OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To‘liboyev. Dengiz hayqirig‘i (hikoya)

Rahmat bobo negadir so‘nggi paytlar nevarasi Ja’far bilan qirg‘og‘idan ajralib, yuzlab chaqirim olislab ketgan dengiz bo‘ylarini sayr etishni odat qildi. 
- Yoshlik paytlarim, mana shu Orol dengizining qirg‘oqlarida o‘tgan, -dedi nevarasining qo‘lidan ushlab. Ja’far bo‘lsa bobosining har bir gap-so‘zini diqqat bilan tinglardi. Bobosi til tagiga nosqovogidan bir otim tashlab ham, bemalol gapirib ketaverardi…Juda ko‘p narslarni bilgisi kelgan o‘n yashar Ja’far bu safar ham bir nimani bilgisi keldi. Shu paytgacha o‘qituvchisidan so‘rab, ko‘ngli to‘lmagan savolini bugun sahroyi kabirga aylangan saksovullarning shovullashi, uchayotgan barxanlar ham eshitsin degandiek bobosiga yuzlandi:
-Bobo, dengiz qachon to‘ladi?
Shu payt Raxmat boboning egnidan sovuq suv quyilgandek, atrofga qaradi. Til tagidagi hal bo‘lgan nosini chap tarafiga tufurib tashladi. Nevarasining bu og‘ir savoli butun vujudiga o‘tmas pichoq bilan urgandek ta’sir etdi.
- Bilmadim, bolam. Men ham shu savollar iskanjasida qiynalib yashayapman. Umrimning o‘ttiz yili o‘tib ketibdiki, hali-hanuz o‘sha sening savolingga javob topolmayapman. Nega? Nima uchun? Bu yog‘i yolg‘iz Yaratganga ayon. To tirik ekanmiz biz xudoning bandalari umid bilan yashashga mahkumdirmiz. Ha-ha, o‘g‘lim. Chiqmagan jondan umid deb, shunga aytsa kerak-da dono xalqimiz. Men ham yoshlik paytlarimga bir qaytgandek bo‘lyapman hozir. Rahmatboy bobongdan juda ko‘p narsalarni eshitgan edim. U Orolning qirg‘oqlarga urilib, aks-sado berib, yana kaytib ketayotgan to‘lqinlarga o‘xshab gapirardi. Dengiz baliqchisi edi. Bizni baliqchilik bilan kamolga keltirdi. Juda ko‘p savdolarni boshidan kechirgan ekan. Men o‘sha aytganlarini eshitib, juda qo‘rqmas, botir bo‘lib ketardim gohida. Akulalar xaqida ertaklar, afsonlar aytib berardi. 
Ja’far bobosining og‘zidan Akula degan so‘zni eshitiboq so‘zini bo‘ldi:
-Bobo, akulani ko‘rganmisiz?
-Ha o‘g‘lim. Ikkinchi jahon urishidan oldin edi bu voqea. Yanglishmasam o‘ttizinchi yillar bo‘lsa kerak. Men o‘shanda yetti yashar jujuq edim. Rahmatboy bobom bo‘lsa yaqin o‘rtog‘i Sarsenboy bilan birgalikda tong sahari ketib, tuzog‘iga akulaning kichkina bolasi ilinibdi. Olib kelishgach, sahargi choyda aytib qoldi bobom. Avval men uni ko‘rishga juda qo‘rqqanman. Rahmatli onam bilan birga tashqariga chiqqanmiz. Kuzning endigina erinchok yog‘dularida, yaproqlar yaltirab, qo‘yosh sekin ko‘kka ko‘tarilayotgan edi o‘sha payt. Hovlimizning qibla tomonida baliq qo‘yadigan maxsus xona bor edi. O‘sha joyda uzanasiga tushib, tishlarini tirjaytirib, o‘lib yotgan ekan. U akulaning bolasi bo‘lsa ham juda bahaybat edi…
-Uni nima qilganlar bobomiz?!
