burningga bir otsiz yashnok hidlari urilishi, kishini entiktirib yuborishi... Oshqovoq, tarvuz palaklarining paxsa devordan osha tushib yo‘l-yo‘lakay ko‘m-ko‘k va sap-sariq sapchalari yaltirab turishi, uy bolalari uni ko‘cha bolalaridan qizg‘anib qo‘riqlashlari, otalari ko‘cha taraf devoriga qabatma-qabat supurgi ekib, palaklarni ko‘zdan pana qilishlari yohud kuchuk bog‘lab qo‘yishlari...
Bearmon bolalikning armon to‘la izlari bular.
— Koyil, — dedi jingalak sochli mehmon. — E, qoyil, qo‘yib bersa ikki sinfdosh shoir bo‘lib ketarsizlar.
— Hech gap emas, — dedi Xudoyqul, — mana bu bolaning tomiri Jumanbulbulga tutash. Yana besh gramm olsa, qo‘lini tanbur qilib terma aytar.
— Iltimos qilamiz, shu narsani aytmang, — deya iljaydi boyagi jingalak sochli. — Shu turkmancha qo‘shiq eshitsam, kechasiyam yomon tushlar ko‘raman. Baxshilarning ovozini eshitsam, qo‘rqaveraman.
Go‘yo kulgu uchun aytilgan bo‘lsayam, har qalay bu yigitlar illo-billo baxshining dostonu termasi uchun qishloqning boyagi orzu-ehtirosga boy hayotini eshitishga-da toblari yo‘qliga sezilib turardi. Shu bois Xudoyqul xato ish qilib qo‘yganday darhol «etagani yig‘ishtirib oldi». Maktab bolalari she’r aytaturib bir joyida adashib qolsa, kimdir eslatsa, tag‘in sharillatib ayta ketadi, shu singari uyam ertan-mertan bojxonada ishlaydigan Qobilning oldiga o‘tish haqidagi o‘zining mas’uliyatini anglagach, ikki sherikka, aniqrog‘i, mehmonlarning guliga takallufni davom ettira berdi. Omondavlatimiz tag‘in ularning ishbilarmonligiyu katta gaplariga mahliyo bo‘lganicha qoldi. Qozonkabob keltirildi. Ichishdi. Tarvuzga uzalib bir tilik oldi. Yeb bo‘lib po‘chog‘ini likopchaga qo‘yar chog‘ tag‘in dong qotdi, bu boshqa tarvuz! Qorasidan opkelgandi, bunisi yashil-chipor.
Bular bizga teng emas, butkul boshqa odamlar ekan bachchag‘arlar, degan koyishga o‘xshash bir shiddatli o‘y muhrlandi va kayfiyati tushib ketdi. Aroqdan o‘ziga bir piyola to‘ldirib quyib, oxirigacha sipqordi va men to‘ydim deganday piyolani to‘nkarib tashladi. Maqsadi tezroq mast bo‘lib olish, mast bo‘lishgina emas, boshqa holatga o‘tgisi, ziq vaziyatdan qutulgisi keldi, bir otim nos ham tushirib yubordiyu maqsadiga erishdi.
Stoldan chetlanib kresloga cho‘kdi. Boshini solintirgan ko‘yi qotib uxlab qoldi. Kechroq uyg‘ondi. Boshi g‘uvillab, siqib og‘rirdi. Mehmonlar ketgan. Xudoyqul allaqachon yuvinib, soqolini olib choy-poy ichish taraddudini ko‘rib yuribdi. Xuddi hech balo ko‘rmaganday. Ertalabdan bir rus ayol «kuksi» degan ovqat keltirib berdi. Kechagi ovqatlar ham xoynahoy buyurtma bilan kelgan bo‘lishi mumkin, deb o‘yladi Omondavlat. Chunki ayoli yosh bolali-ku.
Sohibdan uzr so‘radi, ketamiz biz, dedi. Mezbon ham ketsang ketaver deganday qildi.
— Bir o‘tiradigan bo‘lib kelasizlar. Bugun o‘zimam Olmaotaga uchmoqchiman.
Omondavlat o‘rtog‘i uchun bu qadar ahamiyatsiz bo‘lganidan o‘kindi, albatta. Bolalarini, xotinini olib yo‘lakka chiqqach, Xudoyqul yo‘lni o‘zicha tushuntirib yubordi. Ammo xotini ular bilan birga chiqdi to ko‘chagacha. Ko‘cha boshida axlatxona bor ekan. Omondavlat e’tibor bermadiyu, xotini bir turtgach, cho‘chiganday ishora qilgan tomonga qaradi: temir yashiklar yonida xuddi kecha o‘zi ko‘tarib kelgan tarvuzlarga o‘xshash ikki tarvuz turibdi. Nahotki, dedi o‘zicha. Turshak, mayizlarni ham chiqarib tashlagan bo‘lsa-ya.
«Ey, inson! Kechagina men qatori eding-ku. Qishloqdan, tezak orasidan chiqding-ku. Nima qiliq axir bu? Senga milyon so‘mlik sovg‘a opkelishga qurbim yetmaydi. Ko‘ngil bu, do‘st, ko‘ngil! Haqorat ham shunchalik bo‘lar. Kelmasam, men ham o‘lib qolmas edim, obro‘yingni qilay desam, teskarisi bo‘ldi. Bu ishing yaxshi emas, hech yaxshi emas. Juda noma’qul! Oxiri voy bo‘lsa kerak, vallohu a’lam!» Tashqarisiga esa bu chiqdi:
— Sapuvra, bo‘ldi, ketavering. Biz kimligimizni endi bildik. Sizlarni ham. Tamom. Xo‘p. Xayr. Rahmat.
Shundoq deb oldinga o‘tib ildamroq yurib ketdi. Bir xayol yana ortiga burilib, jillaqursa bir achchiq gap aytgisi keldi-yu, umrbod teskari bo‘lib qolishdan cho‘chib to‘xtamay ketaverdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.