OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qilich Nurmuhammad. Chirog‘ing yonsin, jiyan (hajviya)

Viloyat markaziga kelib rejalagan ishlarimni birin-ketin uddaladim. Aksariyat ishlarimni tegishli idoralarga kirib bitirgan bo‘lsam, ba’zilarini uzoqni yaqin, og‘irni yengil qiladigan “mitti telefoncha” orqali hal qildim. “Mittivoy” bilan do‘ndirib qo‘ygan iltimoslarimning oxirgisiga go‘shakni ko‘targan xodim tomonidan: “Bu ishingizni shunday bajarib bo‘lmaydi”, degan javob bo‘ldi.
— Qanday bajarsa bo‘ladi?
— Bu masalada tuman tashkilotlarimizdan bizga murojaat qilingani ma’qul.
— Sizga chiqilsa ham bo‘ladimi?
— Yo‘q, boshqarmamiz boshlig‘iga.
— Unday bo‘lsa, og‘aynijon, iltimos sizdan, boshqarmangiz boshlig‘ining telefonini aytib yuborsangiz.
— Plyus to‘qson to‘qqiz, sakkiz, yetmish besh, ikki yuz yigirma to‘qqiz, oltmish to‘rt, nol to‘qqiz, — degan javobdan xursand bo‘lib ketdim. Xayolimdan yaxshi xodimlar boshliqlari telefonini yod bilishadi, yomonlari bilmaydi yoki bilishsa ham “u kishi bizga nomerlarini bermaydilar”, deb gapni kalta qiladi degan o‘y o‘tdi. So‘ng beixtiyor:
— U kishining ism-shariflarini ham aytsangiz minnatdor bo‘lardim, — deya iltijo qildim.
Telefondagi suhbatdoshim yaxshi xodimligini yana isbot qildi: “U kishining ism-shariflari Toshtemir Chorshanbievich Mavlonov”, deya to‘kis javob berdi. Mening esa u: “Tuman tashkilotlari boshlig‘imiz ism-sharifini yaxshi bilishadi”, deb javob qaytarsa, nima qilaman, deya yuragim po‘killab turardi. Xayriyat-e, hovurimdan tushdim. Endi ish oson ko‘chadi. Negaki, shu tashkilotning tumanimizdagi bo‘limiga yaqinda jiyanginam boshliq bo‘lib tayinlangandi. Shuning uchun Mavlonov janoblari telefondan jiyan bilan tog‘aning ovozini hali u qadar farqlamasa kerak, degan ilinj bilan raqamlarni tera boshladim.
— Da, Mavlonov eshitadi.
— Assalomu alaykum, Toshtemir Chorshanbievich, — dedim baralla.
— Alaykum, kimsiz? — dedi u ba’zi amaldorlarga xos chala alik olarkan.
— Otamurodov Hayitmurodman, G‘uzordan.
— Hayitboy yaxshimisiz? Xo‘sh, xizmat.
Fursatni boy bermay maqsadga o‘tib qo‘ya qoldim.
— Buni hal qilamiz, — dedi Mavlonov.
— Rahmat Toshtemir aka, — deya minnatdorlik bildirgandim, Mavlonov birdaniga shunday dedi:
— Qo‘ng‘iroq qilganingiz yaxshi bo‘ldi, Otamurodov. Siz to‘g‘ringizda ba’zi “danniy”lar kerak edi.
— Bemalol dedim, — o‘zimni xotirjam tutib. Jiyan haqida har qanday ma’lumotni berishga tayyorman. Mavlonov so‘ray ketdi:
— Tug‘ilgan yilingiz?
Bu savolni eshitib, boshqarmadagi shaxsiy varaqamda barcha ma’lumotlar bor-ku, deya olmadim. Boisi Mavlonov iltimosimni bajo keltirdi, qolaversa, jiyanim to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotni, jiyan bo‘ladiyu bilmaymanmi?
— Ming to‘qqiz yuz oltmish to‘rtinchi yil, — dedim.
— Ma’lumotingiz?
— Oliy.
— Qaysi institutni, qachon bitirgansiz?
— Iqtisodiyot instituti, ming to‘qqiz yuz sakson oltinchi yil.
— Fakultet?
— Moliya, — dedim.
Nafaqat jiyan o‘qigan kulliyotni, balki saboq bergan ustozlarini ham bilardim. Sababi, jiyan kaminani zamonaviy “tanka” bilibmi yoki dangasaligidanmi har gal imtihon oldidan, tog‘a u domlaga aytib qo‘ying, bu domlaga aytib qo‘ying, qarashib yuborsin, deb turgani, uning istaklarini bajo keltiraman, deb domlalarning aksariyatiga tanish bo‘lib qolgandim.
Xullas, Mavlonov jiyanning necha farzandi borligiyu hatto chet elda yashayotgan yaqin qarindoshi yo‘qligigacha javob oldi. Barcha savollarga to‘liq javob berganimdan o‘zimcha mamnun bo‘lib turgandim Mavlonov yana birdan:
— Xo‘sh, endi menga shu yilning to‘qqiz oylik hisobotini o‘tgan yilning shu davriga taqqoslab aytib turing, — deb qoldi.
“O‘rab, — dedim ichimda, — endi nima qilaman?”. Shu kez kallam ishlab ketdi: shahardagi qaysi joyga plastik kartochkamni ko‘rsatsam, barchasidan “Iloj yo‘q, apparat ishlamayapti, tok o‘chgan”, degan bir xil javob olganimni eslab, o‘sha tajribaga tayandim:
— Toshtemir Chorshanbievich, barcha hisobotlar kompyuterda edi, afsuski hozir chiroq o‘chgan, buni aytishning iloji yo‘q, — dedim.
— Shunaqami? — dedi Mavlonov shashtidan tushib, — chiroq yongach yetkazing.
— Xo‘p bo‘ladi, — deya aloqani uzdim.
Xayriyat-e. Peshonamdagi terni kaftim bilan sidirdim. Hozircha ish yomon emas, endi tez jiyanga qo‘ng‘iroq qilib, uni ogoh etishim kerak. Aks holda ishning “pachavasi” chiqishi hech gapmas.
Shu payt qo‘l telefonim g‘ingshigan it kabi shing‘illay boshladi.
Ana xolos. Ko‘nglimdan “Men qilaman o‘ttiz, Xudo qilar to‘qqiz” maqoli o‘tdi. Telefondagi “batareya razryajena” so‘zlariga termulib, joni “to‘liq chiqmasdan” jiyanning raqamini tera boshladim. Jiyan:
— Ha, tog‘a, — dedi.
— Jiyan, — deya oldim bazo‘r. Telefon o‘chdi.
Biroz kutib yana qo‘shdim.
Bu gal jiyan:
— Tinchlikmi? — dedi.
— Boshlig‘ing, — deya oldim xolos. Har qancha titkilamay telefondan sado chiqmadi. Izlab-izlab zaryadlagich ingichka sim topdim. Tokka ulashim bilanoq qo‘ng‘iroq qilib, jiyanga masalani tushuntirdim.
— Ha, xabarim bor, — dedi u bamaylixotir. — Hozir kattamizning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib: “Hisobot nima bo‘ldi Otamurodov”, deb so‘radi. Men chiroq o‘chgani uchun tok yo‘q, degandim, u kishi: “Chiroqlaring hali yonmadimi?” deb telefonni uzdi...
Jiyanning bu gapidan so‘ng barcha ishlar silliq ko‘chganidan xursand bo‘lib:
— Chirog‘ing yonsin, jiyan! — deb yubordim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.