OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Xatolik (voqeiy hikoya)

Bugun «Zafar» restoraniga borishimiz kerak. Bo‘limda ishlovchi Abdumajid eri xorijga ketgan ba’zi xotinlarning xiyonatkorligini menga isbotlamoqchi.
- «Karimbek» ham, «Istiqlol» ham yaxshi, lekin «Zafar» gavjumroq. – Abdumajid jim turganimdan foydalanib, izohga o‘tadi. – «Zafar»ning joyi keng. Musiqa shovqinini aytmasa, tunda borgan ma’qul.
Fikrini to‘liq izhor etmagani bilinsa-da, norozi qarashimdan gapi bo‘linadi. Tili tiyilishiga yana bir sabab, kunduzgi o‘tirishga bormay qolishimdan hayiqqani.
 - Xo‘sh, jononlar bilan o‘tirishga yangi kiyim kiyib keldilaringmi?
Bu xonaga kirgan Mirzoning shamasi. U ham menga o‘xshab bo‘lim boshlig‘i. Lekin boshqarmada Abdumajid bilan ancha vaqtdan buyon birga ishlagani uchun unga yaqinroq, mudom gaplari bir bir joydan chiqadi. O‘tirishga u ham aytilgan.
- Telefonni ko‘p band qilmang. – deyman Abdumajidning telefonda uzoq gapirishidan asabiylashib. – Besh daqiqadan ziyod gapirmang, deb necha marta aytganman.
- Hozir, hozir. – O‘rnimdan qo‘zg‘alganimni ko‘rib, telefon apparatiga yopishadi. – Hozir tugataman.
Mirzo ta’riflagandek, bosh irg‘ash raqsi boshlanadi. Bu Abdumajidning telefonga quloq tutib, bosh qimirlatish odati. U gapirganda «yo‘g‘e», «nahotki», «shunday dedingizmi», «to‘g‘ri qilibsiz» deyishdan nariga o‘tmaydi. Ta’kidlashicha, gapni bo‘lmay tinglagani uchun ayollar uni yaxshi ko‘risharkan.
 Ishimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli. Kunimiz dalada, xo‘jalik yoki fermerlarning yerlarida o‘tadi. Bir-ikki xodim atay kechikib, kelmay qolganini aytmasa, o‘n-o‘n ikki kishilik guruhimiz rahbariyat bir kun oldin belgilagan tumanga borib, joylardagi dehqonchilik ishlarini o‘rganamiz. Kechga yaqin guruh rahbariga ma’lumotlarni topshirib, shaharga qaytamiz. Gohida yig‘ilishga bizni ham qoldirishadi. Lekin majlis uzoq cho‘zilib, ertangi ishimizga ta’sir etgani uchun, ko‘pincha javob berib yuborishadi. Bizga birkitilgan avtobusda ishxonaga qaytarkanmiz, dala kiyimlarimizni almashtirib, uyga shoshamiz. Ertasi yo‘lda ketayotib kecha uyga qaytishda pivo (salqin vaqtlar qahva) ichish uchun barmi yo kafega kirib, u yerda xotin-qizlardan yangi tanishlar orttirishganini aytib, Abdumajid bilan Mirzo maqtanishadi.
- Ahvol shu ketishda bo‘lsa restoranlarni xotin-qizlar egallaydi. – deydi e’tirozimizga javoban Abdumajid. – Ishonmasangiz, - u menga yuzlanadi,- Otash aka, biz bilan yuring. Yanganing oldiga bir bor kech borsangiz hech narsa bo‘lmas.
Qovog‘im uyulishidan uni o‘chadi uning.
Yo‘q, Mirzo bilan Abdumajid oxir meni ko‘ndirishdi. Xatlar bilan ishlashga oyda bir-ikki bor berildigan, ya’ni shanba kuniga to‘g‘ri keladigan kunlarning birida ular bilan borishga rozi bo‘ldim.
O‘tirish belgilangan kun tushga yaqin Mirzoning sinfdoshi keldi. Abdumajiddan ayrilmasligini bilgani uchun hamqishlog‘ini xonamizdan izlaganiga ajablanmadik
- Mirzo qani? – dedi u salom berib.
- Keling. – Oldin ham uchrashganimiz uchun unga qo‘l cho‘zib, o‘tirishga taklif etdim. – Hozir kelib qoladi, shu yerda.
«Yo‘g‘e, yo‘g‘e» deganidan telefonda ayol kishi bilan gapirayotgani ma’lum bo‘lgan Abdumajidning nigohida bemahal tashrifdan norozilik sezildi.
