OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mo‘min Qayum. Buyurtma kostyum (hajviya)

Yangi kostyumga buyurtma bermoqchi bo‘lib, ko‘rimsizgina, tepasiga “Xizmatingizdamiz!” deb yozib qo‘yilgan xususiy tikuvchilik korxonasi binosiga kirdim. Mijozga hurmatni qarang, hurmatni! Meni qosh-ko‘zlari popukday, istaraligina ayol — maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasi direktori shaxsan qabul qildi. U maqsadimni anglab, bu yerda faqat mijozlarning o‘zlari olib kelgan matolardan buyurtma qabul qilinib, kiyim-kechak tikilishini aytdi.
Men nima ham derdim, ularda tartib-qoida shunaqa bo‘lsa. Qanaqa material olib kelsam ekan, deya biroz xayolga botgan edim, ayol o‘ziga judayam yarashgan qoshlarini bir chimirdiyu muqovasiga “Buyurtmachi uchun qo‘llanma”, deb yozilgan qalingina kitobchani qo‘limga tutqazdi:
— Tanishib chiqib, unda ko‘rsatilganlarni olib kelsangiz, biz sizdan minnatdor bo‘lamiz.
“Qo‘llanma”ni o‘qib, kerakli narsalarni yon daftarimga yozib oldim.
Xullas, oradan bir necha kun o‘tgach, kostyum tiktirish uchun lozim, deyilgan ashyolarni olib yana maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasiga bordim. Zil-zambil jomadonni bir o‘zim eplolmasdim, baraka topkur taksi haydovchisi yordamlashdi. Bu safar ham meni o‘sha sohibjamol ayol, ya’ni direktor kutib oldi.
— Adashmasam, siz kostyum tiktirmoqchi edingiz, shundaymi-a? — dedi u shaxlo ko‘zlari chaqnab. — “Qo‘llanma”da ko‘rsatilgan narsalarning hammasini olib keldingizmi?
— Hammasini... — dedim jomadonni ochib.
— Qani, tekshirib ko‘raylik, — dedi ayol noz-istig‘no bilan ”Qo‘llanma”ni ochib. — Demak, material.
— Ko‘rsatilganiday, mana, uch yarim metr.
— Astarlik...
— Mana, astarlik ham bor.
— Paxta...
— Marhamat.
— Yoqalik mato...
— Bor, mana.
— Otning qili...
— Qillar asl arabiy tulporniki...
— Juda yaxshi! Iplar-chi... uch g‘altak rangli va ikki g‘altak oqidan?
— Xuddi aytilganiday, mana, uch g‘altak: jigarrang, ikki g‘altak oq.
— To‘g‘nag‘ichlar...
— Marhamat, bosh tomonlari rangli.
— Angishvona...
— Mana, ikkita.
— Nega ikkita? Siz bitta kostyum tiktirasiz, shekilli?
— Fahmimcha, tikuvchining ikkita — chap va o‘ng qo‘llari bor-ku?..
— To‘g‘ri fikr. Biz “Qo‘llanma”ning keyingi nashriga bu tuzatishni albatta kiritamiz... Rangli bo‘rlar, ko‘rayapman. Keltirib berasiz, ignalar... tugmachalar... hammasi yaxshi, o‘lchagich-santimetrlar-chi?
— Marhamat, klyonka va yog‘ochdan ishlanganlari.
— Ajoyib-a, qaychilar-chi? Katta va kichigidan...
— Men faqat cho‘ntak qaychisi va o‘rtachasidan olaqoldim, mana.
— O‘rtachasi kerakmas, mayli, biz ma’muriyatchi, byurokrat ham emasmiz, ikkalasini beraqoling, — ayol shahlo ko‘zlarini karashma ila tikdiyu fikrimni ma’qullaganday bir jilmaydi. — Siz menga yoqayapsiz, vaqti kelib, sizdan namunali buyurtmachi chiqadi, tushungan, intizomli...
— G‘oyatda mamnunman, — dedim unga qog‘oz uzatayotib.
— Bu yana nima?
— Poliklinikadan ma’lumotnoma.
— Nega, bu “Qo‘llanma”da ko‘rsatilmagan-ku?
— Bilaman, lekin har ehtimolga qarshi olaqoldim...
— Nima to‘g‘rida bu ma’lumotnoma?
— Mening har ikkala qo‘l va oyoqlarimning uzunligi bir xil ekanligi haqida. Bu — bichiqchining ishini osonlashtiradi!
— Ajoyib tashabbus! — mamnun jilmaydi ayol. — Shu paytgacha bironta mijoz bunday ma’lumotnomani olib kelmagandi. Katta rahmat, sizga!
U shodlanib qo‘limni qisdi, hatto qip-qizil bo‘yoqdor lablarini cho‘lpillatib yuzimdan o‘pib ham oldi. Men uyalganday bo‘lib yerga qaradim, ayolning bo‘yinlaridan qimmatgina farang atri anqib, boshimni biroz aylantirgan edi-da.
Kutilmaganda direktorning nigohi allanimalarni izlaganday olazarak bo‘lib jomadon atroflarida aylana boshladi va nihoyat hayratomuz ko‘zlarini katta-katta ochib menga boqdi.
— Eh, siz, — o‘kinch bilan chinqirdi u. — Bular bilan ish bitmaydi, eng muhim narsani keltirmabsiz-ku, mashina qani?
— Qanaqa mashina?
— Qanaqa mashina deydi-ya yana. Albatta, tikuv mashinasi-da?!
 Men unga ajablanib qaradim, u ham menga termulib turardi. Shu ahvolda qancha turdik, bilmayman. Axiyri, men: “E, “Xizmatingizdan” o‘rgildim”, deya jomadonimni apil-tapil yig‘ishtirdimu ko‘chaga otildim. Ishbilarmon ayol esa orqamdan:
— Hoy mijoz, hoy mijoz, tezroq mashinani olib keling, kostyumingizni uzog‘i bilan uch oylarda tikib beramiz, — deya qichqirganicha qolaverdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.