OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Haykallar oroli (hikoya)

Birinchi safar
 
 Tinch ummoni vazmin chayqaladi. Cheksiz masofalar o‘z qa’riga sir yashirgan yanglig‘ uzangan: ular bir vaqtning o‘zida ham o‘z bag‘riga chorlaydi, ham undan itaradi. Hozir esa suv yuzasini qalin oqish tuman qoplagani bois qayiqdan turib qaralganda burun ostinigina ko‘z ilg‘aydi: ikki quloch narida nima bor, koshki bilib bo‘lsa... 
 Qayiq ichi baliqlarga liq to‘lgan esa-da, baliqchilar to‘rlarini yana suvga tashlagan ko‘yi tek qotishgan. Tushib qolgan vaziyatlarida boshqa nimayam qo‘llaridan kelardi, deysiz. Bor-yo‘q qiladigan ishlari kutish bo‘lgandan keyin kutishadi-da. “Kimni, nimani?”, deysizmi. Quyoshni!.. Quyosh zich tuman ko‘ksini chok-chokidan so‘kkancha ularga yo‘l ko‘rsatishi kerak hali. Yo‘qsa, adashib, Orolga dushman tomondan borib qolishsa, hollariga maymunlar tugul, qayiqda potirlab yotgan manavi chalajon baliqlar ham dumlarini likillatib kulib qolishlari hech gapmas. Aslida, kulish - shularning haqqi. Jonlaridan rosa alam o‘tib turibdi-da o‘ziyam shu tobda. Alam qayiqdagi odamlardan yetdi. Maymunlar esa... o‘h-ho‘o‘, maymunlar uzoqda – naq orolda: ular ko‘rmasliklari mumkin. Qolaversa, bekordan bekor netib kulishsin maymunlar?..
 Oqyonus odatda tinch mavjlanadi. Faqat bu sokinlik ba’zan aldamchidir. Qo‘ynida o‘ziga yarasha tahlikalari bor uning. Yo‘qsa, baliqchilar tusmol qilib bo‘lsayam suzib ketgan bo‘lishardi. Suzisholmaydi-da. Chunki yuraklarini ummon uzra tanda qo‘ygan quyuq tuman yanglig‘ mo‘l-ko‘l qo‘rquv egallagan. Yana bu qo‘rquv deganimiz baliqlarni tutish uchun suvga botirilgan, qayiqning chor atrofini “ishg‘ol qilgan” to‘rga ham juda mengzarkan. Qo‘rquvki, bir tomondan, adashib ummonning bekaron kengliklariga chiqib qolish qayg‘usiga bog‘lansa, boshqa jihati, boya aytganimizdek, yog‘iyning qo‘liga tushib qolish xavfiga borib ulanadi. Ularning mo‘‘jazgina Orollari qayda ekan, yolg‘iz Yaratganga ayon. Ammo savil tuman tarqamaguncha bir quloch ham siljib bo‘lmaydi: ipsiz bog‘langan, degan ibora bor-ku, ayni shularga mos.
 Baliqchilar odatdagi o‘zaro gangur-gungurlarini ham bas qilishgan; muloqotga toblari yo‘q ularning. Netib ham bo‘lsin? Agar tuman hali-veri tarqamaydigan esa, hollari nima kechadi?.. Inchunun, ular tashqaridan har na qadar og‘ir-bosiq, ko‘zlarini yumgan ko‘yi mudrashayotgandek ko‘rinsa-da, aslida, ichlarini shiddatkor bir hadikning tirmayotgani rost gap.
 Bir mahal deng, hech kutilmaganda qalin tumanzor ichra naq tumshuqlari ostidan haybat bilan allaqanday qoratqi chiqib kepqoldi-yov! Zum o‘tmay g‘ira-shira ko‘rinayotgan o‘sha narsa ma’lum qiyofaga kirdi: uning ulkan qayiq ekanligi ayonlashdi. Qayiqchilar o‘zlarini tutib, biron tadbir olishga ulgurmaslaridan ikki qayiq tumshuqma-tumshuq to‘qnashib ketsa bo‘ladimi!.. Kuchli siltanish natijasida qayiq chetida o‘tirgan yosh yigit “shalob” etib suvga tushib ketdi. Qolgan uch baliqchi esa arang muvozanatni saqlab qoldi. Sarosima boshlandi. Chunki ilkis kelib qolgan qayiq yovniki ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Ma’lum bo‘lgandi-yu, ajab, shu bilan boshqa hech qanday voqea yuz bermadi. Hech kim hech kimsaga qilich ko‘tarmadi, nayza o‘qtalmadi, kamondan o‘q uzmadi. Dushman tomon ko‘pchilikni tashkil qilsa-da, negadir o‘zlarini do‘stona tutdi. Hatto tushib ketgan baliqchini tortib olisharkan, halaqit berish u yoqda tursin, mavridi topilsa, yordam bergulik alpozda xayrixoh boqdi. So‘ng qiziqsinish bilan yovlar bir-birlarini kuzata boshladi. Ajabki, yog‘iy qayig‘ida ikkita qiz ham bor bo‘lib, ulardan birining kiyimi va boshiga qo‘ndirib olgan yarashig‘lig‘ qalpog‘ining bejirim to‘qasidan hammasi ayon: u, hoynahoy, qabila sardorining qizi. Bo‘lib ham benihoya go‘zal qiz edi!..
