OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xursandbek To‘liboyev. Hikoya yozish siri (hikoya)

Tun. Olamni zulmat qoplagan. Kutilmganda eshik taqilladi. Sekin oyoq uchida yurib, torgina dahlizga chiqdim. Ustiga-ustak chiroq ham o‘chib qolgan ekan. Akamning o‘g‘li uyg‘onib ketsa bormi, uxlatish – ovutish qiyin. Yangamga ham oson tutib bo‘lmaydi. Kuni bo‘yi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lib, charchaydi. Ikki mahal ovqat pishirish, uylarni yig‘ishtirish, xullas kichkina uyning ham katta tashvishlari bo‘larkan, ayol joniga bir o‘zi eplaydi. Sekin, ehtiyotkorlik bilan tryuma oldidagi shamni yoqdim. Avvali yarim tunda kim keldi ekan, deya biroz eshikni ochish-ochmaslik xususida o‘ylanib, ikkilanib turdim. Yana taqqilladi. 
- Kimsiz, - dedim va eshikka quloq tutdim.
- Men Shukur akangman. Eshikni och. Tashqari yomg‘ir, ust-boshimdan ham o‘tib ketdi, - dedi ingichka ovozda. Kitoblarda o‘qib bilganim, «odam bu dunyodan o‘tgach ruhi abadiy qolarkan va to qiyomatga qadar butun koinot sahrosida kezib yurarkan», degan fikr miyamga keldi. O‘zim ham Shukur akaning muxlisi emasmanmi, ovozini eshitib biram sevindimki, hayajonning zo‘ridan qo‘llarim dir-dir titrardi. Eshikni ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi suratlardagi inson Shukur akaning o‘zi edi. 
Salom-alikdan keyin o‘zim yotgan xonaga boshladim. Egnida uzun qora plash, boshida shlyapa. 
- Yomg‘irda qoldim, mana bu kiyimlar biroz qurisin, keyin ketaman shungacha men senga hikoya yozish sirini o‘rgataman, - dedi stol chekkasiga omonatgina o‘tirarkan.
Shu gaplarni menga Shukur aka aytayaptimi, sevinchim ichimga sig‘masdi. Borib akamni uyg‘otaymi degan xayolga ham bordim. U kishi mening ichimdagini bilgan ko‘rinadi, - ovora bo‘lma bolam, bir piyola suv keltir, juda chanqadim, - dedi va, - hech kimni uyg‘otib yuborma, ishimiz chala qoladi – deya yon tomonidagi yostiqqa yonboshladi.
Aytilganidek bir piyola suv keltirdim. 
- Endi qo‘lingga qog‘oz-qalam olgin, men aytgan asarlar ro‘yxatini tuzib chiqamiz. Keyin o‘shalar orasidan nimalarni o‘qish kerakligi xususida maslahatlashamiz, - dedi.
Shundoq ijod stolim ustidan bir taxlam oqqog‘oz va qalam olib yoniga o‘tirdim. Piyoladagi suv hali ichilmasidan oldida turardi. Menga juda sirli qarardi. Salobati bosarkan, men esa o‘zimni kamtarin ko‘rsatishga, ko‘proq narsa o‘rganishga tayyorladim. 
- Tolstoyni o‘qish kerak. U hamma qatori ziyoli inson, farqi shuki u dahodir. Istaymizmi yo‘qmi, uningdek yozish uchun juda ko‘p narsalardan qo‘l siltash kerak, davru zamonni bilmaydi, u hadsiz, hududsiz bir ummondirki, shuncha falsafa bitta yuragiga qanday sig‘ganiga aqling qoyil qoladi. O‘qiganmisan Tolstoy ijodini, - dedi.
Men esa biroz ikkilanish, biroz hadik aralash holatda, - ha o‘qiganman, faqat «Tirilish» romanini dedim. 
- Uni ham yozib qo‘y, yana qayta o‘qib chiqgin, - dedi-da, Tolstoy hazratlarining asarlarini nomma-nom sanay ketdi. Ustoz aytardi, men yozishga ulgurmasdim. So‘zlarni qanday bo‘lsa shunday yozardim, xuddi shifokor dastxati kabi – o‘zim tushunsam bo‘ldi qabilida. Aytganlarini yozib bo‘larkanman, yana bitta yozuvchi xususida gap ochdi. Bu ham atoqli yozuvchi Sholoxov.
- «Tixiy don»ni o‘qiganmisan? – dedi.
- Yo‘q, eshitganim bor, lekin asarlaridan birortasini bilmayman, dedim.
