OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Ashula bozori qayda? (hajviya)

Bo‘rining bir yumalab qo‘zichoqqa aylanganiga inonasiz-ku, tunda uyquga berilmish baqqolning tongda yozg‘uvchi kelbatida uyg‘onmog‘iga nechun ishonmaysiz, sadag‘ang ketay? Tushimga Julqunboy hazratlari kirsalar, ayb kimda bo‘lur? Baqqollikdan topgon-tutg‘onim «tirikchilik» atalmish shaloq arobani yurg‘izib turg‘on erdi. Subhi kozibda uyg‘onib, yozg‘uvchilikni kasb etarman, deb o‘ylamag‘on ham erdim. Gapning po‘skallasi shulki, akovsi jonidan, bir tush ko‘rdim, tushimda bozorda o‘tirg‘on emishman. Ul zot keldilar-da: «Men - Julqunboyman»,-dedilar. «Assalomu alaykum, tog‘ajon!”-deb yubormaymanmi! Ul zot dedilarki: «To‘g‘ri aytding, agar birozg‘ina o‘gaylig‘im e’tiborg‘a olinmasa, men seng‘a o‘n oltinchi yoki o‘n yettinchi bo‘g‘inlarda tog‘a bo‘lurman. Sening‘ tomiringda, bola paqir, yozg‘uvchilarning‘ qoni oqadur, bilib qo‘y. Bu qonni bekorg‘a isrof qilma. Och, og‘zingni!” Men og‘ziginamni ochdum, Julqunboy tog‘am tupurdilar. Uyg‘onsam-ki, naq yozg‘uvchining o‘zg‘inasiman. Ammo nimani yozaman? Sizg‘a yolg‘on, egasig‘a chin, o‘zbak yozuvidag‘i harflarning yarmidan ko‘prog‘ini bilurman. Piringdan akag‘inang aylansun, yozg‘uvchi bo‘lishg‘a shu yetarlidir-a, labbay?
Shaklu shamoyil mas’alasida boshqalardan kamchilig‘imiz yo‘q. Onam rahmatli qad-qomatimg‘a qarab, «Sendan bir balogina chiqishi aniq»,-derdilar. Bo‘yim Vali qiziq, enim Shukrullo masxaraga yaqin. Shularga qarab kaminaga kiyim bichaveradilar. Yoshimni asti so‘ramang. Boshpurtdag‘isi g‘irt yolg‘on. Pensaga voxli chiqg‘ayman, deb yozdirganman. Otam rahmatlining aytishlaricha, Tolib bedarvozaning qisir sigirini tramvay urib ketgan yili tug‘ilgon ekanman. Oyma-oyiga hisoblaganda, o‘ttiz ikkinchi aprelga to‘g‘ri kelarov...
Qo‘shnimiz Abdumalik akaning o‘g‘li u-bu yozib yuradi, degonlari qulog‘imga chalinuvdi. Shu bolaning bo‘yi bekorga uzunmasdirov, deb maslahatga chiquvdim, baraka topgur, «bilgan harflaringiz birlan dunyoni zabt etarga qodirsiz»,-dedi. Ana! Xudoyim menga berib qo‘ygan ekan-ku, ilmimni xor qilib yurgan ekanman-da. «Bo‘ylaringga akang qarag‘ay, nimani yozay?»- deb so‘rovdim, «Ashula bozoridan riportaj yozing»,-dedi. «Riportajing nedir, okovsi?»-dedim. «Ashula bozorini uzunasiga ham, ko‘ndalangiga ham kezib chiqib, maqtovini kelishtirasiz»,-dedi. «Xalolidan bo‘lsin, riportajinggning haqiga uch-to‘rt kilo go‘sht beradimi?»-dedim. «Maqsad go‘sht bo‘lsa, ashula yoza qoling. Hozir ashulaning bozori chaqqon»-dedi. «Maslahating durust bo‘ldi. Menday odamga bitta riportaj chikora? Ashulaning puliga go‘sht olsam, riportajnikiga piyoz-miyoz olarman. Endi...o‘zingdan qolar gap yo‘q, ismimni bilasan, jarangi tayinsizroq. Boshqa ism qo‘ya qolamizmi?»-dedim. «Yozg‘uvchilar taxallus qo‘yadilar, siz endi «Jo‘rj» bo‘lasiz»,-dedi. «Jo‘rjing nimasi, men nemismanmi?»-dedim. «Jo‘rj» nemischa emas, «Julqunboyning O‘gay Ramaqijon Jiyani» degani»,-dedi. Bunisi menga ma’qul bo‘ldi. Baqqollik do‘konini yopib, yozg‘uvchilik supermarketini ochdim-u riportaj yozmoqqa belni mahkam bog‘lab, «Ashula bozori qayda? Eshak arobani hayda!»-deb yo‘lga tushdim.
Ashula bozori bizlarning bozordan boshqacharoq erkon. Biz bozorimizda sara meva, sara mollarni sotamiz. Xudoyim laqma xaridorlarni yo‘liqtursa, pachoqlarini aralashtirib yubormagan - nomard. Aldov bo‘lmasa, bozor - bozormi?! Ashula bozorda-chi, ha, bolaginangdan aylanay, mening poyi qadamim yoqibdimi, nuqul g‘o‘ru dumbulllar yig‘ilibdi-ya! Ammo dabdaba katta:

Keldi g‘oyibdan bir sado:
“Ashula bozoriga marhabo!”