 Boshqa payt bo‘lganda bunday qimmmatli o‘ljani qo‘lga kiritish uchun to‘rtovlon boshlarini kundaga qo‘yishga ham tayyor bo‘lishi hech gap emasdi. Ammo hozir... Hozir ular negadir qilt etishmasdi. Aftidan, shu tobda ularning bir-birlaridan ming chandon, million chandon boshqa xavfli dushmani bo‘lib, uning oti - ummon, quyuq tuman ichra berkingan bepoyon va noma’lum dunyo edi! Oqyonus qarshisida, uning sirli-gizli qudrati qarshisida qayiqdagilarning bir-birlariga bo‘lgan yovligi judayam arzimas va mayda tuyulardi ayni damda. Buni hech kim hatto xayoliga ham keltirmagandir balki, biroq ushbu ma’no hammaning botinida, huv ichkarida bir joyda bosh ko‘tarib, o‘zini sezdirgan va baliqchilar shu ma’no to‘riga asir tushib qolgan edi. Faqat to‘rtovlon orasidagi yosh va kelishgan yigitninggina ko‘zlari ehtimol boshqa ma’no bilan charaqlar, u qizga tikilgancha, ehtimol, qizning go‘zalligi to‘riga asir tushgancha, atrofni, tumanli ummonga bandi olamni unutgandek parishon ko‘rinardi...
 Allaqancha fursat o‘tganiga qaramay, ikkala qayiqdagi eshkaklar ham ishga solinmadi. Kelib urilgan qayiq o‘zining sezilar-sezilmas harakati bilan sekin, judayam sekin surungancha yigitning qayig‘idan uzoqlashdi. Bunga yana ostda bilinar-bilinmas “nafas olib yotgan” ummon ham yordam berib yubordi, shekilli. Ammo yigit bilan qiz bir-birlaridan ko‘z uzishmasdi. Bilasizmi, shu qisqa fursat mobaynida ular dunyoning hamma tillarida gaplashib ulgurishdi, desam, balki siz ishonmassiz, ammo boshqa tomondan, sizning aqlingiz bovar qilmaydigan hamma narsa bekor gap degani emasligiga men iymon keltiraman. Shu g‘ayritabiiy ishonchga tayanib yana aytamanki, yigit va qiz chaqmoq umrichalik fursat qo‘ynida bir-birlarini yoqtirib ulgurishdi, keyin... keyin buning xomxayol ekanligini ham alam bilan ko‘ngillaridan o‘tkazishishdi. Axir, dunyo butunlay teskarisiga aylanib ketmasa, bu ikki yoshning, bo‘lib ham qabila boshliqlarining o‘g‘li va qizining qachonlardir birga bo‘lishlari haqida o‘ylash uchun kishining tentakroq bo‘lishi kerak! (Astag‘furulloh! Yaxshisi, tag‘in Xudo biladi, deylik...) Axir, ular ikki yuzko‘rmas yovning farzandlari, qabilalar o‘rtasidagi adovat esa ming yillardan buyon davom etib kelayotgan bo‘lsa, ayting, yana nimalarga umid bog‘lash mumkin?!..
 Bu yoqda siz bilan biz shunday o‘ylar girdobida aylanarkan, u yoqda yov qayig‘i baliqchilardan olislab, tumanlar ichra tamoman ko‘zdan yo‘qoldi. Go‘yo umuman bo‘lmagan kabi yitdi-ketdi...
 Shundan so‘ng uchchovlon o‘zlarini anchagina xotirjam tutdi. Faqat suvdan tortib olingan yosh yigit chakkasidan ummonning sho‘r suvlari tomchilayotgan tumanrangli xayollarini yana xuddi shunday tumanzorning pardasimon devorlariga osib qo‘ydi go‘yo... 
 “Tutqunlik”ning uchinchi kuni tumanning oqish pardasi so‘kilib, quyoshning zarrin, ammo hali ancha zaif nurlari qayiqda o‘tirgan uch davangir erkakning tund yuzlarini kuchsizgina yoritdi. Shu hamono baliqchilar harakatga tushishdi: indamay turib eshkaklarini qo‘lga olishdiyu oydinlay boshlagan atrofga boqib yo‘llarini aniqlashdi. Ko‘p o‘tmay esa manzil sari dadil suzib ketishdi. Suzib borisharkan, chor tomonga hadiksirab qarab-qarab qo‘yishar, go‘yo bu tavrlari bilan kuni kecha ro‘paralaridan tuyqus chiqib qolgan yov qayig‘iga takror duch kelib qolmasmikanmiz, deyishar edi... 
 Faqat endi yosh yigitning chehrasida cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari akslanar, oroldan bir uchi osmonlarga tutashib ketgan ummonga ilk safaridan bag‘oyat baxtiyor ko‘rinardi... 
 
