OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uyg‘un Ro‘ziyev. Robiya (hikoya)

Qo‘lida oftoba ko‘tarib, ma’yusgina bosh eggancha oyoq sudrab kelayotgan ayolni ko‘rganlar unga achinish bilan qarashar, salomiga mehribonlik bilan alik olishar, keyin ortidan qarab: “Essizgina, shunday ayol baxt nimaligini bilmay o‘tayapti”, – deya pichirlab qo‘yishar edi.
Bir kun kayvoni kampirlardan biri uni yo‘lda to‘xtatib: “Robiya, qizginam, hadeb qabristonga boraversang odamlar seni esi og‘ib qolibdi, deb o‘ylashadi. G’am-tashvish o‘tkinchi, o‘zingni qo‘lga ol, bolam. To‘rt kunlik dunyoda faqat hasratga to‘lib qolma”, – dedi. Robiya bosh irg‘ab qo‘ydi-da, indamay yo‘lida davom etdi.
U eri bilan o‘n besh yil birga yashadi. Hayotning achchiq-chuchugini birga totdi. Oilalarda bo‘lib turadigan odatiy janjallar ularga begona edi. Shundoqqina bir devor qo‘shni yashaydigan Sultonalinikida haqoratli so‘zlarga to‘la baqir-chaqirlar tinmasdi, lekin bularning uyida esa mudom jimjitlik, pashsha uchsa, eshitgulik edi. Shu boisdanmi, er-xotin sekin ovozda gaplashib o‘tirishardi. Zotan, farzandsizlik ikkovini ham iztiroblar girdobiga solib qo‘ygan, buni bir-biriga sezdirmaslikka urinishsa-da, ikkalasining ham ich-etini ana shu dard timdalab yotardi. Shuning uchun ham ikkalasi bir-birini nihoyatda avaylar va shuning barobarida bir-biridan xavotir ham olar, eng so‘nggi so‘z qachon aytilishini iztirob bilan kutishar edi. Ammo eri “ket” demadi, Robiya “ketaman” demadi, shu taxlit so‘nggi so‘z to ular bir-birlaridan judo bo‘lgunga qadar ham aytilmasdan qolaverdi. 
Eri kutilmaganda jigari xastalanib bu dunyoni tark etdi. Ana o‘shanda Robiya yolg‘izlik qanchalar azob ekanligini yurak-yurakdan his qildi. Hayhotdek hovlida yakka o‘zi qoldi. Uyga kirsa har bir buyumdan erining nafasini sezib, ko‘ziga jiqqa yosh quyilardi. Kechalari ko‘zlariga uyqu kelmay, yuzini yostiqqa bosib yum-yum yig‘lardi. Dil yoray desa dardini tinglaydigan, hasratiga quloq tutadigan biror kimsa yo‘q. Ish bilan ovunay desa, shu tobda qishloqda ish tayyor turganmidi? Kunduzi hovli etagidagi ekin-tikinlarga suv tarab, begona o‘tlardan tozalab o‘zini ovutganday bo‘lardi. Lekin tun uni beayov qiynoqqa solardi. Bosh olib ketay desa, ota-onasi ham allaqachon olamdan o‘tib ketishgan. Akasi Berdimurod bilan ukasi Turdimurod esa bir ota-onadan tug‘ilgan jigarlarga sira o‘xshamas, kunda-kunora oralarida janjal chiqib turar, hay demasa bir-biriga bolta ko‘tarib qolishdan ham qaytmas edi. Yonma-yon hovlida yashashsa-da, bir-birining hovlisiga adashib bitta cho‘p o‘tib qolguday bo‘lsa ham avval xotinlari dahanaki janjalni boshlab berishar, ortidan aka-uka yeng shimarib bir-biriga musht o‘qtalib, jiqqamusht bo‘lishar edi. Odamlar ularni murosaga chaqiraverib charchashdi, oxiri ularning janjallariga aralashmay qo‘yishdi. Uzoqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar, deganlari shu ekan-da, deya qo‘llarini yuvib, qo‘ltiqlariga urib qo‘ya qolishdi. Ana shunday ahvolda yashaydigan aka-ukasinikiga Robiya qaysi yurak bilan kirib borsin?
