OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Xotira (hikoya)

1

Zuhrani qarg‘ashdi. Sultonni la’natlashdi. Ikkovlari g‘am g‘azab toshlari bilan toshbo‘ron qilindilar. Mish-mish gaplar tuprog‘iga ko‘mildilar.
-Ular avvaldan don olishib yurishar ekan, qochib ketishganmish...
-Voy o‘lmasam, qochib ketishganmish-a...
-Ha, qochib ketishibdi...
...kim biladi, balki to‘g‘ridir...
-O’lib ko‘yaqolsin, juvon o‘lgur, bolasini tashlab ketmay qora yerga kirsin. Bitta er kamlik qilibdimi?
-O’lib qo‘yaqolsin, juvon o‘lgur...
-Bitta er kamlik qilibdimi...
-Bolalarini tashlab, o‘ynashi bilan qochibdimi, a?
...kim biladi, balki to‘g‘ridir...
-Qornida bola bo‘lib qolgan ekan, eridanmas, Sultondanmish...
-Sultondanmish...
-Bolasini oldirmoqchi ekanmi?..
...kim biladi, balki to‘g‘ridir...
Bu gaplar kichkina ishxona doirasidan chiqib, shaharchaga tarqaldi. Tanishlar uchrab qolganda suhbatlari shu “yangilik” bilan boshlanib, ko‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan holda yakunlanardi. Bir haftacha shunday bo‘ldi. Ezilib yoqqan yomg‘ir tindi. Bulutlar tarqaldi. Quyosh yerning hovurini ko‘tarib, qizdirib yubordi. Odamlar suhbatining mavzui o‘zgardi.

2

Tuman idorasidan viloyat boshqarmasiga ishga o‘tgan Sulton Zuhrani birinchi marta ko‘rganidayoq unga mahliyo bo‘lib qolgan edi. Oppoqqina, do‘mboqqina, charos ko‘z bo‘lmasa ham jonni olguday qarashi bor... Yoz kechasidagi osmon husni - hilolni eslatuvchi qoshi qop-qora... Qizga suqlanib qarab turgan Sultonning ko‘zi barmog‘idagi nikoh uzugiga tushdi-yu, afsusdan nafasi qaytdi. Bir xonada ishlagandan keyin istaysanmi-istamaysanmi ko‘z-ko‘zga tushib turadi. Sultonga shayton “eri bo‘lsa nima bo‘pti, ehtimol ota-onasi zo‘rlab uzatgandir, balki eriga ko‘ngli yo‘qdir”, deb vasvasa ham qilib turdi. Lekin Zuhraning ona ham ekanini bilgach, unga suqlanib qarashdan o‘zini tiydi. G’oyibona oshiq bo‘lib yuraverdi.Juvonni har ko‘rganida shayton vasvasasini boshlardi-yu, lekin uni mag‘lub etishga ojizlik qilardi. Sulton yengiltak xayollari uchun o‘zini o‘zi koyiy boshlaganda esa shayton shaytonlab qolardi.
Keyingi kunlar ichi havoning avzoyi aynidi. Bir yomg‘ir quyadi, bir shamol turib odamni uchirib yuboray dedi. Ba’zan esa oftob ko‘rinib odamni lanj qilib yuboradi.
Bugun ertalab havo ochiq edi. Endi maydalab yomg‘ir yog‘yapti. Bunaqa paytda xonada qog‘oz titib o‘tirgan ham durust edi. Ukasining qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Sulton yo‘lga otlanishga majbur bo‘ldi. Tashqariga chiqib, mashina peshoynasiga sachragan loyni artayotganida qo‘shni bino tomondan kelayotgan Zuhraga ko‘zi tushdi. Yelkasiga ro‘mol tashlab olgan Zuhra uning yonidan o‘ta turib, bir nafasga to‘xtadi:
-Ketyapsizmi?-deb so‘radi.
-Xo‘jayin yo‘g‘idan foydalanib Mirzabodga borib kelay,-dedi Sulton.
-Mirzabodgami?-Shunday deb Zuhra o‘ylanib qoldi.-Menam borib kelishim kerak edi-ya. Dugonam bir haftadan beri kasalxonda ekan, uydan ortib borolmayapman, uyat bo‘lib ketdi. Bitta dori so‘ratuvdi, topib qo‘yuvdim. Ishingiz ko‘p bo‘lmasa dorini tashlab o‘ta olasizmi?
-Tashlab o‘tishning menga og‘irligi yo‘q. Lekin dugonangizni ko‘rgingiz kelayotgan bo‘lsa, birga borib kelaqoling.
-Borsam yaxshi bo‘lardi-yu, lekin... xo‘jayinimdan so‘ramaganman.
-Yuravering. Ish vaqti tugaguncha qaytib kelamiz. Borib-kelishga ko‘pi bilan ikki soat vaqt ketadi. Yarim soat dugonangiz bilan xasratlashib olishga yetadimi? Ungacha men uyga kirib ukamning topshirig‘ini bajarib chiqaman.
-Qanaqa topshiriq?
-Fizikadan test savollarining yechimini ishlab qo‘yuvdim. Ukam bu yil o‘qishga kirishi kerak. Imtihonga tayyorlash vazifasi mening yelkamda.
Zuhra bir oz ikkilanib turdi-da, Sulton taklifni yana takrorlagach, ichkari kirib paltosini kiyib chiqdi.

