OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yusuf Siddiq. Evrilish (hikoya)

Ikki ming ...nchi yilning yozi. Saraton quyoshi olov purkaydi. Boz ustiga afg‘on shamoli chiyabo‘ridek uvillaydi. Shamol zabtiga olib, ko‘z ko‘rmas bahaybat panjalari bilan qumlarni havoga sovuradi.
Qum barxanlari etagidan paxta dalalari boshlanadi.
Tuman hokimi To‘raqul shunday havoda yo‘lga chiqqanidan pushaymon bo‘lib, dimog‘ida allanimalardir dedi. Shofer boshlig‘ining gapini yo eshitmadi, yo tushunmadi.
—    Nima, garangmisan, mashinani shiyponga bur, deyapman senga! — deb ovozini balandlatdi hokim.
Tuman markazidan to shu yergacha besh-olti marta mashinani to‘xtatib, radiatrga suv solishga to‘g‘ri kelgani uchun xunobi oshib turgan shofer alamini mashinadan oldi — qattiq tormozdan almisoqdan qolgan "UAZ" munkib ketgandek bo‘ldi.
—    Sekinroq bossang o‘lasanmi, axmoq!
Shofer yana miq etmadi. Rul ushlagan qo‘llarining tomirlari o‘ynab chiqdi. U asabiylashayotgan edi. Sababi hokim boboning mashinasini haydaydi-yu, bir necha oydan beri maoshdan darak yo‘q. Ikki uch marta aytib ko‘rgan edi, "ochdan o‘layapsanmi, sabr qil, bitta-yarimta fermerga aytib, pul tushurtirib beraman"dan nariga o‘tmaydi. Xotini "butun ham pul topib kelmasangiz, eshikdan kiritmayman!" deb o‘dag‘aylab qolgan.
—    Shu yerda kutib tur, — hokim mashina eshigini ochib, tashqariga chiqdi. Bu yerga nima maqsadda kelganini eslab, dili yanada xufton bo‘ldi.
—    E, keling, keling, To‘raqul Jo‘raqulovich, biz tomonlarga sizni qaysi shamol uchirdi? — divanda gazeta varaqtab o‘tirgan ayol istar-istamas o‘rnidan turdi.
—    Sizning shamolingiz-da, Alomatxon.
Ayolning qalam bilan chizilgandek ingichka qoshlari "tushunmadim?" ma’nosida chimirildi.
"Obbo, qovun tushurib qo‘ydim chog‘i” deb o‘yladi hokim va shosha-pisha gapni ulab ketdi:
—    Paxtakorlarning holidan bir xabar olay dedim. Alomatxon Hamidovna, ancha paytdan beri bunaqa shamol bo‘lganini eslolmayman.
—    Shamol emas, balo bo‘ldi bu, dedi ayol yumshab. Mushtdek-mushgdek keladigan ko‘saklarni bir-biriga urib, chaqib yuborayapti.
—    Ha, yomon bo‘ldi.
—    Sharofatxon, ho‘ Sharofatxon, — deb chaqirdi ayol. Shiyponning bir burchida kompyuter oldida kuymalashib o‘tirgan juvonlardan biri ovoz berdi:
—    Eshitaman, opa?
—    Avval choy qo‘yib yuboring. So‘ng tuman gidrometstantsiyasiga chiqib so‘rang-chi, qirchiningdan qiyilgur shamoli yana necha kun bo‘larkan? Ha, yana, paxta zavodiga qo‘ng‘iroq qiling, sozlash ishlarini bugun tugatishmasa naladchiklarning barini haydab yuboraman.
—    Xo‘p, bo‘ladi, opa.
