OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Ivanich (hikoya)

Bolangdan aylanay, Ivan bolam, sen insofli odam ekansan. Yoningdagi ukkiko‘z sheriging, xafa bo‘lmaginu, tug‘ilganidan beri insof ko‘chasidan o‘tmagan bo‘lsa kerak. Boradigan yerimni tuzukroq anglamasdan turib otning kallasiday pul so‘radi-ya! Men puldan qochganim yo‘q, muomalasidan ranjidim. Ko‘rib turibsanki, ro‘parangdagi odam qariya bo‘lsa, musofir bo‘lsa, shunga yarasha izzat qilmaysanmi, a? Doim mashinada xizmat qilganingdan keyin odamlarning roziligini ol, duosini ol. Olmadingmi, kuniga million so‘mlik kira qilsang ham barakasi bo‘lmaydimi. To‘g‘rimi, Ivan bola? Nima, oting Stanislavmi? Endi ko‘nglingga olma, biz tomonlarda sendaqa malla yigitlarni “Ivan” deb o‘rganib qolganmiz. Bu yaxshi ism. Mening ismimmi? Egamberdi buva. Ha, aytishga qiyin, lekin yaxshi ism.
Sharti ketib parti qolgan bir cholning Toshkentdan Tulaga kelib qolishiga ajablanayotganga o‘xshaysan, a? Yana poezddan tushiboq “Qariyalar uyi”ga deb turganim ham qiziqmi? Agar yo‘l uzoqroq bo‘lsa, hangoma qilib ketamiz, senga sababini aytib beraman.
To‘rt kun avval peshin namozimni o‘qib bo‘lib, o‘tgan-ketganlarni eslab o‘tirsam, nevaram xat ko‘tarib kelib qoldi. “Xat bizga emasdir, manzilini yaxshilib o‘qib ko‘r” dedim. Men bekorga ajablanmadim-da. Telefon degan beminnat dastyor chiqqanidan beri odamlarning qalam-qog‘oz olishga toqatlari qolmagan. Mana sen, yaqin orada birovga xat yozdingmi? Yozmagansan. Telefon qilib qo‘ya qolasan. Bizning qarindosh-urug‘lar ham shu. Kichik o‘g‘lim harbiydan qaytganidan beri darvozamizdagi pochta qutisi xat ko‘rmovdi. Yo‘q, sal adashdim: besh yil avval Belorusiyadan keluvdi bir xat. Urushda og‘a-ini tutingan birodarim vafot etgan ekan, bolalari xabar qilishibdi. Bultur yana bitta xat keluvdi. Soliq idorasidagi bir o‘pkasi yo‘q xodim po‘pisa qilib yozibdi. Lekin pochtachi adash tashlab ketibdi, xat bizga emas ekan. Sizlardagi soliqchilar ham shunaqa osmondan kelishadami? Boshqacha bo‘lishi mumkin emas, xo‘roz hamma yerda bir hil qichqiradi. Faqat bizning bu xo‘rozlar qaysi devorga qo‘nib qichqirishni bilmay shoshib qolishadi.
Qarilik qursin, kampirim o‘tganidan beri shunaqa gapdan chalg‘iydigan bo‘lib qoldim. Xullas, nevaram “xat sizga, Rossiyadan kelibdi”, deganidan keyin ko‘zoynakni burunga ko‘ndirib yozuviga tikildim. Harflarning egri-bugriligiga qaraganda qo‘li qaltiroq odam yozganga o‘xshaydi. Endi savodi chiqayotgan boladay harfni harfga urishtirib, bir amallab o‘qidim. “Rossiya, Tula shahri, Kaul ko‘chasi, Qariyalar uyi. Ivanich...” “E-ha, Ivanich, -dedim,-voy nomard, tirik ekansan-ku, a?” Xatjildni yirtib katak daftarning bir varag‘iga yozilgan maktubni olib o‘qidim: “Bogdanich, jon do‘stim, yo‘q, jonim og‘am, kechirolsang kechir, sendan iltimos qilaman, yo‘q iltijo qilaman, meni bu yerdan olib ket. Yo‘lkira tashvishini qilma, umidvoring: Ivanich”
Shunaqa deb yozibdi, baraka topgur. Harflarni tatalab o‘qigunimcha ko‘zlarim tinib ketdi. Xatning mazmunidan ajablandim. Yana qayta o‘qidim. O’ylandim.
“Obbo Ivanichey,-dedim,-ahvoling chatoqqa o‘xshaydi-ku? Qariyalar uyidan yozibsan, qizing xor qildimi, a? Ketmagin, devdima, gapimga quloq solmading. Oqibat shunaqa xor bo‘lishingni ko‘nglim sezuvdi. “Kechirolsang - kechir”, debsan. Durust, aybingga iqror bo‘libsan, lekin mening kechirishim senga kamlik qiladi. Seni Xudo kechirsin. ”
Joning sog‘ bo‘lgur, Ivan bolam, sen bu gapimni malol olma. Men ko‘nglida gina saklaydigan odam emasman. Agar birov meni noo‘rin ranjitsa “Xudo bandalarimning gunohini kechiraman, desa-yu, men kim bo‘libmanki, kechirmayin”, deyman. Senam shunaqamisan? Otangga balli, Ivan bola. Ko‘nglingning tozaligini yuzingga bir qarashda bilganman. Oshnamni “qariyalar uyi”dan olib chiqayin, kira haqiga yana suyunchi ham qo‘shib beraman. Kerakmas, dema. Men suyunchi berishim shart, sen olishing shart. Sen olmasang, kimga beraman?