- Fermerlik qanday?
- Yaxshi. – Mehmon hali ham xonada qolishga ikkilanib turardi.
Abdumajidning yovqarashidan orttirgan ung‘aysizligini tarqatish uchun uni o‘tirishga majbur etdim.
- Nimasi yaxshi, shundan gapiring.
U nima deb javob berishni bilmay iljayib qo‘ydi. Ilgari ham kamgapligini ko‘rgandim. Fermerlikdagi ahvolni bilish uchun atay gapga soldim.
- Falla qanday bo‘ldi?
- Bu yil maza qilmadi. Bahorgi qurg‘oqchilik, keyin suvning ham tanqisligi hosilga ta’sir qildi. Lekin rejani bajardik.
- Ha, yaxshi. Rejani bajargan bo‘lsangiz yaxshi. – Mirzoning oldiga bekorga kelmaganini bilardim, maslahatga kelgan u. – Yana biror muammo paydo bo‘ldimi?
- Ijarachilarga va’dalashgan g‘allani berolmadim. Takroriy ekin ekishga ruxsat kerak ekan. Shunga Mirzoga kelgandim. A’zolar hech bo‘lmasa mollariga makka ekib olishsin.
Ijarachilarga g‘amxo‘rligi yoqdi menga. Ularning tashvishini o‘zinikidan yuqori qo‘ygani gap ohangidan sezilib turardi.
- Ijarachilarga oylik bering.
- Bankka borgim yo‘q. – Noxush narsani eslagandek, yuzi burishdi uning. - Pul bermaslik uchun mingta bahona topishadi. Maoshga pul kelmagan deyishadi. Maqsadli pulmi-ey. Faqat yonilg‘i, o‘g‘itga o‘tkazish mumkin ekan. E-e, turgan-bitgani azob.
U xo‘rsindi. Keyin esnoq tutib, kafti bilan og‘zini berkitishga ulgurmagani uchun pastki tishlarining yo‘qligi ko‘zga tashlandi. Hali ham tish qo‘ydirmaganiga achindim. Vaqti ham bo‘lmasa kerak. Lekin ko‘proq ijarachilarning ahvoli meni o‘ylantirgandi.
 - Biror marta pul olmadingizmi.
- Bir marta yuz ming berishdi. Unda ham ellik mingni qaergadir o‘tkazishga rozi bo‘lganimdan so‘ng. Homiylikka ekan.
- Qaerga homiylikka?
- Kim biladi. Qog‘oz tutqazishdi, qo‘l qo‘ydim.
- Qiziqku.- Hayron bo‘ldim. – Tumanda qancha fermer bor?
- Mingdan ziyod bo‘lsa kerak.
- Ellik mingdan ellik million so‘m bo‘ladiku.
U gapirmadi. Aniqrog‘i, gapirishga ikkilandi.
- Bankda ham qing‘irliklar ko‘pmi, deyman. – Kuyunganidan ko‘nglidagi gapni saqlolmadi. - Qo‘shnim ham fermer, oltmish gektar yeri bor. Bir-ikki maslahat berdi. Bir qisimni qoldirish sharti bilan bankdan pulni olsa bo‘larkan.
- Qanday?
- Ximiya shahobchasi hisobchisiga o‘n ming so‘m berilsa, qarzi yo‘q deb qog‘oz berarkan. Neftdan ham shunday. Umuman, qarz yo‘qligi haqida hujjat bo‘lsa, uddalasa bo‘larkan.
- Qildingizmi?
- Besh gektar yerim bor, nima qilaman haromni aralashtirib. Bir kun emas, bir kun oshkor bo‘lishi aniq.
- To‘g‘ri qilibsiz.
Eshitgan gaplardan asabim buzildi. Qachon tugaydi bu ko‘zbuyamachilik, yulg‘ichlik, ta’magirlik?
Eshik ochilib, Mirzo kirdi. Hamqishlog‘i bilan ko‘risharkan, qo‘l uzatishidan xushlamagani sezildi. Tanishlari bilan odatda u quchoqlashib ko‘rishardi.
- Yur qani.
Telefonda gapini tugatib, suhbatimizni loqayd tinglab o‘tirgan Abdumajid ular eshikdan chiqmay gap otdi.
- Yig‘ilishga bormaysizmi?
- Boraman. Hozir jo‘natay.
