OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Sabo va Samandar (romandan parcha)

Ishq ichra meni yo‘q ayla, yo Rab!
Navoiy.


1
Yana bag‘ri chok-chokidan so‘kilib uyg‘ondi. Yana ko‘kragida o‘sha tuyg‘u, hayotida o‘sha g‘alayon, boshida esa o‘sha isyon bor edi uning. Yana dardiga dunyodagi jamiki malhamlarning kor etmasligini suyak-suyagigacha anglab turardi. Anglaganidan, ko‘zlari uyquli bo‘lishiga qaramay, qaytib uxlay olmasligini ham bilganidan xobxona eshigini ohista yopib, oshxona tomonga o‘tdi. Musluk murvatini burab, bir piyola muzdek suvni yutoqib-yutoqib ichdi. Zora ichini kuydirib borayotgan olov taftini bir dam bo‘lsin, bossa, yuragiga, vujudiga sovush lazzatini baxsh etsa!..
Qayoqda... U uf tortgancha balkonga o‘tdi. Yarim ochiq derazadan bahor hidi shundoq dimog‘iga urildi. Derazani katta qilib ochib yubordi. Endi qushlarning jivir-jiviri qulog‘iga xush keldi. Biroq... biroq bularning hech biri bag‘rini yondirib borayotgan darddan chalg‘ita olmas, unga malham oromini bermas, berolmasdi. Umuman, uning hayotida neki sodir bo‘lgan va bo‘layotgan esa hamma-hammasi o‘sha... tufayli, o‘sha...ning atrofida aylanayotgandi. Uzoq muddat yuzini ko‘klamning yuziga tutgan va ko‘zlarini yumgan ko‘yi bir baytni yuz martalab takrorladi:

Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket meni...

Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket meni...

Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket meni... 
Uh-uh-uh!.. Hatto yozishga ham qiynalasan, kishi. U qo‘shaloq satrni necha yillar, yillar nimasi, necha o‘n yillardan beri takror-takror aytadi. Aytish nimasi, emranadi: "Tushimda ko‘rdim seni," deydi, so‘ng xuddi o‘sha ko‘rgan kishisi qarshisida tiz cho‘kib turgandek yolboradi: "Birga olib ket meni!.." Lekin bu faryodu nidolar javobsiz, javobsiz... Ehtimol, javob aynan shu yerda — sukutdadir, muttasil javobsizlikdadir, kim biladi, deysiz...
Shundan keyin o‘sha ikki qo‘shaloq misraning davomi tug‘ildi va ushbu emranish, ushbu... bilmadim, nima deb atasa to‘g‘riroq bo‘ladi, ushbu bo‘zlash uning hayotining manifestiga aylandi...

"Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket, meni..."
Ey afsona ruh — sevgi!
Qismatimni suy endi.
Xudoyimni sog‘indim...

Tushimda ko‘rdim seni...
Xayolingga tutildim,
Turmushimni unutdim.
Borar joyim yo‘q endi,
Birga olib ket meni!..

Dunyo dag‘al, qattiqdir,
Sevgan ko‘ngil ortiqdir.
Nima qilay? — Ayt, gulim,
Sensizlikdir o‘ng-so‘lim.
Tushlarimga qochgayman...
 
Ey afsona ruh — sevgi!
Duo qilgil sen meni!..
Dunyolarim kuysa ham,
Do‘st dushmanim kulsa ham,
Yuragimni tark etma,
Jismim ichra g‘arq etma...

Xudoyimni sog‘indim...

Necha marta unga "bu dunyoda sevgi yo‘q!" deb aytdilar, iddao qildilar, garov o‘ynadilar, dag‘dag‘a qildilar, ustidan kuldilar, oshkora ham pinhona gap qildilar — bo‘lmadi. Faylasuflari kelib "Sevgi bu — dunyoni anglash yo‘lidagi ulkan zinapoyaning bitta zinasi", desalar, ruhshunoslari shivirlab "Sevgi bu — tiyilgan ehtirosning xayol surishi" dedilar. O‘h-ho‘, bularning aytganlarini sanab adog‘iga yetib bo‘larmidi... Lekin yo‘q, yana yo‘q! Indamay eshitadiyu, boshini sarak-sarak qiladi, biroq bilganidan qolmaydi. Axir qanday qolsin, yurak-bag‘ri jizg‘inagi chiqib yonib turgan bo‘lsa, kuyib yurgan esa... Ishq, ishq va yana ishq bo‘lsa bilgani, his qilgani, o‘ylagani, o‘nggi va tushi... Shuning uchun ham u bu dahri dunyoda, bu dag‘al olamda oldingi safdagilardan, birinchilardan bo‘lmadi, bo‘lolmadi. Esu hushiga na nasihat kirdi, aqlu yodiga na sarvat. Devonai Mashrab bo‘ldi go‘yo, balki ayni Majnuni davron. Bilmadim, bilmadik... Bilganimiz shuki, u o‘z dardining quli edi. Inchunun, o‘z dardining malhamiga ham ehtiyojmand edi...
"Bugun Seni Ko‘rsam..."
Bo‘ldi. Shu uchta so‘z uning nihoyasiz dardlariga shifo bo‘lguchi o‘sha malham! Shu uchta so‘zda uning baxti mujassam. Shu uchta so‘zda u o‘z qismati mohiyatini, insonlik mazmunini anglaydi, his qiladi. Va bu shunday anglash va his qilish bo‘ladiki, buning ta’midan hushlari boshidan uchadi, borlig‘i qandaydir mutlaq bir og‘ushga g‘arq bo‘ladi va butunlik kasb etadi...
"Seni Ko‘rsam Bugun..."
Huvillab yotgan yalang‘och dunyo shu bilan mazmunga to‘ladi. Oh, bu qanday lazzat, qanday farog‘at!.. Lekin nega odamlar ishq qolib, bu dunyoga kelib-ketishning eng muhim, eng birlamchi, eng kerakli qadriyati — muhabbat qolib, atrofdagi juda arzimas, juda mayda ishlar bilan shug‘ullanishadi — buni tushunmaydi u. Axir faqat ishq tuyg‘usigina tiriklikni, tirik yurishni, ertalab uyg‘onishu kechqurun boshni bolishga qo‘yish zahmatini oqlaydi. Faqat muhabbatgina insonga quyoshga yuzlanib turish jasoratini, undan bahra olish va muloqotga kirishish huquqini beradi. Faqat sevgigina odamga chuqur entikib "Men insonman!" deyish iftixorini hadya etadi. Faqat ugina...
Bo‘ldi, bas!.. So‘zni uzatgan bilan ishqsiz ko‘ngillarni sevgiga to‘ldirib bo‘lmaydi, ishqli dilga esa bir kalomning, bir dardchil imoning o‘zi kifoya — u darhol muddaoni anglaydi. Chunki uning ham tuprog‘i senikiga o‘xshash, siz bitta mulkning, yagona sultonlikning fuqarolarisizlar, bitta dinga — ishqqa topinguvchi dindosh va qavmdoshsizlar. Yo‘qsa,  boshqa bir kishiga ishqsiz bir beboshga ko‘ngildagidan bir nima deb ko‘r-chi, u senga xuddi jinniga qaragandek, yeb qo‘ygudek bo‘lib qaraydi: "Qiladigan boshqa ishing yo‘qmi?" deya ustingdan oshkora kuladi. Sen ishqni "Tiriklikning javhari" deya qancha ulug‘lasang, u "Bekorchining ermagi" deya shuncha mazax qiladi. Uning tutumi senga qancha tushuniksiz kelsa, seniki unga shuncha g‘alati tuyuladi. Shuning uchun ham bu dunyoda har kimning o‘z qavmi, qavmdoshlari bo‘ladi. Inson faqat shunday qavmdoshlari tomonidangina qabul etiladi va siylanadi, boshqa yerda u hatto o‘z aka-ukasiga ham yetti yot begona bo‘lib qolaveradi... Bas, shunday ekan, sen ishqdan so‘z aytmoqchi bo‘lsang, o‘z qavmingga — seni tushunadigan va sen tushunadigan tanlangan kishilargagina aytginki, toki begonalar ichra begona bo‘lmagaysan.

2
Tong sahardan beri "U" deb kelayotgan kishimizning asl ismi Samandar. U katta bir shaharning nufuzli universitetlaridan birida adabiyotdan dars beradi. Yoshi elliklarda, sochlariga allaqachon oq oralagangina emas, balki qoralari bilan aralashib-quralashib ketgan...
— Iya, bu yog‘i qandoq bo‘ldi? — deya e’tiroz bildirishingiz tayin, o‘quvchim. — Siz axir ishq-muhabbatdan hikoya qilmoqchi edingiz-ku, qahramoningizning bo‘lsa yoshi bir joyga borib, boshini qirov bosib qolibdi?..
— Hamma gap shunda-da, — deyman javoban men Sizga. — Axir bunday bo‘lmaganda men yurak yutib sizga bir so‘z demoqqa jur’at etarmidim? Hamma gap ana shu boshini qor qoplagan, yoshi ellikni urgan Samandarning... allambalo qismatida, ajabtovur ko‘nglida, ko‘nglidagi hali-hanuz bosilmagan, bosilishi yaqin kelajakda kutilmayotgan olov — muhabbatning taftida... Siz shoshmang, meni ham shoshirmang, hammasini bir boshdan, bir kanordan aytib beraman. Shunda biz Samandarning tim qora sochlari shamollarda uchib o‘ynagan yigirma yoshlik chog‘lariga ham duch kelamiz, sevgilisi bilan qo‘l ushlashib, sovuq  hisob-kitobga o‘ch dunyoning qilg‘iliklariga qarshi isyon etgancha ozod shamollar qo‘yniga qochib ketgan damlarini ham eslaymiz... Faqat shoshmang, meni ham shoshirmang...
Hozir esa uning yoshi ellikda. Ana o‘zi! Universitetdan qo‘lida papkasi bilan parishonxotir bo‘lib chiqib kelayapti. Ana, har galgidek orqasidan bir talaba qiz shoshib kelayapdi:
— Domla, to‘xtang, soatingiz qolib ketibdi.
Samandar burilib qarab, qizga tashakkur aytdi, dars o‘tarkan, odaticha yechib, stol ustiga qo‘yadigan va ko‘p bor unutib qoldiradigan soatini olib chap bilagiga taqdi. So‘ng yo‘lida davom etdi...
Hayhot, bu yo‘lning adog‘i bormikan? Buncha uzun bo‘lmasa hijronning ushbu yo‘li?!.. Qariyb o‘ttiz yildan beri tinimsiz, tinimsiz va yana tinimsiz bosadi Samandar uni, biroq arimaydi yo‘l qurmag‘ur. Qariyb o‘ttiz yildir Samandarning ko‘zlari yo‘lning uzog‘iga qadalgan...O‘ttiz yildir, balkim bu yo‘llar o‘z yo‘lovchisidan zerikkandir, yillar ham toliqqandir, ammo qahramonimizning oyoqlari va ko‘zlarida horg‘inlik sezilmaydi, harakatlarida ikkilanish bilinmaydi... Aksincha... aksincha, u o‘ttiz yildir borgan sari o‘z ishqida qat’iy, o‘ttiz yildir sevgilisi sari talpinadi, o‘ttiz yildir uni kuylaydi, madh etadi, unga atab qasidalar bitadi, romanlar nashr etadi. Ishonmaysizmi, mana uning o‘ziga — pulli to‘xtash joyidagi mashinasi tomon odimlab borayotgan Samandarga yaqinroq boring. Ha-ha, hadiksiramay boravering, yo‘qsa, bizni mubolag‘ada, hayot haqiqatini buzib ko‘rsatishda ayblab yurasiz... Unga qarasangiz-chi, aziz o‘quvchim, axir u hech kimga e’tibor bermay, papkasini qo‘lida siltagancha baland ovozda o‘z-o‘ziga she’r aytib, talabalaru o‘qituvchilar, ishchilaru haydovchilar orasidan dadil odimlab borayotir:

Yo‘lchiman, manzilim dengizdan nari,
Lojuvard ufqning tubiga yaqin.
Ko‘nglimda dardlarim daryodek oqin,
Chayqalar ko‘zlarim tikilgan sari.
O, yo‘llar!

Chu, qora toychog‘im! Chu, qora yo‘rg‘am! 
Murodga qasd qilib yugurgan yetur.
Bo‘ronni sevmasa, dil nechun tepur?
Tiriklik ne kerak bemehnat, beg‘am?!
Chu, qora yo‘rg‘am! 

Vo darig‘, deyman menki, odam bolasi nahotki shundayin ishqqa qodir esa?! Nahotki bundayin ishqning o‘zi bo‘lsa?! Axir zamonlar necha bor turlanib, rost tuyg‘ular ustiga yolg‘onlari qat-qat yotmadimi? Bani inson ham sotqin hislar ila til biriktirib, chinlarining qachonlardir mavjud ekanini, ularning bag‘rida o‘zini cheksiz saodatli bo‘lganini unutib yubormadimi?!.. Vo darig‘!.. Agar Samandarning qalbida haligacha o‘shandayin ishq baralla yashayotgan esa, Yaratganning oldidagi urvoqqina iymonim bilan qasamki, bu yigit ko‘chani to‘ldirib yurgan odamzodning qavmidan emas! Yo‘q!!! U o‘zga sayyoralikdek noyob biz uchun, bizning zamonlar uchun!..
Bu paytda Samandar mashinasining oldiga yetib kelib, eshigiga kalit solib ochayotgandi... Ochdi, qo‘lidagi papkasini yonboshdagi o‘rindiqqa tashladi-da, ketidan o‘zi ham cho‘kdi. Rul chambaragini quchgancha uzoq muddat shu ko‘yi o‘tirib qoldi. Nihoyat, chuqur xo‘rsingancha, motorni yoqdi. So‘ng tez qo‘zg‘alib uyiga yo‘naldi. Faqat shu lahzada, aziz o‘quvchim, gaplarimga kirib unga ergashgan, uning yonida bo‘lganingizda edi, yarim ochiq oynadan og‘zidan chiqqan boyagi she’rning parchalari qulog‘ingizga chalinib qolardi:

Murodga qasd qilib yugurgan yetur,
Bo‘ronni sevmasa dil nechun tepur?
Chu, qora toychog‘im? Chu, qora yo‘rg‘am!..