Yana chalg‘idimmi? Ivanichni bitta men kechirganim bilan foydasi yo‘q. Sababini aytaymi? Olti yil bo‘ldimi yo undan oshdimi, aniq esimda yo‘q. Bir kuni kechki taomdan so‘ng nevaramga ko‘shilib televizorda Maskovning axborotini ko‘rib o‘tiruvdim. Olam ahvolidan bexabar qolmayin, deb har kuni ko‘raman shuni. Bir mahal sobiq ittifoq jumhuriyatilarida qiynalib, Rossiyaga qochib kelayotgan ruslar haqida gap boshlandi. Qay ko‘z bilan ko‘rayinki, o‘zimning oshnam Ivanich sayrab qoldi. Gaplarini eshitib, quloklarimga ishonmadim. Oltmish oltinchi yilda Toshkanda yer qimirlaganini eshitganmisan? Ivanich o‘shanda kelganidan beri mansabda ko‘tarilsa ko‘tarildiki, bir enlik pasaymadi. Yegani oldida, yemagani ortida edi. Hech kutilmaganda “Qizim chaqiryapti, qizim bilan yashayman”, deb shoshilib qoldi. Ikkita uyi bor edi, sotdi, o‘zim xaridor topib berdim. Mol-mulkini sotdi. Dollarlarni sanab, taxlab beliga bog‘laganda ham yonida edim. O’zim izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘ydim. Mahallamdagi o‘n-o‘nbesh oqsoqolni chaqirib ziyofatcha ham berdim. “Boshimizga tashvish tushganda shu musofir yordamga kelgan edi, endi qaytmoqchi”, deb duolar qilib, yelkasiga to‘n tashladim. Lekin bachchag‘ar, to‘n ortiqcha yuk bo‘ladi, deb tashlab ketuvdi. Uyimda turibdi. Qaytarib olib borganimdan keyin o‘zi kiyadi. “Yaxshiligingni bir umr unutmayman”, deb meni o‘pib xayrlashuvdi. Televizordagi gapini eshitsang... juda ahmaqona gaplar aytdi. Bizda yashashga qiynalganmish, qochganmish... Ilgari ham shu televizorda shunaqa gaplarni bir-ikki eshituvdim, ammo bunchalik ezilmagandim. Ivanichning gaplari meni tuproqqa bulg‘ab tashladi. Ming ajablanmayin, ming o‘ylamayin, bu gapning tagiga yetolmadim. Nima deysan? Ha, aynan to‘g‘ri aytding, katta o‘g‘lim ham shunaqa tushuntiruvdi. O’zimcha ko‘chib keldim, desa birov bir chaqa bermas ekan. Agar qochoq sifatida borsa, davlatidan pul olar ekan. Ivanich pulga o‘chroq edi, shu yerda ham pastlik qilibdi. Aytadigan gapini aytdi, oladigan pulini olgandir. Mening ezilganimdan nima foyda? “Obbo Ivanichey! Obbo nomardey! Nafsing buzukligini bilardimu, lekin tuzluqqa tupurishingni sira kutmovdim!” deb g‘oyibona g‘adablab qo‘yishdan o‘zga choram yo‘q edi. Men avvaliga bir ajablanib, bir g‘azablanib yurdim, keyin unutib yuborishga harakat qildim. Bu xat yarani yangilib qo‘ydi. Qaragina, kechirim so‘rayapti, demak, yurakdan gapirmagan ekan. Xudo ko‘ngliga solibdi, insofini beribdi. Bu yaxshilik alomati.
Xatni olgach Tulaga otlanishga qaror qildim. Unga aytadigan gaplarimni ham tayyorlab qo‘ydim.   Nima  demoqchi   bo‘lganimni  aytaymi?  Shunday  deyman:   “Televizorda  ko‘rganimni qaerdan bilding, Ivanich? Ko‘ngling sezdimi? Biz tomonlarda ko‘p tanishlaring bor, men ko‘rmasam boshqasi ko‘rardi. Ha, ko‘rgan, hisobchi koreys xotin esingdami? O’sha ko‘rib telpon qiluvdi, sendan ancha ranjidi. Borganingda uchrashsang yuzingga aytadi, bilasan-ku, uni cho‘rtkesar, adolatparvar xotin. Uning achchiq gaplariga tayyor turgin. Ivanich, mayli, o‘tgan ish o‘tdi. Uzilgan o‘qni baribir miltiqqa qayta joylab bo‘lmaydi. Vaqti kelib kechirim so‘rarkansan, nima qilarding o‘sha tuhmat gapni aytib. Oldin o‘ylab, keyin gapirsang o‘larmiding? Qariyalar uyiga tushibsan-da, a? Belingga bog‘lab chiqqan dollarlaring o‘lguningcha yetib ortardi. Qochoqman, deb davlatingdan ham undirishing shartmidi? Tiqilib, bo‘kibsan-ku, endi. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Senga necha marta aytganman, haromdan yeyaverib oxiri tiqilib o‘lasan, deb. Xudo seni o‘z zurriyoting nafsi bilan uribdi. Sezib turibman, qizing seni boplab shilib olgan. Endi men nimaga esingga tushib qoldim, shunisiga tushunolmayapman, oshnam...” Shularni aytmoqchi edim. Be, aytadi, deb o‘ylayapsanmi? Aytmayman. “Qariyalar uyi”ga tushib ezilib o‘tirgan odamga yarimta gap ham ortiqcha. U mening gina-kuduratlarimni eshitish uchun chaqiribdimi? U mendan yaxshi gap kutyapti, to‘g‘rimi? Ha. Ivan bola, sen tushunadigan odam ekansan, yuking yerdaqolmasin.