 Ikkinchi safar
 
 1.

 Nihoyat, ular Orolga yetib kelishdi.
 Orol katta emas, bir chimdim lof qo‘shib aytadigan bo‘lsak, baland bo‘yli chopag‘on odam bo‘lsayu bor kuchini to‘plab u boshidan bu boshiga qarab bir yugursa, charchashgayam ulgurmay, maydoni ado bo‘ladi-qoladi. Albatta, o‘rtadagi tog‘ masalasi bor. Shu yerga kelgach, naynov chopag‘onimiz oz-moz ter to‘kishi kerakdir, ehtimol. Ha, mayli, nima bo‘lgandayam, siz meni tushundingiz, do‘ppidek bir Orol-da. Aholisi ham shunga yarasha: bir hovuch deysiz. Lekin shu bir hovuchgina odam ham hafsala qilsa, bir-biriga dushmanlik qilishni eplar ekan-ey: ular ikki qarama qarshi guruhga bo‘linib olishgan, naq o‘t bilan suv, deng. Go‘yo dushmanlik ishisiz zerikib o‘lishadigandek. Yemishlari Oroldagi o‘rmon jonzodlariyu yana hadsiz-hududsiz ummon bag‘ridagi baliqlar. Bo‘ldi...
 Keksalarning aytishicha, ular qachonlardir noma’lum bir yoqdan Orolga ko‘chib kelishgan ekan. Ular emas, ularning qadim ajdodlari-da! Oradan necha-necha asrlar o‘tib ketganiga qaramay, dushman qabilalar o‘zlarining ko‘p eski bobosiyu momosi bir ekanligini yaxshi bilishadi, lekin ne yoziqki, o‘zlari bir tanu bir jon bo‘lisholmaydi. Hatto guruhning baxshiyu oqinlari ham bu haqda goh kuylashadi, goh yig‘lashadi. Lekin ularga onda-sonda quloq soladigan topilmasa, yo‘riqlariga yuradigan qayda?.. Baxshilarning kuylashicha, orolga ular ko‘pchilik bo‘lib emas, balki bor-yo‘g‘i ikki kishi bo‘lib, bir yigitu bir qiz bo‘lib kelishgan. Hozirgilar ana o‘shalarning avlodlari. Faqat hech kim bilmaydiki, ular qaerdan kelishdiyu nega kelishdi, yana nima uchun aynan ikki kishi bo‘lib?..
 
 2.

 Buni qarangki, bu besh kunlik dunyoda bir o‘tovda birpas barobar o‘tira olmas yovlarga aylangan taraflar qachonlardir etu tirnoq kabi inoq bo‘lishgan. Vaqtlar o‘tib ko‘payishdiyu o‘rtadan mehru oqibat ko‘tarildi: hech joyga sig‘may, o‘zaro nizoyu nifoqqa ruju qo‘yishdi. Natijada urug‘ning yetakchilari kattakon qabilani ikkiga bo‘lib tashlashdi. Shunday keyin Oroldagilarning o‘zlarini tutishidanu kiyinishidan tortib gap-so‘zlariyu qilig‘igacha, qo‘yingki, borliq turish-turmishigacha o‘zgara boshladi. Ya’ni har bir guruh bir-birlaridan farqli, boshqa ekanliklarini huda-behuda pesh qilishadigan bo‘lishdi. Asrlar o‘tib esa haqiqatan ham shunday bo‘ldi ham. Ularning shaklu shamoyiliyu rangu ro‘yigacha yaxshigina turfalanib qoldi. Ikki qabilaning elchilari o‘rni kelsa, bir-birlari bilan tilmoch orqali tillashadigan hollarga tushishdi. Ammo Orol aholisi hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan, kerak bo‘lsa, ularning taqdirini hal qilgan baloi azim boshqa yerdan chiqib keldi. Qabilalar o‘rtasidagi dushmanlik shu darajaga borib yetgandiki, ular o‘z nafratlarini va ayni chog‘da, o‘zlarining yog‘iydan ustunliklarini har kuni, har lahza izhor qilish yo‘llarini qidirib qolishdi. Tabiiyki, kunda urishib bo‘lmasligini ular yaxshi bilishar edi. To‘g‘ri-da, katalakdek joyda, bir to‘da odam bilan Xudoning bergan kuni jang qilib bo‘larmidi? Lekin o‘ylab ko‘rishsa, raqiblikning boshqa yo‘llari ham bor ekan: o‘z kuchu qudratingni ko‘z-ko‘z etib, dushmanning hasadini keltirib, ichidan yemirishning zavqiga nima yetsin!.. 
 