 Yana telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘targan Abdumajidning qovog‘i uyuldi. «Yo‘q», dedi u kimgadir qat’iy. «Beva bo‘lmaydi. Ikki soatga o‘lmaydi.Rovna birga».
Mirzo kirdi. Yuzida beo‘xshov tabassum.
- Soat o‘n ikkidan o‘tdi. Bormaymizmi?
- Kettik Otash aka. – Abdumajid cho‘ntagidan mashina kalitini chiqarib, eshikka yo‘naldi. Istamay joyimdan qo‘zg‘aldim.
Restoranga kelganimizda soat o‘n ikki yarim bo‘lgandi. Tushlik vaqti bo‘lishiga qaramay, faqat favvora atrofidagi stollar xo‘randalar bilan band, qolgan stollar ustiga o‘rindiqlar teskari qo‘yilgan, bir xil kiyingan ikki xizmatkorning shlang bilan shalloba qilib suv sepib yurishi saraton bo‘lishiga qaramay havoga salqinlik baxsh etardi.
- Otash aka, qarang qani, nechta erkak sanaysiz.
Kirganda e’tibor bermagan ekanman, haqiqatan erkak zoti ko‘zga tashlanmasdi. Huv chekkada, faqat birgina joyda yigit bilan qiz o‘tiribdi, ularning yonidagi stol atrofida bir yigit va unga nisbatan yoshi kattaroq bo‘lgan uchta juvon, narigi stolda gap-gashtakchilar bo‘lsa kerak, to‘qqiz-o‘n chog‘li har xil yoshdagi ayollar, favvora atrofidagi stollarni esa to‘liq xotin-qizlar egallashgan. Atrofga qarab, ko‘zim tushgani shu bo‘ldi. Lekin sinchkovlik bilan e’tibor berilsa stollarda salqin ichimliklardan tashqari aroq yoki vino ham borligi, xotin-qizlar oldida to‘la yoki yarmi ichilgan qadahlar turgani, ba’zi davralarda ayollar qadah ko‘tarib, bir-biriga gapirayotganini sezish qiyin emasdi.
Atrofdan nigohimni olib, qo‘lida mitti daftar tutgan ofitsiant qizga qaradim. Hamkasblarim meni kuzatib turishardi.
- Hozir mehmonlarimiz keladi. – Abdumajid ofitsiant qizni o‘ziga qaratdi. - Keyin buyurtma beramiz. Hozircha choy bering.
Ofitsiant uzoqlashgach, u qo‘lidagi soatiga qararkan, yemakxonaga kiradigan panjarali naqshinkor darvozaga tikilib, toqatsizlandi. Lekin bu holati uzoq cho‘zilmadi.
- Xo‘sh, Otash aka, ilk taassurot qanday? – U menga o‘girilib, aytib yurgan gaplarini isbotlagandek mamnun tikildi. - Faqat ko‘rsatish bilan cheklanmay, sizga bugun eri tirik bevalarni tanishtiramiz.
 - Sizga zo‘ri aytilgan. – Mirzo uning gapini bo‘lib, menga ko‘z qisdi. – Agar o‘shani olib kelsa, omadim chopdi deyavering. O‘zidan oldin ta’rifi keldi, naq pari ekan. Eri Amerikada.
 Mirzoning bachkana qilig‘i-yu, suyuq gaplari yoqmay, chidab turolmadim.
-    Iltimos, bunaqa ishlarga meni qo‘shmanglar.
Abdumajidning yuzidagi tabassumini xijolat egalladi.
- Hech kim sizni u bilan yursin demayapti, Otash aka. – U men ketib qoladigandek Mirzoga qovoq uydi. - Yosh, xushchaqchaq ayollar. Ishlashadi, bolalari bor. Faqat erlari uzoqda. Ular ham odam, yashashi kerak.
- Xiyonat qilishga haqli deng.
Vajohatim uni hushyor torttirdi, holatiga bezovtalik qo‘shildi.
- Bu gaplarni ularga ayta ko‘rmang, Otash aka, xafa bo‘lishadi. – U davrada ayollar ishtirok etayotgandek, ovozini pasaytirib gapirdi. – Ana, o‘zlari ham kelishdi.
U o‘rnidan turib yemakxonaga kiraverishda turib qolgan uchta ayolga qarab yurdi. Ularning ikkitasi atrofga olazarak boqardi.
- Siznikiga gap yo‘q, Otash aka. – Ularga bir ko‘z tashlagan Mirzo yana ezmalandi. – Huv ana, yoshrog‘i. Aytgancha bor ekan. Bekorga aytishmaydi, yugurganniki emas, buyurganniki deb.