Xat kelgan kuni kechki payt o‘g‘lim bilan to‘yning maslahatini qilmoqchi edik. Ertalab so‘z ochganda kechgacha o‘ylab ko‘rishga va’da qiluvdim. Xatni o‘qiganimdan keyin bu maslahat ham yodimdan ko‘tarilibdi. Aslida o‘ylab ko‘radigan ish emas. Shartta rad javobni bersam ham bo‘laverardi-ku, o‘g‘limning shashtini qaytarib, shoxini sindirib qo‘ymay devdimda. Qanaqa to‘y deysanmi? Asli bunaqa to‘y senlardan chiqqan. Senlar “yubiley” deysanlar. Men hujjat bo‘yicha bu yil sakson beshga kirar ekanman. Tug‘ilgan kunimning anig‘ini hech kim bilmaydi, oyim rahmatlining “muchali ot, qovun pishig‘ida tug‘ilgan”, degan gaplariga qarab hujjat olingan. Asli bizlarda bunaqa yubiley-pubiley degan rasm yo‘q edi, to‘qliqqa sho‘xliq deb chiqarib olishgan. Senlar yubiley qilsalaring ishlaring oson: bir dasta gul bilan odamning ko‘nglini olasanlar. Qarindoshlaring bilan bordi-keldi qilavermaysanlar. Eshak minib, shahar aylanib chorlasalaring ham o‘nta qarindoshlaring yig‘ilishmaydi.Bizda esa bir olam tashvish. Kamida bitta to‘n ko‘tarib kelinadi. Agar yuzta qarindoshim kelsa, yuzta to‘n kiyaman. O’zing o‘ylab ko‘rgin, men bu to‘nlarni nima qilaman, go‘rga shu to‘nlarga o‘rab qo‘yishmydi-ku? Oltmish, yetmish, saksonga chiqqanimda ham shu gap bo‘lganda, yo‘q deganman. Endigisiga nevara to‘ylarni qo‘shamiz, deb qiliq chiqaribdi. Nevara to‘yni sen bilmaysan, bunaqasi senlarda yo‘q. Endi qaraginda, menga yubiley qilishsa qarindoshim bitta to‘n ko‘tarib kelsa, nevara to‘y qo‘shilsa, endi bu nevaralarga ham sarpo ko‘tarib kelishadi. Qudalarim toy yasatib kelishi kerak. Kudalarimning ahvolini bilaman, tovuq olishga ham qurbi yetmaydi. Lekin to‘y deb e’lon qilindimi, qarz olib bo‘lsa ham toy yasatadi. Ana, kulyapsan. Meniyam bir kulgim keladi, bir achchig‘im chiqadi. Kimga kerak shu mashmasha!
Kechki payt Ivanichning tashvishi bilan o‘tiruvdim o‘g‘lim shu to‘ydan gap ochib qoldi. Meniyam garmdori fe’lim tutib, zaxrimni sochdim. Ammo jahlim chiqsa menam yomonman, otasini ayamaydigan xilidanman. O’g‘limga nima deganimni aytaymi? Sen hadeb kulavermaginda, eshit:
“O’g‘lijonim,-dedim,- sen so‘rayverib charchamading, men yo‘q deb tolmadim. Xo‘p, seningcha bo‘lsin. To‘yga taklifnoma chiqarasanmi? Ha, chiqarasan. Unda bunday yozasan: “Muhtaram padari buzrukvorimizning sakson beshga, men galvarsning oltmishga kirganimiz va nevaralarimni sunnat qilish munosabati bilan to‘yga kelinglar”, deysan. Oxiriga nechanchi razmer kostyum kiyishimizni ham yozasan, qarindoshlarning hammasi ham to‘n qilmas, kostyumga qurbi yetadiganlari ham bordir. Galvars boshingning razmerini ham yoz, birortasi do‘ppi qilar...” desam pov etib yondi. Menam yondim.Keyin yotig‘i bilan tushuntirdim: “To‘y, to‘y, deb boshimni qotirasan. Sakson besh yillik umrim o‘tib ketganidan quvonib ziyofat berishim kerakmi? Men har kuni shu o‘tgan sakson besh yillik umrimning hisobini qanday berarkinman, deb o‘ylab yuribman. Xudo sening umringga baraka bersin. Ammo sening ham shu turishingda oltmish yilingga hisoboting bor. To‘ydan ko‘ra shularni o‘ylasang, men bilan tortishmas eding”. Oqibatda to‘yga atagan pulning bir qismini muhtojlarga atadi, bir qismini menga yo‘lkira qilib berdi. Ajablanyapsanmi? Ha, bizda shunaqa. Otaning aytgani - aytgan, degani - degan. Otaning maslahatisiz, roziligisiz hech ish qilinmaydi. O’g‘il, yigirma yoshda bo‘ladimi yo menikiga o‘xshab oltmishga kiradimi, baribir o‘g‘il. Otasiga bo‘ysunishga majbur. Yaxshi odat ekan, deysanmi? Albatta yaxshi-da! Bilaman, senlarda bunaqa emas. Farzandlaring bevoshlikdan boshqa narsani bilishmaydi. Mana, qizi yaxshi bo‘lsa Ivanichday odamni xorlab qo‘yarmidi?