Ajab, mashinasiga endi e’tibor qilibman, uning rangi xuddi she’rdagi yo‘rg‘anikidek tim qora ekan...
3
Samandar haqida bas endi, yozuvchim! Tarozuning ikkinchi pallasiga nazar tashlashning fursati yetdi, chog‘i. Samandarni qiynayotgan, necha o‘n yildan buyon xayolini tag-tomiri bilan sug‘urib olgan va shu yurak umri davomida o‘ziga mangu mixlab olgan borliq — xudoyimning ajoyib yaratig‘i — Sabo to‘g‘risida yozish vaqti keldi, axir! Sabo, Sa-bo!.. Bu ismni aytgani sari odam beixtiyor parvozga shaylanayotgan qushdek yengil sezadi o‘zini. Yo‘q, u aynan mana shu qush yanglig‘ parvoz qiladi ham. "Sa..." deganda hushyor tortadi, "bo!" deganda ko‘kka qarab shaylanadi, qushdek parillab uchadi, uchadi, uchaveradi... Sabo samoga boradi, unga qo‘shilib singib ketadi. So‘ng siz ajratolmay qolasiz — sabo qaydayu samo qayda?
Bo‘ldi, bo‘ldi, bo‘ldi!.. Sizning achib ko‘pchigan xamirdek yoyilgan miyig‘ingizni va undagi achchiq kinoyani ko‘rib turibman. Bilaman, siz bilan biz o‘z zamonamizning farzandlarimiz. Zamona esa sal avval yozganimizdek, sevadigan, seviladigan emas. Yorini ismini talaffuz qilganda qalbi qushdek osmonda charx urib uchadigan odamlarni hayotimizda uchratmaganmiz balki. Shuning uchun ham "Sabo!" deya yoki boshqa bir ismni aytib, qulog‘imiz ostida bong ursalar-da bir seskanib qo‘ymaydigan holga tushib qolganmiz va bundan albatta g‘ururlanamiz. Bizning qahramon esa nodir kishi! Shu ma’noda u bu dunyoning, bu zamonning farzandi emasdek. U o‘z ichki olamining — ko‘nglining bolasi. "Sabo!", deya uyg‘onadi u, "Sabo!" deya ko‘z yumadi ham. Uning bismillosi — Sabo, tavbasi — yana Sabo...
Bu-da erish tuyuladi siz bilan bizga. Lekin na chora, sevgi, chinakam muhabbat shunaqa bo‘ladi shekilliki, ba’zan sevishganlarning xatti-harakatiyu bir-birlariga aytayotgan  izhori dillari bizning — oddiy odamlarning nazarida shakkok¬likdek bo‘lib tuyuladi...
O‘shandayam ayni bahor chog‘i edi... Atrof endi tetapoya bo‘lib, tilga kirayotgan boladek shirin va jozibali mohiyat kasb etayotgan diltortar palla. Bunday vaqtda, odatda, talabalarning ko‘zlari deraza ortiga mixlangan bo‘ladi. Endi nish urgan, tepasida asalarilar uchib qo‘ngan o‘rik va shaftoli gullarida, xayollari ham shunga monand qayoqlardadir — olis-olislarda qochib yuradi. O‘qituvchining, — ming qilsa ham, hisobsiz pedagogik mahoratining yaltiroq, ko‘z va quloq chalg‘ituvchi qog‘ozlariga o‘rab chirmasa ham, baribir, — aytgan gaplari, o‘qigan ma’ruzasi vujudlarida yoshlikning qaynoq va sarguzashttalab qoni yangi vulqonning lavalaridek qaynab turgan yigitu qizlarning quloqlarining bunisidan kirib, unisidan chiqib ketadi.
— Tezroq ta’tilga chiqsag-u, — Saboning yelkasiga esnagancha boshini qo‘ydi dugonasi Nazira.
— Shahlo qani? Bugunam kelmasa, zerikib o‘lamiz ikkalamiz... — dugonasining boshiga boshini asta urib dedi Sabo.
— Qanaqadir bir domlaning darsiga ketgan bo‘lsa kerak. O‘tgan hafta ham shunday bo‘luvdi, esingdami? — ma’ruza o‘qiyotgan o‘qituvchining o‘ziga qarab-qarab qo‘yayotganidan sergak tortib, boshini ko‘tardi Nazira. 
— Ha, kim ekan u domla, buncha qiziqmasa?..
— Adabiyotdan kiradi. Kelishgangina... — O‘qituvchining hadeb o‘zlariga qarayotgani tufayli lab-lunjini to‘g‘rilab, ma’ruzani eshitib, yozib borayotgandek daftariga engashdi Nazira.
— Fuuu, Shahloning yigiti bor-ku, boshiga uradimi o‘qituvchini?..
— Darsiga qiziqayotgandir...
Ikkala dugona bir-biriga qarab qiqir-qiqir kulishdi...
— Fayzieva!.. Yoningizdagi o‘rtog‘ingizni olib, tashqariga chiqib keting?... — O‘qituvchining dag‘dag‘ali ovozi yangradi havoda. Sabo bilan Nazira birdan jim bo‘lib boshlarini egib olishdi.
— Kutyapman, darhol chiqib ketinglar!.. — o‘qituvchi so‘zida turib oldi, — darsni to‘xtatib qo‘ydinglar. Qani, tez-tez!
Dugonalar noiloj sumkalarini yelkalariga ilib, auditoriyani tark etisharkan, u yer-bu yerdan qizlarning qiqir-qiqir kulgani eshitildi. Sabo orqasiga o‘girilib tilini chiqardi-da — "Vuvv!" deya ermak qilgancha eshikni qarsillatib yopdi...

4
Samandar yotoqxonaning devorlari uniqiblar ketgan xonasida daftarga nimadir yoza boshladi. Uzoq yozdi. O‘chirdi. Yana yozdi... Nihoyat, yozganini ovoz chiqarib o‘ziga o‘zi o‘qiy ketdi:
Men sendan oldin xudoyimning dargohiga boraman, inshaolloh! Chunki qalbim sezadi buni... shunda, bilasanmi, ustingdan naq xudoning o‘ziga arz qilaman: "Men uni o‘lgunimcha sevdim, butun borlig‘im bilan, eng so‘nggi hujayralarimgacha unga talpindim, uni dedim, uni alqadim, uni kutdim... Lekin... lekin u kelmadi: Ishni bahona qildi, udumni, qarindosh urug‘laru do‘st-birodarlar gap-so‘zlarini bahona qildi... Xullas, o‘z sevgisi uchun hech nima qilmadi, kurashmadi, kelmadi... Holbuki, bu yoqda mening ko‘zlarim kutaverib teshilib ketgandi, kuch-quvvat, sabr-toqatgina emas, qurb... qurbim ham qolmagandi, bitib sob bo‘lgandi. Men quruq savlatim bilan qolgandim. Turgan men emas, balki burungi Samandarning soyasi edi. Biroq, baribir kutaverdim. Kutishda va umid qilishda davom etaverdim. Kelmasligini bilardim, lekin taqdirdan mo‘’jiza kutardim, eshityapsanmi, mo‘’jiza!..

Kelmasligim bilsam-da, axir,
Kutaverib ko‘zim teshilar.
Qaydan menda bu savil sabr? -
Azoblarim ming bor eshilar...

Tun oqarmas — borar quyuqlab,
Borgan sari men-da ojizman.
Faqat birdan bo‘zargan ufqday
Sodir bo‘lsa deyman mo‘’jiza...

Sodir bo‘lmas biroq mo‘’jiza...
Shunday qilib, men seni Xudoga aytaman, shikoyat qilaman ustingdan, eshityapsanmi?...

Seni kutdim... ko‘zlarimda yosh...
Yosh demaki, so‘nyotgan quyosh...

Olamlarga borar yo‘limsan,
Yurak bag‘rim, oyoq-qo‘limsan.

Tushunmaysan faqat ko‘nglimni,
Yovuq kelgan mehmon — o‘limni...

Shundan ichda faryodlar o‘sar,
O‘sib meni olamdan to‘sar...

Zulmat cho‘ksa bir kun dunyoga,
Arz etgumdir, bilgil, Xudoga...

Ha-ha, arz etaman. Arz etib, aytamanki, bu qizni nigohimdan uzoq qilma, toki uni yana sevish mumkin bo‘lsin, qaerda bo‘lmayin, ruhim qay dunyoga oqib bormasin, sevib oyoqlariga yiqilish, bo‘zlab og‘riqlarimni — faryodlarimni aytish saodati meni tark etmasin!.. Mayli, u menga boqmasin, parvo etmasin, lekin uni nomavjud etma... Uni ko‘rib, his qilib turish baxtidan meni mahrum qilma, Parvardigor!.." 

5
 "Men seni sevaman! — dedi xayolan derazadan pastdagi o‘rikning oq pushti ranglariga boqib turgan Samandar Saboga murojaat etib. — Sen mening borlig‘imsan, bu dunyoga kelib topganim yagona javohirim — sensan! Agar qachondir hech vaqosiz qolsam, yo‘qotganim ham sen bo‘lasan! Bu navosiz dunyoda, hayot va xayollarimda, tilim va dilimda yangragan birdan bir navom ham, otam va onamdan, tug‘ilgan go‘shamdan ayro tushib, shafqatsiz turmushimdan, do‘stu birodarlarimdan achchiq zarba yeb, qayon borishimni bilolmay, hatto xayolan qochib borib, bir yutum taskin simiradigan joy topolmay o‘rtanib qolganimda... kutilmaganda yo‘limdan paydo bo‘lgan najot farishtasi, ozurda bo‘lgan yuragimni qo‘yarga yakkayu yagona ma’vom ham o‘zingsan!.. Seni ko‘rish uchun qaboqlarimni ochishga hojat yo‘q. Chunki senga talpingan, seni istagan yuragim seni dunyoning changalidan — tashqaridan yulib olib, ichkariga yashirgan. Qorachig‘larim o‘rnida jilvalangan so‘nmas quyosh, aslida, sen!.. Olamga boqsam, senga qo‘shilib nurlanib ketaman. Olam ham o‘sha nurga chulg‘anadi. Shuning uchun men qilayotgan ishimga, yashayotgan kunimga tahrir kiritmoqchiman: "Muhabbat darsi"ni o‘tmoqchiman. Ha-ha, aynan, o‘shani — "Muhabbat darsi"ni! Shu tobda ko‘zimga boshqa narsa ilashmayapti. Qalbim, aqlim, vujudim... hamma-hammasi faqat seni deyapti, "Sen!" deyapti!.. Tog‘lardan toshlarga urilib oqib tushib kelayotgan soy bo‘yida o‘tirganmisan?!.. Shunda eng avvalo hisobsiz shakl va ranglardagi toshlarga urilayotgan suvning shovullashi e’tiboringni tortadi. Bu shunchaki shovullash emas, balki asrlar osha yashab kelayotgan tog‘larning ko‘ngil nidosi, sirli qo‘shig‘idir. Sen ham mening ana shunday qo‘shig‘imsan! Toki tirik ekanman, sen ham xuddi tog‘lar bag‘ridan so‘kilib tushayotgan va qo‘shiq bo‘lib shovullayotgan soy yanglig‘ yuragimdan sitilib oqaverasan, sevgilim!!.."
Samandar boshini shirin xayollardan bo‘shatdi. Simkaravotga uzandi. Keyin turib o‘tirdi. Ko‘zlarini chippa yumib, kallasini sarak-sarak qildi, so‘ng keskin silkitdi — go‘yo bu harakati bilan "Sabo" deb atalmish totli og‘ushdan o‘zini tamoman xalos etmoqchidek bo‘ldi. Keyin asta qo‘zg‘alib, tag‘in deraza qarshisiga kelib, tashqari boqdi. Yettinchi qavatdan atrof kaftdagidek aniq ko‘rinardi; daraxtlar xuddi poyida to‘lg‘anayotgandek shamolda silkinib turar, olovrang quyosh cheksizlikka cho‘kib borar, unda-bunda dam olish kunida tashqari chiqqan o‘qituvchi, aspirant va talabalar hafsalasizgina odimlardi. U uzoq muddat deraza qarshisida tubsiz xayollariga tolgan ko‘yi ummonga langar tashlagancha turib qolgan kemadek tek qotdi. So‘ng shundoq yonboshdagi stol ustiga egilib, yana nimalarnidir yozdi, yozaverdi...
Birpas o‘tgach, qaddini ko‘tardi, qo‘liga endigina yozgani bir varoqni olib, xonaning u chetidan bunisiga qadam bosib baland ovozda o‘qidi:

Tubanda shovullar daraxtzor,
Poylarimda botadir quyosh...
Kutayapman, baribir, takror...
Tugayapti tog‘dek bu bardosh!..
Faqat yurak hamisha bola —
Har lahzada mangu yasharman!
Men bilaman — o‘lmasman aslo,
Men sog‘inchman, o‘lim-chi — Vatan!..

Hamon xona ichra chir aylanib yurarkan, Samandar qo‘lidagi qog‘ozni stol ustiga tashladi-da endi yana-da baland ovozda she’rni yoddan o‘qiy ketdi. Keyin yana, yana o‘qidi. Nihoyat, oxirgi misrada to‘xtalib, takrorlay boshladi:
 
"Men sog‘inchman, o‘lim-chi — Vatan!"
"Men sog‘inchman, o‘lim-chi — Vatan!"
"Men sog‘inchman, o‘lim-chi — Vatan!.."

Samandar keskin harakat bilan o‘zini karavotga otdi. Yuzlarini yostiqqa bosgancha ovoz chiqarib dedi: "Unda muhabbat nima bo‘ladi? Axir, endigina "Muhabbat — mening boru yo‘g‘im, o‘zimni qo‘yarga joyim, birdan bir maskanim!" deya shirin xayollarga berilgandim-ku!.. Qaerdan keldi bu... o‘lim?.. Nega uning o‘rniga muhabbat so‘zini qo‘ya qolmadim? Men sog‘inchman, muhabbat — Vatan!" yoki "Muhabbatim, ey cheksiz Vatan!" deya olmadim. Nega tilimga shu dahshatli so‘z — o‘lim qalqib chiqdi! Nega, nega, nega!?!.. — u shiddat bilan o‘rnidan sapchib turdi-da, xona ichida boyagidan ham tezroq aylana boshladi.
— Yo‘q, yo‘q, bo‘lishi mumkin emas! Men muhabbat bilan yonayotgan bir damda o‘limning xayolimga, aql va yuragimga bostirib kirishi mumkin emas. Bu — axir, adolatsizlik! O‘lim! — deya birdan to‘xtadi xona o‘rtasida Samandar. —Muhabbat!.. O‘lim bilan muhabbat... Bu ikki olam o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin? Ularning qay bir qirrasida shunday bir ko‘prik borki, biridan ikkinchisiga o‘tish mumkin bo‘lsa? Ha-ha, o‘limga hali bor, o‘lish uchun ham insonning ma’naviy haqqi bo‘lmog‘i shart! Shundoq — onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsang, o‘shandayligingcha — xomligingcha o‘limning qarorgohiga kirib borish — uyat! Ungacha odam degani uzun va mashaqqatli, sharafli va sururbaxsh yo‘lni bosib o‘tmog‘i lozim... Xo‘sh, bu yo‘lning ismi nima? O‘sha emasmi ko‘prik degani? Nahotki... nahotki muhabbat bo‘lsa? Ha-ha, u — muhabbat-da! Faqat shu yo‘lni bosib o‘tgan insongina o‘limga tayyor bo‘ladi, faqat sevgan va sevilgan ko‘ngil, ishq olovida oxirgi hujayrasigacha lovullab yongan kishigina o‘limga tik boqa oladi... O‘lim!.. O‘lim... Ehtimol, fursat kelib, inson o‘limni o‘ldirib — mangulikka yo‘l solar... Unda nima bo‘ladi? Dunyoda faqat bir yumush — Muhabbat qoladimi?.. Agar odamzot o‘lmaslik yo‘lini qilsa — qarib-chirigan badanni libos yanglig‘ boshqasiga almashtirib ketish hiylasini topsa, Xudoga nima bo‘ladi?!.. Axir, kishilarning Yaratganga hech qanday ehtiyoji qolmaydi-ku! Olloh parchalanib, ma’joziy-ramziy emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’noda har bir odamning yuragiga joylashmaydimi unda?!.. Inson chinakamiga hur bo‘lib, o‘lim va qabr dahshatidan, kasallik va ojizlik changalidan ozod bo‘lmaydimi?..
To‘xta!.. To‘xta, deyman Samandar! Biz hali uzoq kelajak haqida bugunning ma’rifati darajasida turib bundayin keskin fikr yuritishga tayyor va haqdor emasmiz. Garchi, aytilganlarga o‘xshash nimadir sodir bo‘lishi muqarrar esa-da, mening ayni tobdagi vazifam — ayni damdagi ma’rifat saviyamga uyg‘un kelmog‘i shart. Aks holda "Men ne deymanu qo‘bizim ne deydi?" holiga tushmog‘im tayin. So‘zni uzatmay dangal aytishim va qilishim mumkin bo‘lgan bugungi ishim esa bitta, u ham bo‘lsa — IShQ! O‘limgacha mening birdan-bir yumushim shu, ishqdir!.. O‘lim kelgach, men uchun hamma ishni uning o‘zi bajaradi. Aytadilar-ku, biz bor ekan o‘lim yo‘q, o‘lim kelgach esa biz yo‘q, deb. Bas, shunday ekan, Samandar, sen o‘zingni muhabbat sari ot, muhabbatdan so‘yla, sevgingni, mahbubangni, tarannum et. Qolgan barchasi yolg‘on va keraksizdir yumushdir ushbu damda...
 
6
Qancha ko‘p yashaganing sari hayotning ma’nisi ham sendan shuncha uzoqlashib boraverar ekan. Aslida, go‘yo ma’ni sari yo‘lga chiqqansan va o‘tib ketayotgan har bir kuning seni o‘sha manzil tomon eltishi lozim edi. Biroq tirishib oldinga intilishing barobarida manzil ham sendan yiroqlashib borayapti-ku... Ha-ha, aynan shundoq bo‘layapti. Buni qanday tushunish mumkin?.. 
Tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q. Hammasi erib ketdi yoki tumandek tarqab ketdi. Bir-biriga o‘xshagan kunlar yeb bitirdi orzular tog‘ini...

Bir-biriga o‘xshagan kunlar,
Yuragimni sovutib borar,
Bir-biriga o‘xshagan kunlar.

Orzularim tog‘ qadar edi...
Keyin esa uni yeb qo‘ydi,
Bir-biriga o‘xshagan kunlar...

Xayol surmay qo‘ydim birodar,
Tasavvurlar turmushrang bo‘ldi...
Qo‘rqadurman endi ertamdan.

Musichaning "ku-ku"lariyu,
Qarg‘alarning "qag‘-qag‘"lari ham,
Bir xil, bir xil taralar ko‘kda.
Ulg‘ayishni orzu qilgandim,
Tushlarimda endi bolalik...
"Najot, najot!" deydi majruh ruh...