Hokim shiyponni zimdan nazardan o‘tkazdi. O‘tgan safar kelganidan beri ancha yangiliklar bo‘lipti. Kovrolin gilam, zamonaviy mebellar, "uy teatri" deb yuritiladigan televizor. Besh-olti nafar xotin-qiz shamol to‘xtashini kutib qandaydir serial ko‘rib o‘tirishibdi. Ular hatto hokim boboga qiyo ham boqib qo‘yishmadi. "Bunaqa sharoit hokimiyatdayam yo‘q. Zamon endi shularniki. Pul —shularda, izzat-obro‘ shularniki. Ordenu medallar ham shularga. Besh yil hokim bo‘lib, shapaloqdek maqtov qog‘ozini ko‘rmadim. Mana bu oyimcha olgan mukofotlarning sanog‘iga yetish qiyin. Fan doktori! Unvonlarini sanab sanog‘iga yetish qiyin. Men yigirma yildan beri nomzodlik ishimni tugatolmayman", — deb ichqoralik bilan o‘yladi hokim.
Uning xayollariii mobil telefoniniig sho‘xchan qo‘ng‘irog‘i buzdi. Alomatxon istar-istamas telefonni qo‘liga oldi, kim telefon qilayotganini bilgach, guldek ochilib ketdi.
—    Allo, allo, eshitaman, Ishoq aka, bu sizmi? — juvon kafti bilan telefonni to‘sdi-da, hokimga qarab shivirladi:
—    Isroildan.
Alomatxon telefon tugmachasini ataytab baland tovushda eishtiladigan qilib bosib qo‘ydi chog‘i, olis Isroildan gapirayotgan Ishoqning buxoriy yaxudiylarining lahjasida gapirayotgani baralla eshitilib turdi.
—    Alomatxon, sizni tabriklayman. Ishlar tax.
—    Voy, qanday yaxshi! Tushuntiribroq gapiring, Ishoq aka?
—    Ekspertlar moy zavodi loyihasini ma’qullashdi. Faqat bitta "ammo"si bor.
—    Xo‘sh-xo‘sh?
—    Sutkasiga 50 tonna chigitni qayta ishlash uchun xom ashyo bilan ta’minlay olishishiga uncha ishonishmayapti.
—    Buni bizlar ham o‘ylab ko‘rganman. Hozir paxta tozalash zavodimiz 1500 ta dehqon xo‘jaligi bilan shartnoma tuzdi. Hammasi mahsulotini bizga beradi. Bundan ko‘ra moy zavodining sutkalik ishlash quvvatini hech bo‘lmaganda yana besh tonnaga oshirib berishsin. Tushundingizmi?
—    Tushundim, Alomatxon, tushundim. Fikrlaringizni faks orqali yubora olasizmi?
—    Albatta, yarim soat, yo‘q o‘n besh daqiqadan so‘ng faks jo‘natamiz. Yana nima demoqchi edingiz?
—    Loyihani moliyalashtirish masalasi?
—    Biz bunga tayyormiz. 50 foizini hozir, 50 foizini yuk kelib tushgandan so‘ng to‘laymiz. Ma’qulmi? Ha, aytganday, uskunalarni qachon olamiz?
—    Birinchi partiyasi jo‘natishga tayyorlab qo‘yilgan.
—    Juda yaxshi. Ishoq aka, yana bir gap. O‘zingiz bilasiz, bizda qorako‘lchilik rivojlangan. Nima arzon — mol terisi. Mening xomcho‘tlarimga qaraganda bu soha ham yaxshigina daromad beradiganga o‘xshaydi.
—    Bali, Alamotxon, bali! Bu sohada ham qo‘shma korxona ochmoqchiga o‘xshaysiz. To‘g‘ri topdimmi?
—    To‘g‘ri desayam bo‘laveradi. Poyabzal fabrikasi qurish niyatim bor. Ammo qo‘shma-po‘shma deb o‘tirmang, yuz foiz o‘zimizniki bo‘ladi. Faqat uskunalar bilan ta’minlasangiz bo‘ldi. Bu loyiha o‘zimizning mini bankimiz orqali moliyalashtiriladi. Bahonada bankirlarimizni ham bir imtihondan o‘tkazamiz.
—    Sizga gap yo‘q, juda olisni ko‘zlab ish yuritasiz. Men ekspertlar bilan gaplashib, natijasini sizga xabar qilaman.
