OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Himmatingizga bog‘liq (hajviya)

Davolovchi shifokor kasalxonaga yotqizilgan bemorni ko‘zdan kechirarkan, uning qaerda ishlashi bilan qiziqdi.
- Yozuvchiman.
- Nima yozasiz?
- Kamchiliklarni.
- Bizga tushgan bemorlar kasalxona sharoitini yaxshilash uchun nimadir qilishadi. Ushbu palataga sizdan oldin davolangan bemor quruvchi ekan. Tuzalgandan so‘ng, mana, ko‘rib turganingizdek, xonani ta’mirlab berdi. Siz ham o‘z sohangiz bo‘yichi yordamingizni ayamassiz.    
- Qanday qilib?                                           
- Sharoitimizni yaxshilash uchun kamchiliklarni yozasiz.            
- Qaysi kamchiliklarni?                                    
- Albatta, bemorlarning kamchiligini-da.                        
- Masalan?                                            
- Bizni ba’zan ta’magirlikda ayblashadi. Lekin birorta shifokor bemordan pul talab qilganini eshitganmisiz?                 
- Yo‘q.                                                
- Yashang. Unday bo‘lsa bu tuhmat qaerdan chiqqan? Albatta bemorlardan. Shuni yozsa bo‘ladimi?                                
- Bo‘ladi. Yana misol bormi?                                 
- Bor. Bemorlarning yana bir kamchiligi ularning shifokor yoki hamshiraning cho‘ntagiga pul tiqishi.                                
- Ie, pul tiqsa yomonmi?                                    
- Yomon emas. Lekin cho‘ntakka kirgan pulning miqdorini bilmaslik yomon. Bilasiz, pulni bemorning oldida sanash noqulay. Lekin, xilvatroq joyga borib pulni sanashgacha ketgan vaqt kishini qanchalik behalovat qilishini tasavvur ham qilolmasangiz kerak.        
- Bu yerda bemorning kamchiligi nimada?                         
- Uning ko‘rsatgan minnatdorchiligi shifokor chamalaganidan kamligida.                                                 
- Tushundim. Sizningcha bemor qancha berishi kerak?                 
- Kechirasiz, bizda tibbiy yordam ko‘rsatish bepul.            
- Tushunmadim?                                             
- Nimani tushunmaysiz?                                     
- Axir, minnatdorchilik bildirish kerakmi?                     
- Bu himmatingizga bog‘liq.    

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.