Hammasiga roziman, faqat
Muhabbatim qaytib bersang, bas,
Bir-biriga o‘xshagan kunlar!..

Bir-biriga o‘xshagan kunlar,
Yuragimni sovutib bo‘ldi,
Endi esa ovutmoq istar...

Azim daryo edi u. To‘lib toshib oqayotgandi. Sohilidagi butun bir vohaga hayot baxsh etib, o‘zi ham bundan yayrab-yashnab borayotgandi. Biroq birdan tinib qoldi... Qarg‘ish tekkandek to‘xtab qoldi bu asov daryo. Ha-ha, aynan qarg‘ish tekkandek. Yo‘qsa, nima jin urdiki, oqib kelgan, oqib turgan daryo he yo‘q, be yo‘q tuyqusdan oqmay qo‘ysa...

Hammasi iziga tushib borayotgandi: shaxsiy hayoti ham, kasbiy muammolari ham. Hatto yaxshi-yomon kunlarda suyansa bo‘ladigan oshna-og‘aynilar saralanib, aniq-tiniq yuzaga chiqib qolgandi. Xullas, risoladagidek kecha boshlagandi uning, siz bilan bizning qahramonning kunlari. Lekin... kutilmaganda hammasi sarobga aylandi yoki mavjud narsalar o‘z o‘rnini yo‘qotmagan esa-da, ayni chog‘da hech qanday ahamiyat ham kasb etmay qo‘ydi. Ular bor edi. Bor ediyu, qaxramonimiz Samandarning ko‘nglini zarracha quvontirmas, unga tasalli va darmon bo‘lolmasdi endi... Tavba, bundan chiqdi, atrofimizdagi narsalar o‘z-o‘zicha qadr-qimmatga ega emas ekan-da, ularni sevimli va aziz qilayotgan, qandaydir qadr yuklab, mazmundor qilayotgan bizning o‘zimiz ekan-da!..
To‘xta ey sen, Yozg‘uchi! Muncha oshiqmasang, muncha hovliqmasang! Hammasini bir boshdan boshlash kerak. Shoshilmasdan, bir-biriga qorishtirmasdan. Yo‘qsa, dardingni na tushuntirib o‘zgaga, na undan qutulib o‘zingga rohat bera olasan... Axir bu ketishda sen o‘z tuyg‘ularingga tiqilib qolasan-ku! Ularning hammasi birvarakayiga sening bo‘g‘zingga sig‘maydi... Shuning uchun shoshilma, bir boshdan va asta-asta hikoya qilki, nihoyada ham o‘zing sog‘ qolgaysan, ham o‘quvchini asragaysan...

7
Garchi hali bir marta ham yerga qor tushmagan esa-da, allaqachon qish kirib kelgan, havolar fufayka kiyib, qalin paytava o‘rab etik kiyish uchun yetarlicha sovigan, suvlar muzlagan, ko‘kda ko‘chmanchi qushlarning xayrlashuv qo‘shiqlari allaqachon tugab, qarg‘alarning qag‘illab qolganiga ko‘p bo‘lgan edi. Lekin... lekin mingtepaliklar paxta dalalaridan hanuz chiqqani yo‘q. Shu tobda paxta nima qiladi, demoqchi bo‘lsangiz, biz bajonidil hokimto‘ralar manzilini ko‘rsatib yuborishga tayyormiz. Magar bunday "noma’qulchilik"ni o‘zingizga ep ko‘rmasangiz hamda hali ham hikoyamizdan zerikmagan bo‘lsangiz, shaharda kiyiladigan olifta va nafis liboslaringizni qishloqboblariga burningizni jiyirmaygina almashtiring-da, yuring biz bilan o‘sha izg‘irinli paykallarga! Zero, mingtepaliklarning o‘zaro suhbatida ham har qanday fikrlovchi kishini o‘ziga rom qiladigan, o‘ylatadigan, nihoyatida o‘z hayoti ustida bosh qotirishga undaydigan nimadir bor! Yuring, do‘stim, o‘sha "nimadir"ni bilish uchun qimmatbaho ipak bo‘yinbog‘larimizni bir kunga yechib, sigaret va tuvak gullar hidi tutib ketgan issiq xonalarimizni bir zumga tark etib, hech bir inson zotiga yarashmaydigan kibr-havoni unutib... anavi egatlarga paxta ko‘chatlaridek sochilib ketgan, bir paytning o‘zida ham quvnoq, ham g‘amgin, ham kuldirib-kulib charchamaydigan, ham dardini aytib, yig‘lab ado qilolmaydigan dilkash yurtdoshlari¬mizning qoshlariga boraylik...
Bir-birlarimizning sovuq va hissiz hisob-kitoblar zahmatlarida tirriq bo‘lib qolgan angorimizga boqa-boqa zerikkan, toliqqan qalb ko‘zingizni endi kiyim boshi butunlay sidirib olinib, qahraton qishning qahrli qilichidek tik turgan novdalaridan sirg‘atib tushiring-da, terishga paxta, shu bilan birga buni gapirishga, tushin¬tirishga huquqi ham yo‘qligidan u yer-bu yerda fartuklarining ustiga omonatgina cho‘kib turgancha inson qalbini, uning nozik hislarini mushohada tarozusiga qo‘yib ko‘rayotgan mingtepaliklarning yuragiga boshlangki, aynan shu yerda bir umr izlab topolmaganingiz tiriklik ma’nisiga urilib ketsangiz, ajab emas!..
— Men Nodir aka va Nilufar opalar oldida boshimni egib ta’zim qilaman, lekin ularning qilgan ishlarini oqlamayman, — derdi Aziza qizishib, — axir ota-onasini butun qishloqning ko‘zi o‘nggida uyatga qo‘yishdi...
— Buning nimasi uyat, Aziza, men tushunmayman!? — e’tiroz bildirardi Samandar qizdan ko‘proq to‘lqinlanib. — Qaytaga menga qolsaydi, o‘zbek yigiti Nodir va xo‘ja qizi Nilufarga atab mamlakatning o‘rtasida haykal o‘rnatardim.
— Yo‘q-yo‘q, bo‘lmaydi! — keskin so‘zladi Aziza. — Qanaqa qilib, nimaga asoslanib? Siz shu xalqning orasida yashayapsiz, uning tuzini ichyapsiz, uning qo‘lida voyaga yetyapsizmi, o‘rni kelganda hurmatini ham joyiga qo‘yib qo‘ying-da, do‘stim. 
— Hurmat qilish bilan ko‘r-ko‘rona buysunish boshqa-boshqa narsalar, Aziza! Tushunsangiz-chi, Nodir bilan Nilufar o‘z ota-onasi yoki o‘z xalqining odatlariga qarshi chiqqanlari yo‘q, bu narsalar ularning yetti uxlab tushlariga ham kirmagan. Ular bor-yo‘g‘i bir-birlarini yaxshi ko‘rishgan. Sevgi gunohmi?.. 
— Gunoh! Agar u ota-onaning istaklariga zid bo‘lsa, urf-odatlarimizni oyoq osti qilsa, qavmu qarindoshning yuzini yerga qaratsa!..
— Siz... o‘zingiz Nilufarning o‘rnida nima qilgan bo‘lardingiz?
Kutilmagan qaltis savoldan Aziza dovdirab ketdi, yuzlari duv qizardi, kipriklari pirpirab uchdi...
— Men... Men... xo‘ja qizi emasman-da... 
— Tushunib turib gapni chalg‘itmang, Aziza! — qat’iy turdi Samandar.
— Men... Nilufar opaning o‘rnida ko‘rpamga qarab oyoq uzatgan bo‘lardim. 
— Ya’ni?
— Ya’ni... — o‘smoqchiladi Aziza, — ya’ni hech qachon Nodir akani sevib qolmasdim. 
— Qanaqasiga? Yurakka buyruq berib bo‘larkanmi? — hayron bo‘ldi Samandar.
— Ha, bo‘ladi. Chunki qorachalardan bo‘lgan Nodirga meni bermasliklarini bilib turib, yana uni yaxshi ko‘rishim mumkin emas! — qat’iy dedi qiz.
— Sizningcha, sevgini ham boshqarsa bo‘larkan-da... — o‘zicha mushohada qila boshladi Samandar, — men negadir boshqacha o‘ylarkanman.
— Qanaqa? — qiziqishini yashirib o‘tirmadi Aziza. 
— Aniq bir nima aytolmayman, lekin chinakamiga sevib qolgan odam devonaga o‘xshab qolsa kerak, deb bilaman negadir. Layli va Majnunni eslang. Ular sevgi yo‘lida na zeb-ziynatni va na mansab-mavqeni o‘ylashdi, kelajaklarini cho‘tga solib ko‘rishmadi. Chunki ular yuraklarini emas, yuraklari ularni boshqarar edi...
— Keyin nima bo‘ldi, ikkalasi ham o‘lib ketishdi-yu yorug‘lik ko‘rmay. Bu yoqda ota-onasi, qarindoshlari... Qo‘ysangiz-chi, Samandar, bunaqa sevgining kimga keragi bor?..
Samandar bir muddat indamay turdi-da, so‘ng past ovozda she’r ayta boshladi:
 
Ko‘nglim g‘am ila to‘q ayla, yo Rab!
Ishq ichra meni yo‘q ayla, yo Rab!

...Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin rangimda qon qil.

Dardini najotim et, Ilohiy, 
Yodini hayotim et, Ilohiy!..

— Samandar, axir sevgida Layli va Majnun bo‘lish qiyin. Keyin ular o‘tgan zamonlarda yashashgan, — otdan tushsa ham egardan tushgisi kelmasdi Azizaning.
— Nima qibdi o‘tgan zamonlarda yashagan bo‘lsa, Aziza?
— Hozir unaqa sevgining bo‘lishi... bilmadim... mumkin emasdek tuyuladi menga. Qolaversa, Layli-Majnun kitobda bor, hayotda emas. 
— Nodir bilan Nilufar-chi, ular ham kitobdami? — Samandar Azizaga nihoyat taslim qildim degandek g‘olibona qaradi.
— Ular ham xuddi Layli va Majnundek sevgi yo‘lida o‘lib ketishdi-ku! Buning nimasi yaxshi!?
— Nimasi yomon, Aziza! Muhabbat uchun aslida o‘lish emas, yashash kerak. Lekin na iloj, oshiq va ma’shuqlarning peshonasiga o‘lim bitilgan bo‘lsa?
— Mayli, Samandar, sizni gap bilan yengib bo‘lmaydi o‘zi. Lekin baribir, men ham o‘z so‘zimda qolaman: yigitdir, qizdir, hamma bu dunyoda o‘ziga mosini topib yaxshi ko‘rishi kerak, bo‘lmasa... — fikrini chala tashlab xayolga berildi Aziza.
 — Nima bo‘lmasa, Aziza?.. 
— Bo‘lmasa, bo‘lmaydi, Samandar! — nigohini yerdan olib yigitning ko‘ziga tikdi qiz...
Samandar o‘ziga qadalgan nigohning zalvorini uzoq vaqt o‘z ko‘zlarida ushlab turolmay, beixtiyor atrofga qaradi. Lekin ichida nimadir "shuv" etib ketdi. Yuzlari bir o‘zgarib oldi...
— Muhabbat... kishiga baxt keltirishi kerak, — o‘rtaga cho‘kkan jimlikni buzib tilga kirdi Aziza, — agar keltirmasa, aql-idrokka suyanib undan voz kechiladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Samandar, ikki kishi bir-birini sevsa-yu, bu tuyg‘u ularga faqat kulfat, alam va nadomat keltirsa, buning nimasi yaxshi? Sevgi ham aslida odamlar uchun, ularning baxtu saodati uchun, to‘g‘rimasmi? Shunday bo‘lgach, nega endi u insonga xizmat qilib, ko‘nglini ovlashning o‘rniga, mudom unga g‘ussa keltirishi kerak?.. — Aziza shu taxlit yana uzoq vaqt o‘z qarashlarini bayon etdi, lekin ular Samandarning qulog‘iga ortiq kirmas, aksincha, u xayolan Majnunning qiblaga yuzlangan holda Ollohga yig‘lab qilgan iltijolari bilan birga yashardi:
 
Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin rangimda qon qil.

Dardini najotim et, Ilohiy, 
Yodini hayotim et, Ilohiy!..

Shu payt yigitning xayolida bir zumgina notanish bir pariro‘y, go‘zal bir mahvashning dilrabo liqosi jonlandi. U buning nima ekanligini tushunmadi: xayolmi, tushmi va yo boshqa bir narsa? Ammo uni aniq ko‘rdi! Yo‘q, u kitoblarda ming bir qiyofada tasvirlangan Majnunning Laylisi emasdi. To‘g‘ri, qaeridir o‘xshardi, qizning nigohlari qa’rida nimadir, qandaydir jununvash o‘t uni Layliga monand aylardi, ammo uning o‘zi boshqa edi, Laylining o‘zginasi emasdi. Samandar ko‘ziga ko‘rinib, so‘ng yana shunday xizda g‘oyib bo‘lgan oyruxsor qiz Xudoyimning tamoman boshqa yaratig‘i edi... 

8
Muhabbatni Odam Atodan qolgan deyishadi. Muhabbatni Odam Ato zamonidan beri alqashadi. U haqda uzundan uzun, shirindan shirin, achchiqdan achchiq dostonlar bitishadi, yod olib kuylashadi, kuylab yig‘lashadi. Davrlar o‘tdi, odamlar, ular yashaydigan tuzumlar o‘zgardi, lekin muhabbat o‘zgarmadi. U oshiq va ma’shuq qalbini yana avvalgidek larzaga solishda davom etaverdi. Tosh asridan beri har yuz yilda aftu angoridan tortib kiyim boshiyu yashash tarzigacha o‘zgarib-turlanib kelayotgan inson aynan shu yerga — muhabbat chegarasidan o‘tganda go‘yo "soqov" bo‘lib qolayotgandek: uning ming yillar mobaynida to‘plagan ilmu amali hech vaqoga yaramayotgandek: inson xuddi g‘orlarda yashagan bobokaloni yanglig‘ hushi boshidan uchib sevayotgandek... dunyolarni unutarchasiga bu sehrli g‘ussaga mubtalo bo‘layotgandek...gohida...
Vomiq va Uzro, Tristan va Izolda, Tohir va Zuhro, Romeo va Juletta, Layli va Majnun, Otabek va Kumush... buning kabi yana o‘nlab ishqiy dostonlar muhabbat sharafiga buyuk odamiyzot ko‘targan go‘zal qadahlar emasmi?! Ey, ko‘ngli pok, ko‘zi pok o‘quvchim! Mingtepaliklarning mana bir necha yildan beri tillaridan tushmay kelayotgan Nodir va Nilufar qissasi esa ana o‘sha dostonlar silsilasidagi bitta mo‘jaz halqadirkim, undan boxabar bo‘lmay turib, qahramonlarimizning yuraklariga yaqinlashmoq mudhish gunohdek ko‘rinadi bizga. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu qissani hikoya qilmoq va uni tinglamoq muqaddas sajdagohni ziyorat qilishdan oldin o‘qib olinadigan ikki rakaat namozdir go‘yo!.. Mingtepaliklarning texnika asrida qurum bosib qolayozgan qalblarini titratib, tog‘lar havosidek toza nafasda bir chayib olgan sevgi qissasi ham salaf dostonlarek mahzun va sohir jaranglaydi!.. Lekin dunyoga va uning tuganmas hoyu havaslariga tupurib, yuzini qiblaga burib, Yaratganga iltijo etayotgan devonadek o‘z dardini hikoya qilayotgan roviyni eshitar ekan, ajab emaski, tinglovchining yuzlarida bir qarashda manguga muhrlangandek tuyulgan asriy muzliklar asta eriy boshlaydi... Ajab emaski, toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, tomchi-tomchi erish ham insoniyat qalbidagi ming yilliklarda paydo bo‘lgan muz tog‘larini tashqariga surib yuborsa!.. Hay, mayli, "Bismillo"ni aytaylik-da, vujud ko‘zlarimizni yumaylik, zora quloqlarimizga kirgan muhabbat ertagi ila qalb ko‘zlarimiz ochila borsa...