Menga katta nevaramni hamroh qilib qo‘shishmoqchi edi, unamadim. Aeroportda o‘tirib odamlarga razm soldim: biri g‘ildirakli katta jomadonlarni sudrab uchishga shoshiladi. Boshqasi uchib kelib, shaharga shoshiladi. Xudoyimning mo‘‘jizalariga qoyil qolib ketdim. Odamlarni o‘z tashvishlariga bandi qilib qo‘ygan. Qiziq-da, odam zoti tinim bilmasa, qo‘nim bilmasa. Qadimgilarning bitta g‘orda yashab yuraklari tars yorilib ketmaganiga hayronman. “Yorilib ketmaganiga” dedimmi? Ehtimol qancha-qanchasining yuragi yorilib ketavergandan keyin mana shunaqa qo‘nimsizlikni o‘ylab topishgandir. Agar surishtirib chiqilsa shu oshiqayotganlarning hammasida bo‘lmasa ham, yarmisida shoshiladigan yumushning o‘zi yo‘q. Oshiqayotgan yeriga bugun yetmasa ham, hatto umuman bormasa ham osmon uzilib yerga tushmaydi. Men shunaqa deb o‘tiraveramanu, ammo ularning xayolida mutlaqo boshqacha o‘y. Agar ularni to‘xtatib shu gaplarni aytsam, ular “o‘tirgan - bo‘yra, yurgan - daryo” deyishlari aniq. Yoki o‘tgan-ketganlar menga qarab “bu cholning bir oyog‘i go‘rda bo‘lib qolibdi-yu, safarga chiqqani nimasi, uyida “Olloh-Xudo” deb o‘tirsa bo‘lmaydimi, yo‘l-po‘lda o‘lib qolsa qancha odamga tashvish orttiradi”, deb o‘ylayotgandir, deyman. O’ylasa o‘ylar, deyman yana. Ammo...o‘lib qolsam chindanam chatoq. Bu fikrdan bir seskanib tushibman. Shayton yomon-da, shunaqa bema’ni xayollarga bog‘lab qo‘yaman, deydi. Xudo xohlasa, eson-omon borib kelaman. Fashistning million o‘qi orasidan omon olib qolgan Xudo meni shu yo‘lda o‘limga ro‘para qilmas? Nima deding? Hammasini ko‘rib-bilib turibdi-ku. Ivanich ham uning bir bandasi, ko‘zlari to‘rt bo‘lib, ilhaq yotgandir.
Yo‘l-yo‘lakay Ivanich bilan birinchi uchrashuvlarimni esladim. Agar gapiraverib bezdirmagan bo‘lsam, senga ham aytib berishim mumkin. “Qiziq voqealardir”, deysanmi? Be, hech bir qiziqarli joyi yo‘q. Shunchaki men uchun bir xotirada. Mayli, gap boshlab ko‘ydim, aytib beray, sen eshit. Sen faqat o‘zbek chollari ezma bo‘larkan, deb o‘ylama. Unaqa emas. Menam aslida ko‘p gapirmayman. Lekin Ivan bola, sen ko‘nglimga yoqib qolding. Shuning uchun gap xaltam ochilib ketdi.
Oltmish oltinchi yildagi zilzilani eshitmovdingmi? E, salkam qiyomat bo‘lgan. Uylar-ku, bosib qolmagan, birov o‘lmagan, lekin kunda uch-to‘rt martadan yer titrab tursa esing teskari bo‘lib ketarkan. O’sha yili bizning mahallamiz uchun ikki marta qiyomat bo‘luvdi. Birinchisi shu aytganim, Xudo yuborgan qiyomat. Ikkinchi qiyomatni “ijroqo‘m” degan hukumat idorasi yubordi. Zilziladan uch yil ilgari men tug‘ilib o‘sgan mahallani buzishgandi. Hammamizga shaharning chetidan joy berishdi, beli baquvvatlar bir yilda, mundayrog‘i ikki yilda menga o‘xshagan noshudlar uch yilda yangi uyni bitirib, endi ko‘chib o‘tamiz deb turuvdik. Qaror chiqibdiki, “buzilsin, o‘rniga ko‘pqavatli imoratlar tushadi”. Zilzilada suvog‘i ham ko‘chmagan uylarimizga shunaqa o‘lim hukmi chiqdi. Zilzila buzolmagan mahallani bitta nodonning imzosi o‘n kunda tep-tekis qildi. Sen shahrimizni o‘shandan oldin ko‘rmagansan. Naq jannatning o‘zi edi. Tashqaridan birov bitta nok yoki olmami, uzummi olib kelib sotmasdi. Hamma meva-cheva o‘zimizdan chiqardi. Zilzila bahona bog‘lar yer bilan tep-tekis qilib tashlandi. Mevalari pishib yetilmagan daraxtlarni traktor bilan sug‘urishdi. Bilasanmi, o‘shanda bu manzara urushni eslatib yubordi.  Tank deganlari hech nimaga parvo qilmay bostirib ketaverardi.
