OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziziy (1509-1550)

Aziziy, Abdulazizxon (1509-1550) - Shayboniylardan. Ubaydullaxonning o‘g‘li, Xorazm hokimi (1538—39). Otasining vafoti (1539)dan so‘ng mamlakatda ikki hokimiyatchilik vujudga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540—50), Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullatifxon esa Samarqand xoni (1540—1551) bo‘lgan.
Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qator islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut, tavfiri va b.) ni bekor qilgan, Buxoro atrofini yangi mudofaa devori bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II qurib bitkazgan bo‘lib, 20-asr boshlarigacha saqlangan). Bundan tashqari u Buxoroda Madrasa, ulkan kutubxona, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqolar qurdirgan.
Abdulazizxon ilm va she’riyat ahlining homiysi, o‘ta taqvodor inson bo‘lib, tasavvuf olimi — Shayx Jalol (7—1549) ning muridi edi. U benazir husnixat sohibi bo‘lgan, «Aziziy» taxallusi bilan g‘azallar bitgan.
Abdulazizxon saroyida Hofiz Sulton, Ali Ubahiy, Vosifiy, Majlisiy, Kavkabiy, Shaydo, Afsariy kabi shoirlar shuhrat qozondilar. Abdulazizxon ularga g‘amxo‘rlik qilar edi. Shuning bilan birga o‘zi ham Navoiy, Boburlarga ergashib she’rlar yozar edi.
Aziziy ijodining namunasi tarzida keltirilgan ushbu g‘azal Hasan Nisoriyning «Muzakkirul-ahbob» tazkirasidan olindi.


G‘AZAL

Xush erdi manga bo‘lsa edi yor musohib,
Yo bo‘lmasa erdi anga ag‘yor musohib.

Xushdur kishiga bo‘lsa agar yor musohib,
Gar bo‘lmasa oning bila ag‘yor musohib.

Bulbul boshig‘a kelmas edi muncha balolar,
Gar bo‘lmasa erdi gul ila xor musohib.

Yorab, ne balodur buki hijron alamidin,
Bormen g‘amu anduh ila, ey yor musohib.

Ko‘ying itidek yori vafodor topilmas,
Ko‘rdum meni dilso‘xta bisyor musohib.

Bu telba ko‘ngul birla, Aziziy, ne qilursen,
Gar bo‘lmasa ul sho‘xi dil ozor musohib.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.