9
Ular bir qishloqning farzandlari edi. Ustiga ustak yonma-yon qo‘shni. Yigit dalaga ketayotib ham, qaytayotib ham goh eshik-yalangga suv sepayotgan, goh uni supirib, sidirayotgan, goh kichik ukasini ko‘tarib ovutayotgan, goh bo‘yi yetib qolgan dugonalari bilan ariq bo‘yida chaqchaqlashib turgan holda ko‘rardi. Hammasi birdaniga emas, balki sekin-sekin boshlandi. Xuddi yurtga ko‘klamning bildirmaygina kirib kelganidek. Ular bir-birlarini bolalikdan bilishardi, lekin vaqti kelib boshlariga mana shunday umumiy g‘avg‘o — ishq savdosining tushishi hech birining xayoliga kelmagandi. Ehtimol, sevgining qudrati, sehri va jodusi shunda: kutilmagan joydan hujum qilib qolishida hamdir!..
— Assalomu alaykum, Nodir aka, — Nilufar tashqarida — o‘zlari va Nodirlarning uylari o‘rtasidagi musluk tagidan paqirini oldi, — siz olvolaqoling, meniki shoshilinch emas.
Nodir alik olib, paqirini oqib turgan jo‘mrak ostiga qo‘ydi-da, qaddini tiklayotib minnatdorchilik bildirdiyu so‘radi:
— Dadang ishdan keldimi?
— Endi kebqoladi, — atrofni o‘z xushbo‘yi bilan rom aylay boshlagan ariq qiyisidagi yalpizlardan ko‘z uzmay javob berdi Nilufar.
— Institutga hujjat topshirmoqchiydim, bitta qog‘ozga imzosi kerak bo‘pqoldi, shuni maslahatlashmoqchiydim. Nima deb o‘ylaysan, Nilufar, ishxonasiga borsammi yo uylaringgayoq kirib qo‘ysammi? — to‘lib bo‘lgan paqirini boshqasiga almashtirib qo‘ydi Nodir.
— Ishxonasida odam ko‘p bo‘ladi, uyga kira qoling. Qaysi o‘qishga topshirmoqchisiz, agar sir bo‘lmasa?
— Huquqshunoslikka.
— Voy!.. — qiz "yalt" etib yigitga qaradi. — Siz hammi?!..

...Vaqti-soati kelmaguncha ko‘kdagi qora bulutlardan bir tomchi suv yerga tushmaydi. Zamin o‘z bag‘rini bahor quyoshida yetarlicha isitib olmaguncha biron giyoh undan bosh ko‘tarib chiqmaydi. To‘lib turgan piyolaga bir tomchi suvning tomishi uning toshib ketishi uchun kifoya... Xuddi shunday, qizning "yalt" etib yigitga bir bor qarashi va "Siz hammi!" deya hayrat va hayajon ichida unga savolchan tikilib qolishi ularning shu lahzadan keyingi hayotlarini ildizan o‘zgartirib yuborishi yaratganning o‘zidan boshqa kimning xayoliga kebdi, deysiz! Ha-ha, aynan shunday! Yo‘qsa, Nodir bilan Nilufar bir-birlarini endi ko‘rib turgani ham, ko‘zlari bir-birinikiga ilk bor tushib qolgani ham yo‘q! Lekin hammasi endi... ilk bor boshlanayotir... Nodirning — Nilufarga, "Ha endi, bir rahbarning nozikkina tannoz qizi-da" deya hech qachon erkakning ko‘zi bilan qaramagan yigitning tili endi go‘yo tushov solingandek tuzukroq aylanmas holga tushdi. Aylangani faqat boshi edi... Nigohlar... hech qachon, hech qaerda va hech bir holatda bir-birida to‘xtab qolmagan bu nigohlar endi biri ikkinchisining pinjiga kirib ketishga tayyor mazmun va mohiyat kasb etib, o‘z sohiblarining jinsiyu g‘urur-pururini unutgancha jodulangan kabi qotib turardi. Hayhot, yaratgan Egam, o‘zing tushuntir o‘quvchigakim, yo‘qsa, bu ojiz bandangning tili aylangani bilan, necha mahaldan beri so‘zni uzatgani bilan asl mohiyatga yaqin kelay demayapti. Ushbu tobda Nodir va Nilufar qalblarida nimalar sodir bo‘lganiniyu, ular nechun qo‘qqisdan bir-birlariga sehrlangandek termulib qolishganini anglatib berolmayapti... 
— Nilufar, qizim, suvni tezroq obkelmaysanmi, ovqatim tagiga obketdi-ku! — ichkaridan onasi Hilol opaning ovozi keldi.
— Voy, o‘lmasam!.. Nodir aka, maylimi suvingizdan olsam... — Nilufar yigitning javobini ham kutib o‘tirmay suv to‘la paqirning yarimini o‘zinikiga ag‘dardi-da, darvoza tomon chopdi...
— Ha... — Nodir buni Nilufarning "Siz hammi?" degan savoliga aytdimi yoki "Maylimi, suvingizdan olsam?" deganigami, o‘zi ham bilmay, ayni paytda o‘z chelagida chaypalib qolgan suvga tikilgancha turardi...

10
Shundan keyin hammasi boshlanib ketdi. Qishloq emasmi, yil o‘tar-o‘tmas odamlar orasida rost-yolg‘on gaplar tarqaldi. Nima emish, "Nodir bilan Nilufar bir-birlarini ko‘rmasa turolmaydigan bo‘pqolishibdi, devormiyon qo‘shni bo‘lgani Nodirga juda qo‘l kelibdi, uyda hech kim yo‘qligida diydorlasharmishlar, aysh-ishrat avjiga chiqarmish, Nodir Toshkenti azimdek uzoq joydan har oyda Nilufarni deb kelarmish, o‘qishida domlalari undan norozi emish, institutdan haydalishi ham mumkinmish, Kamol rahbarning yashamagur qizi Nodir o‘qiydigan o‘qishga kirarmish, eng muhimi, uning bo‘yida bormish... vuy-y, ota-onasi nima degan odam bo‘ladi endi? Qishloq joyda qandoq qilib bosh olib yuradi? Tag‘in rahbar odam bo‘lsa..."
Ha, qo‘yib bersangiz, odamlar nimalarni javrab tashlamaydi, deysiz. Siz boshlab bersangiz, ya’ni mish-mish uchun sabab yaratsangiz bas, u yog‘ini o‘zlari mustaqil davom ettirib ketishadi. Eslaysizmi, bir mashhur kinofilmda shoh huzurida musiqa chalib ko‘ngil ovlayotgan mug‘anniylar o‘zlari bilmaydigan musiqani chalishga amr etilganda "shoh"ning "yaqin mulozim"iga iltijo qilishadi: "Sen boshlab bergin, otaxon, u yog‘ini o‘zimiz obketamiz!". Yodingizga tushdi-a? Hayotda ham odamlar taxminan shunday: siz mish-mish uchun xamirturish bersangiz bo‘ldi, o‘zlari har xil qilib non yopishvoladi, siz mato olib bering, ular o‘z bo‘y-bastlariga ko‘ra kiyim bichib olishadi...
Nodir va Nilufarning odamlarga olib bergan matohining ismi muhabbat edi, tamom-vassalom! Boshqasi "Xalq og‘zaki ijodi"dan o‘zga narsa emasdi. Ha-da, Nodir biron marta devor osha Nilufarning oldiga tushgan emas, devor osha faqat qizning xirgoyilariga jon deb quloq osadi, lekin uni ko‘rish uchun mo‘ralamaydi ham, ko‘pchilik bo‘lgan oila a’zolaridan birining ko‘zi tushishidan qo‘rqqanidan emas, yo‘q, o‘ziga ep ko‘rmaganidan, bunday munosabat bilan Nilufarga gap tegishini istamaganidan mo‘ralamaydi... Qolaversa, qiz bilan diydorlashish u yoqda tursin, qo‘lini ham tutgani yo‘q, hatto "Sevaman!" deb aytgani yo‘q. Ammo shuni yaxshi biladiki, Nodir qizni qanchalik sevsa, Nilufar ham uni shunchalik, ehtimol ziyodaroq sevadi, yigit bunga shubha qilmaydi. Nodirning keyinroq anglab yetganiga ko‘ra yigit va qiz bir-birini sevsa, bu muhabbat hech qanday gap-so‘zsiz ham o‘z-o‘zidan tushunilishi shart! Unga hech kim izoh bermasligi, bir taraf ikkinchi tarafga "Seni sevaman, sen-chi?" qabilida yozg‘irmasligi lozim. Yigit va qizning hech qanday kelishuvlarsiz bosgan har bir qadami, har bir harakati ularni zimdan bir-biroviga tobora payvandlab borishi zarur... Ha-ha, aynan shunday o‘ylardi u. Chunki uning peshonasiga bitilgan muhabbat ham aynan shunday tug‘ilgan va shunday yashayotgan edi...
Fursat — yugurik suv, hash-pash deguncha Nilufar ham Andijondan shahri azim Toshkentga keldi, yuridik instituti talabasi bo‘ldi. Endi u Nodir bilan istasa har kun ko‘risha olar, uning ko‘zlaridagi tubsizlikka g‘arq bo‘lib, suhbat kemasida ufqlarga qadar suzishi mumkin edi. Biroq yo‘q! Olis Andijonning uzoq Mingtepasidan bo‘lgan bu qiz unday qilolmaydi. Garchi o‘rtada hech bir tomon ko‘ngliga shubha solmaydigan bir samimiyat yashasa-da, Nilufar qiz bola, o‘z iffatini, qizlik or-nomusini saqlashga, Nodir bilan munosabatida me’yorni saqlashga urinadi. O‘z navbatida Nodir ham ortig‘ini talab qilmas, haftada bir-ikki ko‘rib, gaplashish imkoniyatining o‘zi uning baxtdan sarmast bo‘lishiga yetarli edi...
 Shu zaylda kunlar ketidan kunlar, oylar ortidan oylar o‘tib, yozga ham chiqishdi. Nodirlarning imtihoni bir haftacha ertaroq tugadi, lekin Nilufarni kutib qoldi. Mingtepaga u bilan ketishga nima yetsin!.. 
Hafta ham o‘tdi. Mana, nihoyat, ular "Oltin vodiy" poezdining eng yaxshi kupesida choy ichib, chaqchaqlashib ketishayapti. Hamrohlari elliklarni qoralagan eru xotin. Yaqinda Toshkentga uzatilgan qizini yo‘qlab borishgan ekan. 
— Bir olam xavotir bilan kelgandik, yo‘q, Xudoga shukr, qizimni ko‘rib yuzimiz kuldi, — deydi ikki gapning birida ayol. 
— Nima degandim senga, — deydi unga sayin eri, — qo‘rqma, quda bilan birga o‘qiganman, yaxshi, o‘zimizga o‘xshagan odamlar, qizimizni qizidek olib yurishadi, demaganmidim? 
— Degandingiz, dadajonisi, degandingiz, lekin Anjon qaerdayu Toshkent qaerda, qizimizni shundoq uzoqlarga bervoramanmi, deb qo‘rqqandim-da!
— Hozir senga otabeklarning zamoni emas, kumushlarning oldiga borish uchun oylab yo‘l yurishga hojat yo‘q, — er aftidan ming bor takrorlagan eski plastinkasini yana aylantirardi, — poezdga o‘tirsang besh-olti, samolyotga o‘tirsang yarim soatda Toshkentga yetasan. Agar shunisiga ham chidamasang, nima keragi bor quda-anda bo‘lib, a, to‘g‘rimi kuyovbola? — U Nodirga fikrlarini tasdiqlatib olmoqchi bo‘ldi.
Nodir indamay yelka qisdi. Nilufar bir qo‘zg‘alib oldi.
— Qizim, sizlar bir joydanmisizlar a?
— Ha, bir joydan, — dedi qimtinibgina Nilufar gap o‘zlari tomon burilayotganini sezganidan.
— Toshkentda o‘qiysizlarmi? Qaysinda?
— Huquqda.
— Ikkalangiz hammi?
— Ha...
— Zo‘r-ku! — dedi ayol zavqini yashirmay. — Turmush qurganlaringga qancha bo‘ldi?
— Biz... — Nilufarning gapi og‘zida qoldi.
— To‘yimiz bir haftadan keyin!.. — Nilufarninggina emas, Nodirning ham yuzlari qip-qizarib ketdi bu kutilmagan gapdan. 
— Voy, dadasi, bularni qarang shirinligini, hali to‘ylari ham bo‘lmagan ekan, biz bo‘lsak sizlarni kelin-kuyov deb o‘ylabmiz, voy, qanday yaxshi!.. — ayol negadir o‘z-o‘zidan jo‘shib ketdi, turib Nodir va Nilufarning peshonalaridan o‘pdi. — Iloyim, baxtli bo‘linglar! Qarang, dadasi, biram bir-birlariga mos!..

11
— Qachon ekan to‘yimiz, men yaxshi eshitmay qoldim? — Asakada poezddan tushib, taksida uylariga kelisharkan, Nilufar Nodirdan gina qilib so‘radi.
Nodir javob o‘rniga jilmaydi.
— Nega kulasiz? — ohu nigohlari bilan boqdi Nilufar. — Javob bering. Mening o‘z to‘yim haqida bilishga haqqim bordir, axir qaerda o‘qiyotganimizni unutmang! O‘z haq-huquqlarimning poymol etilishiga qarab turmasman!..
Nodir yana kuldi. Birozdan keyin Nilufarning ham yuzlarida tabassum paydo bo‘ldi. So‘ng esa badqovoq haydovchini ham unutib, bir-birlariga qaragancha qah-qah urib kulib yuborishdi...
 
12
Vodarig‘, "Bir haftadan keyin to‘y!" deganda Nodirning gapiga farishtalar omin degan ekan, chindanam Nilufarning uyida juda ham yaqinlashib qolgan to‘y tadorigi ketayotgan edi. Faqat bu to‘y Nodir va Nilufarning emas, Murodjon va Nilufarning edi!..
Nilufarning to‘ydan butunlay xabari yo‘q, deb bo‘lmasdi. Otasi Kamol aka hokimning o‘g‘li Murodjon to‘g‘risida bir necha bor gap qistirgandi. "Shunday yigit kuyovim bo‘lishini orzu qilaman!" degandi. Xotiniga ham o‘z fikrini yuqtirgandi. Nilufar, ochiq kunda gumburlagan momoqaldiroqdek kutilmaganda "hujum" qilgan "yangilik"dan esankirab qolgan Nilufar qiz endi xotirasini titkilab, Murodjon haqida onasi Hilola opaning ham ul-bul deganini esladi. Lekin bularning barchasi o‘ziga bildirmay, ruxsat ham olmay to‘y boshlab yuborishlariga asos bo‘lolmasdi qizning nazarida... Umuman, Nilufar Murodjon haqidagi gaplarni jiddiy qabul qilmagandi. Axir, o‘qishning endigina birinchi yilini tamomladi. Qanaqa to‘y haqida o‘ylash mumkin?..
— Ayajon, nima qilyapsizlar o‘zi? Men... axir odamman!?.. — Ko‘zlaridan beixtiyor quyilib kelgan yoshlarga tiqilib arang dedi Nilufar, — to‘g‘ri, sizlar tug‘ib katta qildilaring, yedirib-ichirdilaring, tonmayman, buning uchun bir umr xizmatlaringni qilay, lekin mening ham ko‘nglim bor, men ham umid bilan yashayapman, nima qilganlaring bu, ayajon?!..
— Qizalog‘im, yig‘lama! Sen hali yoshsan, hayotning achchiq-chuchugini, baland-pastini yaxshi bilmaysan. Dadang ikkovimiz shu ishni sen uchun, sening kelajaging uchun qildik. Kuyov bolani yaxshi tanimasang, to‘ydan keyin bilib olasan. Ota-bobomiz zamonidan beri shunday bo‘lib kelgan, sen hech kuyunma. Dadangga tegayotganimda ham xuddi senga o‘xshab yig‘i-sig‘i qilganman, mana endi meni dadangdan ayirib ko‘r-chi!.. Kel o‘zimga, qizim, seni ko‘p sog‘inganman. — Hilola opa Nilufarni quchmoqchi edi, bo‘lmadi: qizi tisarilib o‘zini orqaga oldi. — Nilufa-a-ar! — hayron bo‘lib qo‘lini oldinga cho‘zdi ona.
— Yo‘q, aya, bunaqasi ketmaydi. Men o‘lsam hamki, Murodjonga tegmayman!!.. — borgan sari o‘zini yo‘qotib borayotgan Nulufar jahl bilan davom etdi. — O‘zim tuzukroq tanimagan, bilmagan odamim bilan qanday qilib bir umr yashashim mumkin, o‘ylab ko‘rdingizmi hech? Yoki ko‘zlaring dadasining mansabiyu, Murodjonga qoldirayotgan mol-dunyosidan boshqa narsani ko‘rmay qoldimi?..
— Nilufar!.. — Hilola opa bir hamla qilib qizining yuziga tarsaki tortib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Keyin zumda yuragini yomon bir g‘ashlik chulg‘ab oldi. Bir qiziga, bir ochiq kaftiga boqib garangsiradi. Axir, u bolalarini hech qachon urmagan edi...
Nilufar kutilmagan zarbadan yuzini ikkala kafti bilan yashirgancha o‘tirib qoldi. Negadir yig‘lamay qo‘ydi. Dastro‘moli bilan avval ko‘zlarini, so‘ng bejirim burnini chimdib artdi.
— Ayajon, men sizni, dadamni juda-juda yaxshi ko‘raman. Meni ham yaxshi ko‘rishlaringga ishonaman... Menga yomonlik sog‘inmasliklaringni bilaman, — past, lekin ishonch to‘la ovoz bilan gap boshladi Nilufar, uzoqqa cho‘zilgan sukunatdan so‘ng, — hammasi uchun o‘la-o‘lgunimcha cho‘ringiz bo‘lishga tayyorman. Faqat birgina o‘tinchim: meni men sevmagan odamga turmushga bermang! Bir umr ko‘nglim bo‘lmagan kishining ko‘zlariga qarash do‘zaxidan qutqaring meni, ayajon!.. — Nilufar bo‘sag‘adagi tuproq joyda sudralib kelib, onasining oyoqlariga sarildi...

