OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansur G‘aniyev (1988)

Mansur G‘aniyev 1988 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Termiz davlat universitetining o‘zbek filologiyasida tahsil olgan. Ayni vaqtda "Sharq ziyosi" gazetasida muxbir bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

YILLAR XOTIRASI

Ona, qorlar tushib qoldi
Yo‘limizga,
Sog‘inchlarning kaptarlari
Ko‘nglimizda.

Oq yomg‘irlar yog‘ib o‘tdi
Tushlarimdan.
Qaynoq sellar kelayotir
Ichlarimdan...

Yana yo‘llar xotiramga
Chizilar do‘ng,
Qari tutlar qator-qator
Tizilar so‘ng.

So‘ngra bari eslanadi
Xayol ichra –
Xotiralar yuragimga
Baxt ichirar.

IQROR

Yolg‘on. Yolg‘on. Yolg‘on.
Yig‘laganim yolg‘on –
Ko‘zimga, yuzimga
Yomg‘irlar tomgan.

Xayol. Xayol. Xayol.
U mangu bir xayol –
Kimningdir umrini
Bezagan Ayol.


Tong

Bedorlikka qo‘yib so‘ng nuqta,
Sohir sahar boshlar marosim.
Mana, parqu bulutlar ko‘kda
Yorug‘likka qilishar ta’zim.

Quyosh nuri – oppoq toychoqlar
Sakrab tushar falak tomidan
Va barglari bir-bir quchoqlar
Uyalishgan gullar nomidan.
 
 
 Gulim

Gulim, ruxsoringiz bunchalar uzoq,
Tovushingiz ko‘ksim yormaydi nega?
Bilaman, bu ko‘zlar, aldoqchi – tuzoq,
Rasmini siz tashlab ketgansiz menga.

Sabolar ketkazmas yurakning dardin,
G‘amgin qushlar sayrar ko‘ngil shoxida.
Ko‘ksimga: “Sevaman!” deb mushtlamadim,
Lek, yashadim shu bir so‘z panohida.

Ohlarim bo‘ldilar tongning nasimi,
Qalbimning tubidan to‘kilmokda – jon.
Ayting, ayting, gulim mening sevgimni
Qalbingizga olib kirasiz qachon?


 Muhabbat
 
Sochlaringni sabolar oldi,
Lablaringdan o‘pdi buloqlar –
O‘rtamizda havolar qoldi,
Bo‘salarni yuvdi qirg‘oqlar.

Barmoqlaring erkalab, suyib,
Isitmoqda gulxan nafasi.
Tun bag‘rida yulduzlar kuyib,
Oh chekar, bu kecha hammasi.

Sho‘xliklaring yutgan daryomi,
Qurib qoldi mehring soylari.
Baxt hukmida turgan dunyoni
Ikkimizga ishq dor ayladi.

Sovuq-sovuq shamol qo‘zg‘aldi,
Ko‘kda qora bulutlar suzgay.
Ikki qalbga to‘kilib qoldi,
Muhabbat – oh, xazonli kuzday...


 Ulg‘ayish onlari

Yana bir fasl ulg‘aydim, balki,
Yurak o‘ychan tortdi kun sayin.
Ruh o‘tida yonishlar haqqi,
Hur so‘zim, men seni kuylayin!

Ruh shamolin soylarday shoshqin
Tuyg‘ularga berdim – oqizdim.
Qirg‘oqlarga sig‘magan toshqin
Kelaverdi bir daryo bo‘lgim.

Qorishguncha oltin tuproqqa
Bobolarning qalb yodi kabi,
Vatan, bitta xonang, yorita
Olarmikan umrimning shami.

Umr bo‘yi qalbim to‘ridan
Ko‘zlarimga tik boqar bir ko‘z.
Yuragimning tub-tublarida
Zilziladay tug‘ilmoqda so‘z.


 Sog‘inish
 
Odamlar to‘zg‘iydi.
Bekatlar qolar –
Baxtin o‘g‘irlatgan bebaxt kun kabi.
Tonggacha ko‘ksimda jon og‘riyverar,
Oh-vohlar bo‘g‘zida qolgan tun kabi.

Yoningizda edim.
Osmon bor edi,
Sizning ko‘zingizday, ona, tip-tiniq.
Men tosh havolarga ko‘z tikib, endi,
Osmonni sog‘inib qolganim aniq.


 Xayol torlik qilar

Xayol torlik qilar. Keladi uchgim,
Yulduzni, samoni ko‘zimga joylab.
Qora shabbodaday kechani – ichdim,
Hayratdan o‘ldirib qo‘ymagin , yo rab!

Sarg‘ayib osmon bir cheti – oy chiqar,
Oydinlashar olam, shu’lalar inib.
Qizarar bulutlar – shafaqrang sachrar
Shamol pichog‘ida go‘yo tilinib.

Samo meni chorlar... Qanotli ruhim
Mayin bulutlarni bag‘riga quchib,
Senga borayapman ko‘kdagi ohim,
Yuksak yulduzlardan balandroq uchib!

Zaminu zamonning temir uyidan
Bo‘shalib,
Samoviy bog‘lar tomon men –
Ulkan bir qush kabi parvoz qilyapman,
Go‘zal kecha faqat tugab qolma, sen!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.