Bilmadim, shayton vasvasa qildimi, o‘shanda traktor - tank, yanchilayotgan daraxtlar - homilador ayollar bo‘lib ko‘rinib ketdi ko‘zimga. Tasavvur qilyapsanmi? Tanklar homilador ayollarni yancha boshladi. Ko‘zimdan olov chiqib ketganday bo‘ldi, dod deb yuboray dedim. Eslasam, hozir ham badanimga muz yuguradi. Nima deding? Ha, gaping to‘g‘ri, daraxtlar ham tirik jon. Bir kun ham yashamagan uyimga achinmadimu ammo bog‘larga hozirgacha achinaman. Bu tomonlarda o‘rmonlar ko‘p, senlar daraxtning qadriga yetmaysanlar. Biz niholni o‘z bolamizday avaylab o‘stiramiz. Urushdan qaytganimning to‘rtinchi yilida hovlimizdagi tut to‘satdan qurib qoldi. Tut nimaligini bilmaysan-a? Dunyoda shunaqa ne’mat bor. Senlar tut yemaganlaring uchun iliklaring puch. Hullas, shu daraxt quriganida xotinim aza ochdi, ishonasanmi? “Nega yig‘layverasan?” desam, “ocharchilik yillari shu tut yarim mahallani boqardi”, deydi. Zilzila yili bunaqa daraxtlarning qanchasi nobud qilindi-ya! Agar ularning har biriga bittadan aza ochilsa, shahar aholisining umri yetmaydi. Xullas, Ivan bola, bizning dodimizni eshitadigani yo‘q edi. Suyunib-suyunib, shirin niyatlar bilan qo‘ygan g‘ishtlarimizni ko‘zyoshlarimiz bilan namlab bitta-bittalab buzib oldik. Mahallamiz shaharning yanayam chetiga chiqib ketdi. Sen boyaqish mahallaning nimaligini ham bilmaysan. Sen ko‘p qavatli uyda turasan-a? Ikki qavat tepada kim yashashini bilmaysan, to‘g‘rimi? Mahalla degani mingga yaqin xonadon zich yashaydi, bir oiladay turadi, kimnikida xursandchilik bo‘lsa, baham ko‘radi, kimning boshiga tashvish tushsa, butun mahalla hamdard bo‘ladi. Bunaqasi jahonda yo‘q, bilib qo‘y. Xullas, yasholmagan mahallam o‘rnida qurilayotgan katta qurilishga qorovul bo‘lib ishga joylandim. Bir kuni kechki payt ishga kelib qarasam, qaysibir serzarda haydovchi mashinasidagi g‘ishtni yo‘lning naq o‘rtasiga ag‘darib ketibdi. Haydovchining zardasini qaynatgan voqeani keyinroq bildim. Haydovchiga “G’ishtni uy qurayotgan xonadonlarga olib borib sotib kel, puli “arra”, deyishibdi. Haydovchi “arra”ga ko‘nmabdi. Ko‘proq talab qilibdi-yu, oqibatda kelisholmay, “senga ham yo‘q, menga ham”, deb g‘ishtlarni shart ag‘darib ketvoribdi. Men galvars bundan bexabar, “mashinasi buzilib qolib to‘kkandir, yo‘lni ochib qo‘ya qolay”, deb g‘ishtlarni tashib, chetga taxlab qo‘yibman. Ertalab ishchilar kelganda ketaman, deb turgan edim, bir mallasoch paydo bo‘lib qoldi. U kecha g‘isht to‘kilib turgan joyga qarab turdi-da, keyin birdan jazavasi tutib, “Qorovul!” deb baqirib yubordi. Men “ha, shu yerdaman” deyishga ulgurmay, “qorovul qani, deyapman!” deb battar baqirdi. Yoniga kelib hotirjam ravishda: “Qorovul shu yerda”, dedim.
-Senmisan qorovul?-deb zarda bilan qayta so‘radi.
-Menman,-dedim yana hotirjam.
-Qanaqasiga? - dedi.
-Bilmasam. Shunaqasiga shekilli?-dedim.
-Qachondan beri ishlaysan, nega men seni bilmayman?-deb so‘radi.
-Nega bilmasligingni men ham bilmayman, o‘zing kimsan?-deb so‘radim.
-Men shu yerning xo‘jayiniman, prorabman,- dedi.
-Meni uchastka boshlig‘i ishga olgan, shuning uchun sen meni bilmaysan. Ertalabdan nega jazavaga tushyapsan? -dedim.
-Kecha ketayotganimda mana bu yerda bir mashina g‘isht bor edi,-dedi jahl bilan.
-Ha. bor edi,-dedihotirjam.
-Demak, ko‘rgansan. Xo‘sh, qani o‘sha g‘isht? Qayoqqa gumdon qilding? Sen qorovulmisan yo o‘g‘rimisan?-deb orqasidan “onamni o‘qib” tashlasami! Men senlarning odatlaringni bilaman, onadan olmasalaring yeganlaring ichlaringga tushmaydi. Harbiyda yurib ancha ko‘nikib ketganman bunga. Lekin mallasochnikini hazm qila olmadim. Shart yoqasidan oldim.
-Prorab bo‘lsang ham bilib qo‘y,-dedim achchiqlanib,- agar yana bir marta so‘kinganingni eshitsam, mening onamga ataganingni og‘zingga so‘rg‘ich qilib qo‘yaman.
Bu gapdan keyin so‘kmadi-yu, ammo baribir zarda bilan yana g‘ishtni so‘radi.
-Ko‘zing ko‘rmi, ana g‘isht!-deb ko‘rsatdim.