Ovozlaringdan akaginang aylansin, bunda bitta ham pachoq ashulachi yo‘q bo‘lsa-chi! Bittasi Quyoshu, bittasi Zuhro! Prostoylari yo‘q hisob. Dilbuzorga chiqqanda tuzuk qaramagon erkanman, bir bacho tushmagur sahnada qora marojniy yalayaptimi, desam, yonimdagi ukkiko‘z dakki berdi-ki, qo‘lidagi marojniy emas, mikrofun. Fahmim yetgani shu bo‘ldiki, bu bacholar mikrofunni qo‘ldan qo‘ymas erkanlar. O‘yladim-ki, chaqaloq erkanlarida kindiklari kesilganu to‘g‘ri o‘sha mikrofunga ulangandir. Ularning shiorlariga besh ketdum: «Jon ketsa ketsun, mikrofun ketmasun!»
Ana tamosha-yu mana tamosha! Bo‘ygunangdan akang qarag‘ay aylansun, deyman. Yigit bo‘lsa shunchalik bo‘lar. Turgan joyidan jilmaydi-yu omma orqa tomonidagi yumshaq yerini yelpug‘uchday o‘ynataveradi. Otam zamonidagi mayda qadamlar ham bunchalar mayin-mayiz bo‘lmaganov. Yurishlariga ham besh ketdum, deyayin, desam, yura qolmasa. Xomkallam aytdiki, bu bacholar yurmaydurgon so‘rtidan, sahnaga chiqqanu panjalaridan taxtaga mixlangon. Yo‘g‘-a, xomkallam aldabdi. Malades-e, mixlanmagon erkon! Yurib-yurib chiqib ketdi. So‘ngida bir parivash chiqdi-ki, ko‘ylagining yarmini xaptobus eshigi qisib, yirtib qolganov dedim. Ajabtovurkim, nozik joylariga xushim ketub, ashulasi qulog‘imga kirmadi. Omma chirmandakashiga rashkim ketdi. Ko‘p qaradi g‘arko‘z. Agar billa ketsa, bir narsa bo‘larov deyman. Parivashlardan yana birisi shim kiyib chiqdi-yu ko‘nglim alag‘da bo‘lib ketdi. Kufringdan ketay! Shim deganning boldirni tarang tortib turgoni mayli, qaldirg‘ochning qanotiday qayrilib turgon lozimchasining ko‘ringoni ham mayli, omma parivash deganlarining kindigiga ko‘zim tushmaganiga ko‘p yillar bo‘ldiyov...
Dunyodagi kuyganlarning barisi shu ashula bozorida ekan. Birisi «Ketaman»,-deb kuydiradi, birisi «Tegaman!» deb qo‘rqitadi, yana birisi «novvot choy qilib beraman ichsangiz, tizzamdan joy beraman kelsangiz»,- deb nolish qilsami! O, sho‘rginong qurg‘ur, tizzaga o‘lturadurg‘on xushtorining sovug‘i oshub ketgan ekanmi, novvot choy qilib, avval isitib olsa. Sholim bedanavoz derdiki, «bedananing erkagi sayraydi!» Ashula bozoriga besh ketdim, erkak-moda aralash sayrayverar ekan.
Ko‘tara savdosi qayda-yu chakana savdo qayda bo‘larkin, deb boshimni qashib turganidim, kim oshdi savdo boshlanib ketdi:

Xayolimni oldi so‘lim,
Eshakka urdim to‘qim,
Qo‘shnim so‘yibdi so‘qim,
Taralla bedod yalla.

Ana bozoru, mana bozor! Kim oshmadi, kim toshmadi. Kim uloqni oldi. Kim pulni cho‘ntakqa soldi. Vey, Julqunboy o‘gay tog‘am og‘zimga bekor tupurmagandir, deb men ham bitta ashulani to‘qib yubormaymanmi, bozorga solmaymanmi?

Achom-achom qilasiz,
Ofati jon suyasiz.
Bemaza qovun urug‘ini
Endi pacho‘m qilasiz?

Ana savdo-yu mana savdo! Bir shoirning riportajini eshitganday bo‘luvdim. Nima edi? Ha: «Ashulani saqlabon netgumdir oxir, bozorga chiqorib sotgumdir oxir!» Yigirma uch yil baqqollikda yurub, bunchalik savdo qilmovdim. Ilhomim jo‘shub ketub: «Oshqozonga osh kerak, ashula yozishga bosh kerak!»- deb yubormaymanmi! Ana qarsak, ana dabdaba! Abdumalik akaning o‘g‘li bilib aytibdi, bilgon o‘n beshta harfim bilan shuncha martabaga yetibman, hamma harflarni bilsammi!.. Dunyoni olmog‘im to‘g‘riga o‘xshabroq turibdi, ko‘zginangdan akang qarag‘ay!
Buguncha yetar deymanov. Hozircha ashula bozoridan olgonim riportaj shuginadir. Gaznitdan oladirgonim pulginadir. Ashulaga yetmaydirgoni - tuzginadir.

Aytib turg‘uvchi: JO‘RJ
JO‘RJ tog‘aning bisotidagi o‘n besh harfni o‘ttiz ikkiga aylantirib, oqqa ko‘chiruvchi 
Abdumalik o‘g‘li Tohir

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.