-Bozorga sotib, bizlarni qishdan omon chiqishimiz uchun arpa, jo‘xori olib kelgan ekan.
Raxmat bobo nevarasiga yoshlik lahzalarini xotirlab aytgan gaplaridan keyin birdan jimib, o‘z xayollari bilan mashg‘ul bo‘lib ketdi. Mag‘ribdan shiddat bilan esib kelayotgan shamol, saksovul shoxchalarini egib o‘tardi. Salqin izg‘iringa qo‘shilib uchayotgan qumlar, ko‘zlarni to‘ldirib qo‘yishga ham qodirdek edi…
Ko‘k gumbaz uzra ahyon-ahyonda yoyilishib, kezib yurgan darbadar, tartibsiz tim qora bulutlar shamolning vajohatini tushungandek, bir-birlariga ulana boshladi.
Birdan momaqaldiroq oniy lahzada butun borliqni larzaga soldi. Chaqmoq chaqdi. Suvsirab yotgan qum va sahro o‘t-o‘lanlari tashnalik bilan osmonga boqayotgandek edi go‘yo…
Shu payt yomg‘ir tomchiladi. Vaqt o‘tgani sayin badtar kuchaygandan-kuchayar edi. Raxmat bobo va nevarasi Ja’far qo‘l ushlashib, tez-tez odimlab, uylari tomon ravona bo‘ldilar…

…Qamishzorlar kimsasiz biyobonda, xuddi chiyabo‘ri, tulki kandaydir yovvoyi yirtqich kezib yurgandek nag‘ma chalib shitirlardi. Olis-olislarda yarmigacha qumlarga botib yotgan har xil kema, qayiqlarni yirtqich, yovvoyi qushlar, qarg‘alar makon tutib, qishlaydigan boshponasiga aylantirgan edi. U yoqlarga hech kim bormas va boraolmas edi. Chunki, zaharli qum ilonlaridan qo‘rqar va qandaydir yirtqich qashqirlar ham izg‘ib yurardi-da. Chiyabo‘rilarning uvalashi, sokin, tinch uyquda yotgan qishloq ahlini uyg‘otib yuborordi. Ular og‘ilxonalarga bostirib kirib, necha marta tovuqlarning boshiga suv quyib ketgan edi. Raxmat bobo bularning barchasini bilar edi. Himoyani yaxshilab qo‘ygandi-da. Yoshi saksonni qoralagan Raxmat bobodan juda ko‘p narsalarni o‘rgansa bo‘ladi. U qariligiga qarmay serg‘ayrat edi. Hatto nevaralarining ikki kunda qiladigan ishlarini bir zumda ishlab tashlardi. Suyagi mehnatdan qotgan-da, boboning…
Ular uylariga kirgach, nevarasiga issiq choy damlashni buyurdi Raxmat bobo. U juda charchagan edi. Jismonan emas, aqlan. U o‘tmish xotiralarini eslab, otasining saxovatpeshaligi, bir burda nonni topib yedirish uchun uch kunlab dengiz sohilidan beri kelmay, baliqchilik qilib yotganini goh sog‘inch, goho alam bilan eslardi…
U xontaxta atrofiga o‘tirar ekan, devorga osig‘liq turgan turmush o‘rtog‘i, Saragul momoning katta portretiga ko‘zi tushdi. Ko‘zi tushdi-yu, bir chuqur xo‘rsinib ham qo‘ydi. Kim biladi ayolining o‘ychan, tikilib turgan ko‘zlari yuragiga, qalbi shuuriga, birga o‘tkazgan shirin xotiralarni solib yuborgandir balkim… 
Nevarasi Ja’far bir zumda o‘choqqa o‘t qalab, choyni vaqir-vuqur qilib qaynatdi.
