OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Boymurod (1957)

Ashurali Boymurod 1957 yilda tavallud topgan. Shoirning “Sadoqat”, “Sog‘inch”, “Mehriston”, “Qushlar tilga kirganda” nomli she’riy to‘plamlari, “Mehr” saylanmasi nashr etilgan. Ayni damda “Turkiston” gazetasida ishlaydi.

ONA VATAN

Bu zamin olovdir, bu zamin — otash,
Ko‘ksini tog‘ qilgan oftobistonim.
Oydan-da suluvdir, go‘zal parivash,
Quyoshdan toj kiygan O‘zbekistonim.

Dunyo donolari jamuljam bo‘lmish,
Registon so‘z ochar qadim dostondan.
Qadimiy bir sirdan hayratga to‘lmish:
Quyosh nur olarkan O‘zbekistondan!

SAMARQAND

Moviy gumbazlaring samoga tutash,
Yerdagi oftobsan, bag‘ri o‘t, otash,
Naqadar go‘zalsan, naqadar dilkash,
Shaharlar ichinda tengsiz, arjumand.

Sharqning gavharisan boqiy Samarqand.
Senla shuhrat topgan ul Sohibqiron,
Buyuk saltanatga yo‘l ochdi ravon,
Yulduzlar ilmidan bo‘lding charog‘on,
Mehmonga peshvozsan, so‘zing asal, qand,
Sharqning gavharisan boqiy Samarqand.

Alla aytgan kabi kentlar onasi,
Sen-da jaranglaydi «Sharq taronasi»,
Bu elning Vatanga chin shukronasi,
Registon sehridan olam bahramand,
Sharqning gavharisan boqiy Samarqand.

Shunchaki o‘tmangiz shahar yonidan,
Bir bor tatib ko‘ring «Siyob noni»dan,
Do‘stni ortiq ko‘rar aziz jonidan,
Vatan bayrog‘ini ko‘targan baland,
Sharqning gavharisan boqiy Samarqand.

ASAD OYI

Sharbat yig‘ar bolarilar,
Asad oyi — asal oyi,
Jam bo‘lishgan gulparilar,
Yarqiraydi yoz chiroyi.

Turfa rangda tovlanadi
Ishkomdagi oq husayni,
O‘zbekiston bog‘lariga.
Kirib o‘tgin, ey og‘ayni!

Bobodehqon xirmonidan
Yog‘iladi bug‘doy so‘zlar.
Yurak degan bir tandirdan
Uziladi cho‘g‘day so‘zlar.

Qo‘li ochiq, saxiy yoz bu,
Tabiatning hotamtoyi.
O‘zbegimning bo‘y-bastiga
Yarashgandir asad oyi.

Bu qandayin fursat, deydi,
Dalalaring yasat, deydi,
Yozning asl chog‘larini
Yurtimizda asad deydi.

Ochilgandir oltin sandiq,
Saxiy fasl — yilning boyi,
Sen ham ko‘ngling yozdek tutsang,
Doim hamroh asad oyi.

IPAK QURTI HAQIDA

Tut bargida uning hayoti,
Yashamoqqa oziq so‘raydi,
Ucholmaydi, yo‘qdir qanoti,
O‘z umrini oqqa o‘raydi.

Shivirlaydi yashillik kechib,
Qoyil qoldim jonzot kuchiga —
O‘z-o‘ziga oq qasr bichib,
Kirib olar uning ichiga...

* * *

Kuzning sariq baxmal to‘shaklaridir,
Daraxtlar bag‘ridan tushgan yaproqlar,
Yalang‘och novdalar quchoqlaridir,
Hijron ranglariga to‘lar tuproqlar.

Hijron kuylarini chalarkan tinmay,
Ajib bir sehr bor kuzning ishida.
U oppoq ko‘rpasin ustiga yopib,
So‘ng yashil dunyoni ko‘rar tushida...
                        
MUHABBAT

Muhabbat ne qilsa ham
        har ishni boshdin qildi.
Yo‘rgagin gulu tikon,
        yostig‘in toshdin qildi.

Hijron degan qoyaga,
        etakladi sahroni,
Tohir oqqan daryoni
        Zuhro ko‘z yoshdin qildi.