13
— Bas, eshitishni xohlamayman! — qarshisida yig‘lamsirab turgan xotiniga o‘shqirdi Kamol rahbar. — Qachondan beri o‘zbeklar qizning ko‘ngliga qarab turmushga beradigan bo‘pqoldi? Qizbola degan avval "Yo‘q", deydi, yig‘lab-siqtaydi, lekin axiyri ko‘nib ketaveradi. Hamma vaqt shunday bo‘lgan...
 — Dadasi, hamma vaqtiyzi qo‘ying, menga qizimning taqdirini hal qilib bering. Kelganidan beri o‘zini yeb ado qildi qizi tushmagur. Uning shashti o‘zgacha, hamma vaqtingizning qizlariga o‘xshamaydi Nilufarning gaplari. Mundoq o‘zingiz ham gaplashib ko‘ring, otasiz, axir! Hadeb "Qizing, qizing!" deya meni olovga tiqasiz. Menimcha, o‘ylab ish qilish kerak, dadasi, yo‘qsa, Nilu o‘zini bir balo...
— He, nafasingni yel olsin sening! — Kamol rahbar xotinini jerkib berdi.
— Siz shunaqa deysiz-u... lekin... lekin...
— Nima lekin? Latta chaynagandek chaynalavermasdan shartta gapir!
— Nilufar Nodirdan o‘zgasiga tegmayman deyapti... — Hilola opa ro‘molining uchi bilan ko‘zyoshlarini artarkan, yana ham qattiqroq yig‘ladi.
— Yana manavi yalangoyoqmi? Padarla’nati! Necha marta aytdim yaxshilikcha, "Odamlar gapiryapti, qizimdan uzoq yurgin, baribir senga bermayman, bekorga gap-so‘z bo‘lganlaring qoladi", deb. O‘zi bilganidan qolmabdi-da! Endi mendan ko‘radiganini ko‘radi! Sen bor, qizingni chaqir, o‘zim gaplashaman, sharmanda qilmasin endi elu yurtning ichida...

14
Kamol rahbar ko‘rdiki, ish xotini vahima qilgandan ham jiddiyroq ekan. Qizi bilan odamzod o‘ylab topgan hamma tillarda gaplashib chiqdi: tushuntirish, qo‘rqitish, yolborish... Ammo bu tillarning hech biri kor qilmadi. "Otangman, muqaddas kitoblarda "Ota rozi, Xudo rozi" deyilgan, Xudodan qo‘rqsang, aytganimni qil. Qo‘rqmasang oxirating kuyadi" deb ham ko‘rdi, bo‘lmadi. Nihoyat, oshkora ko‘ziga yosh olib, "Qizim, tushunsang-chi, qudamiz hazilakam odam bo‘lmasa, kimsan hokim to‘ra bo‘lsa, biz xo‘p, deb qo‘ygan bo‘lsak, endi nima bo‘ladi? Odamlarning oldida yuzim shuvut bo‘lib, bu yoqda ishdan ayrilib qolmaymanmi? Hadeb o‘zingni o‘ylayvermay, ukalaringni, singlingni ham o‘yla. Hammalaring uylaydigan, chiqaradigan yoshga yetib qoldilaring... bir o‘zim ishlayotgan bo‘lsam, qizim..." Yo‘q, bularning hech biri, hatto otaning yanoqlarini yuvib tushgan ko‘zyoshlar ham qizning yuragidagi muzni erita olmadi. "Nodirdan o‘zgasiga tegmayman, tamom-vassalom", deb turib oldi. Shundan so‘ng Kamol rahbarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, "Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma!" deb baqirdiyu ichkari kirib boshini yostiqqa tiqib yotib oldi...
"Tavba, — derdi u o‘ziga-o‘zi xotini va qizi bilan bo‘lgan ko‘ngilsiz suhbatlarni mushohada qilarkan, — odamlar shuncha o‘zgarib ketdimi yo biz zamondan orqada qoldikmi? Axir, ilgarilari qizbola degan "miq" etmay tegib ketaverar edi. Yana baxtli bo‘lganini aytmaysanmi! Endi-chi? Tavba, deb yoqangni ushlashdan o‘zga ilojing qolmayapti endi... Yo‘q-yo‘q!.. — Kamol rahbar sapchib o‘rnidan turib ketdi. — Bu to‘y bo‘ladi! Qizimni sochidan sudrab bo‘lsa ham hokimning o‘g‘liga beraman! Axir, nomus, bolalarimning kelajagi... o‘rtada turganda bunaqa sustkashlik qilib bo‘lmaydi...”

15
Bu vaqtda Nodirlarnikida ham Nilufarlarnikidan kam bo‘lmagan tortishuv borayotgandi. Chunki Kamol rahbar bir necha bor chiqib Nodirning dadasini siquvga olgandi: teng tengi bilan, tezak qopi bilan qabilida ko‘p achchiq gaplarni aytib, o‘g‘lingni tiyib ol, bo‘lmasa qamatib yuboraman, deya dag‘dag‘a qilgandi. Sodda dehqon odam bo‘lgani uchun Abdug‘ani aka darhol o‘g‘lini chaqirib, Nilufarga uylanish niyatidan qaytishini yolborib maslahat berdi. Nodir dadasining gaplariga "Mayli, men bir Nilufarning o‘zi bilan gaplashib ko‘ray" deb qisqagina javob qildi. Abdug‘ani aka u yoqda Nilufarning nimalar qilayotganini oz-moz eshitgani bois o‘g‘lining bunchalar oson yon bosayotganidan boshi osmonga yetarchasiga xursand bo‘ldi. "Ota o‘g‘il!" deya kelib, Nodirning manglayidan o‘pib ham qo‘ydi. Hayoti davomida arboblarning qo‘lidan nimalar kelishiga o‘zi va o‘zgalarning taqdiri orqali ko‘p bor guvoh bo‘lganidan yuragini chulg‘ab olgan qo‘rquvni Nodirga bildirmay qo‘ya qoldi... 

16
— Nodir aka, ota-onamiz nima qilishyapti o‘zi, hech tushunib ololmayapman! — kuyunib gapirardi Nilufar ular "Kichik Farg‘ona kanali" bo‘yida ko‘rishganda. — So‘ramasdan-netmasdan, yuzing bormi, ko‘zing bormi demasdan, orqavarotdan taqdiringni hal qilib tashlayverisharkan-da? Kitoblarda Layliyu Majnunni, Tohiru Zuhrani o‘qiganimda g‘alati bo‘lib ketardim. Xo‘p sitamkor davrlar bo‘lgan-a, deb qo‘yardim o‘zimga o‘zim. Endi qarang, o‘shalarning kuni o‘zimizning boshimizga tushib turibdi. Yana eng alam qiladigani, shu kunni mening boshimga o‘z ota-onam solayapti. Tavba, oradan zamonlar o‘tmagandek, kuygan ko‘ngillar qismati hech kimga dars bo‘lmagandek...
— Nilu, to‘g‘risini ayt, — dedi quchog‘ida yoshli ko‘zlari bilan o‘ziga tikilib turgan sevgilisining yanog‘iga tushib turgan zulfini beozor o‘ynar ekan yigit, — faqat to‘g‘risini ayt, nima qilmoqchisan?..
— Murodjonga tegmoqchiman! — dabdurustdan to‘nini teskari kiyib, yovqarash bilan boqdi Nodirga Nilufar. Va shu zahotiyoq inja bellarini quchib turgan baquvvat bilaklarning bo‘shashib ketganini sezdi. Sezdiyu o‘zi ham aytilgan gapning zalvoridan qo‘rqib ketdi. — Jinnimisiz?! — dedi shoshib. — Men... men sizni deyman, o‘lsam ham sizni deyman!.. — qiz uyatdan "duv" qizargan yuzlarini yigitning ko‘kragiga bosib yashirdi va shu hamono boyagina bo‘shashgan bilaklarning bellarida yana-da jipsroq sarilganini his qildi...
— Xayriyat... Xudoyimga shukur!.. — qizning qulog‘iga shivirladi yigit. — Men qo‘rqqan edim... men juda ham qo‘rqqan edim... — ovozi titrab, nimadir bo‘g‘ziga tiqildi so‘zlarida adashib Nodir...
— Nimadan... nimadan qo‘rqqan edingiz? — boshini ko‘tarib yigitning ko‘zlariga mehr bilan tikildi qiz.
— Taqdir ekan, nima ham qilardik, qo‘limizdan nima ham kelardi, deyishingdan, ota-onamning, udumlarimizning royiga qarshi borolmayman, kechiring, deyishingdan... eng yomoni... seni yo‘qotishdan... senga bo‘lgan sevgim bilan yolg‘iz qolishdan...
— Yo‘q, yo‘q!!! — yigitning og‘zini kafti bilan to‘sdi qiz. — Bas qiling! 
— Yo‘q, yo‘q, halaqit berma, sen bir zum to‘xta, men gapimni oxiriga yetkazay, — yigit qizning qo‘llaridan tutib o‘pti, — yo‘qsa, keyin men bir umr pushaymon qilishim mumkin, eshityapsanmi, bir umr!...
Bu orada o‘zbek va qirg‘iz tuprog‘ini qoq ikkiga bo‘lib ham ayni chog‘da ularni birlashtirib oqayotgan kanal suvi tobora pishqirib, guvlanib, kuchayib to‘lg‘onardi. Suvning ko‘pligidan va oqimning zo‘rligidan kanal oyning nurida xuddi oq asov otdek o‘ynoqlar, zulmatda sermalayotgan porloq qilichdek ajabtovur yaltillar, ko‘zi tushgan kishi xayolini sohir xayollarga yetaklardi... Lekin qiz va yigitning bu bilan ishi yo‘q edi, ularning tomirlarida yana-da azimroq, yana-da asovroq bir kuch — Ishq daryosi pishqirib oqayotgandi. Bu daryo xuddi anavi, ikki ayri-ayri yurtni birlashtirgan kanal yanglig‘ yigit va qiz otlig‘ ikki vujudni, ikki alohida-alohida ruhni — ikki rangin olamni bir etib to‘lqinlanardi...
— Bilasanmi, — Nodir burilib, pishqirib oqayotgan suvga yuzlandi, qo‘llarini cho‘ntagiga omonatgina solib, — bilasanmi Nilu... — u gap topolmay yoki topgan gapini ayta olmay chaynalardi.
— Nima, Nodir aka, nima!?.. — qiz go‘yo qandaydir ko‘ngilsiz gap aytiladigandek chopib kelib yigitning yon tomonida to‘xtab suvga mixlangan nigohini tutishga urindi. — Yoki siz ham dadam bilan ayamning gaplarini aytmoqchimisiz, gapiring tez, jim turmang, gapiring! — Nodirning bilagidan tutib silkidi qiz.
— Bilasanmi, — Nodir keskin harakat bilan Nilufarning ikkala yelkasidan tutib ko‘zlariga qaratdi, — Murodjonga tegmay... keyin afsus qilmasmikansan? Axir, uning imkonlari oldida men bir faqir bo‘lsam, senga, tug‘ilajak farzandlarimizga beradigan, in’om qiladigan hech vaqoim bo‘lmasa!.. Borliq davlatim shu ikki qo‘lim, — Nodir qo‘llarini qizning boshi uzra ko‘tardi, — va yana seni deb urayotgan shu yurak bo‘lsa!.. — shivirladi Nodir chap ko‘ksini kafti bilan tutib. 
— Endi siz meni qo‘rqityapsiz, — Nilufar shovqin solib oqayotgan suvning bo‘yiga yaqinroq keldi, Nodir uni tasodifan suvga tushib ketishidan xuddi asrab qolmoqchi bo‘lgandek orqasidan ergashdi, — agar taqdirimda Murodjonga tegishdan o‘zga yo‘lim qolmasa, shu quturib oqayotgan suv meni yutsin, roziman!..
— Meni noto‘g‘ri tushunma faqat, Nilu! — Nodir kelib qizning qo‘llarini tutdi. — Bunday deyish, oldingdan o‘tish... mening burchim edi. Chunki sen meni tanlar ekansan, Murodjondan, uning yonidagi chiroyli, dabdabali hayotdan ham voz kechgan bo‘lasan. Buni nima ekanligini men juda yaxshi tushunaman. Agar qaroring qat’iy esa, ko‘nglingda o‘zing aytgandek, zarracha ikkilanish, taraddud¬lanish bo‘lmasa, men sening qarshingda, muhabbating, beg‘arazliging oldida bosh egaman!.. Mana shu yuksakliging uchun, har qanday erkakni-da yo‘lda qoldirib ketguvchi jo‘mardliging uchun, samimiyating, sevging uchun... hamma-hammasi uchun agar seni baxtli qilmasam... meni ham shu toshqin, shu bebosh suv yutsin, roziman!..

17
Suv bo‘yida sevishganlar bir-birlariga o‘la-o‘lguncha ayrilmaslik haqida otashin qasamlar ichishar ekan, bu yoqda Nilufarning uyida Kamol rahbar hokimning odamlariga boshiga o‘lim kelsa ham so‘zidan qaytmasligini takrorlar edi.
— Agar to‘y bo‘lmasa, o‘zingizninggina emas, hokim to‘raning ham obro‘sini to‘kkan bo‘lasiz! Buning nima ekanligini, qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘qdir? — yoshi kattarog‘i Kamol rahbarning ko‘zlariga ma’noli tikildi.
— Yo‘q-yo‘q, hammasini tushunaman, bilaman. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin! Odamlarning gap-so‘zlariga ishonmanglar, hammasi risoladagidek bo‘ladi, hammasi... — Kamol rahbar ikki qo‘li ko‘ksida, mezbonlarni kuzatib chiqdi.

18
Shundan keyin hammasi g‘oyat jiddiylashib ketdi. Nafaqat Kamol rahbaru Hilola opa o‘z qarindoshlariyu qo‘shnilari bilan, balki butun qishloq ushbu olamshumul to‘yga tayyorgarlik ko‘ra boshladi: kim mehnati bilan, kim ziynati bilan, kim qo‘li bilan, kim oyog‘i bilan degandek... Xudo qo‘l va oyoqdan "qisganlar" esa uzun tili bilan... Xullas, bekor turgan, butun tumanga dong‘i ketib ulgurgan to‘ydan "quruq qolayotgan" odamning o‘zi yo‘q. Bunday dabdabayu as’asaga duch kelgach, kechagina suv bo‘yida bir-birlariga va’da berib, ozod va baxtli kelajaklari to‘g‘risida uzun-uzun xayollarga tolgan Nodir va Nilufarning kapalaklari uchib ketdi. Ular bunaqa bo‘lishi mumkinligini yetti uxlab tushlarida ham ko‘rmagan edi. Bir-birovlarining muhabbatlarining chinligiga, sofligiga amin bo‘lishgach, endi hammasi xamirdan qil sug‘urgandek oson kechadi, uyga borib ota-onamizning bag‘rida ikki-uch diydiyo qilsak bas, Murodjon balosi boshimizdan ariydi, deya xomxayol qilishgan edi. Endi... Endi ma’lum bo‘lishicha, ular nafaqat ota-onalari bilan, balki ulkan bir qishloq, qishloq nima bo‘pti, butun boshli tuman bilan kelishishi, ularni o‘z so‘zlariga ishontirishi, to‘ylariga rozilik olishi shart bo‘lib chiqmoqda. Bu ish esa igna bilan quduq qazishdek gap edi Nodir va Nilufarga. Shuning uchun ham ular chorasizlikdan karaxt bo‘lib, nima qilishlarini, qanday tadbir bilan tugunni yechishlarini bilmay holsizlandilar. Boshlariga tushgan musibatdan, nohaqlikdan hatto bir-birlariga ham talpina olmay, har biri o‘z uyida, o‘z g‘amiga o‘ralib, yolg‘izlanib qolishdi. Ayniqsa, Nilufarning ko‘z o‘nggida yuz berayotgan va tobora mudhish to‘yni yaqinlashtirib kelayotgan tadoriklar uning butun orzu-umidlarini, orzu-umidlari ne, olayotgan nafasi zo‘rg‘a sezilib turgan ilinjini ayamasdan qamchilardi. Nodir ham uyiga qamalib olib, bag‘rini yerga bergancha bir qo‘shiqni takror takror eshitar, eshitar, eshitardi... 