 3.

 Shunday qilib, toshdan haykal yo‘nib, ummon suvlari urilib turgan sohilga o‘rnatishni qiz taraf boshlab berdi. Yigit taraf bo‘lsa haykalni ovdan qaytayotib ko‘rib qoldi. Ko‘rganlarini qabila boshqonlariga oqizmay-tomizmay, miridan sirigacha aytib berdi. Ko‘p o‘tmay, yigitning qabilasi tomonida ham shunga o‘xshash, faqat qiz tarafnikidan andak baland haykal qad rostladi. Taxminan, shuncha fursat oralatib, qizning sohilida uchinchi haykal paydo bo‘ldi. Faqat u narigilardan balandroq va ko‘rkamroq edi... Gapni cho‘zib nima qildik, o‘zingiz fahmlab bo‘lganingiz kabi, Orolda haykal o‘rnatish musobaqasi boshlangan edi.
 Har qaysi qabila o‘z ulug‘iga bag‘ishlab haykal o‘rnatardi. Haykal bo‘lgandayam eng a’lo, eng raso toshdan, deng. Faqat, qurg‘ur, uni o‘rnatish uchun juda ko‘p yog‘och kerak bo‘lardi. Chunki tosh boshqa, haykal o‘rnatiladigan makon yana boshqa joyda joylashgani bois so‘loqmondek og‘ir yukni tashish faqat va faqat yog‘och orqali amalga oshirilardi. Shuning uchun ham har ikki tomonda o‘rmonlar shiddat bilan kesilardi...
 Yillar davomida har bir urug‘ tomonidan o‘nlab shunday haykallar tiklandi. Har bir urug‘ning o‘z saylgohi bor bo‘lib, undagi haykallar suvga qarab turishardi. Ummonga ov uchun chiqishganda ular bir-birlarining haykallarini tomosha qilishar, chamalashar, solishtirar, qaytib kelgach esa undan-da adl, undan-da savlatdor haykal yo‘nishga kirishib ketishardi. Ha, Orol ahli hamma narsani unutib, toshdan haykal yo‘nishga mukkasidan berilgan edi. Aslini olganda-ku, haykal yasash cho‘t emasdi ularga. Orolning yarmi o‘rmon, yarmi ulkan toshlardan iborat yassi tog‘ edi. To‘g‘rirog‘i, tog‘ orolning qoq o‘rtasida joylashgan bo‘lib, chor tomoni qalin o‘rmonzor bilan qoplangandi. Bunday qulaylik ularga haykal yasashning mislsiz imkonlarini yaratgan, ular ham shu ishga boshlari bilan sho‘ng‘ib ketishgandi.
 Haykalni ulkan, yaxlit toshdan o‘yib ishlashar, tayyor bo‘lgach, o‘rmondan daraxtlarni kesib, maxsus yog‘ochlar yordamida uni belgilangan joyga sudrab keltirishar, tikkalab o‘rnatishar, so‘ng yana behisob o‘tin yoqib, uni qutlashar, atrofga, to‘g‘rirog‘i, yog‘iy nazariga ko‘z-ko‘z qilib zavqlanishardi. Bunga jaboban, sal o‘tmay, raqib tomon ham xuddi shu ishni takrorlab, undan-da baland, undan-da hashamdor yangi haykal o‘rnatib, yuzlab daraxtlarning sarjinlari evaziga yovning hirsu hasadini qo‘zg‘ab, olov tegrasida haftalab raqsga tushib, qiyqirib shodlanishardi. Bir qarasangiz, Orol xalqi faqat shu ish bilan bandga o‘xshardi. Odamlarning og‘zidan bitta so‘z - haykal, haykal, haykal tushmasdi. Urushlar tobora avj olib, yuzlab Orollikning yostig‘i qurib qolganiga qaramay, kin va adovat baralla davom etar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga haykallarning ismi, haykallarga esa jangda o‘lgan qaxramonlarning nomi berilardi. Shunday qilib, hammasi bir yerda, bitta Orolda, Oroldagi haykallar atrofida aylanardi: hayot ham, xayol ham, orzuyu armon ham...
 