Olib ketdi Laylini
        Majnun dil sahrosiga,
Farhod ishq vohasini,
        soy ila toshqin qildi.

Muhrladi yurakka,
        sevilmog‘u sevmoqni,
Ishqning go‘zal suvratin,
        ul qalamqoshdin qildi.

Xudo suygan bandamiz,
        o‘zi solgan yurakka,
Bandasi xato ketsa,
        ko‘z oldin moshdin qildi.

Joningga jon bag‘ishlar,
        mangu yoshlik faslidur,
O‘n sakkiz ming olamni
        o‘n sakkiz yoshdin qildi.

FAXRIYA

Riyoziyot ilmining sultoni o‘zbeklardir,
Ming amalning yechimi imkoni o‘zbeklardir,
Quyoshga ko‘zgu bo‘lgan quyoshli o‘lkam mening,
Tafakkur tilsimining zo‘r koni o‘zbeklardir.

Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy zuryodimiz,
Ulug‘bek sochgan «cho‘g‘lar» — samoviy faryodimiz.
Agar bir-bir varaqlay bilsang dunyo kitobin,
Jaranglab sado bergay o‘zbek degan otimiz.

Qalb dashtiga gul eksang, albat bo‘ston bo‘ladi,
Topib aytilgan har so‘z yaxshi doston bo‘ladi.
Bu o‘lkada to‘rt amal to‘rt fasldek ish tutar,
Hisobini bilgan yurt O‘zbekiston bo‘ladi.
                            
Ilm ahli azaldan mamlakatga madaddir,
Jo‘jani kuzda sanash xalqimizga odatdir.
Yetti o‘lchab bir kesmoq meros bo‘ldi bizlarga,
Shul Vatanda yashamoq bilsang, zo‘r saodatdir.

GULSANAM

Gulsanam, jon Gulsanam,
Gulga qarab kul, sanam,
Gul jilvasi sen bilan,
Toleimiz shul, sanam.

Gulzor sening makoning,
Sen quyoshning parchasi,
Rashki kelib bir yonda
Cho‘g‘day yonar ul sanam.

Gullar ichra a’losan,
Mag‘rurliging yarashgan,
Sen — malika, poyingda
Tiz cho‘kar bir qul, sanam.

O‘zing oyu quyoshim,
Yetmas senga bardoshim,
Gul vasfini madh etib
O‘zimman bulbul, sanam.

YOZILMAGAN SHE’R

Qizlargadir gullar nomi, oy nomi,
Siz bilasiz, bordir Shirinsoy nomi,
Sizlargadir neki go‘zal joy nomi,
O, shoirlar, qiyin endi bizlarga,
Yozilmagan she’r qolmadi qizlarga.

Barno dedik, Ra’no dedik ismingiz,
Yo, gullardan olinganmi, jismingiz?
Quyosh kabi lov-lov yongan yuzingiz,
O, shoirlar, qiyin endi bizlarga,
Yozilmagan she’r qolmadi qizlarga.

Oy husnini sizga qiyos qilganmiz,
Bu gulshanni yulduzlar deb bilganmiz,
Neki ilhom, biz sizlardan olganmiz.
O, shoirlar, qiyin endi bizlarga,
Yozilmagan she’r qolmadi qizlarga.

Ammo hali yozilajak she’rlar ko‘p,
Qiz qalbini zabt etguvchi erlar ko‘p,
Biz bilmagan, ochilmagan yerlar ko‘p,
O, shoirlar, qiyin endi bizlarga,
Yozilmagan she’r ko‘p erur qizlarga.

MUALLIM

Ilmu hikmat bulog‘isiz,
dil bahori muallim,
Shogirdlar muhabbati –
e’tibori, muallim.

Al-Beruniy, Al-Forobiy,
bir yonda Abu Lays,
Samarqanddan saboq olgan
she’r tojdori, muallim.

Adolatdan so‘z o‘rgandi
Amir Temur Ko‘ragon,
Ulug‘ o‘zbek saltanatin
madadkori, muallim.

Yulduzlarga boqqanicha
mudom Sizni o‘yladi,
Osmon ilmin bir shu’lasi,
da’vatkori, muallim.

