OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gavhar Usmonova (1970)

Gavhar Usmonova 1970 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan. SamDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

SEN – GULSAN

Poyida izg‘irin gullagan,
Rozini zog‘larga so‘ylagan,
Xazonlar qo‘shig‘in kuylagan,
Sen – gulsan!

Bag‘ringga yashirib ishq yodin,
Tinglamay bulbulning faryodin,
Go‘zallik izlading dunyodin,
Sen – gulsan!

Sen – gulsan, gulzorga yoqmagan,
Ko‘nglida oydinlik oqmagan
Shodliklar jamalak taqmagan.
Sen – gulsan!

Ko‘zida tabassum yig‘lagan,
Sen – gulsan, yot qo‘llar tegmagan.
Yillarga boshini egmagan...
Sen – gulsan!

Qatqaloq zaminning bag‘rida,
G‘azabning g‘azabli qahrida.
Uyg‘ongan sarobning bahrida.
Sen – gulsan!

Jismida armonlar tosh qotgan,
Quvonchi ko‘z yoshin yupatgan.
G‘am tongin umidlar uyg‘otgan,
Sen – gulsan!

ESLASH

Nigohida butun bir hayot,
Mehr to‘kar ilohiy shuur.
She’rlaridan topardim qanot,
Qo‘shig‘idan taralardi nur.

Qaqroq dilga oqqan buloqmi?
Farg‘onalar shuncha uzoqmi?

Kimni dard-u kimni ishq atab,
Ehtiyotlab go‘yo kaftida.
Yomon ko‘z-u so‘zlardan asrab,
Isitardi yurak taftida.

Osmonimni to‘ldirgan mohmi?
Farg‘onalar shuncha uzoqmi?

Nozik bahor bir guli unib,
Yashnar edi misralarida.
Shabnamlarni ko‘rmayin ravo,
Suvlar quyar edi barida.

Endi ko‘nglim xazonmi, bog‘mi?
Farg‘onalar shuncha uzoqmi?

Toza, hadsiz xayollarida,
Yayrar edi hurkak bir ohu.
Oh, u damlar – shirin xotira,
Oh, u damlar – eng achchiq qayg‘u.

Suyanganim hu o‘sha tog‘mi?
Farg‘onalar shuncha uzoqmi?

Har ko‘rganda yurak tog‘ edi,
Yillar olib ketdi tog‘imni.
Ruhim xazon bilmas bog‘ edi,
Kuzlar sarg‘aytirdi bog‘imni.

Endi yo‘llar ba’zan tuzoqmi?
Farg‘onalar shuncha uzoqmi?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.