Dilimda qolmadi tinchlik va orom,
Talab ketdi o‘shal ma’shuqi Bahrom.

Salom yetkur nigorimga sabo tez,
Borib anga degilki, ey dilorom,

Qachon sendin yiroq bo‘ldim chunonam,
Na xush qoldi, na qoldi aqli orom.

Yugurdim har taraf men misli Majnun,
Tilimda Layli noming subhidam shom.

Yugurdim har taraf manzil ba manzil,
Talab aylab seni ey chehrai gul.
 
Na sendin bir xabar topdim, na payg‘om,
Na sendin menga sog‘ar bor va na jom...

Ey dilorom, ey dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom...
 
Yigit zaxga berib yotgan bag‘ri qizigandan qizib, chidab bo‘lmas darajaga yetganda gilam uzra muzdekroq joyni qidirib qolardi. Shu taxlit qo‘shiqning oxirigacha bir necha bor yer almashar, muzdek qorong‘i xonaning u chetidan bu chetiga "uh" tortib, sudralib borib kelaverardi... Nima qilsin axir, Nulufar uni sevaman, sendan boshqasiga o‘lsam, ham tegmayman, degani bilan bu yoqda vaziyat o‘zgarib ketdi. Shundoq qo‘shni emasmi, to‘yning dabdabasi, chop-choplari, mish-mishlari Nodir yotgan xonaning to‘rtala devori aro sizib kirib kelayotgandek, u qancha boshini yostiq bilan to‘smasin, magnitafon ovozini boricha balandlatmasin, baribir, besamar, benafdek, butun qishloq, qishloq ne, butun dunyo bir bo‘lib jo‘r ovoz-la Murodjon va Nilufarning to‘yidan gapirayotgandek, uni ovoza qilib maqtanayotgandek tuyulardi. "Nilufar oxiri taslim bo‘lgan, yo‘qsa, buncha dabdabayu as’asa qaerda edi?" deb mulohaza yuritardi Nodir. "Onasi Hilola opa ham chiqib shularni aytdi. “Nilufar Murodjon bilan to‘ylariga rozi bo‘ldi, endi uni boshqa bezovta qilmas ekansan, uning o‘zi meni oldingga chiqardi”, dedi. Bunga qishloqni tutib ketgan to‘yning "badbo‘yi" ham dalil... Shundan beri Nodirning ichiga chiroq yoqsang yorishmaydi, shundan beri o‘z xonasiga qamalib olib, tobora qizib borayotgan ko‘ksini zaxga berib yotgani yotgan, "Dilorom" otlig‘ qo‘shiqni ehtimol, mingingchi bor, o‘nminginchi, yuzminginchi bor eshitgani eshitgan, onasi Salima opa olib kirgan, kirayotgan ovqatlarga mana, bir necha kundir, qo‘l ham tegizmaydi, faqat kuyib ketayotgan yuragi hovurini bosish uchun muzdek suvni bosib-bosib ichgani ichgan... O‘h, bu ishq savdosi... Bundan og‘ir dard, bundan mushkul savdo bormikan o‘zi dunyoda? Agar bor bo‘lsa, nega ularga chalinganda ham odamning yashagisi kelaveradiyu, umidsiz ishq girdobiga tushib qolgan kishining ko‘ziga hayot quvonchlari u yoqda tursin, hatto aziz joni ko‘rinmay qoladi?! Nega u bir zumda hamma narsani o‘zgartirib tashlaydi? Kechagina hatto chumoliga ozor berishni istamagan kishi bugun butun dunyoning olovlar ichida qolishiga beparvo qaraydi? Nega u inson bolasini aqlu hushdan mosuvo etib, faqat o‘zininggina yo‘rig‘iga yo‘rg‘alashga majbur qiladi? Nega odamzod uning changalidan qutulib qolish chorasini qidirishga ham qurbsiz, madorsiz bo‘lib qoladi? Nega, nega kechagina baxtdan mast, samolarda uchib yurgan Nodir dunyosining bugun oyog‘i osmonda? Nega?..

19
Nilufarning holi ham tang edi. U ham xuddi Nodir yanglig‘ o‘z xonasiga kirib, o‘z dardu faryodlariga ipak qurt ipagiga o‘ralib olgandek o‘ralib olgancha taqdiridan kuyib yig‘lar, yig‘lab kuyardi. Bilganlar bilib indashmasdi yoki nasihatgo‘ylik qilardi, qizbolaning palahmon toshi ekanligidan tortib, ota-onayu qarindosh-urug‘ xohishlariga qarshi bormasligigacha, hamma-hammasini aytib, qismatga bo‘yin egishga undar, gohi-gohida rahmlari kelib quchoqlab-o‘pib hamdardlik ko‘rsatib chiqib ketishardi. Bilmaganlar esa erga tegayotgan qizning ko‘rgazmali noziga yo‘yib, ma’noli-ma’noli kulib, pichirlashib-pichirlashib qo‘yishardi. Haqiqiy ahvolni esa yolg‘iz Olloh va Nilufarning o‘zigina bilardi... Qizning botini xuddi ming yil tinimsiz qirg‘in bo‘lgan yurtdek qontalash va vayron, umidsiz va yo‘qsil edi. U ham necha kundir tuz totmas, uzzu kun bir nuqtaga tikilib o‘tirgani o‘tirgan, faqat... faqat ayol ko‘ngli bilan allaqanday bir mo‘’jizani sezgan kabi eshik tomon ishonchsizgina qarab-qarab qo‘yar, so‘ng... so‘ng holsizlanib yostiqqa o‘zini tashlar ekan, ma’yus ko‘zlaridan sizib yosh kelar, kelar va yana kelardi... 
Har safargidek eshik chertilib, kimdir kirdi. Nilufar yostiqdan boshini ko‘tarmadi ham.
— Jonim qizim, — havoda Nilufarning uch-to‘rt xolayu ammasi bilan yetaklashib kelgan Hilola opaning siniq ovozi titradi, — ovqatingni yana yemabsan, bunaqada kasal bo‘p qolasan-ku!..
Qizidan sado chiqmadi.
— Nulufar, qizim, ko‘p ham kuyma, hammasi yaxshi bo‘p ketadi, mana, buni men — O‘lmas ammang aytyapti. Gapimga ishon, sening yoshingda kim yaxshi ko‘rmagan deysan? Manavi xolalaringmi? Qo‘ltig‘iga kirib so‘rasang, hammasining yoshlikda zimdan bo‘lsa ham ko‘ngil qo‘ygan yigitlari bo‘lganligini shipshib qo‘yishadi. Lekin so‘ra-chi, qaysi biri o‘sha sevgan yigitlariga turmushga chiqqan ekan? Hech qaysisi! Hammasi ota-onalari tanlagan kuyovlarga erga tegishgan. Endi aytinglar, oyimchalar, — O‘lmas amma boshini burib yonidagilarga qaradi, — qaysi biringlar turmushdan yolchimadilaring, qaysi biringlar eringni yomon ko‘rasan?
— Voy, xudoyim, — dedi kimdir uyalinqirab.
Kimdir "piq" etib kuldi.
— Erni yomon ko‘rib bo‘larkanmi, o‘ylab gapiring, O‘lmasxon, — dedi shaddodrog‘i. 
— Ha, barakal-la-aa, — dedi cho‘zib O‘lmasxon amma. — Sen ham, qizim Nilufar, Murodjonni sekin-asta yaxshi ko‘rib qolasan. Bolali bo‘lganingdan keyin esa Murodjondan o‘zga erkakni tasavvur ham qilolmaysan. Hayot shunaqa, qizim!.. — amma engashib Nilufarning yuzlariga bosilgan kaftlarini olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin Nilufar bunga yo‘l bermadi, yulqinib boshini bolishning uzoqroq tomoniga olib qochdi.
— Voy-bo‘o‘! — dedi cho‘zib xolalaridan biri Nilufarning qilig‘idan norozi bo‘lib. — Namuncha noz qilmasang?.. Bo‘ldi, O‘lmasxon opa, bo‘ldi, Hilola opa! Erga tegayotganimizda ota-onamiz bizdan so‘rab o‘tirganmidiki, sizlar ham buning qosh-qovog‘iga tikilib tursalaring. So‘rang, latta-putta olgani bozorga chiqadimi, yo‘qmi? Chiqsa, noz firoqni yig‘ishtirib, biz bilan yursin, chiqmasa, bir ikki-ko‘ylagini bersin, shunga qarab o‘zimiz tanlayveramiz...
— Qo‘pol bo‘lma, Sarvi! — tanbeh berdi O‘lmasxon opa. — Qizim, — uzalib Nilufarning boshini siladi opa, — tur, turaqol, xolalaring bilan borib egningga ul-bul olib kelgin, tur jonim!..
— Amma, — Nilufar tilga kirdi qo‘llarini yuzidan olib. Shu bir-ikki kun ichida ancha ozib, yig‘idan, ochlikdan, sevgi va sevgisizlikdan ko‘zlari kirtayib, rangi somondek bo‘pqolgandi qizi tushmagurning, — men tashqariga chiqadigan, ko‘ylak tanlaydigan holda emasman, iltimos, tushuning...
— Keyin boshimizni qotirib yurma, unisi undoq, bunisi bundoq deb!.. — gapini ilib ketdi Sarvi xolasi.
— Jim bo‘l, Sarvi!.. — urishib berdi O‘lmasxon amma. — Mayli qizim, — Nilufarning sochlarini tag‘in siladi, — biz o‘zimiz bilib tanlayveramiz, faqat sen o‘zingni tut, bunaqada chindanam yotib qolasan... Hilola! — chetda indamaygina burnini tortib, ko‘zyoshi to‘kib o‘tirgan onaga yuzlandi amma. — Qani, ketdik. Nilufarni o‘z holiga qo‘yaylik...

20
— O‘g‘lim, Nodir! — Nodir yotgan xonaga asta kirib keldi Abdug‘ani aka chuqur uh tortib, so‘ng xona chirog‘ini yoqib poygakka omanatgina o‘tirdi. — Bilaman, bu og‘ir savdo... Lekin qo‘limizdan nima ham kelardi?.. Biz kambag‘al, qo‘li qisqa odamlar bo‘lsak, Kamol rahbaru hokim to‘ralar bilan basma-bas kelolmaymiz-da... — Abdug‘ani aka o‘g‘liga zimdan qarab qo‘ydi. Bag‘rini yerga berib, boshini yostiq ichiga ko‘mib olgan Nodirga bu gaplar qanchalik ta’sir qilib-qilmaganini bilib bo‘lmasdi. — Lekin baribir yashash kerak! — negadir tishlarini tishiga bosib, mushtlarini qisdi ota. — Odam bolasi bir joyda to‘xtab qolmasligi, boshiga tushgan ko‘rguliklarga qarshi, ularga achchiqma-achchiq yashashi shart, Nodir!
— Yashashni xohlamasa-chi?! — nihoyat tilga kirdi Nodir boshini yostiqdan xiyol uzib. — Yashash uchun ham qandaydir maqsad bo‘lishi kerak-ku, ota!..
Ota-bola uzoq vaqt jimib qolishdi.
— Xuddi cho‘lu biyobonda bir o‘zimni tashlab ketishgandek... ichim xuddi o‘sha qaqroq cho‘ldek huvillaydi... — o‘ziga-o‘zi gapirgandek davom etdi Nodir, — nimaligini ham bilmaydiganim bir otash biyobon uzra og‘zidan olov purkayotgan quyoshdek yuragimni, boshimni... butun borlig‘imni kuydirmoqda... o‘zimni pishqirib yotgan suvlarga otgim... o‘lgim kelyapti, ota, o‘lgim!.. — Nodir yuzini yana bolishga ko‘mdi.
Abdug‘ani aka bir seskanib, tomog‘ini qirib, qo‘zg‘alib oldi. Nima deyishini ham bilmay ustma-ust yutindi. Birdaniga peshonasiga toshib chiqqan terni yelkasiga tashlangan durra bilan sirib artdi, so‘ng tamshanib-tamshanib og‘iz ochdi:
— O‘g‘lim, har-xil gaplarni gapirib odamni qo‘rqitma! Sabr qil, dardini bergan, shifosini ham beradi. Fursat... — otaning gapi og‘zida qoldi: shiddat bilan o‘rnidan sakrab turgan o‘g‘il bir intilish bilan otaning qarshisida paydo bo‘ldi-da "gurs" etib tizzalariga cho‘kdi:
— Ota... Otajon!.. — Nodir otasining oyoqlarini quchdi. — Nima qilay, sabr qilolmayapman, nima qilay, ichim yonim ketyapti... Fursat — shifo, deysiz, lekin mendan so‘rang... kerakmikan o‘sha shifo!? Ota, meni kechiring, tuzalishni, dardimga malham topib odamlar orasiga qo‘shilishni istamayman! Eshityapsizmi, Istamayman!
— O‘zingni qo‘lga ol, Nodir, o‘g‘lim! — ota ham tizzalariga o‘tirib Nodirning bilaklarini mahkam tutib ko‘zlariga qaradi. Yo alhazar, bu Nodirning ko‘zlarimi yo?.. Ular allaqanday boshqacha... allaqanday yovvoyi... jununvash... ayni damda odamni hurkitib yuboradigan darajada ma’nosizu dahshatli edi... — O‘g‘lim, — ota uning bilaklaridan siltab hushiga keltirmoqchi bo‘ldi, — erkakmisan o‘zi!? O‘zingni qo‘lga ol! — Abdug‘ani aka Nodirning gaplaridan, bir haftadan buyon xonasidan chiqmay, tuz ham totmay yotib olganidan o‘n qo‘rqqan bo‘lsa, vahshatli ko‘zlariga qarab yuz qo‘rqqanligi butun harakatlaridan shundoq bilinib turardi... — Ayolga muhabbat qo‘ygan bir senmi? Yoki qolganlar ham senga o‘xshab o‘zini o‘ldiryaptimi?.. Xuddi oxir zamon kelgandek tutasan o‘zingni!.. Uyalmaysanmi?..
— Oxir zamon?.. — otasining so‘zini ilib oldi Nodir. — To‘g‘ri topdingiz, ota, men uchun oxir zamon keldi, u mana bu yerimda, — Nodir qo‘llarini otasi changalidan bo‘shatib bag‘riga urdi, — turib qoldi, ota!..
— Hayot davom etadi, Nodir! Unisi bo‘lmasa, boshqasini sevib qolasan hali, nega yosh joningga shuncha jabr qilasan, o‘g‘lim?..
Nodir cho‘kka tushgancha miq etmay qotib turardi. Abdug‘ani aka hafsalasizgina qo‘zg‘alib eshikning dastasini tutgan ko‘yi bir zum o‘ylanib qoldi-da, dedi:
— Boshiga nima ish tushsa ham erkak kishi o‘zini tutishi kerak. Bu ham Yaratganning bir sinovi: kimga mansabu boylik berib, kimga dardu qashshoqlik berib sinaydi U. Hamma gap odamning sinovdan oldingi holida emas, keyingisida, bolam. Agar joningga qasd qilsang, sinovga dosh berolmagan, yengilgan, Xudoga shirk keltirgan bo‘lasan... Shuni unutma!.. — Abdug‘ani aka eshikni asta yopib chiqib ketdi...