U bir g‘ishtga bir menga g‘alati qarash qildi. “Kim taxlab qo‘ydi?”-deb so‘radi. “Men”. “Nega taxlading?” “Yo‘lni ochib qo‘yish uchun”. Gapimga ishonqiramadi. Keyin atrofni supurib, suv sepib qo‘yganimga e’tibor berib: “Menga qara, qiziq ekansan-ku? Bu sening vazifang emas-ku, qorovulsan-ku, sen?” deydi. “Men odamman, o‘tiradigan joyimni tozalab o‘tirishga odatlanganman. Bo‘ldimi, endi ketaveraymi?” desam ruxsat bermaydi, bachchag‘ar. “Yo‘q, to‘xta, bu yoqqa yur”, deb vagonning eshigini ochib ichkariga boshladi. Keyin stolining tortmasidan bitta aroq oldi. “Sen zo‘r odamga o‘xshayapsan”, tanishganimizni yuvishimiz kerak”, deydi. “ichmayman”, desam “nega ichmaysan?” deydi. “Agar xor bo‘lmay desang, senam ertalabdan ichma”, dedim. “Bugun ichmasam bo‘lmaydi, o‘lib qolaman. Sen meni alkash deb o‘ylama. Kecha bir bo‘kib ichadigan ish bo‘luvdi. Endi tanishaylik, oting nima, qorovul?”deb so‘radi. “Egamberdi” devdim, takrorlashga tili kelishmadi. “Aytish qiyin ekan, ma’nosi bormi bu otning?”-deb so‘radi. Tushuntiruvdim “Unda osongina qilib “Bogdanich”, deyaveraman, mening ismim Xristofor Samuilovich”,-deb qo‘lini uzatdi. “Sening ismingni ham aytish qiyin ekan. Men seni osongina qilib “Ivanich” deb qo‘ya qolaman”, -dedim. “Nega endi “Ivanich”?” deb xayron bo‘ldi. “Sendaqa mallasochlarning hammasini “Ivan” deb o‘rganib qolganmiz”, dedim. U kulib, taklifimga rozi bo‘ldi. Avval mening o‘zim uni “Ivanich” deb yurdim. Keyin boshqalar ham o‘rganishdi. Birga kelgan hamkasblari ham “Ivanich” deydigan bo‘lishdi.
O’sha kuni yarim stakan aroqdan keyin, peshonasidan ter chiqqach, o‘ziga kelib tantiligi tutib ketdi. “Bogdanich, terib ko‘ygan g‘ishtlaringni o‘zingga sovg‘a qildim, olib ket”,-deydi. “Kerakmas” dedim. “Kerakmasing nimasi?! Sotsang - pul-ku? Qara, qancha odam imorat qilyapti. O’zing-chi, o‘zing qurmayapsanmi, mabodo?” deb so‘radi. Qurayotganimni eshitib: “Ana! Menga “rahmat” deginu olib ket”, dedi. “Kerakmas, uy halol topilgan narsalar bilan tiklanishi kerak. Harom aralashgan uy uy emas, g‘urbatxona bo‘ladi”, devdim, meni “ahmoq ekansan”, dedi. Dunyo o‘zi qiziq-da, Ivan bola. Agar birov senga hozir mulk bersa-yu, sen olmasang, “halol ishlab topganimga yashayman”, desang darrov “ahmoqsan” deyishadi. To‘g‘rimi? Ha. barakalla! Gapning o‘g‘il bolasini aytding: aslida aksi bo‘lishi kerak. Haromdan qaytmaydiganni “ahmoq” deyish kerak.
Ivanich bilan tanishligimiz shunday boshlangan. Ha, u: “Men Tuladan keldim, Tula degan shahar borligini eshitganmisan? Eng chiroyli odamlar o‘sha yerda. Nimagaligini bilasanmi? Qadimda rus imperatori bu yerga eng zo‘r qurolsoz ustalarni to‘plagan. Ular ketib qolmasin, deb eng go‘zal jononlarni ham yiqqan. Shuning uchun u yerda chiroyli bolalar tug‘iladi”, deb maqtanib qoldi. Menam bo‘sh kelmadim: ”Sening malla basharangga qaragan odam bu gapingga ishonmaydi”, deb hazil qilsam, ranjimadi. “Bogdanich, gaping to‘g‘ri, men asli tulalik emasman. Yetimxonadan keyin shu yerga kelib qolganman. Asli belorussiyalikman”, dedi. “Tulani bilasanmi?” deyishi menga malol keldi. Hech qaerni ko‘rmagan, omi odam deb o‘yladi-da. Shunda menam shaharlaringdagi “Yasnaya polyana”dan gap ochdim. “Qaerdan bilasan bu joyni?” deb ajablandi. “Zo‘r yozuvchilaring Tolstoy yashagan joyni nega bilmayin”, dedim. Yana ajablandi. “Tolstoyni qaerdan bilasan, o‘qiganmisan?” deb so‘radi. “O’qimaganman, lekin urush paytida Tulani ozod qilishda biz shu tomondan kirganmiz”, dedim. Ivan bola, ochig‘i o‘shangacha men yozuvchilaringni bilmas edim. Tasavvur qilgin: jang bilan kelyapmiz. Birdan dushman jangsiz chekinib qoldi. Yasnaya polyana atrofida o‘q ham uzishmadi. O’sha yozuvchining hurmatini qilishdi, uy-joyi buzilmasin, deyishibdi. Ularda ham shunaqa insof bor ekan, odamni ayashmasdi-yu, lekin xotirani avaylashdi. Qoyil qoldim. Menga Tolstoyning qabrini ko‘rsatishuvdi, ajablandim. Nega, deysanmi? Senlarda kim o‘lsa qabr tepasiga yog‘ochmi yo temirmi xoch sanchib qo‘yasanlar-ku? Urush paytida avvaliga ruxsat yo‘q edi, keyin nasarolardan kimni ko‘msak, yog‘ochdan kattami-kichikmi xoch sanchib qo‘yadigan bo‘luvdik. Musulmonlarga janoza o‘qishga ham o‘shanda ruxsat tekkan edi. Tolstoyning o‘zining hovlisiga xochsiz ko‘milishida bir sir bor, deb yurardim. Yaqinda birovdan eshitdim, musulmonlikni qabul qilgan ekanmi yo shunga xohishi bor ekanmi? Bo‘lmagan gap, deysanmi? Bunisi menga qorong‘i. Muhimi - yaxshi odam bo‘lgan ekan. O’lganidan keyin ham butun dunyo hurmat qilar ekan. Musulmon bo‘ldi nima-yu, nasaro bo‘ldi nima, Xudo deb yashagan bir banda-da. Agar Xudo uni yaxshi ko‘rmaganida dunyoda aziz qilib qo‘yarmidi?