Erining akasi Sultonali esa ichkilikka mukkasidan ketgan. Xotini Oyzoda uzzukun qarg‘anishdan jag‘i charchamaydigan ayol. Ularning sakkiz nafar farzandi bor, lekin hammasi qiz. Birinchisi qiz bo‘lib tug‘ilganidayoq Sultonali xotinini so‘kkan, ikkinchisi ham qiz bo‘lib tug‘ilganda esa qulog‘i ostiga tarsaki ham tushirgan edi. Berganiga shukr qilishni bilmagan bandasining fe’lidan xudoning ham qahri kelgan shekilli, ularning keyingi bolalari ham qiz tug‘ilaverdi. Oyzoda har gal qorin bog‘laganida o‘g‘il tug‘aman, deb niyat qiladi. Ammo mana, sakkizinchisi ham qiz bo‘ldi. Har gal chaqaloqlar tug‘ilganda, Sultonalini qo‘yaturing, Oyzodaning ham ularga qaragisi kelmas, ko‘kragini ham majburlikdan ularga tutqazardi. Sakkizinchisiga O’g‘iloy deb nom qo‘yishdi. Bu Oyzodaning, hali yana tug‘aman, bunisi bo‘lmasa keyingisi o‘g‘il bo‘lar, degan ilinji borligidan darak berardi.
Robiya kartoshka ekilgan egatni chopiq qilib yerni yumshatarkan, yuragi siqilganidan ketmonni zo‘rg‘a ko‘tarib tashladi. Sultonali keldi-yu, uning siqilgan yuragini battar vayron qilib ketdi.
– Kelin, – dedi u mast bo‘lsa-da, allaqanday bosiqlik bilan, – ukam-ku bu dunyodan armon bilan o‘tib ketdi. Endi ko‘rib turibman, sen ham qiynalayapsan. Yakka o‘zing bir hovlida yashasang, battar ezilasan. Undan ko‘ra, ana, biznikiga o‘tib yashayversang ham bo‘laveradi. Oyzoda ovsiningga qarashib yurasan. Bu hovlini endi sotsakmikan, degan rejam ham yo‘q emas.
Robiya yalt etib unga qaradi. Keyin yosh quyilib kela boshlagan ko‘zini olib qochib, qo‘lidagi ketmonga suyanib qoldi.
– Yo‘q, tag‘in sen ko‘nglingga olma, bu bir reja, xolos. Xohlasang, shu yerda yashayver. Lekin ayol boshing bilan bir o‘zingga og‘ir bo‘larmikan deyman-da. 
Robiya indamadi. Sultonali bir muddat yerga qarab kalovlanib turdi-da, keyin sudralgan ko‘yi izi-ga qaytdi. Robiya ketmonga suyangan ko‘yi uzoq yig‘ladi. Unsiz yig‘laganidan yelkalari uchib tushar, ko‘rgan kishi uni ich-ichidan zavqlanib kulayapti deb o‘ylashi mumkin edi. Ha, u unsiz yig‘laganida go‘yoki kulganga o‘xshab ketardi. Bir gal u odatdagiday suv to‘la oftobani ko‘tarib qabristonga ketayotganida Oyzoda ming bir shubhaga borib, katta qiziga uning ortidan poylab borishini tayinlagan, qiz esa bu ishni partizanlardek qoyilmaqom qilib bajargan, do‘mpaygan qabrlardan birining ortiga yashirinib uni rosa kuzatgan edi. Robiya erining qabri boshiga kelib, tilovat qilgan, cho‘kkalab o‘tirgan ko‘yi sassiz yig‘lagan, so‘ng qabr atrofini supurib-sidirib, maysalar ustiga oftobadan suv quyib kelgan edi. Uning yelkalari silkinib-silkinib yig‘laganini ko‘rgan qiz onasiga: “Robiya yanga ovoz chiqarmay rosa kuldilar”, – deb aytib berdi. “Ovsar bo‘lib qolibsan, odam qabristonda ham kuladimi, tag‘in bir umr suyib o‘tgan erining qabr boshida-ya?” – dedi Oyzoda. “Bilmadim, balki chayqalib-chayqalib duo o‘qigandir. Ko‘zimga bu kulgandek ko‘ringan bo‘lishi ham mumkin. Axir, u yerda yuragim yorilay dedi-da. Qabriston juda qo‘rqinchli joy ekan. Endi hademay lablarimga uchuq toshib chiqsa ham kerak. Qayoqdanam gapingizga kirib o‘sha yerga bora qoldim-a”, – deya qiz titrab-qaqshab gapirdi. 
