OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Samar Bonu (1837-1891)

Bonu (taxallusi; asl ismi Samar Bonu Sirojiddin qizi) (1837, O‘sh — 1891, Andijon, Mingtepa qishlogi) — o’zbek shoirasi, ma’rifatparvar. Huvaydoning chevarasi. «Meros dedim bobomlardin» masnaviysida Hofiz, Navoiy, Shams Tabriziy, Ahmad Yassaviy va bobosi Huvaydoni tilga olib, shoirlik iste’dodi otabobosidan meros ekanligini ta’kidlagan. Ularning asarlariga tajnis, tatabbular yozgan.
Bonu 19 yoshida beva qolgan. «Bonu g‘arib» she’rida bu ogir judolik va musibatni turmush hodisalari bilan bog‘lab, o‘zi kabi ayollar qismatidan, zamonasidagi haqsizliklardan zorlangan. She’rlarida Layli, Shirin, Uzrolar bilan dardlashgan («Yor jabr etdi» va b.). 
Bonu ruhidagi isyonkorlik, oqilalik asarlariga singib ketgan. Sevgi mavzuidagi she’rlari shaxsiy his-tuyg‘ular bilan chegaralanmay, keng ijtimoiy mazmun kasb etgan. Bonu ijodida shaxs va zamon, ayollar taqdiri masalasini asosiy o‘ringa qo‘ygan. Erk uchun o‘zi tanlagan yo‘lning to‘g‘riligiga ishongan («Falak ozoridan ming dod», «Hech qaysi inson ham», «Dilda dardim kim bilur?», «Benavolar» va b.), bu yo‘lda sobit turgan. Bonu she’rlarini to‘plab devon tuzgan.


G‘AZALLAR

Bonu aytur bu olamdaki, g‘amsiz yurmadim hargiz,
Bu dunyo davrini shodmonu xandon surmadim hargiz.

Jahonda yurdimu turdim, necha chektim jafolarni,
Jafosin ko‘rdum, ey do‘stlar, vafosin ko‘rmadim hargiz.

Ayo do‘stlarki, men yolg‘iz, g‘aribi benavo qulmen,
Topay ahli ayol, atfol deyub qayg‘urmadim hargiz.

Ki sakkiz yil bo‘lur otam shikorya Yorkent aylab,
Muborak yuzlarin ko‘rub ko‘zum to‘ydurmadim hargiz.

Ki ko‘rmakni qo‘yub, ey tan, bo‘lak emdi talab qilg‘il,
Sharifim sarri poyidin o‘zum jo‘kurmadim hargiz...

Jahonda har balo bo‘lsa, baham bo‘ldi g‘arib boshim,
Sitam birla alamlarni surub, yondirmadim hargiz.

* * *

Ko‘rung bir dilbari zolim mening holim xarob aylab,
Yoqub ishq otashin jonimga, bag‘rimni kabob aylab.

Ko‘zim telmurturub yottim, base ko‘p xor bo‘ldi bosh,
Kirib xilvatda holim so‘rmadi chandin azob aylab.

Tilokimdur aning vasli, tunu kun yolvorib haqdin,
Ochib ilgim duoga, yig‘ladim, ko‘zlar purob aylab.

Yotib hajringda bemore, bo‘lubman bexudu xomush,
Ayo tan, sen nechuk deb so‘rmading, muncha itob aylab.

Talabkori visolingmen, nechukdin bilmading holim,
Kirib oldimga bir soat, chiqarni ko‘p shitob aylab.

Yaqinlik ayladim chun o‘tlaringga, xijlatim ko‘pdur
Meni kuydurg‘ali sham’i yuzungni benihob aylab.

Xumor aylab ko‘zingni ham qaboqingni suzib boqsang.
Bitay sha’ningga yuz daftar moshoirlik kitob aylab.

Ko‘zing jallodi berahmu, kamon abro‘laring o‘qlar
Meni bechoraning chun o‘ltururg‘a iztirob aylab.

Gahi xushman, gahi noxush, gahi behush, gahi bohush
Bu Bonuni xarob etting soching mushkin tanob aylab.

* * *

Yor jabr etti dilim gardu g‘uborin tozalab,
Shirinu Azrou Layli onlara andozalab.

Gulgun etti ashki selobim to‘kub har ro‘zu shab,
Usmau elik, ufou ham ko‘zini g‘ozalab.

Dilbarim qattiq ko‘ngullik, mahvashim nozuk badan,
Teshti ko‘ksum, ezdi bag‘rim noz uzra nozalab.

Fosh etma, ey tabibo, ishqi dardin tut nihon,
Ista maqsuding xudodin o‘zligingni sozalab.

Ey hakim ahli, bilib dardimni izhor etmakim,
Topmadi hech shay’ murode kori ishq ovozalab.

G‘orat etti mulki tanni shohi oshiqlar kelib,
Bir qushe uchdi qo‘limdin ko‘k sari parvozalab.