—    Ma’qul.
—    Yana gapingiz bormi?
—    Yo‘q, Ishoq aka, salomat bo‘ling.
—    Xayr, Alomatxon. O‘zbekistonga, Buxoroyi sharifga uchrashguncha xayr!
Atomatxon mobil telefonni stolga quyib, hokimdan kechirim so‘ragandek bo‘ldi:
—    Uzr, To‘raqul Jo‘raqulovich, vaqtingizni oldim.
Uzr so‘rashga arziydigan gunoh qilmadingiz. Men sizga qoyil qolib o‘tiribman. Tumanimizda birinchi bo‘lib xususiy paxta tozalash zavodini siz qurgan edingiz. Hozir tumanda to‘rtta xususiy zavod ishlayapti. Qo‘shni tumanlarning dehqonlari ham sizning zavod bilan shartnoma tuzganmish deb eshitdim. Mini bankingiz tuman iqtisodining barometriga aylandi. Yana moy zavodi, Poyabzal fabrikasi deyapsiz. Qoyil qolmay, tan bermay iloj yo‘q. Tabriklayman.
— Rahmat, To‘raqul Jo‘raqulovich. Bular hali xamir uchidan patir. Hammasi oldinda. Bizga vaqt yetishmayapti. Vaqt yuguruk, unga yetib olish qiyin bo‘layapti. Bunday o‘ylab qarasam, umrimni besamar ishlarga sarflab yashagan ekanman. Afsus, afsus. Rejalarim shunchalik ko‘pki, buning uchun vaqt yetmasmikan deb qo‘rqaman. Qaniydi, boshqa ishlardan vaqt orttirib Qarshi metropoliteni ikkinchi navbati loyihasi ustidagi ishimni tugallasam. Maqtanish bo‘lsa ham aytib qo‘yay, bizning metroimiz Toshkentnikidan ham, Samarqandnikidan ham ayricha go‘zal bo‘ladi. Metroning barcha stantsiyalari buyuk ajdodlarimiz, shoiru yozuvchilarimiz nomi bilan ataladi. Bedil, An-Nasafiy singari. Markaziy stantsiya Sohibqiron bobomiz nomlarida bo‘ladi. Bu manzilni ikkinchi Tojmahalga aylantiramiz! Kulyapsizmi? — Alomatxon suhbatdoshining lablaridan istehzoli nimkulgini payqab qoldi. — Kulmang. Mamlakatdagi obro‘li ilmiy muassasaning mana bu xulosasi bilan tanishib chiqing.
Hokim juvon bergan qog‘ozga ko‘z yugurtirib chiqdi. Alomatxon suhbatdoshi hujjat bilan tanishib chiqishini sabr bilan kutib o‘tirdi.
— Marmar o‘zidan nur taratar ekanmi? — so‘radi hokim ishonqiramay. — Qiziq, juda qiziq.
— Kesh marmari shunday xususiyatga ega. Buning uchun maxsus ishlov beriladi, xolos. Tasavvur qiling, yakin-atrofda bironta ham elektr chirog‘i yo‘q, lekin hammayoqqa nimtatir yorug‘lik tushib turibdi. Sohibqiron tulpori bilan tun bag‘ridan oydek balqib chiqib kelayapti. Qo‘lida baland qo‘tarilgan tinchlik tug‘i. Dunyoning qaysi shahrida ko‘rgansiz bunday manzarani?
Hokim savolga javob bermadi. Nimayam desin, umrida Moskovdan narini ko‘rmagan bo‘lsa. Ro‘parasida o‘tirgan ayol Yaponiya, Amerika, Angliya, Olmoniya, Misr mamlakatlarini kezib chiqqan. Kezib chiqqangina emas, o‘sha mamlakatlarning studentlariga ma’ruzalar ham o‘qigan.