Robiya chala qolgan egatni chopiq qilib bo‘lay deganida kech kirgan edi. U ketmonni bir chetga qo‘yib, ariqdagi suvga yuz-qo‘llarini chaydi. Muzdekkina zilol suv yuziga xush yoqdi. U kaftiga suv olib yuzini qayta-qayta chayaverdi. Go‘yo shu suv unga taskin berayotgandek, shu suv yuziga qalqib chiqqan armonlarni, alam va iztiroblarni yuvayotgandek tuyulardi unga. Biroq dunyoning dardini yuvib kelayotgan mana shu suv ham uning hasratlarini butunlay parokanda qilolmadi. 
Nonushtaga dasturxon yozdi-yu, tomog‘idan bir piyola choy ham o‘tmadi. Ko‘ziga uyqu kelmagach, chiroq shu’lasiga termulib uzoq o‘tirdi. Xayollar uni to‘rt tomonga tortqilardi. Qo‘shni hovlidagi kechki shovqin-suron ham allaqachon tingan, chigirtkalarning chirillashi bir maromda davom etar, ariq bo‘yidagi qurbaqalar ham ularga jo‘r bo‘layotgan edi. U ana shu ovozlarga sehrlanib quloq solarkan, uyning to‘rt burchagiga bir-bir nazar tashladi. Mana shu to‘rt devor ham, uni ko‘tarib turgan mana shu yer, anavi buyumlar, hatto chigirtkalarning chirillashi-yu, qurbaqalarning qurillashlari ham unga omonat tuyula boshladi. “Bu uyga kelib nimaiki topgan bo‘lsam, baridan ayrilayapman, – deya o‘ylardi u. – Hademay mana shu to‘rt devorni ham mendan tortib olishadi. Ikki jonning issiq nafasi, quvonchu tashvishlari, olam-olam orzulari siqqan shu uyga endi yakka o‘zim ham sig‘may qolayapman. O, mening o‘tgan kunlarim. Baxtsizman deb o‘ylagan kezlarimda ham baxt mening tegramda parvona ekan. Mana endigina men butunlay yolg‘izman. Endi qayga boray, qaysi ostonaga boshimni uray?”
U yelkasiga ro‘molini tashlab, hovliga chiqdi. Ohista esayotgan shabada ariq bo‘yidagi rayhon va yalpizlarning mayin iforini atrofga yoymoqda edi. Ko‘kda yulduzlar charaqlar, qo‘l cho‘zsa yetgudek pastlaganga ham o‘xshardi. Robiya xushbo‘y havodan nafas olib, yulduzlarga uzoq termulib qoldi. Chigirtkayu qurbaqalarga jo‘r bo‘lib yulduzlar ham “sim-sim” kuy chalayotgandek tuyulmoqda edi. Shu payt go‘dakning yig‘lagani barcha sehrli ovozlarni bosib ketdi. Robiya shartta yig‘i kelayotgan tomonga qaradi. Oyzodaning beshigidagi chaqalog‘i odatdagidek yarim tunda yig‘isini boshlagan edi. Robiya o‘sha tomonga bir necha qadam tashladi va devor osha qo‘shni hovliga qaradi. Hamma uyquda, qimir etgan sharpa ko‘rinmaydi. U allamahalgacha devorga suyanib turdi. Go‘dak hamon chinqirib yig‘lardi. Yig‘i avjiga chiqqan sayin Robiya toqatsizlanaverdi. O’tirdi, turdi, hovlida u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Chaqaloq zor yig‘lab uni chaqirayotgandek edi.