 4. 

 Bora-bora esa o‘rmon kamayib ketdi. Dushman qabilalar o‘ziniki qolib, yog‘iy hududidan daraxt o‘g‘irlashga kirishishdi. Natijada bir dushmanlik o‘nga yetib, bir-birlarining ustiga qo‘shin tortib kelishlar qiriga chiqdi. Nihoyasi yo‘q to‘qnashuvlar oqibatida o‘rtaga tikilgan devor, devorga qo‘shilib yon atrof, butun orol payhon bo‘lib borar, adoqsiz qirg‘inbarotdan so‘nggina yana ma’lum muddat, shundayam nafas rostlash uchungina tin olinardi. Bu vaqt mobaynida yer bilan bitta qilingan devor qayta tiklanar, o‘liklar dafn etilar, maydonlar naridan beri tozalanardi. O‘rmon kamaygani sari undagi hayvonotu nabotot, parandayu darandaning ham mazasi qochgandi. Hayvonlar so‘yilib yo qirilib sob bo‘lgan, qushlar esa bu xosiyatsiz Oroldan chor tomonga uchib jon saqlardilar. Odamlar... Ular och qolib, och ko‘zlarini suvgagina tikib, poyonsiz ummon hadya etadigan ne’matgagina umid bog‘lab kun o‘tkazadigan hollarga tushishdi. Ana shunday taloto‘plarda deng, ilgari kamnomaroq, kamsuqumroq bo‘lgan kalamushlar birdaniga har yoqni mo‘ri malaxdek bosib ketganini hech kim payqamay ham qoldi. Jirkanch maxluqchalar quruqlikda, suv bo‘yida, yerto‘lalarda, hatto odamlar yashaydigan kapayu o‘tovlarda ham emin-erkin kezishaveradigan odat chiqarishdi. Ochin-yupun qabila a’zolari ularni tutib, olovda pishirib yeyishdan-da tap tortishmasdi. Lekin shuncha ko‘rgiliklar yetmagandek, taqdirning baloyu qazosi yanglig‘ Orolga o‘lat degan kasofat tarqaldi. Omonsiz urushlardan mo‘‘jiza tufayli omon qolgan kishilar endi yoppasiga qirilib keta boshladi.Tosh yo‘nadigan, tayyor haykalni sudrab, belgilangan joyga oborib o‘rnatadigan azamat qolmadi, hisob. Ammo bu ne sho‘rishki, qolgan-qutgan shugina dildiragan tirik jonlar ham kechayu kunduz birgina ish – tosh yo‘nish bilan mashg‘ul edi! Haykal dardi bilan andarmon edi ularning bari... 
 Ahvol tanglashib, o‘zining haddi a’losiga yetganida qabila vakillari hatto bir-birlarini tutib olib yeya boshlashdi. Ammo ne tongki, shunda ham tirik yurganlar, yurishga holi yetganlarki bor, har kun haykal dardi bilan uyqudan uyg‘onib, o‘rtadagi yagona toqqa chiqib borishar-da, qosh qorayguncha bag‘irlarini harsanglarga berib ishlashar edi. Shu yerda, ulkan toshlar ustida holdan toyib, hushidan ketib va yo joni chiqib dumalab qolganlarning sanog‘iga yetgan yo‘q. Lekin hech kim ularga alohida e’tibor qilmas, o‘lganlarni pastga sudrab borib, umumiy chuqurga tashlab, ustiga bir sidra tuproq tortib qo‘yishardi-da, tag‘in toqqa qarab o‘rmalashardi. Bora-bora shunday kunlar keldiki, qo‘liga qilichu nayza olib jangga kiradigan jangchining o‘zi qolmadi. Qolgan-qutgan kishiki bor, barining qo‘lida sang taroshlaydigan asbobi yiltillardi...
 
 5.