Ivanichning bir-ikkita yomon odati demasam, o‘zi yaxshi odam. Bitta yomon odati - ichadi. Ba’zan molday ichadi. Ilgari zamonlarda biz tomonlarda ichilmagan. Senlarning bobokalonlaring olib kelishgan. Bizda ham molday ichadiganlar hozir yetarli. Lekin quruvchi xalqiga duo ketganmi, deyman, topganini ichaveradi. U paytlarda hukumat quruvchilarni rosa siylardi. Ishlarining sifati durust bo‘lmasa ham, maoshlari yaxshi edi, yana u-bu narsalarni sotib turishardi. Bizda ham haromdan hazar qilmaydiganlar bor. Taxtami, g‘ishtmi o‘g‘irlik mol ekanini bilishsa ham, arzonligiga ishqivoz bo‘lib sotib olishaverishardi. Quruvchilar pulni yaxshi topishsa ham maoshdan o‘n kun o‘tmay bir-biridan qarz so‘rash boshlanardi. Bir kuni maoshni olishibdi-yu, bo‘kib ichishibdi. Gazagiga pishmagan g‘o‘r yong‘oqni yeb bo‘ladiganlari bo‘ldi. Ivanich boshchiligida bir xafta kasalxonada voy-voylab qorinlarini changallab chiqishdi.
Ivanichning yaxshi odati - ichardiyu lekin ovqatni ham bosib yeyaverardi. Unga bizning palov yoqib qoldi. Har ikki-uch kunda ko‘y go‘shti, quyruq yog‘ida o‘zim palov damlab berib turardim. Sen bunaqa taomni yemagansan. Shuning uchun rangingda qon yo‘q. Palov ilikni to‘q tutadi. Biz tomonlarda “Saksonboy” degan ismlar uchraydi. Eshitganmisan? Menga o‘xshagan chol sakson yoshida o‘g‘il ko‘rsa farzandiga shunaqa ism qo‘yadi. Kulyapsanmi, ishonmayapsanmi? Ha, bola-ya! Qarab tur, Ivanich bilan ovora bo‘lib bu yerda ushlanib qolsam, Mashami yo Dashami deganining boshini aylantirib ketaman. Kelasi yili shahringda menga o‘xshagan o‘g‘il bola tug‘ilsa, ana undan keyin gapimga ishonasan. Nima deding, qaytar-chi? Masha-Dashalarning menga o‘xshaganlarga ko‘zlari uchib turgani yo‘qmi? Hazilni ham olarkansan. Qoyilman. Menam hazillashdim. Yana “O’zbekning chollari shilqim bo‘lar ekan”, deb yurmagin.
Ivanichning eng yaramas odati - xotinboz edi. Biron xotinning etagini shamol xilpiratib ko‘ysa ham og‘zining suvi kelib turardi. Men ko‘p ogohlantirganman. Oqibatda xor bo‘lasan, deganman. Oilali odam oilasiga xiyonat qilsa, uyiga buzuqlikni ilashtirib kirsa Xudo kechirmaydi. Mana, qizi nima ahvolga solibdi. Aslida qizini ayblash kerakmas. U o‘sha qiliqlarining mukofotini olib yotibdi.
Xotini besh-o‘n kunga uyiga ketgan kuni uyining kalitini berib, zo‘r ziyofatga tayyorgarlik ko‘rib qo‘y, dedi. Bajardim. Kechga tomon bir marjani boshlab keldi. Uyida maishat qilmoqchi. O’ziniyam, marjasiniyam xaydab yubordim. Xotini qaytgunicha kalitni bermadim. Tumtayib yurdi-ku, ammo chidadi, menga qattiq gapirmadi. Uning bu xurmacha qiliqlari jonimga tegib ishdan shart bo‘shab ketdim. Shunisiga chidashi qiyin bo‘ldi. Menga o‘rganib qolgan ekan. Kunda bo‘lmasa ham kun ora uyimga kelib turdi. Ishga qaytgin, demadi. Demagani ham to‘g‘ri. Agar tuzukroq bir lavozimni egallab tursaydim, joyingga qayt, deb yalinsa.