Gapidan ijirg‘inasam-da, indamadim.
Abdumajid ayollarni boshlab keldi. Salom berishib, stullarga o‘tirisharkan, yoshi o‘tinqiragan, istarasi sovuq juvon Mirzo bilan o‘pishib, hirsli nigohini menga tikdi.
- Abdumajid aka, aytgan boshlig‘ingiz shu kishimi.
- Ha. – Ayollarni joylashtirish bilan ovora Abdumajid unga ma’noli qarab qo‘ydi.
- Gulini yonlariga o‘tqazing.
Hamrohlariga nisbatan yosh va go‘zalligi bilan ajralib turgan nozikkina juvonni, qarshilik qilishiga qaramay, o‘rnidan turg‘azib, yonimga o‘tqazishdi. Yoshi yigirma beshlar atrofidagi bu ayol o‘zining iymanib turishi bilan ham qolgan ikki ayoldan ajralib turardi.
 Davraga qo‘shilganidanoq menga o‘zini tutishi yoqmagan ikki ayolning hamkasblarimga yog‘dirgan soxta ginalari va ularga javoban aytilayotgan yolg‘on bahonalarning shovqini atrofdagilarning ham e’tiborini tortdi. Ung‘aysizlanganimni Abdumajid payqadi. Barmog‘ini labiga bosarkan, hammani tinchitib, ofitsiantni imladi.
Yigitlar ortiqcha mablag‘ sarflamaslik uchun yo‘ldayoq qanday buyurtma berishni kelishib olishgandi. Taom tanlashda birinchi galda ayollarning istagi e’tiborga olinishini bilmagandek, Abdumajid ofitsiantga yuzlandi.
- Menimcha birinchi ovqatni hech kim yemaydi. – U o‘tirganlarga ko‘z yugurtirib, bir lahza javob kutdi. – Faqat ikkinchisini yeymiz. Oltita kabob berasiz, uchtasi qiymali. Keyin bitta aroq, yaxna ichimlik.
- Yaxna ichimlik tabiiy bo‘lsin. – Mirzoning yonida o‘tirgan ayolning gapi Abdumajidni dovdiratdi.
- Qaysi mevaniki bo‘lsin? – ofitsiant daftarchadan ko‘z uzmay savol berdi.
- Bittasi urik, ikkinchisi shaftoliniki. – taklif muallifi aniqlik kiritdi. – Ikkisi ham yurakka foydali.
- Yana.
Juvonning o‘zboshimchaligi og‘ir botgandek, unga namoyshkorona ko‘z tikkan Abdumajid, yana gapirishini kutgandek, atay sukut saqladi, sado chiqmagach, davom etdi.
- O‘zimizning milliy salatdan bering. Ikkita laganda alohida bo‘lsin. Keyin non, choy.
Buyurtma tugadi. Hammaning nigohi ofitsiant qizga qadalgandi.
- Bitta «pini» sigaret. – Nozli ohangdagi tanish ovoz yana bir bor yangradi.
- Mahfiz, odam gavjum joyda chekma deganman.
- Keyin chekaman. – hozirjavoblik qildi u to‘ladan kelgan gavdali dugonasiga. Ko‘rinishi kulangi tovuqqa o‘xshash dugonasi o‘zining yoqimsiz basharasi bilan menda noxush kayfiyat uyg‘otgandi.
Ofitsiant qiz ketdi. Buyurtmaga qo‘shimcha kiritilgani kulgumni keltirsa-da, o‘zimni bosdim. Ayni damda to‘ladan kelgan juvonning nomini bilish istagi paydo bo‘lgandi. Yonimdagining ismi Guli. To‘g‘rimdagi mahmadona Mahfiza. Uniki nima ekan. Fikrimni o‘qigandek, Abdumajid bizni tanishtirishga kirishdi. Men bilan Guli davrada yangi ekanmiz. Kaminaga ta’rif berilib, ba’zi o‘zim bilmagan noyob xislatlar ham aytib o‘tildi. Xotin-qizlarni Abdumajidning yonidagi Nafisa (katta gavda sohibasi shunday nomlanarkan) tanishtirdi.
Bu orada ofitsiant stolga salat va ichimliklarni qo‘yib ketdi. Mirzoga nonni ushatishini aytib, Abdumajid aroqni ochdi. Agar Guli «men ichmayman» deya ryumkani yonga surganini e’tiborga olmasa, hamma qadahlarga aroq quyildi.
