OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sharifiy (XIX asr)

XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan kosonlik o‘zbek shoirlaridan biri. Asl ismi Muhammad Amindir. Qo‘qon xoni saroyida kotiblik qilgan.

* * *

Ey, Iram parizodi, kir bu dam hayol ichra
Jon qushi navo cheksun gulshani visol ichra.

Etsa gar quyosh jilva yo‘q asar kavokibdin
Muzmahil etar to‘ti tushdi qiylo qol ichra.

Gulshan ichra noz aylab surdi ul takovarni
Barcha gul tahayyurdin qoldi poymol ichra.

Bog‘ aro tomosho deb qomatin xirom etdi
Sarvni beli sindi qoldi o‘t nihol ichra.

Orazi uza qoshin oy ko‘rib hijolatdin
O‘zni ayladi pinhon go‘shai hilol ichra.


MUXAMMAS

Mujarrab shomi zulfing laylatul qadr erdi pobo‘si,
Xito mushkini bag‘rin ayladi qon holi hindusi,
Ulus tirguzmaga la’lini nazmi ichra dorusi,
Etar yuz soturi sargashta ko‘zin sehr jodusi,
Junun ahli ayog‘ig‘a salosil tori gisusi.

Iki zulfing hayoli ichra juz ohi sahar topmam,
Bilib mahbubidin jon ixtiyoridin xabar topmam,
Dahoning nuqtasi ramzida ko‘ngildin asar topmam,
Tishing yodini to‘kmakka sirishkimdin guhar topmam,
Sadaf rashk ila bahr ichra qo‘lidin ketdi nomusi.

Hama ushshoq elini qismatin ko‘zini yosh etdi,
Jafou javr qilmoqg‘a sani ko‘nglingni tosh etdi,
Azal naqqoshi husning suvratin olamg‘a fosh etdi,
Falak ruxsoringni tarqatmaqa haryon quyosh etdi,
Qo‘li titrab yer uzra tushdiyu sindi tarozusi.

Zakoti husnunga muhtojlar umedvor erdi,
Ko‘ngilni andalibi gul ochilgandek bahor erdi,
Jigar qoni bilan oshiqni ko‘ngli lolazor erdi,
Muhabbat dashtida jonim hamisha beqaror erdi,
Agar bo‘lmas visoling o‘ldirur zor ila qayg‘usi.

Aning har bir so‘zi ushshoq eliga yaxshidur jondin,
Rayohin sabzai xatting isidin ketdi darmondin,
Labing kayfiyatidin Xizr kechdi obi hoyvondin,
Ko‘rub zuhd ahli zebo orazingni o‘tdi iymondin,
Alarga sajdagoh bo‘ldi egilgan toqi obro‘si.

Davomi husnunga hardlam qizil guldek jilo ortar,
Boqib ko‘ngul qushi ko‘ngilga bulbuldek navo ortar,
Muhabbat ko‘yida derdim manga mehru vafo ortar,
Na bo‘ldi anga kundin kunga yuz javru jafo ortar,
Tanimdin ketmagay ushbu alamning zahr og‘usi.

Etar har band o‘z nomi hurufini nihon ko‘nglum,
Parilar jilvasini shishadek berdi nishon ko‘nglum,
Muhabbat nahli shohi uzra tutdi oshyon ko‘nglum,
Sharifiyga bu ishq ahvolini etdi ayon ko‘nglum,
Hijil Jamshidni jomiyu Iskandarni ko‘zgusi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.