 Quyosh chiqdi, quyosh botdi, oradan yana bir yil o‘tdi. Bu yil yassi tog‘da o‘rmalab yurganlarning ham izini quritdi. Orolda bir necha yuz odamgina ivirsib qoldi. Ha, Orolning holi xarob edi: yeru ko‘kdan ofat ustiga ofat, zillat ustiga zillat yog‘ilib bo‘lgandi. Bas, o‘rtadagi devorni qaytadan tiklashga ham kuchlariyu xushlari yo‘q edi endi. Urushadigan zo‘ravonning urug‘i qurigani uchun ham dushman qabilalar bemalol bir-birlari tomonga o‘ta boshlashdi. Shunday bir paytda urug‘larning ulug‘lari muzokara olib borish vaqti yetdi, deb hisoblashdiyu yigit tomondagilar qiz tomonga “tashrif buyurishdi”. 
 Atrof-javonib ming yil davom etgan urush maydonini eslatardi. Orolni yaradoru kasallarning oh-vohlariyu boyqushlarning sovuq tovushlari bosib ketgandi. Nafsilamrini aytganda, har ikki tomonda ham bunga e’tibor beradigan ko‘ngli bo‘sh odamning o‘zi qolmagandi, hisob. Hammaning tinkasi qurigan, diydasi esa haykal yo‘niladigan toshdek qotib ketgandi. Lekin shuncha vaqtdan beri ikki tomonning qulagan devor uzra ilk bor bir-birining tuprog‘iga behadik oyoq qo‘yayotgani kishini baribir ajablantirardi...
 Yigit taraf o‘zlari bilan qalin muqovali, katta bir kitobni ham ola kelishgandi. Kirib o‘tiradigan butun o‘tov qolmaganidan ulug‘lar tashqarida, ochiq osmon ostidayoq aylana bo‘lib, kesilgan daraxt to‘nkalariga omonat cho‘kishdi. Hammaning nigohida so‘ngsiz musibat arang nafas olardi...
 Oqsoqollar qisqagina kengashishdi. Nafsilamrini aytganda, tortishadigan narsaning o‘zi qolmagandi. Xuddi orolda yeydigan oziqu kiyadigan kiyimning, tanalarda harakatlanadigan madoru ruhlarda yashaydigan qurbning sob bo‘lgani kabi... 
 Yigitning otasi kitobni ochib bir jumla o‘qidi. Bunga javoban qizning padari buzrukvori ishora qilgandi, uning ham qo‘liga bir kitob keltirib tutqazishdi. U ham kitobni ochib, bir jumla, atigi bittagina jumla o‘qidi. Har ikki tomon “ma’qul” degandek bosh qimirlatishdi.
 Shu bilan sulh majlisi qo‘zg‘aldi... 
 