O’shandan sal keyinroq bir gap aytdi, eshitsang ishonmasliging mumkin. Gapiraveraymi, Ivan bola? Faqat “yolg‘on” demaysan. Bunaqa gapga yolg‘on aralashtirib bo‘lmaydi. Men Xudodan qo‘rqadigan odamman. Bir kuni ishida sal ko‘ngilxiralik bo‘lganmi, har holda mashqi past ahvolda uyimga keldi. Bir piyola choyni ichdi yo ichmadi. Men “nima bo‘ldi?” deb hadeb so‘rayvermadim. Menga bildirishni lozim ko‘rsa o‘zi aytar, deb sabr qildim. Lozim ko‘rmadi, aytmadi o‘shanda dardini. Lekin menga tikilib qarab, kutilmaganda: “Bogdanich, senga havasim keladi”, dedi. “Nimamga havasing keladi, Ivanich, mansabdor bo‘lmasam, boy bo‘lmasam”, desam, xo‘rsinib qo‘yib: “Shu narsalar senda yo‘qligi uchun ham havasim keladi”, deydi. Ochig‘i, undan bunday gapni kutmagan edim. Gapining davomi yanada hayratlanarli bo‘ldi: “Bogdanich, musulmon bo‘lganing uchun havasim keladi senga.O’ylab qarasam, bu dunyoda yaxshi hayot kechirishning eng oson yo‘li musulmon bo‘lish ekan”. Ishonaver, Ivan bola, shunday dedi. Men: “Shunga aqling yetibdi, musulmon bo‘la qol”, desam “bo‘lardimu, bitta shartini bajarishim qiyin”, deydi. “Qanaqa shartidan qo‘rqyapsan?” desam, Ivanich tushmagur “xatna qilishdan”, deydi. Nimaligini tushunding-a, Ivan bola. Men kuldim: “odamlar oyog‘inimi yo qo‘linimi kesib tashlashsa ham yashab yuraverishadi, sen bir chimdim ortiqcha etni kestirishdan ko‘rqasanmi?” dedim. Keyin ilmli domlalardan so‘rab, bildim, katta odamlarga xatna shart emas ekan. Lekin Ivanich baribir musulmon bo‘lmadi. U xatnadan qo‘rqmagan edi. Uning irodasi bo‘sh edi. Nafsini idora qila olmasdi. Nafsini idora qilishga ojiz odam musulmon bo‘la olmaydi. O’shanda nafsini yengganda bugun qizi uni xor qilib qo‘ymasdi. Bu xorliklardan Xudoning o‘zi asrabqolardi.
Ivanich ishbilarmon edi, shuning uchun tez ko‘tarilib ketdi. Oshna-og‘aynisi ham ko‘paydi. Hadeb birovlarnikini yeb-ichib yurmasdan o‘zi ham ziyofat berib turardi. Meni ham aytardi, ko‘ldan kelganicha xizmatini qilardim. Shunaqa, Ivan bola, oradan yillar o‘taverdi. Ilgari xo‘jayin-qorovul matabasida bo‘lsak, keyin bora-bora aka-ukadek bo‘lib ketdik. Men avvaliga shaharga yordam sifatida uy-joylarni qurib beradilaru xayr-xo‘shlashib yurtlariga qaytadilar, deb o‘ylovdim. Yo‘q, baraka topgurlar o‘zlari qurgan uylardan boshpana topib bizga hamshahar bo‘libqolishdi.
Nima deysan? Keldikmi? Darvozanimi? Ko‘ryapman. Ichkari boqqa o‘xshaydi. Men kirib chiqay. Sen poylab turasanmi yo ketaverasanmi? Kutasanmi? E, otangga balli, Ivan bola. Kutganingga yarasha xizmat haqqingga qo‘shimcha ozgina mukofot ham beraman, yo‘q demay olasan. Mendaqalarning mukofoti tavarruk bo‘ladi. Agar sal uzoqib qolsam tashvishlanma. Men Ivanichni bu yerdan bira to‘la olib ketaman. Hujjatlarini to‘g‘rilashguncha vaqt ketadimi,
deyman-da, a?

* * *

...Rang ko‘r, hol so‘r, deydilar biz tomonlarda. Rangim o‘zgarganidan darrov sezding-a, Ivan bola? Ha, ahvol chatoq. “Kasal ekanmi?” deysanmi? Kasal bo‘lsa qaniydi. Yonidan jilmay, tuzalgunicha boqardim. Ivanichni kecha qabrga qo‘yishibdi. Shu yerdagilarning o‘zlari ko‘mishibdi. Yetim o‘sgan edi bola bechora, huddi yetimday ketibdi bu dunyodan. Xat jo‘natmay telgrom berganida yo telpon qilganida vaqtida yetib kelardim. Mana, kiyim-kechaklarini berishdi. Men nima qilaman? Senga qoldiraman. To‘xta gapimni oxirigacha eshit: bilaman, sen bu matoxlarga zor emassan. Shu atrofda biron kambag‘alni topib berasan, savob bo‘ladi. Mana bu gazitga o‘rog‘liq pul ekan. Mening kelishimga ishonib yashabdi. Bosh vrachga tayinlab ketibdi. Men bu pulni nima qilaman? Buniyam senga beraman. O’zingga emas. Sen qabrini obod qilib qo‘yasan. Endi nima qildik, Ivan bola? Hozir cherkovga olib bor meni, irim-sirimlarni qilmay ko‘mib qo‘yaqolishibdi. Mana shu puldan beraylik, pop duo qilib, uning gunohlarini Xudodan so‘rasin. Keyin bitta tuzukroq oshxonadan joy qilaylik. Pop kelsin, qariyalar uyida unga qaraganlar kelishsin, o‘zlaringning odatlaring bo‘yicha eslash marosimi qilib qo‘yaylik. Bu dunyodan izsiz ketmasin. Ha, aytmoqchi, men senga mukofot bermoqchiydim, yodimdan chiqmasin. Nega olmas ekansan, olasan. Bu o‘zimning happai halol pulimdan.
Bir kunmas bir kun menikiga mehmon bo‘lib borasan. O’zing bormasang bolalaring borar, men bo‘lmasam uyimda o‘g‘illarim yoki nevaralarim bo‘lishar. Bitta palov qarzman senda. Esingda bo‘lsin, yana bu qarz qiyomatga qadar qolib ketmasin-a? Kelishdikmi, unda hayda mashinangni, Ivanichning xotirasini joyiga qo‘yay-da, kechki poezd bilan izimga qaytay.
Bu gaplarni xohlasang oshna-og‘aynilaringga ayt. Balki bitta-yarimtasiga ibrat bo‘lar. Menam yurtimga borib birontasiga aytarman. Xudo hech kimga Ivanichga berganday o‘lim bermasin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.