Alomatxon suhbatdoshshshng qosh-qovog‘i osilganini qo‘rmaganga oldi. U bugun negadir hokim bilan ochilib-yozilib suhbatlashishni istayotgandi. Bunga balki eski gazeta taxlamlaridan birida o‘qigan maqola, aniqrog‘i feleton sabab bo‘lgandir. Feleton muallifi "besh ming yillik davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan xalqning noni nega butun bo‘lmayotir?" degan savolni ko‘ndalang qo‘ygan va bu savolga o‘zi bilgancha javob berishga uringandi. Uning ta’kidlashicha, dehqonning noni yarimta bo‘lishiga, kosasi oqarmayotganiga noto‘g‘ri mahalliy boshqaruv tizimi sabab bo‘lgan emish. Go‘yoki hokimlar o‘zlarini ishlayotgan qilib ko‘rsatish uchun xar xil tekshir-tekshirlarni o‘ylab topishayotganmish. Har bir tekshiruvchiga aybdorni topish rejasi berilar ekan. Rejani bajarmagan xodimning o‘zi tekshirilarkan. Muallif bitta qiziq misolni keltirgan. Emishki bitta dehqon xo‘jaligi rahbari hokim ruxsatisiz chigit ekishni boshlab, hammadan oldin ekib bo‘lgani uchun paxta maydonini buzib, qayta ekishga majbur etiladi. Bu ham yetmagandek tomorqaga ekilgan boshqa ekinlar shudgor qilib tashlanadi. O‘jar dehqon yana boshqalardan oldinroq chigitni ekib ko‘kartirib oladi.
Hokimning ruxsatisiz chopiq qilgani, g‘o‘zani sug‘organi, chilpitgani, xullas planni birinchi bo‘lib bajargani uchun boshi malomatdan chiqmaydi. Hokim bilan Dehqon o‘rtasidagi ixtilof ham eniga, ham bo‘yiga o‘sib boraveradi. Xullas, maddalagan yara bir kun paq etib yoriladi.
— Senga mening mansabim kerak, shuning uchun o‘lib-tirilib ishlayapsan! — deydi hokim Dehqonga.
— Nima, arzimaymanmi? - deb kekirdagini cho‘zadi Dehqon ham.
Shundan so‘ng tekshir-tekshir boshlanadi. "O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan!". Shunday bo‘ladi. Urganda ham qaytib turmaydigan qilib uradi.
Yillar o‘tadi. Dehqon non-nasibasini terib yeb, uyiga, dalasiga qaytadi. U endi qo‘l uchida ishlaydi. Parvozga intilgan bolasini yelkasidan bosib:
— Qayoqqa shoshasan, uchsang anavilar boli-patingni yulib tashlashadi, - deydi. So‘ng hayotdan olgan falsafiy o‘gitini aytadi: - Bolam, bu dunyoda odam qoziqqa o‘xshaydi. Qoziqning uch tomoni bo‘lsang, urib yerga kiritib yuborishadi, orqa tomoni bo‘lsang, pachag‘ingni chiqarishadi. Qoziqning o‘rtasi bo‘lib yasha — yerga ham kirib ketmaysan, kaltak ham yemaysan.
Faylasuf — Dehqon har kun dalaga boradi, yuqorining chizgan chizig‘idan chiqmaydi. Rejani bajarmasa ham, kun o‘targa ishlasa ham u bilan birovning ishi yo‘q. Go‘yoki dunyoda bunday odamning o‘zi bo‘lmagan!