Uchinchi safar

Uch kun o‘tgach ikki qabiladan omon qolgan kishilarning hammasi sohil bo‘yiga to‘planishdi. So‘ng butun boshli Orolda suzishga yaroqli bo‘lgan bittagina qayiqqa har qabila o‘z vakilini o‘tqazdi. Aftidan, kelishuvga binoan harakat qilinayotgan edi. Buni qarangki, ular, har ikki qabiladan tanlangan vakillar o‘shalar, o‘sha yigitu o‘sha qiz bo‘lib chiqdi!.. 
 Yigit ham, qiz ham dunyoga kelibdiki, ko‘rganlari urush edi. Lekin endi ko‘ringki, chorasizlik ikki yuzko‘rmas qabila boshqonlarini murosayu madora qilishga majbur qilib qo‘ygandi. Ular teshilmay, yoqilmay qolgan oxirgi but qayiqqa birlari o‘g‘lini, boshqalari qizini o‘tqazib, taqdirga havola qilishdan behroq chora topisholmadi, vo darig‘! Hatto jigarbandlarining qo‘liga bir misqol bo‘lsa-da yegulik tutqazisholmadi. Faqat bir necha ko‘zada suv, olov yoqish uchun chaqmoq tosh berishdi, xolos. Yana to‘r va qarmoq. Bas!.. Yigit va qiz xeshu tobor bilan ne bir ahvolda vidolashib, chor-nochor qayiqqa o‘tirisharkan, yuraklari xavotirga to‘la edi. Balkim botinlarining qay bir kunjida milt-milt etib umid chirog‘i ham yonib turardi... 
 Yigit ham qiz Oroldan uzoqlab suzib borisharkan, beixtiyor ortlariga qayrilib qarashdiyu taxtadek qotib qolishdi. Ne tongki, ularni sohilda qator bo‘lib haykallar kuzatib qo‘yishayotgandi... Va... va barchasining yuzlarida namoyishkorona zaharxanda muhrlangandi... Haykallar dushmanni masxara qilish uchun atay shunday – yuzlarida achchiq kulgu bilan taroshlangandi. Shunda... shunda yigit va qiz bir narsani tushunib yetishdi. Oroldan ayrilishganda, undan uzoqlashishganda ayon bo‘ldi bu haqiqat. Shu choqqacha tushunishmagan, ularga hech kim, hatto qabilaning eng ulug‘lari, oqinlari, arkonlari ham lom-mim demagan haqiqat ko‘z o‘nglarida yuz ochib turardi. U ham bo‘lsa, haykallar, shu kekkaygan toshlar ularni haydab, Orolga, ularning Vatanlariga o‘zlari hokim bo‘lib olishib, endi mazza qilib ustlaridan kulayotgan, qahqaha otishayotgan edi...
 Yigit va qiz orolni aylanib suzishdi: haykallar har yerda, mitti Orolning har bir odimida askardek saf tortib turishardi. Go‘yo endi bu orol ularning o‘z Vatanlariga aylangan, endi u yerga odam tugul qush ham uchib o‘tolmasdi go‘yo. Binobarin, yigit va qiz endi bu Orolga abadul abad begona bo‘lishgandi, endi u zaminga qaytisholmasdi, qaytishganda ham Orolni gir aylanib o‘rab olgan haykallar safini yorib, ichkariga kirisholmasdi... 
 Endi yigitu qiz hammasini bilishgan edi. Ularni bu holga solgan yovuz kuch ularning o‘zlari edi. Haykallar ana o‘sha yerdan, Orollik odamlarning o‘z ichlaridan to‘ragan maxluqlar bo‘lib chiqdi. Ammo bular emas, balki ularning ota-onalari, balki ularning ham ota-onalari... shu haqiqatdan vaqtida voqif bo‘lishgandami, balki taqdirlari butunlay o‘zgacha kecharmidi. Hammasini tuzatish, qanchadan qancha qabiladoshlarining juvonmarg ketgan jonlarini, Oroldagi son-sanoqsiz parrandayu darranda hayotini saqlab qolish mumkinmidi o‘shanda... Ammo endi kech, judayam kech... Endi buni yigit va qiz biladi, ular hamma sirdan xabardorlar. Faqat bu sir endi kimga kerak ekan?.. Balki Tangri yorlaqab, ularning qayiqlarini shunday bir yam-yashil orolga olib chiqar-da, hammasi yana boshqacha bo‘lib ketar, kim biladi, deysiz, nima bo‘lgandayam yaxshi niyat yaxshi-da... 
 Yaxshi niyat yaxshiku-ya, ammo qani endi faqat niyatlar bilan ish bita qolsa. Bitmaydi-da. Butun boshli ikkita qabiladan ikki nafargina qolgan bo‘lishlariga qaramay, yigit bilan qiz bir-birlariga yovdek qarashib, talay vaqtni boy berishdi. Ammo ular bitta qayiqda edilar, binobarin, bitta taqdirning hukmiga havola etilganliklarini, ortda, halokatga yuz tutgan qabilalarining yakkayu yolg‘iz umidlari o‘zlari ekanliklarini ich-ichdan anglab, his qilib turishardi. Turishardi-yu, na yigit va na qiz yurak yutib, ming yillik adovat devorini buzib tashlab, nimadir deyishga, nimadir qilishga jur’at qilishmasdi. Yigit indamay eshkak eshib, qiz bo‘lsa, qayiqning yigitdan olisroq chetida suvga tikilgancha noma’lumlik qa’riga oqib borishardi... 