- Ichmasang ham quyilgan tursin, Guli. – Nafisa unga aroq quyishni so‘radi.
U yana bir bor qarshilik qilgan edi, e’tirozlar ta’sir etdimi, qo‘lini ryumkadan oldi.
- Xo‘sh, birinchi tost kimga? – Abdumajid hammaga bir-bir ko‘z yugurtirdi.
- Birinchisi tanishganlik uchun ichiladi, menimcha.
Men va Gulidan tashqari Mahfizaning gapini ma’qullab qadahlar ko‘tarildi.
- Ol Guli, to‘yga borganing bilinsin. – Nafisa aroqni yarim ichib, ustidan yaxna ichimlikni ho‘plarkan, uning aroq ichmaganidan o‘pkalangan bo‘ldi. – Biz ham to‘yga, deb chiqdik. Saratonda kiygan kiyimimizni.– U suniy matodan tikilgan yaltiroq kuylagiga ishora qilib, Mahfizaga yuzlandi. – Nima uchun to‘yni bahona qilganimni aytaymi? Ertalabdan qaynonam keldi. O‘g‘lini tush ko‘ribdi, o‘lgur. Boshlig‘imizning to‘yi deb ba’zur qutildim alvastidan.
- Qaynonang yaxshi, Nafis. – Dugonasidan o‘pkalangandek e’tiroz bildirdi Mahfiza. – Biror og‘iz senga gapirmaydi, bechora.
- Bechora bo‘lmay o‘lsin. Shu latta o‘g‘lini er qilib yuribman, jon desin.
- Nega latta bo‘larkan. Kanda qilmay oyiga uch yuzta yuborib turibdi-ku. – Mahfizaning nigohida havas sho‘lasi ko‘rindi. - Biznikidan asrasin, olti oydan buyon bir tiyin yo‘q.
- Otash aka, siz ham ichmabsizku. – Abdumajidning gapi faqat ularning o‘zaro so‘hbatini bo‘lmay, hammaning nigohini menga qaratdi. – Guli singlimizga ham manzirat qiling, u kishi ham ichmayaptilar. Notanish ayollar bilan ilk bor o‘tirgandeksiz, Otash aka.
Bu gapga hamma kulgan bo‘ldi. Lekin haq edi u aytgan gapida, begona ayollar bilan birinchi bor o‘tirishim edi. Noiloj ryumkani ko‘tarib bir qult ichdim. Ichimlik tomog‘imni kuydirib o‘tdi. Yuzim burishganidan mushtumni labimga bosdim. Qarshimda o‘tirgan Mahfizaning sachqida uzatgan bodring bo‘lagini olarkanman, yonimga o‘girilib Guliga qaradim. U ryumkani labiga tegizib, yana joyiga qo‘ydi. Bu harakati bilan o‘ziga nisbatan hurmat uyg‘otgandi menda. E’tiborimni ayollarga qaratdim. Mahfiza aroqni oxirigacha ichgan, idishida yegulik bo‘lsa-da, o‘rtadagi salat suviga botirilgan non bo‘lagini og‘ziga solib, ishtaha bilan chaynardi. Nafisa esa Abdumajid bilan baland ovozda nimanidir muhokama qilarkan, o‘zini haddan ziyod erkin tutishi ajablanarli edi. Eri bor-ku, degan o‘y xayolimdan ketmasdi.
- Birinchisi bilan ikkinchisining orasidan qil o‘tmasligi kerak. – Mahfizaning qichqirgudek aytgan gapi hammani unga qaratdi. – Abdumajid aka, yo o‘zim soqiylik qilaymi?
Nafisa gapi bo‘linganidan dugonasiga norozi qarab qo‘ydi. Abdumajid o‘rnidan turib shishani oldi.
- Birinchi so‘z xotin-qizlarga. - Mahfizaning gapi uzilibroq chiqdi. Bir ruyumka aroq bilan kayfi oshib qolgandi uning. – Nafis gapirasanmi?
- O‘zing gapiraver. – Ayollarnikiga xos bo‘lmagan yo‘g‘on ovoz yana-da qo‘pol yangradi.
- Erkaklar uchun ichamiz. Haqiqiy erkaklar uchun.