Juvon feleton qahramoni bilan ro‘parasida o‘tirgan hokimni o‘zicha qiyoslab ko‘rdi — yer bilan osmoncha farqi bor. Avvalgisi mansab kursisi uchun iymonini ham sotishdan toymaydigan, burnidan narini ko‘rolmaydigan bir nusxa. Bunisi xiyla zamonaviy, dehqonu tadbirkorning mehnatini qadrlaydi, ularning yoniga borganda hurmatini qilib, yotig‘i bilan gaplashadi. Ba’zan dehqonning fikrini o‘zinikidan "yuqori" qo‘yadi. Durustgina ilmi bor. Qachonlardir, hokimiyatga kelmasidan burunroq, bitta ixtirosi rosa shov-shuvga sabab bo‘lgan. Ixtiro masofadan boshqariladigan sabzi to‘g‘rash kombayni haqida. Agregat ikki qozon, uch qozon palovning sabzisini bir necha daqiqa ichida sochning tolasidek qilib, bir xil o‘lchamda to‘g‘rab tashlarkan. Bu ixtiro maqtovga emas, qattiq qarshilikka uchraydi. "Yarim tungacha sabzi to‘g‘rab, hangoma qilinmagan to‘y-to‘y emas, ko‘tar bunaqa matohingni" degan qabilda gap bo‘ladi. Shu-shu, elektron sabzi to‘g‘ragich buzib tashlanadi.
Hokimda yangilikdan hayiqish kuchli. Hech vaqt birinchi bo‘lishni istamaydi. So‘zamol, ammo jur’ati kam. Shu sababli hozir ham dilidagini tiliga chiqarolmay mum tishlab o‘tiribdi. Darvoqe, bunday rasvo kunda hokimning dabdurust tashrifidan maqsad nima?
Alomatxonning o‘yga tolganini ko‘rgan hokim buni o‘zicha tushundi. Yerning ostida ilon qimirlasa sezadigan juvon hokimning nima niyatda, aniqrog‘i iltimos bilan kelganini anglaganga o‘xshaydi. Shu o‘rinda shoirning "Iltimosga kuning qolmasin" degan mashhur satrlari yodiga tushdi. Hokim o‘zi uchun pul so‘rab kelgani yo‘q. So‘ramaydi ham. Ammo uch oydan beri maosh olmayotgan shoferiga ish haqi uchun ozroq pul kerak. Qolaversa hokimlik joylashgan binoning ijara puli to‘lanmagan. Pul deb kimga borsin? Bunday xarajatlar davlat byudjetidan soqit qilshgganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Hokimliklar o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tib olgan. Qo‘shni tuman hokimliklari nafaqat o‘zini ta’minlayapti, balki kam ta’minlangan oilalarga, mayib-majruhlarga ham ko‘mak berib turibdi. Ular katta-katta korxonalar, shirkatlar bilan bemalol bellasha oladigan moddiy va ma’naviy kuchga ega. Jamiyat shulardan quvvat olib, kundan kunga yashnayapti.
"Men vazifamni uddalay olmayotganga o‘xshayman, — deb o‘yladi hokim achinish bilan. — Bo‘shatishsa qaerda ishlayman? Kim menga ish beradi? Tongotar yig‘ilishlar qilib, fermerlar bilan yoqalashishdan boshqa nima hunar orttirdim?"
Hokimning xayolini Alomatxonning o‘ktam ovozi buzdi:
— To‘raqul aka, nomzodlik dissertatsiyangiz nima bo‘ldi? Allaqachon yoqlasangiz bo‘lardi?
"Obbo, nozik joyimdan tutdi-ku":
— O‘zingiz aytgandek vaqt defitsit bo‘lib turibdi, Alomatxon Hamidovna.
— Tushunaman, ammo dissertatsiyaga vaqt topish kerak. Bugun kelgan ilhom ertaga kelmasligi mumkin.
— To‘g‘ri. Yaqinda ilmiy ishimni qo‘lga olib, varaqlasam, ancha narsa eskirgandek ko‘rindi. Oldingi joziba yo‘q...
— Xaq rost... To‘raqul Jo‘raqulovich, xafa bo‘lmasangiz bir narsa so‘ramoqchiman?
— So‘rang?
— Adashmasam asli kasbingiz elektronchi — muhandis, to‘g‘rimi?
— Ha, shunday.
— Tilla bersa arziydigan kasb! Nega o‘z mutaxassisligingiz bo‘yicha ishlamayapsiz?
— Hokim bo‘lib ishlayapman-ku?