Dasturxonga qo‘yar ekan so‘ngsiz xayollar og‘ushida yotgan bobosiga qarab:
-Bobo, choy tayyor. Issiq –issiq iching juda charchadingiz. Hozir oyim maktabdan darsi tugasa kelib qolar. Bir nima pishirib beradi. Dadam bugun navbatchilikda qolsa kerak, kecha ketayotib shunday degandi. Men maktabga ketdim,-dedi papkasiga yarim burda nonni va ikki konfetni cho‘ntgiga solarkan Ja’far.
-Mayli, Rahmat ulim. Yaxshi o‘qi xo‘pmi? 
-Xo‘p, bobo, aytganingizdek o‘qiyman,-dedi-da Ja’far tashqariga zipillab chopib chiqib ketdi.
Shu orada Raxmat bobo dasturxon chekkasida chordora qurib o‘tirdi. Va, issiq choyni uch marotaba qaytardi-da, choynak ustiga qizil matohdan tikilgan dokani yopib qo‘ydi…
…Bir ozdan keyin kelini Aysuluv maktabdan qaytib keldi. Apil-tapil kiymlarini almashtirdi-da, tushki ovqatni tayyorlashga oshxonaga o‘tib ketdi…
…Kunlar shu zaylda o‘tar edi. Qishning qahratonli, izg‘irin, sovuq kechalari ortda qolib, barchani birdek sog‘intirib qo‘ygan ko‘klam kirib kelmoqda edi. Mo‘ynoqlik dexqonlarning birdan-bir orzusi: dasturxondagi ovqatdan keyingi fotihasida ham, biror safarga otlanayotgan odamga o‘qilayotgan duosidayam, xullas kalom ikki kaft bir-birga tekkanida «iloxim, bu yili suvimiz mo‘l-ko‘l bo‘lsin» deya yaxshi niyat qilardilar.
Chindan ham shunday-da. Tiriklikning, mavjudlikning asosini suvsi tasavvur etib ko‘ring-chi.?! Aslo mumkin emas! 
Barchasi Yaratganning qo‘lida, -derdi Raxmat bobo har sahar dasturxonning atrofida choy ichayotgan nevarasiyu, o‘g‘liga, keliniga qarab…
…Ahyon-ahyonda osmonga bo‘y cho‘zib turgan tollarda, endigina chiqayotgan kurtaklarining ajib hidlari butun qishloqni tutib ketdi. Bolalar chillak o‘ynashar, laylak uchirishar edi. O‘zlarida yo‘q sevinch bilan bolalagining qaytib kelmas laxzalarida davri-davron surishardi…
…Navro‘z bayrami ham o‘tdi. Negadir Raxmat boboning so‘nggi paytlari toblari tez-tez qochib, qoladigan bo‘ldi. Do‘xtirlar kelib ko‘rishganidayam, bu axvolni qarilikka yo‘yishdi. Hech qanday dori –darmon ta’sir etmasligini, faqat va faqat xudodan sabr-bardosh tilashdan boshqa choralari yo‘q ekanligini kelini Aysuluvga qishloq vrachlik punkti shifokori Mahmud aka shunday tayinlab ketdi…
…Na chora? O‘lim haq, dedi nevarasining yumshoq qo‘llarini ushlagancha Raxmat bobo.