Mahfiza ruyumkani hech kim bilan to‘qishtirmay, uni chuchchaygan lablariga tutarkan, oxirigacha simirdi. Mirzo uzatgan bokalni olib, notanish kishiga qaragandek, undan ajablangan bo‘ldi, so‘ng yaxni ichimlikni oxirigacha ichib, arazli ohangda so‘z qotdi:
    - Nega ko‘rinmaysiz, Mirzo aka?
    - Har kuni telefonda gaplashayapmizku. - Mirzo o‘zini hayron bo‘lgandek ko‘rsatsa-da, aytilgan gapdan xijolat tortgani bilindi.
    - Menga faqat gapirish yetmaydi. Ko‘rinib turish kerak. Mehr ko‘zda Mirzo aka. Mehr nimaligini bilasiz-a? – U ma’noli kuldi. – Mehr...
    Ofitsiantning kabob keltirishi gapni bo‘ldi. Abdumajid laganni o‘rtaga qo‘yib, go‘shtlarni sixdan chiqara boshladi. «Yana aroq olib kelaymi» degan ofitsiantning savoliga boshi bilan «yo‘q» ishorasini qilarkan, jimlikni buzish uchun aroq shishasini Mirzoga uzatdi.
    - Siz ham mehmondek o‘tirmay xizmat qiling, Mirzo.
    Tost aytish navbati menga tegdi. So‘zamol bo‘lmasam-da, hammaga sog‘lik tilab, aroqdan bir qult ichdim. Tomog‘im uncha achimadi. Yonimda o‘tirgan Guli ryumkani labiga tegizish bilan kifoyalandi. Abdumajid bilan Nafisa ichishmagandi. Mahfizaning ryumkasi odatdagidek bo‘sh. Mirzoniki yarim.
    Abdumajid hammani kabobga qaratib, Nafisaning idishiga ikki bo‘lak go‘sht qo‘ydi. Guliga manzirat qilishni mendan so‘radi. Mahfiza qachon olishga ulgurdi ekan, bir bo‘lak go‘shtni tishlab tortardi. Nafisaning ichidan gap toshganmi, Abdumajid tik turgan bo‘lsa-da, unga gapini ma’qullatmoqchi bo‘lardi. Men jim edim. Yonimdagi mayuschehra gapirmasdi. Buni Abdumajid ham sezdi. Yonidagi juvonning gapi ko‘nglini urgandek, undan jim bo‘lishiga imo qilib, menga so‘z qotdi.
    - Gaplashib o‘tiringlar Otash aka.
     Jim o‘tirish menga ham ung‘aysiz edi. Gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Uzoq sukut saqlab turganim yonimdagi ayolga ham noqulaylik tug‘dirgandi, menimcha. Nima bo‘lsa bo‘ldi, deb tilimga kelgan gapni yuzaga chiqardim.
    - Xo‘jayiningiz ancha bo‘ldimi ketganlariga?
    - Ikki oy.
     - Ishlari yaxshi ekanmi?
    - Bilmadim, hali pul kelgani yo‘q.
    Jim qoldik. Aytadigan gapim qolmadi. Yana nima deyish mumkin. Qiziq, odamlar qaerdan buncha gap topishadi. Masalan mana, Nafisa. Kelganidan buyon og‘zi tinmaydi. Mirzo ham har zamonda Mahfizaga nimadir shivirlab qo‘yadi. Men esa gapirolmayman. Gap yo‘q. Guli ham ichimdagini topga o‘xshaydi. Boshini xam qilgancha, o‘tiribdi.
    - Ishlaysizmi? – Noqulay vaziyatdan chiqish uchun o‘ylab topgan gapim shu bo‘ldi.
    - Yosh bola bilan uydaman.
    - Bola qaerda?
    - Kattasi qaynonam bilan. Kichigini oyimga qoldirib keldim. Soat necha bo‘ldi.
    - Uch bo‘layapti.
    - Uchda kelaman degandim oyimga. Bolani olib, hali uyga borishim kerak. – Uning ko‘zlaridagi jovdirash rahmimni uyg‘otdi. – Birorta tanishim ko‘rib qolsa sharmanda bo‘laman. Nafisa opaning gapiga bekor kirdim.
    Nigohimni davraga qaratdim. Abdumajidning tinglayotgani gumon bo‘lsa-da, Nafisa hamon javrayapti. Mirzo Mahfizaning qulog‘iga shivirlayapti. Lekin suzilgan ko‘zlarga qarab ayolning biror narsani tushunadigan ahvolda emasligini bilish qiyin emas.
    - Qaytamiz. – dedim Abdumajidning ko‘zi menga tushganda.