Robiya qo‘shni hovliga o‘tib, uy oldiga bordi. Qiya ochiq turgan derazadan ichkariga mo‘raladi. Oyzoda ham, qizlari ham hech narsani parvoyiga keltirmay pishillab uxlashardi. Sultonali esa chaqaloq yig‘isiga toqati yo‘qligidan boshqa xonada uxlar edi. Robiya derazani ohista chertdi. Titroq ovoz bilan Oyzodani bir-ikki chaqirdi. Go‘dakning chirillab yig‘lashini eshitmagan ayol buning siniq ovozini qayoqdanam eshitsin. Chaqaloq bir joyi og‘rigandek zorlanib-zorlanib yig‘ladi. Robiya tashvishlanib, oyog‘i kuygan tovuqday u yoqdan-bu yoqqa yuraverdi. Chaqaloq yig‘lay-yig‘lay bo‘g‘ildi. Keyin ovozi xirillab, yig‘isi tindi. “Go‘dakkina charchadi, ichi kuyib ketdi bechoraning”, – deya o‘yladi Robiya va undan xavotirlanib yana derazadan ichkariga mo‘raladi. Hamma bir zaylda uxlar, chaqaloqni ham uyqu elitgan, lekin ko‘p yig‘lagani bois tez-tez hiqillamoqda edi. Robiya o‘z soyasidan qo‘rqib ketdi. Uni shu alfozda Sultonali yoki Oyzoda ko‘rib qolgudek bo‘lsa qiyomat qoyim bo‘lishi turgan gap edi. U astagina deraza tagiga cho‘kdi. Tizzalarini quchoqlab, boshini devorga suyagancha mudradi.
Mana shu deraza tagida u ko‘pdan-ko‘p tunlarni o‘tkazgan. Boisi, Oyzodaning qizlari bundan avval ham ko‘p yig‘lagan. Yarim tunda chaqaloqning yig‘isi uchun bu uyquparvar xotin shiringina oromidan sira ham kechgisi kelmas edi. Shunda Robiya chaqaloqning yig‘lashiga toqat qilolmay o‘rnidan turib, go‘dak yotgan uy oldiga borardi. Bir gal toqati toq bo‘lib, nihoyat derazani qattiq taqillatib, Oyzodani zo‘rg‘a uyg‘otdi. Oyzoda uyg‘onishga uyg‘ondi-yu, lekin Robiyaning derazadan mo‘ralab turganini ko‘rib yuragi tars yorilay dedi. U big‘illab yig‘layotgan chaqalog‘i bir yoqda qolib, bemavrid halovati buzilgan devdek Robiyaga o‘shqira ketdi. Janjal-to‘polon ko‘tarildi. Shovqin-surondan eri ham uyg‘onib ketib, shosha-pisha yetib keldi-da Robiyani Oyzodaning changalidan qutqarib oldi. “Bola ularniki, qanday qarasa ixtiyor o‘zlarida. Sen ko‘pam jonsarak bo‘lavera. Mana ko‘rasan, Tangrim bizga ham farzand beradi hali. O’shanda bolangni humordan chiqquncha parvarishlaysan”, – degan edi eri. “Ular qiz bolani farzand o‘rnida ko‘rishmyotgan bo‘lishsa, ayting, chaqalog‘ini bizga berishsin. O’zimiz katta qilamiz”, – dedi Robiya. Eri uzoq o‘ylanib yurdi va nihoyat yangasi bilan akasiga maslahat solib ko‘rdi. Bu gapni eshitib Oyzoda tarashadek lovullab yondi. Shundan so‘ng bu mavzuda qaytib og‘iz ochilmadi. Ammo tunlari chaqaloq yig‘isi eshitilganda Robiya baribir deraza ostida muk tushib, uning tinchlanishini kutadigan, unga qo‘shilib o‘zi ham yig‘layveradigan odatini kanda qilolmadi.