— Menimcha xalqqa sizning hokimligingizdan ko‘ra muhandisligingiz ko‘proq foyda keltiradi. Hokimlik kerak, elga rahbar ham zarur. Lekin bitta elektronchi muhandis tayyorlash uchun oylar, yillar kamlik qiladi. Xo‘p desangiz uyushmamizning bosh menenjerligini sizga berardik. Oyda bir marta chet ellarga xizmat safariga borib turasiz.
Hokimning yuzida ikkilanish alomati paydo bo‘ldi. Alomatxon qistovni kuchaytirdi:
— Men ham dastlab sizga o‘xshab ikkilanganman. "Kimsan — viloyat hokimining xotin-qizlar masalasi bo‘yicha o‘rinbosari! Hamma soyangga salom beradi". Ana shu izzat-hurmatdan voz kechib, amaliyotga o‘tib to‘g‘ri qilgan ekanman. Qarang, qo‘limni qayoqqa uzatsam yetadi. Bir vaqtlar chet ellarga borib, ish o‘rgangan bo‘lsak, endi ular kelib bizdan ish o‘rganishayapti. Aljabrni ixtiro qilgan bobolarimiz ruhi oldida hamisha qarzdormiz. Lekin bugun g‘urur bilan ayta olamiz — hozirgi avlod o‘z ajdodlaridan ancha ilgarilab ketdi. Ko‘li qadoq mana bu qizimiz, — Alomatxon Isroilga yuboriladigan faksga imzo qo‘ydirish uchun bir chetda odob bilan kutib turgan Sharofatxonga ishora qildi, — fan nomzodi, yana ilmiy ish qilayapti, desam balki birovlar ishonmas. Bu ayol g‘o‘zaning sanoatbop yangi navini kashf etdi. Turfa rangli paxta tolasi ustidagi tajribalaridan o‘zingiz xabardorsiz.
Hokim yalt etib Sharofatxonga qaradi — uning tajribalari haqida gazetadan o‘qigandi. Ammo shunday ajoyib olima o‘zi rahbar bo‘lgan tumanning chekka bir xo‘jaligida ishlashini bilmasligiga hayron bo‘ldi. Albatta buni suhbatdoshiga sezdirmadi, faqat hayajondan tupugini qilt etib yutishdan o‘zini to‘xtatolmadi.
— To‘raqul Jo‘raqulovich, taklifimni o‘ylab ko‘ring. Kelasi oyda xalqaro anjuman o‘tkazishimiz kerak. Sizga o‘xshagan mutaxassisning yordami juda-juda zarur.
— Men o‘ylab ko‘ray, Alomatxon Hamidovna, — hokim shunday deb ketish uchun o‘rnidan turdi. Uning harakatlaridagi taraddud juvonning e’tiboridan qochmadi.
— To‘raqul aka, biroz shoshmay turing, — dedi hokimga, so‘ng Sharofatxonning oldiga borib bir nimalar dedi. U tasdiq ishorasini qilgach, qayoqqadir qo‘ng‘iroq qildi.
Alomatxon hokimning oldiga qaytdi:
— To‘raqul Jo‘raqulovich, hokimiyat hisob raqamiga yordam jamg‘armamizdan mablag‘ ajratish haqida topshiriq berdim.
Hokim allanechuk bo‘lib ketdi. Ko‘z oldida shoferining tund qiyofasi quvnoq chehra bilan almashdi. Lablari titrab, ko‘zlari namlandi. Hokim biroz tursa yig‘lab yuboripgdan qo‘rqdi — Alomatxonning qo‘lini siqdi-da, eshikka yo‘naldi.
Yo‘l-yo‘lakay hokim zamon o‘zgarib kettanini, bugungi hayotni kechagi kunning qarichi bilan o‘lchab bo‘lmasligini o‘ylab bordi.
— Hokimlikdan ketaman, Alomatxonga o‘xshab hammasini boshdan boshlayman, — deb shivirladi u.
Haqiqiy bo‘ronga aylangan shamol ham endi uning g‘ashiga tegmayotgandi, aksincha qo‘ltig‘idan kirib porloq istiqbol sari uchirib borayotgandek tuyuldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.