- Uni ham yoz. «Inson taqdiri», «Tixiy don»… asarlarini birma-bir erinmasdan aytardi, men esa yozib borardim. 
- Sholoxovning iste’dodi oldida boshimni egib ta’zim beraman. Borlig‘iyu botini hamishalik bezovta ummon kabi mavjlanadi. So‘z zargari degim keladi uni. Ko‘pchilik uni «shafqatsiz realist» deb atashadi. Bu gapda ma’lum ma’noda jon bordir, ammo, lekin u juda kamtarin, mehribon insondir. Asarlarida xarakterlarga chizgilar berarkan, hamisha tabiat bilan bir butun uyg‘unlikda tasvirlaydi. Masalan dengiz shovvullashi xususida gap ochsa, demak uning kahramonlari birining ko‘nglida bexotirjamlik bor. «Osmonni bulut qopladi», deydi «Tinch don» romanida. Demak, Grigoriyning boshiga ko‘p tashvishli kunlar tushishiga ishora etadi. «Don daryosi pishqirib oqmoqda», deydi, demak xalq tahlikali ahvolda ekanidan so‘z ochadi. Bunday kamyob iste’dod egasining o‘ziga xos olamidan bahra yashash kerak, o‘rganish kerak. Ana ?undagina ko‘nglingdagi savollarga javob topgan bo‘lasan, biroz charchadim shekilli. Sigara bormi? – dedi.
- Ha. Albatta. Akamnikidan olib kelaman, hozir dedim-da, oshxona tomon sekin oyoq uchida yurdim. Sigareta, gugurt va kuldonni olarkanman, oshxona derazasidan tashqari razm soldim. Yomg‘ir shu darajada quyib yog‘ardiki, ko‘chada qolgan odam yomg‘irpo‘sh bilan tursa ham bus-butun ust-boshi jiqqa ho‘l bo‘lishi tayin. Ko‘pqavatli uylar oldidagi teraklarning shamolning erinchoq allasida omonat chayqalishini chiroq yorug‘ida aniq-tiniq ko‘rish mumkin edi. Bir zum daraxtlarning shovullashiyu osmonning gumburlashiga quloq tutdim. Qandaydir, bahorgi kayfiyatimga mos edi tabiatning ishlari. Endigina kurtak yozayotgan daraxtlar ko‘cha chiroqlari nurida ajib tovlanardi. Sevindim. Men yotgan xonada g‘oyibona Ustoz o‘tirganidan, hikoya yozish sirini o‘rgatayotganidan mastu alast edim... Shoirona xayollarga berilib, dilimdayu tilimda she’r aylanardi. Keyin «Ustozni ko‘p kuttirmayin, axir har bir daqiqa omonat, u kishidan bilganu bilmganlarimni o‘rganayin, dedim-da xonamga tomon sekin oyoq uchida yurib keldim. 
- Keldingmi? – dedi, menga tikilibroq. 
- Ha, Ustoz, keldim. Uzr Sizni kuttirib qo‘ygan bo‘lsam, - dedim va qo‘limdagi kuldonu sigaretani stolga – oldiga qo‘yib, yana joyimga o‘tirdim.
- Frantsuz adabiyotini o‘qi? kerak, deya gap boshladi Ustoz. – Biz doim kechikib yuramiz. Aslida hamma narsa omadu omadsizlik ham o‘zimizning qo‘limizda. Dangasalik tutib, vaqtida ishlamaymiz. Inson nimagadir erishmoqchi ekan va oldida bu yo‘lda to‘siq bo‘lsa uni hayotga achchiqma-achchiq ravishda kurashib, yengib o‘tishi kerak. Jasorat bo‘lish uchun ham juda ko‘p o‘qish kerak. Bilgan narsangni bilmaganga o‘rgat, shunda senga bilimlar xazinasi eshigi ochiladi. Bunga birdan-bir erishishning yo‘li bor – mutolaa! Aytmoqchi, o‘zing nimadir yozib turasanmi o‘zi?
- Yozishga yozamanu, lekin bir-ikki qadrdon akalarimga ko‘rsatgan edim, unchalik ularga ma’qul tushmabdi. Sodda va betartib yozilgan, dedi. 