Go‘dak yana ingradi. Robiyaning qayrilma kipriklarini mayin patlari bilan ohista siypalab o‘ynayotgan uyqu qushlari yana uchib ketdi. Tunning ham siyi bitay deb qolgan, hademay tong farishtalari eshik qoqib qoladigan palla edi. Boyagina charchab uxlagan go‘dak yana kuch g‘amladi shekilli, bor ovozda yig‘lamoqqa tushdi. Robiyaning yuragi yana hapriqdi. Tavakkal qilib derazadan mo‘raladi-da, Oyzodani chaqirdi, derazani taqillatdi. Javob bo‘lmadi. U devorga boshini tiragancha chora axtara boshladi. Shunda kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi-yu, avvaliga seskanib ketdi, keyin esa zum o‘tmay, shu fikr uning qat’iy qaroriga aylandi. “Shunday bo‘lishi shart”, – dedi u va ochiq turgan derazadan yurak yutib ichkariga kirdi. Beshik yoniga engashib, ehtiyotkorlik bilan chaqaloqning yuzini ochdi. Uning qo‘l-oyoqlarini bo‘shatib, egnidagi ko‘ylakchasini yechdi. Ko‘ylagi jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan edi. U chaqaloqni beshik yonida yotgan latta-puttalarga o‘radi-da, bag‘riga mahkam bosib, tashqariga chiqdi.
Tong mahali Sultonalining uyida to‘s-to‘polon boshlandi. Hammalari yig‘i-sig‘i qilib chaqaloqni qidira boshladi. Avval uy ichini, hovlini obdon qarab chiqishdi. Keyin qo‘ni-qo‘shnilardan surishtirishdi. Chaqaloqning bir kechada beshikdan o‘g‘irlab ketilishi butun qishloqni qo‘rquvga solib qo‘ydi. Hamma hayron, hamma lol. Nihoyat Robiyaning uyiga kirib qarashganda hammasi ayon bo‘ldi: bu yerda endi uni bog‘lab turadigan hech kimi va hech narsasi qolmagan ayol go‘dakni beshikdan o‘g‘irlagan-u, boshi oqqan tomonga qochgan. Uyqusi siyrak bir-ikki odam sahar chog‘i bola ko‘targan ayolning quyoshchiqar tomonga qarab ketayotganini ko‘rganliklarini aytishdi. Mish-mishlar, g‘iybatlar bolalagandan-bolaladi. Har kim xayoliga kelganini o‘ylaydi, og‘ziga kelganini gapirdi. Bola o‘g‘irlagan ayol el og‘zida doston bo‘ldi. Bu dostonning ovozasi esa bu yerlardan judayam olislab ketgan, sershovqin shaharning gadoytopmas jinko‘chasida yashayotgan Robiyaning qulog‘iga yetib bormadi. 
Qishloqda esa aql bovar qilmas ushbu voqeani odamlar bir necha yillar ko‘pirtirib, semirtirib gapirib yurishdi. Asta-sekin bo‘yog‘ini yo‘qotib, odamlar butunlay gapirmay qo‘yganida oradan o‘n yetti yil o‘tib ketgan edi. Bir kuni choshgoh mahali qishloqqa kirib keladigan yo‘l boshida odamlar oppoq ro‘mol o‘rab olgan bir ayolni ko‘rishdi. Yonida oy misoli xushsurat qiz ham bor edi. Ular qishloqqa kiraverishda avval qabristonga yo‘l olishdi. Maysalari qovjirab, qarovsiz qolgan eski bir qabr atrofini supirib-sidirishdi, qo‘llarini duoga ochib, uzoq tilovat qilishdi. Ayol kaftlari bilan yuzini berkitib yig‘ladi. Yig‘laganda yelkalari uchib-uchib tushdi. Bir qarashda u go‘yoki ich-ichidan kulayotganga o‘xshab ketardi.
Keyin ular qishloqqa oralab ketishdi. Sultonalining uyiga yetganda bir muddat to‘xtab, o‘ylanib turishdi. Bir-biriga dalda berib, hovliga astagina qadam qo‘yishdi. Yerga tushgan o‘riklarni qarg‘anib-qarg‘anib terayotgan Oyzoda hovli o‘rtasida turib qolgan ayolni va bu yerliklarga sira o‘xshamagan qizni ko‘rib, bir pas angrayib qoldi. Qaddini ko‘tarib, ular tomonga asta-sekin qadam tashlarkan, xira torta boshlagan ko‘zlarini qisib tikildi.