21
Bu yaxshi gaplarni, bu mantiqli, foydali, ming yil yashab bir aytilgan o‘lmas hikmatlarni qani endi Nodir anglasa, mag‘zini chaqsa, ularga amal qilsa... Qani edi biz ham shu yerda o‘z qissamizni yakunlab, firoqdan, mangu yo‘qotish iztirobidan qahramonimizni xalos etib, uy-uyimizga ko‘ngil to‘qligi bilan tarqab ketsak. Qani edi Nilufar ham taqdiriga ko‘nib, risoladagi kuyov Murodjonga mayl bildirib tegib, o‘ziga qo‘shib ota-onasini ham mas’ud etsa, bu yoqda Nodir-da "oh" urib hammaning ko‘ngliga g‘uluv solmay sabr qilsa va Nilufardek o‘zgasiga dil berib uylansa, qani edi... Yo‘q-yo‘q, yuz bor yo‘q, ming bor yo‘q! Afsuski, yo‘q... Ne baxtkim, yo‘q!... 
Kun kech bo‘ldi. Nodir otasi choshgohda chiqib ketganda qay alfozda o‘tirgan bo‘lsa, hozir — kun kechida ham o‘shandoq: tizzalari ustida devorga qaragan ko‘yi, boshini xam qilgancha qotib o‘tirardi. U bir narsadan boshqa — yuragini ayovsiz kuydirayotgan olovdan boshqa hech kim va hech nimani his qilmas, qilolmasdi. Abdug‘ani aka ko‘p yaxshi gaplarni aytib chiqib ketdi, lekin hikmatni uqib fikr qilish uchun Nodirda na aql va na kuch bor edi. Oshiqning aqli o‘rnida ham ishq olovi bo‘lar ekan va u dahshatli harorat ila egasini jizg‘anagini chiqarib kuydirar ekan... Bu olovning ta’sirida oshiqning yashashga kuchi kamayar ekan. Kuch... Qanaqa kuch? Shu tobda o‘zini idora qilish uchun Nodirda qurb ham qolmagandi. Hatto noqulay alfozda devorga baqamti turib qolganini ham unutgandi bechora. "Yonidagi to‘shakka gavdasini tashlab yuborsa nima qiladi?.." deydi shu tobda unga ko‘zi tushgan har qanday odam ajablanib...
Oqshom onasi xabar olgani choy ko‘tarib kirganda esa u gilamda hushidan ketib yotardi...

22
Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar, yillar... so‘ngra asrlar ketidan asrlar... ming yilliklar ketidan ming yilliklar kelib ketaverar ekan. Odamlar ham xuddi shularga o‘xshaydi: avlodlar ketidan avlodlar almashib turaveradi, turaveradi. Lekin ularni bir-biridan farqlantirib-ajratib turadigan maqsad-mohiyatlari ham bor ekan. Yillar, asrlar, ming yilliklar bir-biridan o‘z shaklu shamoyili, mazmun mohiyatiga ko‘ra qanchalik ajralib borsa, odam bolasi ham bir-birovidan shunchalik tafovutlanib turarkan. Kimdir butun umrini tovuq katagidek keladigan do‘konda qovoqlariga durbin qistirib soat kovlab o‘tkazsa, kimdir osmono‘par tog‘liklar bag‘rida qo‘y-qo‘zilarni quvib, lojuvard ufqlargayu piyoladek-piyoladek keladigan zumrad yulduzlarga tikilib o‘tkazadi. Biri soatning ko‘rsatgichiga qarab tong ottirib, kun bottirsa, boshqasining soati quyosh va oy bo‘ladi. Shunga ko‘ra soatsoz uchun oddiy hol bo‘lib tuyulgan narsalar cho‘pon uchun tushuniksiz, cho‘pon uchun qadrli narsalar soatsoz uchun uch pulga qimmat turishi mumkin. Lekin ba’zan bir asrda, bir davrda va bir mamlakatda bir xil sharoitda yashab turib ham ayrim odamlar tamoman boshqa olam bo‘lib qolar ekanki, buning sir-sinoati qalblarning kashshofi yolg‘iz Olloh taologa maxsusdir. Yo‘q esa, bizning qahramonlar nega o‘z davrining odamlariga o‘xshab sovuq aql bilan, chuqur mulohaza bilan ish tutmaydi: kezi kelganda — do‘ppi tor kelganda ulardek ko‘ngilga "Tuf!" deya, bir-birovidan, nihoyasiz iztirob keltirayotgan muhabbatdan voz kechib, sharoitning, an’anayu udumlarning, ota-onayu amma-xolaning xohishini qilib ketavermaydi? Axir hamma shunday yo‘l tutayapti-ku!.. Odamlarga qarasangiz, qo‘llarida butun bir boshli ro‘yxat yuradi: bo‘yi yetgan qizning qo‘lida yigitlarning, bo‘zyigitning qo‘lida esa qizlarning... Bir boshdan nomzodlarning foydalilik koeffitsenti diqqat bilan tekshirib chiqiladi. "Bu qizga uylansam, ota-onasining ko‘magida falon joyga, piston boylikka ega bo‘laman, vallohi a’lam..." deb mulohaza yuritadi bugungi kuyovlar. Kelinlar-chi, kelinlar? Ular kuyovlardan qolishadimi? Chuchvarani xom sanamang, do‘stim... Ular yana-da ustomon bo‘pketishgan. Ular o‘tgan asr kelinlaridek andisha qilib o‘tirishmaydi: bo‘lajak kuyovning baland bo‘yiyu kelishgan qaddi-qomati, olmosdek aqlidan tashqari qo‘llarining "uzun-qisqaligi"ga asosiy e’tiborni qaratadi. Ha-ha, ishonavering, sizning baxtli nomzodingiz agar o‘sha ro‘yxatda bo‘lsa, o‘z bo‘yingizning baland-pastligi bilan birga ota-onangizning hamyonlaridan tortib yashaydigan uyingizning bo‘yi-bastigacha ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi. Ko‘rikning shartlari ayovsiz: o‘z bo‘yingiz to‘g‘ri kelib, uyingizniki kelmasa, taqdirdan o‘pkalayvering. Kelin tushmagur hech ikkilanmasdan aziz nomingiz ustiga chiziq tortadi va navbatdagi nomzodga "xumor" ko‘zlarini tikadi... Ana shunaqa gaplar...

23
Ammo-lekin qaxramonlarimiz Nodir va Nilufarning tutimi o‘zgacha bo‘ldi. Na Nodir Nilufarning rahbar otasidan biron manfaat kutar edi, na Nilufar Nodirning kambag‘al oilasiga kelin bo‘lib tushishdan tashvishga tushardi. Shu tobda ularning xayollaridan hatto institutdagi o‘qishu kelajaklari bilan bog‘liq rejalari ham chiqib ketgandi. Faqat bir narsa — birga bo‘lish, bir-birlariga yetishishgina butun borliqlarini band etgan, bandi qilgan edi. Qolgan hamma gaplar, tashvishlar ular uchun havoda uchib yurgan chang zarrasidek ham ahamiyatga ega emasdi. Alhazar, hazor hazar, ammo shu tobda bir-birovlaridan tashqari barcha, butun dunyo yer qa’riga g‘arq bo‘lsa-da parvolariga kelmas, zarra e’tibor qilmas holdaydi ular... 

Sen bo‘lsangu men bo‘lsam mavjud,
Bo‘lsa yana koinot nobud, 

deguvchi holga tushgandilar ular... Ya’ni dunyoda ikkimiz mavjud bo‘lsak va ikkimizning ishqimizga, birgaligimizga, baxtimizga raxna solguvchi hamma narsa, jamiki borliq, butun koinot nobud bo‘lsa!.. Astag‘firulloh, astag‘firulloh... Bu ne holkim, bag‘rida kishi butun olamni unutgay? Olam ne, o‘zni unutib, o‘zdan voz kechib, o‘zni tark etib, yor ishqining qilichiga hayotini havola etgay! Bu ne holkim, bandida kishi o‘z sha’nini esdan chiqargay? Sha’n ne, ismini unutgay va yorining nomini aytib mast yurgay... Bu ne holkim, qa’rida kishi bemor bo‘lg‘ay va bu ne bemorliqkim, xasta o‘z dardini, dardini va faqat dardini suygay?..
Ha, Nodir bemor edi, Nilufar bemor edi va ularni o‘z dardlaridan o‘zga hech narsa qiziqtirmasdi. Nodirning dardi Nilufar, Nilufarniki Nodir edi. Ularning borliqlari, dunyoga kelib topgan birdan-bir boyliklari bir-birlari edi... Nodirsiz Nilufarga, Nilufarsiz Nodirga dunyoning nafaqat qizig‘i, balki keragi yo‘q edi... Nodirsiz dunyo Nilufar uchun quyoshsiz o‘lkadek zulmatga g‘arq bo‘lardi, Nilufarsiz dunyo Nodir uchun havosiz bo‘shliqdek o‘ldirguvchi edi. Bas, shunday ekan, Nodir uchun Nilufarni, Nilufar uchun Nodirni yo‘qotish...bu har ikkisi uchun ham oxir zamon: dunyoning ostin-ustin bo‘lishi bilan teng edi... 

Dunyoga keb topganim sensan!
Yo‘qotganim ham sen dunyoga kelib...

deb aytgan bo‘lardi shu tobda agar ular shoir bo‘lganlarida!.. Lekin ular shoir emasdi va jimgina kuyardi. Kuyib sukut saqlardi Nodir, sukut saqlab kuyardi Nilufar...

24
Bu yoqda esa karnay-surnayini chalib to‘y boshlandi...


25
Nodir esa bu vaqtda kasalxonada yotardi. Do‘xtirlar darmonni unga osma ukollaru hapdorilar orqali berishga tirishardilar. Chunki Nodirning o‘zi hali ham bir tishlam non yemasdi, istamasdi. Ustiga ustak, tildan ham qolgandek gapirmasdi. Ma’nosiz ko‘zlarini shipga tikkancha, ayni chog‘da bir necha chaqirim naridagi to‘yning nog‘orayu sog‘arasining mahv etuvchi ovozini eshitgancha yotgani yotgan edi. Faqat gohi-gohida bu ko‘zlardan yanoqlarni kuydirib o‘tguvchi achchiq yoshlar dumalab tushar, boshida yig‘lab o‘tirgan onasi yo singlisi qo‘lidagi dastro‘mol bilan artib piqqillashardi...

26
Qo‘lingizni bering, o‘quvchim, yuring, ketdik. Yuring, dang‘illama to‘yning sababchisi, hamma atrofida girdikapalak bo‘layotgan go‘zal Nilufarning holidan xabar olaylik-chi! Balki ota-onasidan tortib, dugonayu o‘rtoqlarining, qarindoshu begonalarning xushomadlari, qat-qat sovg‘ayu in’omlari uning Murodjonga bo‘lgan ko‘nglidagi muz tog‘ini eritib yuborgandir, bo‘laqoling endi... 
Qarang-a, eshikni ochib, tashqariga bir odim otmay turib, karnay-surnayning sadosi quloqni qomatga keltiradi. Biri Kamol rahbarning uyidan — qarshi tarafdan kelayotgan bo‘lsa, boshqasi yon mahalladan — hokim to‘raning uyidan chiqayotgandi. (Tavba, kimga aza, kimga to‘y...) Nafsilamrini aytganda, mingtepaliklar anchadan buyon bunaqangi uzuqora to‘yni ko‘rgan emasdi: qo‘sha-qo‘sha karnay-surnayning, nog‘orayu do‘mbiraning olamni buzarchasiga chalingani o‘z yo‘liga, qishloqning torgina chang yo‘llari turli xil rusmdagi mashinalaru shaharlik va qishloqlik odamlarga to‘lib ketgandi. Xuddi chet el kinolaridagi gavjum ko‘chalarni yodga solardi bu manzara. Xo‘sh, nima bo‘lganda ham odamlaru mashinalar oralab, so‘ng tirband ostonani arang hatlab Nilufarga intilamiz. Bir-biriga gal bermay, xuddi arilardek to‘zib, tartibsiz ravishda kirib chiqayotgan qiz-juvonlarga turtila-surtila amallab "kelin"ning bo‘lmasiga yetib olamiz. Ochiq eshikdan shundoq ko‘rinib turibdi: Nilufar tizzalarini quchib, yuzini tizzalariga bosib o‘tirib olgan, tepasida qo‘llariga oppoq fatani ushlab olgan to‘rt-beshta ayol nimanidir jon kuydirib uqtirgani uqtirgan, lekin ular har qancha zo‘r berishmasin, Nilufarning boshi "Yo‘q!" ma’nosida sarak-sarak bo‘lgani bo‘lgan edi... Yo‘q, o‘quvchim, sizni men ortiq bu jon o‘rtar manzara qarshisida tutib turolmayman. Nilufarga qo‘shilib mening ham yuragim "tars" yorilib ketay deyapti, havo yetishmay qoldi bu yerda, yuring tashqariga, yuring Mingtepaning ko‘m-ko‘k dalalariga...