- Demak, hali xomsan, g‘o‘r va pishmgansan. Qaynoq hayot qo‘ynida yashash kerak. Hayotdan uzoqlashdingmi, yozganlaring xayoliy bo‘lib, xayolligicha qolib ketaveradi. Keyin o‘kuvchini ham xayolot dunyong zeriktiradi. Aslida hayotda bo‘lgan va ko‘rgan narsang xususida gapirish qanday maroqli. Masalan men shu narsaga amin bo‘ldimki, yozish o‘ziga xos bir ibodat va kimningdir og‘irini yengil qilishday gap ekan. Agar bordiyu senga tegishli bo‘lmagan iztirob xususida yozadigan paytda nimalarga e’tibor berish kerak: avval uni yurak-yuragingdan o‘tkazib, ma’lum xulosa va to‘xtamlaga kelgach qog‘ozga tushirsang, so‘ngra bir boshdan mutolaa qilib, ortiqcha joylarini olib tashlasang hamda o‘z iztiroblaringni ham qo‘shib-chatib yubormasang hammasi – bir pul! Bunday deyishmiga sabab men yuqorida nomlarini aytgan yozuvchilarning deyarli barchasi muhtojlik sabab qo‘liga qalam olmagan, ularni to‘lqinlantirgan narsa shuki, Xudo tomonidan berilgan iste’dod va Ilohiy bir turtki bo‘lgan. Shu sababligina ular qo‘llariga qalam tutib, yozishga o‘tirgan. Bu borada qancha qurbonlar bermadi, deysan. Uyidan, oilasidan, xotinidan, hatto o‘zidan ham kechib, xilvatga bosh urgan ular. Chunki shunday qilmasa, ichidagi to‘lib-toshib yotgan dard o‘z-o‘zidan chikib ketmolmagan. Bir tomondan bu xildagi qarash noto‘g‘ridir. Qismatiga shu bitilgan esa nima xam qilardi… Adabiyot yo‘lini tanladingmi, demak qismatimga og‘ir yuk ortilgan deyaver. Agar shu qismat in’omi – yozish va yozuvchilikni tanlagan bo‘lsang! 
- Charchamadingizmi ustoz? – dedim gapidan to‘xtab, biroz tin olgach.
- Yo‘q, mulohaza yurityapman. Charchasam o‘zim aytman. Ha, aytgancha palshimni ushlab ko‘rgin, qurib qolibdimi?- dedi qo‘lida bitta sigaret donasini ushlagan ko‘yi.
Men Ustozning gapi «Amri ma’ruf» deya o‘rnimdan turib, ilgichga ilinib turgan plashni paypasladim. Ho‘l edi yengining uchlari.
- Hali qurimabdi, Ustoz, - dedim.
- Unda mayli, ulgurishimiz kerak. Vaqt bor. Kel joyingga o‘tir, davom etamiz, - dedi.
Xo‘sh, qaeriga kelib edik. Amerika adabiyotidan xabardormisan, Xeminguey kabilar ijodidan?
- Xabarim bor. Xemingueyning «Quyosh baribir chiqaveradi» romanini o‘qidim. Nuqul dialogdan tashkil topgan. Boshida biroz erindim, keyin veqealarning o‘zi hayot ichkarisiga tortib ketaverdi. Qandaydir barma-bar sang‘ib yurishaeradimiey qahramonlari…
- Bu ham o‘ziga xos bir olam mavji. Tengsiz san’atkori. Chunki dialog mohiyatiga yuklab qo‘ygan ma’noni o‘quvchining o‘ziga havola etadi. Tushunish uchun o‘sha dialoglarni mag‘zini chaqib ko‘rish kerak. Avvali, u ekspriment qilib ko‘radi. Keyin o‘ziga xos uslub yo‘lini topib olgach, shu yo‘ldan og‘ishmay-chalg‘imay yurib ketgan. Oqibat minglab, millonlab kitobxonlar muhabbatiga musharraf bo‘ldi. Yozganlari biroz soddaroq bo‘lib tuyular, shunday bo‘lsa ham mazmun-mohiyatida inson va insoniyat dardi mujassam. Uqdingmi? – dedi alohida shu so‘ziga urg‘u berarkan.
- Ha, uqdim. – dedim men.
- Davom etamizmi yoki…
- Vaqtingiz bo‘lsa jon derdim Ustoz…
- Men hamma gaplarni va eng asosiysi qo‘lingdagi qog‘ozga bitgan yozuvchi asarlari ro‘yxatini aytib bo‘ldim, shekilli? 
Men yozgan ismlar orasida yetti uxlab tushimga kirmagan adiblar bor edi. Ularni qanday topaman, degan o‘y kechdi miyamda. 
- Yomg‘ir tinganmi bir ko‘rgin-chi? – dedi deraza tomonga ishora etganicha.