    U nigohimdagi qat’iyatni ko‘rib e’tiroz bildirmadi. Nafisa menga norozi tikildi. Mirzo qaddini rostlab stulga suyandi. Faqat Mahfizaning suzilgan ko‘zlari o‘zgarmadi. Gulining o‘tirishida betoqatlik sezilardi.
    - O‘tiribmizda Otash aka. – Abdumajid yonidagi vaysaqining gaplaridan bezor bo‘lganini menga ma’lum qilgandek, aftini burishtirdi. – Bugun dam olish kuni bo‘lsa.
    - Nafisaning kvartirasiga boramiz. – Davra jonlanganini payqagan Mahfiza hozir to‘g‘ri usha yerga boradigandek, o‘rnidan turdi.
    - Boshqa safar. - Abdumajid nima uchundir menga hadiksirab qaradi.
    - Yuringlar. – Nafisa ham shasht bilan o‘rnidan turdi. – Mirzo akaga ham ko‘rsataman degandim. Yarim soat vaqtlaring ketadi.
    - Nafisa opa.
    Bu yonimdagi juvonning iltijoli ovozi edi.
    - Yarim soat hech narsa qilmaydi. – Istarasi sovuq ayolning buyruq ohangdagi gapi bu gal e’tirozga uchramadi.
     Abdumajid turib, hisob-kitob qilishga ketdi. Ayollar o‘zaro pichirlashib, ortidan ergashishdi. Mirzo bilan mashina tomonga yurdik.
    - Shunday qushchani qo‘ldan chiqarmang, Otash aka.
    Eri bo‘lgan ikki ayolning o‘zini tutishi nafratimni qo‘zg‘agandi. Aytilgan gapga javob bersam kayfiyatim battar buzilishini o‘ylab, labimni tishladim.
    Ayollar bir oz hayallab qaytishdi. Gulini bezovtalik tark etmagan, Mahfizaning kayfi yanada oshgan, o‘tirishning boshidan menga yoqmagan shang‘i ayol esa hushyor va tetikligi bilan ajralib turardi.
    Biz taklif etilgan kvartira uncha uzoq emas, temiryulchilar xiyobonining shundoqqina yonidagi binoda ekan. Ikkinchi qavatda joylashgan kvartira yangi ta’mirdan chiqqani uchun xonalarda bo‘yoq hidi anqir, uy eski uslubda qurilgan bo‘lsa-da, derazalarga osilgan bejirim pardalar, oyoq ostidagi va devorga osilgan yangi gilamlar uncha katta bo‘lmagan zalni shinam ko‘rsatardi. Zalga tutash yotoqxona ham did bilan jihozlangan, oshxona balkonga ko‘chirilgan bo‘lib, u bolalar uchun moslashtirilgandi. Bu mo‘jaz xonachaga kirarkanmiz, Mirzoni qo‘ltiqlab olgan Mahfiza birdan uning bo‘yniga osilib, ularni xoli qoldirishimizni aytganda, Gulining xavotir qo‘ngan chehrasiga qarab o‘zimni noqulay sezdim.
    Zalga o‘tdik. Uy sohibasining tinmay javrashidan boshimga og‘riq kirgandi. U kvartira uchun yangi buyumlar olib, hammasini keltirishga ulgurmagani, ikki qizini chiqarsa bu uyni yolg‘iz o‘g‘liga berishi yoki uni hovlida qoldirib, er-xotin bu yerga ko‘chishi, eri xorijda yana uch yillar ishlasa, to‘y bisotlari taxtlashi, mashina sotib olishgani-yu yaqinda kvartirali bo‘lishgani haqida maqtanib gapirarkan, o‘zini dunyodagi eng baxtiyor ayol qilib ko‘rsatmoqchi bo‘rardi.
    - Yangi tanishganlarni yolg‘iz qoldiraylik, xo‘jayin.
    Abdumajidning bunday ochiq murojaati bu yerga birinchi bor kelmaganini anglatdi. Javob kutishmay yotoqxonaga kirisharkan, maqsad faqat suhbatlashish ekani eshik yarim ochiq qoldirilganidan ma’lum edi.
    Guli bezovtalikdan qutilmagandi. Menga qolsa uni bir daqiqa ham ushlab turmasdim. Menimcha, uyni tark etish muammosi ikkimizni ham bir xilda qiynardi.