27
Qarang, bir-birlariga ulanib ketgan bog‘lar naqadar go‘zal! Xuddi jannatdan bir namunadek jon olg‘uchi, ko‘z yashnatguvchi, dil sayratguvchi!.. Xilma-xil daraxtlar bag‘riga g‘arq bo‘lgan qishloqni qoldirib ajabtovur tarzda ko‘m-ko‘k dalalar, quloqqa xush yoqib oqayotgan katta-kichik ariqlar, ular yoqalab ekilgan tutzorlar, terakzorlar bo‘ylab borar ekanmiz, saraton quyoshidan bo‘g‘riqqan, toliqqan, isiblar ketgan butun vujudimizga mayin salqinini sochib, pishqirib yotgan suvga — daryodek buralib-buralib oqayotgan sursuv, serg‘uluv kanalga yaqinlashamiz. Va... va ortimizda qolgan Nodir va Nilufarning dardlaridan ozurda bo‘lgan qalblarimiz rohatbaxsh tin olib o‘ziga kela boshlaydi. Qarang, olam unchalik qorong‘i va zulmkor emas ekan!.. Unda kulishga, sevinishga, hayratlanishga imkon va joy bor ekan... Qarang, go‘yo hech kimni tan olmaydigandek, o‘z kuchi va qudratidan jo‘shib, to‘lqinlanib, pishqirib oqayotgan bu asov suvga qarang, ko‘zlaringiz tinib ketadi. Qarang... Voh!.. Kim bo‘ldi bular!?.. Qudratingdan! Nodir bilan Nilufar-ku! Nega ular suvning ikki qirg‘og‘ida? Nima qilyapti ular bunda!? Qandoq kelishdi? Nega kelishdi? To‘y nima bo‘ldi? Odamlar qani?.. Tavba, anavi kanalning har ikki chetidan shovqin solib kelayotganlar Nodir bilan Nilufarning qarindoshlari emasmi?.. Xuddi o‘shalar! Yana to‘ydagi hangomatalablar ham shunda-ku!.. Voh-voh...
Nodir va Nilufar arang chopib kelardilar. Bu ketishda hash-pash deguncha ortlaridan quvlayotgan olomonning hatto eng qarisi ham, eng betobi ham ularga yetib olardi. Shuning uchun soch-soqoli o‘sib, ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan, rangi o‘chgan kasalxona kiyimidagi Nodir ham, oq ko‘ylak — dugonayu xolalari nihoyat zo‘rlab kiydirishgan fatasi chopganida ozg‘in badaniga chippa yopishib xalloslab borayotgan Nilufar ham vaqti-vaqti bilan to‘xtagandek bo‘lib bir-birlariga talpinishar, suvga qarab intilishar, lek tobora yaqinlashib, "Quv, nobakorni!", "Ushla benomusni!" deya bostirib kelayotgan odamlardan qo‘rqib yana yugurishda davom etishardi... Biroq... biroq bir necha haftadan buyon deyarli hech nima yemagan, dardu alamdan, ochligu darmonsizlikdan bir ahvolga kelib qolgan Nodir bilan Nilufar qachongacha va qaergacha qochib borardi, deysiz. Ular kuchsizlikdan goh o‘z oyoqlariga o‘zlari chalishib yiqilar, goh esa xuddi boshlari aylanayotgandek vujud muvozanatini yo‘qotar-da oldinga munkib tuproq bilan birma-bir bo‘lishardi. Bu orada esa baqir-chaqir qilib olomon yetib keb qoldi. Voh, endi hammasi tamom! Nodir va Nilufarning hollariga voy! Ularning ayanchli sevgi qissasi shu yerda yakun topdi, voh, voh!.. Chunki endi quturgan olomon qiz bilan yigitni sog‘ qo‘ymaydi: yo sochlaridan sudrab borib birini Murodga erga beradi, boshqasini esa el aro sazoyi qiladi yoki ikkisini ham shu yerning o‘zida toshbo‘ron qilib ko‘mib ketadi!.. Alvido, ey sevishgan g‘amgin dillar, alvido, ey sevgidan o‘zgasini tan olmay manfaat va hisob-kitoblar quli bo‘lmish olomonning yuziga sachragan toza tuyg‘ular! Alvido!!!
Olomon yetib keldi. Ana u, ana! Bir-biriga gal bermay oldinga oshiqayotgan, xuddi og‘ir gunoh qilgan jinoyatchiga birinchi bo‘lib musht tushirgisi kelgandek mushtlarini havoda o‘ynatayotgan ko‘zi qon va jaholatga to‘lgan olomon ana! Ba’zilarining qo‘llarida hatto kaltak, tosh ham ko‘rinadi... Nega? Axir ular orasida Nodir va Nilufarning qon-qarindoshlariyu jon do‘stu dugonalari ham bor-ku! Nega ularning ham qo‘llarida tosh va tayoq? Nahotki ular-da o‘z jigarbandlariyu do‘st—birodarlariga qo‘l ko‘tarishga qodir bo‘lishsa! Yo‘q-yo‘q, bu mumkin emas! Biroq nega kelishdi? Nega ularning ham qo‘llari g‘azab bilan tugilgan? Bilmadim, yecholmadim men bu jumboqni, o‘quvchim! O‘zgalarning fikri, dunyoqarashi, kayfiyati senikidan boshqacha bo‘lganda ularga dushman ko‘zi bilan qarash odatini hazm qilolmadim men, do‘stim! Bu dunyoda har kimning o‘z karvoni, o‘z yo‘li va manzil-muddaosi borligini hamda bularning bari biznikiga o‘xshashi shart emasligini qachon tushinib yetarkin bu olomon, a?!..
Voh, jigarim, gap bilan bo‘lib g‘aflatda qopmiz... Bu tentak Nodir bilan Nilufar nimalar qilishmoqchi o‘zi? Nega ular bir-birlariga talpina-talpina naq suvning — qutirib, buralib-buralib, aylanib-aylanib, guvillab-guvillab oqayotgan azim kanalning shundoq tumshug‘iga kelib qolishibdi! Axir, tushib ketishlari mumkin-ku!.. Nega, nega bu gap uqmas, "Suvda cho‘kmas, o‘tda yonmas" olomon to‘xtamaydi! Nega, nega o‘z bolajonlari, o‘z jigarbandlari, o‘z birodar va o‘rtoqjonlari jar yoqasida turganliklarini anglamaydi! Nega ular yuraksiz va aqlsiz maxluq kabi jonlari qil ustida turgan o‘z polaponlari sari bostirib boraveradi, boraveradi?..
Nodir va Nilufar! Nilufar va Nodir!.. Ular shundoq pishqirib oqayotgan suvning labida, faqat biri u tomonda bo‘lsa, boshqasi bu yoqda edi. Ularning ko‘zlari na quturib oqayotgan daryoda va daryodan-da battar olomonda, balki bir-birlarida edi... Sog‘inishgandi... Ichikishgandi... Endi bir-birlariga boqib to‘yishmasdi go‘yo. Qo‘rquv va hayajondan vujudlari dir-dir titrar, lekin umid va muhabbatdan ko‘zlari chaqnab turardi.
Olomon!.. — pa’dariga la’nat shu olomonning!.. — o‘z tabiatiga sodiq qoldi-da, o‘z johilliklari va qiziqishlarining, jirkanch e’tiqod va a’mollarining o‘ljasi — isyonkor sevishgan dillar sari chang soldi va... Va hammasi tamom bo‘ldi: Nodir ham, Nilufar ham bir zum ham taraddudlanmasdan, ikkilanmasdan o‘zlarini quturib oqayotgan suvning qa’riga baravariga otdilar!.. Ha-ha, aynan shunday qildilar! Chunki orqadan pusib-bostirib kelayotgan olomon ana o‘sha quturib oqayotgan suvdan-da qo‘rqinchliroq edi ular uchun! Olomon-chi? Bu orada uning nafasi ichiga tushib ketdi. Faqat bir necha muddatdan keyingina sarosima ichra "Oh!!!" lab yubordi. Kimdir boshini changalladi, kimdir cho‘kkalab o‘tirib qoldi va yana kimdir qutirgan to‘lqinlar bag‘rida ko‘tarilib-tushib oqib borayotgan oshiq va ma’shuq bilan baravar chopib borardi. Aslida, chopib borayotganlar ham ikki katta guruhga bo‘linardi: birlari yordam berish, boshqalari tomosha ilinjida. O‘h-ho‘o‘o‘, bularni aytaman desak, qog‘oz yetmaydi, qog‘oz yetsa, fursat... Yaxshisi, Nodir va Nilufarga qaytaylik. Bu yerda gapirishga va eshitishga arzigulik bitta mavzu bo‘lsa, u ham Nodir va Nilufarga tegishli: Ishq! Ularning gavdalarini qudratli to‘lqinlar uchirib-uchirib yuborar, boshlari dam suv ostiga kirib-kirib ketar, dam undan chiqib ko‘rinib oqardi. Shunda Nodir ham, Nilufar ham bir-birlariga talpinib tobora yaqinlashishga urinayotgani ma’lum bo‘lardi. Lekin asov suvni yengib, topishish, bir-birlarining sog‘ingan, intiq bag‘irlariga kirish oson emasdi. Ana yetdik, mana topdik, deganda qutirgan to‘lqin bir hamladayoq har ikkisini qarama-qarshi tomonlarga sochib yuborardi. Keyin yana hammasi boshidan boshlanardi... 
 Bu orada qosh qorayib, quyosh uzoq ufqqa bosh qo‘yayotgan, atrofga vodiy yozining fusunkor oqshomi cho‘kkandi...
 Nilufar va Nodir hamon oqib borardi. Olomon ham hayhotdek kanal bo‘ylab sochilib ketgandi. Ular qiyqirishar, yig‘lashar, qarg‘anib so‘kinishar va ora-sirada suvga qarab shox-shabba, yog‘och va g‘o‘la otishar, shu yo‘sin oqib ketayotganlar jonini qutqarib, vijdon azobidan xalos bo‘lmoqchi ham bo‘lishardi. Lekin suvdagilar buni na bilishdi, na sezishdi. Chunki oqim juda katta, to‘lqinlar qudratli edi. Ularning butun diqqatlari faqat bir-birovlariga qaratilgan, bundan o‘zga narsani — butun dunyoni unutishgandi. Shunda ham ko‘p marta bir-birlarini yo‘qotib qo‘yishdi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Kuchli, asov to‘lqinlar ularni ayirib tashladi. Ular uzoq muddat bir-birini ko‘rmay oqishdi. Yutoqqan to‘lqinlarga qarshi kurash hech qanday samara bermadi. Ular buncha harakat bilan allaqachon qirg‘oqqa ham chiqib olishardi. Lekin xohlashmadi. Nilufarsiz sohil Nodirga, Nodirsiz najot Nilufarga kerak emas edi! Chirpinib Nodir baland-baland to‘lqinlar ortidan Nilufarni izladi, Nilufar esa Nodirni! Yo‘q! Har qancha urinishmasin, ular bir-birlarini topisholmaydi. Hayhot!!! Va dunyo o‘z qiymatini yo‘qotdi! Shu tobgacha bor edi o‘sha qiymat, endi esa yo‘q! Shuncha oqib kelishdi, bor edi, qutkrgan to‘lqinlar ham mahv etolmagandi, endi yo‘q! Shunda Nodir angladiki, dunyoning qiymati Nilufar ekan, Nilufar tushunib yetdiki, Nodir ekan!!! Nilufarsiz dunyo jonsiz vujud, Nodirsiz dunyo esa quyoshsiz olam ekan!..
 — Ni-lu-faaar!!! — chaqirdi jonining boricha Nodir.
 — No-diiir!!! — chaqirdi jonining boricha Nilufar.
 Yo‘q, ular bir-birlarini eshitmadi. Lekin ularning qalblarini yorib chiqqan dodlari Xudoyimga yetib bordi. Ularni Xudo eshitdi! Yo‘qsa, shunday bo‘larmidi, ayting! Yo‘qsa, tilsiz-quloqsiz to‘lqinlar tog‘dek yuksalib, qutirgan suvning ikki betida oqib borayotgan ozurda dillarni, madorsiz vujudlarni bir-birining bag‘riga keltirib tashlarmidi? Ayting!.. Yo‘q, aytolmaysiz, tushuntirib berolmaysiz buning neligini! Mening ham tillarim tugilgan, aqlim lol, fikrim tor... Ammo muhimi, bu emas! Muhimi, ana ular! Qarang, qandoq xursand, qandoq nash’ali ular! Go‘yo olamda ulardan baxtli odam yo‘qdek bir-birlariga suykalishadi, kulishadi, titrashadi... Faqat... faqat nega ular endi o‘z jonlarini qutqarib qolishga talpinishmaydi, nega bir-biroviga chirmashgan ko‘yi o‘zlarini oqimning ixtiyoriga tashlab qo‘yishdi, nega? Madorlarimi qolmadi yoxud ikkala qirg‘oqda baravar chopib baqirib kelayotgan olomonning qo‘liga qayta tushgisi kelmadimi, nima bo‘ldi o‘zi, ayting, tushuntirib bering! Nahot ular bir-birlariga yetganda o‘zlarini halok qilishsa? Shuncha voqeadan keyin balki olomon ham esini yig‘ar, Kamol rahbar ham insofga kelar-da, Nodir va Nilufarga oq fotiha tilar... Faqat nega, nega ular qirg‘oqqa suzishmaydi, nega jimgina oqib borishyapti!?.. Axir anavi to‘lqinlar ularni yutib ketishadi-ku!.. Ana, ana!!! Ehtimol, shuning uchun ham Layli Majnunga qarab "Sen bo‘lsangu men bo‘lsam mavjud, Bo‘lsa yana koinot nobud" deya iltijo qilgan ekan-da. Chunki sevishganlarning ishqiga dunyoning o‘zi g‘ov bo‘lishini Layli o‘z taqdirlari hal bo‘lmasdan ancha ilgari anglaganga o‘xshaydi. O‘zlari mavjud bo‘lib, butun koinot nobud bo‘lgan taqdirdagina birga, baxtli bo‘lishlari mumkinligini, aks holda o‘zlari nobud bo‘lishlarini bilgan ekan, oh!.. 
 ...Nodir va Nilufarning bir-birlariga suyanib qolgan boshlari to‘lqinlar aro bir kirib, bir chiqib ko‘rinib borar va tobora uzoqlashgan sari bittaga — yagona borliqqa aylanib borardi. Ular endi atrofni, olomonni, olamni unutishgan va hech qanday harakat qilishmasdi. Kim biladi deysiz, ularning hayotdagi eng baxtli damlari ayni shu bir necha daqiqada kechgandir... Va shu damni shundoq ham omonat jonni qutqarib qolishga sarflab buzishni istashmagandir. Xudo biladi, qirg‘oqqa chiqib qutulgan jonlarida yana shunday baxtli bo‘lish imkoni bo‘ladimi-yo‘qmi?!.. Nima bo‘lganda ham o‘limkor to‘lqinlar Nodir va Nilufarning mungli va mag‘rur boshlarini manguga g‘arq etganda ular bir-birlarining quchoqlarida mas’ud edilar...
...Halloslab, shovqin solib kelayotgan olomonning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, taqqa to‘xtadi. Eng oldingi safda turgan Kamol rahbarning qo‘lidagi kaltak sirg‘alib tushdi, so‘ng o‘zi ham uning qatoriga hushsiz yiqildi...

28
 ...Ana shunaqa, o‘quvchim. Ushbu qayg‘uli, lekin mag‘rur jaranglovchi sevgi qissasi mingtepaliklarning xayolini mana, qariiyb o‘n yildir, hech tark etmaydi. Aksincha, har zamon har zamonda u yoki bu oshiq-ma’shuqning taqdirlari orqali yana tillarga tushadi, qayta va qayta hikoya qilinadi. Eng qizig‘i, har bir hikoyachi uni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, o‘z nazari bilan muhokama etadi va o‘z hukmini chiqaradi. Xuddi bizning qoramag‘iz, shahlo ko‘z Aziza kabi ota-onayu urf-an’ana tomonda turib olganlar qancha bo‘lsa, Samandar yanglig‘ mutlaq muhabbatni himoya qilib gapiradiganlar ham shuncha edi. Ammo hamma bir narsada go‘yo yakdil edi: sevgi deganlari bu — shunchaki yoqtirish, shunchaki bir birlariga mahliyo bo‘lish va shunga yarasha oh-voh emas ekan. Yo‘q! Yuz bor yo‘q, ming bor yo‘q!!! Sevgi uchun kishi ba’zan nafaqat dunyoning ko‘z oluvchi nag‘malaridan, mansabu martabasidan, boyligu as’asasidan, balki shirin jonlaridan ham voz kechishlari mumkin ekan! Buni mingtepaliklar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi, ishondi va iymon keltirdi. Inson balog‘atga yetgach, yon-veridagi yigit yo qizga ko‘ngli iyib, vaslini talab etib, ehtiros bilan boqishlar, talpinishlar... so‘ng aql kirib, sovuq mulohaza bilan ish ko‘rib, ijtimoiy mavqedan kelib chiqqan holda ota-onayu qarindosh-urug‘ yo‘rig‘iga yurib, boshqasi bilan turmush qurib ketishmi yo tarozuning bir pallasiga butun dunyoni, boshqasiga sevgisini qo‘yib, "Tanla!" deyishganda, hech ikkilanmasdan muhabbatining qoshida to‘xtashmi? Qaysi biri chinakam sevgi, haqiqiy ishq ekanligi mingtepaliklar uchun endi sir emasdek go‘yo! Endi ularning xayollarini sevgi to‘g‘risidagi bo‘lar-bo‘lmas, yuzaki cho‘pchaklar bilan aldash qiyin! Endi ular zamondoshlarining sevgi bobida "o‘ldim, kuydim!" deyishlariga sinovchan boqishadi-da, "Sabr qil, o‘tib ketadi, o‘tib ketmasa, keyin gaplashamiz", qabilida harakat qilishadi. Va kim bo‘lishidan qat’i nazar, hammaning muhabbatini istar-istamas Nodir va Nilufarning tillarda doston bo‘lgan ishq afsonasiga chog‘ishtirishadi, mulohazalar qilishadi, xulosalar chiqarishadi. Albatta, qarashlar har xil, lekin ularning barchasini birlashtiradigan bitta tomoni bo‘ladi: mingtepaliklar Nodir va Nilufar sevgisiga o‘zlari bilib-bilmay ko‘ngil qo‘ya boshlagandi. Oralaridan hatto tanqid ko‘zi bilan qarovchilar ham o‘z dillarining tub-tubida bu ulkan, bu otashin va bu qaytmas muhabbatga nisbatan hurmat va e’zozni sezib yashashadi. Endi Mingtepada nima qiyin?.. Gapning indallosi, qoyillatib sevish qiyin. Sevganda ham Nodir va Nilufarning ishqlari qarshisiga borib bo‘ylashish qiyin!..

29
Tog‘dan qancha uzoqlashsang, uning salobati, haybati, ulug‘vorligi shuncha yuksaladi, deyishadi. Avvaliga shirin va qayg‘uli ertakdek onasidan takror va takror eshitgan sevgi qissasining qiymati Samandar uchun yillar o‘tgan sayin orta bordi. Xuddi ortda qolgan Vatanning qadri vaqt o‘tgan sari bilinib, yuksalib borgani kabi uning ham yuragida bu munglig‘ va dilrabo dostonga nisbatan ayricha mehr alanga olib yondi. Faqat bu emas. Nodir va Nilufarning sevgi dostoni — Mingtepada eng tansiq, eng xush tasmadek qayta-qayta eshitiladigan doston Samandarning yuragini, ha-ha, aynan murg‘ak yuragini tarbiya qildi. Kitoblar, Layli va Majnun kabi qo‘lidan tushmaydigan dostonlar, keyinroq — Samandar yuqori sinfga o‘tib, ancha esini tanib qolgandan so‘nggina uning ongi va qalbini rom etdi. Aslida, Majnun va Laylining tilidan aytilgan sevgi izhorlari, iztirob va og‘riqlari Nodir va Nilufarning holatiga mos tushganligi, magar ular shoir bo‘lganlarida o‘z ko‘ngillarini aynan mana shunday o‘tlig‘ misralar orqali to‘kib solishlari mumkinligi uchun ham u bu dostonga mehr bog‘ladi. Va Samandar uni boshdan oyoq yod oldi. Uning nazarida Nodirni Majnundan, Nilufarni Laylidan ajratib bo‘lmasdi. Ular o‘z holatlarida — ishqqa cho‘mgan, ishqqa g‘arq bo‘lgan hollarida tengdirlar, birdirlar!.. Mana, ko‘rmaysizmi, shu tarbiyaning oqibatida Samandar Aziza bilan tortishib, bechora qizning ko‘ngliga qaramay, hatto uni og‘ritib, teskari qaragancha Majnunning ohu vohlarini o‘z-o‘ziga aytib borayapti:

  Layli ishqin tanimda jon qil,
 Layli shavqin rangimda qon qil.

 Dardini najotim et, Ilohiy, 
 Yodini hayotim et, Ilohiy!..
 
Yigitning ketidan iztirob bilan qarab qolgan qiz namlangan ko‘zlarini yashirish uchun paxta terimiga unnab ketdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.