Faqr aro mahvashlara qochdi bu Bonu bosh egib,
Al-amon etti raqiblardin, biling darvozalab.

* * *

Manga makkori zolim makr etib yuz sho‘ridin sad dod,
Berib ming va’dani qilmas vafo, ayyordin sad dod.

Boshimg‘a yog‘durur boroni g‘amni yozu qish tinmay,
Ko‘rub kajlikni, dedim men, falak ozoridin sad dod.

Og‘iz osha yetushkanda, burunni tegdurub tosha,
Anga qul bo‘ldim.ey do‘stlar, jahon makkordinsad dod.

Vafo tog‘ini kavladim, boshimg‘a tekdurub tesha,
Qilibdur pora-pora, zolimi xunxordin sad dod.

Visoli bokamolidin ayirmoq qasdini ko‘zlar,
Yoqib rashk o‘tining ishq ellara, ag‘yordin sad dod.

Bu g‘am girdobidan forig‘ bo‘lolmay ko‘z yoshim oqti,
Dedi Bonu amon bermas manga har kordin sad dod.

* * *

Bu falak kajravligidin bo‘ldi dil xunoblar,
Ashkborimdin to‘kilgay kosa-kosa oblar.

Zulmi ag‘yora chidalmay, ishq mayini no‘sh etib,
Kunda-kunda xun yutib, bag‘rim to‘la zardoblar.

Furqatu g‘am bir sari, ishqning balosi bir sari,
Jon qutulmas ikkisidin bas bo‘lib betoblar.

Sharhi dilni arz etarg‘a dardmandon topmadim,
Sabru toqat qolmadi, ketti ko‘zumdin xoblar.

Muddaoying ne, sanam, qilding sitam ust ustina.
Yurguzub hukmingni hardam quldug‘ing ishtoblar.

Oftobi g‘amda qoldim, qil boshimg‘a soya baxt,
Tolei shumum siniqdur, sindi durri noblar.

Mushtariy, Mirrix sitorang suvg‘a tushdi, Bonuyo,
Ko‘z yoshing daryo bo‘lib tortti seni girdoblar.

* * *

Meni ko‘rgan kunimni ko‘rmasun hech qaysi inson ham,
Ko‘rub holimg‘a rahm aylar tamomi nomusulmon ham.

Kima men mehribon bo‘lub, anga sarf ayladim dil, jop,
Manga nomehribon bo‘ldi tamo-mi yoro‘, jonon ham.

Ko‘ring betoleimni aylanur kaj bu jahon charxi,
Manga qolg‘onda beodil tamomi begu sulton ham.

Kimi ko‘rsam suyub jonu dilimdin parvarish ettim,
Manga rahm etmadi inson ichinda hech musulmon ham.

Meningdek bormukin aslo vafo izlab jafo ko‘rgon,
Umrni zoe o‘tkargan meningdek bormu nodon ham.

Tasadduq zoti pokingdin, menga emdiki sen yaxshi,
Topolmay izlasam men axtarurda Chinu xoqon ham.

Jahonda turg‘onimg‘a yuz tuman bisyor tashvishmen,
G‘aming xat birla yoz, Bonu, uzatma so‘zni har yon ham.

* * *

Senga men dil berib bo`ldim tunu kun oh deb noshod,
sanam hajringda qilg`ayman bu o`tgan umrimni barbod.

Chiqarg`a jon yaqin bo`ldi rqqiblardin hazar etting,
Umr nahlin sug`ortirsang na bo`lg`ay qomati shamshod?

Ishimdur yuz tuman mushkil, meni yordam bo`lak bilmas,
Qiyin bo`ldi mening holim, ayu ey yor, sendin dod.

Falak charxing buzulsin, men g`arib boshida cho`rulding,
Menga har vajha zulm etting, netay jonimmudur fo`lon?

Ham el orzusig`a yetib bisyor shod o`ldi,
Meni vayrona ko`nglum bu jahonda bo`lmadi obod…

Ki bu dun ilkida tutqun qafasda to`tidur jonim,
Qiyomat yid bo`lg`anda bo`lurman "Oh!" yeb ozod…

Borurmen dod deb ul kun yaqo yirtib bo`yab qonim,
Jamolingga bo`lub vosil, o`shal bo`lg`ay edim men shod.

O`shal kunda, mening kuyganlarimdan sen emasmu deb
Umidim ko`pdur ul soat meni adling bilan qil yod.

Agar adlingda olmay, kuygan elni kuydirar bo`lsang,
Buzar mahsharni Bonu qichqururda dod deb bedod!... 


* * *

Yo Rab, boshimda ko’pdur havolar,
Noming-la to’ldi arzu samolar.

Shukri visoling aylab tunu kun,
Ilkimni ochdim-qildim duolar.

Har kimni ko’rsang Xizr birla ko’r,
Uchrar qoshingga ko’p rahnamolar.

Sheri jayondek, fili damondek
Kuyungda yotmish ming mubtalolar.

Kuyung so’rog’in qildi nabilar,
Baytul hazanda bo’ldi fanolar.