3

Zuhraning dugonasi derazadan tashqariga tikilib turgan edi. Uning mashinadan tushib kelganini ko‘rib “kim u yigit, xushtoringmi?” deb hazillashib so‘radi. Zuhra jilmayib, hazilga hazil bilan javob berdi: “senga yoqdimi, xushtorlikka arziydimi?”
Yigit haqida boshqa gaplashishmadi. Zuhraning yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, mish-mishlar tarqalgach, dugonasi o‘sha gapni esladi. “Hazillashmagan ekanda...”, deb o‘kindi. Ammo dardini birovga bildirmadi.
Sulton ukasiga savollarni umumiy tarzda tez-tez tushuntirdi. Ukasi uning hayajonini sezdi.
“Aka, shoshilyapsizmi?”-deb so‘radi.
“Shoshilyapman”,-deb javob berdi Sulton.
“Qayoqqa?”
“Bir qizning oldiga”, shunday deb jilmaydi. Ukasi buni hazil deb o‘ylab, u ham jilmaydi.
“Bo‘lajak yangamizmilar?”
“Balki...”
Ukasi uning shunday deb xo‘rsinib qo‘yganiga ahamiyat bermagan edi. Akasi yo‘qolib, u haqda turli mish-mishlar to‘qilgan kezlari yodiga oldi. Ammo dardini birovga bildirmadi.

4

Qaytishda avval ballon teshilib qoldi. G’ildirakni almashtirguncha Sulton adabini yedi. Keyin motor hadeganda o‘t olavermadi. Sulton avtomashinani haydashnigina bilardi, uning “kasali”ga esa aqli yetmasdi. Juvonga sir boy bermaslik uchun o‘zicha motorni titgan bo‘ldi. Keyin yordam so‘rab yo‘lovchi mashinalarga ko‘l ko‘tara boshladi. Bunaqa havoda to‘xtab, birovga ko‘mak berishni istovchi insof egasining topilishi oson bo‘lmaydi.
Mashina shom qorong‘usida yo‘lga tushdi. Xavotir chodiriga o‘ralgan Zuhra miq etmay o‘tirardi, aybiga iqror Sulton ham jim edi. Faqat “katta yo‘lga chiqib olsak, bir pasda yetamiz”, deb ovuntirmoqchi bo‘ldi. Lekin katta yo‘lga chiqishganda quyuq tuman bag‘riga kirib, tezlashishning imkoni bo‘lmay qoldi.
Shaharga boradigan keng yo‘lda qatnov siyraklashgan. Sultonning yuragi duk-duk uradi. Negadir xansiraydi. Ichini nimadir yondirayotganday bo‘ladi. Mashinani yo‘l chetiga olib chiqib to‘xtatgisi keladi-yu, shaytonga yana bo‘yin bermaydi.
Sulton yo‘ldan ko‘z uzmaydi. “Anhor yaqin qoldi. Hozir ko‘prik keladi. Yo‘l chaproqqa buriladi...”
Sulton mo‘ljalda adashdi: ko‘prikka qancha borligini bilolmay kalovlandi.
Juvonga qarashga botinmaydi. Qarasa, huddi dahshat ichida qolib ketadiganday tuyuladi. Zuhra hamon jim. Boshini oynakka tirab olgan: uyga borgach, bo‘ladigan savol-javobni o‘ylayotgandir ehtimol...
Sulton mashina tezligini oshirdi. Shu imillab yurishi bo‘lsa o‘zini tutolmay qolishi mumkin. Irodasi chidash bera olmaydi. O’ng oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmaydi, nuqul tormoz pedalini bosmoqchi bo‘laveradi...
Tezlikni yana oshirdi.
Mashina birdan pastlikka sho‘ng‘idi.
“...obbo, ko‘prik tomonga burmabman-ku?!”
Sultonning xayoliga shu fikrgina keldi... Tormoz ishlamadi. Mashina qattiq-qattiq silkindi.

5

O’sha kuni Zuhralarning uyida chiroq o‘chmadi. Jajjigina Nafisa “ayajon-ayajon” deb yig‘layverib uxlamadi.
Ertasiga mish-mish tarqaldi.
Shahardagilar bu voqeani asta unuta boshlashdi. Bahor kelinchaklik libosini yechib, o‘rnini yozga bo‘shatib berdi. Yoz ham o‘tdi. “Qochoqlarning daragi chiqavermadi. Quyoshning tafti kesilib, shamol qorning isini olib keldi. Ana shunda dehqonlar anhorni tozalagani hasharga chiqishdi. Suvni to‘xtatishdi. Kimdir ko‘prik yaqinida tepasi loy bosgan bir narsani ko‘rib qoldi. Qarashsa - avtomashina. Hamma o‘sha yerga yig‘ildi. Ichini ochishdi. Mashinaning ichida odamga o‘xshash, lekin tanib bo‘lmaydigan ikki jasad bor edi.
Mashinaning raqamiga qarab, egasi Sulton ekanligi aniqlandi.

6

Shaharchada yana mish-mish tarqaldi:
-O’liklari anhordan chiqibdi...
-Qochib ketishayotganda tushib yetishganmikin?
-Kim biladi...
-Bechoralar...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.