«Boburnoma» ta’rifiga
ilhom bergan o‘zingiz,
Ulug‘ shoir armoni-yu
g‘amguzori, muallim.

Nodira-yu Zebuniso,
Uvaysiy, Anbar otin,
Bir gumbazni yorib chiqqan
qalb anori, muallim.

Ilm o‘zni anglamakdir,
yo hayotdir, yo mamot,
Avloniylar avlodining
shul qarori, muallim.

Adabiyot beshigi – Siz,
Cho‘lpon kecha-kunduzi,
G‘afur G‘ulom, Oybek domla,
so‘z Qahhori, muallim.

O‘z domiga tortib keldi
etmish yillik mustabid,
Yaralangan sher yurakning
ming ozori, muallim.

Dorilfunun yaratmishdir,
bizning Ozod domlalar,
Ilmu nurga chanqoq dilning
do‘stu yori, muallim.

Ona so‘zin o‘rgatdingiz,
onamdayin mehribon,
Ilm degan bir go‘zalning
vafodori, muallim.

Mo‘‘jizalar ichinda ham
mo‘‘jizadek yashaysiz,
Dunyoning men topolmagan
sir-asrori, muallim.

Bolajonlar og‘ushida
siz ham go‘yo boladek,
Insonlarning ichinda eng
xokisori, muallim.

Har yurakka jo etdingiz
Mustaqillik darsini,
Asli Vatan istiqlolin
ijodkori muallim.

Siz ochgansiz har ko‘ngilda
ma’rifatning eshigin,
Maktab degan bir hayotning
ilk bahori, muallim.

Muallim deb ortingizdan
ergashadi shogirdlar,
Haq yo‘linda har tolibning
umidvori, muallim.

O‘quvchingiz kamolida
sizning zahmat yotibdi,
Siz shogirdlar quvonchi-yu
dil izhori, muallim.

Ma’naviyat olamining
hoqoni ham o‘zingiz,
Ma’rifatni istar dilning
yo‘q g‘ubori, muallim.

Dunyo bilan bellashmoqqa
qodir sizning shogirdlar,
Ilm otlig‘ ul cho‘qqining
intizori, muallim.

Hech kimdan kam bo‘lmaganmiz,
hech kimdan kam emasmiz,
Shijoatga eltar yo‘lning
bir shunqori, muallim.

Haq yo‘linda o‘qitgay xo‘b,
har sabog‘i ganj erur,
Haq yo‘liga yurgan zotning
kasbi kori, muallim.

Hayot o‘zi murabbiydir,
hayot o‘zi bir maktab,
Shul maktabning yetakchisi,
yo‘l hamkori, muallim.

Sizni ko‘kka ko‘targaymiz,
boshimdagi tojdorim,
Ziyo topgan elning baxti,
iftixori, muallim.

Ilm ko‘pni ko‘kartirar,
ilm ista, ey rafiq,
Yashnab turgan bu olamning
chamanzori, muallim.

Zakovat-la bu olamni
mumkin erur zabt etmoq,
Ilm degan bir lashkarning
chin sarkori, muallim.

Yuking yerda qolmas aslo,
ustoz bo‘lsa yoningda,
Yomon ko‘zdan asrar mudom,
ko‘z tumori, muallim.

Bukun dunyo eshiklari
keng ochildi bizlarga,
Vatan degan buyuk shanning
nomus-ori, muallim.

Qadr-qimmat, tayanchimsan,
iftixorim o‘zingsan,
Vatan deya dilga ko‘chgan
yurt shiori, muallim.

Har bir ustoz muallimdir,
har bir ustoz — murabbiy,
Bir soatlik ul sahnaning
san’atkori, muallim.

Bukun barcha havas qilg‘ay,
muallim bo‘lsam deydi,
Zotan hayot qonunining
ustuvori, muallim.

Kamolotga yetaklaydi,
yuksaladi hur yoshlik,
Jasoratga qanot bo‘lgan,
elning kori, muallim.

Shogirdlarga shukronalik
tuyg‘usini singdirgan,
Baxtiyorlar o‘lkasining
baxtiyori, muallim.

Ta’zim, sizga aziz ustoz,
ming ehtirom yurakdan,
Ashurali Boymurodning
dil ash’ori, muallim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.