     Bolalar xonasiga eshik o‘rnatilmagani uchun u yerdagi gaplar quloqqa chalinardi. Mirzoning xavotir ohangida «ular eshitadi, kerak emas, jim turing» deya, ovozini asabiy ko‘tarishidan Mahfizaning unga tegajog‘lik qilayotganini anglash qiyin emasdi. Yotoqxonadan esa faqat Nafisaning baland ovozi kelardi.
Guli bu ikki ayolni qaerdan tanishini o‘ylab, noqulay bo‘lmaydimi, degan hadik bilan undan bu haqda so‘radim.
    - Nafisa opa bilan qo‘shnimiz. – dedi u negadir afsuslangandek, so‘ng qo‘limdagi soatga ko‘z tashlab, toqatsizlanganini yashirmadi. – Ularga o‘xshamaysiz. Men ham hech qachon erimga xiyonat qilmayman. Iltimos, ketaylik bu yerdan. Ayting ularga.
    Uning yolvorgudek bo‘lib aytgan gaplaridan shunchalar ta’sirlandimki, beixtiyor ichimdan nido otildi.
    - Abdumajid.
    Nafisa yotoqxonadan otilib chiqdi. Ortidan ko‘ringan Abdumajidning ko‘zlarida hayrat qotib qolgan, goh menga, goh Guliga tikilardi. Kuylak tugmalarini qadagancha dahlizda Mirzo ko‘rindi.
    - Tinchlikmi?
    Bu gapni kim aytganini anglolmadim. Shasht bilan o‘rnimdan turib, eshikka yo‘naldim.
    - Ketdik. Gulini ham uyiga olib borib qo‘yish kerak.
    Tuflimni kiyarkanman, ortimda harakatida shoshqinlik uyg‘unlashgan juvonning ketishga chog‘langanini ko‘rdim. Nafisaga «tezda qaytaman», deya Abdumajid menga ergashdi. Mirzoning chiqmagani bizni ajablantirmadi ham.
    Mashinaga o‘tirib katta ko‘chagacha jim ketdik. Bekatning yoniga yetganimizda Guli mashinadan tushishni aytdi. Mashina saqlaganda orqa tomonga negadir qarolmadim. Lekin uning tushayotganda «rahmat» degan so‘zi menga qaratilgani aniq edi.
    Ishxonaga kelib, Abdumajid ham xonaga ko‘tarildi. Nimadir deyishimni, aniqrog‘i dakki eshitishini kutardi. Ko‘rinishi gunoh qilib, jazo kutayotgan kishining holatiga o‘xshardi. Gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Derazadan ishxonamiz oldidagi maydonga ko‘z tashladim. Havoning issiqligidanmi, yoki dam olish kuni bo‘lgani uchunmi odamlar siyrak. Ortimga o‘girilib, g‘azabim keldi. Abdumajid og‘ir xayol surgan kishidek xomush o‘tirardi.
    - Nechta farzandingiz bor, Abdumajid.
    Xato ish qilganini endi his qilgandek u menga gunohkorona tikildi. O‘tgan hafta uyida tug‘ilgan kunini nishonlagandik. Nafisadan ming bor chiroyli xotini, ikki qiz va bir o‘g‘li borligini ko‘rgandim. U ko‘zini yana stolga qadagan bo‘lsa-da, nazarimda gap eshitishga tayyor turardi.
    - Qaytar dunyo, degan gap bor. O‘g‘ilni uylantirsangiz, keliningiz o‘shalarga o‘xshasa, nima qilasiz Abdumajid?
    U shasht bilan menga qaradi. Og‘ir gapdan yuzi qoramtir tus olgandi.
    - Bu gapingiz yaxshi emas, Otash aka.
    - Qilayotgan ishingiz yaxshimi?- Aytgan gapim unga qanchalik qattiq ta’sir qilganini sezib turardim. - Hech bo‘lmasa qizlaringizni o‘ylang. Kattalarning gunohi uchun farzandlar jazoga tortilishini bilasizmi.
    Gapimni telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Hamisha go‘shakni ko‘taradigan odam bu gal shoshilmadi. Telefonning navbatdagi ovozi yangraganda noiloj go‘shakni oldi.
    - Alyo. Yo‘q, borolmayman. Yig‘ilish bor ekan. Mirzoga ham ayting, tez kelsin.
     U go‘shakni qo‘ydi.
    Nima uchundir undan ko‘z uzmay turardim. U ham menga qarashga botinmay, boshi xam, sukut saqlardi. Yana nimadir deyish befoyda tuyuldi menga. To‘g‘risi, u bilan gaplashgim kelmasdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.