-Nega? Nima uchun? Siz hali ko‘p yashaysiz bobo. Meni tashlab ketmang. Men… Men sizsiz qanday… oxirgi gapini aytolmay qoldi. Unsiz ko‘zlaridan yoshlar oqdi Ja’farning. Ja’far yig‘lab, miq etmasdan bobosining gapini eshitib o‘tirardi: 
-O‘g‘lim, bilaman, sen meni ayab, asrab, yaxshi qarab kelding. Seni ko‘rganimda doimo saxovatpesha otam esimga tushadi. U kishilar ham xuddi senga o‘xshab, musichadek beozor, ko‘ngilchan inson edilar. Bizlar ularning bosib ketgan izichalik bo‘lolmadik. Murodim hosil bo‘lib, sizlarni qo‘limdan kelganimcha tarbiyaladim. Onangga,  dadangga doimo mehribon bo‘lgin. Shunday qilsang o‘zingga ham yaxshi. Kelajakda yurt koriga yaraydigan farzand bo‘lgin. Sening doimo qiziqib so‘raydigan savolingga esa tushlaringga kirib javob berman bolam. Ha, ha o‘shanda meni vujud sifatida yo‘qotasan. Seni doimo ruxim qo‘llaydi. Men sen bilan birgaman. O‘g‘lim, meni tushun, so‘nggi vasiyatimni ketar jafosi aytmasdan bu foniy dunyoda ko‘zim yumilmagay…
Raxmat bobo shu tobda chuqur «uh» tordi. Nafasini rostladi. Ja’farning panjalaridan mahkam ushlab so‘zida davom etdi:
- Men… men bugunmi, ertagami bu dunyodan o‘tib ketaman. Sen hali yoshsan. Dengiz bo‘ylaridagi suhbatlarimizni eslagin. O‘shanda yuzlab chaqirim olislab ketgan bo‘lsayam dengiz qirg‘oqlarini aniq, tiniq chizib ko‘rsatganman senga. Bir kun kelib o‘sha qirg‘oqlar o‘z asliga qaytadi, ulim. Orol to‘lib, suvni isrof qilmasdan, sizlar, aziz nevaralarim qadriga yetinglar. O‘shanda meni eslab, dengizning pishqirgan to‘lqinlaridan bir hovuch suv olginda, qabrim tepasida o‘sib, qurib yotgan bo‘lsayam yovvoyi o‘t-o‘lanlar ustidan quygin. O‘shanda mening bu dunyodagi so‘nggi armonib ham ushalgy ulim. Bu ish fakat va fakat sening qo‘lingdan keladi, -dedi-yu, Raxmat boboning qo‘li sovub nevarasining yumshoq kaftidan shilp etib ajraldi…
Qo‘rqib ketgan Ja’far bobo, bobojon deya qichqirib yubordi…
…Raxmat boboni ham so‘nggi manziliga elitishdi. Butun qishlok ahli to‘planishib borib qabrga qo‘yib qaytishdi…
Ja’far bobosi olamdan o‘tgach, hech kimi yo‘q odamdek, o‘zini yolg‘iz his etardi...
Bobosini xotirlash uchun iziga Mo‘yinoq laqabli itini ergashtirib qirg‘oqlari yuzlab chaqirim olislab ketgan, cho‘kayotgan dengiz sohilllari tomon borardi. Bobosi bilan qurgan suhbatlarini sog‘inch bilan eslar edi… Yuragining bir burchagida, bobosining armonli vasiyati turardi. Bu vasiyat uning butun vujudini tergov qilar, Orol kachon to‘ladi ekan deya, ko‘z oldi-da takrorlanar edi: «meni eslab, dengizning pishqirgan to‘lqinlaridan bir hovuch suv olginda, qabrim tepasida o‘sib, qurib yotgan bo‘lsayam yovvoyi o‘t-o‘lanlar ustidan quygin. O‘shanda mening bu dunyodagi so‘nggi armonib ham ushalgay ulim»…
…Izg‘irin shamolning vajohatiga qo‘shilib olis –olislardan qandaydir ma’shum sado kelardi: «Men borman, hali zamon qaytib kelman…meni kutinglar…» Bu hayqiriq sohillarini unutib ketgan dengiz tomonidan eshitilib qamishzorlarni kesib o‘tib, qumlarga qo‘shilib yarmi botib yotgan kemalarning temir suyaklariga urilib aks-sado berardi…
Bu achchiq hayqiriqni balandlikda, izg‘irinli yelga tik boqib turgan Ja’farning qalbidan bo‘lak hech kim eshitmas…eshita olmas edi…

02.04.2010

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.