O‘rnimdan og‘ir qo‘zg‘aldim. Negadir holsizlik ingandi badanimga. Xuddiki kimdir o‘tirgan joyimga kishanlab, bog‘lab tashlagandek edi. Sezdimki, baribir Ustozning salobati bosarkan. Bir amallab derazaning yarim qiya qanotidan tashqariga razm soldim. Yomg‘ir bir-ikki tushayotgan tomchilarni aytmaganida tingan edi. Bahorning muattar hidi yomg‘ir havosida qo‘shilib xonamgacha kirib turardi. Imoratning allaqaerida mushuk uvalardi…
-Tinibdi, Ustoz, - dedim orqamga o‘girilib. 
- Mayli, plashim ham qurigandir. Endi men ketishim kerak. Meni kuzatib qo‘yasan-a? – dedi.
Plashi va shlyapasini olib berarkanman, miyamga bir savol chatnab keldi. 
- Ustoz suhbatimiz boshida menga hikoya yozish sirini o‘rgataman deb edingiz? Bu saboq xususida so‘z ham ochmadingiz? – dedim qiziqsinib, yana nimalardir bilgim kelib.
- Men aytgan ro‘yxat bo‘yicha mutolaani davom ettir. Kelasi safar albatta hikoya yozishning miridan-sirigacha o‘rgataman. 
Ustozning so‘ziga boshqa gap topolmadim faqat shunga ham rahmat, kelasi safar albatta o‘rganaman, deb gapini ma’qulladim.
- Qani boshla, - dedi Ustoz.
Chiroq hali ham yonmagan edi. Shaharda bir paytlar shunday bo‘lib qoladi. Bu hol, ko‘proq yomg‘ir yoqqan mahali ro‘y beradi. 
Ustozga plashi va shlyapasini kiyishida qarashdim. Va, sekin yurib torgina dahlizga chiqdik. Eshikni ocharkanman, - meni tashqari – birinchi qavatgacha kuzatib qo‘ymaysanmi? – dedi. Men rozi bo‘lmay ilojim yo‘q edi. Qanday qilib, kuzatmay bo‘larkan. G‘oyibona Ustozim o‘zlari yo‘qlab kelgan bo‘lsa tag‘in, oldinma-ketin yurib pastga endik. Tashqariga chiqsam ko‘z oldimda hech bir umrimda ko‘rmagan manzara – ajib bir go‘zallik o‘zini namoyon etib turibdi. Men Ustozning yonimdaligidan sevinib, xavotirim bir zumga aridi. Turfa bog‘, gulllar, bahoriymi yoki boshqami muattar hidlar dimog‘imga urildi. Chiroq bo‘lib chiroq emas, bog‘ ichkarisida qandaydir nur yorishgan, zim-ziyo tunni, borliqni, zulmatni yoritib turardi. Shu payt Ustoz yurishdan to‘xtadi. Menga qaradi. Men esa go‘zalligu nur ziyosida salobatli bo‘lib turgan Ustozga qaradim.
- Mayli, yaxshi qol bolam. Men ketdim. Kelasi safar hikoya yozish sirini albatta o‘rgataman, - deya alohida yana boyagi so‘zini tarorladi. Ustoz yurib borarkan, ichimda ko‘p yashang Shukur aka, dedim. U bog‘ ichkarisiga kirib ketarkan, atrofini chulg‘agan ziyo – nur o‘zi bilan birga harakatlanardi. Shamol allasida daraxt hamon chayqalardi. Yerga qarasam, yomg‘ir suvidan yig‘ilgan ko‘lmakda oy aksi ko‘rinardi. Demak, bulut ham qaerlargadir ketgan. Osmon ochiq. Ertaga albatta quyosh chiqadi va bahor gullarini yagshnatib yuboradi, deya o‘yladim. Shunday o‘ylar og‘ushida qancha turdim bilmadim, Ustoz hamon ko‘z oldimda ketib borardi. Harakatlanayotgan nurda tovlanib turgan daraxt barglari kumushdek yaltillardi. Men o‘sha go‘zallikka ko‘z tikib, borlig‘imda qandaydir mayin kuy sadosini tuydim. Osmonning olis bir nuqtalarida yulduzlar jimiri ko‘zga ko‘rinardi. Sekin orqamga o‘girilib uyga kirib ketdim… uyga kirgan edim, stol ustida bir piyola suv va sigaret va kuldon. Qanday keltirib qo‘ygan bo‘lsam, shundayligicha turibdi. Vodarig‘! Hayron bo‘ldim. Nega menga shularni keltirishni buyurdiyu, lekin hech birisiga qo‘l tekkizmadi. Suvni esa ichmadi ham? Nega? Savollarim – javobsiz. Yana to‘shagimga uzaydim…

Kuz. 2 noyabr, 2011 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.