Yusuf jamoling da’vosin etdi,
Uch yilga sotdi o’n bir ag’olar.

Zikringni aytdi tayr ila vahshiy,
To’ldir alarg’a ko’hu darolar.

Yuz ming til bila ming-ming farzand,
Ishqing boshida qilg’ay navolar.

Majnun boshida savdoyi zulfung,
Yuz ming meningdek baxti qarolar.

Layli yuzidan anvori husning,
Andek jahonda ko’p xudnamolar.

Qo’hi g’amingda qolmish balog’a,
Farhod yanglig’ yuz ming gadolar.

Shakkar labingni shahdida o’lmish
Shirin misolliq nozuk adolar.

Shomu saharlar yodingni aylab,
Bonu o’qiydur hamdu sanolar.


* * *

Holimni aytay, ey jonfizolar,
Bordur ko’ngulda ko’p muddaolar.

Ey yoru do’stum, aylang nasihat,
Qilg’ay tarahhum mardu xudolar.

Bilmay o’zumni hasratdadurman,
Mendan o’turmi bukun xatolar.

Dardi sanamda qomatim xamdur,
Bilg’aymu qadrim qaddi dutolar.

Dardi sitamda holim mukaddar,
Bormu maningdek hech benavolar.

Soldi Xudoyim bu dahr ichinda
Miskin boshimga yuz mojarolar.

Ro’zi azalda qilmish muqarrar,
Peshonam uzra mundog’ navolar.

El ta’n etarlar, bo’lding nechuk deb,
Qadrimni bilmas hirsu havolar.

Hardam unutqum o’zimni bilmay,
Olg’ay qo’limni piri xudolar.

Yonmag’il Bonu, kirgan yo’lingdin,
Oldingni to’ssa sheri dag’olar!..

* * *

Ilohi sayyidi Qul Xoja Ahmad,
Aningdek yaxshilardin bo’lsa behad.

Ilohi hurmati ul Xoja Hofiz,
Menam bo’lsam ruboiy ichra mahfuz.

Ilohi hurmati Amir Alisher,
Bahaqqi So’fi Olloyordek er.

Ilohi hurmati u Shamsi Tabriz
Meni bu yerda rasvo qilmag’aysiz.

Ilohi rohati dildur Huvaydo,
Bobom nisbatlari qilg’aymu shaydo.

Tasadduq men bo’lay, sultoni olam,
Chimiyon xalqiga sizdur mukarram.

Meros dedim bobomlardan ruboiy,
Qolib meros bu so’zlarning matoi.

So’nggi bobom O’shda Sarmazori,
Tasadduq ruhingizdin qil madori.

Bahaqqi ruhingizni ayladim yod,
Rubo’ aytib ko’ngulni ayladim shod.

Otamlar Mavlaviy Yorkentda hazrat,
Rubo’ ayttim qilib onlarni hurmat.

Mening haddimmudi so’z so’zlamoqqa
Ruboiyg’a boqib men ko’zlamoqqa.

Otamlar hurmatidin so’zladim so’z,
Ruboi mashg’ulidurman shabu ro’z.

G’aribu pur alam bir soddadurman
Rubo’ aytib bu dunyodin yengilman.


* * *

Tanimda toki jonim bor unutmasmen seni hargiz,
Xayolingg’a ketturmag’il demasmen o’zgani hargiz.

Yotubdur ostonangda sening hajru firoqingda,
Bu yotkon kimdurur ddeb kelmading bir so’rgali hargiz.

Jafou jabri ko’p solding, ayo rahmi yo’q zolim,
Yubormading xayoling itlarini ko’rg’ali hargiz.

Agar bir vasl uyida oy yuzung sham’ini yondursang,
Raqibi ro’siyahlar qo’ymadi yondurgani hargiz.

Kuyingda yostanib nobud bo’lsa xok-poyingda,
Visolimni talab qilg’an demaydursan meni hargiz.


* * *

Sening ishqingda, e dilbar, deyurman bosh olib ketsam,
Muhabbat daftaridin bo’ynima yozib solib ketsam.

Gahi himmat qilurmen ye yotay bir g’orda og’ushta,
Gahi o’z-o’zima derman, kel ey tan, yo’qolib ketsam.

Xudoyo, dod-dod aylay, kelib ketguncha dunyog’a,
Malomat qonida surx lojuvarddek bo’yolib ketsam.

Qo’limda bir pul ahvol yo’q, saxovat bobini ochsam,
Saboh mahsharda yig’larmen jahonda uyolib ketsam.

Va yo bir yaxshi yoronni topib oldida o’lguncha
Kecha-kunduz qilib xizmat qani bir bahr olib ketsam.

Topolmasmen ki bir kuchlik zabardast piri komilni,
Madodgorim bo’lurlar deb ul erga inonib ketsam.

Dedi Bonu, kel ey oqil, yugurma har qayu yo’lga
Mukammal etagin ushlab, yo’llab ham suyolib ketsam.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.