– Robiya! – deya baqirib yubordi u hovli o‘rtasida mung‘ayib turgan ayolni tanib. Qo‘lidagi chelak yerga taraqlab tushdi. – Qaytib keldingmi? Qizim qayoqda? – dedi titrab-qaqshab.
– O’g‘iloy qarshingizda. Mana qizingiz, omonatingiz, – dedi Robiya ko‘zlaridan yosh quyilib.
Sultonalining uyi bir zumda to‘yxonaga aylanib ketdi. Uning shaharlik bo‘lib ketgan ta’rifda tengi yo‘q go‘zal qizini ko‘rgani butun qishloq yopirilib kelaverdi.
– Tushimmi, o‘ngimmi, azbaroyi Xudo, kenjamdan ayrildim deb, umidimni butunlay uzgan edim, – deya tinmay javrar edi Oyzoda.
– Bolalaringiz yana ko‘paygandir? – dedi Robiya.
– Yo‘q, kenjamni o‘g‘irlatib qo‘yganimdan keyin Xudo bizga boshqa farzand bermadi. Lekin, ana, nevaralarimiz ko‘payib qoldi.
Qizlar kenja singillarini biri olib biri qo‘yib quchoqlab bag‘rilariga bosishar, yalab-yulqashar edi.
– Yo Xudoyo qudratingdan, Robiya, qizimni nima bilan boqding-a? Boshqa qizlarimga sira ham o‘xshamaydi. Ko‘z tegmasin, buncha go‘zal bo‘lmasa bu qiz? – deb Oyzoda terisiga sig‘may quvonardi. 
– Men unga faqatgina mehr berdim, xolos. Bundan ortiq hech narsam ham yo‘q edi, – dedi Robiya. – O’g‘iloy – mening baxtim, hayotim parchasi. Uni oq yuvib, oq taradim. O’qitib, hunar o‘rgatdim. Bunday qo‘li gul chevarni butun shaharni aylanib ham topolmaydi hech kim. U bilan ovundim, dardlarimga taskin topdim, hayotimga mazmun kirdi. Lekin endi u voyaga yetdi. Qiz bola birovning xasmi deydilar. U hademay turmushga chiqadi, o‘z maqsadi, o‘z hayoti balan yashaydi. Obdon o‘ylab ko‘rdim, ota-onasi tirik bo‘laturib xuddi yetimchadek turmushga uzatsam, o‘zimni u dunyoyu bu dunyo kechira olmas ekanman. Shuning uchun ostonangizga bosh urib qaytib keldim. U endi hamma sirdan xabardor. O’shanda uni o‘g‘irlashga qanday jur’at topdim, olib qochib to‘g‘ri qildimmi yoki yo‘qmi, hanuzgacha o‘ylab o‘yimga yetolmayman. Iltimos, bir qoshiq qonimdan kechinglar. Nima bo‘lganda ham men har lahzada faqat uning baxtini o‘ylab yashadim. U albatta baxtli bo‘lishi kerak. Men bormanmi, yo‘qmi, sizlar ham uning faqatgina baxtli bo‘lishiga yordam beringlar.
– Sen oqila ayolsan, Robiya, – deyishdi hamqishloqlar. – O’shanda chaqaloqning o‘g‘irlanganini eshitib, vahimaga tushgan edik. Biroq uni sen olib qochganingni bilganimizdan so‘ng aslo havotirlanmadik.
Qiz hovliga chiqqanida kimdir doira olib kelib chala boshladi. O’yin-kulgi boshlanib ketdi. O’g‘iloy benihoya chiroyli raqsga tushdi, opalari unga qo‘shilib qiyqirishdi. Atrofga qorong‘ulik cho‘kkanda esa qiz odamlar orasidan Robiyani qidirib qoldi.
– Onam qani? Robiya onamni topinglar, – dedi u jonsarak bo‘lib.
Robiyani hech qaerdan topisholmadi. U bu yerlardan butunlay bosh olib ketganini ertalab bilishdi. Qishloq cho‘ponlari kecha shom mahali oppoq ro‘molli bir ayolni quyoshbotar tomonga qarab ketib borayotganida g‘ira-shira ko‘rganliklarini aytishdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.