OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matluba Dehqon qizi (1948)

Matluba Dehqon qizi 1948-yilda Oltiariq tumanidagi Fayziobod qishlog‘ida tavallud topgan. 1970-yilda Farg‘ona Davlat muallimlik oliygohini tamomlab, uzoq yillar viloyat ro‘znomasida ishladi. Hozir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona bo‘limida ishlamoqda. 
She’r va hikoyalari «Guldasta», «Yoshlik — 3» to‘plamlarida chop etilgan.
«Qorachiq» she’rlar to‘plami nashrdan chiqqan.


* * *

Ko‘ksimdan itarib seni har safar,
Uzoq-uzoqlarga, olisga otdim,
Bilaman, nurafshon bo‘lmas kunlarim
Bilaman, kemtikdir sensiz hayotim.

Sen-chi, quyosh kabi mehribon, qaynoq
Muz qotsa bu dilim, kelasan yetib.
Yana nigohingda ming yillik ardoq,
Yana ishq tutasan qahrimdan o‘tib...

* * *

Sochlaring — qo‘ng‘iroq, jaranglab
Chaqirib oladi borimni.
Nogahon chertadi sezdirmay,
Bu nozik ko‘nglimning torini.

Qizg‘anib har bitta tolasin,
Tutashar ko‘zimning cho‘g‘lari,
Vujudga alanga ketadi,
Yonadi xayolning bog‘lari...

* * *

Rohatlar qilaman, sinayman seni,
Qiynoq daryosiga otib yuborib,
Cho‘kib   borayotsang,   qon-qon  yig‘layman,
Qutqarib olaman ko‘z yoshga qorib.

Aslo tugamadi bu azob, savdo,
Sen ham charchamading, men ham tolmadim
Oh, endi qo‘llasin bilguvchi xudo,
Ishqqa tashnami-ya shunchalar odam!

* * *

Taqdir — bu, yoningdan ketmog‘im shartdi
Yo Olloh! Togday kuch ato et menga,
«Qaytmasman, sen unga faqat omad ber»,
Yana yolboraman ishqqa — imonga.

Ko‘nglim tegirmonning toshi ostida,
Omon chiqmoqligi gumondan-gumon,
Azizim, ko‘ngil uz, endi izlama,
Qara, satrim aro sachrab yotar qon...

* * *

Yo‘limni shart burdim o‘zga tomonga,
Ortda qolaverdi armonim, ishqim,
Go‘yo xanjar sanchdim o‘zim bu jonga,
Qonlar oqib ketdi sharqirab, silqib.

Tamom... qutildim deb o‘yladim shodon,
Endi hech kim meni qilolmas ta’qib.
Qarangki, baribir qonga botgancha,
Ishq — quyosh chiqadi ko‘ksimdan balqib..

* * *

Ojiz lahzalarda Senga chopaman,
Qalbing cho‘g‘laridan so‘rayman o‘tlar
Va nogoh qush kabi qanot qoqaman,
Dilim sayray boshlar ishqiy bayotlar.

Tilagim: bir umr bor bo‘l, hayot bo‘l,
Bu sahro yo‘llarda men topgan bog‘ bo‘l,
Bosh egma, kichrayma, iltijo qilma,
Azizim, men uchun sen faqat tog‘ bo‘l.

* * *

O‘kinma, azizim, ming bor turlanib,
Ming bir qiyofada yoningdan o‘tsam,
Goh bulut, goh yomg‘ir, goh chaqin chaqib,
Goh quyosh misoli charaqlab ketsam.

Asli teng tarozu derlar dunyoni,
Tabiat shunday his aylabdi tortiq.
Qahrim qancha kuchli bo‘lsa, bilgilki,
Muhabbatim Senga shunchalar ortiq.

* * *

Aqlli deb o‘ylama, men telbaman,
Ishqning ko‘chasida kezgan darbadar,
Biroq, umrim sovurmadim yelga man,
Seni sevdim quyosh qadar, tong qadar.

Botib ketding har kun o‘zga ufqqa,
Oppoq tongim qaro tunga almashdi.
O‘kinmasman, olisda sen — yulduz bor,
Ko‘nglim to‘ldi, nigohlarim qamashdi.

* * *

Shukrkim, ko‘zimning yoshlari tindi,
Tumanday chekindi ojiz turishlar.
Ma’yus nigohimga shu’lalar indi,
Mangu yor bo‘lmoqchi metin bardoshlar.

Nihoyat, ushaldi intizor ohim,
Loyimga to‘kildi nuri — ziyolar.
Oh, endi panohim — bir muhabbat bor
Va meniki bo‘lgan sen bor dunyoda.

*   *   *

Seni ko‘zlarimga surtmadim, attang,
Sen istagan So‘zni aytmadim, attang.
Qaysar bir qoyaga o‘ltirib olib,
O‘zim bilganimdan qaytmadim, attang.

Ko‘ngil azobidan namaxta bu jon,
Qaydasan, poyingni o‘pmadim, attang.
Duru javohirim, davlatim-ku mo‘l,
Senday bir malhamni topmadim, attang.

* * *

Yana qadaladi nigohim senga,
Manglayingda — chiziq,  chehrangdir —ma’yus
Daryoday baxsh etsang o‘zingni kunga,
Nahot seni yengdi, jonim, charchoq his.

Olov tashlayinmi ko‘zing cho‘g‘iga
Kaftingga tutaymi mehrim bulog‘in.
Seni shodliklarga qaytararmikin,
Mening mihabbatim, mening ardog‘im..

* * *

Kuz qo‘shiq aytyapti... hazin... bir mungli...
Yaproqlarin to‘kar «duv» etgan shamol.
Beshafqat Vaqtning girdoblarida,
Xavonga  aylandi  ne-ne  guljamol.

Sochim oqarmoqda qordek har kuni,
Qo‘y, endi muhabbat tilanma, ko‘ngil.
Netay, bajo bo‘lmas iltijolarim,
Ki ishqsiz qolgan kun xazon bo‘lgay dil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.