 Nihoyat, yigit ilk qadamni qo‘ydi. U urindi lattaga o‘ralgan allaqanday matohni avaylab ochdi-da, qizga qarab “Bu - bizning kitob!” dedi faxr bilan. Shunda qiz ham qo‘ynidan shunday bir kitob chiqardi. Ularning biri osmon, ikkinchisi esa zamin rangida bo‘lib, shaklu shamoyillari ham farqli edi. Ammo ichini ochib qarashsa, ikkalasi bir xil, bitta kitobdek tuyuldi. E, voh! Yigit va qiz hayratdan ko‘zlarini katta-katta ochib, bir-birlariga xuddi “O‘ngimizmi-tushimizmi?” degandek savolchan boqishdi. Ular fahmlab turishardiki, necha ming yillardan beri jiqqamusht solishib kelgan ikki dushman qabilaning kitobi bir bo‘lib chiqishi mumkin edi! Ko‘zlariga ishonishmadimi, yonmayon-yon o‘tirib olishib, suzishni ham unutib, uzoq vaqt kitobni sinchiklab titkilashdi, varaqma varaq, misrama misra solishtirib o‘qishdi, ha, shubha yo‘qki, kitoblar tashqaridan har na qadar har xil bo‘lib tuyulsa-da, mohiyatan bitta, yagona tilda, yagona Xattot tomonidan, hatto yagona siyoh bilan bitilgan bir kitobning ikkita nusxasi edi... Lekin nega? Nima uchun ularni o‘qiganlarning dillari doimo ayri-ayri bo‘lib keldi? Nega ular o‘zaro til topisha olmadilar?..
 Turib- turib, yigitning jahli chiqib ketdi. Shartta qo‘lidagi kitobni suvga uloqtirmoqchi bo‘ldi. Shunda qiz favqulotda chaqqonlik bilan kitobni yigitning qo‘lidan ilib oldi-da, orqasiga yashirishga ulgurdi. 
- Shoshma! Balki uni biz, sen bilan men boshqatdan, tushunib o‘qib chiqarmiz? Ayb kitobda emasdir, ayb uni o‘qiganlardadir, bizning, orolliklarning kitobga bo‘lgan munosabatimizdadir, ehtimol?!.. – dedi hayajonlanib.
- Bundan nima naf? Ota-bobolarimiz ularni ming yildan beri o‘qib kelishdi, avaylab, butun umr yonlarida olib yurishdi, lekin natija, natija nima bo‘ldi? Bizmi o‘sha la’nati natija? Tushib qolgan holimizga bir qarasang-chi?.. Yo‘q, otalarimizga yaramagan bu kitoblar sen bilan menga ham asqotmaydi. Bas, shunday ekan, ulardan voz kechish kerak, tushunyapsanmi, voz kechish!..
- Xo‘sh, voz kechding ham deylik. Keyin-chi, keyin nima qilamiz?!..
- Keyin biz o‘z kitobimizni yozamiz, eshityapsanmi, o‘qigan odam amal qiladigan o‘z kitobimizni bitamiz!..
- Qo‘limizda shunday kitob bor-ku! Faqat unga amal qilish qolyapti, xolos!
- Yo‘q, ulardan tezroq xalos bo‘lishimiz kerak!.. - qo‘lini kitoblarga uzatdi yigit.
 Qiz ortiq e’tiroz qilmadi. Ammo kitoblarni olib tag‘in qayiqning narigi tomoniga borib oldiki, bu tadbir har qanday javobdan-da qat’iyroq javob edi. Yigit unga uzoq vaqt sinovchan qarab o‘tirdi. “Men tomonga o‘tar, yonimga kelib odamlarni to‘g‘ri yo‘lga sololmagan kitoblarni qo‘limga tutqazar yoki o‘zi ummonga otib yuborar”, deb kutdi. Biroq qancha fursat o‘tmasin, qizdan sado chiqmadi. Alfozidan kitobni beradigan emasdi qiz. Aslo! Yigit unga yaqinlashgudek bo‘lsa, kitob bilan birga hatto suvga sho‘ng‘iydigan siyoqi bordek edi uning... 
 Tuni bilan ular shu taxlit o‘tirib chiqishdi. Nihoyat, ufqning quyuq qora pardasi so‘kilib, bobo quyoshning malla kokillari sekin-asta atrofni qoplay boshlagachgina yigit og‘ir qo‘zg‘aldi, eshkaklarni qo‘liga oldi va qayiqni harakatga keltirdi... 
 Ajab emas, taqdir yorlaqab, ular ham bir vaqtlardagi qadim ajdodlari yanglig‘ zilol suvlari sharqirab oqib yotgan Orolga chiqib qolishar-da, hammasini boshqatdan boshlab yuborishar... Shunda, ehtimol, albatta kitobni qiz aytgandek qaytadan o‘qishga, o‘qiganda ham uqib o‘qishga tutinishar. Muhimi, o‘qib uqqanlariga rioya qilishar... Alqissa, u yerda hech qachon urush bo‘lmaydigan, hamma bir-birlari bilan ahil va inoq yashaydigan jannatmonand mamlakat barpo etishar...
 Xayolidan shunday o‘ylar kechgani sayin bilagiga ham qayoqdandir g‘ayritabiiy kuch kelib qo‘shilar-da, zo‘r berib eshkak eshardi yigit. Undagi o‘zgarishni his qilgan qiz, asta turib uning yonginasiga kelib o‘tirdi...
 Safarning yettinchi kuni deganda yana bir yangi tong otib, qoramtir osmon oltinrang nurlarga chulg‘angan mahal, huv olisda, yigit va qizning qayig‘i suzib borayotgan tomonning etagida, momiq bulutlar ostida bir juft oppoq qush nimadandir xabar berayotgan kabi chug‘ur-chug‘ur etgancha charx urib aylana boshladi...
 
2012 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.