OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnoz Mo‘minova (1978)

1978 yida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Fasllar shiviri”, “Dil siniqlari” she’riy kitoblar muallifi.
Hozirda “Yoshlar” teleradiokanalida faoliyat ko‘rsatadi.


 Tashrif

Keltiradi tonggi shamollar
Chechak hidin uyg‘oq saharga.
Yuksaklikdan, qorli tog‘lardan
Bahor tushib kelar shaharga.

Uchiradi sho‘x novdalarni
Shamollardan arg‘amchi yasab.
Tund fasldan zerikkan bog‘lar
Asta-sekin boradi yashnab.

Qaro qoshlar tortib o‘smadan
Atlas ko‘ylak kiygan chog‘ qizlar,
Titroq bosgan qalblarga sig‘may
Chekinadi ajnabiy hislar.

Nastarinning nafis bo‘yiga
G‘arq bo‘ladi uylar, ko‘chalar.
Yashil bog‘lar aro jo‘r bo‘lib
Sayrab yotar oshiq qushchalar.

Asfalt yetmay qolgan yo‘lakka
Zumrad gilam yoyilgandir naqd.
Seni ming yil ko‘rmagan do‘stday
Derazangdan tikilar daraxt.

Ichkariga intilgan kabi
Shamollar-da enar oldinga.
Novdalarin – o‘nlab qo‘llarin
Ilinj bilan cho‘zadi senga.

Derazani ochgin, dadil bo‘l,
Qarayverma o‘ngu so‘lingga.
So‘ng, barmog‘ing tekkiz avaylab
Shabbalarga – ko‘klam qo‘liga.


 Senli tushlarimni

Senli tushlarimni suvga aytmadim,
Sokin mavjlarini qiymadi ko‘zim.
Xavotirim sezib turganday go‘yo
O‘ynoq baliqchalar to‘xtadi bir zum.

Tuproqqa aytmadim senli tushlarni,
Qo‘rqdimki, shul onda qo‘pardi to‘zon.
Biroq, amin edim, hech bir zamonda
Ishq sirin saqlamoq bo‘lmagan oson.

Havoga aytmadim senli tushlarni,
Istadim, shu holda – ravon qolmog‘in,
Yana tushda qo‘rqib uyg‘onsa kimdir
Ko‘kragin to‘ldirib nafas olmog‘in.

Oxir chorasini izlab topdim, men,
Senli tushlarimni aytdim olovga.
Samo qadar o‘rlab, uzo-o-q yondi, lek,
Tushuna olmadi sirli qalovga.
Senli tushlarimni aytdim olovga...


 O‘q

G‘alatidir sevgi mezoni:
Gohi oshiq o‘xshar sayyodga,
Yoyin tarang tortgan ovchining
Harakatin soladi yodga.

Sevging sayyod qildi meni ham,
Qo‘lda kamon, ko‘p yurdim daydib.
Biroq, senga otgan o‘qlarim
Kelaverdi o‘zimga qaytib.

Bu hammasi taqdir ishlari,
Endi senga e’tirozim yo‘q –
Sen qalbingni tutib bergan chog‘
Topolmadim butunroq bir o‘q.


Men daraxtga o‘xshayman

Men daraxtga o‘xshayman bugun,
Atrofimda to‘rtta yosh nihol.
Shabbalarim bilan to‘sgayman
Nogoh kelsa bir daydi shamol.

Bo‘ronlarning achchiq sovug‘i
Botib borar ekan bag‘irga,
Bir vaqt meni shunday asragan
Ikki daraxt tushar xotirga.

Endi ular keksaygan, yupun
Tanlaridan sovuq o‘tgandir?
Borolmayman, axir, ildizim
Yer bag‘irlab uzoq ketgandir.

Ona tuproq va suv mazasi
Tomirimdan ketmagay, alhol.
Yaproqlari quvnoq shitirlab
Xayolimni buzar to‘rt nihol.

Shoxlarida mitti qushchalar
Chug‘urlashib, tuyishar huzur.
Ay, olisda meni sog‘ingan
Daraxtlarim, ming bora uzr.


To‘rtlik

Shafaq – cho‘g‘zor. Manam bitta cho‘g‘ oldim,
Kuydirmog‘i ishqqa taalluq – oldim.
Yuragimga olov tutashib undan
Muzaffar umrimga bo‘lar tug‘, oldim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.